OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isajon Sulton. Xun (hikoya)

Tangritog‘ning etagidagi ko‘kalamzor yaylovda Erxon chol elliklarni qoralab qolgan Oyto‘ldi otlig‘ ayoli bilan faqirona hayot kechirardilar. Ular bir vaqtlar tiklab olgan ko‘rimsizgina go‘shadan ancha narida xushxo‘r mevalaru turfa hayvonotga mo‘l o‘rmon boshla-nardi. U ikki qariyani beminnat boqardi. Ko‘k Tangrining farzandi — Quyosh o‘rmon tepasida ko‘tarilgan pallada Erxon chol qora po‘latdan quyilgan keskir boltasini beliga qistirib, qo‘ygan tuzoqlarini ko‘zdan kechirish uchun jo‘-nar, oradan xiyla vaqt o‘tgach, yelkasida bir bog‘ quruq qarag‘ay o‘tinniyu tipirchilayotgan quyonnimi, qirg‘ovulni ko‘tarib, mamnun qiyo-fada qaytib kelardi. Ularni pishirish Oyto‘ldining zimmasida edi. O‘choqqa olov yoqib, eri so‘yib-tozalab bergan etni olovga tovlagan paytda Erxon o‘t-o‘lan ustiga yonboshlagancha ayolining harakatlarini kuzatar, shamollarda qotgan chandiqli, qoramag‘iz yuzida Oyto‘ldiga juda yoqadigan dag‘al bir tabassum jilva qilib turardi.
Bir mahallar qudratli bo‘lgan Yadg‘uning qavmi ham shu yerlarda umrguzaronlik qilardi. Keyincha-lik ular pastroqqa — vodiyga ko‘chishdi, sonsiz-sanoqsiz muzaffar yurishlar natijasida ko‘payib ketgan echkiyu qo‘ylar, sigiru otlarni boqish uchun bu yaylovcha torlik qilib qoldi. Erxon va Oyto‘ldining o‘ljalari u qadar ko‘p emasdi. Yana, buning ustiga, yigirma yilcha mu-qaddam Erxon chol ko‘p urinib yog‘och, loy va kigizdan choqqina bir qo‘nalg‘a tiklagan, umrlarining eng lazzatli damlari shu qo‘nalg‘ada kechgandi. Endi uni tashlab ketib bo‘larmidi?! Qishning — Ko‘k Tangri inoyatining uzun kechalaridagi, lang‘illab olov yonayotgan uyda kechgan ehtirosli onlar hali ham Oyto‘ldining yodiga tushsa, yuragini nechuklar jizillatib qo‘yadi. Qondoshlar, ayniqsa, Yadg‘u ularni ko‘p qistadi, ammo o‘jar qariyalar ketishni istashmadi. «Sen o‘zing ketaver, Yadg‘uxon, — deyishdi ular. — Bizga shu yer qulay. Vodiyga — uch-to‘rt yig‘och masofaga yetib borolamizmi-yo‘qmi? Buning ustiga, sen qurib beradigan qo‘nalg‘ada yashay olishimiz, ko‘nikib ketishimiz ham dargumon. Axir, bu yerlarga juda o‘rganib qoldik-da! Sen bemalol boraver, xotiring jam bo‘lsin. Bir kunimizni ko‘rarmiz, vaqti kelib, Ko‘k Tangrining oldiga ketsak, uning qahrini yumshatish uchun biror jonliq atab, bizni xotirlarsan. Shungayam juda xursandmiz, ko‘nglimizni rosa ko‘tarding, Yadg‘uxon...» O‘shanda Yadg‘uxon hech ko‘nmagandi, ammo bari bir ketdi. Sababi, u ayniqsa, xanzularga qarshi yurishda juda ko‘p mol-dunyo orttirgandi, shularni ko‘zi qiymadi. Mana hozir vodiyda, bepoyon yaylovlarda qo‘y-echkilarini yoyib yuborib, xun o‘g‘lonlarini jakgga tayyorlab yuribdi.
Qabila pastga ko‘chgach, tevarak huvillab qoldi. Albatta, qabiladoshlari, ayniqsa, urug‘lari Erxon chol oilasining qolishga qaror qilishganini eshitib juda xafa bo‘lishsa-da, o‘zlari ko‘chib ketishdi. Anavi choqqina yalanglikda bir vaqtlar muzaffar jangchilarning o‘g‘illari tig‘ urish va nayza otish san’atini, otda jang qilishni o‘rganishardi. Yadg‘uxon har doim «Jangchi et yeydi, bola tug‘diradi, jang qiladi — erning bundan boshqa qilar ishi yo‘q, qolgan barcha yumushlar — xotinlarniki!» degani-degan edi. Biroq, o‘zining bolalari bunday bo‘lishmadi. Ular nimjonu soyaparvar, qilich chopishdan ham ko‘ra uyda o‘tirib ovqat pishirishga, har xil mayda-chuyda o‘yinlar bilan vaqt o‘tkazishga ishqibozroq chiqishdi. Erxon chol ularni yomon ko‘rar va shu sababdan qachon ko‘rsa bo‘ralab so‘kardi. Uning o‘zi bir vaqtlar dovrug‘i Tangritog‘ni tutgan jangchi bo‘lgan va buning isboti sifatida uyida uncha-muncha yigit yerdan uzib ololmaydigan olti tishli, zilzambil cho‘qmori turardi. Qabila pastga ko‘chgach, Erxon chol hatto Yadg‘uning o‘sha nozik-nihol o‘g‘illarini ham qo‘msab qoldi.
Bora-bora hammasi o‘z iziga tushdi. Endi ularga kishilarning ketgani qaytanga yaxshi bo‘lgandek tuyula boshladi. Tan qartayib, jonning Ko‘k Tangri oldiga ketar muddat yaqinlashar, ularning ko‘ngillari tinchlik-osoyishtalik istar edi. Ularni Yadg‘uxon yo‘qlab turar va har yo‘qlaganida bir dunyo silovsin, ayiq, yana allanimalarning go‘shtini keltirib berardi. Cholu kampir ba’zan bunchalik ko‘p etni qayoqqa qo‘yishni ham bilmay qolishardi.
Oyto‘ldi Erxondan naq o‘ttiz yoshga kichik edi. U vaqtlar Erxon baquvvat, bo‘yni buqanikidek yo‘g‘on, zabardast bir jangchi edi-da. Oyto‘ldining ham unga darrov ko‘ngli sust ketgan, shunaqa kelishgan, zabardast erkakka xotin bo‘lishni orzu qilgandi. O‘shanda qiz o‘n oltida edimi? O‘n oltida bo‘lsayam kelbati mana man degan yigitlarnikidan qolishmas, kuch-quvvatga to‘lib-toshgandi: chog‘roq qo‘zilarni bir qo‘li bilan bemalol ko‘taraverardi. Gavdasiga yarasha og‘irgina ham edi: otasining otiga minganida, sho‘rlikning beli bir mayishib ketardi. Ilk tanishgan kezlarida Erxon uni egarga o‘ngarib olib, o‘rmon tomonga qarab ot soldi, shunda qiz o‘g‘lonning naqadar kuchliligini his etdi. «Xuddi xasday uchirib yubordi-ya!” deya hayratlandi o‘shanda qiz ichki bir mamnuniyat bilan. — Dovrug‘i butun Tangritog‘ni tutgan bahodir... Men shuning xotini bo‘laman...»
Hozir Erxonga qarasangiz kulgingiz qistaydi: qaddi kamalakday egilgan, yuzi Tangritog‘ irmoqlariday egri-bugri ajinlarga to‘la, qo‘li tinmay qaltiraydi. Faqat ko‘zlarigina o‘sha-o‘sha, o‘tkirligicha qolgan, qattiq edi. Erxon haqiqiy jangchi edi—xotinini ham qandaydir qo‘pol erkalar, ba’zan qo‘liga ham erk berar, ammo bularning bari Oyto‘ldiga qaytaga xush yoqardi. Haqiqiy erkak shunday bo‘lishi kerak, deb hisoblardi u, er ko‘rgan ba’zi xotinlarga o‘xshab hadeb suyulaversa, ot mingandan, yoy ko‘targandan ko‘ra echki sog‘gani afzal edi. 
Endilikda Erxon qilishi kerak bo‘lgan yumushlarni ham Oyto‘ldi bajaradi: o‘rmondan o‘tin orqalab keladi, jonliq so‘yadi, bir qismini Ko‘k Tangri uchun qoldirib, terisini shiladi, olovda pishiradi, otga qaraydi... Otni parvarishlash va jonliq so‘yish ayollarning ishi emas, biroq Erxon yaramagandan keyin na iloj? Keksa jangchining keskin to‘qnashuvlarda orttirgan jarohatlari bugunga kelib uni notavon qilib qo‘ydi. U tuni bilan mijja qoqmaydi, ihrab-sihrab, cho‘qmor urgan xanzuni la’natlab chiqadi. Oyto‘ldi uning uchun hamma ishga tayyor. Chunki eri kuchi borida barcha qilar ishini qilib bo‘lgan. Faqat o‘g‘illarining tog‘da halok bo‘lgani chakki bo‘ldi-da. Ko‘k Tangri ular ustiga qor ko‘chkisi yubordi. Tangri shuni ravo ko‘ribdimi, unga qarshi borib bo‘lmaydi. Tez kunda ular ham Ko‘k Tangrining huzurida, Tangritog‘ cho‘qqilaridagi mangu osoyishtalik maskanida o‘g‘illari bilan uchrashadilar. Shu sabab, hadeb oh chekaverishning foydasi yo‘q.
Tangritog‘ etagini panoh tutgan qudratli qabilaning ikki keksa vakili ana shu tarzda, sokin-osoyishta umrguzaronlik qilar edi.
Bir kuni falokat ro‘y berdi.
Quyosh Ko‘k Tangri yotog‘i tomon yonboshlaganda yomg‘ir yog‘di. Uning saxovatli suvlari daraxtzorlaru yaylovlarni chunon yashnatdi. Bir soatlar o‘tib-o‘tmay, yog‘ingarchilik to‘xtadi. Tevarak-atrof selgib, havo musaffolashdi.
Erxon yo‘lbarsteri po‘stakni tashqariga— pichan ustiga yoyishni buyurib, o‘zi yelkasini siypalagancha ihrab, oti yonida turardi. Bundan o‘n yilcha muqaddam yuz bergan so‘qishda bir so‘yloq xanzu uning boshini mo‘ljallab cho‘qmor otgandi, u chap berib qoldi, ammo ancha yoshi qaytgani sabab o‘z vaqtida otini burib ololmadi— keskir tishli cho‘qmor uning yelkasiga kelib urildi. Mana, asorati endi bilinayotir. Hozir keksa jangchining tomirlarida qon sekin-asta oqar, oyoq-qo‘lining jarohatlangan yerlari ham simillab og‘rirdi. Erxon shu kech ayiq yog‘i surishni niyat qildi va bu niyatini po‘stakni ko‘tarib chiqayotgan Oyto‘ldiga aytib qo‘yish maqsadida yoniga o‘girildi, o‘girildiyu Tangritog‘ning so‘l yonboshidan shuyoqqa qarab yelib kelayotgan bir to‘da otliqlarni ko‘rib hayratdan esi og‘ib qolayozdi.
— Oyto‘ldi! — deb baqirdi u beixtiyor, hali ham yelkasini changallagancha, — Oyto‘ldi, anavilarga qara-chi? Taniyapsanmi, kimlar ekan?
Oyto‘ldi po‘stakni yerga tashlab, qo‘lini peshonasiga soyabon qilib o‘sha yoqqa uzoq termuldi-da:
— Hecham ajratolmayapman-a! Ammo Yadg‘uning yigitlari emas, ularning tug‘i bo‘ri kallalik-ku. Xanzular bo‘lmasin tag‘in, —dedi xavotir bilan.
Keksa jangchining tomirlarida qon jo‘shdi. U taassuf bilan: «Essiz, Yadg‘uga xabar berishning iloji yo‘q-da», dedi o‘ziga o‘zi. Agar kelayotganlar rostdan ham xanzular qo‘shini bo‘lib niqsa, u holda chol-kampirning umri poyoniga yetibdi deyavering. Bu yovuz qavmning qo‘lidan har ish keladi. Erxon Oyto‘ldiga qarab:
— To‘qmoqni olib chiq! — deb buyurdi.
— Ko‘tarolmaysan! —achinish bilan javob qildi Oyto‘ldi.— Qo‘y, o‘zingni bekorga urintirma! Ko‘k Tangri istasa, ehtimol omon qolarmiz. Yo‘qsa, o‘g‘illarimizning yoniga jo‘naymiz. Ikkovimizning ham yoshimiz bir joyga borgan bo‘lsa, yashashning nima qizig‘i bor?..
— Opchiq dedim!—o‘shqirdi jangchi. U yog‘iyni hech qachon qurolsiz kutib olmagan edi, bunday bo‘lishini xayoliga ham keltirolmasdi. Oyto‘ldi chor-nochor erining ulkan gurzisini bir amallab olib chiqdi. Jangchi uni zo‘rg‘a ko‘tardi, og‘irligidan yuzi tirishib ketdi, ammo yana tezda o‘zini qo‘lga oldi, yovning yetib kelishini kuta boshladi.
Endi uning uchun bu choqqina yaylov jang maydoniga aylangandi. Yog‘iy yaqinlashib kelar, faqat so‘qishga chorlovchi burg‘i sadolari yetishmasdi, xolos.
Nihoyat, ular yetib kelishdi. Xan-zularning qiyiq ko‘zlarida g‘azab o‘ti chaqnardi. Ular darrov talashga tushib, qo‘y-qo‘zilarni otlariga o‘ngarishdi, bittasi esa Erxonning hozirda ancha qartayib, kuchdan qolgan, ne-ne jangu jadallardan egasini omon olib chiqqan otini yetaklashga tushdi, uch-to‘rttasi esa kulba ichiga kirib ketdi. Oyto‘ldi cholining yonida turib, bu beadabgarchiliklarni kuzatardi. U xanzularni hech qachon ko‘rmagandi. To‘g‘ri, birda Yadg‘uxon o‘ntacha qo‘li bog‘liq, afti-basharasi qon bandilarni urib-so‘kib haydab kelgandi. Ammo ular o‘sha paytda biram nochor, ezgin ko‘ringan ediki, hatto Oyto‘ldining ularga rahmi kelib ketgandi. Hozir esa bularning vajohatini ko‘rib o‘takasi yorilayozdi. Ular tinmay baqirishadi, uzun sochlarini selkillatib, u yoqdan-buyoqqa yurishadi... Ulardan biri, yuzida uzun chandig‘i bori, otini Erxon tomon burdi-da, unga sinovchan tikilgancha, so‘yloq tishlarini ko‘rsatib hayqirdi:
— A-ha, bu Erxon-ku! Mana o‘sha yengilmas Erxon! Ahvoliga qaranglar, qaltirab turishini ko‘ringlar!...
— Erxon? Nahotki Erxon bo‘lsa?! — qolganlari ham shosha-pisha shu yoqqa yopirilishdi. — Iya, qani uning avvalgi vajohati? Qani uning o‘lim keltiruvchi gurzisi? Nega u gurzisini ko‘tarmayapti, barimizni qirib tashlamayapti? Axir, yuzta xanzu askari Erxon uchun cho‘t emasdi-ku?
Oyto‘ldy xotirjam turar, faqat erining g‘azabi qo‘zg‘ashidangina cho‘chirdi. Ammo unday bo‘lmadi.
— Erxon! — deb bo‘kirdi so‘yloq tishli qari xanzu.—Mening necha-necha urug‘imni kulini ko‘kka sovurding-a, qari kalamush. Mana, o‘zingning ham kuning bitdi!
Shunday deb u engashdi-da, Erxonning naq tomog‘ini mo‘ljallab nayza sanchdi. Keksa jangchi shu zahoti ihrab, yerga ikki buklanib yiqilib tushdi, tomog‘idan issiq qon hovur taratib, tizillab oqa boshladi. Xanzular qiy-chuv ko‘tardilar.
— Xotinga tegmang! — baqirdi qari brsqinchi sheriklariga. — Unga tegmang. Xotinni o‘ldirish xanzuning ishi emas. Qani, ketdik Yadg‘uning ustiga!..
Xanzular qiy-chuv ko‘targancha jo‘nab ketishdi. Quyosh Tangritog‘ ortiga qonday qizarib, baayni yarador jangchi misoli yonboshladi. Endi Erxonning qoni oqib tugagan, qorayib, qota boshlagan, jangchi hayot bilan vidolashgan edi.
Tunda, yaylovdan uncha uzoq bo‘lmagan sayhonlikda bosqinchilar va Yadg‘u yigitlari o‘rtasida misli ko‘rilmagan jang bo‘ldi. Tevarak-atrofni o‘layotganlarning va o‘ldirayotganlarning baqirig‘i tutib ketdi. Uning suroni hatto Tangritog‘ni ham titratib yubordi.
Oyto‘ldi tuni bilan mijja qoqmay chiqdi. Mabodo xanzular qaytib kelguday bo‘lsa, birinchi kirganining boshiga tushirish maqsadida eri jangda ishlatadigan boltani poygakka suyab qo‘ydi.
Tongga yaqin jang tugadi. Otlar dupuri va qiyqiriqlar Tangritog‘ning so‘l yonbag‘ridan uzoqlashib ketganidan Oyto‘ldi bosqinchilarning yengilganini, shavkatli Yadg‘uning botirlari ularni quvib solganini payqadi. Atrofga mudhish sukunat cho‘kdi. Tinmay chug‘urlashadigan qushlar ham bu safar jim bo‘lib qolgandilar.
Ayol tashqariga chiqdi.
Havodan qon va ter isi anqir, pastda, bir yig‘och masofada o‘liklarning qalashib yotgani ko‘rinib turardi. Oyto‘ldi uyiga kirib o‘tkir tig‘ olib chiqdi va jang maydoniga qarab yo‘l soldi. Erining tagiga yetgan so‘yloq tishli xanzuni topmoqchi va boshini tanasidan judr qilmoqchi edi. Ana shunday qilsa, xanzuning ruhi mangu tentirab, boshini izlab yuradi, bu holati hatto avlodlariga ham o‘tadi. Intiqomning o‘ziga xos usuli edi bu. Jang maydoniga yetib kelguncha u ancha charchadi, ammo birinchi xanzuning o‘ligini yaqindan ko‘rishi bilan jismida yangi kuch-quvvat paydo bo‘ldi va murdani ag‘darib qaradi: nayza zarbidan uning bir beti o‘pirilgan, oppoq suyagi ochilib, qiyiqlikka moyil ko‘zlari kosasidan chiqib ketguday bo‘lib olaygandi. Oyto‘ldi uni tanimadi, shu sabab tegmasdan o‘tib ketaverdi.
O‘liklarni bir-bir ko‘zdan kechirib: «E, badfe’l maxluqlar, — deya xayolidan o‘tkazib borardi bu jasur ayol. — Nimalarni ko‘zladingizu nimalarga erishdingiz? Keldingiz, topganingiz o‘lim bo‘ldi... Aqalli bitta ham tirik jon qolmabdi. Yadg‘uning qudratini bilmasmidingiz, kuningiz bitganiga nahotki aqlingiz yetmovdi? Mana endi ko‘zlaringizni quzg‘unlar cho‘qiydi, tanangizni qonxo‘r kalamushlar talashib-tortishib g‘ajishadi. Kimga jafo, kimga jazo...
U navbatdagi o‘likka yaqinlasharkan, uning yelkasidagi bir narsaga ko‘zi tushdi. Qiziqsinib, yaxshiroq qaradi va hayratdan qo‘lidagi tig‘ni tushirib yuborayozdi. Xanzu askari yelkasiga ikki-uch yoshlar chamasidagi bir bolani bog‘lab olgandi. Aftidan, u jangchi emas, afti-angorining o‘zi uning jangchi emasini oshkor etib turardi, dehqon bo‘lsa kerak, ozib-to‘zigan, kiyimlari bir ahvolda, qashshoq, tirishib o‘lib yotardi. Bola otasining o‘limini sezganmi-sezmaganmi, ko‘zlari yumuq, xuddi uxlayotganday yotardi. Oyto‘ldi ularning tepasiga kelib, diqqat bilan razm soldi: bolaning oqish chakkasidagi ingichka, qizg‘ish qon tomirlari bilinar-bilinmas urib turganini ko‘rdi.
Oyto‘ldining birdan ko‘ngli buzildi. Ko‘k To‘ngri uni razolatdan qaytarmoqda edi. Mana isboti: ayol o‘ldirmoqni, o‘likning tanini boshidan judo qilmoqni va uning avlodlarini bemisl kulfatga duchor etmoqni ko‘zlagan edi, hozir esa aksi bo‘lib chiqayotir. Bolaning shunday qirg‘indan omon qolgani-chi, bu ham Ko‘k Tangri inoyatining isboti emasmikin? «Boshqa kishisi yo‘q shekilli, bolasini o‘zi bilan olib yurgan ekan», degan o‘y o‘tdi uning ko‘nglidan va molu dunyo yo‘lida kulfatga ro‘baro‘ kelgan jangchini qarg‘adi. Uning tepasiga cho‘kka tushib, bolani yechib oldi va tig‘ni ham unutib, ortiga qaytdi.
Bola chiroylikkina, do‘mboqqina, sochlari qizg‘ish va mayin, to‘garak yuzi nimasi bilandir halok bo‘lgan o‘g‘illarini eslatardi. Oyto‘ldi tezda holdan toydi. Shunda xayoliga: «Uni jarga tashlab ketsam-chi, bo‘ri-mo‘ri yeb ketsa, juda ma’qul ish bo‘lardi», degan o‘y o‘tdi. Shu ishni qilsa, dilidagi intiqom o‘ti biroz susayishi mumkin edi, ammo Oyto‘ldining pok ko‘ngli bunday qabihlikni qabul qilolmadi. «Yosh boladan xun olib bo‘lmaydi, — deb o‘yladi ayol, yo‘lida davom etarkan. —Agar voyaga yetgan bo‘lsa boshqa gap edi. Go‘dakni o‘ldirmoq bizning qavmga yarashmaydi. Bundan hatto Ko‘k Tangri ham g‘azablanadi».
Oyto‘ldi qo‘nalg‘asiga yetib kelganida, Yadg‘uxon o‘ttiz chog‘li yigiti bilan uni kutib turar, jangchilarning bari qattiq holdan toygan, kiyimlari qonga belangan, ammo o‘zlari xursand edilar.
— Ulug‘ jangchi Erxon bizni tark etib, bu yorug‘ dunyodan ko‘z yumibdi. Uning qondoshi men — Yadg‘u endi bu yerlarda qanday qilib yuraman? — dedi Yadg‘uxon siyrak sochli boshini quyi egib. — Ulug‘ jangchi Erxon hammamizning otamiz edi. Uni dushmanimiz — manfur xanzu o‘ldiribdiyu bizlar bexabar qolibmiz...
Yadg‘uxonning iztiroblari jangchilarga ham o‘tdi. Ular halok bo‘lgan qabiladoshlarining hurmati uchun boshlarini quyi egib, tek turishardi.
— Erxonning har bir tomchi qoni uchun o‘nlab xanzudan o‘ch olaman! — davom etardi Yadg‘uxon. -— Xoh go‘dagi bo‘lsin, xoh choli — ayamayman! Buni men — Yaldu o‘g‘li Yadg‘u aytayotirman! Agar shunday qilmasam, Ko‘k Tangri meni oq shaqallarga duch.qilsin, ilonlar chaqib o‘ldirsin, ko‘zimni quzg‘un cho‘qisin! Ularning qonini Tangritog‘ suvlari kabi oqizmasam, nrmim abadiy o‘chsin!
Shunday deb Yadg‘uxon qattiq hayqirdi. Uning ko‘zlaridan yirik-yirik yosh tomchilari dumalab, soqoliga tushardi.
— Oyto‘ldi, sen bu yerda qolmaysan! Yonimizga borasan, bas, otga mingash, — dedi Yadg‘uxon va ayolning qo‘lidagi bolani endigina payqab, rangi-tusi birdan o‘zgardi:
— Xanzu bolasi-ku! — deb xitob qildi u. — Oyto‘ldi, ortga qoch, men uning boshini tanidan judo qilay!
Oyto‘ldi ortiga tisarildi va:
— Sen hech qachon unga tig‘ ko‘tarmaysan, Agar unga qo‘lingni tekkizguday bo‘lsang, o‘la-o‘lgunimcha seni qarg‘ayman, Yadg‘u. Bevaning qarg‘ishi albatta urishini bilasan-ku... Mendan xavotir olma, xanzularki o‘ldirmadimi, endi o‘z ajalim bilan o‘laman, — deb javob qildi.
Yadg‘u o‘ylanib qoldi. Oyto‘ldi bolakayni ko‘m-ko‘k maysalar ustiga qo‘ydi. U osmondagi oyday bo‘lib yotardi. Xunlar sohibqironi dushman zuryodiga qarab, kin va qahr bilan: «Ilonning bolasi ham ilon. Uning boshini yanchmoq kerak», deb o‘yladi. Biroq Oyto‘ldi ning — halok bo‘lgan shavkatli jangchi xotinining so‘ziga qarshi borolmadi. «Bu xotin nelar qilayotganini yaxshi anglamayapti chog‘i. Nahotki, u himoya qilayotgan go‘dakning tomiridagi qanzu qoni bir kun qo‘zg‘alib, mana shu qo‘lchalarda o‘lim topishini tushunmayotgan bo‘lsa?..» Ulug‘ Yadg‘uxonning temirday qizg‘ish yuzida bir ifoda lip etib o‘tdi — u, agar yo‘lini qilsa, bu bolani baribir jonidan judo qiladi. Mayli, hozircha o‘sib-ulg‘ayaversin, qachonki qo‘ligatig‘ tutib, o‘q-yoy ota oladigan bo‘lganda, Yadg‘u yoyining keskir o‘qi uning yuragini albatta izlab topadi.
Yadg‘uxon shu tariqa bolaning taqdiriga hukm o‘qidi va yana bir bor:
— Oyto‘ldi, biz bilan yur... U yerda et mo‘l, el xotirjam, xotinlar ko‘p, — deb murojaat qildi.
Oyto‘ldi rad etdi. Bu o‘jar xotin bilan talashib-tortishib baraka topmasligini yaxshi sezgan Yadg‘u ko‘pam qistab o‘tirmadi, o‘zing bilasan, qabilida yelka qisib, o‘ljalarning bir qismini shu yerda qoldirishni amr etdi-da, o‘zi pastga tomon ot choptirib ketdi.
Oradan yillar o‘tdi. Tangritog‘ etaklari ko‘p marotaba qor bilan qoplanib, ko‘p marotaba bahoriy yashilliklarga burkandi. Yadg‘u so‘zining ustidan chiqdi — atrofga yoyilib ketgan xun qabilalarining bir nechtasi bilan ittifoq tuzib, Katta Daryogacha borgan barcha xanzularning ustiga yurish qildi, natijada ularning qonini xuddi Tangritog‘ irmoqlari kabi oqizdi.
Bu orada Oyto‘ldi ham qaridi. Qomati marhum eri, jangchi Erxonning ko‘hna yoyi kabi egildi, xanjardek kipriklari to‘kildi, jislidan quvvat ketdi. Uning joniga endi asrandi o‘g‘il oro kirayotgandi. Qush ovlash, suv keltirish, qo‘nalg‘ani tartibga solish, taom pishirish, xullas, hamma-hamma yumushlar shu bolaning gardanida edi. Unga, xun o‘g‘lonlaridan farqi o‘laroq, hech kim jang hunarini o‘rgatmadi, biroq bola yaylovda chiniqdi, o‘rmonda daraxtdan daraxtga sakrab, chaqqon va epchil bo‘lib o‘sdi. Oyto‘ldi kampirdan bobosi Erxon haqida ko‘p so‘rab-surishtirar, uningdek shavkatli jangchi bo‘lishni orzu qilardi.
— Men xun avlodidanman! — xayqirardi u, xunlarnikiga o‘xshagan qiyiq ko‘zlarida iftixor uchuni alangalanib. — Mening ajodlarim mulki to Katta Daryogadir! Daryo ortini esa men bo‘ysundiraman. Xuddi bobom Erxonday, og‘am Yadg‘uxonday jangchi bo‘laman!
Qari Oyto‘ldi uning bu gaplarimi taassuf bilan tinglardi. Bola o‘zini xun deb his qilsa-da, yuz-ko‘zlari, gavda tuzilishi, serjahligi bilan baribir ajdodlariga tortmoqda edi. Eri Erxonning o‘limi yodiga tushganda, har safar Oyto‘ldining dilida g‘azab va intiqom olovi gurillar hamda bolaning tezroq katta bo‘lishini Ko‘k Tangridan tilar edi. U hali judayam yosh, hozircha qasos olish mumkin emas, ammo katta bo‘lsin, shunda barcha cheklovlar barham topadi. O‘shanda Erxonning notinch ruhi Oyto‘ldidan mamnun bo‘ladi. Xanzular sho‘rlik Erxonni zaifligiga ham qaramay o‘ldirdilar. Shusiz ham uning joni qiltillab, erta-indin o‘lishi muqarrar bo‘yaib turgandi. Ular yovuzlik qildilar, biroq xunlardagi tartib-qoidalar Oyto‘ldiga hozir o‘ch olishni ta’qiqlab turardi. Ba’zida u bolani o‘rmonda yirtqich hayvonlar yeb ketsa yoki daraxtdan qulab o‘lsa koshkiydi, deb ham qo‘yar, ammo darhol bu o‘yini nari quvardi: unda, o‘ch olmoq-chi? Oyto‘ldi dilidagi intiqom o‘tini o‘chirmasdan bu olamdan keta olarmikin?
Xanzu o‘g‘loni kelishimli yigit bo‘lib voyaga yetayotgandi. Uning harakatlarini kuzatib, kampir ikki o‘t orasida qiynalardi: dushman bolasining nimasidir o‘sha, tog‘ ko‘chkisi ostida qolib halok bo‘lgan o‘g‘illarining to‘ng‘ichiga o‘xshab ketardi. Yillar o‘tib, hatto dushman avlodidan bo‘lsa-da, u kampirning ko‘ngliga yoqib qolgan, qani edi hozir shu bola mening o‘g‘lim bo‘lib qolsa, deb ba’zan turli xayollarga ham berilar edi. Lekin shu zahoti yana o‘ziga kelardi: axir, Erxon mana shu yaylovlar uzra kapalak bo‘lib uchib, qavmlari, qutlug‘ jangchi bobolarining xuni uchun nima ishlar qilayotganini ko‘rib turibdi-ku. Oyto‘ldi nima qilsa shavkatli Erxon xursand bo‘larkin? Ko‘k Tangrini-chi, qanday rozi qilish mumkin? Oyto‘ldi kampir o‘ylab o‘yiga yetolmas, ammo shu holatida o‘g‘longa qarshi tig‘ ko‘tarolmasini payqab turardi. Qachondir, hamma narsani xotimalaydigan va yo Oyto‘ldining, yo bolaning umriga nuqta qo‘yadigan kun yetib kelishi kerak edi.
Botir Yadg‘uxon ham Oyto‘ldining yoniga tez-tez tashrif buyurib turar, har safar turfa o‘ljalardan sovg‘alar olib kelardi. U kampir bilan suhbatlashar ekan, adovat to‘la nigohini xanzu o‘g‘lidan uzmasdi. Oyto‘ldi uning niyatini juda yaxshi sezardi, albatta. Sezardiyu o‘g‘lonni Yadg‘u yoyidan qutqarish yo‘llarini o‘zicha chamalardi. Xullas, har ikkovi ham xun olmoq istagida yonishar, ammo bu istaklarini bir-birlaridan yashirardilar.
Nihoyat, xanzu o‘g‘lon balog‘atga yetdi -—u xun qizlariga uzoq-uzoq ko‘z tikadigan, negadir qizaradigan, tunlari uyqusi o‘chib, bezovtalanadigan odat chiqardi. Oyto‘ldi kampir fursat yetib kelganini tuydi — qasos vaqti, nihoyat, yuz ko‘rsatgan edi. Kampirning ham hayoti poyoniga yetayotgan bo‘lib, unda ortiq sabr qilmoqqa hech toqat yo‘q edi.
O‘sha kuni, quyosh botishi oldidan Ko‘k Tangri vaqt yetganini anglatdi — bu mahalda Oyto‘ldi bolani qanday qilib o‘ldirsam ekan, deb maysalar ustiga o‘tirib olib bosh qotirardi. Tangritog‘ ustida tuyqusdan momaqaldiroq gumburladi, kampir o‘sha yoqqa qarab, cho‘qqilar ustida qora bulutdan asar ham yo‘qligini, kechki shafaq yallig‘i enlagan osmonning tip-tiniqligini ko‘rdi. Ha, fursat yetgan, Ko‘k Tangri kampirning niyatlarini payqab, intiqomga rozilik bergan edi.
Kampir o‘rnidan qo‘zg‘aldi va ichkariga kirib, yashirib qo‘ygan joyidan eri Erxon yangi tanishgan kezlarida sovg‘a qilgan kichkinagina tig‘ni olib, ko‘ylagi qatiga yashirdi-da, qaytib chiqdi. Xanzu o‘g‘loni yalanglikda Erxonning kamonini ko‘tarib, yoy otishni mashq qilayotgan edi. Kampir o‘zinikiga o‘xshamagan ovoz bilan uni chaqirdi. O‘g‘lon darrov Oyto‘ldining qoshiga keldi, uning qiyiq ko‘zlarida quvonch chaqnardi.
— Men xunlarning eng bahodir yigiti bo‘laman! —dedi u mag‘rur. - Bobom, qutlug‘ jangchi Erxonning yoyi endi meniki. Uni hech kimga bermayman va hech qachon qo‘limdan qo‘ymayman.
— Bas qil! — deb baqirdi kampir, so‘ngra qo‘ynidagi tig‘ni oldi. Uni ko‘rib o‘g‘lon taajjublandi. Kampirning qo‘llari titrar, iyaklari qaltirar, ajabki, qandaydir bir kuch uning zaif jismiga quvvat baxsh etgan edi. — Sen bu yoyni tutishga u dunyoyu bu dunyo haqli emassan. Tashla uni!
— Nega? — so‘radi xanzu o‘g‘li, to‘garak yuzida kampirdan ranjiganlikni ifodalovchi belgi aks etdi. — Haliyam er bo‘lib yetmadimmi? Qarang, bilaklarimda kuch to‘lib oqayotir, g‘ayratim toshayotir... Hali men Erxon avlodining...
— Sen Erxon avlodidan emassan, — dedi kampir, beadad qahru adovat bilan. O‘g‘lon uni bunday ahvolda hech ko‘rmagan edi, vajohatidan hayiqib, ketiga tisarildi.— Sen xun ham emassan, — hayqirdi u, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqib. — Sening tomiringda manfur xanzu qoni oqayotir. Ulug‘ Erxonni sening qondoshlaring o‘ldirgan edi. Men seni sanoqsiz o‘liklar ichidan topib olib, er etilguningcha sabr qildim. Mana, voyaga yetding, sendan o‘ch olmoq istayman! O‘zingni olib qoch, manfur yog‘iy bolasi!..
O‘g‘lon quloqlariga ishonmay turardi. Kampir g‘oyibdan kelgan shiddat ila uning ko‘ksiga tig‘ urdi, ammo qo‘llari mo‘ljalni to‘g‘ri ololmadi, tig‘ o‘g‘lonning baquvvat bilagiga sanchilar-sanchilmas, yerga tushdi.
Kampir holsizlanib o‘tirib qoldi, uning ko‘zlaridan hali ham g‘azab va nadomat yoshlari duvillab to‘kilardi. Xanzu o‘g‘lon esa quloqlariga ishonmay, tosh qotib turar, rangi bo‘zday oqarib ketgan, tig‘ yetkazgan jarohatdan asta-sekin qon sizib chiqib, yerga — qadimiy xunlar yeriga, Erxonning mulqiga tomchilardi. Erxon uchun qasos olinib bo‘lingandi — mana, yog‘iy o‘g‘lining qoni uning yeri uzra to‘kilayotir, buni shavkatli jangchining ruhi ham, Ko‘k Tangri ham ko‘rib turibdi. Ey xunlarning qutlug‘ jangchisi Erxon, endi Ko‘k Tangri senga abadiy orom va rohat inoyat etsin!..
— Men rostdan ham xanzumanmi? — bir zamon tosh qotib turgan o‘g‘lonning bo‘g‘zidan dahshatli nido otilib chiqdi. — Oyto‘ldi, ayt, rahming kelsin, mening otam xanzumi?
Oyto‘ldi unga javob qilmadi. U boshini quyi eggancha yig‘lashdan to‘xtamas, shunday esa-da dilining bir chetida o‘g‘lonning tirik qolganidan mamnun ham edi. Axir, xun olindi, dushman qoni to‘kildi, bas, Erxon uchun shuning o‘zi yetarli. U ulug‘ jangchi edi, kechirimli edi, bu ishi uchun kampirdan hech qachon dili ranjimaydi...
Ammo Tangritog‘ tepasida yana momaqaldiroq gumburladi. Xanzu o‘g‘loni ortiga chekindi.
— Yo‘q! Yo‘-o‘q, men xanzu emasman!—hayqirdi u titrab-qaqshab. Ammo tovushini momaqaldiroqning navbatdagi gumburlashi bosib ketdi,— Men xunman! Xun bo‘lib tug‘ilganman, xun bo‘lib o‘laman!..
Va u Erxondan xotira bo‘lib qolgan o‘tkir uchli yoy o‘qini olib, naq yuragiga botirdi. Negaki, o‘g‘lonning tomirlarida xanzu qoni oqayotgan esa-da, nomusli xunlarning tarbiyasini olgan edi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tib, o‘rmon oralab yetib kelgan Yadg‘uxon yog‘iy o‘g‘lonining o‘limidan xabar topgach, Oyto‘ldiga taassuf bilan dedi:
— Esiz! O‘ch olmaganim bitta shu xanzu qoluvdi. Sen jangchi xotini ekanligingni ko‘rsatding. Endi Erxon abadiy tinch bo‘lsin!
Kampir unga javob bermadi. Sudrala-sudrala kulbasi tomon yo‘l oldi. Sho‘rlikning dili endi batamom taskin topgan edi. Ko‘zidan zsa o‘kinch yoshlari to‘kilardi. Nima qilsin, xanzu o‘g‘lonini u salkam o‘n olti yil tarbiya qildi, yedirdi-ichirdi. Xanzu bolasi shu kechgan vaqt ichida, garchi dushman bo‘lsa ham, o‘z farzandidek bo‘lib qolgandi. Hozir kampirning ko‘z o‘ngidan o‘g‘lonning kulishlari, so‘zlashishlari, yoqimtoy odatlari birma-bir o‘tayotgandi. Qomati yanada bukilgan, vujudi madorsizlikdan xuddi shamolda qolgan tol novdasiday chayqalardi...
Tangritog‘ uzra qorong‘ilik cho‘ka boshladi...
Yadg‘uxon kampirning dilidan nelar kechayotganini fahmlagani bois, boshqa so‘z qotmadi. Ammo urug‘doshlari yoniga qaytib ketmadi ham, otini bog‘lab, shu yerda qoldi. Negaki, kampirning ham umr daqiqalari tugagan, qazosi yetishiga bir yoki ikki kungina qolgandi, xolos. Bor-yo‘g‘i bir yoki ikki kun...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.