Katta hovli. Paxsa devor bilan o‘ralgan. Tartib bilan gullar ekilgan. Hammayoq saranjom-sarishta. Hovlining bir chetida mol-holga alohida joy qilingan. Supaning kunchiqar tarafida shoxlari tarvaqaylagan baquvvat katta daraxt – qayrag‘och. G‘adir-budur, to‘q jigarrang po‘stloq bilan qoplangan tanasi qulochga sig‘maydi. Uch-to‘rt qurigan shoxi osmonu falakka nolakor uzalgan qadoq qo‘llarga o‘xshaydi.
U supa ustida oq oralagan sochlarini kafti bilan silagan ko‘yi o‘yga cho‘mgan edi. Uzoqdagi tog‘ cho‘qqilari bugun o‘zining avvalgi tarovatini yo‘qotganday tuyuldi. Qani endi imkon topilsa-yu, ko‘ngil xiraliklarini sidirib tashlasa. Afsus, buning iloji yo‘q! Hayot murakkab, turmush chigal...
U beixtiyor kamzuli cho‘ntagini kovladi. Qo‘liga qattiq narsa ilashdi.
Tudana! Esiga tushdi: O‘ttiz yillar oldin bo‘lgan edi bu voqea. Ilmiy ishini himoya qilish uchun xorij safariga ketayotgan payt ota-ona uni chaqirib olishdi. Fotihadan so‘ng, otasi cho‘ntagidan kichkina bir narsa chiqardi. U buning tudana ekanini payqadi. Payqadi-yu, mashinasida tumor taqib yurganligi uchun ishdan haydalgan odamlarning iztirob chekkanini ko‘z oldiga keltirib, otam ham qiziq-da, degan fikr xayolidan lip etib o‘tdi. Biroq, otasining xalq dostonlarini yoddan bilishi, eshitganlar sel bo‘lib yig‘lashini esladi-da, miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi. Ko‘ziga qarab turgan otasining yuzi sal qizarib ketganidan o‘g‘il otasining bu fikrini anglaganini sezdi. Otasi esa bosiqlik bilan gapirdi: “O‘g‘lim, men bu tudanani mana shu gujumning yashnab turgan shoxidan yasattirdim. Zardolining yelimi shimdirilgan. Buyam bir istak-da, o‘g‘lim! Sen bizning to‘ng‘ichimiz. Sen avlodimizdan ilk bor katta ilm dargohiga chiqayotgan, olim bo‘lishga intilayotgan farzandsan. Biz shundan faxrlanamiz. Xavotirimiz ham yo‘q emas.”
Shu payti otasining ovozida sal qaltirash sezildi, ko‘zlari namlandi. Onasi esa ko‘z yoshlarini tiya olmasdi. Birozdan keyin ota so‘zida davom etdi: “Bu tumor. Yoningda saqla! Seni har xil balolardan saqlaydi. Dilingdagi ishonch mustahkam bo‘ladi. Ishonch mustahkam bo‘lsa, qalbing quvvati, ruhing quvvati hech sinmaydi!”
Onasi ham yig‘lamsirab: “Shunday qil bolam. Zinhor shunday qil!” – deb bir necha bor tayinladi...
Mana bugun shu tudana uning qo‘lida. Yonida doim avaylab saqlar edi. Qanday qilib kamzulining cho‘ntagiga tushib qoldi ekan?! U diqqat bilan tudananing orqa-oldini aylantirib qaradi. Yozuvlariga ko‘zi tushdi. Endi u hayajon bilan noyob naqshlar orasiga yashiringan suls yozuvidagi harflarni hijjalab o‘qidi: “Allohumma xirliy vaxtirliy”. Ma’nosini chaqdi: “Ey Alloh, mening ishimni yaxshilik tomonga bur va ko‘p yaxshiliklarni bajarishda ilhom ato et.”
Ko‘zlaridan dovullab yosh chiqdi: “Oh, Otajonim-a, oh, Onajonim-a! Menga qanchalik g‘amxo‘rlik qilgan ekansizlar-a! Qanday farosatsiz ekanman, o‘shanda?! Agar o‘shanda fikrim, tushuncham, hayotni ilg‘aganim hozirgidek bo‘lganda, mening taqdirim, kelajagimning binoyidek bo‘lishi sizning baxt va quvonchlaringiz ekanligini anglaganimda, quchoqlab-quchoqlab sizlarning sevinchlaringizni ham, o‘zimning shodligimni ham ko‘klarga ko‘targan bo‘lardim. Qanday o‘g‘il ekanman-a?! Men g‘ofil banda buni endi, bugun tushunib yetibman-a! Naqadar g‘o‘r va fahmi yo‘q ekanman-a... Endi farosatim yetdi-ya! Qanchalik kech!”
U daraxt tanasini quchoqlab ich-ichidan nola qildi. Daraxt tanasining g‘adir-budiri bilaklarini og‘rita boshlaganida o‘ziga keldi. Qurigan daraxt shoxchasining g‘ashga tegar qatir-qitir tovushini eshitib, bosh ko‘tarib, qaradi. Musicha ham u tomonga qarab turar, xuddi uning yana ham e’tibor bilan tikilishini yalinib so‘rayotgandek edi. U qattiqroq tikildi: qush ham unga sal qayrilib qaraganicha boshini ikki-uch marta chapdan-o‘ngga, o‘ngdan-chapga chayqadi-da, quyi tarafga qarab uchdi. Hayron bo‘ldi: musichaning bosh chayqashini umrida birinchi marta ko‘rishi edi. Bu nimaning alomati ekan, deya o‘y surayotgan ham edi-ki, g‘adir-budir gujum tanasining o‘ng tarafidan o‘sib chiqqan jajjigina yosh novdaga ko‘zi tushdi. Novdaning hali toza kuchlanib ulgurmagan barglari hayotning lazzatli onlaridan bahramand bo‘layotganini bildirmoqchiday, erkalanib mayin esayotgan shabadada, uning belanchagida ohistagina tebranardi. Eh, hayot, bunchalik shirinsan-a, deb qo‘ydi, u cheksiz hayratni uyg‘otgan yashil novdani kaftlari orasiga avaylab, olib silarkan. U bahaybat gujum bo‘lishi mumkin-ku, axir! Qanday ajoyib bo‘lardi-ya! Axir ota-onamning dillaridan mahkam joy olgan eng qadrdon daraxti-ku! Asrab-avaylab o‘stirish kerak, degan fikr yashin tezligida xayolidan o‘tdi.
Ko‘ngli tinchidi. Ammo toliqqanini his qildi.
U uyga kirib biroz mizg‘ib olish uchun cho‘zildi. Xayol uni yana uzoq yillar avvalgi xotiralarga yetakladi...
...Ota nozikkina qayrag‘och niholini kaftlari bilan ohista va avaylab silaganicha o‘g‘lining qo‘liga tutqazdi. So‘ngra tushunmaydigan so‘zlarni pichirlab, yuziga fotiha tortdi:
– O‘g‘lim! Shu niholga men mehrimni berdim. Nega bunday, o‘zim ham bilmayman. Ammo, bu ko‘nglimning tilagi. Bu aniq. Uni shu yerga, tomirlariga hech ziyon yetkazmasdan, ehtiyotlik bilan, mehringni berib ek. Nasib etsa, juda yaxshi gujum bo‘ladi. Uning soyasida quyuq suhbatlar quramiz. Sen kenjamiz. Kenjada ajoyib xislat bo‘ladi. Xislatingga yarasha soya-salqin beradigan ulkan daraxtga barcha havas qiladi.
Shundan beri ancha yillar o‘tdi. Nihol bahaybat daraxt bo‘ldi. Tanasining yo‘g‘onligiga quloch yetmaydi. Soyasi quyuq. Soyasi doirasida tangachaday yorug‘lik ham ko‘zga tashlanmaydi. Supa usti doim salqin, quyoshning jazirama issig‘i ham mayin shabada shashtini qaytara olmaydi. Esida, otasi qandaydir sirli duolar o‘qib, navnihol tagiga chelakdan suv quyardi. O‘g‘il hayron.
“Ota, suv bilan ham gaplashasizmi?” – deb so‘rardi. “Zamonlaring boshqa-da, hali buning fahmiga yetmaysanlar. Ha, mayli, bir kun kelib tushunarsizlar”, – deb qo‘yardi otasi tabassum bilan. Suvda xosiyat ko‘pligini u bugunga kelib tushundi. Suv o‘ziga aytilgan yaxshi so‘zlarni, o‘qilgan duolarni molekulalari qatlariga jamlab, shu yaxshi sifatlarning barchasini o‘zida saqlagan holda, o‘zi oziq berayotgan nimarsalarga o‘tkazishini shu vaqtga kelib bilibdi-ya! Otasi esa bu ilmni bir necha o‘n yillar oldin bilgan ekan-a!
Ota uzoq safardan qaytganida ham darvozadan kiriboq, sog‘inch bilan daraxt soyasiga kelib o‘tirar, yaxshi so‘zlar aytib, pichirlabgina duo o‘qigach, yuziga shoshilmasdan, ohistagina fotiha tortardi. Shu zahoti ko‘ngli yayrab ruhi yengil tortganidan ich-ichidan quvonardi. Bug‘doyrang yuzidagi iliq tabassumdan atrofiga nur yog‘ilganday bo‘lardi, bu holni o‘g‘illari ham sezishgan. Ota boshini o‘ngga-so‘lga ohista tebratar, gohida siyrak, ozgina mallarang qoshlarini bilinar-bilinmas chimirib, ko‘z qarashlarini daraxtning bu shoxidan u shoxiga o‘zgartirar, daraxtning har bir shoxchasi bilan alohida gaplashardi. Ota daraxtga mehri tobora ortib borayotganini sezar, mehri ortgan sari daraxt ham mayda shoxlarini egib ta’zim qilganday bo‘lar, esgan mayin shabadasi bilan mehriga javob qaytarardi. Ayniqsa, daraxtning bahaybat tanasiga suyanganida barcha g‘uborlar tanasini tark etar, Ota bundan behad shodlanib, qalbi yengil tortib, o‘zini qushday sezardi. Ota bu kundalik odatini kanda qilmas, kanda qilmoqni xayoliga ham keltirmasdi. Daraxtning tanasini silab, eng shirin xayollarga berilardi...
Onasi-chi, onasi! ...Ona daraxt soyasida o‘tirar ekan xotiralarni ko‘z o‘ngida tiklab, shirin xayollar og‘ushida mayin jilmayib qo‘yardi. “Bu gujumning soyasi boshqacha-da! Kenjam ekkan! Boshqa daraxtning soyasida o‘tirsam, hatto uning soyaligini ham sezmayman. Buning soyasi esa bor dardingni oladi. Dilingga nuqul shodlik olib kiradi-ya! Gujumning soyasida bolalarimga salom yo‘llayman, ular xuddi bag‘rimda erkalanayotganday bo‘ladi. Kattasi shaharlik bo‘lib ketdi. Mayli-da, boshi omon bo‘lsa bo‘ldi. Ungayam salomimni daraxt yetkazadi. Salomimni yetkaz, deya iltimos qilganimdan keyin quyosh bir qarich pastlagach, daraxtning shoxlari boshqacha tebrana boshlaydi. Tebranishlari mayin, bir tekis. Barglarining shitirlashi yuragimning ovoziday. Bu – salomimning bolalarimga yetganligi belgisi. To‘ng‘ichim ham buni bilsa kerak. Ilk quvonchim-da, axir! Ishqilib omon bo‘lishsin! Daraxt esa menga juda ham qadrdon!”
Ona bu so‘zlarni bot-bot aytishdan charchamaydi, uning sirdoshi shu daraxt, shu soya.
Ona o‘zi surgan xayollar ta’siridan o‘zida yo‘q xursand bo‘lar, ammo daraxtning qurigan katta shoxiga ko‘zi tushib, diydasi yumshab ko‘zi namlanardi: “Nega tashlab ketdingiz? Hali erta edi-ku?! Payg‘ambar yoshidan endi o‘tgandingiz-a... O‘rtanchangizning boshiga tushgan kunlarni o‘zingizga oldingiz-a! Bedodlik bo‘ldi. Yo‘qligingizga o‘n besh yil bo‘ldi. Birga ketamiz degandingiz-ku?! Qani va’da? Ey Alloh, o‘zing kechirguvchisan!”
Onaning aniq esida: fanodan boqiylikka safar qilgan Otaning yetti kunlik ma’rakasi bo‘layotganida daraxtning kunchiqar tarafidagi eng katta shoxining barglari so‘liy boshladi. Qirqida esa tamoman quridi. Shoxchalari barglarsiz so‘ppayib qolaverdi. “Qurigan shoxini ham avaylanglar, bolalarim”, deganida farzandlar ham Onaning so‘zlarini ma’qullashdi. Ular otasining daraxtga qattiq mehri borligini, uning har bir bargini qanday avaylashini juda yaxshi bilar va tushunar edilar. Faqat katta bir shoxining qurib qolish sababini hech biri tushunmas edi. Ona buning sirini anglaganday bo‘ldi. Biroq bu to‘g‘rida hech kimga churq etgan emas.
Ertalab tong azonda daraxtning oldiga borib, uning kattakon tanasini nozik kaftlari bilan siypalab, o‘z xursandligini shabadaga shivirlab aytayotgan barglarga yuzidagi nim tabassum bilan qarardi. Qaragan sari qalbining eng to‘rida allaqanday shirin va yoqimli tuyg‘u uyg‘onib, behad quvonardi, o‘zida yo‘q sevinardi. Ba’zan ko‘rinar-ko‘rinmas ingichka oqim gavdasidan chiqib, daraxtga yo‘nalayotganini aniq ko‘rar, daraxtdan uzoqlashayotganida uning mayda, nozik shoxchalari o‘zi tomon sal egilganini payqab: “Yo Alloh, o‘zing bilguvchisan!” deb shivirlardi.
Vaqt o‘tgan sari Ona daraxtga tobora qattiqroq bog‘lanib qolayotganini, aniq his qilardi. Qish vaqti uning keksa tanasini qoplagan po‘stlog‘i ustidan qorni barmoqlari bilan avaylabgina, silab-siypalab ohistagina tushirardi. Ona bundan erinmas, toliqmas, har safar qor yoqqanida shunday qilaverardi. O‘g‘illarining, onajon, qorning o‘zi erib, tushib ketadi-ku! Sizga zarilmi?! Bunchalik mehribon bo‘lmasangiz, degan so‘zlarini eshitib, astagina: "Daraxt-da, bolam" – deb qo‘yardi. Axir o‘g‘illarim nimani ham tushunardi. Daraxtning ham joni bor. Joni borligi uchun ham qishga tayyorgarlik ko‘radi, bahor kelganini sezib, kurtak chiqaradi, barg yozadi, soyasini quyuq qilib, atrofidan shabada yurgizadi. Odamlardan yaxshiligini ayamaydi. Mehr ko‘rgizsang, shoxchalarini sekin silkitib, barglari sassiz shivirlab, astagina egilib mehr bilan javob beradi. Yana nima ham qilsin beozor daraxt?!
Onasi hovliga kirishdan oldin ro‘molini boshiga qaytatdan tang‘ib bog‘lab, to‘g‘ri daraxt tomonga shaxdam yurib, bir pas to‘xtab olar, ota-onasining yaxshi so‘zlarini aytardi. Qo‘shni qishloqqa kelin bo‘lib tushibdi-ki, bu odatini kanda qilmagan. Hovliga kirganida esa yuragini allaqanday tushunib bo‘lmas havosat va shodlik baravariga bosganday bo‘lar, bir katta shoxi butunlay qurigan, ikkita katta shoxlaridagi so‘liy boshlagan barglariga ko‘zi tushganida esa bu noxush havosat kuchayardi. Tok so‘risining tagida uzunasiga ekilgan rayhonlar hidini ikki o‘rim bo‘liq sochini yelkaga tashlab, to‘yib-to‘yib hidlaganida yuragida paydo bu bezovtalanish o‘rnini shodlik egallardi. Ko‘zadagi tiniq suvni rayhon barglariga maydalab-maydalab, purkab-purkab sepganidan so‘ng barglar yuzasidagi har xil tusda tovlanayotgan tomchilarning biri yuzida oyijonining ruxsorini ko‘rganday bo‘lardi. Shu tomchining oldiga borib, xayolidan o‘tayotgan Onasining siymosini tomchidagi ruxsor bilan solishtirar, ikkisining aynan o‘xshash ekanligini ko‘rib, ancha vaqt shu yerda o‘tirib qolganini o‘zi ham sezmay qolardi. Rayhon bargidagi tomchilardan birini ko‘rsatkich barmog‘iga ilashtirib, o‘rtasi tutashay-tutashay deb turgan qalin qora qoshlariga surganda qalbidagi besaranjomlik mutlaqo yo‘qolardi. Sizga nima bo‘ldi, hali ham xayol surayapsizmi, deya yangasi gap qotmasa boshidan o‘tayotgan xayollarning asiraligidan chiqa olmasdi. Biroq xayollarining asiraligidan qutilmoq uchun xotira yo‘qolmog‘i shart. Ammo unda eslasa arzigulik, balki undan-da kattaroq va muhimroq xotiralar borki, ularni unutmoq gunohi azim ekanligi ayon. Ayniqsa...
...Hozirgiday eslaydi... Turmushga chiqish arafasida ota-onasi uni huzuriga chaqirishdi:
– Qizim, – ohista salmoqlab gap boshladi otajonisi, onasi esa unga jovdirabgina, muloyimgina, sal kulimsirab qarab turardi. – Sen yetti o‘g‘ilning orasida yagona qiz farzandimizsan. Sening bizga qanchalik azizligingni o‘zing tushunarsan. Turmushga seni katta orzu-umidlar bilan uzatayapmiz. Hayoting farovon bo‘lib, kelgusiga ishonch bilan yashagaysan. Senda shu ishonch doim mustahkam bo‘lsin deb, niyat bilan tudana berayapmiz. Ol, qizim! O‘zing bilgan gujum shoxchasidan yasalgan. Doim yoningda bo‘lsin qizim. Ko‘ngling xotirjam bo‘lg‘ay.
– Katta akangdayam xuddi shunday tumor bor, – jilmayib qo‘shib qo‘ygan edi onasi, o‘shanda.
Kelin bo‘lib tushganiga ancha yillar bo‘ldi. Bola-chaqali. Ro‘zg‘or tashvishlari. Biroq har haftada bir marta kelib, supaning usti chinniday yaltirayotgan bo‘lsa ham Onajonisi qo‘llarida bo‘lgan, ular doim avaylab saqlagan supurgini namlab, shoshilmasdan hafsala bilan supa ustini supurar, gujumning atrofi ham e’tibordan chetda qolmasdi. So‘ngra supurgini avaylabgina satin matoga o‘rar, ashqol-dashqollar saqlanayotgan xonaning tokchasiga ohistagina yotqizib qo‘yardi-da, saksondan o‘tgan yoshingizdan aylanay, Onajonim! Ilohim menga ham Sizning yoshingizni bersin, deb yuziga fotiha tortardi.
Oftob tig‘ida qovjirab, ammo nima uchundir gujumning qurigan ayrim shoxlariga ilashganicha qolgan barglarini tushirmaslik uchun daraxtning tanasiga tegib ketmasdan uning po‘stlog‘i oraliqlaridagi chang, g‘uborlarni erinmay tozalardi. Uning aniq esida: Onasining qirq ma’rakasi o‘tganidan keyin daraxtning ikki katta shoxidagi barglar so‘lib, shoxlardan tushib keta boshladi. Tomiriga chelaklab suv quyishdi, ammo foydasi tegmadi. Gujumning tomiriga quyilayotgan suvga Otasi ham, Onasi ham duolar o‘qishardi. Ammo bu duolarni akalari ham, o‘zi ham bilmasligidan ming afsus chekdi. Ammo, na iloj. Tarvaqaylagan ikki shox avval qurigan shoxning yonida osmonga nola qilayotgandek so‘ppayib qolaverdilar. Ular go‘yo taqdiridagi bu o‘zgarishlardan fig‘on chekayotganga o‘xshardi.
– Eh, onajonim-a! Daraxtga shunchalik ham qadrdon bo‘lib, mehringizning unga shunchalik bog‘lanib ketganligi sababini endi tushunayotgandekman. Axir, otamdan keyin yigirma yillik mehringizni shu daraxtdan ayamabsiz-da! Onajon, siz bilan otajonimning ruhlari shoxchalarning biridan menga qarab, Allohdan baxtimni so‘rayotgandek. Ilohim shunday bo‘lsin! Gujumning soyasida ozgina o‘tirsam ham rosa dam olaman. Qushday yengil bo‘laman. Sal silkinsam osmonga otilib chiqib ketadigandayman. Xayolimdagi bo‘lmag‘ur fikrlar parchalanib, ko‘nglim tozaradi, uning o‘rnini orzu-tilaklar egallaydi. Doim shu yerga kelgim kelaveradi. Afsus va ming afsus, onajonimdan daraxtga nima deb pichirlab duo o‘qiganlarini hech qursa biron marta so‘ramabman-a...
Shu xayollar bilan u daraxtning quruq tanasiga suyanganini bilmay qolar, uzoq xayollarga cho‘mar, lekin inson mehrining daraxtga, daraxt mehrining insonga o‘zaro qattiq bog‘lanib qolishini tasavvur ham qila olmasdi. Bu sirli hodisaning aynan shunday ekanligiga esa o‘zi guvoh...
Shu fikrlar ummonida suzayotganida gujum tanasining o‘ng, ya’ni kunchiqar tarafidan o‘sib chiqqan nozikkina yashil novdaga ko‘zi tushdi. Uning mayin esayotgan shabadadan yengilgina silkinayotgan, sekin-sekin pirpirab tebranayotgan kichkina-kichkina, ham to‘liq yashillanib ulgurmagan barglariga hayrat bilan tikildi. “Shu mengamikan?” degan fikr xayolidan bir zumda o‘tdi. Shu zahoti bu fikrni unutib, onasi erkalagan, ammo hozir tarvaqaylagan shoxlari bilan osmonga boqib, nola-yu nido qilayotgan ikki shoxga tikilganicha xayollar ummoniga cho‘kib ketdi....
...Tez uyg‘ondi. Darhol o‘rnidan turdi. Apil-tapil yuzini yuvdi. Yuragida tushunib bo‘lmas bezovtalik paydo bo‘lganini sezdi-yu, ildam yurib daraxtning oldiga bordi. Yashil novdaga qaradi: novdaning barglari so‘lib, uchi yerga shalpayib, rangi ham qoraroq tusga o‘zgargan, besh-oltita barg yerga tushib, xuddi yig‘layotgandek pir-pir uchib turishardi. U bu hol nimadan darak ekanini tushundi. “Oh!” dedi-yu, shoshilib cho‘ntagiga qo‘lini tiqdi. Tudana ikkiga bo‘lingan edi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 12-son