OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘ra Fozil. Soy bo‘yida (hikoya)

Ushbu hikoya qirq yil kechikib yozildi. Yigit umriga teng shu yillar mobaynida  u necha  martalab qog‘oz qoralagan bo‘lsa-da, hech ko‘ngli to‘lmas, nimadandir uyalar, ikkilanar, istihola qilardi.
Bolaligida yozning jazirama kunida ro‘y bergan voqealar xotirasida muhrlanib qolgan, unga sira tinchlik bermasdi.
Oradan ko‘p yillar o‘tdi. U harchand urinmasin, o‘sha, yuragida shuncha vaqtdan beri asrab-avaylab, kimdandir uyalib, kimdandir qizg‘anib yurgan hikoyani hamon qog‘ozga tushirolmasdi. O‘nlab kitoblari nashr etilgan bo‘lsa-da, ana shu birgina hikoyani qanday yozishni bilmasdi. U yana uzoq vaqt qog‘oz qoraladi, yozganlarini takror-takror yirtib tashlardi.
Nihoyat, o‘sha, bolaligidagi singari issiq yoz kunlarining birida u yana qo‘liga qalam oldi. Endi uning yoshi oltmishga yaqinlashgan, agar hozir yozmasa, keyin sira yozolmasligiga ko‘zi yetib qolgandi.
Yuragi, shuurining tub-tubida shuncha yil yashirinib, o‘z vaqt-soatini kutib yotgan eng go‘zal, eng bokira tuyg‘ular seldek toshib keldilar. Uzoq kuttirgan hikoya bir necha soat mobaynida qog‘ozga tushdi...


* * *

Saratonning juda issiq choshgohi. “G‘ir” etgan shabada yo‘q, qishloqning sertuproq yo‘llari, hatto, bog‘-chorbog‘lar ham olov purkaydi.
O‘shanda Samad yetti yoki sakkiz yoshda edi. Qishloq yaqinidan oqib o‘tadigan soyga cho‘milishga jo‘nagan bolalar uni o‘z saflariga qo‘shishmadi. Nima keragi bor, u hali yaxshi suza olmaydi, ortiqcha dahmaza bo‘lishi mumkin.
Issiqdan behuzur bo‘lgan Samadga juda alam qildi. U o‘zidan kattaroq bolalar ketgan tomonga emas, paxtazor yoqalab, soyning sayozroq yeriga qarab jo‘nadi.
Soy yoqasiga  yetganida suvning salqin epkini yuziga urildi. Sohil qamish, buta, tollar bilan qoplangan, juda so‘lim edi. U bir muddat taraddudlanib, qulay joy izladi.
Samad yechinib, pastga tusha boshlagan ham ediki, birdan shodon qiyqiriq eshitildi. Bolakay tolning suvga egilgan tanasini qayirgan ko‘yi joyida qotib qoldi. Qishloqning eng go‘zal, bo‘yga yetgan qizlari Zaynab va Muqaddas soyning sayoz joyida bir-birlariga suv sepib, sho‘xlik qilishardi.
Qizlar quyuq tollar orasida turgan Samadni ko‘rmasdilar.
Zaynab hovuchini suvga to‘ldirib, Muqaddasga sepib yubordi, qiz qiyqirib nari qochdi. Samad nafas olmay, qizlarni kuzatar, bu holat uzoq davom etishini istardi.
Qizlarning qop-qora chilvir sochlari... Ular qiy-chuv bilan bir-birlariga suv sepishda davom etardilar. Shu asnoda Samad ushlab turgan tol novdasi “qirs” etib sindi-yu, bolakay shaloplab soyga quladi. Qizlar baravariga chinqirib yuborib, qandaydir o‘zlari idrok etmagan chaqqonlik bilan suvga bekindilar.
Aksiga olganday Samad Zaynabning shundoq qochog‘iga tushib qolgandi. Qishloqning eng sho‘x-shaddod qizi uni o‘z quchog‘ida ko‘rib, xandon otib kuldi.
– Ob-bo, uyatsiz-ey, senmiding, yurakni yorib yubording-ku! – Qiz uni bir muddat qochog‘ida tutib turdi. So‘ng o‘zidan itarib yuborib, bo‘ynidan mahkam qisdida, suvga pisha boshladi.
Bolaning og‘iz-burni suvga to‘ldi. U voy-voylab, shafqat so‘rar, lekin Zaynab o‘zini kulgidan to‘xtatolmay, bolakayni suvga pishishda davom etardi. 
Nihoyat, u holdan toyib, “gunohkor”ni qo‘yib yubordi. Samad bir amallab qirg‘oqqa chiqib oldi. 
Qizlar endi o‘zlarining raso qomatlarini bekitmay qo‘yishgandi. Bo‘yi yetgan qizlar Samaddek mishiqini necha pulga olishardi?..
Samad sohilda gungu lol bo‘lib turardi. Qizlar kiyimlarini kiyish uchun qirg‘oqqa chiqa boshladilar.
— Pismiq o‘lgur, — dedi Muqaddas ho‘l sochlarini yelkasidan oshirib tashlar ekan, — bizni poylab kelgan ekansan-da? 
— Yo‘q-yo‘q, poylamadim, men cho‘milmoqchi edim. Katta bolalar o‘zlari bilan olib ketishmadi. Suzishni bilmas emishman. Men juda yaxshi suza olaman, — dedi Samad jovdirab.
— Suzishni bilar emishlar... Ishtoningni ko‘tar, tushib ketmasin! — dedi Zaynab bolakayning biqinidan chimchilab olar ekan. 
Samad voy-voylab nari qochdi. Qizlar uning ustidan kula-kula kiyimlarini kiya boshladilar. Odmigina chit ko‘ylaklar, ko‘k, qirmizi durrachalar ularning chiroyini tag‘in ham ochib yubordi. 
Qizlar maysa ustiga o‘tirib, ho‘l sochlaridan suvni siqa boshladilar. 
— Samadjon, dedi bir mahal Zaynab ovozi muloyimlashib, — bu yoqqa kel, yonimga o‘tir. Endi chimchilamayman.
Bolakay ishonib-ishonmay qizlarga yaqinlashdi. 
— Mana, bu yerga o‘tir! — dedi Muqaddas ham yonidan joy ko‘rsatib. 
Samad Zaynabning yoniga, maysa ustiga o‘tirdi. Qiz barmoqlarini chaqqon ishlatib, sochlarini o‘rardi. Uning sochlaridan yangi ochilgan atirgul hidi kelardi. 
— Samadjon, — dedi Zaynab bolaga qattiq tikilib, qani ayt-chi, men chiroylimanmi yoki Muqaddasmi? Faqat to‘g‘risini ayt. Yolg‘on gapirsang, yana suvga pishaman! 
Bola qishloqning har ikki go‘zalini uzoq kuzatdi. Zaynabning bodom qovoqlari, tim qora sochiyu, uzun kipriklari juda chiroyli... 
Muqaddas kulcha yuz, qoshlari mayin, lablari gulg‘unchadek. Bola uzoq ikkilandi. So‘ngra, “Ikkovingiz ham juda chiroylisiz” dedi. 
— E, yo‘q, bunaqasi ketmaydi, — deyishdi qizlar uni ikki tomondan iskanjaga olib. — Bittamizni tanlaysan, yigitcha, faqat bittamizni! 
Samad boyaqish ikki o‘t orasida qolgandi. Biri chimchilaydi, biri suvga pishaman, deydi. Nima qilish kerak? Bola bir yulqinib, qizlar iskanjasidan qutildiyu, yugurib ulardan uzoqlashdi. 
— Zaynab opa, siz chiroylisiz! Sizni olaman! Bola shunday dediyu qishloq tomon tiraqaylab qochdi. Qizlar tizzalariga shapatilab, qotib-qotib kulishar, ko‘z yoshlarini tiyolmasdilar. 
— Ana xalos, — dedi Muqaddas o‘zini kulgidan hamon to‘xtata olmay, — Bu deyman, Murodjon xotinsiz qoladi endi!..
Zaynab ko‘kraklarini silkitgancha xoxolar, kulgu to‘la ohu ko‘zlarida mamnunlik alomatlari sezilardi. 
Bolakayning bergan bahosi uning ko‘nglini ko‘tarib yuborgandi. Bo‘yi bir qarich bo‘lsa nima qipti? Erta-indin u ham er yetib qishloq qizlari yo‘lini to‘sa boshlaydi. Erta-indin Murodjon ikkovining  to‘yi bo‘lsa ajabmas. Eh, Murodjon, Murodjon. Shu tirmizakchalik diding yo‘qmi, sening? Chiroylisan deb biror marta aytganing yo‘g‘-a?

* * *

Qizlar og‘ushiday issiq yozning shu qisqa tunida bolakay deyarli uxlamadi. Ko‘zlarini yumdi deguncha, diydalari oldida Zaynabning juda mukammal qaddi-qomati gavdalanar, mayda o‘rilgan chilvir sochlar, qo‘sh kabutar to‘shiday bo‘rtgan siynalar allaqanday sirni shivirlagandek bo‘lardi. 
Samad har ikki rasida qizni uzoq kuzatgan bo‘lsa-da, Zaynabni tanlagandi. Holbuki, Muqaddas qaddu qomat, husn bobida dugonasidan sira qolishmas, kulganida lo‘ppi yuzlarida paydo bo‘ladigan kulgichlar jon olgudek edi. Lekin Samad baribir Zaynab chiroyliroq deb hisoblardi. Alloh norasida, hali ayol go‘zalligini baholashga qodir bo‘lmagan go‘dak ko‘ngliga nimadir solgandi, chamasi.
Go‘zal Zaynab esa bugungi iltifoti uchun boladan mingdan ming rozi edi. Samad o‘zi bilib-bilmay qiz yuragidagi beg‘ubor bokira his-tuyg‘ularni alangalatib yuborgandi.

* * *

Tiniq osmon yulduzlar jimir-jimiriga to‘la.
Shu tun faqat Samad emas, Zaynab va Muqaddas ham bedorxob, bezovta edilar. Zaynab yonib-o‘rtanib Murodjon haqida o‘ylasa, hali birovni sevib ulgurmagan Muqaddas o‘z ko‘nglining bo‘lajak sultoni haqida shirin xayollar surardi.
Samad shu kun hayotida ilk bora Ayol Go‘zalligi deb atalmish qudratli va hayotbaxsh kuchga ro‘baro‘ bo‘lgandi, nima qilishini bilmasdi. His-tuyg‘ulari hali juda bokira bolakayning ko‘zlarida hayrat yolqini jilvalanardi.

* * *

Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Samad ismli bolakay er yetib, o‘shanda Zaynab “bashorat” qilganidek, qizlar aqlini shoshiruvchi yigitga aylandi.Uning o‘tkir nigohlaridagi hayrat yolqini endi yanada kuchliroq alangalanardi.
Yigit sohibjamol qizga uylandi. Lekin u sevgi-muhabbat osmonida har qancha yuksak parvoz etmasin, saratonning o‘sha jazirama kunini, soy bo‘yida Go‘zallik ilohalari bilan ilk uchrashuvini hamon unutolmaydi...
... Tun, Samad, Zaynab, Muqaddas... Va butun umr davomida yo‘lida uchragan Go‘zallar, Go‘zalliklar... Bularning hammasi endi Samadning, e, yo‘q, Samad boboning ko‘z o‘ngidan birma-bir o‘taveradi...
Loyqa suvli sharqiroq soy. Mana, tolning nozik novdasi “qirs” etib sindi. Samad soyga quladi...
Qizlar kuchli bir chinqiriq bilan o‘zlarini bekitgan bo‘ldilar. Loyqa suv esa ularning go‘zal vujudlarini faqat tizzalarigacha bekitib turibdi...
So‘ngra Zaynab bolakayni suvga pisha boshladi. Har ikkalasi ham chaqmoq urgandek bo‘ldi...
Keyin... Keyin... Zaynab juda bo‘shashib ketdi, vujudi dir-dir qaltiray boshladi...
Saraton quyoshi tobora balandlar, suvning sho‘x qo‘shig‘i avjiga chiqmoqda edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.