OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jasur Kengboyev. Havochun (hikoya)

Agar Oni unutsa banda oni,
Tirik ermas agarchi bo‘lsa joni.
So‘fi Olloyor


Yer sayyorasida nimalar bo‘lmaydi. Ha, o‘limdan qo‘rqqan umr ko‘rmas.
Qancha umrim qoldi? Bilmayman. Bilib ham nima qilaman? Menga farqi bormi? Yana bir ogohlantirish signali kelsa, tamom, o‘laman. Hisobimda qancha pul borligini hozir aniq aytolmayman. Har qalay bir-ikki kunlik havoga yetadi. Eh, o‘rtoq Chirskin!.. O‘zimga-ku, rahmim kelmaydi. Seni ko‘zim qiymaydi-da, do‘stim...

* * *

Boshimning og‘rig‘i bosilmayapti. Ishlamaydigan narsa og‘risa, juda alam qiladi. Agar imkoni topilsa edi, kallamni kimga bo‘lsa-da, berib yuborardim. Albatta, tekinga. Boshimga manavi lash-lushni osishganidan beri shu o‘y tinchlik bermaydi. Muttasil og‘riq ham shundan bo‘lsa kerak. Ko‘zimni ocholmayman. Ochsam, xuddi burnimning tagida bir qora qurt osilib turganday, u har nafasda burnimdan kirib, butun a’zoi badanimni it misol shilimshiq manfur jag‘lari bilan g‘ajiyotganday, shundoq ham qisilayotgan nafasimni battar bo‘g‘ar, tanamda oqayotgan rangsiz qonga bir tomchi-bir tomchi zahar tuflayotganday, zaharlangan qon jismimni oniy lahzada mahv etayotganday; bundan boshim telbalarcha aylanar, og‘riq zo‘rayishidan ikki ko‘zim va qulog‘imdan boshqa joylarim jonsiz tayoq singari qotganday tuyulardi. Ko‘zim ko‘rgan narsalarni chala anglayman, miyam xuddi ulkan bir qopni ko‘targancha, sayyora yag‘rini ustida noma’lum manzil tomon ketayotgan qoqsuyak, ojiz bir cholga o‘xshab qoldi. O‘ldirsang – o‘ldir, tezlatma, deydi. Unga buyruq berib bo‘larkanmi? 
Eh, bir daqiqa manavi sabilga havo berishmasa edi, qiynalmasdim. Axir, to‘kilgandan tomchilagan yomon ekan. Havochinni burnimga osishgan paytlarda kun sanardim. Keyin soat. Hozir esa soniya hisoblayman. 
O‘zimni ko‘ray desam, ko‘nglim bormaydi. Nartsislik payt¬lar allaqachon o‘tib bo‘lgan. Termulgan ko‘yi nafratim oshadi. Oyna aybdormikin? Oyna, avvalo, g‘irt telba-teskari nusxangni ko‘rsatadi. O‘ng ko‘zing chapi bilan, chap ko‘zing esa o‘ngi bilan jiqqamusht bo‘ladi. Surating¬ni tomosha qilasan, siyratingdan-da yig‘laysan. Ayniqsa, mana, burning ostida havochining bo‘lsa! 
O‘ziga-o‘zi o‘lim tilagan odamni yomon ko‘rardim. Bugun bu holat qolgan hayotimning mazmuniga aylangan. Umrni hisoblay boshlaganimdan beri uning naqadar uzun ekaniga shub¬ham qolmadi. 
Uzun yo‘lni tez bosib o‘tish mumkinmi? 
Bu haqda hech o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Bir mashhur odamning al-jabr kabi hayotda ham eng to‘g‘ri yo‘l eng qisqa yo‘ldir, degan gapini o‘qigan edim. Agar men o‘sha ablahlarga qo‘rs, lekin haq gaplarni aytmaganimda edi, burnimga havochin osishmas, men ham telba-teskari yo‘llardan gandiraklab, egri ko‘chalardan nasiba izlab daydib yurar, har uchragan nokasni, garchi noloyiq bo‘lsa ham, hurmat qilar, shirinroq so‘z aytishga majbur bo‘lar, hamma qatori qotgan muomalada bo‘lar, oqibat, o‘z so‘zim, yuzimni o‘zim yer bilan yakson qilar, qiyofam dengizini isqirt chirindilarga to‘lgan ko‘lmakday bulg‘agan bo‘lardim. Yuzsizlik – o‘zsizlik, o‘zsizlik esa qoraqo‘ng‘iznikidan ham battar hayot demakdir. Odamlar ko‘rganda ko‘ngli aynib, burnini jiyiradi, eslaganda basharasi bujmayib, qusgisi keladi. 
Xo‘sh, burningga havochin taqishsa yaxshimi? Bilaman, to‘kilgan qayta to‘lmaydi. Biroq yer qa’riga batamom singib ham ketmas ekan. Mana, singolmayapman. O‘lish ham osonmas ekan. O‘lim shohu gadoga barobar, deydiganlar juda adashadi. O‘lim — haq. Biroq sen o‘zing istaganingda o‘lolmaslik juda katta nohaqlikdir. Bugun ana shu nohaqlik meni qiynayotir. O‘ylash azobidan qutulishning bir yo‘li nafas olmaslikdir. 
Bu xayol eng so‘nggi qarordek tuyuladi menga. Nafas olmaslik o‘lim ekanini yaxshi bilaman. Bunga urinib ko‘rarkanman, bir necha soniyada ko‘zlarim namlanadi. Qo‘llarim bo‘ynimga yuguradi. Tomirlarim bo‘rta boshlaydi. Vujudimda lazzatli bir titroq sezaman. Miyamda bir tozarish ro‘y beradi, ko‘krak qafasimdanmi, tovonimdanmi chiqqan bir yengil epkin bo‘g‘zimga kelib qotadi. So‘ng unga oyoq-qo‘lim barmoqlaridagi tirnoqlardan yashin tezligida shunday bir nimarsa kelib qo‘shiladiki, nahot, ruhim parchalari bo‘g‘zimda, jig‘ildonimda birlashdi? U nega muallaq qoldi, otilib chiqib ketmayapti? 
Qornim, tomog‘imda vulqondek bir shamol bo‘ron soladi. 
Oniy daqiqa dovuli nafratim alangasini birpasda o‘chirdi-qo‘ydi. Men yengildim... 
Esimni olgan bir hikmat mag‘zi ko‘nglimni pora-pora qila boshlaydi. Zardusht xalqqami yo xalq Zardushtgamidi-e, shunday degan ekan: «Bukridan uning bukrisini olib qo‘yishganda, uning ruhini olib qo‘ygan bo‘lishadi. Ko‘rga uning ko‘z nurini qaytarib berishganda, u yer yuzida shunchalar ko‘p bemazagarchiliklarni ko‘radiki, oqibatda u ko‘zini tuzatgan tabibni qarg‘aydi. Cho‘loqni chopishga yaraydigan qilib davolagan unga eng og‘ir ziyon yetkazadi, zero, u illatlar quvib o‘tib ketolmaydigan darajada tez yugurishga muyassar bo‘larmikin?».
Men bu chog‘da bukrimni qaytarishlarini, ko‘r ko‘zimni berishlarini, cho‘loq oyog‘imni boshqatdan hadya qilishlarini so‘ramas edim. 
Men abadiy yo‘l tusayapman! Abadiy manzil! Tushunayapsizmi?
Ayni damda men yo‘lga chiqish jilvasidan mast holga tushganida, manziliga yetishdan ko‘ra qaytib kelish haqida ko‘p o‘ylaydigan odamlar toifasidan emasligimni sezib qoldim. To‘g‘ri-da, hoziring – joning, hoziring – hayoting, hoziring – taqdiring. Boshqasi cho‘pchakdek ko‘rinadi menga. Bilaman, siz abadiy makonga eltadigan yagona kuch tomonidan siylangan barcha narsaning ikki tomoni bor dersiz: tug‘ilish va o‘lish, yaxshilik va yomonlik, katta va kichik, kecha va kunduz, pokizalik va jirkanchlik... 
Agar burningizga havochin osishsa, boshqacha fikrlay boshlaysiz: hayot, ya’ni tug‘ilish – o‘limga tayyorgarlik vaqti; insoniyat o‘ylab topgan axloqiy mezonlar – jazosiz qolmaydigan yaxshilik esa yomonlikning aynan o‘zginasi; tug‘ilgan mitti go‘dak ulg‘ayadi, katta bo‘lib, voyaga yetgach, tag‘in kichrayib boradi, demak, kattalik asli kichiklikdir; kecha kunduz degan mavhumotning chegarasini bilish uchun kipriklar yumilgan oniy lahza ochilsa, undan asar ham qolmaydi; pokizalik jirkanchlikning xayolday uchqur, filnikiday bahaybat oyoqlari yetmagan joy, taassufki, bunday joy qancha qoldi o‘zi? 
Xullas, o‘zimga kuchim yetmadi. Bo‘g‘riqish zarbi gardanim devorlarini buzolmadi. Jonim muallaq qoldi. O‘ziga kuchi yetmagan odam boshqalarni qanday idora qilardi? Buni xayoliga ham keltirmasin! 
O‘zi, bu kuchni kim ato qiladi odamga? Yagona kuchmi? Nega u menga bermagan? Qizg‘angan? Boshqalarga saxiylik qilgan-da? Yo‘q. Menimcha, menga faqat gapirish uchungina kuch berganga o‘xshaydi. Oqibat, mana, o‘tiribman havochinni burnimga qo‘ndirib. O‘zni mahv etmoqqa kuch ham, iroda ham topilmayapti. Chorasi, yo‘li bitta – chidash, qattiq chidash. Bu bir azob. Xudo yaratgan havodan o‘pkangni to‘ldirib nafas ololmaysan; havochinning nina uchidek keladigan teshigidan kirgan havo bilan kifoyalanasan, aniqrog‘i, shunga majbursan. Miyangda faqat bir fikr charx uraveradi: havo, havo, havo... Qo‘ling ishga bormaydi. Bundoq olganda, bu xonada ish ham yo‘q. Nimqorong‘i zulmatdayin xona. Bir stol va stul, rangi o‘chib ketgan deraza romlarini chirmab olgan, so‘layozgan chirmovuqsifat gulning ikkita tuvagidan bosh¬qa hech vaqo yo‘q. Derazadan mo‘ralaysan. Shu tobda o‘zing¬ni jilla qursa kasal mushukka o‘xshatolsang ham suyunasan, bundan battari emasligidan xursand bo‘lasan. Ko‘chada hayot qaynaydi. Yag‘iri chiqib ketgan torgina asfalt yo‘ldan odamlar tinmay o‘tadi. Hammasi asabiy ko‘rinadi. Birortasi turtinib ketsa, naq shapaloq tortib yuborishdan ham tap tortmaydi. Og‘ir sumka ko‘targan kampir har kuni ko‘chani shov¬qinga to‘ldirib o‘tadi:
– Ifloslar, yaramaslar! Bolamni o‘ldirishdi... Bolaginamni o‘ldirishdi... Yer yutgurlar...
Bu ko‘chaning doimiy yo‘lovchilari kampirning gaplariga parvo ham qilmaydi. Yangilari bo‘lsa, biri hayratda, biri ajabsinib, biri esa qahr bilan unga tikiladi. Chap oyog‘ini sal oqsabroq bosadigan, egnida kulrang plash, boshidan qishin-yozin tushmaydigan havorang momiq ro‘molli kampirning qarg‘ishlari menga yod bo‘lib ketgan. Eshitsam, oxirgi paytlar negadir zavqlanaman. Meni bu yerga keltirishlaridan avval, havochin taqishlaridan oldin ham bilardim kampirning o‘g‘li haqida...

* * *

Havochinimni tortib-tortib ko‘rdim. Foydasi bo‘lmadi. Temirsifat metall qirralari yuzim, bo‘ynim aralash boshimga og‘riq berdi. Sabilning hech tirqishi yo‘qki, sekingina ochib, to‘yib-to‘yib nafas olsam. Qo‘lingga chipqon chiqqurlar shunaqayam shafqatsizlarcha yasaydimi bu matohni? 
«Yemoqning qusmog‘i bor». Buni qancha yesang, shuncha qusasan, deb tushunardim. Ya’ni «emoq», «qusmoq»da ham MUVOZANAT bor, deb o‘ylar edim. Chumolinikidek «burun»dan nafas olib, filnikidek «burun»dan nafas chiqarayotgan hozirgi kezda bu borada ham adashganimni his etdim. Kam-kam yeb, ko‘p-ko‘p qusayotganimni o‘ylab, ko‘zimga nam yugurdi...
«Xursand bo‘lasan-a, – dedim o‘zimga o‘zim. – Kul, kulaver... Tilingga aqling, aqlingga kuching yetmagandan keyin kulaver. Birovlarning ustidan kulib o‘lib ketasan...»
Kutilmaganda o‘rtoq Chirskin tovush berib qoldi. Xayolim qochib, o‘ydan to‘xtadim. Derazaning rafiga qo‘yganim – gugurt qutisini qo‘limga oldim. Sekin ochishim bilan o‘rtoq Chirskin diydiyoni boshlab yubordi. Tipirchilab-tipirchilab tashqariga intilardi. Butkul qo‘yib yubordim. Ozodlikka chiqqan o‘rtoq Chirskin uzo-o-o-q chirilladi. «Ana endi ismingga munosib bo‘lding, ukam».
O‘rtoq Chirskin chigirtka zoti orasida eng botiri, cho‘ng chidamlisi bo‘lsa kerak. U bilan dastlabki tanishuvimizdayoq buni sezgandim. Burnimga havochin osishgandan roppa-rosa bir hafta o‘tgan kuni tushga yaqin yuragim rosa siqilganidan, qolaversa, miyamga o‘tirib qolgan eski bir fikr – go‘yoki ochsam, to‘yibgina nafas olaman degan o‘y bilan derazani ochdim. Deraza ortidagi temir panjara oralab kelayotgan, ko‘kragimga tekkan yengil epkindan, taassufki, nafas ololmadim. Jig‘ibiyronim chiqib, tash¬qariga, hayot gurkirayotgan ko‘chaga nafrat bilan qarab turar edim. Kutilmaganda yerdan chiqdimi, oydan tushdimi – bilmayman, bir narsa qattiq kelib qabog‘imga urildi. Ko‘zimdan o‘t chaqnab ketdi. Jon achchig‘ida qaltirab qolgan qo‘lim bilan ushlab uni otib yubordim. Qarasam, polga yuztuban tushgan narsa, mana shu, chigirtka ekan. Oyoqlarim bilan ezg‘ilamoqchi bo‘lib qadam tashlashimni bilaman, sabil, joningdan o‘rgilay, o‘lmagan ekan, zabt bilan uchib yana ko‘zimni nishonga oldi. Bu safar yetib kelmasdanoq urib tushirdim. Keyin u ancha vaqt, borib xaskashga o‘xshab ketadigan oyoqchasidan ushlab ko‘rgunimcha qimir etmay yotdi. Bir oyog‘idan tutib, ko‘tarar ekanman, ikkinchisi bilan rosa qo‘limni tirnab qarshilik ko‘rsatdi. Bunday jasoratini ko‘rgach, har qanday jallod ham uning jinoyatini kechirib yuborsa kerak, deb o‘yladim xuddi o‘zimni misol qilganday. Yuragingga balli, jonivor. Mabodo yuraging ikkita emasmi? 
Qabog‘imdagi og‘riq jonimdan o‘tavergach, chigirtkani baribir o‘ldirgim keldi. Keyin... o‘ylanib qoldim. Kuni bilan soniya sanayman, nafas yetishmaydi. Gaplashadigan odam ham yo‘q, ermak ham. Boz ustiga, bundoq o‘ylasam, «chigirtka hamlasi» damlarida havo, nafas olish haqida o‘ylamayotgan ekanman. Ana endi kallam ishlab ketdi. Ermak topilganidan behad suyundim... «Endi menga hamroh ham o‘zing, hamxona ham o‘zing, birodar ham o‘zing».
Hamrohimga nom topish uchun uch kunimni sarfladim. (Do‘sting uchun uch kunlik umr nima degan gap? Hozir borlig‘imni shunga bag‘ishlashim ham mumkin-ku, axir?) Eh-he, qancha buyuk insonlarning, hatto qarindosh-urug‘larimning, eng yaqin do‘stlarimning nomini unga qo‘ymoqchi bo‘ldim. Ism¬larni bir-bir eslar ekanman, e-e, nimasini aytay, arzimadi... Hamroh bo‘lgandan keyin ulug‘vor, zabardast ism topishim kerak. U shunga munosib. Chirskin degan nomda to‘xtadim. Lug‘aviy ma’nosi lug‘atda yo‘q bo‘lishi mumkin. Mayli-da. Chigirtkalar ichra noyob chigirtkaning ismi ham original bo‘lishi kerak emasmi, axir? Unga ehtirom belgisi sifatida «o‘rtoq» nisbasini o‘ylab topganimdan so‘nggina ko‘nglim joyiga tushdi. Do‘stimning ismini ovoz chiqarib, takrorlayman: o‘rtoq Chirskin! O‘rtoq Chirskin! Chirskin! Chirskin! O‘rtoq... O‘rtoq...
Shu-shu, men o‘rtoq Chirskinga, o‘rtoq Chirskin esa menga o‘rganib qoldi. O‘ta zerikkanimda nomini aytishim bilan gugurt qutisi ichida tipirchilab qoladi. Avaylabgina ochaman-da, har kuni uch martadan uni ozodlikka chiqaraman. U xonani gir aylanib chiqadi. So‘ng deraza rafiga qo‘nib, men tashlagan non ushoqlarini, ovqat qoldiqlarini yeyishga tushadi. Tomosha qilib, huzurlanaman. Unga nisbatan shuncha vaqt mana shu xonada turib sezmagan bir his – mehrim tovlanib ketadi...

* * *
«Ifloslar, yaramaslar! Bolamni o‘ldirishdi... Yolg‘izgina bolaginamni o‘ldirishdi... Yer yutgurlar...»

* * *

«O‘rtoq Chirskin! Men o‘ladiganga o‘xshayman». 
«Dunyo – orzu-havas uyi, birodar, o‘lmaysan. Uzoq yashaysan».
«Nimalar deyapsan? Men shuncha yil yashasam-da, MUVOZANATlarni tushunolmadim, aqlim yetmadi». 
«Burning yopilgach, ko‘zing ochilmadimi?»
«Nimalar deyapsan, o‘rtoq Chirskin? Anavi kampirning qarg‘ishlarini qachongacha derazadan eshitib o‘tiraman?»
«So‘nggi nafasinggacha, birodar...»

* * *

Har kuni ertalab uyim ostonasidan chiqar ekanman, pogonimga qo‘ndirilgan kichik yulduzchalarni silab qo‘yaman. Atrofdagilarga mag‘rurona-mag‘rurona qarayman. «Hmm, sen kim-u, men kim? Hammangning taqdiring qisman bo‘lsa ham mening qo‘limda-ya. Yashayverlaring jimgina». 
Bugun ishxonamdagi hamkasblarning yuzida qandaydir bezovtalik va tashvish alomatlarini sezdim. So‘rasam, ahvol chatoq. Boshlig‘imiz men bilan gaplashmoqchi, taqdirimni hal qilmoqchi ekanini aytishdi. To‘g‘ri uning kabinetiga yo‘l oldim. 
Kotiba «kiravering», degan ishora qildi.
Eshikni taqillatib, so‘ng bosh suqdim. 
Boshliq telefonda so‘zlashar, kayfiyati ham anchayin yaxshi edi. Menga ko‘zi tushdi-yu, avzoyi o‘zgardi. Keyin o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman, deya go‘shakni qo‘yib qo‘ydi. Har doim «Falonchiev», deb ham sal hurmat ma’nosida, ham bir ozgina hazillashib gapiradigan boshliq bu safar bir og‘izgina qilib «Kir!» – dedi. 
Stulga cho‘kdim. 
– Xo‘sh, nega topshiriqni bajarmading? – dedi u sensirashga oshkora o‘tib. 
Jahlim chiqsa ham, uning avzoyidan qo‘rqdim. Aslida, qildek aybcham bor edi. Shu bois boshqa takrorlanmaydi, deb qo‘ya qoldim. 
– Nima, senga bu yer katta xolangning uyimi, cho‘loqning bolasi?!
– Nima? Cho‘loqning bolasi? 
Tepa sochim tikka bo‘lib ketdi. Qaltiray boshladim. Fazabdan ko‘zimning o‘ti chiqay dedi. Titrab ketdim. O‘rnimdan sapchib turib to‘g‘ri boshliqning oldiga borib, yoqasidan oldim. Endi men o‘zimda emas edim. Qaynab ketgan qonim so‘zga aylandi: 
– Enag‘ar, o‘g‘ri! Ish – ish, uy – uy. Ishimga onamni qo‘shma, itdan tarqagan!
Nima qilayotganim, nega bunday deyayotganimni aniq bilmasdim. Qattiq jahl ustida boshliqqa musht tushirdim. Ke¬yin yana, yana... U jonholatda stoli tagidagi uchinchi tugmachani bosishga ulguribdi. «Trevoga» signali ovozi eshitila boshlaganda, boshlig‘imiz kreslosiga boshini suyaganicha jimib qoldi. Mening ko‘zim qonga to‘lgandi...
O‘sha kuniyoq meni mana shu xonaga tashlashdi. Topshiriqqa binoan, bir shart bilan burnimga havochin taqishdi. «Bu apparat ilk bor sinovdan o‘tayapti. U har kuni bir zaylda pul sarflaydi. So‘nggi chaqa qolishidan besh daqiqa avval signal keladi. Pul to‘lanmasa, havo uziladi va sen o‘lasan. O‘shanday paytda boshliqning oyog‘ini yalab, pul so‘ramaguningcha, burningdan havochin olinmaydi», deyishdi. 
Nozirdan eshitishimcha, zor qaqshab yig‘lagan onamga o‘g‘¬lin¬giz dom-daraksiz yo‘qolib qoldi. Qidirayapmiz, topilib qolar, deyishibdi...
Onam ishonmasligini bilardim. 
Havochin bilan o‘tayotgan ilk kunlarimda onamga juda achindim, rahmim keldi. Yolg‘iz o‘zi qanday yashayapti ekan, deb rosa siqildim.    
Onam haqida o‘ylashdan ham ko‘ra muhimroq, kuchliroq muammo – nafas olish masalasiga kelganda, ba’zan undan xafa bo‘lardim. Meni shunday xarakter bilan tuqqani, Yagona kuch esa shunday taqdir ato etganidan har ikkisidan ham ranjir, goh nafratlana boshlardim. Nafratim shu darajaga yetdiki, ular haqida boshqa o‘ylamaslikka qaror qildim... 
 
* * *

«Ifloslar, yaramaslar! Bolamni o‘ldirishdi... Yolg‘izgina bolaginamni o‘ldirishdi... Yer yutgurlar...»
Bu tanish ovozdan cho‘chib o‘zimga keldim. Qulog‘im g‘uvillardi. Ko‘zimga hech nima ko‘rinmadi. Men ustida yotgan stolni ushlab ko‘rdim. Hech nima sezmadim. Nafasim siqilardi. Isitmam chiqayotganga o‘xshaydi. O‘pkam «shig‘-shig‘» etayotganini eshitdim. Ochiq, lekin hech vaqoni ko‘rmayotgan ko‘zlarimni tag‘in yumdim.
Quloqlarimga juda-juda olislardan tanish saslar kelardi. Bilmayman, bu dahshatli ovozmi yo ovozning shunchaki dahshatimi... Do‘stimni chaqiraman, tanish sas esa uning ovozini eshittirmaydi: 
«O‘rtoq Chirskin!»
«Ifloslar, yaramaslar!..»
«O‘rtoq...»
«Bolamni o‘ldirishdi...»
«...Chirskin!»
«Yolg‘izgina bolaginamni o‘ldirishdi...»
«Qayoqdasan?..»

* * *

Chiroqning yorug‘i tagiga tushmasa-da, atrofini yoritadi...
Tun yarmidan oshganda, nafasim yana qisilib, boshim gir aylanar, ko‘nglim aynib, qusgim kelar, shu tobda havodan boshqa butun olamni unutgan edim. 
Alahsiy boshladim, beixtiyor o‘rtoq Chirskin tungi oromini olayotgan gugurt qutisini paypaslab topdim. Qo‘limga olib, shivirladim:
– Mabodo o‘lib qolsam, sen nima qilasan? Holing nima kechadi?
Qulog‘im ostida o‘zimnikiga o‘xshash tovush keladi: «O‘lma, otim: yoz kelur, yo‘ng‘ichqa bitur...»
Havochinimni yuzimga mahkam bosaman...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.