OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Oydinbuloq (hikoya)

Qishloq chetidan uyga qaytayotgan edim. So‘qmoqdan yurib, pastlikka tushdimu atrofini jingullarning qalin devori o‘ragan, qari, bujur tol barglari shitirlab turgan Oydinbuloq yonidan o‘tdim.
Bu buloq bolaligimdan beri bor. Suvi kumushday. Miltillab oqib yotadi. Bolalik chog‘larimda issiq nonni shu buloq suviga botirib yer edim. Bu bujur tol u mahallar juda ulkan edi. Kirg‘og‘ida olamda yo‘q maysalar o‘sar, ular taratgan bo‘y ham jannat bo‘yi monand edi.
Bugun shu buloq yonidan hech o‘tib keta olmadim. Bir nima o‘sha tomonga tortaverdi. Butalar oralab o‘tib, buloq yoniga keldim.
O’sha-o‘sha bujur tol. Shoxchalarida hanuz qushlar chug‘urlashayotir.
Oydinbuloq hanuz miltirayotir. Buloq ko‘zchasiga bitta yaproq tushib qolibdi, girdobdan chiqib ketolmay, chirillab aylanayotir.
Tolning ochilib qolgan g‘adir-budur, qizg‘ish, yalang‘och ildizi orasiga shamol xazonlarni to‘plab, uyib qo‘yipti. Yuragam jizillab, bir yaproqni qo‘limga oldim. Karangki, shamol unga xat bitib ketgan ekan.
«Bu kun zavollidir», deb bitibdi shamol yaproq sirtiga.
Oydinbuloq sokin jimillayotir. Buloqqa engashib suv sirtida aksimni  ko‘rdim — undan chakkalariga qirov oralagan, yuzlariga ajinlar tushgan kishi menga jim qarab turar edi. Xayolim to‘zg‘ib ketdi. Bir mahallar... bir mahallar shamol xuddi shu yerga, xuddi shu yaproqlarga o‘shandayam xat bitib ketmasmidi? «Bu kun sharaflidir» deb bitmasmidi o‘shanda?!
U mahallar men o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshli o‘spirin edim!
U mahallar olam behad keng, Oydinbuloq behad katta, bu bujur tol soyasi dunyoni enlagudek edi.
O’shanda...
O’shanda... bu buloq yonida men Parizodni uchratgan edim!
Eslayapmanu... o‘zimni xuddi o‘n yetti yashar bo‘z yigitday sezayotirman...
Axir, o‘shanda... olam boshqacha edi, birodarlar!
Parizodni to‘satdan ko‘rdim. Sigirga o‘t o‘rib kelayotgan edim. Quyosh bota boshladi. Adashib qolgan asalarilar o‘tlar orasida bo‘g‘iq g‘o‘ng‘illardi.
Qaydandir yangi o‘rilgan beda hidi, yangi sog‘ilgan sut isi anqirdi.
Oydinbuloq yoniga burildimu... o‘sha yerga bir nur tushib turganini ko‘rib qoldim. Nur samodan yog‘ilmas, Oydinbuloqdan taralar edi.
Oydinbuloq yonida bir pari turar edi.
Uning libosi... Nimasini aytay, yer qizlari bunday libosni tushlaridayam ko‘rmaydilar.
Ko‘zlari yulduz edi. Bunday fusunkor ko‘zlarni olamda faqat men ko‘rganman. Boshqalar ham ko‘rganlarida, xuddi men kabi devona bo‘lar edilar.
O’, bu olamda uning o‘xshashi bormikin? U yer qizi emas, ko‘k qizi edi. Balki, pari dugonalari bilan cho‘milgani tushganu men ko‘rib qolib, qochishga ulgurolmagandir? Qaydam... O’sha mahalda joyimdan to‘xtab qoldimmi yo oldiga qarab yurdimmi — eslolmayman.
Faqat, ugina yodimda.
Suv tomchilari oy yog‘dusida qanday tovlansa, u ham buloq yonida shunday tovlanib turar edi. Ha, esladim — axir, u boshyalang edi-ku? Nega hurkib, uchib ketolmay turganini endi angladim: uning ro‘moli mening yonginamdagi buta shoxchasiga iligliq edi. Aniq-tiniq eslayman: harir, nurdan to‘qilganday ro‘mol edi.
Bir nima deyishga tilim ojiz, vujudim bu samoviy malak oldida tosh qotgan, faqat ko‘nglim anglamsiz bir baxt hissi bilan tobora to‘lib borar edi. Balki, meni shu his chalg‘itib-aldab qo‘ygandir? Men uni ko‘rib qolganimdan naqadar baxtiyor bo‘lsam, uning ko‘zlarida shu qadar xavotir, hurkaklik bor edi. Dam ro‘moliga, dam menga qarar ediyu ammo qimir etishga jur’at qilolmasdi.
Parilarning tilsimi ro‘molida bo‘ladi. Ro‘moli qo‘lga olinsa, ular hech qayoqqa uchib ketisholmaydi!
Bir qadam qo‘ydimu ro‘molini qo‘limga oldim.
Shunda uning nigohidagi o‘zgarishlarni ko‘rsangiz edi! Ohu ko‘zlardagi hurkaklik qo‘rquv va g‘ussa bilan almashdi. Boshchasini kuyi egdi, sho‘rlik. Uzun kipriklarga ikki tomchi yosh marjonday bo‘lib sizib chiqdi.
Titrab ketdi, titrab!
O’shanda qalbimni qoplab kelgan baxtu saodatni umrimda yana tuyarmikinman? Yuragim toza va tiniq tuygular bilan limmo-lim to‘ldi, xuddi samolarda uchib yurganday bo‘ldim.
O’n yetti yashar yigitcha mard keladi. U mahallar g‘ayratim osmonga sig‘masdi. Bu ko‘k qizining g‘ussasi bir rahmimni keltirsa, bir qonimni qizdirar edi. Parining jodusimidi yo qalbimdagi tug‘yonlarning natijasimi, bilmadim, biroq shu xilqat qoshida tiz cho‘kkim, unga jonimni fido qilgim keldi. Ha, unga faqat jonni fido qilish kerak edi. Uning qoshida faqat tiz cho‘kish kerak edi. Uning poyida xushbaxtlikdan jon taslim qilishning o‘zi ham bemisl bir saodatday tuyulardi.
Hislarning mana shu bo‘roni ichra, yuzim misday qizib, ro‘molini unga uzatdim. Ana endi bu go‘zal chehradagi o‘zgarishni ko‘ring! Hozirgina yosh ingan kipriklari pirpirardi, katta, qop-qora ko‘zlari bolalarcha quvonch bilan boqdi, qaldirg‘och qanotiday qoshlari hayronlik bilan himrildi. Ro‘molini ola, hilpirab nari bordi, menga yana bir bora minnatdorchilik bilan boqdi... So‘ng, ko‘kka parvoz qildi.
Oydinda cho‘milgan buloq, bujur tol yonida — zaminda bir o‘zim qolaverdim.
Ko‘nglimni yomon bir gashlik qoplab oldi. Tegramni qurshagan afsonaviy manzara oddiy bo‘lib qoldi, qaydadir qurbaqa qurilladi. Bezovta zag‘chalar chug‘ur-chug‘ur qilishdi.
Shom qo‘ngan edi. Aziz bir nimasidan ayrilgan kabi, ortimga qaray-qaray, ko‘nglimda benihoya yolg‘izlikni tuygancha o‘z yo‘limga ketdim.
Axir, men uni yetti yoshimda uchratgan edim! O’n yetti yoshli o‘spiringa bahorda oppoq gullagan butalar ham qiz bolaning ko‘ylagiday bo‘lib ko‘rinmaydimi?!
Voh, dil yomon ezildi. Tomoqdan ovqat o‘tmay qoldi. Bag‘rimni yerga berib indamay yotaman. Ko‘z oldimdan Parizod sira ketmaydi. Nimaga ro‘molini berdim-a? Yer yuzida uni uchratgan faqat men edim-ku? Axir, u ko‘kdan faqat men uchun tushgan edi-ku? U faqat mening, mening Parizodim emasmidi?
Keyin...
Keyin harbiy xizmatga ketdim. Xizmatdan qaytgach, uylandim. Qolgani o‘z-o‘zidan ketaverdi: avval o‘g‘lim, so‘ng qizim tug‘ildi, bu yoqda ota-ona keksaydi, kunlar, oylar, yillar shu tariqa zuvillab o‘tib ketdi.
Yigirma-yigirma besh yoshimdayam Parizodni ko‘p qo‘msadim. Ba’zan birovga bildirmay Oydinbuloqqa boraman, bujur tol ostida jim o‘tiraman. Qaynab chiqayotgan suv oy nurida jivirlaydi, shabada bulturgi xazonlarni shildiratib o‘ynaydi, buloq ko‘ziga tushib qolgan bir yaproq chirillab aylanadi. Mo‘‘jiza inson umrida bir martagina ro‘y berishini bilsam-da, ortga qaytishni hech istamadim.
O’sha surur, o‘sha xushbaxtlikni qo‘msayman.
Nixoyat, noiloj o‘rnimdan qo‘zg‘alaman. Uyga qaytamanu ko‘nglim o‘sha yerda — Oydinbuloq yonida qolib ketadi.
Avval-boshda bunday holatlar tez-tez takrorlanib tursa-da, yillar o‘tgani sayin Oydinbuloq ham kichrayib, bujur tol keksaydi, bari o‘smirlik davrining shirin afsonasiga aylanib qoldi. Chamamda, o‘ttiz yoshimdan so‘ng Oydinbuloqqa sira bormadim.
Oradan yillar o‘tdi. Farzandlar ulg‘aydi.
Yaqinda bolaliqdan birga o‘sgan o‘rtog‘im meni to‘yga aytib ketdi. O’g‘lini uylantirayotgan ekan. Ertaroq boraqolay, deb peshindan keyin yo‘lga chiqdim. Ularning qishlog‘iga kirib borayapmanu dilimda g‘alati tuyg‘ular uyg‘onayotir. Teraklar yanayam balandlashibdi, tollar yo‘l chetini butkul enlabdi. Kun issiq. Umr suvday oqib o‘tib ketibdi, go‘yo.
Shunday o‘ylar bilan borayotsam, o‘ngdagi darvoza g‘iyq etib ochildi-da, bir qo‘lida go‘dagini ko‘targan, bir qo‘li bilan qizalog‘ini yetaklagan bir juvon chiqib keldi. Beixtiyor unga qaradimu... Yopiray! Tomog‘im quruqshab, yuragim hapriqib ketdi. Muncha o‘xshamasa? Parizod? Parizodmi u?!
Qoshu ko‘zlari o‘sha-o‘sha, yuzlar o‘sha-o‘sha, nigohida ham o‘sha so‘lim, nafis, tushdagiday sirli qizni eslatadigan nimadir bor... Shu bilan birga, unga naqadar o‘xshamaydi u! Qomati to‘lishgan, yuzlari siniqqan, ko‘zlarida charchoq, qaddini hayotning tashvishlari barvaqt egib qo‘ygan... Mening qarab turganimni payqab, u ham shu tomonga bee’tibor nazar tashlab qo‘ydi. Shunda uning ham nigohida nimadir — hayratmi, quvonchmi, esankirashmi — milt etdi. Bir lahza, atigi bir lahza, xolos. Keyin birdan o‘ziga kelganday qizalog‘ining qo‘lidan tortib, tollar ostidan yurib ketdi.
Shunda yurak yana g‘alayon ko‘tardi: umrning betinim oqayotganini yana bir karra eslatdi.
Mana, tag‘in Oydinbuloq qoshidaman. Bujur tol butkul qartaygan. Ildizlari yalang‘ochlanib, po‘stloqlari ko‘chib tushgan. Oydinbuloq juda kichrayib qolgan. Ammo ko‘zchasida girdobga tushib qolgan bitta yaproq hanuz chirillab aylanayotir.
Qirqning ostonasida turib, endi-endi o‘ylayman: yo‘q, men o‘shanda aynan Parizodni uchratgan edim. U mening, faqat mening Parizodim edi. Ko‘kdan meni deb tushib kelgan edi. Va diyoriga qaytib ketolmay, kimningdir asirasi bo‘lib yer yuzida qolib ketgan edi. Ikkinchi bor uchratganimda esa, u tamomila yer qiziga aylanib bo‘lgan, uchgali qanotlari yo‘q — qirqilgan edi.
Balki, o‘shanda, Oydinbuloqda ko‘rishganimizda u ham meni ko‘qdan tushib kelgan bir farishta deb o‘ylagandir? Shu tufayli ham dugonalari bilan uchib ketmay, buloq yonida qolgandir? Keyin, qirqning ostonasida uchrashganimizda esa, ro‘parasida chakkalariga barvaqt qirov qo‘ngan, nigohida charchoq va hayot tashvishlari qotib qolgan odamni ko‘rib, uning ham yuragi shuv etgandir? Nigohida lip etib o‘tgan ifodalarning boisi, balki, shudir?
Bilmadim. Dilda afsusgami, armongami o‘xshagan tuyg‘u bosh ko‘tarib kelayotir: axir, o‘n yetti yoshida ko‘k yuzida o‘ziga atalgan Parizod borligiga shubhasiz ishonmagan odam topilarmikin bu ko‘hna olamda?
Oydinbuloq xazonlari menga endi umrning zavolidan darak berayotirlar. Ko‘ngilda esa o‘sha armon, o‘sha baxtu saodatning zaif xotiralari miltirayotir. Dil yomon to‘liqib, yomon orziqayotir.
Sezyapsizmi, Oydinbuloqda bir yaproq chirillab aylanayotir...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.