OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Tilsim lashkari yoxud Muqanna (hikoya)

Kech kira boshladi. Tobora kuchayib borayotgan shamol kunbotar yoqdan xas-cho‘plarni uchirib olib kelaverdi, samo maydoniga bulutlarni qatma-qat to‘dalashtirib uyaverdi. Ko‘p o‘tmay, olam rutubat va tahlika ichida qoldi.
Ko‘chada o‘ynab yurgan bolalar birin-ketin tarqalishdi. Hamma yoqni chang-to‘zon tutib ketgan edi. Ko‘ziga qum kirgan bir bolakay chirillab yig‘lab qoldi. Xavotirlanib ko‘chaga chiqqan bobosi:
– Tez-tez yur, yana jodu shamoli esyapti. Endi ertalabgacha tinmaydi. Bo‘laqol, toychog‘im, gapimga kirsang, sandiqdan halvoqand olib beraman, – deya uni yupatishga tushdi.
Shamol rosa avjiga chiqqan edi. U dorga yoyib qo‘yilgan kimningdir belbog‘ini bir yulqib oldi-da, uchirib ketdi. Zangori belbog‘ ucha-ucha naridagi tut novdasiga ilindi va xuddi muzaffar lashkarlarning tug‘i singari hilpirayverdi. Bolakay yig‘lashni ham unutib, ko‘zlari chaqnagancha:
– Qanaqa jodu, bobo? Nimaga hamma shunaqa deydi? – deb so‘radi.
Bu asnoda shamol yana epkin urdi, bolakayning sochini to‘zg‘itib, kiyimlarini yulqilay boshladi. Bobosi esa:
– Hamma narsani ham so‘rayvermaydi bola degan, beta’sir! Yur uyga, nimagaligini kechqurun aytib beraman, – deya qulog‘idan cho‘zib, dikonglatganicha hovlilardan biriga olib kirib ketdi.
Ko‘p o‘tmay, qorong‘i tushdi. Shimol tomondagi ko‘hna tog‘lar silsilasi ustida momaqaldiroq tevarakni titratib, gumbirladi. Go‘yo qoyalar yorilib-uvalanib, tutday to‘kilayotgan edi. Chaqmoq chaqnab, hammayoqni oniy yog‘du bilan siypalab o‘tdi. Keyin olam yana zulmat qa’riga cho‘mdi.

* * *

Bu shamol yiliga bir marta, dov-daraxtlar kuz libosini kiyib, tevarak-javonib lovillab yonayotgan qizg‘ish-za’far yaproqlar yog‘ini ostida qolgan maxalda qo‘zg‘alar, tuni bilan olamning to‘s-to‘polonini chiqarib, tong vaqtidagina tinar edi. Uiing g‘alati nom bilan atalishi haqida el og‘zida ajoyib va qadimiy bir rivoyat yurar edi.
Bir vaqtlar bu yerda Hakim ismli dehqon yashagan edi. U dashtdan qo‘riq ochgan, yozi bilan tinmay ishlab, mazasi tilni yoradigan qovunlar yetishtirardi. So‘ng ularni sotgani Naxshabga jo‘nar, o‘n-o‘n besh kundan so‘ng mamnun holda, qo‘yni-qo‘nji to‘lib qishloqqa qaytib kelar edi. Shu kundan e’tiboran qo‘rasidan qo‘ylarning ba’rashi, tovuqlarning qaqolashi eshitila boshlar, Hakimning o‘zi ham et qo‘yib-to‘lishib, yuziga qon yugurib qolar edi.
Falokat va tasodiflarga boy ot yilida ham uning hosili mo‘l bo‘ldi. To‘rlagan qovunlarni qamish to‘rxaltalarga solib, yerto‘laga osib qo‘ydi, endi bular to qish oyoqlaguniga qadar xuddi yangi uzilganday bo‘lib turaveradi. Hakim tag‘in shaharga otlanganida tong sahar edi. Qunbotarda, tog‘lar ustida bulutlar juda ham quyuqlashgan va momaqaldiroq tinmay gumburlardi. Hakim qovunlarini poxol solingan aravaga yaxshilab, zaxa yemaydigan qilib joyladi, qo‘y terisidan tikilgan po‘stiniga o‘ranib, o‘rnashib o‘tirdi-da, otga qamchi urishga chog‘lanarkan, xotiniga qarab:
– Bo‘pti... O‘ra to‘la savzi, omborxonada go‘sht-yog‘ yetarli. Nasib qilsa, o‘n kundayoq qaytaman, – dedi.
Ammo xotinning ko‘ngli allanechuk bezovta, agar erini hozir jo‘natib yuborsa, qaytib ko‘rolmaydiganday tuyulardi. Darvoqe, tevarak ham bugun o‘zgacharoq edi: tabiat xuddi nimanidir kutayotganday bezovta, qushlar zo‘r berib chirqillashar, tog‘lar ustida hanuz momakaldiroq gumbirlardi.
– Nega yig‘laysan? – dedi Hakim, xunobi oshib. – Bir-ikkida bormay yurgan bo‘lsam ham mayliydi. Bas qil endi ko‘zyoshni!
– Axir, ertaga ketsangiz bo‘lmaydimi? – deb zorlandi xotini. – Xuddi bir nima bo‘ladiganga o‘xshaydi. Ko‘nglim juda g‘ash.
– Hech nima bo‘lmaydi, – deb unga taskin berdi Hakim. So‘ng otga qamchi urdi. – Xudo xohlasa, bir haftadayoq qaytaman. Xush qolinglar...
Ot kishnadi, arava g‘irchillab yo‘lga tushdi. Hayal o‘tmay, qishloq teraklar ortida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Kechga borib, kunbotardan kuchli shamol qo‘zg‘aldi. U yo‘lida uchragan neki bor – barini uchirib-payhon qilib, yanchib o‘tdi. Shamol tuni bo‘yi tinmadi, o‘kirib-dahshat solib esaverdi.
Kunlar bir zaylda, osuda kechar, ammo xotinning ko‘ngli hanuz tinchlanmas edi. Tunlari uyqusi butkul o‘chganicha qorong‘ilikka termilib, erini o‘z panohida saqlashini Xudodan iltijo qilardi. Oradan o‘n kun o‘tdi, Hakim qaytmadi. Yigirma kun, bir oy... uch oy o‘tdi hamki, undan darak yo‘q. Ko‘p o‘tmay savdo-sotiq uchun ketganlarning bari qaytib kelishdi, ular yo‘lda Hakimni ko‘rmaganliklarini aytishdi. Sho‘rlik xotin ko‘k kiyib, eriga aza ochdi. Yil o‘tgach, dardu g‘amga ko‘nikdi, ro‘zg‘orini amal-taqal qilib tebrata boshladi..
Hakim ketgan kunga roppa-rosa bir yil to‘lganida yana o‘sha hol takrorlandi. Kechga yaqin kuchli shamol qo‘zg‘aldi. Erining sirli ravishda bedarak ketishi bilan mana shu g‘alati shamol o‘rtasida qandaydir bir bog‘liqlik borligini sezar edi sho‘rlik beva. Qorong‘i tushdi. Bolalar uxlagani yotdilar. Ammo ayol uxlay olmadi, derazadan ko‘zini uzmay, a’zoyi badani jimirlagancha, nimanidir ro‘y berishini kutar edi. Ha, bugun nimadir ro‘y berishi kerak edi! Darcha orti qop-qora tun, shamol goh qah-qah urib, goh zorlanib, goh yolg‘ie bevani masxaralab esmoqda edi. Ko‘p o‘tmay tun yarim bo‘ldi. Shamolning shovqini aro zaif bir sharpa sezildi. Beva irg‘ib turib, tashqariga nazar tashladi. Shu lahzada yarq etib chaqmoq chaqnadi va hovlida turgan, jangovar yarog‘-aslahalar bilan qurollangan niqobli bir otliqning shamday qomatini yoritib yubordi.
Kim u? Yarim tunda bu hovlida neni istar u?
Chaqmoq yana chaqnaganida, sirli otliqning otdan tushib, eshik tomon yurgann ko‘rindi. Juvonning yuragi bo‘g‘ziga tiqilib kelib, dukurlab ura ketdi. Shu lahzada eshikning zulfini taqilladi, keyin tanish ovoz eshitildi:
– Och!
Kelgan eri edi!
– Sizmisnz? – qaltiroq barmoklar zanjirni majolsiz tutdi.
– Men, men, qo‘rqma. Och endi.
 Eshik ochildi. Ichkariga bir sharpa kabi, g‘alati kiyimlarga o‘rangan eri kirib keldi. Juvon o‘zini unga otdi, ammo Hakim o‘zini chetga oldi.
– Qaylarda edingiz? Bolalaringizni o‘ylamaysizmi? Meni o‘ylamaysizmi? Xavotir ola-ola, kuyib ketdik-ku hammamiz?!
– Xo‘p, xo‘p, bas qil, – dedi Hakim. – Mening vaqtim juda kam. O‘tir, gaplarimni eshit.
Juvon hanuz yig‘lar edi.
– Jim, shovqin solma, – dedi Hakim, hadiksirab. - O‘tir. Aytdim-ku, vaqt juda ziq.
Juvon chor-nochor erining ro‘parasiga cho‘kdi. Yillar davomida ko‘rib yurgan qadrdon chehra o‘rnida oppoq niqobni ko‘rdi.
– Bu nimasi? – deb nido kilib yubordi.
«Mehmon» bosh chayqadi.
– Nega unday qilasiz? Nega meni qo‘rqitasiz?
– Gapimni bo‘lmay, diqqat bilan eshit, – dedi Hakim, ovozi o‘zgarib. – Aza ochib to‘g‘ri qilgansan – hozir meni so‘nggi marta ko‘rishing. Tez orada muhlat tamom bo‘ladi, kettanimdan so‘ng meni hech qachon ko‘rmaysan. Faqat bir sirni senga oshkor qilib ketay, deb keldim. Bilginki, bu shamol bekorga esmaydi, momaqaldiroq bekorga gumbirlamaydi, balki bu pallada qoyalar suriladi, ming yil avval zarb etilgan jodu qopqalari ochiladi... bir lashkar chiqib keladi. Bu lashkar na o‘tda yonadi, na suvda cho‘kadi, uni na chopib bo‘ladi, na osib. Tuni bilan yer yuzini kezadi, shamol unga uvillab-o‘kirib hamroh bo‘ladi, shamol tinishi bilan lashkar yana tilsim g‘origa kirib berkinadi...
Xuddi shu lahzani kutib turganday, «mehmon»ning sirli gapini bo‘lmoqchi bo‘lganday, darchadan shamol tag‘in kirib keldi, sham alangasi keskin lipillab jetdi.
Hakim shoshib gapida davom etdi:
- O‘shanda, oldinroq shaharga ketganlarga yeta olmay, dashtda tunab qoldim. Ust-ustiga, shamol zo‘rayib, otlar ham yurolmay qoldi. Po‘stinimga o‘ranib, ikkala otning o‘rtasiga yotib oldim. Bilaman, bunaqa shamolda bo‘riyu shog‘ollar ham in-iniga urib ketadi, shuning uchun bexavotir uxladim. Bir mahal otimning kishnashidan uyg‘onib ketdim. Boshimni ko‘tarib qarasam, shamol haliyam g‘uvillab esayotir, ammo osmon top-toza, oy nur sochib turibdi. Sal naridan esa boshi-oxiri ko‘rinmaydigan mahobatli bir lashkar o‘tib borayotir. Dubulg‘alari oy nurida yiltillaydi, nayzalar yaraqlaydi, aslahalar jaranglaydi. Boshimni ko‘targanimni ko‘rdiyu to‘p oldida borayotgan oq tug‘li bir otliq yelday bo‘lib yonimga keldi, nayzasining yoni bilan bir urdi„ yiqildim. G‘alati tush ko‘ryapmanmi, deb o‘yladim, ammo og‘riq kuchli edi. Tipirchilab yotarkanman, otliq arqon tashladi-da, meni sudrab ketdi. Qo‘rqqanimdan og‘riqniyam sezmadim. O‘zim sudralib ketyapman-u, lashkarga qarayman- sonsiz-sanoqsiz, bunday qo‘shin Buxorodayam, Qo‘qondayam, Xivadayam yo‘q, shunaka ulkan. Bari yosh, jangovar, barining ko‘zidan o‘t chaqnaydi, otlar osmonga uchaman deydi. Bir mahal otliq to‘xtadi, boshdan-oyog‘i oqqa o‘rangan, oq ot mingan bir odamga ro‘para qildi. Meni turtib oldinga o‘tqazdiyu biqinimga nayzasini tirab turipti.
– Kimsan? – deb so‘radi oq otdagi odam.
Aytdim. Tirikchilik deb ketayotganimni, bolalarim uyda zor bo‘lib yo‘l qarab turganini aytib yolvordim, yer o‘pib ko‘yib yuborishlarini tiladim.
Oq otdagi odam indamay gaplarimni eshitib turdi, ammo so‘z demadi. «Hoqonim, hokonim»lab yerga yiqildim, meni bandi qilgan suvoriy siltab turg‘izdi:
– Qulluq qil! – deb hayqirdi u, ko‘zlaridan g‘azab sochilib. – Senga Uning O‘zi bilan gaplashish nasib qildi, ey badbaxt! Hozir osmondan chaqmoq tushib kuydirmasidan yo yer yorilib yutib ketmasidan avval qulluq kil, befahm!
Bu beshafqat suvoriy nayzasini suqib-netib olmasin, deb yana yerga yikildim-da, «Nurli jamol sohibiga xamdu sanolar bo‘lsin», deb uning aytganlarini takrorladim. Shundan so‘ng suvoriyning imosi bilan darrov bir ot keltirishdi, boshimga oq yopinchiq tashlashdi, yelkamga sadoq osib, belimga shamshir bog‘lashdi-da, uzun nayzani qo‘limga tutqazib, otga mindirishdi. Bir qarasam, o‘sha qo‘shinga ko‘shilib men ham qayoqqadir ketib boryapman.
Qo‘shin juda tez borayotgan edi. Keyin ilg‘aganim – otlarning tuyoqlari yerga tegmas, o‘tlar ustida muallaq turar edi. Ko‘rayotganlarim tush ekanligiga endi ishondim. Bir-ikki soatga qolmay butun Turonni kezib chiqdik, keyin shamol bizni Hisor tog‘lari tomonga surdi. Qoyalar surilib, ichkariga kirganimizdan keyingina tushundim – bu tilsimlangan lashkar ekan. Sho‘rim qurib, endi men ham shu lashkarning askariga aylangan ekanman.
 Nurli Jamol sohibi – ulug‘ qudrat egasi. Shamol chaqiradigan ham, momaqaldirok uyg‘otadigan ham, chaqmoq chaqnatadigan ham uning o‘zi... Yil o‘tgach, qoyalar yana surildi, lashkar yana yorug‘ dunyoga chiqdi. Bilib ol: bu shamolning siri ana shu lashkarda. Mana shu shamol esganida hech kim tashqarida yolg‘iz qolmasin. Qishloqlardan, kentlardan chiqmasin. Bolalaringga, avlodlaringga ehtiyot bo‘lgin...
Hikoya poyoniga yetgani sayin dilida shubhasi zo‘rayib borayotgan xotin vahimadan titraganicha uning so‘zlarini tinglardi. Eri bu voqealarni harchand ishonarli qilib gapirishga urinmasin, uning gumoni ortaverdi va oxir-oqibat:
– Yo‘q-yo‘q... Ayting, kimsiz? Siz mening erim emassiz?! – deb qichqirib yubordi.
– Men rostdan ham eringman, nega ishonmaysan? – dedi kimsa, uning so‘zlaridan sarosimaga tushib. – Ovozimdan, harakatlarimdan tanimayapsanmi?
– Agar... erim bo‘lsangiz, niqobingizni oling, ko‘ray, – deb talab qildi juvon, ortiga tisarilib. Niqobli odam shoshib nari surildi:
- Nimalar deyapsan? Ololmayman. Halok bo‘laman axir?! Esingni yig‘, hoy nodon. Meniyam, o‘zingniyam xarob qilma.... Esingni yig‘!
Ammo juvon qo‘rquvni yengib, g‘ayrioddiy jasorat bilan oldga tashlandi va erining yuzidagi niqobni yulib oldi. Yulib oldi-yu...
Bu ne sinoatki, niqob orti qora o‘raday bo‘m-bo‘sh zdi.
Shamol olam bo‘ylab esardi. Chaqmoqning navbatdagi chaqini kimsasiz yo‘ldan ot choptirib ketayotgan sirli otliqni va eshigi lang ochiq qolgan bevaning uyini yoritib yubordi.
 
* * *

Buxoro va Samarqand oqchoponlari mag‘lubiyatga uchrab, ularga ko‘maklashish uchun kelgan ko‘chmanchilar tarqalib ketgach, xalifa Mahdiy butun kuchini Muqannani qo‘lga kiritishga safarbar etdi. Xalifalikka bo‘ysungan barcha mo‘minlar bu dajjolning o‘ldirilishini talab etar edilar. Rivoyatga ko‘ra, dajjol g‘oyat badbashara, bir ko‘zi uzum donasiday bo‘rtib chiqkan maxluq bo‘lib, qiyomat yaqin qolganida xudolik da’vosini qilib yer yuziga chiqishi aniq edi. Hoshim binni Hakimda ham shu xususiyatlar mavjud bo‘lib, u doimo niqobda yurar edi.
Muqanna Marv bozorining maydonida paydo bo‘lganida qoq tush mahali edi. Jodu sohibining Bag‘dod zindonida yotganini bilgan marvliklar uning bu zuhurotidan sarosimaga tushib, qocha boshladilar. Oxirida dovyurakroq kishilardan iborat bir guruh qoldi. Muqanna bu kishilardan so‘radi:
– Bilasizlarmi, men kimman?
Yig‘ilganlar javob berdilar:
– Ha, bilamiz, sen sipohsolor Hakimning o‘g‘li Hoshimsan.
– Yo‘q, – dedi Muqanna. – Men sizlarning najotkoringizdirman. Bilingki, najot sizga Isodan yetsa, Iso menman, Musodan yetsa, Muso ham menman, Muhammaddan yetsa, Muhammad menman va najot Parvardigoringizdan yetsa, Parvardigoringiz xam mendirman!
Yig‘ilganlar dahshatdan qotib qoldilar. Shu mahal bir yigit – Ubayd binni Zahab jasurlik qildi. Maydonda sotish uchun keltirilgan bir arslon bor edi. Arslon bir necha kundan beri yemish yemagan, qafasni buzishga urinib, tinmay bo‘kirar edi. Ubayd yugurib borib, qafas eshigini ochib yubordi. Barcha sheryuraklar to‘rt tomonga qochdilar. Maydonda Muqannagina qoldi. Chang-to‘zonda avvaliga hech narsani anglab bo‘lmadi, to‘zon bosilganida esa, Muqanna g‘oyib bo‘lgan edi. Arslon esa mushukday miyovlagancha gir-gir aylanib, yer timdalardi. Yaqin kelganlar uning ikki ko‘zi oqib tushganini ko‘rdilar.
Shundan so‘ng Marv tinchib qoldi. Aytishlaricha, Muqanna ikki-uch yil Hisor etagida yashagan ekan. Uni mahv etish uchun ketgan lashkar muharram oyining boshlarida afsun sohibining istiqomatgohini o‘rab oldi. Ammo tashlandiq hujrada bir necha sahifa qog‘ozdan boshqa narsa topmadilar va bu qog‘ozlarni Bag‘dodga keltirdilar. Qog‘ozda mana bular yozilgan edi:
«Men, Hoshim binni Hakim, avval taralgan yungni, keyin taralmagan yungni qizil bo‘yoqqa botirdim. Natijada ularning ranglari o‘zgardi. Farishta aytdiki, narsalarning ranglarining o‘zgarishi Yaratgan Egamga ma’qul ishdir. Iblis aytdiki, arslon qo‘ydan faqat rangi bilangina farqlanur. Shu tariqa, men narsalarning ranglarini o‘zgartirib qattiq yanglishdim...»
«Men, Hoshim binni Hakim, kechqurun hujramda o‘tirganimda huzurimga bir kishi kirib keldi. Tahorat olib namoz o‘qidi hamda boshimni kesib, samoga olib chiqib ketdi. U ko‘kda menga bir lug‘atni bayon qildi. Shu tariqa, men ana shu lug‘atni kishilarga yetkazish uchun mas’ul qilindim...»
Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, u Naxshab yaqinida paydo bo‘ldi. Odamlarga aytdiki:
– Menga iymon keltiringlar, men sizlarning xaloskoringizdirman.
Kishilar aytdilar:
– O‘tmishda barcha payg‘ambarlar o‘zlarining dalolat-mo‘‘jizalari bilan kelgan edilar. Sening dalolating bormi?
Muqanna so‘radi:
– Agar osmonga yangi bir oy chiqarsam, shahodat keltirurmisizlar?
Odamlar rozi bo‘lib, shunga bay’at qildilar. Va Muqannaning sehri bilan Naxshab yaqinidagi quduqdan osmonga yana bir oy ko‘tarilib chiqdi. Aytadilarki, bu oy ichiga simob va ma’dan aralashmasi to‘ldirilgan shisha edi. Yana aytdilarki, yo‘q, bu jodu edi. Qalbaki oy bir qancha fasl samoda haqikiy oydan ko‘ra yorug‘roq nur sochib turdi.
Ahli islom Muqannani tamoman mahv etishga qattiq qaror qildi. Janglar ko‘p davom etmadi. Muqanna o‘z tarafdorlari bilan birga Hisor puchmoqlarida o‘zi bino etgan Siyom qal’asiga chekindi.
Hirot voliysi Saidning tadbirlari tufayli Muqanna qo‘shinining sipohsolari o‘ldirilgach, jodu sohibi qattiq qayg‘uga cho‘mdi. So‘ng Sarjom degan bir kishini sipohsolar etib tayinladi. Biroq, yangi sipohsolar ham Allohga imon keltirganlar tomoniga o‘tib, tavba qildi. Shu bilan Siyom jangi tugadi, tashqi qal’a Saidning qo‘liga o‘tdi.
Hoshim binni Hakim shundan so‘ng xobgohiga kirib ketganicha bir kechayu bir kunduz qorasini ko‘rsatmadi. Xos navkarlar uning bezovta oyoq tovushlarinigina eshitardilar. Ertasiga kechga yaqin u qo‘riqchilarini chorladi hamda tez orada bu yerga Qaf degan afsungar kelishini, uni zinhor tutib qolmasliklarini amr etdi.
Afsungarning qanday paydo bo‘lganini navkarlar payqamay qoldilar. U go‘yo qorong‘ilik pardasi ortidan chiqib keldi. Qo‘riqchilar uni ichkariga kiritib yubordilar. Pastda, tashqi qal’a atrofida bezovtalik boshlandi.
Tongga yaqin Muqanna karorgohidan achchiq faryod ovozi eshitildi. Xos navkarlar ichkariga kirgani jur’at etolmadilar. Ko‘p o‘tmay parda surilib, niqobdagi jodu sohibining o‘zi chiqib keldi, uning qo‘lida mo‘‘jaz bir ko‘za bor edi. U so‘z demay yuqoriga – majlislar bo‘ladigan sahnga qarab yo‘naldi. Xos xonaga qadam bosgan yigitlar hangu mang bo‘lib qoldilar: afsungar mehmon oyoq-qo‘llari changak bo‘lib, og‘zidan qoni kelganicha o‘lib yotar edi.
Shu kuni Muqanna o‘ziga sodiq odamlarni atrofiga to‘pladi va tuni bo‘yi afsungar bilan qilgan suhbatining mazmunini bayon qildi. U shunday dedi:
– Sizu bizning jangimiz boqiy erur. Turonzaminga to qiyomat qadar yog‘iylar ko‘z tikaberadilar. Bas, bugundan boshlab bizlar boqiy jangchilarga aylanurmiz. Bizlar har daqiqa, har lahzada yog‘iylar diliga qo‘rquv solurmiz. Bizlar hech kachon o‘lmagaymiz! Bizning lashkarimizni chopish, yondirish, suvga cho‘ktirish mumkin emas; u dahshatlidir. Men sizlarga najot va’da etgan edim, endi har biringizga boqiylik va to‘qson to‘qqiz jannatni hadya qilurman. Najot muborak bo‘lsin!..
Tevarak-atrofdagi qoyalar uning so‘zlarini yuz karra kuchaytirib takrorladi. Alqissa, kishilar ko‘zachadagi tilsimlangan sharobdan ichdilar va yerga yiqilib jon berdilar. So‘ngida Muqannagina qoldi. Uning amriga ko‘ra, bir tandirga uch kundan beri tinmay o‘t yoqilmoqda edi. Muqanna tandirga yaqinlashib choponini yechib tashladiyu o‘zini olovga otdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, tandir yoniga borganlar undan asar ham topmadilar.
Turon tuprog‘i tinchlikka yuz burdi.
Shundan so‘ng, asrlar oralig‘ida, har zamon-har zamonda ba’zi kishilarning shamolli kechada yurtni kezayotgan g‘alati lashkarni ko‘rganliklari haqidagi bir-biridan ko‘rqinchli va hayratangiz afsonalar paydo bo‘la boshladi.
Aytishardiki, bu qadimiy qo‘shin - Muqanna boshliq Siyom askarlari emish.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.