(Shoir A’zam O‘ktam xotirasiga)
“Hikoya yozish osonmi, qiyinmi?”
To‘g‘risini aytsam, haligacha shu savolga jo‘yaliroq javob bera olmayman.
Mana, bir necha kundirki, tug‘ilgan kunida qizimga sovg‘a qilganim uzuk xayolimdan ketmaydi.
Ingichka, nozik, ko‘kish-yashil toshchali ziynat uni quvontirdi, sof nigohida sevinch porlab ketdi, oldimda bir oz tortinsa ham, baribiram bir necha marta aylantirib qarab-qarab qo‘ydi.
O‘zim ham quvondim, ko‘zchalaridagi sevinch qalbimga ko‘chib o‘tdi. “Yaxshi kunlaringda taqib yur” dedim unga. Keyin, bir mahallar onamdan eshitganim hazrati Sulaymon uzugi haqidagi rivoyatni aytib berdim.
“Lekin bu unaqasi emas, oddiygina. Otangning qo‘lidan kelgani shu xolos, - dedim kulib. - Ammo Sulaymon uzugichalik ma’nolari bor. U ma’nolarni vaqti kelganida bilib olarsan”.
Shunday desam-da, o‘zimning rivoyatim o‘z xayolimni boshqa yoqlarga yetaklab ketdi.
* * *
Otam nihoyatda beozor, umrini bolalariga fido qilib yuborgan kishi edi.
Bizlar to‘qqiz jo‘jiq, onam uyda, faqat otam ishlardi, xolos. Yetishmovchilik boshimizda qilich kabi osilib turar, saharlab turib, kech kuzning sovuq bulduruqlari yiltiragan dalalarda turli yumushlarni bajarishga majbur edik. Yalang oyoqqa kalish kiyib olar, oyoqchalarimiz sovqotardi. Yerlarni qirov bosgan, makka poyalari qo‘lga muzday tegadi. To siyrak tuman aro teraklar orasidan ulkan qizil quyosh ko‘tarila boshlaguniga qadar urinib-berinar, keyin shosha-pisha choy ichib, yarimta nonni olib maktabga jo‘nardik.
Qishlarda muz qotgan yerlarni o‘yar edik. O‘yib bo‘lib, hosil bo‘lgan chuqurni g‘o‘zapo‘choqqa to‘ldirgach, paqirda ariqdan suv tashir, tizza bo‘yi keladigan suvga tushib olgan otam g‘o‘zapo‘choqni suv bilan qorishtirib bir tomonga uyaverar, nihoyat, zahmatli shu ish tugagach, ustiga go‘ng aralash tuproq tortilib, eski-tuski ko‘rpalar yopilganida dildirab uyga kirardik. Ho‘l g‘o‘zapo‘choq kun o‘tgani sayin o‘z-o‘zidan qizib, chirindiga aylanar, u chirindi o‘g‘it o‘rnida ekinga solinardi. Pechkaga o‘t yoqilgach uy asta-sekin ilir, o‘sha iliqlik badanga o‘tib elitganida ovqatga ham karamay uxlab qolganlarimiz esimda. To‘qqiz bola, to‘qqiz o‘g‘il-qiz...Ertalab turganimizda otam allaqachon uyg‘ongan, pechkada o‘t gurillab yonayotgan, ustiga kechagi nonlarni qo‘yib, ilitib o‘tirgan bo‘lar, uyni isigan nonning yoqimli isi tutib ketardi.
Ko‘z yetmas uzoq-uzoqlargacha yastanib ketgan boshqa qishloqlardagi odamlar ham shunga o‘xshagan ishlar bilan mashg‘ul edilar.
Nimasini aytay, xotiramda juda ko‘p shunga o‘xshash manzaralar saqlanib qolgan. Ular tinchlik bermaydi, jonlanadi, boshqa ma’nolar kasb eta-eta, ong tublaridan xuddi o‘sha – ustida g‘o‘zapo‘choq qalqigan qoramtir muzday suv kabi yurakni muzlatib, etni junjiktirib sizib chiqaveradi. G‘alati bir hayot ko‘z o‘ngimda gavdalanadi.
Yumushlar ko‘paygani mahal bolalar maktabga bormay qo‘yishardi. Mehnatlar sira tugamasdi-da. Poyonsiz dalalarning egatlari orasida o‘tirib, behi yerdik. Kech kuzda mezonlar uchar, goh oqish tumanlar tushar, nam yerga o‘tirib, olov yoqardik. Chigitni o‘tga tashlasak, chirsillab otilardi, yeb ko‘rsak, anchayin sho‘r ta’mi bo‘lardi. Muallimlarimiz ham o‘zimiz qatori, etik kiyib dalani aylanib yurishardi.
El tirikchilik deya tinmay urinardi-da. Yumushdan ortar-ortmas, sigir-molni dalaga haydar, kuz mezonlari uchgan, xalq “jola” deb ataydigan hayhotday shudgorlarda to‘p-to‘p bo‘lib mol boqardik.
Men shom tushmasdan uyga qaytishim, qo‘radagi bulturgi quruq o‘tinlarni olib kelib o‘choqqa o‘t yoqishim kerak edi. Men o‘t yoqqach, onaizorim ovqat pishirardi.
O‘shanday mahallarda to‘ylar bo‘lib qolsa, suyunib chopardik.
Nimagadir esimda kech kuz to‘ylari qolgan. Sovuq, gapirsangiz og‘zingizdan hovur burqirab chiqadi. Kelin-kuyov sovqotmasin deya, oyoqlari ostiga tog‘orada cho‘g‘ qo‘yar edilar.
Shu asnoda kuyov kelinning barmog‘iga uzuk ham taqishi kerak edi.
Uzuk taqilganida hamma qiyqirib yuborardi.
Yo‘qsa, allaqachon nikoh o‘qildi, elga ma’lum qilindi, xalq kelib davrani to‘ldirib o‘tiribdi, etakroqdagi tozalangan ekin yerlariga qurilgan katta o‘choqda sho‘rva qaynab, osh pishmoqda... uzuk taqilganida unisi kuyov, bunisi kelin bo‘pqolarmidi? Kim bilsin, odamlarga shunisi ma’qulroqmidi?
Uzuk taqilganini ilk ko‘rganimda, uyga kelib ota-onamning barmog‘ida uzugi bor-yo‘qligiga qiziqqanman, yo‘qligini ko‘rib, sababini so‘raganman ham.
- Bizning vaqtimizda bunaqa urf yo‘q edi, - dedi onam. - Aravada kelin bo‘lib kelaverardik. Katta davralar ham bo‘lmasdi. Sovuqlarda o‘rtaga katta o‘t qalanardi, eski-tuski lattalarni dumaloqlab simga boylab, moyga botirib valishlarga osib to‘pchiroq yoqilardi. Sening aytganlaring yangi zamonning urflari, bolam.
Men kelin bo‘lib tushganimda o‘n olti yashar edim. Enang o‘zining uzugini menga bergan edi. Ammo taqmaganman, avaylab yashirib qo‘yganman”.
Mana shunday sharoitda asta-sekin o‘sib, voyaga yetib borar edik, bizlar – bir qishloqning mayda-chuyda bolachalari.
* * *
Aytdim-ku, mehnat orasida katta bo‘lganman. Shu bois, barmoqlari qavarib-qavarib yorilgan, yuzlari qoraygan, sochlari tippa-tik, g‘oyatda sofdil qishloq bolalari ko‘nglimga juda yaqin. Haliyam turli qishloqlarga yo‘lim tushsa, o‘shanaqa bolalar bilan gaplashgim keladi.
Vaqti yetib, uylandim. Men ham kuyov bo‘lib kelin qo‘liga uzuk taqdim. Oddiygina, ingichka, lekin qimmatbaho edi. Xotinim uni barmog‘iga taqib, xursand bo‘lib qaraganlari esimda. Keyinchalik ham avaylab saqlab yurganini bilaman.
To‘ydan bir-ikki kun keyin onam kelinini suyib-alqab, sandig‘idan o‘z uzugini olib beribdi. Uni quchib, o‘pib “Bu – kelinlik uzugim, rahmatli qaynonam sovg‘a qilgan edi, endi siz katta kelinimsiz, oling, yaxshi kunlaringizda taqib yuring”, debdi. Xotinim maqtanib, menga ko‘rsatgani ham esimda. Eski zamonlarning tillasidan quyilgan, hozirgi nozik uzuklarga o‘xshamaydigan taqinchoq.
Onaizorimning mehribonligidan o‘zimcha suyundim, choylar damlab berib, oyoqlarini uqalab o‘tirib, so‘radim:
- Otam-chi, uzuk sovg‘a qilmaganmidi?
- Otang ham sovg‘a kilgan, ammo to‘ydan ancha keyin, sen dunyoga kelganingda, - dedi onam.
- Taqqaningizni sira ko‘rmaganman-ku?
- Taqarmidim? Hammasini sandiqqa solib yashirib qo‘yaverganman.
- Nimaga?
- Og‘ir kunlarimizda ishlatarmiz deganman-da.
Shunday degani bilan, og‘ir kunlarida ham ishlatmaganini bilaman-ku? Tavba, uzuk desam, ko‘z oldimga o‘sha qishli-qirovli kunlar kelavergani-chi?
- Otang u uzukni qancha zahmatlar, ne-ne mehnatlar evaziga, uzoq shaharga borib sarson bo‘lib olib kelgan. O‘shanda rosa suyunganman. Shuncha qiymatni o‘zida jamlagan u uzukni sotib, kunimga ishlatarmidim? O‘lsam ham ishlatmasman! - dedi onam.
* * *
Bolalar ulg‘aygani sayin tashvishlar ortar, shavqlar ozayar, men esa zahmatlarga ko‘milib ketgan edim. Teraklarning barglari qirmizi qizarardi. Tavba, nima uchun kech kuzni yaxshi ko‘rar ekanman? Daraxtlaru o‘tlar turli ranglar oladi. Sariqdan yashilgacha, yashildan qirmizigacha hamma ranglar ko‘z-ko‘zlanadi. Har narsa g‘arq pishgan, har daraxt “mana, yashab shuni qildim” deganday umrining hosilini ko‘z-ko‘zlab turadi. Yana mezonlar uchadi, yer bag‘irlab siyrak tumanlar suzadi. Yana to‘ylar mavsumi boshlanadi. Kishilar shod-xurram, katta o‘tlar gurillab yonadi. To‘n kiyib, to‘p-to‘p turgan kishilarni qo‘msayman. Men bilganlarning ko‘pi hozir u orada yo‘q, o‘shalarni ko‘rib-gaplashsam deyman. Ammo, gaplashsam ham aytarli uzoq suhbat bo‘lmasligiga aqlim yetadi.
- Ha, yuribsanmi, tuzukmisan?
- Shukr.
- Bolalaring katta bo‘lib qolishgandir?
- Katta bo‘lib qolishdi.
- Tuzuk... ishqilib, to‘ylarga yetkazsin.
Shu, xolos.
* * *
Bir kuni juda qadimiy uzuk rivoyatidan xabar topdim.
Sulaymon podshohning bir hikmatli uzugi bo‘lgan ekan. U uzukni taqsa, shamolu qurt-qushlar bo‘ysunar, yer ostiyu yer usti xazinalari ochilar ekan.
Yosh bo‘lganimda havaslanib, o‘shanaqa uzukni orzu qilgan bo‘lardim. Ammo, yoshlik o‘tdi. Endi har narsadan ma’ni izlaydigan palladaman-ku?
Aqlim turli tasodifiy voqealarni bir-biriga ulab, bir mantiq nuqtasiga yetaklab ketdi.
Sulaymon podshohdan avval ham uzuk hadya qilish odati bo‘lganmikin?
Hazrati Sulaymonning uzugi-ku unutilayozgan bir rivoyatning ajoyibotlaridan darak bermoqda. Uning hikmati juda haybatli ekani ayon, biroq, men ko‘rgan-bilgan uzuklar shu yoshimda, to‘satdan tilga kirganiga nima deysiz?
Ular ota-onam tilidan gapira boshladilar.
“Bizlar, ya’ni otang-onang, Xudoyimning dargohlaridan shu dunyoga kelib unib-o‘sgan ikki jon, seni qoshimizning ostida, qarog‘imizning ustida asrab-avaylab katta qildik.
Sen gurkirab o‘sding, bolajon.
Ochlik-muhtojlik ko‘rmagin deya o‘tga kirib, suvlar kechdik, shamol izillagan tunlardayu saratonning jaziramalarida jonimizni jabborga berib urindik.
Endi ulg‘ayding, sen ham katta bir zahmat ichiga kirib bormoqdasan.
To‘ylar qildik, uylantirdik...hali hayot oldinda!
Bizning senga berar topgan-tutganimiz shu.
Senga shamollar, qurtu-qushlar bo‘ysunsin, qarshingda dunyoning sarvatlari ochilsin deb niyat qilmadig-u lekin mabodo biror kor-hol ro‘y berib qolsa, shu narsa og‘ir kuningga yarasin, dedik.
Bu uzuk bizga ota-onamizdan meros qolgan edi.
Og‘ir kunimizga ishlatmadik, sizlarni mehnatimiz bilan voyaga yetkazdik.
Ammo har doim shu uzuk – har qancha qadrli, aziz bo‘lsa-da, bir kun kelib mabodo qiynalib qolsang koringga yarar deya asrab-avaylab saqlab keldik.
Olaqol, bolajon. Hayot yo‘ling uzun bo‘lsin.
Uzun bo‘lsinu ammo mushkul bo‘lmasin.
Buni hayot deb qo‘yibdilar, bir kun bizlar yo‘qligimizda og‘ir kun boshingga kelsa, sira ikkilanma, u uzukni sandiqdan ol.
Bir mushkulingni oson qilsa ajabmas!”
* * *
Ma’nolar og‘ir bo‘ladi.
Ma’nolar odamni qiynaydi.
Shu ma’noni kashf qilib olganimdan beri o‘rtanaman.
Yaqinda men ham to‘ylarga kiraman, o‘g‘limni uylantiraman.
Ayolim o‘z zeb-ziynatlarini baxtli kunida kelinimga sovg‘a qilaman deb ko‘ngliga tugib o‘tirganini aytmasayam bilaman.
Shuningdek, sulolalar aro asralib kelinayotgan o‘sha taqinchoqlarni bolalarim taqib yurishlarini ham xohlayman.
Yana, u uzuklar avlodlarga sirayam “Bir mushkulingga yarasin” deb emas, bor-yo‘g‘i ota-onadan xotira bo‘lib qolishini istayman. Avlodlar jo‘jiqlariga “Ulug‘larimizdan yodgor, shuni avaylab yur, shoyad bir kuni shamollarni-yu tabiat hodisalarini, yeru ko‘klarni bo‘ysundirsang ajabmas... Ammo sirayam og‘ir kuningga ishlatma! Boshingga unday kun kelmasin!” deyishlarini istayman.
* * *
Naylayin, umr o‘tib bormoqda.
Men ham, ayolim ham hayot shamolida kech kuzning mezonlari kabi, uzoqdagi oltin daraxtzorlar sari uchib bormoqdamiz.
Ichimdan bir shukrona ham keladiki, nimagadir men yaxshi ko‘radigan o‘sha kech kuzning zahmatli sovuqlarini bolalarim bilishmaydi.
Sovuqda muzlab-ko‘karib ketgan qo‘lchalarini, oyoqchalarini dildiray-dildiray sandalga tiqib, muzlagan oyoqchalariga issiq o‘tganida seziladigan achishtiruvchi g‘alati og‘riqdan ham bexabar ular.
Har qanday xizmatlarini og‘rinmay ado etadigan onasi, xonadonda tog‘day bo‘lib turgan otasining ichida ne og‘riqlari borligini ham bilishmaydi.
Hozirgina kech kuzning o‘tloqlarida o‘ynagan sovuqlar aro ingichka bo‘lib uchgan mezonlardan gapirdim-a? Bizlar, ya’ni kichkina bolakaylar u mezonlarning hilpirab ucha-ucha, qayga g‘oyib bo‘lib ketishlarini bilmas edik. Goho o‘tlarning nam poyasiga yo daraxt shoxchasiga ilinib qolganlariyam bo‘lardi.
Farzandlar yosh, kun kelib,otayu ona kech kuz sovuqlari o‘ynagan tomonlarga qarab o‘sha mezonlar kabi uchib ketishini ham bilishmaydi.
G‘o‘zapoya uyumi lovullab yongan kechalarda, el yig‘ilib kelib shod yayragan to‘y oqshomlarida sovuqda dildiragan kelin barmog‘iga taqilgan uzuk manzaralarini ham ko‘rishmagan ular. Bu avlodning to‘ylari muhtasham to‘yxonalarda, issiq, orasta davralarda o‘tadi.
Ayolimning sandig‘ida ikkitami-uchtami taqinchoq to‘ylarni kutib yotibdi. Ha, bir kuni to‘ylar bo‘ladi. Shundan keyin u uzuklar egasiga sovg‘a qilinadi. Kelinchak nigohida faqat sevinch porlasa, uni hadya qilayotgan kishining ko‘zida hayot zahmatlarini va quvonchlarini aks ettirgan o‘zgacha ma’nolar balqisa ajabmas.
Naylayin... U manzaralarni ko‘ra-ko‘ra yetib kelgan ma’nolarim – shular. Quvvatga to‘lib kelayotgan bolamga o‘zimcha sinchiklab qaraymanu bir boshqacha iste’dodi bormikin, deyman. Boshqa bolalar ko‘rmagan nozikliklarni ilg‘aydi, chiroyli tarzda hikoya ham qilib beradi.
* * *
Hikoya yozish osonmi, qiyinmi dedim-a?
Haqiqatan ham, bu savolga haligacha jo‘yaliroq bir javob topolmayman. Oson desam, qiyinga o‘xshaydi. Qiyin desam, ma’nolar o‘z-o‘zidan balqib kelaveradi...
Kim bilsin, bir kun kelaru bolamning nodir iste’dodi yarq etib yuzaga chiqar? O‘shanda, mening aqlim yetmagan ajoyib hikmatlarga balki u yetar?
Bolam, orzularim mo‘l, hammasi ajoyib, yorug‘.
Kun kelib, men shoyon istasam ham erisholmaganim o‘sha ulug‘ hikmatga... “Sulaymon uzugi” degan azim va muhtasham bir ma’noning tublariga albatta yetishingga juda ishonaman.
O‘shanda... shuncha mo‘‘jizalarni yaratgan Parvardigor bizdan meros uzuklarga ham ayri bir ma’no ato etsayu yeru osmonlarning bori xazinalari sizlarga lang ochilsa deyman.
Axir, ajoyib orzularimizning ochqich-tilsimi o‘zingiz-ku? Dunyoga kelganingizda quvonganlarimiz, mitti barmoqchalaringizdan tutib gapirganlarimiz... musaffo nigohingizga termilib, orzularimizning ro‘yobini ko‘rganlarimiz... hammasi ko‘z o‘ngimizda.
Oy qizim, sen denyoga kelar chog‘ingda, onaizoring tushida uzuk ko‘rgani, "Ingichka, nozik, ko‘kish-yashil toshchali ziynat ekan... Ko‘rib juda quvonibman", degani ham esimda.
Axir, ushalmas orzular ham bo‘larmidi? Zahmatkash ota-onamning beozor orzulari-ki ushalgan ekan, bizning, sizning orzularingiz... ushalmay qolarmidi?
Albatta ushaladi! O‘shanda yo‘l olamiz, bolajon, barchamiz qo‘l ushlashib, bepoyon umidlaru hikmatlarning ajoyib makonlariga...