OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Qo‘riqchi (hikoya)

"...Meni shu o‘ldirdi, shu!.."
Sami Renchber

 
Keng, hayhotday dalaning qoq o‘rtasida qo‘riqchi qaqqayib turar edi.
 
Uzoqdan qaralsa odamga o‘xshab ko‘rinardi. Ustiga eski-tuski, yirtilib uvadasi chiqqan paxtalik kiydirilgan, boshida quloqchini ham bor. Oyoq-qo‘llariga bir nimalar osib qo‘yilgan, ular quyoshda yiltirab, shabadada qo‘rqituvchi ovozlar chiqaradi. Sal epkinda havolanadigan tasmalari uzunasiga osilib yotipti.
Dala keng, hozirgina tevarakni mavjlantirib yellar esib o‘tdilar. Bug‘doyzor sokin shovullaydi. Boshoqlari bo‘liq-bo‘liq, har birida yigirma to‘rttadan o‘ttiztagacha doni bor. Quriy boshlagan o‘tkir uchlari epkinda bir-biriga tegib shitirlaydi. Shu sabab, havo to‘lqinlangan mahali bug‘doyzordan g‘alati ovozlar chiqadi.
 
Beqaror dashtu tuz shabadasi qo‘zg‘alsa, qo‘riqchi jonlanib ketadi. Qo‘llariga osilgan tunukalarni taraqlatib, tasmalarini yiltiratib shovqin sola boshlaydi. “Hoy! Kim ko‘ribdi? Kim eshitibdi?” deb ovoz chiqaradi u. “Bilib qo‘yinglar, – deydi. – Hamma narsaning o‘g‘risi – mana shu shabadadir! Ekinlarning joniniyu rangini, bulutlarning alvonini o‘g‘irlab ufqqa qarab qochadi u!” 
 
Har kuni bir kishi o‘g‘lini yetaklab mana shu bug‘doyzorga keladi. Qirqdan oshgan, ustidagi to‘niyu do‘ppisi ham eski. Kelib dala atrofini aylanadi, boshoqlarning hosilini chamalaydi. O‘g‘li hali yosh, otasining ortidan ergashib yursa-da, bu yumush uni qiziqtirmasligi, zeriktirgani seziladi.
 
Dalaning pastrog‘idan atrofida turli yobon o‘tlari o‘sgan yo‘l o‘tgan. O‘t-o‘lan ustiga oqish chang qo‘ngan. Nariroqda esa kichkina daryocha va chakalakzor bor, daryochaning suvi qoramtir, oqishi shiddatli.
 
Qo‘riqchi
 
Mana, shabada xiyol esib o‘tdiyu tina boshladi.
 
Bepoyon dala bir to‘lqinlandi.
 
Qushlar uchishadi ko‘m-ko‘k samoda. Issiqdan hovur ko‘tariladi. Chirs-chirs deya ovoz chiqaradi quriyotgan o‘t-o‘lan. Goho ustimga mayda chumolilar o‘rmalab chiqishadi. Ular mendan hayiqishmaydi, chunki juda bahaybat bir nimaning ustiga chiqib boryapmiz deb o‘ylashadi, qo‘riqchi ekanimni bilishmaydi. Shabada esganida chiqadigan ovozlarga ham befarq, chunki eshitishmaydi.
 
Tegramda sap-sariq makkapoyalar shitirlaydi.
 
Shitirlasa sevinib ketaman, chunki shabada esayotgan bo‘ladi. Shabada esganida o‘zimdan turlicha qo‘pol ovozlar chiqara boshlayman.
 
Asl kim ekanimdan bexabarman, biroq, juda muhim bir vazifani ado etayotganimni bilaman. Yo‘qsa, meni shu yerga qaqqaytirib qo‘yarmidi xudoyim? Tevaragimda sodir bo‘layotgan hodisalarni kuzataman. Goho ilg‘aganlarimdan xabar bergim, ogohlantirgim keladi, ammo sasim o‘zim istagan mahalda chiqa qolmaydi. Ovoz chiqara olishim, ekinlarning hosillarini cho‘qib-cho‘qilab ketadigan yovvoyi qushlarni hurkitishim uchun shabada va quyosh kerak. Yo‘qsa bir sharpa kabi ekinzor o‘rtasida qaqqayib turaman, xolos.
 
Tevarakda esa, bot-bot meni qo‘rqitadigan hodisalar ro‘y bermoqda.
 
Bug‘doylar sarg‘ayib, poyalaridan suv qochgan, bo‘liq-bo‘liq boshoqlari egilib qolgan. Oralaridagi yovvoyi o‘tlarning poyalari ham suvsizlikdan sarg‘ayibdi. To‘p-to‘p urug‘li ba’zi o‘tlar urug‘larini sochib yuborgan. Ba’zilarining qattiq po‘stlog‘i ajralib tushib, quruq tuproq ustida yotadi.
 
Ho‘v narida kichkina daryo bor. Ichidagi qora baliqlari ancha kattargan, muzday suvdan boshlarini chiqarib, tevarakka indamay boqishadi.
 
Bug‘doyzor yoqalab o‘tgan yo‘lda bitta yo‘lchivin uchib yuradi, goho kelib ustimga qo‘nadi.
 
U yo‘ldan karvonlar o‘tadilar. Yo‘lning naryog‘i yana bug‘doyzor, tevaragiga aylantirib makkalar ekilgan.
Yaproqlari uzun-uzun, hoshiyasi och sariq, yashil eti quruqshab-sarg‘aya boshlagan.
 
Karvonning tuyalari pishqiradi, aravalar g‘iyqillaydi. Qaylargadir – ufq qirmizi tusda yallig‘lanib, quyosh botadigan tomonlarga ketib borishadi. Shabada ham o‘sha tomonga qarab esadi. Ekinlarni egib-sindirib o‘tganida, bari o‘sha tomonga qarab yotib qoladi. U esganida men ham qo‘llarimda osig‘liq tunukalarimni taraqlatib shovqin solaman, ortidan yugurmoqchi bo‘laman, lekin oyog‘im yerga chuqur tiqib qo‘yilgan, joyimdan jilolmayman.
 
Nariroqdagi tol ustida qushlar gurr etib havoga ko‘tarilishadiyu chax-chaxlab fig‘on solib aylanishadi. Chunki, tol shoxiga bir ilon o‘ralib chiqib boradi.
 
Ilon 
 
“Men oq ilon, oppoq ilon edim” – deydi u.
“Oydinda yotar edim.
 
Asli makonim ariq bo‘yidagi chakalakzor edi. Har oqshom u yerda ajoyib voqealar ro‘y berardi.
 
Har oqshom chakalakzor qoshiga bir oy qizi kelar edi. U bir bek yigitga qattiq ko‘ngil qo‘ygan edi.
 
U mahallar ariq kichkina, tevaragida yalpizlar o‘sgan, suvlari o‘ynab-o‘ynab oqar, tomchilari oy nurida jilvirab ustimga sachrar, xush yoquvchi oy nurini vujudimga singdirib yotaverar edim. Oy qizining chiroyi bek yigitning yuragiga oy kabi yog‘du sochsa kerak, deb o‘ylar edim. Chunki gaplashganlarida qizning husni yigitning yuzida yog‘dulanar edi.
 
Ikkovlon bir nimalarni uzoq gaplashar edilar. Xayollarga, orzularga limmo-lim, hayotning ajoyibotlaridan, lazzatu farog‘atlaridan, sevgi-muhabbatdan so‘ylar edilar. Bir-birlarisiz yashay olmaslarini aytardilar.
 
“Mana shu oyga, shu kechaga qasam, shu sharqirab oqayotgan suvga shu yulduzlarga qasam – men sizni albatta baxtli qilaman...”, der edi bek yigit.
 
Juda uzoqlarda, juda balandlarda oy nur sochar edi. Unga boqib, shirin xayollar ham surar edilar. Men ham oyga qarar edim, ammo u ko‘zimga olisdagi yorug‘ va ulkan dog‘ bo‘lib ko‘rinardi, xolos.
 
(…Hoy bek yigit, qasamning nima ekanini bilmasdan nega tilingga olding? Ichgan qasamlaring ko‘k toqiga ko‘tarilib ketishini, u yerda shamshirga aylanib, boshing uzra osilib turishini bilmasmiding? Bir siltanib tushsa bormi... taqdirningu rizqlarning, voqealarning iplarini kesib-uzib yuborsa-ya, deb qo‘rqar edim…)
 
...U mahallar men yosh ilon edim. Ular ham yosh, navqiron edilar.
 
Oradan bir muncha vaqt o‘tib, ikkovlon kelmas bo‘ldi. Kechalar sog‘inib-sog‘inib kutar edimu ammo sira daraklari yo‘q edi. Bu orada ariqning suvlari nimagadir to‘lib-tosha boshladi, kengayib, chakalakzorni ham enladi. Haqiqatan ham g‘alati bir nimalar ro‘y bermoqda edi. Daryoga aylandi, ichida katta-katta baliqlari ham bor, qoramtir suzgichlarini sekin-sekin qimirlatib suzib yurishardi. Yana allaqancha vaqt o‘tgach, quyosh tig‘ida naqshlarim xiralashib, oy nurini o‘ziga singdirolmas bo‘ldim.
 
Endi yemish istab dala-tuzni kezar edim. Po‘st tashlaganimda, ustimdan o‘z-o‘zidan sidirilib tushgan to‘nimniyu ko‘rgan kunimni mana shu yerlarda qoldirib uzoqlarga bosh olib ketay desam... ketolmasdim. Shu dala-tuzda, shu daryoyu chang-chung yo‘llar yoqasida dunyoga kelgan, shularga tomir-tomirimdan bog‘langan bo‘lsam, qayga ham ketay?...
 
Bug‘doyzor oralab sudralib borar ekanman, o‘sha ikkovlonni dalada ko‘rib qolganimniyam aytaymi? O‘sha barkamol bek yigit eski to‘nining barini qayirib ketmon chopar, oyning qizi esa egatlar chetida bolasini emizib, alla aytar edi:
 
Bozor borguvchi ey boylar,
Otamga salom denglar,
Otam mani so‘rasa,
Yuribdi omon denglar,
Qoshiqda oshi denglar,
Ko‘zida yoshi denglar...
 
Yigit daryodan suv ham ochar, suv bo‘tanayu loyqa, dala chetidagi qari tol tanasida esa qushlar chiyillar edilar.
 
Yemish izlab yurgan nolon bir ilon bo‘lsam naylayin? Tol tanasiga o‘ralib chiqqanimda, qushlar potirlab havoga ko‘tarildilar. Ikkitagina jish polapon tuklari tikkaygan holida og‘izlarini ochib chiyillay boshlashdi, yonida cho‘tir tuxumlar ham boriydi. Polaponchalar hayiqib emas, balki meni yemish beradi deb o‘ylab, qizil tilchalarini chiqarib chiyillashardi. 
 
Qushlar
 
“Nima qilaylik, oqish bir ilon quruqshab  ketgan bug‘doyzorlar oralab sudralib, tol shoxidagi uyaga chiqib keldi, – deyishadi bezovtalanib samoga ko‘tarilgan qushlar. –  Uyadagi mitti, xol-xol tuxumlarni chaqib ichdi, xayriyatki, poloponlarga tegmadi. Poloponchalar qizil og‘izchalarini ochib tinmay chiyillashdi, ilonning esa nafsi qonib, yonginasida o‘ralib yotdi. Tol ustida shovqin solib, chax-chax urib aylanaverdik.
Dala egasining xotini bolasini emizar ekan, hazin-hazin ohangda bizlarni ham qo‘shig‘iga qo‘shdi:
 
Qaro qush qichqirib o‘tdi, uyasida ilon ko‘rdi,
Baliq bag‘rini chok aylab, azim daryoda qon ko‘rdi...
 
Bu qo‘shiqni shabada ilib olib, tevarakka mavjlantirib yoydi...” 
 
Karvon
 
“Tuprog‘i o‘ynab ketgan yo‘ldan horg‘in-horg‘in boramiz,” deyishadi karvondagilar.
 
“Qatorasiga bir-biriga tutashgan mosh, loviya, tariq dalalari o‘rtasidan o‘tamiz. Ko‘pchiligining qoq o‘rtasida qo‘riqchisi qaqqayib turgan bo‘ladi. Ba’zi dalalarning hosili bo‘liq, ba’zilariniki oz, quruqshagan.
Elu yurt bilan rozi-rizolik so‘rashib chiqqanmiz, juda olislarga – shabada esib, yo‘qolib ketadigan alvon bulutlar ufqi tomon ketib boramiz.
 
Shabada essa, qo‘riqchi darang-durung ovoz chiqarib, kimlarnidir hurkitmoqchi, nimalardandir ogohlantirmoqchi bo‘ladi. Dala egasining shugina rizqini ham goh shamol payhonlab o‘tadi, goh donlarini qushlar cho‘qib ketishadi.
 
Yon-verimizda bitta yo‘lchivin ham uchib boradi. Goh tuprog‘i o‘ynagan yo‘llar uzra pastlaydi, goh balandga ko‘tariladi. Karvondagi bolakay uni diqqat bilan qiziqib kuzatadi. Karvonboshi ming‘illab xirgoyi qiladi:
 
Yo‘l chivinning holini yurgan yo‘lovchidan so‘rang
Biz g‘arib bechorani aqli raso yordan so‘rang...
 
Yo‘lchivin ucha-ucha horib, ortda qolib ketadi.
 
Dala chetida kichkina bir daryo ham ko‘zga tashlanadi. Sohilidagi bir-ikki tup oqish jiydaning shoxlari suv istab egilib qolibdi. Bu ekinzor mana shu daryodan suv ichar ekan-da, deymiz o‘zimizcha. Daryoning baliqlari sohil yoqalab o‘tib borayotgan karvonga tikilib-tikilib qarashadi. Kuychi ularni ham qo‘shig‘iga qo‘shadi:
 
Biz g‘arib bechorani aqli rasolar bilmasa,
Ko‘z yoshi daryo bo‘lib oqqan baliqlardan so‘rang...
 
Saldan keyin dala tamom bo‘ladi.
 
Yana biroz yurilsa, Cho‘li Iroq boshlanadi.
 
Yurt ortda qolib ketadi. Cho‘li Iroq sari ichkarilab boramiz. U tegramizni qurshab oladi, fig‘on uradi, ongu shuurlarimizni egallaydi, hamla qiladi, kurmakning ingichka qurigan uzun yaprog‘i bilan yurakning tomirlarini g‘ijjak misol tilimlaydi...”
 
Daryoning baliqlari
 
Daryomiz tobora kengayib, suvi ko‘paya boradi, shiddati ortadi.
 
Nariroqdan o‘tayotgan karvonning tuyalari, otlari og‘ir-og‘ir qadam tashlashadi. Tuyoqlar ostidan dalaning o‘ynab ketgan changli tuprog‘i sochiladi. Boshimizni suvdan chiqarib karvonga boqamiz. Karvondagilar bizni tutib olishni xayollariga ham keltirmaydilar. Ozg‘in, ko‘zlari chaqnoq bir bolakay ingichka bo‘ynini cho‘zib, bizlarga hayratlanib termiladi. Karvon ustida yo‘lchivin uchib boradi, u holdan toygan, uzoqqa ucholmay, yantoqning chang bosgan yaprog‘iga qo‘nadi.
 
O‘tib borayotgan karvon boshidagi bir kishi xirgoyi qiladi. Narida ekinzor chetida bolasini emizib o‘tirgan yosh juvon ham qo‘shiq aytadi. Bu ohanglar suvning mavjiga qo‘shiladi, ular taralgani on o‘z-o‘zimizdan yig‘lay boshlaymiz. Ko‘zimizning yoshidan daryoning suvlari yanada ko‘payib-toshadi, ko‘piklanib, o‘zanidan toshib chiqquday bo‘lib pishqiradi. Uzoq-uzoqlarda ko‘kimtir tog‘lar ko‘zga tashlanadi, u tog‘larning orasida bir jayron bor, deb kuylaydi kuychi. Yolg‘izoyoq so‘qmoqlardan tushib kelganida uni tutib, bo‘ynidan boylaydilar. Ko‘zlari yoshga to‘la jayron karvon ortidan ma’yus ergashib boradi.
 
Qo‘riqchi
 
Axir, ko‘rmayapsizmi, eshitmayapsizmi?
 
Karvon o‘tib, cho‘l ichkarisida ko‘zdan yo‘qolib ham ketadi. O‘tlarning rangini o‘g‘irlovchi shabada o‘sha tomonga qochadi. Makkajuxorilarni va bug‘doylarni sindirib o‘tganida hammasi shabada ketgan tomonga qarab bir tekisda yotib qolishadi. Tez orada so‘linqirab, ranglari ketadi. Ekinlarning jonini ham olib ketadi u, alvon-alvon shafaqlar yallig‘langan, karvon og‘ir-og‘ir jo‘nagan tomonlarga.
 
Dalaning egasi hosilini to‘playdi.
 
Xotini yana o‘sha mungli qo‘shiqlarini aytadi.
 
Oh urarman, oh ursam, ohlarim tutsin seni,
Ko‘z yoshim daryo bo‘lib, baliqlari yutsin seni...
 
Hoy, shoshmang! Eshityapsizmi? Sezyapsizmi?
 
Axir, ariq daryoga aylanmoqda-ku? Baliqlari o‘sib-kattalashmoqda-ku? Vaqti-soati kelib, odam bolasini yutar darajada bahaybatlashganida, xudo ko‘rsatmasin, nimalar ro‘y berishidan xabaringiz bormi? Tevarakdagi hamma narsani, dala egasining xotinini, bolalarini, karvonni ham yutib yuborsa-chi? Mana shularni o‘ylab qo‘rqib ketaman. “Essang-chi, kuchliroq esaqolsang-chi” deb qichqirib yolvoraman shabadaga.
 
Hosili to‘plab olingan dalada uzilgan makkalarning kattakon yaproqlariyu singan boshoqlar qoladi. Egasi ularni ham to‘playdi. Makka ildizlarini sug‘urib oladi, keyin o‘t qo‘yadi. Tukuch deydilar uni, tukuchlar tutab-tutab yonadi. Bug‘doyning somonini ham to‘plab oladi. Keyin mayda-chuyda bola-chaqasi bilan boshoqlarni terishadi. Shundan keyin dala huvillab qoladi.
 
Huvillagan dalaning qoq o‘rtasida qolib ketaman bir o‘zim.
 
Ko‘kni bir xil tusdagi bulutlar bostirib-egallab keladi. Kuzning ezuvchi yomg‘irlari yog‘a boshlaydi.
 
Pilchillagan tuproqlar va dala yo‘lida kichkina ko‘lmakchalar hosil qilib yog‘adi kuz yomg‘iri. Ko‘lmakchalardagi suv jigarrang tusga kirib qoladi. Kesaklarni ivitib-ivitib, loyga aylantirib yog‘adi.
 
Mana shu hodisalarning qatidagi tahdidlaru ishoratlarning hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turaman, aytay desam tilim yo‘q, aytolmayman.
 
Meni bu yerga suqib qaqqaytirib qo‘ygan kishi – dalaning egasi hosili yig‘ishtirib olingan ekinzor o‘rtasidan sug‘urib oladi, marzalar chetiga, tutlar tagiga uloqtiradi. Kuzning yomg‘irlari ezgin-ezgin yoqqanida, ustimga tomchilar chitir-chitir urilganida hayron-hayron yotaman, endi atrofimda nimalar ro‘y berayotganini ko‘rolmasligimdan afsuslanaman.
 
Kuzning shabadasi esadi, ammo bu shabadada ovozim chiqmaydi.
 
Ko‘z oldimda yomg‘irdan ivigan qoramtir kesaklardan boshqa hech nima ko‘rinmaydi: na ekinzorlar egasi, na uning bolasi, na oq ilon, na ko‘z yoshidan bino bo‘lgan daryoyu na uning tahdidli baliqlari... na yo‘lchivin... na karvon...
 
Bahorgacha ana shunday yotaman. To bahorda yana kimdir kelib... yana ekin ekmaguncha, yerlarni sug‘ormaguncha... kelib meni o‘rnimdan dast ko‘tarib, rizq yetishishi lozim bo‘lgan dalalar o‘rtasiga yana qaqqaytirib suqib qo‘ymaguncha...
 
* * *
 
...Naylayin, salgina shabadada ayta olganlarim shular, xolos. Qaniydi yanada kuchliroq essa... yanada quvvatliroq shiddat ursaydi... shunda yuragimdagilarning barini aytib-aytib, bo‘shatib-bo‘shatib olarmidim, men – mana shu dalaning yagona qo‘riqchisi...
 
2012

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.