OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jo‘rabek Ramazonov. Telba dunyo (hikoya)

Oqish osmon ostidagi oqshom sekin qorayib borardi. Shafaqning qizil ranglari ham quyuqlashar, umuman, oq, qizil va qora rang qorisha boshlagan edi osmonda.
Sumbula tinmay gapirar, men esa ketish lozimligini aytishga botinolmasdim. Ha, unga qizig‘i yo‘q – kechaning ham, kunning ham. Qolaversa, tabiatning tongdan boshqa mezoniy vaqtini his qilolmaydi u. 
Yo‘q, yanglishgan ekanman. Sumbula birdan gapdan to‘xtab, diqqat bilan o‘zicha quloq tutdi-da, so‘radi:
– Nima, kech bo‘ldimi?
– Qaerdan bilding? – ajablandim.
– Ko‘zim ko‘rmasa ham qulog‘im eshitadi.
Darvoqe, tevarakda baqalarning odatiy kechki ovozi boshlangan, chinakam sukunatning yakka-yu yagona kushandasi bo‘layotgan bu ovoz esa Sumbulaga begona emas. Xayolimga kelmabdi shu.
– Kechir, – dedim o‘rnimdan turib. – Yur, ketdik!
U ohista qo‘zg‘alib, qo‘lini uzatdi. Kaftidan yengilgina tutarkanman, tanish tuyg‘u qamrab oldi vujudimni. Yo‘q, tanish emas, aslida bu his nimaligini bilmayman. Faqat… meni ko‘ra olmaydigan qizni har kun ko‘rgim kelishini bilaman, xolos. Yana shuni bilamanki, ikkimizni bu atrofda ko‘pchilik ko‘rolmaydi. Og‘zi ochiq xotinlardan biri onamga nima debdi deng: men o‘zi bir Xudo qarg‘agan qizni battar baxtiqaro qilayotgan emishman. Ha, Sumbula ko‘p narsani bilmaydi. Hatto o‘lim degan tushuncha haqida tasavvurga ega emas u. Ammo uzzukun bir burchakda o‘tirishga mahkum odam bilan sayr qilish, unga o‘zi ko‘rolmaydigan dunyoning faqat yaxshi tomonlarini gapirish gunohmi? Xo‘sh, bu telba dunyoning bevafoligi, masalan, Niginani otasi o‘zi tengi erkakka zo‘rlab unashtirgani yoki bir oyog‘i go‘rga borib qolgan Shodi boboning maktabdan qaytayotgan bolalarni itiga quvdirib zavqlanishini aytsam, ko‘nglingiz joyiga tushadimi? Kechirib qo‘yibsiz! Bunaqa insoniylik doirasidan tashqaridagi voqealardan Sumbulaning o‘zi xabar topsin – qachon nasib qilsa, o‘sha payt. Men har kuni unga atrofning go‘zalligini, gullar rang-barang, dala ko‘m-ko‘k tusga kirib, yanada jozibaliroq ko‘rinayotganini takrorlab charchamayman. Aslida bu atrofda birorta ham gul yo‘qligini, o‘t-o‘lanlar allaqachon xasga aylangani-yu, molboqar bolalar o‘yini oqibatida dalaga o‘t ketib, tevarak qop-qora tusga kirganini kim aytmoqchi bo‘lsa aytaversin. Sumbula baribir menga ishonadi.
U aslida ko‘zi ochiq kelgan dunyoga. Hali yaxshi-yomonni anglash, oq-qorani farqlash yoshiga yetmay, noto‘g‘ri muolaja oqibatida ojizaga aylandi-qo‘ydi. Avvaliga erta-indin deb yurgan do‘xtirlar keyinchalik butunlay bosh chayqaydigan bo‘lishdi. Ko‘rsatmagan joyi qolmadi Saltanat opaning. Nihoyat poytaxtdagi shifokorlardan biri buning chorasi borligini, faqat bemor balog‘at yoshiga yetishi lozimligini aytdi-yu, ertangi kunga umid bilan qarashdan boshqa iloj qolmadi ona uchun. O‘zi taqdir Saltanat opani siylamagan. To‘ng‘ich farzandi o‘g‘il, u ham kasalmand. Uchinchisi o‘lik tug‘ildi-yu, bir yil o‘tmay eri qazo qildi. Yillar davomida qayta turmush qurmayotgan bu ayolning ko‘nglidagi faqat Xudoga ayon. Bir yil bo‘lgani yo‘q, kimsan Mengliboy ikki marta sovchi qo‘yib, rad javobini oldi.
– Kuni bir tutam beva menga yo‘q dedimi? – darg‘azab bo‘ldi boyvachcha. – Qishloqning eng old qiziga uylanmasam, erkak emasman!
Mengliboy aytganini qildi. Mana, Niginani otasi urib-so‘kib, unashtirib qo‘ydi o‘sha odamga.
Sumbulani uyiga kuzatib, qaytib kelganimda tun batamom pardasini yoygan edi borliqqa. 
– O‘sha yerda tunamadingmi? – dedilar onam sal zarda bilan. – Peshin edi ketganing. Mollarni haydab kelaman deb ukang eshakdan yiqilibdi.
– Vaysama! – otam aralashdilar. – Yiqilib-yiqilib katta bo‘ladi. Senga esa, o‘g‘iltoy, maslahatli gap bor.
Xiyla hayajonlandim, chunki otam menga hech bu ohangda murojaat qilmaganlar.
– Ovqatini yesin, keyin aytasiz, – dedilar onam.
Otam bosh chayqab, yostiqqa yonboshladilar. Biroq ovqatlanib bo‘lgunimcha pinakka ketib ulgurgandilar. Savol nazari bilan qaradim onamga.
– Kirib uxla, ertalab gaplashamiz.
Tuni bilan beorom bo‘ldim. Ota-onamning yuz ifodalaridan shunchaki aytib qo‘yilishi mumkin bo‘lmagan gap nima ekan? Albatta, ularning har qanday amriga bo‘ysunishim shart, faqat bu hol meni Sumbuladan judo qilib qo‘ymasa bas.
Ertalab nonushtadan keyin ukam mollarni haydab ketgach, otam gap boshladilar:
– Endi… ancha katta bo‘lib qolding, o‘g‘lim. O‘qi dedim, ko‘nmading. Lekin sendan ko‘nglim to‘q, qo‘lingdan hamma ish keladi. Faqat…
Otam chaynalib to‘xtashlari bilan onam ilib ketdilar:
– Qisqasi, seni uylantirmoqchimiz. Bir o‘zim qiynalib qoldim uy yumushlari bilan. Kecha Saltanat xolang bilan gapni bir qildik.
Birdan ko‘ksim hapqirib ketdi. Nahotki, ota-onam meni Sumbulaga uylantirmoqchi?! Odamlarning bir og‘iz so‘zidan tepa sochi tikka bo‘ladigan onam-a? Chindan-da mo‘‘jiza bu! Ular menga ko‘zi ojiz qizni ikki dunyoda ham ravo ko‘rishmaydi deb xato o‘ylab yurgan ekanman. Mana o‘zim cho‘chib yurgan haqiqat!
– O‘zing bilasan, – davom etdilar onam, – Sarvi juda yaxshi qiz. Bizga undan munosibroq kelin yo‘q.
Ana shundagina nafasim to‘xtagudek bo‘lib, bo‘ynim muzday terga botganini his qildim. Men go‘lning xayolimni faqat Sumbula band etib, o‘z xolamning ham ismi Saltanat ekanligi esimga kelmabdi. Aslida mana bunisi men qo‘rqqan haqiqat.
Bir muddat haykal ko‘yi qotib turdim-da, so‘ng shundoqqina bo‘g‘zimda turgan yig‘ini zo‘rg‘a ichimga yutib, tashqariga otildim. Ko‘chada ikkita chelak ko‘targan qiz ketib borar, sal naridan bir to‘p bola mol haydab kelardi. Men esa shunday yugurdimki, hatto Shodi cholning qopag‘on iti ham ortimdan chopib, zum o‘tmay iziga chekindi. Sumbula tong sahardan hovlilari o‘rtasidagi supaga chiqib o‘tiradi. O‘zining aytishicha, quyosh chiqayotgan payt ko‘z oldi boshqacha bo‘lib ketarkan.
Uning oldiga yetganimda shunday hansirar edimki, nafasim bilan birga yurak urishim ham eshitilardi.
– Kim u? – dedi xiyla hayajonli tovushda.
Indamadim. O‘pkam to‘lib, beixtiyor asta poyiga cho‘kdim-u, telba dunyoning jami kulfatlarini bir lahzagina bo‘lsa-da unutish murodida tizzasiga bosh qo‘ydim. Sumbula avval bir seskandi, keyin boshimni ushlab, yuz-ko‘zimni paypasladi-da, yengil nafas oldi.
– Nima gap, odamni qo‘rqitding-ku?
Birdan ho‘ngrab yig‘lab yubordim. Ilk marotaba yer yuzida mana shunday nochorlik ham borligini Sumbulaga o‘z misolimda oshkor etdim.
– Yig‘layapsanmi? Nima bo‘ldi, gapirsang-chi! – dedi o‘zi ham yig‘lagudek bo‘lib.
– Seni yaxshi ko‘raman, – dedim sekin, bo‘g‘iq tovushda.
– Tentak! – og‘ir yutindi u. – Shunga shunchami? O‘takamni yording-ku. Men ham seni yaxshi ko‘raman.
Sumbula o‘zicha ko‘z yoshlarimni barmoqlari bilan artmoqchi bo‘lar, men esa hozir ilk bora o‘zimga og‘irlik qilayotgan boshimni uning tizzasiga qo‘ygan ko‘yi uxlab qolishni, keyin sira uyg‘onmaslikni istardim.
– Bo‘ldi, – dedi oxiri kafti bilan engagimdan ko‘tarib. – Men ham seni yaxshi ko‘raman, dedim-ku, bas qil-da endi. Keyin, meni ikkinchi bunday qo‘rqitma. Shu gapni ham yig‘lab aytadimi odam!
Burnimni tortgancha boshimni ko‘tardim-u, beton yo‘lakda o‘zi ham, nigohi ham tosh kabi qotgan Saltanat opaga ko‘zim tushdi…
Otam ham, onam ham uylanishim mavzusida boshqa gap ochmadilar. Mening esa uyda o‘tirgim kelmas, yo Sumbula bilan birga, yoki suvi quriy deb qolgan soy bo‘yida yolg‘iz o‘tirardim.
Nihoyat onasi Sumbulani Toshkentga olib borish taraddudiga tushdi. Qishloq ahli borini ayamadi. Saltanat opa esa Mengliboydan boshqa deyarli hammadan pul oldi. 
Sumbulasiz o‘tgan kuzak kunlari asrlarday cho‘zildi. Nima bo‘lganda ham Xudodan uning shifo topishini so‘radim. Mayli, ota-onam oldimga og‘ir shart qo‘ysin, Sarviga uylantirishsa ham mayli meni, faqat Sumbulaning ko‘zlari ko‘rsa bo‘lgani.
Yomg‘irli kunlarning birida qoq tush mahali Sumbulaning qaytib kelgani-yu, hamma qatori hamma narsani ko‘rayotgani ovoza bo‘ldi qishloqqa. Terimga sig‘masdan, tinmay sakragim, duch kelgan odamni quchoqlab olgim keldi. Istaysizmi-yo‘qmi, bu baxtning bir qismi meniki! Oyog‘imni qo‘limga olib yo‘lga otlandim-u… taqqa to‘xtadim. Birdan miyamga urilgan fikr oyoqlarim uchigacha muzlatib yubordi. Ilk marotaba og‘ir darddan forig‘ bo‘lgan qiz qarshisida o‘zimning dardmandligimni tan olish dahshati bilan yuzma-yuz keldim. Ha, o‘ng chakkamdagi piyola ostidek cho‘tir chandiq o‘ylantirgandi hozir. Sumbula meni qanday tasavvur qilardi-ya! Xayolida shahzoda bo‘lib yashagan bola mana bunday ko‘rimsizligini ko‘rib, qay ahvolga tusharkan u? “Undan ko‘ra butun umr ko‘r bo‘lib yashasam yaxshi edi”, deb ta’na qilsa, qanday javob qaytaraman? Yo‘q, u o‘sha Sumbula bo‘lsa bunday demaydi. Faqat yig‘lashi mumkin. Ana shunda u so‘qir ko‘zi bilan ham meni ovutgani kabi yupatolmaymanmi deb qo‘rqaman…
Horg‘in holda qaytib uyga kirdim. Onam qandaydir tugunni ko‘tarib, yo‘lga otlanayotgan ekanlar.
– Sen bormaysanmi? – dedilar. 
Javob qilmadim.
Kechgacha ich-etimni tirnalab, o‘n yoshga qariganday bo‘ldim. Qorong‘u mahali kirib keldilar onam. Orziqish bilan og‘izlariga termuldim.
– Sumbula sendan rosa xafa bo‘ldi, – dedilar. – Ot minib tushgan rasmingni ko‘rsatgandim, olib qoldi. Ertalab bormasang, o‘zi keladi. Haligi… ko‘zi ba’zan ozgina xiralashayotgan emish. Do‘xtirlar bu vaqtincha debdi.
Demak, u suratda yuzimdagi chandiqni ilg‘amagan. Umuman, bu nuqsonimni birov yuzimga solgan emas. Lekin nega to‘satdan shu haqda o‘ylab qoldim – bilmayman. Nima bo‘lsa bo‘lsin, ertalab uni ko‘rgani boraman.
Tunni qush uyqusi bilan o‘tkazdim. O‘zimni boshdan oyoq takror-takror ko‘zdan kechirgach, yo‘lga tushdim. Tepalik ortiga burilganimda dod-faryod sadolari qulog‘imga chalindi. Yana bir necha qadam qo‘ygach, Saltanat opaning “voy bolam!” degan tovushini ajratib oldim-u, etim seskanib ketdi. “O‘g‘li o‘libdi-da, bechora”, degan o‘y kechdi ko‘nglimdan. Sho‘rpeshona ona! Bir farzandining baxtini endi ko‘raman deganda ikkinchisidan ayrilib o‘tiribdi. Eng dahshati, Sumbula hayotning shafqatsiz zarbasini birinchi bor o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Unga qiyin bo‘ladi endi. Telba dunyo men ta’riflaganchalik pok va go‘zal emasligini, bu dunyoda faqat yaxshi odamlar yashamasligini ko‘radi, idrok etadi. Balki meni yolg‘onchilikda ayblab, norozi ham bo‘lar. Har nima bo‘lganda ham bunday og‘ir damda unga dada bo‘lishim, yolg‘izlatib qo‘ymasligim kerak.
Shu payt qarshimdan og‘irgina yugurib kelayotgan qo‘shni ayolni ko‘rib, chala jur’at bilan so‘radim:
– Nima gap, xola?
U yurishdan to‘xtamay javob qildi:
– Sumbula tomdan yiqilib…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.