OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘ra Fozil. Bolalik bog‘lari (hikoya)

— Abdujabbor, anjir yeydigan yo‘lbarslarni ko‘rganmisan?
— Qorni ochqasa yeyversa kerak.
— Shu bog‘laringda yuraversak, hech kim “g‘ing” demasa...

* * *
Bog‘lar ham o‘z tomirdoshlarini yo‘qlaydilar. Bir tup cho‘p ungan maydon bog‘ni tusab o‘tarmish. Bog‘ o‘rnida bino bo‘lgan har daraxtning ildizi xotiralarga tutash bo‘ladi. Odamning tiynatida daraxtlar yashaydi asli. Bo‘lmasa, bu ikkisi bunchalik qadrdon bo‘lib yoki yovlashib yurmas edi. Bugun soqoli selkillab qolgan o‘sha bolalar saratonning tig‘idan panalab tangadek kun tushmaydigan so‘rida choylashib turganlarida ul xotiralar baayni ertakdek tuyuladi kishiga. Asl ismi Farmon, ammo yoshu qari baravar Amaki deb ataydigan, daraxtlar bilan nevarasidek so‘ylashib, odamga bekin boquvchi keksa bog‘ qorovuli aytib berayotganga o‘xshaydi bu ertakni. Ammo koshki ertak bo‘lsa...
Bog‘ qanchalik g‘aroyib bo‘lsa, uning qorovuli Farmon bobo, ya’ni Amaki shunchalik ajoyib odam edi. Bog‘ idoraga tutash, ertayu kech katta-kichik vakillar, tekshiruvchiyu taftishchilar bilan gavjum, ulardan bezor bo‘lgan rais, hosilot va hisobchi ko‘pincha bekinib yurishar, rahbarlarni so‘rab juda tiqilinch qilganlarni kotib amallab aldardi.
Tabiiyki, tushga tomon raisni izlab kelganlarning qorni ochqar va ular so‘lim boqqa o‘g‘rincha nazar tashlab qo‘yardilar. Ana shunda tabiatan saxiy va ochiqko‘ngil Amakiga jon kirardi. Chunki raisning oshpazi juda xasis bo‘lib, xo‘jayin aytmaguncha birovga tekinga bir burda non bermasdi. Tuman markazidan olti chaqirim olisda bo‘lgan bu qo‘rg‘onda birorta oshxona yo‘q, yakkayu-yagona do‘konda aroq, konserva va sho‘r bodringdan bo‘lak yegulik topilmasdi. Keyin, tekshiruvchi deganingiz hech zamonda o‘z cho‘ntagidan ovqatlanarmidi? Boyaqishlar qovoq-tumshuq qilib, savlat to‘kkancha uyoq-buyoqqa yurishar, lekin quldirayotgan qorinlari ularni fosh qilib turardi.
Amaki shundoq yaqinginadagi uyiga yugurib borib, xotinining hay-haylashiga qaramay, qo‘liga nima tushsa, tovuqmi-xo‘rozmi, shartta so‘yardi. So‘ngra bog‘ adog‘idagi hujrasida qozon osib, biror taom pishirar, magazindan qarzga bir juftgina aroq olishni ham unutmasdi. Go‘yoki bu mehmonlarga o‘zi javobgarday tuyulardi. Qarabsizki, mehmon xursand, negadir Amaki ham yayrabgina yurardi.
Bizni esa Amakining dehqonchiligi ham, mehmondorchiligi ham sira qiziqtirmas, uning ko‘zini shamg‘alat qilib, boqqa “sho‘ng‘ish”, qo‘ynimizni meva-chevaga to‘ldirib, juftakni rostlab qolish to‘g‘risida xayol surardik, xolos. Boqqa “sho‘ng‘ish” esa xiyla murakkab va xavfli edi.
Bu yerda odam doim gavjum, ustiga-ustak Amakining xo‘tikdek keladigan Haybar degan iti bor. Shu bois biz o‘ziga xos usullardan foydalanardik. Amakining kenja o‘g‘li Abdujabbor bizdan ikki yosh kichik bo‘lib, uni “yo‘lbars-yo‘lbars” o‘ynaymiz”, deya avrardik. Haybar Abdujabborni ko‘rgach bizga ko‘z yumardi. Xonaki “yo‘lbarslar” bog‘ning olis burchagida, ariq yoqalagan baland paxsa devor yonida to‘planardik. Biroz o‘ynaganimizdan so‘ng jo‘raboshimiz Hamid bizga ko‘z qisib qo‘yib, Abdujabborga yuzlanardi.
— Shu, bilasanmi, jo‘rajon, yo‘lbarslarning qorni juda ochqadi-da...
Abdujabbor, biroz soddaroq bolakay, jo‘raboshimizni juda hurmat qilarmidi, yo undan cho‘chirmidi, har qalay, darhol:
— Hay, nima qilish kerak?
— Hech nima, faqat yo‘lbarslar endi qornini to‘ydirishi kerak...
— Hay, yo‘lbarslarga anjir ham bo‘ladimi?
— E-e, bo‘lganda qandoq! Axir, yo‘lbarslar anjirni juda yaxshi ko‘rishadi! Yo‘lbars qancha ko‘p anjir yesa shuncha zo‘r bo‘ladi!
Abdujabbor birinchi bo‘lib o‘zini ariqqa otar, biz unga ergashib, devordan o‘tgach, har birimiz bir ulkan anjir ostiga kirib olardik-da, qorinni rosa to‘yg‘azardik.
Kunlarning birida “yo‘lbarslar” nokka to‘yib olishgach, qo‘yni-qo‘njimizni mevaga to‘ldirib turgan paytimizda birdan tahdidli tovush yangradi.
— Hoy, badbaxtlar, to‘xta, kim bu?!
Buni qarangki, “yo‘lbars”larning biri adashib, shiyponga yaqin borgan, uni ko‘rib qolishgan ekan. Aksariyat sheriklarimiz qochib qolishdi. Lekin daraxtdan tushib ulgurmaganimizdan men, Hamid va Abdujabbor o‘sha qurumsoq oshpazning qo‘liga tushdik.
Hovuz ustiga qurilgan so‘lim shiyponda ziyofat avjida, qo‘rada xushbo‘y kabob pishar, stolda ham ul-bul... To‘rda moviy ko‘zli, g‘oyat ko‘hlik juvon o‘tirar, sipo kiyingan bir kattakon har zamon-har zamonda uning beliga qo‘l yuborib shilqimlik qilardi. Rais esa ularga yaltoqlanib hali qoshiq, hali sochiq tutar, zir yugurib, kabob va yana allaqanday taomlar tashirdi.
Oshpaz Hamidning biqiniga bir turtib, bizni shiyponga yetakladi. Abdujabbor ham negadir yonimizdan ketmas, olazarak bo‘lib otasini izlardi. Nihoyat, oshpaz raisga yuzlandi.
— Rais bobo, bu o‘g‘ribachchalarni nima qilay? Noklarni shunday payhon qilishibdiki...
Rais qizarib-bo‘zarib turgan Abdujabborga hayron bo‘lib tikildi-yu, so‘ng dag‘dag‘a qildi:
— Nima qilarding, kolxoz mulkini o‘g‘irlashgani uchun milisaga topshirasan-da!
Raisning dag‘dag‘asidan juda qo‘rqib ketib, uchalamiz baravariga yig‘lab yubordik. Shunda moviy ko‘z juvon qo‘lidagi piyolani qo‘yib, raisga chimirildi.
— Tinchlikmi? Nima bo‘ldi?
— E-e, nok o‘g‘irlashibdi...
Juvon kattakonga norozi nigoh tashladi. Moviy ko‘z juvon ko‘zimizga biram yaxshi ko‘rinib ketdiki...
Kattakon raisga o‘qraydi. Qora yuzlari bo‘g‘riqib, hansirayotgan rais iltijo qildi.
— Endi, kattakon, bizdan o‘tti. Man hozir bularni ota-onasiga topshiraman...
— Qo‘ying, o‘zlari ketaverishadi! — kattakonning bu gapidan so‘ng yig‘idan to‘xtadik.
Rais va oshpaz baravariga qo‘l siltashdi. Bog‘ darvozasi qolib, o‘zimizni yana devor tomon urdik-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldik. Abdujabbor ham halloslaganicha ortimizdan kelardi.
Noklar yonga qoldi, sharmanda bo‘lmadik. Kayfimiz chog‘ edi. Hamid Abdujabborning yelkasiga qo‘l tashlab maqtadi.
— Malades, do‘stim! Sen bugun haqiqiy yo‘lbarsning ishini qilding!
Jo‘raboshining maqtovidan qorovulning erka o‘g‘li sevinib ketdi. Bolalarni anchayin o‘z-o‘zicha saralaydigan har turli o‘yinlarda ko‘p ham omadi yuguravermaydigan nimjonroq Abdujabbor ko‘pincha kulgi bo‘lardi. Shu bois Hamidning maqtovi unga juda yoqdi.
Ammo bu bog‘dagi har bir daraxt qaerda, qanday joylashgani, qaysi meva, qachon pishishini yaxshi bilganimiz bois boqqa kirishning yangi yo‘llarini axtarardik. Bo‘yimiz xiyla cho‘zilib qolganidan, endi bachkana o‘yinlarni ishga solishga ham uyalardik.
Amakining Jamila ismli bo‘y yetgan, g‘oyat ko‘hlik qizi bo‘lib, unga jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz Kamol og‘a oshig‘u beqaror edi. Buni butun qishloq bilardiyu, chamasi Jamila bilmasdi. O‘qituvchi yigit juda tortinchoq, yurak yutib aytolmasdi. Shu o‘qituvchimiz bir kuni idora yonida meni imlab chaqirdi-da qo‘limga to‘rt buklangan qog‘oz tutqazib, iltijo qildi.
— Shu xatni Jamilaga eltib ber. Iltimos, o‘zing ochib o‘qima. Senga “5” qo‘yaman!
Men o‘qituvchining so‘zlarini eshitmasdim, ko‘zimga Jamila ham ko‘rinmasdi, faqat boqqa ochiqchasiga kirib borish imkoni paydo bo‘layotganidan xursand edim. Endi menga Abdujabborning ham keragi yo‘q! To‘ppa-to‘g‘ri boraveraman. Amaki so‘rab-netib qolsa, “Jamila opamda ishim bor edi, kitob so‘ramoqchiydim”, deyman. Xatni esa, ko‘rsatmayman... Keyin egasiga yetkazaman.
Jamila opa xat bilan ovora bo‘lib, meni unutadi. Ana o‘shanda sekingina anjir tagiga o‘tib...
Xullas, bog‘ darvozasi tomon odimladim. Oyoq uchida yurib, shiyponga yaqinlashganimda, ro‘paramdan Jamila opaning o‘zi chiqib qolsa bo‘ladimi?!
Unga bir zum tikilib turdim. Maktabimizning goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay yuradigan bu kutubxonachisi haqiqatan ham juda go‘zal edi. U menga savol nazari bilan qarab, mayin qoshlarini chimirdi. Mendan sado chiqavermagach, qizning o‘zi tilga kirdi.
— Ha, mevaxo‘r, kimda ishing bor? Yoki yana “yo‘lbars-yo‘lbars” o‘ynamoqchimisan? Ukam ta’zirini yedi, endi o‘ynamaydi.
Tamomila o‘zimni yo‘qotdim.
— He, shu, sizga... Bir kishi... bir xat... — poyintar-soyintar gaplarimdan Jamila kulib yubordi.
— Qanaqa bir kishi? Sen o‘zi nimalar deyapsan?
“Nima bo‘lsa bo‘lar, axir, xatni men yozganim yo‘q-ku”, dedim o‘zimcha va tilga kirdim.
— Mana bu xat sizga, opajon! Uni muallimimiz Kamol aka yozganlar. Sizga eltib ber dedi. Lekin o‘ziyam, juda zo‘r xat! O‘qisangiz, og‘zingiz ochilib qoladi, — bilmadim bu gaplar qayoqdan xayolimga keldi, o‘zim ham hayron qoldim.
Bundan Jamixon opaning o‘ymoqdekkina og‘izi lang ochilib qoldi. Ammo kutilmaganda qiziq voqea sodir bo‘ldi. Jamila opa qo‘limdagi maktubga kalxatdek chang soldi-da, uni ochib ham o‘tirmay yirtib tashladi.
Uning chiroyli ko‘zlaridan o‘t chaqnar, vajohati qo‘rqinchli edi.
— He, xati boshidan qolsin! Men uning xatiga zor emasman!
Hali o‘zimni o‘nglab olmasimdan u qulog‘imdan mahkam ushlab, buray boshladi. Ko‘zlarimdan o‘t chaqnadi, amallab qo‘lidan chiqib, nari qochdim. U meni ta’qib etishdan to‘xtab, shang‘illadi:
— Birovlarning o‘rtasiga tushish qanday bo‘lishini sen tirmizakka ko‘rsatib qo‘yaman! Borib ayt muallimingga, o‘sha landovurga ko‘zim uchib turgani yo‘q!
Bu yog‘i qandoq bo‘ldi endi? Xat bahona anjirga to‘yaman, deb quloqdan ajrashimga oz qoldi! Lekin hozirgi vajohati bo‘lsa bechora muallimim ham quruq qolmasa keragov.
Ochig‘i, men Jamiladan bunchalik bedodlik kutmagandim. Aksincha, u xatni o‘qigach, qo‘yni-qo‘njimni mevaga to‘ldiradi, butunlay iyib ketsa bormi, hatto peshonamdan o‘pib erkalaydi, deya xomtama bo‘lgandim.
Jamila qurmag‘ur esa hamon muallim ikkovimizning go‘rimizga g‘isht qalardi. “Agar oshiq-ma’shuqlik shunaqa bo‘lsa, qurib ketsin!”, dedim ichimda va bog‘ darvozasi tomon qochdim. Darvozadan chiqqach, jon holatda u yoq-bu yoqqa qaradim-da, uyimizga qarab zing‘illadim. Bir mahal muallim halloslaganicha meni quvib yetdi. Uning chehrasida xavotir, umid va allaqanday betoqatlik alomatlari zohir edi. Bechoraga rahmim kelayotgan bo‘lsa-da, sirtimga chiqarmay tumtaydim.
— Xo‘sh, qani gapirchi, xatni oldimi? Javobini qachon berarkan? — Muallimning ko‘zlari jovdirardi.
— Javob emish, — to‘ng‘illadim men, — hech qanaqa javob yo‘q. U xatni yirtib tashladi. Yana qulog‘imni ham boplab cho‘zdi.
Kamol bo‘zarib ketdi, olazarak bo‘lganicha meni yupatishga tushdi.
— Mayli, yirtsa yirtaversin. Biz ham ko‘chada yotganlardan emasmiz... Faqat xatni yirtganini hech kimga aytma. Senga albatta “5” qo‘yaman!
Oradan ko‘p o‘tmay Jamila xatni xo‘jako‘rsinga yirtgani, qulog‘imni esa bekordan-bekorga cho‘zgani ma’lum bo‘lib qoldi. Paxta terimi oldidan Kamol va Jamilaning to‘ylari bo‘ldi. Biz bu to‘yda maza qilib, bekinmachoq o‘ynadik va sermayiz oshdan to‘yib yedik. Boshqalar ham bog‘dagi maktub voqeasini shu kuni bilishdi.

* * *
Bu dunyoi dunda hech bir mavjudot vaqtning keskir va shafqatsiz shamshiriga dosh berolmas ekan. Qish adog‘idagi izg‘irin tonglarning birida qishloq ko‘chasida chor-atrofni larzaga solib, katta buldozer paydo bo‘ldi. Buldozer belkuragini shundoq bog‘ devoriga taqab, so‘ngra to‘xtadi. Xotin-xalaj, bolalar, kattalar — hamma bog‘ darvozasi tomon oshiqdi.
Ko‘p o‘tmay yuk mashinasida bizga notanish odamlar kelishdi.
Rais, partkom, hosilot, hisobchi ham shu yerda edi. Shivir-shivirlardan ma’lum bo‘ldiki, yuk mashinasida kelganlar yo‘l qurilish idorasidan, ular buldozer yordamida bog‘ni buzmoqchi ekanlar. Bog‘ o‘rnida yangi yo‘l tusharmish. Konga eltadigan yo‘l... qishloq o‘rtasidan, bog‘larni oralab... Aylanib o‘tkazishsa xarji ortib ketar ekan. Bu kondan chiqadigan rudalarni to‘g‘ri markazga eltishar emish. Xullas, shunday gaplar... Suyukli bog‘chamiz esa mung‘ayib qolgandek edi.
Yuqoridan kelganlar rais bilan gaplashib, biroz taraddudlanishgach, ularning ishorasi bilan bahaybat buldozer bog‘ devoriga hamla qildi va necha yillik paxsa devorning kattagina qismi gursillab og‘ir quladi.
Xuddi shu asnoda buldozer qarshisida qo‘shog‘iz miltiq ko‘targan Amaki paydo bo‘ldi. Uning hayqirig‘i devor gursillashiyu, traktor ovozini ham bosib yuborgandek bo‘ldi...
— O‘chir traktoringni! Bo‘lmasa hammangni otib tashlayman! — dedi Amaki vahshatli tovushda.
Cholning oq yaktagi hilpirar, ko‘kragi ochiq, sallasining pechi chuvalib ketgan, paylari bo‘rtib turgan qo‘llari qaltirardi. Ish bunday tus olishini kutmagan kattalar ham, rais ham gangib qolishdi.
Ular o‘zaro pichirlashib olishgach, ish to‘xtatildi.
— Bu bog‘ni buzaman degan odam, avval o‘ligim ustidan o‘tishi kerak! — dedi Amaki miltiqni yelkasiga osar ekan.
— Bo‘ldi, bo‘ldi, Amaki, — dedi rais murosa qilib, — endi bu bog‘ni hech kim buzolmaydi, mana, men kafil!
Jimgina tarqalayotgan olomonni kuzatar ekanmiz, bog‘ bo‘g‘ziga qadalgan pichoqning dami qaytganiga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmasdik.
Xavotirimiz bekor emas ekan. Oradan biror haftalar o‘tgach, tongda uyg‘onib, idora yoniga kelganimizda aldanganimizni anglab yetdik. Tong qorong‘usida uyqudagi bog‘ mahv etilgandi.
Ildizi bilan qo‘porilgan ko‘p yillik daraxtlar, qulagan paxsa devorlar juda ayanchli manzara kasb etgan, sho‘ppayib turgan yolg‘izgina temir darvoza yuraklarga anduh solardi. Yuzlari qorayib ketgan Amaki savdoyidek bo‘lib qoldi. U hech kim bilan gaplashmas, o‘sha qo‘shog‘iz miltig‘ini yelkasiga osganicha, bog‘ vayronasida aylanib yurar, biz ham shu yerdan nari ketolmasdik.
Ana shu ildizlar o‘rnida barpo bo‘lgan manov yangi bog‘ni o‘sha bizning bo‘sh-bayovgina Abdujabbor jo‘ramiz tikladi. Uning otameros bog‘da qalbida niholday ungan mehr uni bugun mirishkor bog‘bonga aylantirdi. Xuddi ko‘hna ildizlardan bog‘lar ko‘klagandek. Istiqboli shubhali sanalib ishga tushmay qolgan o‘sha kon ham hech qachon bo‘lmagandek hech kimsa elamaydi. Ammo bog‘ni eslashadi. Bir to‘p beg‘am bolalarning shovqinidek shovullab turgan bu bog‘ning sasi erkin qo‘shiqdek tuyuladi odamga.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 27-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.