Yozganlarim elning saralarini terib-terib sotganlarga la’natim bo‘lsin!
Yozganlarim elning saralarini terib-terib otganlarga la’natim bo‘lsin!
Yozganlarim elning ko‘zidan o‘tini olgan istibdodga la’natim bo‘lsin!
1.
Ay, yurtga balo keldi.
Yurtga yomon balo keldi.
Yurtga sotqinlik balosi keldi.
Yurtga xoinlik balosi keldi.
Yurtga chaqimchilik balosi keldi.
Balo degani guppa-guppa keldi, ho‘lu quruqqa bab-baravar o‘t qo‘yib keldi.
Qo‘shni qo‘shnini sotar bo‘ldi.
Shogird ustozga xoinlik qilar bo‘ldi.
Qo‘li kalta qo‘li uzunning ko‘ziga cho‘p suqar bo‘ldi.
Jiyan tog‘ani chaqar bo‘ldi, ini og‘ani chaqar bo‘ldi.
Boringki, bola otani ham chaqar zamon bo‘ldi.
Bir kishi chaqqan odamga bir kishi hukm o‘qir bo‘ldi, bir kishi olib borib, turmaga tiqar bo‘ldi.
U bir kishi, ajali yetmagan bo‘lsa, mayib-majruh bo‘lib, besh-o‘n yilda turmadan chiqar bo‘ldi.
Ajali yetgan bo‘lsa, bir tupkaning tagida bir iymonsiz paqillatib otdi-tashladi. Bejanoza ketaverdi, bekafan ketaverdi.
Mamlakat turmaxona bo‘ldi. Ochiqda yurgan odamning soni turmadagi odamning soniga yetay deb qoldi.
Turmadagilarning ko‘pi yangi-yangi turmaxona qurish bilan band bo‘ldi.
2.
Ho‘lu quruq bab-baravar yongach, katta yozuvchiman, katta shoirman degani Sibirda yurgach, Jalasoyning kapadekkina maktabida Navoiydan dars berib yurgich, ko‘ringanga she’r aytib yurgich Eshmurod shoir ochiqda yursa anovi xoinlar, anovi sotqinlar, anovi chaqimchilar kechasi tinch uxlay olarmidi? Hech-da.
— Bizdan shoir chiqdi, — dedi sotqin. — Oti? Oti Eshmurod. Eshmurod shoir. G‘arazli-g‘arazli yozadi. Shubhali-shubhali yozadi. O‘qi, o‘qi, sen o‘qib ber, men eskichani o‘qiyalmayman.
— Munday-munday yozadi, — dedi chaqimchi va hijjalab-hijjalab she’r o‘qidi: —
Erkingni berding, xalqim,
Endi g‘aming ortadi.
Yelkangga mingan itlar
Tishlab har yon tortadi.
— Kim it? — stolga mushtladi qora kamzulli. — Kimni it deyapsan, yaramas?
— Men emas, men emas, shoir it deydi, — qilpilladi chaqimchi. — Ana shu Eshmurod katta og‘amizdi kuchuk deydi-da.
— Eshmurod shoiringga ko‘rsatib qo‘yaman itning qanaqa bo‘lishini? — og‘zidan ko‘pik sachratdi qora kamzulli.
3.
Eshmurodni yarim tunda sudrab ketishdi.
Xotini bo‘zlab qolaverdi, Eshmurod shoirning.
Uch bolasi chirqillab qolaverdi, Eshmurod shoirning.
Saksonga borgan onasi yerni mushtlab, qarg‘ab qolaverdi, Eshmurod shoirning.
4.
— Cho‘lpon degan maraz bilan qanday aloqang bor, ayt! — baqirdi qora kamzulli.
— U odamdi tanimayman, — dedi hammayog‘i momataloq bo‘lib ketgan Eshmurod. — O‘lay agar, tanimayman.
— Usmon Nosir degan maslakdoshingniyam tanimassan? — Eshmurodning yuziga musht soldi qora kamzulli. — Uniyam ko‘rganim yo‘q dersan?
— Unday shoirlar Toshkonda bo‘sa, men bir Jalasoydan chiqmag‘an odam bo‘sam, qaerdan ko‘raman u shoirlardi? — dedi Eshmurod yuzidan oqqan qonni artib.
— Taniysan, hammasini taniysan! — etigi bilan Eshmurodning qorniga tepdi qora kamzulli.
Bukchayib-bukchayib qoldi, Eshmurod.
— Behbudiy bilan uchrashgansan! — Eshmurodning yelkasiga tepdi qora kamzulli. — Yo bundan ham tonasanmi?
Burchakka uchib tushdi, Eshmurod.
— Shaharda o‘qig‘animda bir-ikki kelib edi o‘quv joyimizg‘a, — dedi qaddini zo‘rg‘a ko‘targan Eshmurod. — Ular kim-u, men kim? Ular bilan gaplashishga bizga yo‘l bo‘sin?
— Gaplashgansan! Undan ko‘rsatmalar olib turgansan. Qanaqa ko‘rsatmalar olib turganingni yozib berasan. Asl maqsadlaring nimaligini yozib berasan. Bo‘lmasa sen shoirchani turmada chiritaman! — Eshmurodga stakanni otdi qora kamzulli, keyin bir qo‘ng‘iroqchani chaldi.
Xonaga bir navbatchi militsioner kirdi.
— Bu buzg‘unchi shoirni olib borib, yakka kameraga tiqinglar! Ovqat bermanglar! Maslakdoshi, ustozi, sheriklari kimligini aytmaguncha kaltaklanglar!
Navbatchi sudrab ketdi, Eshmurodni.
Orqasidan g‘ijinib qarab qolgan qora kamzulli alam bilan Eshmurod shoirning satrini takrorladi:
— Yelkangga mingan itlar
Tishlab har yon tortadi...
Qora kamzulli joyiga o‘tirar ekan, tishlari orasidan so‘zlandi:
— Tishlab har yon tortish mana bunaqa bo‘ladi, shoir, mana bunaqa bo‘ladi!
5.
Ay, tayoq bilan odam o‘lmas ekan!
Urgan bilan odam odam o‘lmas ekan!
Kim nima desa desin, ammo ochlikdan ham odam o‘lmas ekan!
O‘lsa, Eshmurod o‘lardi!
Shuncha tayoq yesa eshshak o‘lardi, shu tayoqning yarmini yesa ho‘kiz o‘lardi, ammo Eshmurod o‘lmadi.
Shuncha kun ovqat yemasa, suv ichmasa tuya o‘lardi, fil o‘lardi, ammo Eshmurod o‘lmadi.
“Odamning joni toshdan qattiq bo‘ladi”, deganlari chin ekan-da. Toshdan joni qattiq bo‘ldi, Eshmurodning.
Uraverib, charchadi, nazoratchilar.
Uraverib, qo‘llari og‘rib ketdi, nazoratchilarning.
Urgilari kelmay ham qoldi, nazoratchilarning.
Ammo bu Eshmurod shoir deganlari o‘r bo‘lsa, qaysar bo‘lsa nima qilsin, bechora nazoratchilar ham.
— Xo‘jayin aytgan gaplarni yoz-da, qo‘l qo‘yib ber! Sen ham qutil, biz ham sendan qutilaylik, shoir, jonga tegib ketding-ku? — Eshmurodning orqasiga tepdi birinchi nazoratchi.
— Shoir ko‘rib, senday o‘rini ko‘rganim yo‘q! — Eshmurodning ko‘ksiga mushtladi ikkinchi nazoratchi. — Ana kattalaring, Ali Sharafiy, xo‘jayin o‘rgatgandek qilib yozib, qo‘l qo‘yib berdiyu, chiqdi-ketdi. To‘rtta shoir bilan bitta gazeta muharririni fosh qilib berdi, ular qamaldi, bo‘ldi. O‘zi hozir mazza qilib xotinchasi, bola-chaqasining oldida yuribdi.
— Sen ham xo‘jayin aytganlarni yozib berib, mazza qilib uyingda yurmaysanmi, ahmoq? — yana Eshmurodni tepdi birinchi nazoratchi. — “Aytganlarimga ko‘nsang, ishlab turgan maktabingga direktor qilib qo‘yaman”, deyapti-ku xo‘jayin, galvars!
— Menga direktorlik kerak emas, — dedi Eshmurod. — Direktorimiz yaxshi odam. U xo‘jayiningiz aytgandek buzg‘unchi emas.
— “Buzg‘unchi deb yoz!” dedimi yozasan! — dedi tishlanib ikkinchi nazoratchi. — Yozmaganingga qo‘ymaymiz!
Ular yana tepkilashdi, Eshmurod shoirni.
Yiqilib, g‘ujanak bo‘lib qoldi, Eshmurod shoir.
— Bo‘ldi, o‘lib qolmasin! — dedi birinchi nazoratchi.
— Bular o‘lmaydi, shoirlarning joni qattiq bo‘ladi, — dedi ikkinchi nazoratchi. — Mayli, yur, men ham charchadim, biroz dam olaylik!
6.
— Aytinglar, uyiga xat yozsin! — dedi qora kamzulli. — Qari onasi, xotini va bolalari kelsin! Ularni ko‘rgach, “Agar aytilganlarni yozib, qo‘l qo‘yib bermasang, xotiningni olib qolamiz, bir kecha biz bilan qoladi”, denglar! Shundan keyin ham yozib bermasa, o‘zidan ko‘rsin, Toshkentga jo‘natib yuboramiz!
7.
Eshmurodning xotini xat oldi.
“Sizlarni sog‘indim. Bolalarni sog‘indim. Enamni sog‘indim. Xudo bularga insof berdi, shekilli, “Senga ruxsat, xotining, enang, bolalaring ko‘rgani kelsa, mayli”, deyishayapti. Menga ul-bul ko‘tarib kelib, ovora bo‘lmanglar! Juda bir narsa olib kelging kelsa, bir chuqumgina palov qilib kel, ayasi, sen qiladigan zig‘ir yog‘li palovdan yegim kelgan. Bu yerga kelganimdan beri ovqat berishmaydi. Bir kunda bir stakan suv, bir to‘g‘ram bo‘lka non berishadi, xolos. Ba’zi kunlari shuniyam bermay qo‘yishadi. Nimagadir uch-to‘rt kundan beri ko‘zimga tovoqdagi zig‘ir yog‘li palov ko‘rinadi”.
8.
Orom qoldimi, Eshmurodning xotinida?
Halovat qoldimi, Eshmurodning xotinida?
Endi nima qilsin? Uyda na go‘sht bor, na zig‘ir yog‘i.
Ammo palov qilib bormasa bo‘lmaydi turmaxonaga, eri “zig‘ir yog‘li palov yegim kelgan”, deb yozibdi-da.
Ay, qurib ketsin yo‘qchilik. Sotgulik bir narsa qo‘liga ilinmaydi. Ammo palov qilib bormasa bo‘lmaydi turmaxonaga, eri “kelganimdan beri ovqat berishmaydi”, deb yozibdi-da.
Birovdan chorak kilogina go‘shtga pul so‘rashga beti chidamaydi, Eshmurod xotinining. Ammo palov qilib bormasa bo‘lmaydi turmaxonaga, eri “uch-to‘rt kundan beri ko‘zimga tovoqdagi zig‘ir yog‘li palov ko‘rinadi”, deb yozibdi-da.
Mehmon kelganda soladigan bir ko‘rpasini yelkaladi Eshmurodning xotini. “Endi biznikiga keladigan mehmon qani?” dedi.
— Dadasini ko‘rgani boradigan bo‘lib qoldik. Ukangizga bir tovoqqina osh qilib borsam devdim. Pulimiz yo‘q edi. Shuni oling, ozroq go‘sht bering, iltimos! Xudo xayringizni bersin!
Qassob ko‘rpani yozib ko‘rdi. Qassob ko‘rpani ag‘darib ko‘rdi. Qassob ko‘rpani qatlab, qassobxona ichidagi taxmonga tiqdi.
Eshmurodning xotinining oldiga taroziga qo‘yib ham o‘tirmasdan mushtdek go‘sht tashladi, qassob.
Go‘shtni yengi ichiga soldi, Eshmurodning xotini:
— Rahmat! Bolalaringizning rohatini ko‘ring!
Eshmurodning xotini ketgach, qassob ko‘rpani olib, yana bir ko‘zdan kechirdi. Yana joyiga yig‘ib qo‘ygach, yonidagi kishiga dedi:
— Ko‘p bermadimmi, ishqilib? Nima dedingiz?
— Hay, attang, og‘ir kunga qopti Eshmurod malimdi oilasi, qassob, yomon kunga qopti, — dedi u odam bosh chayqab. — Hammamizdi bolamizdi o‘qitgichiydi, mushtday go‘shni shunday berib yuborsangiz ham bo‘lardi. Xudo biladi, uyida boshqa ko‘rpasi bormi, yo‘qmi?
— Meni aybim nima? — dedi qassob. — Shunday berib yuboraversam, nima ko‘p, bunga o‘xshagan och ko‘p, qamalgandi bolasi ko‘p. Qaysi biriga yetkazaman bulardi? Haliyam jon desin, eski bir ko‘rpasi uchun bir oshlik go‘sht berdim. Endi ko‘rpa bularga kerak bo‘maydi. Mallim ketdimi, qolganiniyam tortadi. Urug‘-aymog‘i quriydi endi, mallimdi.
— Tavba deng-a, tavba deng! — undan uzoqlashdi haligi odam.
Eshmurodning xotini kelinligidan beri kiymagan, “Bolalarning to‘yini qilganda kiyaman”, deb asrab qo‘ygan bir atlas ko‘ylagini ro‘molga o‘rab, juvozchinikiga chiqdi.
Juvozkashning xotiniga haligi kuylakni tutdi.
— Aylanay, qo‘shni, qizingiz kiyar, kelin olsangiz asqotar, shuni olib, eringizga ayting, yarim kosagina zig‘ir yog‘ bersin. Dadasini ko‘rishga ruxsat tekkan ekan, bir tovoqqina osh qilib boray devdim. O‘zingiz bilasiz, pulimiz yo‘q. Iloyo, dunyo turguncha turing!
Juvozkashning xotini ko‘ylak bilan kosani ko‘tarib, juvozxonaga kirib ketdi.
Juvozkashning xotini ko‘ylak bilan kosani ko‘tarib, juvozxonadan chiqib keldi.
Kosa to‘la yog‘ bo‘ldi.
— “Mallimdi xizmati ko‘p, bir kosa yog‘ ot bilan tuya bo‘ptimi?” dedi erim. Ko‘ylagingizni ham olib ketarkansiz. “Ko‘ylakni Eshmurod oqlanib kelganda kiyadi”, dedi erim.
Ko‘zlari to‘la yosh bo‘ldi, Eshmurodning xotinining.
Tillari to‘la duo bo‘ldi, Eshmurodning xotinining:
— Bizdan qaytmasa, Xudodan qaytsin!
9.
Eshmurodning xotini Eshmurodning onasini va uchta bolasini ergashtirib, turmaxonaga keldi.
Uch eshikdan o‘tishdi. Uch eshikning ham katta-katta qulflarini ochib, bularni kirgizishib, orqalaridan yana katta-katta qulflarni qulflab qo‘yishdi.
Panjaralarning orasidan olib o‘tishib, panjarali bir nimqorong‘u xonaga kiritishdi. Boshlarida turib turdi, bir nazoratchi.
Panjaraning narigi tarafidan Eshmurodni olib keldi, boshqa nazoratchi.
Qo‘llar otaga talpindi. Koshki qo‘llar otaga yetsa!
Qo‘llar bolalarga talpindi. Koshki qo‘llar bolalarga yetsa!
Qo‘llar panjaradan uzandi.
— Mumkin emas! — to‘ng‘illadi birinchi nazoratchi.
Panjara uzra termulishdilar.
Panjara uzra so‘rashdilar.
— O‘zingni oldirib qo‘yibsan, — piqilladi Eshmurodning onasi. — Qishloqqa borsang odamlar tanimaydi.
— Dadasi, osh qilib keluvdim, siz yaxshi ko‘rgan zig‘ir yog‘idan solganman. Sovumasdan yeb olasizmi? — ustiga bitta patir yopilgan tovoqni dasturxoni bilan uzatdi Eshmurodning xotini.
— Mumkin emas! — tovoqni olib qo‘ydi ikkinchi nazoratchi.
Zig‘ir yog‘li palovning hidi guppillab turgan tovoqqa qarab bir yutinib, bir tamshanib, labini bir yalab qo‘ydi Eshmurod.
Haqsizlikning, huquqsizlikning shunchalar bo‘lishi ham mumkinligini ko‘rib, ko‘zlari yoshlanib ketdi Eshmurodning xotinining.
— Uchrashuv tugagach, kiritib beramiz, xonasida yeydi, — dedi birinchi nazoratchi.
Yarim soat degani birpasda o‘tdi-ketdi.
Eshmurod qishloqdagi gaplarni so‘rashga ulgurolmadi, panjara ortidagilar Eshmurodning gunohi nima ekanini bilishga ulgurolmadi.
— Vaqt tugadi! — dedi birinchi nazoratchi.
— Mahbus, uchrashuv xonasini tark eting! — dedi ikkinchi nazoratchi.
Yana qator-qator eshiklarni ochib-qulflab, Eshmurodning yaqinlarini olib chiqishdi.
Yana qator-qator eshiklarni ochib-qulflab, Eshmurodni boshliqning xonasiga olib kirishdi.
10.
— Uyimdagilar ketdi, deb o‘ylasang, xato qilasan, — dedi qora kamzulli. — To‘g‘ri, enang bolalaringni olib ketdi. Ammo xotining qoldi. Ishonmasang, ana, derazadan bir qarab qo‘y!
Birinchi nazoratchi Eshmurodni deraza yoniga olib keldi.
Faryod urib ketayotgan onasini ko‘rdi, Eshmurod.
Ortlariga qarab-qarab, yig‘lab-yig‘lab ketayotgan bolalarini ko‘rdi, Eshmurod.
Ularning orasida xotinini ko‘rmadi, Eshmurod.
— Nomardlar! — bir yulqindi Eshmurod.
Bir urib, uni yerga ag‘dardi, ikkinchi nazoratchi.
— Biz hali nomard bo‘ldikmi? Ikki oydan beri bir enlik qog‘ozga qo‘l qo‘ymayotgan sen ahmoq mard bo‘lding-u, biz nomard bo‘ldikmi? — Eshmurodning oyoqlari orasiga tepdi qora kamzulli. — Nomardlikni ana endi ko‘rasan! Men aytgan gaplarni o‘zing yozib, o‘zing qo‘l qo‘yib berasan! Bo‘lmasa, xotiningni manavi qoplonlarning har biri sening ko‘z oldingda xotin qilishadi. Shundayam yozmasang, ertaga qizingniyam olib qolaman. O‘ndan oshganga o‘xshaydi yoshi-a? To‘rt qator narsani yozib, qo‘l qo‘yish xotining va qizingning nomusidan qimmat tursa, o‘rlik qilib yotaver! Ko‘zimdan yo‘qotinglar, bu marazni!
Ikki nazoratchi Eshmurodni sudrab borib, kamerasiga tiqishdi.
— Yaxshilab yana bir o‘ylab ko‘r, xo‘jayin aytgan gaplarni! — dedi birinchi nazoratchi.
— Biz buyruqni bajaruvchi odamlarmiz, bizdan xafa bo‘lma! — dedi ikkinchi nazoratchi. — Bizga farqi yo‘q, shoirning xotinimi, olimning xotinimi. Ne-ne kattalarning xotinlarini, ne-ne kattalarning qizlarini erlari yoki otalarining oldida rasvo qilganmiz, oshna. Isnodni ko‘tara olmay, o‘zlarini osib qo‘ygani nechta. O‘ylab ko‘r, shoir, o‘ylab ko‘r!
11.
Nazoratchilar Eshmurodning kamerasi ro‘parasiga stul qo‘yib o‘tirishdi.
Ular nima deyishayotganini eshitib yotdi, Eshmurod.
— Palovni nima qilding, xumpar?
— Sovumasin deb o‘rab qo‘yibman, olib kelaymi?
— So‘rab o‘tirasanmi, tezroq olib kel! Hali, shoir bola-chaqasi bilan gaplashib bo‘lguncha o‘lib qolay dedim, hidi dimog‘imni qitiqlab tashladi.
— Ha, men ham hidiga toqat qilolmay, uchrashuv vaqtining yarmi tugamay turib, “Uchrashuv vaqti tugadi, chiqinglar!”, deb yubordim. Jonivorning hidi o‘ziyam dimoqni yorib yuboray dedi-da.
— Bo‘ldi, ko‘p gapirmay, palovni olib kel, sovub ketmasin!
Birinchi nazoratchi tugunni olib kelib ochdi.
Ikkinchi nazoratchi patirni ushatdi.
— Ammo shoirning xotini patirni ham boplar ekan-a? — dedi u patirning bir bo‘lagini og‘ziga solib.
— E, palovni o‘ldirar ekan, palovni. Qani, boshlasinlar-chi? — dedi birinchi nazoratchi.
Maqtay-maqtay patirni yedilar, nazoratchilar.
Bilaklarigacha zig‘ir yog‘ni oqizib-oqizib, palovni yedilar, nazoratchilar.
Tamshanib-tamshanib yotdi, Eshmurod.
Yutinib-yutinib yotdi, Eshmurod.
— Bay-bay-bay, umrim bino bo‘lib bunday shirin oshni yemaganman, — dedi birinchi nazoratchi.
— Bu, shoirning xotinini olib borib, yangangga osh qilishni o‘rgatsammikan-a? — dedi ikkinchi nazoratchi pixillab kulib.
— Endi-i, olib borib, nimani o‘rgatasiz, nima ishingizni qildirasiz, sizning ixtiyoringizda, — hiringladi birinchi nazoratchi.
Ikkalasi xo-xolab kulishdi.
Tishlarini g‘ijirlatib-tishlarini g‘ijirlatib yotdi, Eshmurod.
Nihoyat, o‘rnidan turib, eshikka yaqin keldi, Eshmurod.
— Qog‘oz beringlar, qalam beringlar!
— Shoir bir nima dedimi? — dedi birinchi nazoratchi.
— Ingradi, shekilli, bir joyi og‘riyotgandir? — dedi ikkinchi nazoratchi. — Oshni tugatib qo‘yaylik, keyin xabar olarsan! Ungacha shoiring o‘lib qolmaydi.
— Ha, u o‘lmaydi, shoirning joni qattiq.
Bechora nazoratchilar ancha och qolishgan ekan, oshni qoldirmay yeb, tovoqdagi zig‘ir yog‘ning yuqini ham yalab-yulqab qo‘yishdi. Patir sho‘rlikdan ham urvoq qolmadi.
Kekirib-kekirib qo‘ydi, nazoratchilar.
Kerishib-kerishib oldi, nazoratchilar.
Sochlari sariq, ko‘zlari ko‘kish edi nazoratchilarning.
— Ammo zig‘ir yog‘li palov rosa odamga kuch berar ekanmi? — dedi birinchi nazoratchi. — O‘zimni doimgidan ham kuchli, shijoatli his qilayapman.
— Men ham anchadan beri bunday kuchli ovqat yemagan ekanman, kuchim bilagimga sig‘may ketayapti, sen idishlarni yig‘ishtirib ol, men endi bu kuchni biror joyga sarf qilmasam bo‘lmaydi, — dedi o‘rnidan turgan ikkinchi nazoratchi. — Borib, shoirni besh olti musht urmasam bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Zig‘ir yog‘li oshdan keyin odamning qo‘li ham boshqacha qichir ekan.
Birinchi nazoratchi kula-kula, idish-tovoqni yig‘ishtirishga tushdi.
12.
Ikkinchi nazoratchi yengini shimarib, Eshmurod yotgan kamera eshigini ochdi...
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 52-sonidan olindi.