Ko‘zdan nari – ko‘ngildan nari
Maqol
Xayol – yomon, deydiganlar haq. Odam, achchiqdir, shirindir, xayol bilan bo‘lib, ko‘p narsadan, hatto, o‘zidan ham uzoqlashib ketishi mumkin. Uzoqlashuv va Tanishuv. Juda qiziq...
Talaba edim. Qahraton qish. Yangi yil arafasida ta’tilga chiqdik. Poytaxtdan uyga – Chiroqchi tumanidagi Ko‘kdala qishlog‘iga ketishim kerak. Poezdga chipta olishga ulgurmadim. Odatda, bayramoldi yo‘lovchi ko‘p bo‘ladi. Transport narxi ham shunga yarasha – osmonga sapchiydi. Chamalasam, taksiga ham pulim yetmaydi. Noilojman. Aylanib ham, o‘rgilib ham nisbatan arzon ulov – jonajon avtobusda ketishga majburman.
Avtobus zo‘r-da! Hayotda hech uchrashmagan, tanimagan odamlar bilan ma’lum muddat «yaqin tanish» bo‘lib borasan. Manzilingga yetdingmi, xayrlashasan-da, ketasan. Keyin uni hayotingda yana ko‘rsanmi-yo‘qmi aytish qiyin. Buning ahamiyati yo‘q aslida. Lekin shunday yo‘lovchi-yo‘ldoshlarga duch kelasanki, ular hayotingda tub burilish yasab yuborishi ham mumkin.
...Yo‘l haqini kelishgach, avtobusga chiqdim. Bo‘lg‘usi yo‘ldoshlarimga birma-bir nazar tashlayman. Birorta ham tanish yo‘q. «Eh» dedim. Hamsuhbatsiz qiyinalasan-da. Boz ustiga sal odamoviroqman, kirishuvchanlikdan asar ham yo‘q. Kayfiyatim bir navi bo‘ldi. Ko‘rsatilgan o‘rindiqqa mahkam joylashib, yon-atrofimga nazar tashladim. Hamma o‘z yonidagi bilan g‘ing‘ir-g‘ing‘ir gaplashadi. Yonimda o‘tirgan yigirma besh-yigirma olti yoshlardagi aka men bilan salomlashgach, rosa gaplashishga urinib ko‘rdi. Jinim suymadi. Qisqa javob qaytarardim-u, savol bermadim. Foydasini bilmagach, u jim ketaverishga ahd qildi, shekilli.
Poytaxtdan uzoqlashyapmiz. Havo sovuq. Qishning izg‘irin shamoli munkillab qolgan cholday imillab borayotgan avtobusimizning oynalarini «chiyillatib» kuy chalib o‘ynaydi. Avtobus ichida ikki xil iqlim. Oynalar odam nafasidan dimiqib ketganidan bug‘lanadi. Polda esa sovuq shamol oyoqni chimchilab-chimchilab oladi.
Shu ko‘yi Sirdaryo-yu Jizzax, Samarqandu Qashqadaryoning biyday dala-dashtlari, tog‘-u adirlari oralab uyga ketayapmiz. Hamma avtobusdan oldin yetsam, deydi. Gurunglar avjiga chiqadi. Qishloq odami-da, sabil, baland ovozda gapiradi. Qattiq kuladi. Birovlar Chorsu bozorida ishlagani, bir kun tortgan aravasi uchun falon so‘m pul topganini, shu pulning bariga onasiga, ikki qizchasiga sovg‘a-salom olgani, keyin yo‘lga puli yetmay qolib, o‘rniga o‘zi uchun olgan yangi qo‘l soatini berib shu avtobusga chiqqanini aytadi. Boshqasi shaharlik bir boyning uyida mardikorlik qilib, «bir belbog‘ pul» ishlagani, keyin melisaning qo‘liga tushib, so‘ng ... , hozir arang uyiga kelayotganini gapiradi...
Men esa jim kelaveraman. «Bu odamlar menga anchayin uzoq ekan...»
Olis yo‘lda qancha urinmayin, odatimga ko‘ra, uxlab qolibman. Bir mahal haydovchining g‘o‘ldiragan baland ovozidan uyg‘onib ketdim:
– Yettitomga keldik. Tushadiganlar tayyorlansin!
Derazadan qarayman. Zimiston. Soatim millari uch-u yigirmani ko‘rsatadi. Apil-tapil narsalarimni sumkamga solib, oldinga o‘tdim. Sovuqda bir o‘zim qoldim endi deb o‘ylagandim. Adashibman. Izimdan to‘rt notanish yigit tushib keldi.
E’tibor bersam, boya Chorsuda ishladim, deb gaplashib kelayotgan yigitlar ekan. Yarim tunda hammamiz yo‘l poylaymiz. Qishloqqa olib boradigan ulovdan esa darak yo‘q. Turaverib sovuq etimizdan o‘tib ketadi. Yo‘l chetidagi bekat tomon yuramiz.
– Siz qaerga borasiz, mehmon? — dedi to‘rtovlonning biri yo‘l-yo‘lakay.
Hayron qoldim. Meni «mehmon» dedimi? Kulgim qistadi:
– Men «mehmon» emasman, - dedim dona-dona qilib. Ular ust-boshimga, yuzimga boshqatdan razm solib chiqdi-da, dedi:
– E, kechirasiz. Sizni tanimas ekanmiz. O‘zi qaerdansiz?
– Shu yerdan, Ko‘kdaladanman.
– Ey, bir qishloqdan ekanmiz-u, – deb yuborishdi birvarakayiga. – Kimlardansiz? Nima ish qilasiz o‘zi?
Tengqurlarim sho‘x ekan. Bekatga yetguncha savolga ko‘mib tashlashdi. Savollariyam o‘zidan oddiy, jaydari va g‘arib tuyuldi. Meniki shu payt «tutib qoldi». Ularning bachkana tuyulgan suhbatidan o‘zimni torta boshladim. Sal nariroqqa - bekatning bu burchagiga kelaman. Ular niyatimni sezdi. «Bizni mensimayapti». «Qara, biz bilan gaplashgisi yo‘q» degan gaplarini eshitib turibman.
So‘ng ular o‘zlaricha gurunglashadi. Bir gapirib ikki kuladi. Men dirdirab soniya sanab mashina kutaman. Ular o‘tirib olib hiringlaydi. Yarim kecha, sovuq og‘izni ochirmaydigan paytda-ya. Hamqishloqlarimning kulgisi asabimga tega boshlaydi. Bir soat o‘tdi hamki, baxtga qarshi, birorta mashina kelmadi. Sovuq esa suyakni zirqiratardi.
Shunda yigitlar qo‘zg‘alib qoldi. To‘rtovi to‘rt tomonga tarqaldi. Besh-olti daqiqadan so‘ng qo‘lida shox-shabba ko‘targancha birin-ketin qaytib kela boshladi. E’tibor beraman. Daraxtning xo‘l, qor aralash shoxlarini sindirib obkelayapti.
«Bularning qo‘lidan sovuq ham o‘tmaydi-ya».
«O‘lja» bekatning o‘rtasiga tashlandi. Kichik gulxan yasaldi.
Birovi cho‘ntagidan «zajigalka»ni chiqarib o‘tinni yoqishga kirishdi. Hadeganda yonmadi. Shunda biri shox-shabbaga qarab:
– Yo, Moyli boboning qo‘li, yonib ketsang-chi, endi, – degandi «gurr» kulgi ko‘tarildi. Olov ham yondi.
«Nega kuladi?» «Kim u Moyli bobo?». Qiziqdimu, lekin ularga yaqinlashmadim. Yigitlar olamshumul kashfiyot o‘ylab topgandek o‘zida yo‘q mamnun, gulxan atrofini o‘rab olishdi. Qo‘llarini olovga tekkizib isitayapti. Birovi tuflisini yechib, jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan paypog‘ini quritayapti. Mening esa sovuqdan tilim kalimaga kelmay qoldi. Tanam og‘irligini dam u oyog‘imga, dam bu oyog‘imga tashlab turibman.
– Mehmon, keling, isinib olasiz, – dedi bolalardan biri kutilmaganda.
Sovuqdan qizargan yuzlarim endi uyatdan, hijolatpazlikdan lov-lov yonardi. «Men mensimagan, yotsiragan hamqishloqlarim isinishga taklif qildimi?». Etimdan o‘tib borayotgan sovuq manmanligimni sindirdi.
Hamqishloqlarim davrasiga borib qo‘shildim. Olov yorug‘ida yuzlariga zimdan razm solaman. Yo, tavba! Bular kim, yoshlarmi? Shular-a? Yo‘q, ularning yoshi meniki bilan barobar, lekin a-ancha katta ko‘rinadi. Qo‘llariga qarayman. Dag‘al, katta-katta yorilib ketgan. O‘yga botaman. Ezilaman. «Bularni qora mehnat qaritib qo‘ygan».
Quvnoq tengqurlarimdan Moyli boboning kimligini so‘rayman.
– Moyli bobomi? – deydi birinchisi. – U – manavining bobosi, – dedi ko‘zlari qisiq novcha sherigini ko‘rsatib. Novcha avval do‘stlariga, so‘ng menga savol nazari bilan qaraydi.
– Buning bobosi qishlog‘imizning Afandisi. Hammani boplaydi, aldaydi, masxara qiladi. Uning har aytgan gapi mashhur bo‘lib ketadi, – deydi ikkinchisi.
So‘ng yigitlar biri qo‘yib biri Moyli boboning ana shunday «mashhur bo‘lib ketgan» antiqa gaplarini aytib ketdi.
«Bir kuni Moyli bobo do‘stiga shunday maqtanibdi. Men Toshkentda jegan (egan – J.K.) lag‘mon Samarqandgacha orqamdan ergashib keldi».
– E, bo‘mabdi buning, – deydi ikkinchisi. – Mana buni eshit. Mahmasolay boboning to‘yida Moyli bobo do‘stlariga maqtanayotganmish:
– Oshnalar, kecha Ko‘kdala bozoridan bir kilogramm novvot sotib oldim. Bay-bay, qurg‘urning har bir bo‘lagi ikki kilodan chiqadi-yov, dermish.
– Bunisiyam hech narsamas ekan, – deydi uchinchi suhbatdoshimiz. – Moyli bobo bir cho‘pon do‘sti bilan qo‘y boqib yurganakan. Dalada qo‘ylar, ikki eshak va ikki choldan bo‘lak hech kim yo‘q emish. Kechga yaqin Moyli bobo ma’yus tortib qolibdi. Har doim yuzidan bol tomib, lof uradigan, yo‘q joydagi gaplarga ham hiringlayveradigan cholning bu holini ko‘rgan do‘sti tashvishlanib qolibdi: «Nima bo‘ldi ekan unga?»
Miq etmay qo‘ygan Moyli bobo ancha vaqtdan keyin cho‘pon do‘stiga qarata: «Shodi, do‘stim, senga muhim bir gapni aytaymi?» – debdi.
Shodi cho‘pon xursand, keyin hayron bo‘lib, ayt, debdi.
Shunda Moyli bobo u yoq-bu yoqqa alanglab qarab olarmishda, eshak ustidan turib do‘stining qulog‘iga juda sekin shivirlab, dermish:
– Men uyga ketdim. Sen zerikmay qo‘ylarni boqib yuraver...
Moyli boboning «qanotli» gaplari davrada ko‘p aytildi. Negadir, yoshligim esimga tushib ketdi. Qishloqdagi oshnalarimni ko‘rgim keldi. Dalada, uzo-o-qlarga cho‘zilgan dalalarda ular bilan qurgan davralarimizni qo‘msadim. Shundagina yonimdagilar, Moyli boboning nevaralari o‘zimning yaqinlarim ekani, yo‘q, aslida men ularning uzog‘i ekanimni tushunib yetdim. Uzoqlashuv...