OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jasur Kengboyev. G‘urbatxona (hikoya)

Yoz chillasida ho‘kiz o‘libdi,
Qish chillasida arpa gullabdi.
Maqol.

Erta tongda telefon jiringladi. Go‘shakni ko‘­tarsam – amakim:
– Mahmudjon, – dedi xavotirli ohangda. – Mashinangizda yangangizni bir joyga olib borib keling, iltimos...
Xo‘p, dedim. Choy-poy ichib, ko‘chaga chiqsam, qor uchqunlab turibdi. Yerdagisi erimay, boz yog‘ayotgan bu qor haydovchi zotining ko‘kayini kesib yuboradi. Tonggacha mashinaning motori sovib qoladi. Bazo‘r o‘t oldirdim. Salonda o‘ynab turgan buyuqdan etim simillaydi.
Borsam, yanga va kelini katta yo‘lga chiqib turgan ekan. Yo‘lga tushdik. Mashina oynasidan qarab-qarab qo‘yaman. Ikkovining ham yuz-ko‘zida jindek fa­romushlikni sezdim. Uyi notinch odamlarda ha­lovat bo‘ladimi. Muammolar girdobida qolgan qa­rindoshimizning boshiga ketma-ket tushayotgan tashvishlarni bilsam-da, jo‘yali tasalli berolmayman. Lekin har esga tushganda ichimda yolvorib, kushoyish so‘rayman. Qanchalik achinmayin, qo‘limdan kelgani shu edi. Hozir yo‘lda ketyapmiz-u, durustroq ko‘ngil ham so‘rolmayotganimdan xijolatda edim. Poyintar-so­yintar hol so‘rashlarimdan sezdi, shekilli, yangamizning o‘zi gap boshladi.
– Ay, hech kimga ko‘rsatmasin bu kunni, ukam, – dedi yanga. – Ko‘z tegdimi, bilmayman, hadeb ishimiz orqaga ketyapti. Akangizning biznesi yurishmay qol­di. Bilasiz, ro‘zg‘orimiz kattagina, tomib turgani ham qurib qoldi. O‘g‘illarning ham topganidan baraka ketdi. Mana, kuni kecha ho‘kizimizni o‘g‘ri urdi. Uchinchi marta-ya. Avval-boshda yigirma jaydari qo‘­yimizni o‘g‘irlab ketishganda dod solib qoldik. Oradan yil o‘tmay, yana besh qo‘chqorni o‘marib ketishdi. O‘ylayverib, yurak o‘ynog‘ini orttirib oldim... Mol achchig‘i – jon achchig‘i. Tuyoqlarni deb, bormagan idoramiz qolmadi. Melisama-melisa yurib, tinkamiz quridi. Bu jig‘ildoningga o‘t tushgur melisa deganiyam yuhodan beri ekan, ularga ish tushmasin ekan. O‘zingiz aybdorsiz, yanga, deydi. Mol saqlagan odam avval istehkomni baquvvat qurishi kerakmish. Hey urgildim, uyimni o‘g‘ri ursa, senga ishonib borsam, kelib-kelib men manglayi qora jabrdiydaga nasihat o‘qiysanmi deb urishdim.
Mol molga yetguncha, Azroil jonga yetar ekan, uka. Davleniya bo‘p qolayozdim. Bular-ku, mayli, har narsaning davosi vaqt, qulog‘ini ushlab ketgan mollarimizni endi esdan chiqaramiz deganimizda, ko‘rmaysizmi, kapaginangga o‘t tushgurlar tishimizning kavagida saqlab o‘tirgan ho‘kizimizni o‘g‘irlab ketishdi. Dardimizni kimga aytamiz? Akangizning ishlari bu, o‘g‘illarim ham gandiraklab qoldi. Xonavayron bo‘ldik-da...
Jim eshitib ketyapman. Ko‘zimning ustidagi bu odamlarni yaxshi bilaman: halol, birovning haqini yemaydigan insonlar. Lekin g‘am-tashvish ham dardga o‘xsharkan: bir kelsa, qo‘shaloq keladi. Madda boylab, musibatga aylanishi ham mumkin. Shundan asrasin, deb o‘yladim va taskin bergan bo‘ldim.
– Cho‘kayotgan odam xasga ham yopisharmish, – dedi yanga. – Hech ishdan natija chiqmagach, mana, oxiri bir fol ochirib ham ko‘raylik-chi, deb ketyapmiz-da, ukam. Eskilar ham bir nimani bilar...
Yo‘l uzoq, mashina sirpanchiq yo‘lda chayqalib-chayqalib oladi. Sekin yuribmiz. Bir yarim soatlarda manzilga yetdik. Odamlardan so‘rab-so‘rab, nomi chiqqan folbinning uyini topdik. Men o‘shanda folbin deganlarining uyi haqida ilk tasavvurga ega bo‘lganman: odamlar do‘xtiru tabibga ham bunchalik ixlos bilan najot istab kelmasa kerak. Sahardan hovlida o‘n-o‘n besh chog‘li odam. Dardiga malham topish ilinjida Xudoga tilmoch-vositachi qidirganlar buncha ko‘p bo‘lmasa...
Biz ham folbin hovlisida navbatda turdik. Odamlar birin-ketin kirib-chiqyapti. Birovning yuzida tabassum, kimdir ma’yus tortib tashqarilaydi.
Qancha kutdik, bilmayman, navbati kelib, yangam bilan kelini kirib ketishdi. Men esa odamlarga qo‘shilmay, bir o‘zim chekkaroqda ularni kuta boshladim. Hammadan ayro turganimni ko‘rib, bir xotin «Hoy uka, siz ham folga keldingizmi?», deb so‘rab qoldi.
– Yangalarimni opkeldim, ularni kutib turibman, – dedim.
– Voy, bu xotin manaman degan folbiningizdan zo‘r, – dedi ayol bilag‘onlik qilib.
– Avval kelganmisiz? – dedim jo‘rtaga.
– Bir kelib qoyil qolganman. Mana, yana keldim.
– Biror muammongiz bormi?
– Yo‘g‘-a, yaxshilikka keldim, aynanay, yaxshilikka. Aytdim-ku, bu xotin hamma narsani biladi, aytgan gapining bari to‘g‘ri chiqadi.
– Shuncha zo‘rmi?
– Ha, mana bunday! – deydi u bosh barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib. – O‘tgan yili, bir qo‘shnim maqtagani uchun ikkilanib-ikkilanib bir keluvdim. «Baxtingizdan ochaymi yo taxtingizdanmi?» deb so‘radi. «Taxtimdan» dedim. U qo‘llarimga chiziq chizib, «Singlim, sizga nuqta tushyapti. Siz bir oy deganda kattagina hovli-joyli bo‘lasiz. Faqat shu kelayotgan oyda uni olib, baxt qushingizni ushlab qolsangiz qoldingiz – bo‘lmasa, sizda bunday imkon boshqa bo‘lmaydi» deb aytdi. Xursand bo‘lib ketdim. Uyga borib, dadasiga maslahat soldim. Biram yo‘limiz ochildiki, dadamiz darrov rozi bo‘ldilar. Eski shahardagi ikki xonali uyi­mizni sotdik. Qurib ketsin, temir bo‘lsa, topiladi-da, deb mashinamizni ham pulladik. Hovliga ozroq yetmay qoldi. Oradan yigirma kuncha o‘tib ketdi. Noiloj bo‘ldik. Keyin qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘dan ham anchagina qarz ko‘tardik. Lekin, qurg‘ur xotin rost aytgan ekan, bir amallab, yigirma to‘qqizinchi kuni shu atrofdan, dang‘illama bo‘lmasayam, bundayroq hovli-joyni sotib oldig-ey. Balo ekan bu folbin!
– E, qoyilman sizlarga! – dedi yonimizda qu­ni­shibgina turgan bir erkak.
– Ha, juda topib aytar ekan o‘ziyam, – deya kulib qo‘ydi qoshlari qalin bir xotin.
– Bugun nimaga keldingiz unda? – deya so‘radi mo­miq ro‘molli xotin.
Ayol odamlar gapini jon qulog‘i bilan eshitib turganigami, toza iyib ketdi:
– Bugun o‘g‘limning masalasida keluvdim, aynanay, – dedi.
– O‘g‘lingizga nima bo‘pti? – so‘radi momiq ro‘­molli xotin.
– Voy, hech nima qilmagan. Yaqinda yo‘l-yo‘lakay kirib ketgandim shu opaga. O‘g‘lim o‘zgarib, injiq bo‘lib qoldi, dedim. Fol ochib qo‘ydi. «Yaxshilab e’tibor bering, o‘g‘lingiz sevib qolgan», dedi. Uyga borib, siquvga oldim o‘g‘limni. Rostdan ham sevib qolgan ekan. Yana keldim opaga. O‘g‘lim sevib qolgan qizni kelin qilsam, yaxshi bo‘ladimi – yomon bo‘ladimi, opa, dedim. Fol ochib, bu qizga uylansa yaxshi bo‘lmaydi, dedi. Keyin ismi «A», «Z», «M», «Sh», «H» harflari bilan boshlangan qizlardan kelin qilmang, deb aytdi. Men xo‘p deb chiqib ketibman...
– Keyin-chi, keyin? – deyishdik birvarakayiga. Bu ayol aytayotgan gaplar rosmanasiga hammamizni qiziqtirib qo‘ygandi.
– Keyin... kelib o‘g‘limga aytdim shu gaplarni. O‘g‘lim xo‘p degandi...
– Xo‘sh-xo‘sh, keyin-chi? – tobora qiziqib borardik uning gapiga. – Keyin nima bo‘ldi?
– Keyin nima bo‘lardi, – dedi ayol ko‘zlarini javdiratib. – Keyin... mana, keldim yana.
– Iya, yana nima bo‘ldi? Endi nima uchun keldingiz? – deb so‘radi momiq ro‘molli ayol.
Xotin bir dam sukut saqladi. So‘ng soxta faylasuflik bilan qoshlarini chimirdi:
– O‘g‘lim gapimga qarshi bordi, – dedi. – U hozir yaxshi ko‘rib qolgan qizning ismi Mahfuza ekan. «M» bilan boshlanarkan...
«Xo‘sh, shunga nima qipti?», «Folga shunchalik ishonasizmi?», «Endi nima qilmoqchisiz?» Savollarni qatorlashtirib tashladik. Bir juvon o‘xshatib gap tashladi:
– Baliq suvda turib ham «chanqadim», derkan, – dedi. – Shuyam tashvish bo‘ptimi?!
– Nimayam derdim, qadimgilarimiz folga ishonma, lekin folsiz ham yurma, degan, – dedi xotin. – Men boshqa folbinlarni bilmadim-kuya, lekin bu xotinga ishonaman. Bir oyda hovli olasizlar, degandi, ana, aytgani bo‘ldi, dedim-ku. Endi hozir oldiga kirib, o‘g‘lim topgan qizning ismi «M» bilan boshlansayam, kelin qilaversam, rostdan ham yaxshi bo‘ladimi yoki yomon bo‘ladimi, deb aniqlashtirib so‘ramoqchiman. Yomon bo‘ladi, desa, unda o‘g‘limni bu qizdan sovitib, kichkina ammamning o‘rtancha qizi bor, Barno ismi, «B» harfi bilan boshlanadi, shunga isitib berishini iltimos qilmoqchiman, aynanay...
Ayolning gaplariga berilib ketib, yangalarimning folbin oldidan chiqqanini ham sezmay qolibman.
– Uka, zo‘r folbin ekan lekin, siz ham bir kirib ko‘ring, – deb qistab qoldi yangamiz. – Sizdan nima ketdi, shuncha joydan kelib, bir fol ochirsangiz ochiribsiz-da, bizning dardimizni birdan topdi-ya...
Yo‘q deyishimga qaramay, qo‘yarda-qo‘ymay kirishga majburlashdi. Ra’yi qaytmasin, dedim.
Shoshilmay folbin o‘tirgan xona eshigini ta­qil­lat­dim. Ichkaridan «Kiring» degan o‘ktam ovoz eshitildi.
Xiragina yoritilgan xona. Xonaning ikki burchida ikkita sham yoqilgan, negadir, shiftda chiroq bo‘lishiga qaramay, sham yoqilgani kishiga andak g‘alati tuyular ekan. Ehtimol, sehr olamiga muhit shundoq yaralar?
Sandalga o‘xshash bir taypoq stolcha ustiga ko‘rpa to‘shalgan, stolning nariga tomonidan boshiga uzun ro‘molni tashlab olib, ko‘zoynak ortidan burgut ko‘zini qadab qarab turgan xotin «Tez-tez bo‘l, bolam, odamlar kutib turibdi», – dedi. Qarshisiga o‘tirib oldim.
Folbin favqulodda tezlik bilan chap qo‘limni ushlab, kaftimga moyli qalamda chiza boshladi. Chizayotganda qitig‘im kelib, kulimsiradim. Buni payqadi, chog‘i, jiddiy ta’na qildi: «Shaytonga quloq solma, bolam, shayton yo‘ldan uradi», dedi. Hech nimani tushunmay angrayib qoldim.
Chizib bo‘lgach, ko‘zlarimga tik qaradi va:
– Bolam, men yo‘l ko‘ryapman, – dedi. – Yaqinda uzoq safarga chiqar ekansan.
– Qaerga? – dedim hovliqib.
– Bilmadim, lekin uzoqroq yo‘l ekan, – dedi.
Folbin qo‘lidagi moyqalam bilan kaftimdagi nuqtalarni birlashtirib, o‘ylanib qoldi.
– O‘ttiz yoshingda to‘rt xonali uying bo‘ladi, – dedi.
Men kuldim:
– Olgan oyligim bu, bitimga olarkanmanmi uyni?!
– San bola kulma, man chin aytyapman, – dedi fol­bin xotin lahjasini o‘zgartirib. – Man aytdimmi, bo‘ladi. Kulsang, teskarisi kelishi ham mumkin...
Folbinning shamali tahdididan cho‘chidimmi, har­holda, tilimni tiyishga urindim.
U kaftimga boshqatdan tikilib qaray boshladi va hech kutilmaganda:    
– Hayotingda «D» harfi bilan boshlanuvchi juda yaqin odaming bor ekan-a? – deya so‘radi.
O‘ylab ham o‘tirmay «yo‘q» dedim. Chunki, ismi bun­day harf bilan boshlanadigan yaqin odamim yo‘q edi-da.
– Yaxshilab o‘yla, bo‘lishi kerak, – dedi folbin ajablanib.
– Yo‘q bunaqasi, – dedim qat’iy.
– Shunaqami? Masalan, otangni ismi nima?
– Otamning ismi «D» bilan emas, «J» bilan bosh­lanadi. Jabbor aka, deydi otamni.
– E, odamni ahmoq qilma san bala, – dedi xotin rosmana jahli chiqib. – Axir ruschada ism boshida «J»dan avval «D» harfi qo‘yiladi-da, balam... «Djabbar» bo‘ladi-da...
Avvaliga indamadim. Bu xotin folni ruscha ochar ekan-da, deb o‘yladim. Kulgim qistab ketdi. Xo-xolab kulib yubordim.
– Nimaga tirjayasan, balam? – dedi folbin.
– Folni o‘zbekcha ochsangiz bo‘lmaydi, xola? – dedim ko‘zlarimni uqalab.
– Man maktabda ruscha o‘qiganman, – dedi xotin jahli chiqib. – Bor, ket, ustimdan kulmay, haqing ham kerak emas! Folga ixlosi yo‘qlarga fol ko‘rmayman!
Indamay chiqib ketdim.
Ichkaridan folbin xotinning: «Burniga narvon yetmaydi-ya» degan shang‘illashi eshitildi.
Chiqishim bilan yangalarim savolga tutishdi:
– Qalay ekan? Topdimi?
– Juda alomat folbin ekan, – dedim.
Yangalarim yengil tortishdi. Bu g‘urbatxonadan chiqa-chiqa qarasam, mendan keyin boyagi – o‘g‘li «M» harfli qizni sevib qolgan, folbindan og‘ziga cho‘p o‘lchatib olgan xotin kirib ketdi.
Albatta, yangalarimga u xotin bilan bo‘lgan gurung haqida hech nima demadim. Qaytanga yo‘l-yo‘lakay o‘zlarini gapga soldim. Aytishlaricha, o‘sha folbin rostdan ham balogina ekan. Amakimizning ishi ortiga ketishiga ismi «Q» harfli (ehtimol, ruschadan kelganda «K» harflidir?) shaxs sabab bo‘lgan ekan. Qo‘y va qo‘chqorlarni ham, ho‘kizni ham o‘g‘irlaganlarning ismi katta ehtimol bilan «B», «M», «I» yoki «T» harfi bilan boshlanishini aytganmish.
– Rostdan ham, alomat folbin ekan, – dedim yangalarimga. – Hamma narsani bilgich ekan.
– Endi nima qilsak ekan-a, Mahmudjon? – dedi yangam.
– Nimayam qilardingiz, yanga, – dedim. – Endi folbinning gapiga kirib, qarindosh-urug‘u, qo‘ni-qo‘shnilar, tanishu notanishlar orasidan ismi «B», «M», «I» yoki «T» harfi bilan boshlanadigan «o‘g‘ri»larni zimdan qidirib boshlaysizlar-da...
Yangalarim bosh silkib, gapimni ma’qullab qo‘­yishdi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 9-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.