OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. So'nggi bek (qissa)

So‘zboshi o‘rnida

Ojiz qalamim va noqis iqtidorim, ammo buyuk muhabbatim bilan bitilgan ushbu kamtarona qissamni ruhlari shod bo‘lsin degan umidda hurmat va chuqur ehtirom bilan yurtimizni ozod va mustaqqil ko‘rishni orzu qilgan, ammo bu kunlarni ko‘rolmagan, «Bosmachi» nomini olib, otilib ketgan, qamalib ketgan, surgun bo‘lib ketgan asl o‘zbek yigitlariga bag‘ishlayman.

Yov oyog‘i yurtimizga yetmasin deb,
Yurtimizni kofir talab ketmasin deb,
Dinimizni oyoq osti etmasin deb,
Ko‘kragini kerib chiqqan bosmachilar!

Elim deya elda nomi qaro bo‘lgan,
Makonlari tog‘u toshlar aro bo‘lgan,
El dardidan yuraklari yaro bo‘lgan,
Dardga malham berib chiqqan bosmachilar!

Ular bois kofir paymonasi to‘lgan,
Boshlariga yovlar tillo va’da qilgan,
Har birining boshi bugun tillo bo‘lgan,
Tarixga dur terib chiqqan bosmachilar!

Mustaqillik shiori-yu, ori bo‘lgan,
Ozodlik deb boshlarida dori bo‘lgan,
Chin hurriyat yo‘g‘i bo‘lgan, bori bo‘lgan,
Erk deb go‘rda yurib chiqqan bosmachilar! 

Yov oyog‘i yurtimizga yetmasin deb,
Yurtimizni kofir talab ketmasin deb,
Dinimizni oyoq osti etmasin deb,
Ko‘kragini kerib chiqqan bosmachilar! 

Birinchi bob.
«O‘ris Samarqandni olibdi».


1.

Yozning oxiri. Pishiqchilik davri. Yuz-qo‘lini belbog‘iga arta-arta bog‘dan chiqib kelgan Xushnazar bir zum o‘yga botib, qibla tarafga termulib qoldi. Ufq qontalash edi. Qora bulutlar botayotgan quyosh yuzini to‘sib kelmoqda edi. 
Shom payti. Qishloqqa tun cho‘kayapti.
Kimdir podadan qaytgan molini hovlisiga kiritayapti. Kimdir yelkasida ketmoni, daladan qaytayapti. Ikki-uch bola o‘t ortilgan eshak minib o‘tishdi. 
Jalasoyning o‘n sakkiz-yigirma yoshli polvon yigitlari yakka-yakka, ayrimlari juft-juft bo‘lishib, birin-ketin Xushnazarning uyiga kirib kelishdi.
Mehmonxonada o‘n besh-yigirma chog‘li yigit Shom namozini o‘qishdi. Imomlik qilgan Xushnazar duo qilib, yuziga fotiha tortdi. Hammalari fotiha qilishib, o‘rinlaridan turishdi va joynamozlarni yig‘ishtirib olishdi. Yoshroq yigitlar ikki qator qilib ko‘rpachalarni solishdi. Ikki yigit dasturxon to‘shab, non, choy, meva-cheva olib kelishdi.
Yigitlar biroz choy ichgan bo‘lishdi, ammo hech birlari bir so‘z demasdi. Hammaning ko‘zi Xushnazarda, uning og‘zini poylashardi. 
Nihoyat, bezovtalanib, bir qo‘zg‘alib olgan Botir so‘z boshladi:
– O‘ris Samarqandni olibdi. Erta-indin Urgutga ham kelarmish. Nima qilamiz?
Xushnazar Botirga biroz o‘ychan tikilib turdi. Uning avzoyidan biror so‘z aytishga rag‘bati yo‘q edi. Uning yoshlikdan birga kurashib o‘sgan, tengqurlarining ichida haddi sig‘ib ko‘nglidagini ayta ola oladigan o‘rtog‘i Rabbim polvon bir Botirga, bir Xushnazarga qarab olib, sekin gapirdi:
– Bek biron chora o‘ylagandir?
Xushnazar unga ham biroz tikilib turib, sekin, dona-dona qilib so‘zladi:
– Bek ko‘rgan chora shu bo‘libdi-ki, navkarlarini olib, Kitobga surib yuboribdi. Borib, qaynog‘asining pinjiga suqilibdi. 
Yigitlar «Ana bo‘lmasa», degandek bir-birlariga qarab olishdi. Oraga yana jimlik cho‘kdi. Bu jimlikni bir qo‘zg‘alib olgan Izzatullo buzdi:
– O‘zimizning Rahmatullobek yigitlarni to‘playotgan emish. Yon-atrofdan uch yuzga yaqin yigit bekning yigitlariga qo‘shilibdi. 
Xushnazar unga va boshqa yigitlarga qarab olgach, afsus bilan bosh chayqadi:
– Uch yuz-to‘rt yuz yigit bilan ish bitmaydi. Eshitdim, yarmining miltig‘i ham yo‘q emish. Ertaga o‘ris kelib, zambaragini bir gumburlatsa, Rahmatullobekning uch yuz yigiti uch yuz tomonga qarab tiraqaylab qochib ketadi. Endi dudama-yu, o‘roq bilan urushadigan zamon emas, bolalar. 
Norboy degan kamgap, ammo cho‘rtkesar yigit gapga aralashdi:
– Nima qil deysan, bo‘lmasa? Sening mehmonxonangda kutib olmasmiz o‘risni? 
Xushnazar unga qarab, o‘ychan gapirdi:
– Yo‘q. O‘ris kelsa mehmonxonam ham qolmaydi, uy-joyim ham, bog‘-rog‘im ham qolmaydi. Barini oladi o‘ris. Yerlarimizni olib Ziyo kalga o‘xshagan nasli-nasabini bilmaydigan, keti ishtonga yolchimaganlarga beradi. Ularning oti kalxo‘z bo‘lar emish. Xotinlar yerga chiqib, erkaklar bilan birga ketmon chopib, o‘roq o‘rarmish. Xotinlarimiz nomahramdan yuzini bekitmas emishlar. Oxir zamon bo‘lsa shuncha bo‘lar-da? 
Xushnazar o‘rnidan turib, tokchada turgan chiroqning piligini ko‘tardi, chiroq yorug‘ida yigirmadan endi oshgan, to‘ylarda kurashib ulg‘aygan, yelkasi yer ko‘rmagan, qo‘rquv namaligini bilmaydigan jo‘raboshi yigitning tik qaraganda har qanday kishini shoshirib qo‘yadigan ko‘zlari chaqnab ketdi. 
Xushnazar yigitlarga keskin o‘girildi va qat’iy gapirdi:
– Bekka borib qo‘shilamiz! Rahmatullobek o‘ktam yigit. Oldin olishgan ekan. «G‘irromni bilmaydi», deydi otam. Palagiyam toza. Amirning qo‘shinida bo‘lgan ekan, demak, harbu-zarbdan ham xabari bor. 
– Yigitlarni qachonga yig‘ay? – dedi g‘ayrati jo‘sh urib ketgan Rabbim polvon.
– Shoshma-chi, avval Nor ikkalamiz bekning oldiga o‘tib kelamiz, avzoyini bilaylik, – dedi Xushnazar. – Sen o‘zimizning yigitlarga ayt, miltig‘i yo‘g‘i harakatini qilsin! Polvon bolalarni ayt, mayda-chuydasi qolaversin, qishloqdayam kimdir qolishi kerak-ku? 
– Ot-anjomi ham durustlari chiqsin! – dedi Izzatullo. – Ishkali yo‘g‘ini aytamiz-da, shundaymi, Xushnazar? 
– Shunday qilinglar!
Yurtga omonlik, yovga qiron tilab, duo qilishdi. 

2.

Otlarini choptirib kelishayotgan Xushnazar va Norboyning istiqboliga chiqqan Rahmatullobekning ikki yigiti otlarning jilovidan tutishdi. Xushnazar va Norboy otlarni yigitlarda qoldirib, azim qayrag‘och sari yurishdi.
Rahmatullobekning o‘zi bularga qarab peshvoz chiqib keldi.
Rahmatullobek Urgut beklaridan bo‘lib, yoshi qirqdan endi oshgan, qosh-ko‘zi qop-qora, kaltagina soqoli ham o‘ziga yarashgan yigit edi. Qo‘rboshilarning ichida haqiqiy mardi bo‘lgan Rahmatullobek chayir, dovyurak, o‘ktam, og‘ir, bosiq kishi edi. 
– Shu bugun kelmasang odam yubormoqchi edim, – deb Rahmatullobek Xushnazarni, keyin Norboyni bag‘riga bosib ko‘rishdi. Xushnazarga ta’nali boqdi. – Kim aytadi seni polvon deb, To‘ra polvonning bolasi deb? El boshiga ish tushganda «Nima bo‘lar ekan?» deb pusib yotgan polvonam polvonmi? 
– Pusib yotganimiz yo‘q, – dedi Xushnazar biroz xijolat tortib. –  «Bek nav¬karlikka chaqirib qolar», deb kutayotuvdik, bunaqa qilib ketibdi. 
– Ha, bek qo‘rqdi! – Rahmatullobek qamchisi bilan etigi qo‘njiga urdi. – U bilan ketishni istamagan yigirma-o‘ttiz navkari menga kelib qo‘shildi. Qani, o‘tiringlar!
Qayrag‘och soyasidagi so‘riga o‘tirishdi. Bek duo qildi. Bir yigit choy, ikkita non, parvarda olib keldi. 
Norboy darrov choyni qaytardi, nonni ushatdi. 
– Yigitlarim to‘rt yuzdan oshdi, – dedi choy ho‘plagan Rahmatullobek. – Buyog‘i Kattanaymanu Beshkapadan tortib, naryog‘i Teraku, Mo‘minoboddan ham yigitlar kelib qo‘shilishayapti. Sen qancha yigit bilan kelasan? 
– Qishloqdan ellik-oltmish, balki yuz yigit chiqar, ammo men o‘zim ishonadigan, ot-anjomi yaxshi, miltig‘i bor yigirmatacha o‘zim qatori kurashib yurgan bolalarni olib kelaman.  
– Nima demoqchi bo‘layotganingni fahmladim. To‘g‘ri, yigitlarimizning hammasida ham ot-ulov, qurol yaroq yo‘q, ammo yaqinda hammasi bo‘ladi. Eng yaxshi miltiqlarni olamiz. Ingliz miltiqlari, to‘pponchalari, o‘q-dorilar ortilgan karvon yo‘lda. Xudo xohlasa, haftaning oxirigacha yetib keladi. Sen yigitlaringni olib kelaver. Jang ko‘rgan yigitlar bu yerda otish, chopishdan saboq berishayapti, ko‘zlari pishsin! Qurol beramiz. 
– Do‘stlarimning hammasida «Beshotar» bor. Kamini, Xudo xohlasa, o‘risning o‘zidan olamiz. 
– Barakalla! – dedi Rahmatullobek Xushnazarning yelkasiga qoqib. – Mana bu gaping menga ma’qul. Bo‘lmasa juma kuni sizlarni kutaman. Juma nomozini birga o‘qiymiz.
Dasturxonga fotiha o‘qildi.
– Endi yuringlar, yigitlarim qanday mashq qilayotganini ko‘rsataman!
Xushnazar va Norboy Rahmatullobek bilan yigitlar mashq qilayotgan maydonga o‘tishdi. Ular maydonda miltiq tutish, qilich chopishni mashq qilayotgan yigitlarning ishini biroz kuzatishdi. O‘zlari tanigan bir-ikki yigitlar bilan salom-alik qilishdi. Azon aytilib, barcha yigitlar nomoz o‘qish uchun tezgina saf olishganda Rahmatullobek mehmonlarini olib, oldingi safga o‘tdi. 
Asr nomozini o‘qishdi. Qur’on tilovatidan so‘ng Rahmatullobekning rahnamosi Ismoil qori duo qildi:
– Iloyo yurtimizga kofirning qadami yetmasin! Vatanimiz farzandlariga fathu zafar yor bo‘lsin!
Maydonni yigitlarning mardonavor ovozlari tutdi:
– Allohu akbar! Allohu akbar!
Rahmatullobek yigitlariga murojaat qildi:
– Yigitlar! Jalasoylik yelkasi yer ko‘rmagan Xushnazar polvonni hammangiz taniysiz-a?
– Taniymiz! Yaxshi taniymiz! – deyishdi yigitlar.
– Ana shu Xushnazar boshliq polvon yigitlar juma kuni safimizga kelib qo‘shiladigan, kuchimizga kuch qo‘shiladigan bo‘ldi. Xudo xohlasa, yurt kofirlar oyog‘i ostida toptalmaydi! Inshaalloh!
Yana yigitlar hayqirishdi:
– Allohu akbar! Allohu akbar!
Yigitlar yana maydonda mashq uchun saf olishgandan so‘ng, Rahmatullobek Xushnazar va Norboyni bag‘riga bosib, xayrlashdi.
Ikki yigit ularning otlarini olib kelishdi. Xushnazar va Norboy otlariga sakrab minishdi.
– Nasib bo‘lsa, juma kuni saflaringizga qo‘shilamiz! – dedi dedi bektoqat bo‘layotgan otining tizginini tortgan Xushnazar. – Alohu akbar!
Xushnazar va Norboy otlarini yeldirib ketishdi. 

3.

Xushnazar otini egarlab, jihozlarini ko‘zdan kechirdi. Yelkasiga beshotarini osib, o‘qdonini beliga bog‘ladi. Hovlida o‘ynab yurgan ikki yashar qizchasini chaqirib, peshonasidan o‘pdi. Birpas uni bag‘riga bosib turgach,  ko‘zlari yoshlangan ayoli  Muslimaga qizini olishini imo qildi.
Xushnazarning onasi, polvonbitish, qoruvli kampir Malla momo xurjunga non, bir tugunda u-bu soldi:
– Yo‘lda yeb ketarsizlar, bolam.
– Bo‘ldi, yigitlar kutib qolishdi, – dedi Xushnazar. – Endi chiqaylik!
Malla momo o‘g‘lini bag‘riga bosdi:
– O‘zingni ehtiyot qil, bolam!
– Xo‘p, enajon. Siz ham ehtiyot bo‘ling! O‘ris qishloqqa keladigan bo‘lsa, keliningizni olib, ammamnikiga ketingizlar. Tog‘da har holda bexavotir bo‘lasizlar!
– Mayli, bolam, aytganingdek qilamiz.
Bir umr kurashib o‘tgan, bunaqa mehribonchiliklardan ensasi qotadigan, «Aylanib-o‘rgilishlar erkak kishining chaqmoqligini o‘ldiradi, ayolsifat qilib qo‘yadi», deb hisoblaydigan To‘ra polvon bobo Xushnazarning bilagidan tortdi:
– Endi yura qol, jo‘ralaring betoqat bo‘layotgandir?
– Ena, duo qiling!
Erining so‘kib qolishidan qo‘rqqan Malla momo ko‘zlarini ro‘molining uchi bilan artib, o‘zini tetik tutishga urinib, ovoziga o‘ktamlik berib, duo qildi:
– Seni Xudoga topshirdim, bolam, dushmanni yengib, sog‘-salomat qaytgin!
– Yaxshi o‘tiring, ena!
Xushnazar xotiniga yuzlanib, bor-yo‘g‘i ikki og‘iz gapirdi:
– Yaxshi qol! Qizimizni ehtiyot qil!
– Ehtiyot bo‘ling, dadasi, – degan Muslima ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun qaynonasi ko‘ksiga yuzini bosdi.
– Bolani qo‘rqitasan! – dedi bunday paytlarda eriga taqlid qilib, salmoqlab gapiradigan Malla momo. – Undan ko‘ra Ro‘zigulni ko‘tar, otasiga qo‘l silkisin!
Onasi ko‘tarib olgan Ro‘zigul hech narsaga tushunayotgan bo‘lmasa-da, momosiga o‘xshab, otasiga «Xayr, xayr» qildi.
Xushnazar va To‘ra polvon bobo otni yetaklab, hovlidan chiqib ketishdi.
Hali tong payti bo‘lishiga qaramasdan go‘zarning choyxonasi oldida otlarining jilovidan tutgan, yelkalariga miltiq taqqan o‘ttiztacha yigit to‘plangan edi. Atrofda yigitlarning otalari, ukalari, olisroqda yuzlarini berkitib onalari, opa-singillari turishardi.
Xushnazar saflarni ko‘zdan kechirib, yettita o‘smirni ajratdi.
– Sizlar yettovingiz qishloqda qolasizlar!
– Nega? Biz ham birga boramiz, – dedi bir o‘spirin. – Nima, biz miltiq otolmaymizmi? Yoki otda o‘tirolmaymizmi?
– Xushnazar aka, meni yosh bola demang, sharmanda qilib tashlab ketmang! – dedi boshqa biri yig‘lamoqdan beri bo‘lib. – Men miltiqni hammadan yaxshi otaman!
Xushnazar uning yelkasidan quchdi:
– Ana shuning uchun ham sizlarni qoldiraman-da. Jalasoydayam erkak zoti qolishi kerak-ku, axir?
O‘smirlar xushlamaygina boshqalardan ajralib, chetga o‘tishdi. «Sharmanda qilib tashlab ketmang!» degan Akbar ismli yigitcha ajralmadi. Rabbim polvon borib, uning yelkasini silab, otining jilovidan yetaklab, tengdoshlariga qo‘shib qo‘ydi.
– Baribir qochib ketaman! – deb baqirdi Akbar. – Men qishloqda qolmayman!
Yigirma uch yigit saf tortdi.
Xushnazar yigitlarni yana bir bora ko‘zdan kechirgach,  qishloqning oqsoqollariga yuzlandi:
– Qani, otalar, bir duo beringlar!
Hamma To‘ra polvonga tikildi. To‘ra bobo bir tomoq qirib olgach, duo qildi:
– Iloyo oy borib, omon qaytinglar! Yurtimiz kofirlarning qo‘liga o‘tib ketmasin! Unutmanglar, bolalarim, bu jangda g‘olib bo‘lsangizlar abadiy shon-sharafga ega bo‘lasizlar, kim dushman o‘qiga uchsa, shahid maqomini oladi! Qo‘rqoqlik qilib, qochganlar esa avlodlarimizning qarg‘ishiga qoladi! Undaylar qishloqqa qaytmaydi! Yo g‘olib bo‘lib yo shahid bo‘lib, yuzimizni yorug‘ qilinglar! Allohu akbar!
Hamma duoga qo‘shildi:
– Allohu akbar! Allohu akbar!
Yigitlar yo‘lga tushishdi. Bir qirdan o‘tganlarida ularning ortidan ot choptirib, Akbar yetib oldi. To‘g‘ri Xushnazarning oldiga keldi. Xushnazar qovog‘ini uydi:
– Nega kelding? Men senga nima degan edim? 
– Xushnazar aka, men baribir qolmayman. Mayli, so‘king, mayli, uring. O‘ldirsangiz ham qolmayman.
– Uraman ham! 
Xushnazar qamchisini o‘qtalgan edi, Rabbim polvon kelib oraga tushdi:
 – Xushnazar, mayli, indama! Boraversin, iligi to‘la polvon bola. Uyaltirib qo‘ymaydi.
Xushnazar Botirga qaradi. Xushnazarning avvaldan odati shu, biror masalada ikkilansa, kam gapiradigan, ammo doimo eng aqlli gapni aytadigan Botirga qarab, uning fikr bildirishini kutadi. Yigitlar o‘zlarining jo‘raboshisiga bir ishni ma’qullattirgilari kelsa, oldindan Botirga tayinlab qo‘ygan paytlari ham bo‘lgan.  
– Buni tashlab ketganing bilan foydasi yo‘qqa o‘xshaydi, – dedi Botir. – Baribir qochib borib, yigitlarga qo‘shiladi.
Xushnazar shundan keyin ham bir qarorga kelishi qiyin bo‘ldi. Norboyga qaradi. Norboy «Men bilmayman, o‘zing hal qil», deganday yelkasini qisdi.
– Bo‘pti, yuraver-chi, – dedi Xushnazar Akbarga. – Ammo bilib qo‘y, labingga uchuq toshgan kuni qaytib kelasan!
– Mening labimga uchuq toshmaydi!
Ko‘zlarida sevinch yoshlari miltillagan Akbar otini burib, yigitlarning safiga o‘tdi.
Birpasda otliqlar Jalasoydan ancha uzoqlashib ketishdi.

4.

Xushnazarning yigitlari Rahmatullobekning yigitlariga kelib qo‘shildi. Rahmatullobekning yigitlari Xushnazar boshchiligidagi yigirma to‘rt yigitni katta xursandchilik, shovqin-suron bilan kutib olishdi. Rahmatullobek Xushnazarni bag‘riga bosib, minnatdorchilik bildirdi. Shu payt bir yigitning «Karvon ko‘rinayapti!» degan ovozi eshitildi. Hamma karvon kelar tomonga qaradi va o‘sha tarafga yura boshlashdi.
Tuyalarga qurol-yaroq sandiqlari yuklangan karvon bular turgan yerga keldi. Karvonboshi ingliz tilida gapirdi. Yonidagi tarjimon so‘zlarini o‘zbekchaga o‘giradi:
– Angliya davlati siz, muhtaram Rahmatullobekni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mingta beshotar miltiq, zamonaviy tupponchalar va o‘q-dorilarni sovg‘a qiladi.
Bunaqa  zodagonlar bilan gaplashib o‘rganmagan Rahmatullobek biroz o‘ng‘aysizlandi, ammo o‘zini tez o‘nglab olib, bir tarjimonga, bir karvonboshiga qarab so‘zladi: 
– Davlatingiz rahbarlariga minnatdorligimizni izhor qilamiz! Nasib bo‘lsa, bu qurollar bilan g‘alabani qo‘lga kiritsak, sizlardan qarzdor bo‘lib qolmaymiz, albatta qaytaramiz!
Rahmatullobek yigitlariga o‘girildi:
– Barcha yigitlarga miltiq va to‘pponchalarni, kerakli miqdorda o‘q-dorilarni beringlar!
Yigitlar qurol-yaroqlarni tuya va otlardan tushirishib, tarqata boshladilar. Rahmatullobek bitta beshotarni va bir «Nagan»ni olib, Xushnazarning oldiga keldi.
– Mana bular senga, Xushnazar!
– Bek, mening o‘z miltig‘im bor, – dedi Xushnazar. – Buni boshqalarga bering!
– Boshqalargayam yetadi. Sen olaver, bu miltiq juda tez otar ekan. Manavi «Nagan»niyam olib qo‘y, yettita o‘q ketar ekan, kerak bo‘lib qoladi!
Xushnazar miltiq va «Nagan»ni oldi. O‘qdonni yelkasiga tashladi. «Nagan»ni g‘ilofi bilan belbog‘iga qistirdi. Keyin Rahmatullobekka qarab gapirdi:
– Ko‘raylikchi, yigitlarimiz nima qilishayapti ekan?
– Ular mashqlarni boshlab yuborishdi, – dedi Rahmatullobek. –  Yur, ko‘ramiz! 
Rahmatullobek va Xushnazar yigitlarning yangi miltiq, to‘pponchalardan otishni mashq qilishayotganini birpas kuzatib turishdi. So‘ngra Rahmatullobek Xushnazar va bir-ikki yigitlar bilan o‘z chodiriga kirib ketdi.
Rahmatullobek Xushnazar va boshqa ishonchli yigitlari bilan gaplashib o‘tirgandi, bir yigit ruxsat so‘rab, chodirga kirib keldi.
– Bek aka, dushmanlar Urgutga kelishayapti ekan. Peshinda yetib kelisharmish. 
Hammalari bir-biriga qarab olishdi.
– Yigitlarga aytinglar, hamma tayyorlansin! – dedi Rahmatullobek. – Yuqorisoyda kutib olamiz dushmanni. Nasib bo‘lsa, ularni Yomonjardan nariga o‘tkazmaymiz!
Hammalari taraddudlanib, o‘rinlaridan turishdi va chodirdan chiqib ketishdi.
Tiramohning boshi. Daraxtlarning barglari oltin rangiga kirgan. Bog‘larda uzumlar pishgan. Rahmatullobekning besh yuz kishidan ortiq qo‘shini soyning o‘ng qirg‘og‘i bo‘ylab saf tortgan. Hamma shijoat bilan jang boshlanishini betoqat kutmoqda. 
O‘rislar soyning chap tomonida ko‘rinishdi. Ular saf tortib, soyga tushib kela boshladilar.

Ikkinchi bob.
«O‘ris deganini ham ko‘rdik».


1.

Ikki yuztacha keladigan o‘rislarning kichik qo‘shini soyga tushib bo‘lganda, ularga soyning o‘ng tarafidan o‘qlar otila boshlandi. O‘ris soldatlari darhol oldinga to‘plarini olib o‘tishdi va «Brichka» deb ataluvchi aravalarida o‘rnatilgan pulemyotlarni Rahmatullobekning yigitlari tomonga to‘g‘rilab, otishga shaylashdi. 
Dushmanning o‘zlaridan anchagina kam ekanidan ruhlangan Rahmatullobekning yigitlari «Allohu akbar, Allohu akbar!» deb hayqirganlaricha soyga yopirildilar. Ular o‘rislarga yaqin kelganda o‘risning to‘pi bir gumburlashi bilan bunaqa ovozni hali eshitmagan yuzdan ziyod ot qo‘rqib, ustidagi odamini yiqitib, har yoqqa qocha boshladi. O‘zini o‘nglab olib, dushman sari ot solgan bir guruh yigitni esa o‘rislar «Maksimka» deb ataydigan pulemyotdan tarillab otilgan sanoqsiz o‘qlar bug‘doyni chalg‘i o‘rganday qirib tashladi. 
Ikki yuz o‘ris soldatiga besh yuz kishilik Rahmatullobekning «qo‘shini» dosh berolmay, tutdek to‘kildi. Soylikdagi maydonni «voy-voy»lagan-u, so‘kingan ayanchli ovozlar tutib ketdi. Rahmatullobek yigitlarga toqqa qarab chekinishni buyurdi. Rahmatullobekning yigitlari chekina boshladi. O‘ris bir-ikki chaqirim quvib keldi-yu, ortiga qaytdi. Shu bir-ikki chaqirimda ham besh-o‘n yigit o‘qqa uchdi. 
Qoratepada Rahmatullobek yigitlarning orqa-oldini yig‘di. 
Yigitlarning teng yarmi safda ko‘rinmadi. Ikki yuz qirq-ikki yuz elliktacha yigit tirik qolgan edi.
Rahmatullobek ruhsiz bo‘lib qaytgan, «Endi nima bo‘ladi?» degandek o‘ziga beun tikilib turgan yigitlarga qarab yurak-bag‘ri ezildi. Yigitlariga qarab turib «Mana, o‘ris deganini ham ko‘rdik», deb o‘yladi. Bir ko‘ngli «Urushishning uddasidan chiqolmas ekanman, yig‘ishtirsammikan?» ham dedi. Ammo tomirida polvonlik qoni gupurdi. Oriyati qo‘zidi. «Bir yiqilish bilan bilan maydondan qochadigan polvon polvonmi? Yurt erki uchun jonimni tikkanman, yo ularni daf qilaman yo shu yo‘lda halok bo‘laman». Shu o‘ylar bilan yigitlariga yuzlandi:
– Biz o‘ris bilan yuzma-yuz urisha olmas ekanmiz. Tajribasizlik qildik. Ko‘p yigitlar juvonmarg bo‘ldi. Yigitlarimizning teng yarmi nobud bo‘ldi. Ammo ular shahidlik maqomiga erishdilar. Qori aka, shahid ketgan o‘g‘lonlarimiz haqiga Qur’on tilovat qiling! 
Ismoil qori «Taborak» surasini o‘qidi. Shahid bo‘lgan yigitlarning haqqiga uzoq duo qildi.
Yuziga fotiha tortgan Rahmatullobek o‘rnidan turdi:
– Tomchi qonim qolguncha yigitlarning qasosini olishga qasam ichaman! Endi dam olinglar! Xushnazar, sen yigitlaring bilan borib, o‘ris kechasi qaerda to‘xtashini bilib kel! Oqshom bosamiz! 
– Xo‘p bo‘ladi! – degan Xushnazar o‘zining yigitlari to‘planib turgan yerga keldi. – Izzatullo, hamma bormi?
Izzatulloning o‘rniga Norboy javob berdi:
– Beshta yigitimiz shahid bo‘ldi.
– Kimlar?
Rabbim polvon Xushnazarga yaqin kelib, yigitlarning ismlarini aytdi: 
– Iskandar, O‘ktam, Ismat polvon, Turdi. Yana Ashurning ukasi Xolmamat. 
Xushnazar birpas jim qoldi. Ko‘zlarida ikki tomchi yosh ko‘rindi.
– Bari zo‘r yigitlar edi. Ismat polvon sheryurak edi. Soyda ham o‘risning ichiga yorib kirib, bir-ikkitasini qilich bilan chopib tashladi. Shahidlarimizni Alloh rahmat qilsin! Ularning qasosini olamiz! Rabbimqul, sen men bilan borasan. Qolganing damingni olaver. Norboy, Botirning oyog‘iga o‘q tegibdi, qaranglar!
Xushnazar Rabbimqul bilan pastga tushib ketishdi.

2.

Rahmatullobek Xushnazardan xabar kutib, o‘z chodirida ikki yigiti bilan o‘ychan o‘tirgan edi, poyloqda turgan yigitlardan biri kirdi.
– Bek aka, Xushnazar keldi!
– Tez kirsin!
Xushnazar Rabbim polvon bilan kirib keldi.
– O‘rislar Kattaqishloqqa tushishibdi. Salim mingboshi non-tuz bilan kutib olibdi ularni. Maskovda o‘qib, bolshavoy bo‘lgan o‘g‘li o‘shalarga qo‘shilgan ekan. O‘sha boshlab kepti o‘rislarni. Mardon o‘ris emish oti. 
Rahmatullobek o‘rnidan turib ketdi.
– Kapasiga o‘t qo‘yaman Salimning. Urgutda, Juma namozida «Bek, harakatingizni qilavering, biz ham yordamga tayyormiz», degan edi. Yigitlarini yubormoqchi edi. Shumi itning yordami?
– O‘sha yigitlari o‘g‘li Mardon bilan birga o‘rislarga qo‘shilibdi. 
Asabiylashganidan bo‘yin tomirlari bo‘rtib ketgan Rahmatullobek g‘azabini zo‘rg‘a bosib, qo‘lini Xushnazarning yelkasiga qo‘ydi. 
– Choy-poy ichib olinglar, Xuftonni o‘qib, yo‘lga tushamiz. Salim bilan hisob-kitob qilamiz! 
Bomdodga yaqin Salim mingboshining uyidan ko‘tarilgan olov bir terak bo‘yi bo‘ldi. O‘rislarning otlari bog‘lab qo‘yilgan bostirma ham guvillab yonar, otlarning achchiq kishnashi, olatasir otilayotgan miltiq ovozlari yuraklarga vahima solardi. O‘rislar, Salim mingboshining bolalari vahimada har tomonga qarab chopardilar. Askarlar qo‘rquvdan har tomonga mo‘ljalga olmasdan o‘q otishardi.
Tong otganda Salim mingboshining mol-mulkidan hech narsa qolmagani ayon bo‘ldi.
Jig‘ibiyroni chiqqan Mardon o‘ris asabiy baqirdi:
– Ularga ko‘rsatib qo‘yaman! Hammasini Sibir qilaman!
Bu paytda qiladigan ishini qilib bo‘lgan Rahmatullobekning yigitlari bu yerdan ancha olislab ketgan, Mirzaqishloq qishlog‘iga kirib borgan edi. Choshgohga yaqin qishloq  masjidi oldida Mirzaqishloqning kattayu kichigi jam bo‘ldi. Hamma Rahmatullobekning yigitlari otga o‘ngarib kelgan ikki o‘risni tomosha qilishardi.
Rahmatullobek qo‘l-oyog‘i bog‘langan ikki o‘ris askarning oldiga keldi.
– Xushnazar, bularni qanday ushlab olding?
– Kechasi Salim mingboshining uyi oldida qorovullikda turib, uxlab qolishibdi, – dedi Xushnazar. – Rabbim polvon otiga o‘ngarib kelaverdi. 
Rahmatullobek o‘ris askarlarini bir aylandi.
– Qani, so‘rab ko‘ringlarchi, nima uchun kelishibdi? Urgutda pishirib qo‘ygan ekanmi ularga?
– Bek, men bularning tilini bilmayman, – dedi Xushnazar.
– Men bilan ekanmanmi, tilingga kuydurgi chiqqurlarning tilini? – dedi Rahmatullobek va qamchisining dastasi bilan o‘ris askarlarning iyagi tagidan ko‘tarib so‘radi: – Nega keldilaring? Nega yigitlarimizni otdilaring?
– Ne ponimayu vas, – dedi o‘ris.
Rahmatullobek yigitlariga qaradi:
– Nima deydi?
– Kim biladi, nima deydi? – dedi Xushnazar.
Rahmatullobek o‘rislardan nari ketdi.
– Bular bilan gaplashish befoyda. Dorni tayyorlanglar!
Ikki yigit qayrag‘ochga chiqib, arqonlarni bog‘lashib, dor qilishdi. Dorning sirtmog‘ini qayrag‘och ostiga sudrab kelingan ikkala o‘risning bo‘yniga solishdi.
– Tort! – dedi qahr bilan Rahmatullobek.
Yigitlar arqonni tortishdi. Ikkala o‘ris askar tipirchilab-tipirchilab dorda osilib qoldi.
Ularga bir zum tikilib turgan Rahmatullobek keskin harakt bilan sakrab otiga mindi.
– Ketdik!
Hammalari otlarga minishib, qishloqdan chiqib ketdilar.
Izzatullo otini choptirib, Xushnazarga yaqin keldi.
– Odamning ichi achiydi-ya, Xushnazar? Ikkalasiyam ukam qatori o‘spirinlar ekan. 
Xushnazar qahr bilan tishlari orasidan so‘zladi: 
– Bu sariq mashaklarga hech ham iching achimasin, Izzat! Unutma, ular hecham ichi achimay Iskandarni otishdi, O‘ktamni, Ismat polvonni, Turdini otishdi. Ashurning ukasini otishdi. U bulardan ham yosh edi. Asli shu bolani bekor olib chiqdik. «Qolsin», desam akasi xafa bo‘ldi. «Uyam polvonman deb yuribdi», dedi. Mana, endi o‘zidan o‘tganini o‘zi bilib yuribdi. Ukasining o‘ligiyam Yomonjarda qolib ketdi. 
– Soyliklar olib, qishloqqa jo‘natishibdi, surishtirdik, – dedi Norboy. – Bugun hammasiga janoza o‘qib, ko‘mishadi. 
– Bo‘lmasa sen Ashur bilan qishloqqa tush! – dedi Xushnazar. – Asrdan keyin chiqarishsin! Janozaga boramiz. 
– Xo‘p!
Rahmatullobekning yigitlari toqqa qarab yo‘l olishdi. Norboy va Ashur yigitlardan ajralib, past tarafga ketishdi.

3.

Rahmatullobekning yigitlari Omon-qo‘ton qishlog‘i etagida to‘xtashdi. Otlarini o‘tlashga qo‘yishdi. Kim miltig‘ini, kim to‘pponchasini, kim qilichini tozalash bilan ovora bo‘ldi. Rahmatullobek Xushnazar bilan bir tosh ustida o‘tirib, endigi ishlar to‘g‘risida suhbatlashardi. Ularning oldiga Norboy yaqinlashib keldi. Uning tez qaytganidan xavotiri oshgan Xushnazar unga peshvoz chiqdi:
– Darrov qaytibsizlar, tinchlikmi?
– Tinchlik emas, – dedi Norboy. – Janozaga borolmaydigan bo‘ldik.
– Nima bo‘ldi, tezroq ayta qolsangchi!
– O‘rislarga hujum qilganimiz Samarqandga ma’lum bo‘lib, qishloqqa elliktacha qizil askar yuborishibdi. Qishloqni askarlar o‘rab olishgan. Sening uyingni alohida qo‘riqlashayapti. Yana bir guruh otliq askarni Beshkapaga yuborishibdi. Urgutga kiraverishlarida Mirzapolvonning yigitlari o‘rislarning o‘ndan ortiq yigitini otib o‘ldirishgan ekan. Qo‘rboshining qarindoshlarini garovga olib, «Mirzapolvonni topib berasizlar», deb o‘tirishganmish.
– Qizil askarlar haqida yana nima gaplar bor? – so‘radi Xushnazar.
– Toshkentdan yordam so‘rashibdi, Prunza degan sarkardaning o‘zi bosh bo‘lib kelayotgan emish. 
– Xushnazar, yigitlarga ayt, balodan hazar, deganlar, toqqa chiqib ketamiz, – dedi Rahmatullobek. – Qizil askarlar chiqolmaydigan joylarni makon qilamiz. Kechalari hujum qilamiz ularga.
Oradan biroz vaqt o‘tib, Rahmatullobekning yigitlari tizilishib, toqqa chiqib ketishdi.

Uchinchi bob.
«Uyimni kuydirma, o‘ris!»


1.

Xushnazar onasiga «O‘ris qishloqqa keladigan bo‘lsa, keliningizni olib, toqqa, ammamnikiga ketingizlar», deb tayinlagani bilan To‘ra polvon va Malla momolar g‘aflatda qolishdi. O‘ris hech kim kutmagan mahalda, kechasi, xufton namozidan keyin qishloqni bosdi. Mehmonga kelganday qishloq go‘zariga kelib tushdi. Kattalari choyxonaga ko‘rpachalarni qalin solib yotib oldi. Qolgani xohlagan odamnikiga kirib, oziq-ovqat, otlariga yem, yemish olib chiqib ketaverdi. Ertalab qishloqning har yer-har yeriga soqchilarni qo‘yib chiqishdi. Hech kimning qishloqdan chiqib ketmasligi, hamma o‘z uyida tinchgina o‘tirishi tayinlandi. Ko‘chada faqat o‘ris askarlarigina yurishar, ularning gap-so‘zlaridan vahimaga tushgan odamlar bola-chaqasini ko‘chaga chiqarmay, pusibgina o‘tirishardi.
Xushnazarlarning hovlisi atrofiga ham ikkita o‘ris soldati qorovullikka qo‘yildi. Ular hovlidan uzoq ketmay, nari-beri borib-kelib turishardi. Har zamon-har zamonda ichkariga ham bo‘ylab qo‘yishardi.
Hovlidagi chorpoyada To‘ra polvon bo‘layotgan ishlarni mushohada qilgancha tasbeh o‘girib o‘tirgandi, ichkaridan Malla momo chiqib keldi.
– Kelinning xamiri achib ketdi, bu o‘ris qachon ketar ekan, boboy?
To‘ra polvon hovli tashqarisiga bir qarab olib, javob berdi:
– Quyosh botmasdan ketmas-ov, o‘zing tandirni qizdiraver-chi? Ketishsa, kelining yopar nonni, ketishmasa o‘zing yopasan-da, nima qilasan?
– Qariganimda bu kunlar ham bor ekan-da boshimda. 
– Kelinniyam ertaroq jo‘natib yuborishing kerak edi, – dedi To‘ra polvon. – G‘aflatda qoldik, kampir, g‘aflatda qoldik.
– O‘ris bo‘lsayam ayollarga tegmas, boboy?
– Tegmaydi-ya, tegmaydi. Pastqishloqlik Jo‘raqul ustaning kelinini qaynota-qaynonasining oldida zo‘rlashibdi, ifloslar. Usta bobo hassasi bilan bittasini urgan ekan, shartta qilichi bilan chopib tashlabdi.
– E, Xudoyim, o‘zing bu kofirlarning zulmidan qutqar! – ko‘zlari namlandi momoning. – Xushnazarning holi nima bo‘ldi ekan, boboy?
Yig‘i-sig‘ini jini suymaydigan To‘ra polvon ayoliga qattiqroq gapirdi:
– Tandirga olov yoq, ko‘p gapirma har xil gapni!
Malla momo bir nimalar deb nari ketdi va borib tandirga olov yoqdi. Shoxa bilan tandir yonida turgan o‘n-o‘n besh bog‘ yantoqlardan bir bog‘ini tandirga tiqdi va erining oldiga kelib o‘tirdi. Har zamon tashqarida o‘tib-qaytib turgan qizil askarlarga xavotir bilan qarab-qarab qo‘yaverdi. Har zamonda borib, tandirga bir bog‘ yantoqni tiqib, yana shoxani boshqa bir bog‘ yantoqqa sanchib kelaverdi.
– Tandir qizidi. O‘rislar ham ketdi, shekilli? – dedi ko‘cha tarafga yana bir qarab olgan Malla momo. – Kelin chiqib, nonni yopib olsa ham bo‘lar, boboy?
To‘ra bobo borib, darcha osha u yoq-bu yoqqa bir-ikki qarab olgach, xotiniga qarab gapirdi:
– Ketishibdi, chog‘i. Kelinga ayt, chiqib, nonini yopaversin!
Malla momo ichkariga kirib ketdi va ichkaridan bir savat non xamirini ko‘tarib kelini, ortidan nevarasini yetaklab, Malla momo chiqib kelishdi. Muslima xamirlarni tandirga yopdi. Malla momo nevarasini olib kelib, bobosining oldiga chiqardi. Tili endi chiqqan qizchani gapga soldi:
– Ro‘zigul, bobong qani, bolam, bobong qani?
Ro‘zigul «An-na, an-na» , deb bobosini ko‘rsatdi.
– Momong qani, bolam?
Ro‘zigul «An-na, an-na» , deb momosini ko‘rsatdi.
– Otasi qaerda ekan bolamni, ayt-chi?
Muslima endi nonlarni uzib olgan ediki, darchani taraqlatib tepib ochib, bir o‘ris soldati ichkariga kirdi. To‘ra polvonga, Malla momoga bir-bir qarab olgach, non yopayotgan Muslima tarafga yurdi. Savatdagi nonlarni ko‘rib, ko‘zlari yonib ketdi.
– Oy, xleb, goryachiy xleb! – deb o‘ris soldati to‘g‘ri tandir oldiga keldi. 
O‘ris bitta nonni savatdan olib, katta-katta tishlab, yeya boshladi. Uning ortidan ergashib borgan Malla momo angrayib qolgan keliniga gapirdi:
– Qoch, Muslima! Uyga kir!
Muslima savatni ko‘tarib, uyga qarab keta boshladi. Ammo uning oldini o‘ris to‘sdi:
– Kuda?
O‘ris orqasidagi qopini olib, nonlarning hammasini qopiga solib oldi va yana Muslimaga qarab yura boshladi:
– Oy, t? moya xoroshaya, oy, t? moya sladkaya. Ya je zab?l kogda posledn?y raz b?l s jenshinoy.
U Muslimaga yaqinlashar ekan, kiyimlarini bir-bir yecha boshladi. Muslima qochib uyga kirdi. Uning ortidan ergashgan o‘ris xursand bo‘ldi:
– Daje ochen xorosho!
O‘ris ham uyga kirmoqchi bo‘lgandi, To‘ra polvon uning yo‘lini to‘sdi:
– To‘xta, o‘ris, iymonsiz, qaerga kirayapsan?
O‘ris To‘ra polvonga o‘dag‘ayladi:
– Stoyat!
O‘ris qilichini chiqarib, chol-kampirni boshqa uyga itarib kiritdi. Eshik tutqichiga qilichini tiqib qo‘ydi.
Bu orada uyda qolishi xatarli ekanini anglagan Muslima qochib hovliga chiqdi, ammo hovlidan chiqib ketolmadi. Ichki kiyimda qolgan o‘ris uni tutib olish payida bo‘ldi. Muslima hovlini aylanib qocha-qocha, tandir oldiga kelib qoldi va tandir yonidagi bir bog‘ yantoqqa qadalib turgan panshaxani achchiq bilan sug‘urib oldi. Uni o‘risga o‘qtaldi:
– O‘ris, chiqib ket! Erim «O‘risdan ehtiyot bo‘l», degan. Erim «O‘ris senga teginsa, bir kun ham xotin qilmayman», degan. Jon, o‘ris, chiqib ket, uyimni kuydirma!
O‘ris o‘z oti bilan o‘ris-da. To‘xta desang to‘xtarmadi, tegma desang tegmasmidi? O‘ris to‘xtamadi. Bir chalg‘ituvchi harakat qilib, Muslimaga otildi. Muslima ham panshaxani o‘risga to‘g‘rilab, hamla qildi.
Birdaniga ikkalasi ham taqqa to‘xtadi. O‘risning ko‘zlari katta-katta bo‘ldi. Labining bir chetidan qon sizib chiqa boshladi. Panshaxaning bitta shoxasi o‘risning naqd kekirdagidan kirib, bo‘yniing orqasidan chiqqan edi.
Shu payt hovliga boshqa o‘rislar kirib qoldi va yerda o‘lib yotgan sheriklarini va qo‘lidagi shoxani haliyam o‘risning tomog‘iga tiqib, qo‘rquvdan qalt-qalt titrab turgan Muslimani ko‘rib, nima voqea bo‘lganini tushunishdi.
Ikkita soldat o‘lgan sherigining jasdini olib chiqib ketdi. Yana ikkita soldat bir nimalar deb, Muslimani olib keta boshlashdi. Derazani ochib, hovliga chiqqan To‘ra polvon ularga qarshilik qilmoqchi bo‘ldi. O‘rislar To‘ra polvonni ham sudrab olib chiqib ketishdi. Malla momo zor yig‘lab, o‘rislarni qarg‘ab qolaverdi.

2.

O‘rislar hammani qishloq go‘zariga yig‘ishdi. Bir tatar yigit oldinga chiqib, so‘zladi:
– Qizil askarni o‘ldirishga jur’at qilgan mana bu ayol Sho‘ro hukumati nomidan oliy jazoga hukm qilindi. Rus askariga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatgan har bir kishi ana shunday otib o‘ldiriladi.
Soldatlar Muslimani masjid devori ostiga olib borishdi. Saf bo‘lib turishib, miltiqlarini Muslimaga o‘qtalishdi va o‘rislarning kattasi bergan buyruq bilan birvarakayiga unga o‘q uzishdi.
Muslima «Voy, onajon!» deb yiqildi. 
To‘ra polvon «Voy, bolam!» deb unga qarab yugurdi.
– Nelzya!
O‘ris zobitining bu buyrug‘idan keyin soldatlar To‘ra polvonni ushlab qolishdi. Tatar yigit tushuntirgan bo‘ldi:
– Mumkin emas! Bu yaramas ayol ko‘milmaydi, u shu yerda yotadi. Uni itlar yeb ketadi.
Keyin tatar yigit xalqqa qarab murojaat qildi:
– Sho‘ro askariga qo‘l ko‘targani uchun bu odamlar uyidan chiqariladilar va bu uy mahalliy sho‘ro hokimiyati ixtiyoriga olib beriladi. Endi tarqalinglar!
Odamlar sarosimada tarqala boshlashdi.
– Sen bizning tilda gapirar ekansan, musulmonmisan? – so‘radi undan To‘ra polvon.
– Men bolshevikman, – dedi tatar yigit. – Men kommunistik partiyaga, Leninga xizmat qilaman.
– Kimga xizmat qilsang qilaver, – dedi To‘ra polvon. – Ammo o‘likni janoza o‘qib ko‘mish kerak, o‘risning o‘ligini it yer, ammo bizda o‘liklarni xor qilishmaydi.
– Tilingga ehtiyot bo‘lmasang o‘zingning ham o‘liging itlarga yem bo‘ladi, – deb tatar yigit nari ketdi.
Muslimaning o‘ligi itlarga yem bo‘lmadi. «Kattang bilan gaplashtir», deb turib olgan To‘ra polvonga kelinining o‘ligini olib ketishga ruxsat berishdi. 
O‘rislar har qancha dag‘dag‘a qilishmasin, janoza namoziga butun qishloq chiqdi. Muslimani yuvmasdan, kafanlamasdan, o‘z kiyimlari bilan dafn etishdi. 

3.

Rahmatullobekning yigitlari hali ham tog‘da yurishardi. Rahmatullobek Xushnazar bilan suhbatlashib kelayotgan yerida Rabbim polvon ularga yaqin borib, salom berdi.
– Yaxshi borib keldilaringmi, polvon, qishloqda nima gap ekan? – so‘radi Xushnazar. – Prunza keptimi?
– Yaxshi borib keldik, – dedi Rabbim polvon. – Prunza kelmapti, ammo Xolbekov degan o‘zbek yigiti boshliq yuzga yaqin qizil askar kelib, qishloqqa tushibdi. «Rahmatullobek bosmachi», deb e’lon qilibdi. «Bosmachilikni tugatamiz», debdi. «Kim bosmachiga yordam bersa, so‘zsiz otiladi», debdi.  Hamma yoqdan bekni, bizlarni surishtirib yurganmish.
– Yurtni bosib olganlar yurtga ega bo‘lib, bizlar o‘z yurtimizda o‘zimiz bosmachi bo‘libmiz-da? – dedi Xushnazar alam bilan.
– Qo‘yaver, Xushnazar, qizishma! – dedi Rahmatullobek. – El biladi kim bosmachiligini. Boshqasiga parvo qilma!
– Xushnazar, yana bitta noxush gap bor, – dedi Rabbim polvon sal pastroq ovozda.
Endi nari keta boshlagan Xushnazar to‘xtab «Nima gap?» degandek Rabbim polvonga qaradi. Rahmatullobek ham nima gapligiga qiziqib, to‘xtadi.
Rabbim polvon biroz Xushnazarga tikilib turgach, gapirdi:
– Uylaringga kirgan o‘ris ayolingga tajovuz qilmoqchi bo‘pti. Ayoling non yopayapti ekan, qo‘lidagi shoxa bilan o‘risni o‘ldirib qo‘yibdi. O‘rislar ko‘pchilikning oldida uni otib tashlashibdi.
Xushnazar bir qalqib tushdi. Uning ko‘zlarida olov uchqunladi.
– Qachon?
– Uch kun burun. Butun qishloq janozasini o‘qib, shahid maqomida dafn qilishibdi.
– Ablahlar! – deb qamchisi bilan etigi qo‘njiga bir urgan Xushnazar yana Rabbim polvonga yuzlandi: – Ota-onam, qizim sog‘mikan? Ularga tegishmaptimi?
– Uylaringni tortib olishib, sho‘ro idorasi qilishibdi. Ota-onang qizing bilan tog‘angnikida turishibdi ekan, hammalari sog‘.
– Ayol kishiga ham shafqat qilmas ekan-da, bu o‘ris degani, – degan Rahmatullobek Xushnazarni bag‘riga bosdi. – Bardam bo‘l, Xushnazar, bandachilik!
Hammalari yuzlariga fotiha tortishdi.
Xushnazarning ko‘zida ikki tomchi yosh qalqidi:
– Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin! 
– Hammasi uchun qasos olamiz, Xushnazar! – dedi Rahmatullobek. – Qasos olamiz!
– Albatta qasos olamiz! – dedi Xushnazar g‘azab bilan. – Shu bugunoq qasos olamiz! 

To‘rtinchi bob.
«Makoning bo‘libdir tog‘lar orasi».

1.

Qorong‘u tun. Tomida qizil bayroq hilpirab turgan Xushnazarlarning uyi oldida qizil askarlar soqchilikda aylanib yurishibdi. Shu payt Rahmatullobekning otliqlari «qiy-chuv» bilan quyunday bostirib kelishdi. Qizil askarlar vahimada har tarafga o‘q ota boshlashdi. Rahmatullobekning yigitlari qizil askarlarni bitta qoldirmay otib tashlashdi. Bir yigit tomga tirmashib chiqib, qizil bayroqni yerga tashladi. Yigitlar bayroqni yoqib yuborishdi.
Ichkariga kirgan Xushnazar o‘z uylariga stol-stul kiritilib, boshqacha bo‘lib ketganini ko‘rib ajablandi. Ammo hech kim yo‘qligidan fig‘oni chiqdi. Chiqib, Botirga buyurdi:
– Botir, sho‘rosining raisini topinglar!
– Idorasida yo‘q, uyida bekinib o‘tirgandir? – dedi Botir.
Xushnazar sakrab otiga mindi:
– Uyiga ketdik!
Hammalari ot qo‘yib ketishdi.
Bu paytda qishloqda bo‘lgan ola-tasirni eshitgan sho‘ro raisi Dehqonov o‘z uyida qo‘rquvdan qaltirab o‘tirar, uning qaltirashi yonidagi xotini va bolalariga ham o‘tgandi.
– Uying kuydi, xotin! Xushnazar idoraga o‘t qo‘yibdi, – dedi Dehqonov. – Hozir meni qidirib keladi!
– Sizga tegmas, o‘rislarni o‘ldirar emish-ku? – dedi Dehqonovning xotini o‘zi ham ishonqiramay.
– Nechta sho‘ro idorasiga hujum qilgan bo‘lsa, hamma sho‘ro raislarini osib ketayapti emish!
Shu payt darvoza taqqilladi.
– Rais bobo, hov, rais!
Dehqonov taxmon ortiga bekindi. Xotini uning ustiga ko‘rpa-to‘shaklarni yig‘ib tashladi. Keyin ikki bolasini ergashtirib borib, darvozani ochdi.
– Rais boboda ozgina ishimiz bor edi, yanga! – dedi unga Botir.
– Rayonga ketuvdilar, – dedi yerga qarab Dehqonovning xotini. – Yig‘ilishlari bor ekan.
Uning yolg‘on gapirayotganini sezgan Xushnazar otdan tushib ayolga yaqin keldi va past, ammo o‘ktamona ohangda dedi:
– Uyingga kirsak, eringni buzoqdek sudrab chiqaman, ayol. Biz musulmonmiz, uyingga kirmaymiz, ammo eringga aytib qo‘y, sho‘rolarga xizmat qilishini bas qilsin! Aytganimni qilmasa, keyingi kelishimda eringni yerning tagidan bo‘lsa ham topib, darvozangga osib ketaman! Tushundingmi?
Ayol «tushundim» ishorasini qilib, bosh silkidi. 
Xushnazar otiga mindi:
– Ketdik!
Rahmatullobekning yigitlari qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday tez g‘oyib bo‘lishdi.

2.

O‘ris Rahmatullobekni quvib, Rahmatullobek o‘risni quvib, oradan bir yil o‘tdi. Bu paytga kelib Rahmatullobekka o‘xshagan yigitlarning ismiga bosmachi degan yorliq tirkalgan, sho‘ro deb nom olgan yangi hukumat rahbarlari bu yigitlarning o‘zlarini topolmagach, ularning ota-onalari, qarindosh-urug‘larini siquvga olib, shu yo‘l bilan ayrim qo‘rboshilarning bosh egib kelishiga umid tutgan edi. 
Urgut melisasiga boshliq qilib tayinlangan Mardon o‘ris o‘z melisalari bilan Rahmatullobekning qishlog‘iga kirib keldi. Qishloq odamlarini go‘zarga yig‘di. Ayolu erkak, yoshu qari qo‘rquv bilan tizilib turishdi. Qizil askarlar atrofni o‘rab olishdi.
Nihoyat, Mardon o‘ris oldinga chiqib, baland ovozda nutq so‘zladi:
– Xaloyiq! Ishchi-dehqon Revolyutsiyasi sho‘rolar mamlakatida butunlay g‘alaba qozondi. Hademay u butun dunyoda g‘alaba qilajak! Butun yer, suv oddiy xalqniki bo‘ldi. Hokimiyat bir hovuch boylar, to‘ralar qo‘lidan olinib, siz, oddiy xalqning qo‘liga topshirildi. Ammo oddiy xalq mamlakatni boshqarishiga ko‘nmagan ayrim beklar, to‘ralar hali ham pana-pastlarda yosh Sho‘rolar davlatiga dushmanlik qilib, tinch xalq ustiga, mahalliy hukumat idoralariga bosqinchiliklar qilishda davom etmoqda. Ammo endi ularning kuni bitdi. Shonli militsiyamiz qizil askarlar bo‘linmalari yordamida Farg‘ona viloyatida bosmachilik harakatiga butunlay chek qo‘ydi. Buxoroyu Xorazmda ham bosmachilik butunlay tugatildi. Samarqandda ham bosmachilik harakati yo‘q bo‘ldi hisobi. Ammo ayrim bosmachi to‘dalari hali ham o‘g‘rilarga o‘xshab el tinchligini buzmoqda. Sizlarning Rahmatullobegingiz juda haddidan oshdi. U ayrim militsiya bo‘linmalariga ham, hatto qizil askarlar garnizonlariga ham hujum uyushtirmoqda. Biz Rahmatullobekning otasi va aka-ukalarini bir necha marta ogohlantirgan bo‘lishimizga qaramay ular Rahmatullobekni tartibga chaqirishmadi. Hatto aka-ukalarini garovga ushlab turgan chog‘imizda ham Rahmatullobek kechirim so‘rab, mening oldimga kelmadi. Endi jiddiy chora ko‘rishga majburman. Rahmatullobekning otasi, aka-ukalari Sibirga surgun qilinadi. Olib chiqing ularni!
Besh-olti militsioner, qizil askarlar bilan birga Rahmatullobekning otasini, aka-ukalarini turtkilashib, oldinga olib chiqishdi.
– Mardon o‘ris, o‘g‘lim ikki dunyoda sendan kechirim so‘rab kelmaydi. Kelsa boshingni olgani kelishi mumkin, – dedi Rahmatullobekning otasi. – O‘ris, mayli, qama, Sibir qil! Xohlasang ot! Ammo bizning naslimizdan senga o‘xshagan o‘risga sotilgan marazlar chiqmaydi! La’nat senday bolani tuqqan onaga! La’nat senday bolani o‘stirgan otaga!
– Olib keting! – baqirdi Mardon o‘ris.
Rahmatullobekning otasi va aka-ukalarini olib ketishdi. Hamma afsus va nadomatlar bilan so‘zlashib qolishdi. Ketar ekan, Rahmatullobekning otasi o‘girilib, Mardonni qarg‘adi:
– Iloyo urug‘ing qirilib bitsin sen Mardon o‘risning!
Har-har joydan ovozlar eshitildi:
– Keksa boboyga javr qilding, Mardon o‘ris!
– Sen qarg‘ishdan qo‘rqmaysanmi, Mardon o‘ris?
– Men hech narsadan qo‘rqmayman! – dedi Mardon o‘ris viqor bilan. – Mening ko‘ksimda partbiletim bor, meni partiyam himoya qiladi.

3.

Sho‘ro idorasiga ahvolni o‘rgangani viloyat ChKsi boshlig‘i Xolbekovning shaxsan o‘zi keldi. Hamma yoqdagi tartibsizlikni ko‘rib, achchig‘i chiqdi. Orqasidan izma-iz yurgan sho‘ro raisi Dehqonovga savol berdi:
– Nima bo‘ldi, hovliqmay tushuntiring-chi?
– Kechasi Rahmatullobekning yigitlari hujum qilishdi, – dedi Dehqonov. – O‘n ikkita qizil askar halok bo‘ldi. Qizil bayroqni yoqib yuborishdi. 
– Ha, Rahmatullobek haddidan oshayapti, – dedi Xolbekov. – Tunov kuni «Qizil ketmon» kolxoziga hujum qilib, soqchilikda qoldirilgan qizil askarlarni otib tashlabdi. Rais Qulmurodovni idora darvozasiga osib ketibdi.
– O‘tgan kuni Kattamingga kepti, – dedi Dehqonov. – Qishloq sho‘rosining raisi Gadoyqulovni hammaning oldida otib tashlabdi. Qizil askarlarga yordam bergan kishilarni ham choyxonga chiqarib, o‘zi hukm qilib, o‘zi osdirib ketibdi. Men ham ishni tashlamoqchiman, o‘rtoq Xolbekov. Bilasiz, men bir dehqon odamman, tinchgina dehqonchiligimni qilib yuray.
– Qo‘rqdingizmi? Yurakdan ham bor ekan-ku? Bu yerga o‘tiring! – Xolbekov o‘zi ham o‘tirib, Dehqonovga ham bir stulni ko‘rsatdi. – Qo‘rqmang, Rahmatullobekning qaerga bekinganini aniqladik. Bir-ikki kunda uni yashiringan uyasida yanchib tashlaymiz. Bosmachilikka nuqta qo‘yamiz hademay. Faqat siz o‘zingizga topshirilgan vazifani bajarishga harakat qiling. Odamlarga bosmachilikning umri o‘tganini, endi Sho‘ro hokimiyati hamma yerda to‘liq o‘rnatilganini tushuntiring. Kelajak albatta Sho‘ro hokimiyatiniki ekanini xalq tushunishi kerak. Odamlarning bosmachilardan yuz o‘girishiga erishishimiz kerak, Dehqonov. Shunday qilingki, odamlar bosmachilarga yordam bermasin! Ularga oziq-ovqat, kiyim-bosh berishmasin! Ko‘rpa-to‘shak berishmasa, hademay boshlanadigan qishning izg‘iriniga chiday olmagan bosmachilar mulla mingan eshakday bo‘lib, bo‘yinlarini egib kelishadi. Ana shunda bitta-bittadan itdek otib tashlaymiz ularni, tushundingizimi?
– Tushundim, o‘rtoq Xolbekov, tushundim, – dedi Dehqonov. –  Hammasini aytganingizdek qilaman! 

4.

Tog‘larga qalin qor tushdi. Rahmatullobekning yigitlari har-har yerda gulxan yoqishdi. Gulxan atrofida suhbatni boshlashdi.
 – O‘rtaqishloqqa borsak, sakkiztagina qizil askar Sho‘roning idorasini qo‘riqlayapti ekan, – dedi bir yigit. – Uxlab yotganlarida tappa bosdik. Avvaliga qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, otga o‘ngarib, olib kelsakmikan, dedik. Ammo bek akamning «Birorta o‘ris asirga olinmasin, ular bilan gaplashilmasin!» degan gaplariga amal qilib, hammasini Sho‘roning idorasiga qamab, idorasiga o‘t qo‘yib yubordik. Idora-pidorasi bilan qo‘shilib, kulga aylandi hammasi.
– Kamangaronda nima qilganimizni ayting, ana shunisi qiziq, – dedi ikkinchi yigit.
– Kamangaronliklarga bolshavoylar saylab qo‘ygan raislari ko‘p azob berar ekan, – deb hikoya qila boshladi birinchi yigit. – O‘zini eng katta boshliq sanab, hech kimga kun bermay qo‘yibdi. Bir yigitning yoshgina xotinini tortib olgan ekan, kelib, bizga xabar berdi. Borsak, haqiqatdan kambag‘al yigitning xotinini uyiga olib borib, quchoqlab yotgan ekan. Ishtonchang holida sudrab chiqdik. Ikki oyog‘idan ikki otga bog‘lab, qishloqni aylantirib sudradik. Iymonsizning jazosi shunday bo‘ladi. Go‘shti burda-burda bo‘lib ketguncha otlarga sudratdik o‘ziyam. Bekafan, bejanaza ketdi, go‘ringda to‘ng‘iz qo‘pgur.
Shu payt chodirdan Rahmatullobek Xushnazar, Rabbim polvon va yana ikki yigit bilan chiqib keldi. Hamma yigitlar safga tizilishdi. Rahmatullobek hamma yigitlarga birma-bir tikilib chiqdi. Nihoyat, og‘ir so‘z boshladi:
– Dehnavga ketamiz. Bahorda qaytamiz. Qishda o‘ris bilan urusholmaymiz. O‘ris qorda urishishga usta. Otlarimiz ham tog‘da qor ko‘pligidan azob yeyapti. Kimga ketish malol kelsa, qishlog‘iga qaytsin! Malomat qilish yo‘q. Hammalaringdan roziman. 
– Bek aka, birga ketamiz. Biz siz bilan oxirigacha birga bo‘lishga qasam ichganmiz, – dedi hali yigitlarga gapirib turgan yigit. 
Rahmatullobek bir so‘z demay xiyla vaqt turdi. Keyin o‘sha yigitning oldiga borib gapirdi:
– Men ham qasam ichganman, yigit. Ammo ko‘ra-bila turib sizlarga azob berishga ham haqqim yo‘q. 
Rahmatullobek o‘girilib, besh-olti qadam yurib, to‘xtadi. Yigitlarga qarab o‘ktam ovozda dedi:
– Ertalab Qori akamga javob beramiz. Dehnavga ketishga ikkilangan, urushdan charchagan yigitlar Qori akam bilan pastga, qishloqqa qaytib ketishsin! Hech kimdan xafa bo‘lmaymiz. Bahorgacha dam olishadi. Bahorda kelsak, nasib qilgan bo‘lsa, yana safimizga kelib qo‘shilaverishadi.
Ertasiga tong mahali, quyosh endi chiqqanda Ismoil qori boshliq yigirma chog‘li yigit Rahmatullobek va boshqa yigitlar bilan xayrlashib, qurol-aslahasiz qishloqqa qarab yo‘l olishdi. Rahmatullobekning yuz ellik yigiti esa qorlari ko‘zni qamashtirgan Taxtiqoracha dovonidan oshib, Dehnav sari yo‘l oldi. 

5.

O‘ttizinchi yillarga kelib, haqiqatdan ham butun yurtda sho‘rolarning aytgani-aytgan bo‘lib qoldi. Boylarning yerlari tortib olinib, kolxozlar tashkil qilindi. Bu kolxozlarga bir umr keti ishtonga yolchimagan yo‘qsillar, sho‘roga qo‘shilib olib, to‘rt-besh kun ularning xizmatini qilgan, bosmachilarni sotib, o‘zini yaxshi ko‘rsatib olgan avboshlar rais qilib qo‘yilgan edi. Bu raislarda na savod, na rahbarlik layoqati, na dinu diyonat bor edi. Bolshavoy degani nima ko‘rsatma bersa, so‘zsiz bajaradigan bir manqurt edi ular. Jalasoy ahli ham bir kolxozga jamlanib, ularga bir umr masjid nimaligini, namoz, ro‘za nimaligini bilmagan Nurmat kofir degan qirqdan sal oshgan kishini rais qilib qo‘yishdi. Kitel, galife shim kiyib, kamariga bir emas, ikkita tupponcha taqib yurdigan bu rais rais bo‘lib, ko‘plarning boshida tegirmon toshini yurgizdi. Aytganini qilmaganlarga darrov to‘pponcha chiqarib, «Naqd otib tashlayman-a!» deb dag‘dag‘a qiladigan bo‘ldi. O‘rislarga taqlid qilib, papiros chekishni odat qilgan Nurmat kofir papiros chekishda ham o‘risdan o‘tdi, o‘ris labiga bitta papiros qistirsa, Nurmat kofir ikkitadan papiros qistirib yurishni odat qildi. Ana shu rais Nurmat kofir Xushnazarning tog‘asi Hamroqul boboning hovlisiga kirib keliboq baqirdi:
– Tirik jon bormi? 
Hamroqul bobo ichkaridan chiqib keldi.
– Nimaga baqirasan, Nurmat? Bu yerdagilarni bitta-yarimta kar dedimi senga?
– Jiyaningdan xabar bormi yo‘qmi?
– Xushnazardan xabar bo‘lsa, mendan oldin sen bilarding, Nurmat.
– Otasini chaqir bu yoqqa!
Ichkaridan To‘ra polvonning o‘zi chiqib keldi.
– Nurmat, isming endi jismingga mos bo‘pti, – dedi To‘ra polvon. – O‘risning og‘zida bitta papiros ko‘ruvdik, sen ikkita qistiribsan. Kofirlikda o‘risdan o‘tibsan, Nurmat kofir!
Nurmat kofir papiroslarini tuflab tashlab, shartta g‘ilofidan «Nagan»ini chiqardi. 
– Otib tashlayman, itday otib tashlayman lekin, bosmachining otasi!
– O‘g‘limga kuching yetmagandan keyin meni otasan-da, kofir, – dedi To‘ra polvon beparvo. – Qo‘lingdan yana nima keladi?
– Qo‘limdan nima kelishini hademay ko‘rasan, – dedi baribir To‘ra polvondan hayiqqan Nurmat kofir to‘pponchasini g‘ilofiga solarkan. – Shunday qilamanki, o‘g‘ling o‘zi meni izlab keladi.
– Haddingdan oshma, Nurmat kofir, – dedi Hamroqul bobo. – Bularning uyini tortib olib, idora qilib o‘tirganing yetmayaptimi? O‘rislaring kelinlarini otib tashladi. Yana nima kaming qoldi?
To‘ra polvon «Siz shoshmang», degandek Hamroqul boboning yengidan tortib, uni to‘xtatdi va o‘zi bir qadam Nurmat kofir tomonga yurib, unga gapirdi:
– Otang mening eshigimda xizmat qilib, sen itvachchalarining qornini to‘yg‘izgan edi. It semirib egasini tishlashi shu ekan-da, Nurmat kofir?
Nurmat kofir yana to‘pponcha sug‘urdi:
– Otaman! O‘lay agar otib tashlayman, To‘ra karvon! Otam eshiklaringda ishlab kun ko‘rmay o‘tib ketdi. Sen boylarning kuning tugadi. Endi To‘ra boylar bir hovuch un so‘rab idoramga borishadi, ko‘rasan hammang!
– Qo‘lingndan kelganini qil, Nurmat kofir! Ammo bilib qo‘y, ikki dunyoda sendan non so‘ramayman. Menga senlarning berdigan noning harom!
To‘ra polvon o‘girilib, ichkariga kirib ketdi.
Nurmat kofir biroz to‘pponchasi bilan chakkasini qashlab turdi. So‘ng yana to‘pponchasini g‘ilofiga joylab, ikkita papirosni tutatib, labiga qistirgancha tashqariga yo‘l oldi. Darvoza oldiga yetganda o‘girilib, o‘dag‘ayladi:
– Hademay hammang tavbangga tayanasan! Senlarga Nurmat rais kimligini ko‘rsatib qo‘yaman!

Beshinchi bob.
«Mendan rozi bo‘ling, aka!»


1.

Erta bahorda Surxon tog‘larini ko‘klam qopladi. Ikki-uch ming kishilik Ibrohimbekning lashkari tog‘da makon qilgan. Qishda bularga kelib qo‘shilgan Rahmatullobekning yigitlari ham ikki oydirki, bular bilan birga yurishibdi. 
Laqay urug‘ining sardori bo‘lgan, ellikni qoralab qolgan, qoruvli va kelishgan bek Ibrohimbek kattakon chodirida xos kishilari bilan suhbatlashib o‘tirardi.
– Rahmatullobek, sizga katta rahmat, bizning safimizga kelib qo‘shilib, kuchimizga kuch qo‘shdingiz. Yigitlaringiz sherdek olishar ekan. Muzaffariyat qo‘lga kirsa, yigitlaringiz munosib taqdirlanajak!
– Bizga mukofot shart emas, Bek aka, elimiz ozod bo‘lsa, yurtimiz kofirning oyog‘i ostida toptalmasa, bizlarga eng katta mukofot shu, – dedi Rahmatullobek. 
– Barakalla! Hammamizning orzuimiz ham shu. Ertaga Termizga yurish qilmoqchimiz. Xurrambek bilan Qobil qo‘rboshiga odam jo‘natdim. Ular ham bizga madadga kelishmoqchi. Hammamiz mushtni bir qilsak, Termizda sho‘roni ag‘daramiz. Termiz sho‘rosi, u yerdagi qizil askarlarning qo‘shini butun Surxondaryo sho‘rolarining ishongani. Termizda sho‘roni ag‘darsak, qolgani in-iniga pusib ketdi. Qolganini bir oyda tugatamiz, inshaalloh!
– Allohu akbar! Allohu akbar! – deb takbir aytishdi yigitlar.
Ertasi kuni tongda Ibrohimbekning qo‘shini Termiz qal’si sari ot qo‘ydi. Bu paytda ularning hujum qilishi haqida xufiyalaridan aniq ma’lumot olgan, jangga tayyor turgan qizil askarlarning  komandirlari bezovta bo‘lib, dushmanlarini kutishar, qal’a devorlarida to‘plar ham shay turardi. 
Uzoqdan Ibrohimbekning qo‘shini yopirilb kelayotgani ko‘rindi. Ibrohimbekning qo‘shini qal’aga yaqin kelganda to‘plar gumburladi. Qo‘shin ichida to‘p o‘qlari portlab, chor taraf tutun bilan qoplandi. Otlar ayanchli kishnab yiqilar, yigitlar havoga ko‘tarilib tushib, halok bo‘lishardi. Ibrohimbekning qo‘shiini baribir qal’aga yaqin bordi. Qal’a devoridagi dushman pulemyotlari ishga tushdi. Ana shunda Ibrohimbek qo‘shinining orqa tarafidan ikki mingga yaqin otliq qizil askar kutilmaganda ularning ustiga hujum qildi.
Rahmatullobek Ibrohimbekning yoniga ot choptirib keldi:
– Bek aka, dushman rejamizdan xabardor ekan, pistirmaga tushdik! Orqadan o‘rislar kelayapti! 
– Ayting, hamma orqaga qaytsin, – dedi o‘zini yo‘qotmagan Ibrohimbek. – Avval orqadan kelayotgan kofirlarning hujumini daf qilamiz!
Rahmatullobek ot choptirib ketdi. 
Lashkar ortga burilib, orqadan kelayotgan qizil askarlar bilan otishishga kirishdi. Bir-birlariga yaqinlashishgach, qilichbozlik boshlanib ketdi. Shu payt Termiz qal’asidan ham taxminan ikki ming kishilik qizil askarlar bo‘linmasi jang maydoni sari ot soldi. Endi Ibrohimbekning yoniga Xushnazar ot choptirib keldi: 
– Bek aka, qal’adan ham o‘rislar chiqib, ustimizga kelishayapti.
Qizil askarlar bilan qilichbozlik qilayotgan Ibrohimbek unga qaramay so‘radi:
– Xurrambek bilan Qobil qo‘rboshidan darak bormi?
– Ular kelishmapti, bek aka! Xurrambek umuman istamapti. Qo‘rboshi kelayotgan ekan, Xurrambekning kelmasligini eshitib, u ham yo‘ldan qaytibdi.
– O‘zi musulmonman degani birlashmadi, birlashmadi-da, uka! – O‘ziga yaqin kelib qolgan qizil askarni otib tashlagan Ibrohimbek, Xushnazarga o‘girildi: – Hammaga ayting, daryoga qarab chekinamiz!
Xushnazar ot choptirib ketdi. U yigitlarning oldiga yetib borganida o‘n chog‘li qizil askarlarning o‘rtasiga tushib qoldi. Qilich bilan ularning hamlalarini qaytara boshladi. Xushnazarning yoniga Akbar yetib keldi va unga yordam berdi. Akbar sherdek olishdi. Akbar Xushnazarga qilich urmoqchi bo‘layotgan kofirning qilichiga o‘zini tutib, Xushnazarni o‘limdan saqlab qoldi, ammo o‘zi og‘ir yaralandi. Shu payt ularga yordamga Botir va Rabbim polvon yetib keldi. Qizil askarlab bilan qilich solishayotgan Xushnazar Rabbim polvonga baqirdi:
– Rabbim, Akbarni olib ket!
Rabbim polvon otdan qulay boshlagan Akbarni jang maydonidan olib chiqib ketdi. Xushnazar va Botir o‘rislarni o‘ldirishdi, qolgan bir-ikkitasi qocha boshladi. Xushnazar ularning ketidan ot solar ekan, Botirga buyurdi:
– Botir, yigitlarga yetkaz, daryoga qarab chekinishsin! Bu Ibrohimbekning buyrug‘i!
Botir ot choptirib ketdi. Xushnazar qochayotgan kofirlarning ortidan ot qo‘ydi.
Ibrohimbekning lashkari jang maydonini katta talofatlar bilan tashlab chiqib, Amudaryo tarafga chekindi. Qizillar ularning ortidan ancha quvib kelishib, nihoyat, ta’qibni to‘xtatishdi.
Rabbim polvon va Botirlar yaralangan Akbarni archazor ichiga, panaroq joyga olib kirishdi. Sal o‘tgach, Xushnazar ularning oldiga yetib keldi. Darrov Akbarning boshini tizzasiga oldi. Akbar zo‘rg‘a ko‘zini ochdi. Xushnazarni tanib, so‘radi:
– Xushnazar aka, keldingizmi? Shukr, omon ekansiz!
– Sen tufayli omon qoldim, uka! Rahmat senga!
– O‘rislar daf bo‘ldimi? – dedi qiynalib gapirayotgan Akbar.
– Ularni albatta daf qilamiz, Akbar! – dedi Xushnazar.
– Keyin qishlog‘imizga qaytamiz-a, Xushnazar aka? 
– Albatta qaytamiz, Akbar, sen... sen dadil bo‘l uka!
Akbar atrofidagi yigitlarga birma-bir qarab chiqdi:
– Meni olib ketganingizdan xafa emasmisizlar, akalar?
– Sen haqiqiy yigitsan, Akbar! –  dedi Botir. – Sen mardona olishding!
– Xushnazar aka, meni kechiring, sizga ko‘p yordam berolmadim! – dedi holsizlanib qolgan Akbar.
– Unday dema, yigit, – dedi Xushnazar. – Biz sen bilan faxrlanamiz. 
– Mendan rozi bo‘ling, aka! – dedi so‘nggi nafaslarini olayotgan Akbar.
– Roziman, uka. Sen ham rozi bo‘l!
Xushnazar Akbarni mahkam quchoqlab oldi. Uning ko‘zlaridan yosh sizib chiqdi.
– Onajon, meni kechiring!
Bu Akbarning oxirgi so‘zlari bo‘ldi.
– Botir, Izzatulloni, Norboyni, qolgan yigitlarimizni chaqiringlar! – dedi Xushnazar. – Akbarni shahid maqomida dafn etamiz!
Botir va Rabbim polvon ko‘zlarida yosh bilan yigitlarni qidirib ketishdi.

2.

Ibrohimbekning qo‘shini daryo bo‘yida yig‘ildi. Qo‘shin safi ancha kamaygan edi. 
– Kofirlarga kuchimiz yetmay qoldi, – dedi Ibrohimbek. – Faqat o‘ris bo‘lsa kuchimiz yetardi, o‘risga o‘zimizning odamlarimiz yordam berayapti. Ularning tarafdorlari ko‘paydi. Aldangan o‘zbeklarning hisobiga ularning qo‘shini ortdi. Xurrambek bilan Qobil qo‘rboshiga o‘xshaganlar xiyonat qildi. Og‘ir damda kelib bizga qo‘shilishmadi. Endi bitta yo‘li qoldi, Afg‘onga ketamiz. Kuch to‘plab, qurol-aslahamizni yangilab, katta qo‘shin bilan qaytib kelamiz.
Ibrohimbek bilan yolg‘iz qolishgach, Rahmatullobek o‘z uzrini izhor qildi:
– Bek aka, uzr, bizning o‘z yerimizda qiladigan ishimiz bor edi. Xo‘p desangiz, biz shu yerdan qaytsak.
Ibrohimbek picha o‘ylanib turdi. Bir ko‘ngli Rahmatullobekni o‘zi bilan ketishga ko‘ndirmoqchi ham bo‘ldi. Ammo «Uyam bek, o‘zining rejalari bor», deb rozi bo‘ldi: 
– Mayli, bek, xizmatlaringizga rozi bo‘ling! Biz sizdan rozimiz! Omon bo‘lsak, ko‘rishamiz.
– Xayr, Bek aka, o‘zlaringizni ehtiyot qilingizlar!
– Xayr, Rahmatullobek, siz ham o‘zingizni ehtiyot qiling, yigitlaringizni ham.
Ibrohimbek Rahmatullobek bilan quchoqlashib xayrlashdi.
Ibrohimbekning yigitlari tizilib, daryodan o‘tib keta boshlashdi. Rahmatullobekning yigitlari esa ortga qayrilib keta boshlashdi. 
Endi ularning safi yuzga ham yetmas edi.

3.

Rahmatullobek yigitlari bilan bir necha marta pistirmalarni chetlab o‘tishib, bir necha marta qizil askarlar bilan otishib, nihoyat, eson-omon Urgutga qaytib kelib, yana Qoratepa tog‘larini makon tutishdi. Bu paytda tog‘lar yam-yashil maysa bilan qoplangan, bir-ikkita lolalar endigina lab yorgan mahal edi.
Ikki kun o‘tib, Rahmatullobekning qaytishini intiq kutib yurgan Ismoil qori yana ellikka yaqin yigitni olib, toqqa yetib keldi. Hammalari quchoqlashib ko‘rishdilar. Keng bir maydonda o‘tirishib, saflarda ko‘rinmayotgan, shahid bo‘lgan yigitlar haqiga Qur’on tilovat qilishdi. Duo qilishdi. 
– Xush kelibsiz, Qori aka, qalay, qishloqlar tinchmi? – so‘radi Rahmatullobek.
– Tinch emas, bek, – dedi Ismoil qori. – Xolbekov yana yuzta o‘ris askar olib kelgan. Kelganingizni eshitib, izingizga tushgan. Xalqni sizga qarshi qayrab yuripti. Sizni bek emas, qo‘rboshi deb, bosmachi deb, odamlarga yomon ko‘rsatishga harakat qilayapti. Do‘ngsoyga kim biladi kimning yigitlari kelgan, ammo oddiy odamlarni ham talab, bir-ikkita qizni olib qochib ketishibdi. Balki, o‘zlari uyushtirgan bo‘lishlari ham mumkin, axir jihodga chiqqan yigitlar bunday ishni qilishmaydi-ku? Ana shu pastkashlikni ham sizga ag‘darib, qadami yetgan yerda sizni yomonlab yuribdi.
– Bu kofirlardan har baloni kutsa bo‘ldi, Qori aka.
– Xalq ham qiziq-da, kim kelib bir nima desa ishonib ketaveradi. Sho‘rolarning qutqusiga uchib, o‘z yigitlarimizni bosmachiga chiqarib, yana bosmachini la’natlab yurganlar ham borligiga nima deysiz?
– Xalqimiz sodda-da, Qori aka, kofirlar ana shundan foydalanishadi.
– Ammo ko‘pchilik baribir sizlarga najot ko‘zini tikkan. Mana, shuncha gapdan keyin ham ellikka yaqin yigitlarni huzuringizga jo‘natishdi. Hademay yana qirqtacha yigit kelib, safingizga qo‘shilmoqchi.
– Kelaverishsin!  Bizning ham safimiz ikki-uch mingga yetib qolsa, Urgutda Islom bayrog‘ini qayta o‘rnatamiz, nasib bo‘lsa!
– Ilohi, niyatingizga yeting, Bek!
– Nasib bo‘lsa, birga-birga yetamiz, Qori aka.
Yigitlar dasturxon yozishdi. U-bu tanovvul qilganlaridan keyin Rahmatullobek yigitlariga qarab so‘z boshladi:
– Rabbim polvon, yigitlarga qurol beringlar! Yigitlarga ayt, ularga otish, chopishni o‘rgatishsin! Xushnazar, sen qol, gap bor!
– Xo‘p bo‘ladi! – deb o‘rnidan qo‘zg‘algan Rabbim polvon Izzatullo va Norboy hamda Botirlar bilan  yangi kelgan yigitlarni boshlab ketishdi.
Rahmatullobek Xushnazarga qarab gapini davom ettirdi:
– Xushnazar, seni Mirzapolvonning oldiga jo‘natmoqchiman. Ellik-oltmishta yigiti bilan o‘zlari tomonda o‘rislarga hujum qilib yuribdi ekan. Borib ayt, bizga qo‘shilsin! Birlashmasak, o‘ris hammamizni bitta-bittadan qiyratadiganga o‘xshaydi. 
– Qachon yo‘lga chiqay?
– Shu bugunoq. Ko‘plashib yurmanglar, birorta yigitingni olib ketsang yetadi.
– Xo‘p, men ketdim bo‘lmasa,
– Yaxshi borib keling! – qo‘larini duoga ochdi Ismoil qori. – Ilohi beklarimiz birlashib, kofirlarning zulmidan xalos bo‘lishni Alloh taolo tezroq  nasib etsin, Allohu akbar!
Xushnazar Botir bilan otlariga minishib, pastga tushib ketishdi.

Oltinchi bob.
«Kunimiz bitdi, shekilli?»


1.

Urgutning taniqli beklaridan bo‘lgan Mirzapolvon yoshi elliklarga borgan, o‘n pud tosh bosadigan, hozirgi hisob bilan aytsak, og‘irligi bir yuzu oltmish kilo keladigan, ulkan gavdali, haqiqiy polvon kishi edi. Boshqa otlardan ikkita keldigan ulkan qorabayir oti bilan ko‘pkariga kirsa, undan uloqni oladigan polvon topilmas edi. Qorabayiri ham shunday ulkan odamni ustiga olib, quyunday uchar edi.
Mirzapolvon uch-to‘rt yigiti bilan gaplashib turgandi, ularning oldiga bir yigiti ot choptirib keldi.
– Polvon aka, Rahmatullobekning oldidan ikkita yigit kepti. Siz bilan ko‘rishmoqchi.
– Rahmatullobekning yigitlaridan bo‘lsa birdaniga boshlab kelavermaysanmi, baraka topgur? Chaqir!
Yigit ketdi va sal o‘tib, Xushnazar va Botirlarni boshlab keldi. Ular otdan tushib, salom berishdi. Mirzapolvon yigitlar bilan quchoqlashib ko‘rishdi.
– Yaxshi keldilaringmi? Rahmatullobek sog‘-salomat yuribdimi?
– Allohga shukur, eson-omon yuribdilar, – javob berdi Xushnazar. Sizga salom va duo yubordilar.
– Biz ham duodamiz. Ibrohimbekka qo‘shilib ketdi, deb eshituvdim?
– Erta bahorda qaytib keldik, Polvon aka.
– Eshitdim, Ibrohimbek Amir Olimxonning huzurida emish. Yozda Amirning o‘zi bosh bo‘lib, katta lashkar bilan Amudaryodan o‘tib, sho‘rolar bilan urush boshlarmish.
– Biz ham shunaqa deb eshitdik.
– Hozir shoshib turuvdik, Shullukliga qizil askar tushganmish. Borib bi-ir dodini berib kelaylik! Xohlasangizlar birga yuringlar, yigitlarim qanday urishishini ko‘rib kelasizlar!
– Albatta boramiz! – dedi Xushnazar.
– Otlandik bo‘lmasa!
Hammalari otlarga minishib, yo‘lga tushishdi.

2.

Mirzapolvon boshliq qirqqa yaqin yigit Shullukli qishlog‘iga Shomdan keyin kirib kelishdi. Ularga shu qishloqlik dehqon Alimqul peshvoz chiqib, salom berdi:
– Assalomu alaykum, Polvon aka, xush kelibsizlar!
– Kofirlar qishloqdami? – alik olgandanoq so‘radi Mirzapolvon.
– Ketishdi, Polvon aka, – dedi Alimqul. – Bosmachiga yordam berganingni otamiz, chopamiz, deb po‘pisa qilib ketishdi.
– Borgan yigitlaring bugun yotib qolishar ekan, degandi-ku?
– Bilmadim, Polvon aka, har gal bir-ikki kun turib ketishardi, bu safar tez ketishdi.
– Bo‘pti, masjidlaringga o‘tib, Xuftonni o‘qiylik, keyin biz qaytamiz.
Hammalari masjidga qarab ketishdi. Mirzapolvonning yigitlari qishloq odamlari bilan birga Xuftonni o‘qib chiqishdi.
– Polvon aka, bir piyola choyimiz bor, – dedi Alimqul Mirzapolvon ketishga shaylana boshlaganda. – Mehmon bo‘lib keting!
– O‘zimiz ham och qoldik, ammo yigitlarim hovlingga sig‘adimi? – so‘radi Mirzapolvon. – Hammani to‘yg‘izolasanmi?
– Hovlim katta, Polvon aka, sig‘ishadi, – dedi Alimqul. – To‘yg‘izishga kelsak, yetsa molim, yetmasa jonim. Bir qo‘yni so‘yib, oshni o‘zim damlab beraman, bo‘ladimi?
– Boramizmi, yigitlar? – dedi Mirzapolvon yigitlariga qarab. – Bir oshxo‘rlik qilamizmi?
– Siz nima desangiz shu, Polvon aka! – dedi Mirzapolvonning yonidagi yigit.
– Unda boshla, – dedi Mirzapolvon Alimqulga qarab. – Mehmoning bo‘lsak bo‘libmiz-da!
Alimqul yigitlarni uyiga boshlab ketdi.
Mirzapolvonning yigitlari Alimqulning hovlisini to‘ldirishdi. Mirzapolvon o‘zining, Xushnazar va Botirlarning otini uyning orqa tomonidagi sayisxonaga o‘tkazib bog‘latdi va otlarning to‘rvasiga mo‘l qilib arpa soldirdi.
Alimqul va uning xotini Zaynab yelib-yugurib yigitlarning xizmatini qilishar, dasturxonga goh choy, goh meva-cheva tashishar edi. Hovlida ikki yigit qo‘yni so‘yib bo‘lishganidan Alimqulning o‘zi o‘choqqa o‘t qalab, oshga unnadi. 
Ichkarida Mirzapolvon, yonida Xushnazar, Botir va bir qancha yigitlar suhbatni boshlashdi.
– Tuzukroq surishtirolmadim ham, isming nima, yigit? – so‘radi Mirzapolvon Xushnazardan. – Kimlardansan?
– Ismim Xushnazar. Jalasoylik To‘ra polvonning o‘g‘liman.
– Shunaqa demaysanmi, polvon? O‘zimizdan ekansan-ku? Otangni tanimagan polvon bor ekanmi? To‘ra polvon kuragi yer ko‘rmagan polvonlardan, ammo ot chopmagan-da. O‘zing-chi? Polvonmisan sen ham?
– Men ham kurashaman, yonimdagi do‘stim Botir polvon ham kurashadi, – dedi Xushnazar. – Ammo ko‘pkari chopmaganmiz.
– Ha, yaxshi, polvon xalqini hurmat qilaman, ammo ot chopmaganlaring chakki ekan. Polvonning zo‘ri ot chopdi-da, yigit.
– Bizda ham siznikiga o‘xshagan ot bo‘lsa, chopardik, Polvon aka, – dedi Botir.
– Otimga havasing kepti-ya? Turkmanlardan beshta tuyaning puliga sotib olganman. Meni boshqa ot ko‘tarolmaydiyam-da, uka. Uloqni olsam bo‘ldi, birorta otni yaqiniga yo‘latmaydiyam, birorta ot unga yetolmaydiyam.
Bir yigit suhbatga qo‘shildi:
– Polvon aka, yetgan bilan sizdan uloqni olib bo‘larmidi?
– Ay, ukkag‘ar, olgan ulog‘ini oldirgan polvon ham polvonmi? Bilib olinglar, men uloqni ushlaganimdan keyin qo‘limni yelkamdan sug‘urib olishlaring mumkin, ammo qo‘limdan uloqni hech kim ololmaydi.
– Jamoliddin boyning ko‘pkarisidagi voqeani aytib bering, Polvon aka! – dedi boyagi yigit.
– Ha, endi u bir bo‘lib qoluvdi-da, – dedi Mirzapolvon. – Qo‘y, mehmonlar Mirzapolvon maqtanchoq ekan deyishadi.
– Mayli, aytib bering, Polvon aka, biz ham qiziqib qoldik – dedi Xushnazar.
– Bo‘lmasa eshitinglar! – deb Mirzapolvon ko‘pkarida bo‘lgan hangomalardan so‘zlashga tushdi.

3.

Osh pishirayotgan Alimqulning oldiga xotini Zaynab keldi. Bir kosani eriga uzatdi.
– Man buni tez oshga qo‘shing, bitta-yarimtasi ko‘rib qolmasin!
– Zaynab, bilib qolishsa, urug‘imizni quritadi bu bosmachilar!
Zaynabning o‘zi kosadagi narsani oshga solib yubordi.
– Yaxshilab aralashtiring! Bilmaydi hech kim. Qo‘rboshingiz asfalosofilinga ketdi, deyavering shu bugun.
– Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin-da, – dedi Alimqul chor tarafga olazarak qarab.
– Men ketdim, Xolbekovga xabar qilaman, – dedi Zaynab taraddudlanib.
– Ehtiyot bo‘l, – dedi eri. – Birov sezmasin!
– Xo‘p!
Zaynab shipillagancha qorong‘ulik qo‘yniga singib, g‘oyib bo‘ldi.
Alimqul sal o‘tib, laganlarda bug‘i chiqib turgan oshni suzib yigitlarga uzatdi. Hammalari ishtaha bilan osh yeya boshlashdi.
– Hammaga yetdimi, ishqilib? – so‘radi Mirzapolvon.
– Alimqul akaning tayyorgarligi zo‘r ekan, Polvon aka, hammaga yetdi, – dedi yigitlardan biri. – Qozonda hali yana osh bor.
– Barakalla, qani oldik bo‘lmasa, – deb Mirzapolvon mehmonlariga ham manzirat qildi: – Ol, Xushnazar! Ol, yigit!
– Biz kelayotib ovqatlangan edik, bizga uzr, – dedi Xushnazar. – Ammo choy ichamiz.
Xushnazar osh yemadi. Choy suzib, piyolalarning birini Mirzapolvonga uzatib, birini o‘zi olib, choy ichdi.
– Bo‘lmasa gapirib tur, polvon, – dedi Mirzapolvon. – Qani, Rahmatullobek nima deydi? Niyati nima? Rejalari qanday?
Mirzapolvonning avzoyini biroz kuzatgan Xushnazar sekin so‘z boshladi:
– Rahmatullobek sizga, Qodirboyvachchaga, Fazliddinbekka o‘xshab yakka-yakka kurashib yurgan beklarni birlashtirib, mushtni bir qilib, kofirlarga qarshi birga urishsak deydi. Sizni ham bizga qo‘shilsin, deyapti.
– Hm-m, – dedi Mirzapolvon osh yeya turib. – Birlashgan yaxshi, ammo birlashsak qo‘shinga kim bosh bo‘ladi? Menmi Rahmatullobekmi?
– Menimcha, buning ahamiyati yo‘q, – dedi Xushnazar. Tajribaliroq desangiz Rahmatullobek bosh bo‘lsin. Yoshim ulug‘roq desangiz siz bosh bo‘ling. Muhimi kofirlarni yo‘qotsak bo‘ldi-da.
– Ko‘rdingmi, Rahmatullobek bosh bo‘lsin deysan. Kim bosh bo‘lishi ham muhim. Ikki yil oldin Rahmatullobek bosh bo‘lsa, men rozi bo‘lardim. Rahmatullobekning mingta yigiti bor edi. Hozir yigiti yuzta yo chiqadi yo chiqmaydi. Men yigitlarimni yig‘sam unikidan ko‘p bo‘ladi. Rahmatullobek kelib, menga qo‘shilsa to‘g‘ri bo‘ladi.
– Biz musulmon beklarning bir-biriga qo‘shilmay nima kunlarga qolishganini Surxondaryo taraflarda ko‘rib keldik, Polvon aka, – dedi Xushnazar. – Xurrambek va boshqa qo‘rboshilar qo‘shilmagani, ayrimlari kelib, jang maydonidan qaytib ketgani bois Ibrohimbek Termiz qal’asi yonida mag‘lub bo‘ldi. Bundan xulosa chiqarish kerak.
– Men qo‘shilganim bilan Qodirboyvachcha qo‘shilmaydi, – dedi Mirzapolvon qo‘lini artib. – U o‘risga qarshi urishib yurgani bilan baribir bizni mensimaydi. U kimsan Nazar boyning bolasi. Fazliddinbekning esa yigitlari qirilib bitdi. Yettita yoki sakkizta yigiti bilan yo‘lto‘sarlik qilishdan boshqaga yaramaydi.
– Polvon aka, gap bilan oshni yaxshi yemadingiz, – dedi Alimqul bezovtalanib. – Oling, qolmasin!
– Yaxshi osh bo‘pti, Alimqul, zo‘r yedim, – dedi Mirzapolvon. – Nima qo‘shding, oshing buncha shirin bo‘pti?
Alimqul sarosimaga tushib, tomoq qirdi. Ammo darrov o‘zini o‘nglab oldi:
– Qo‘y go‘shti, dumba yog‘i-da, Polvon aka. 
– Ha, yasha, – dedi Mirzapolvon bir esnab olib. – Ammo uyqu bosayapti. Ikki soatgina uxlab olsak nima deysizlar?
– Ikki kechadan beri uxlaganimz yo‘q, –  dedi yigitlaridan biri. – Ikki-uch soat uxlab olsak yaxshi bo‘lardi.
– Bo‘lmasa tashqarida to‘rt-besh yigit qorovullikda tursin! – dedi Mirzapolvon. – Qolganing damingni ol!
Dasturxonga duo qilishdi. Alimqul va ikki yigit dasturxonni yig‘ishtirib olishdi. Alimqul Mirzapolvonning yoniga yostiq qo‘ydi. Mirzapolvon yonboshlagach, ustiga ko‘rpa yopdi. Boshqa yigitlar ham yonboshlab, tezda uxlab qolishdi.
Xushnazar Botir bilan picha suhbatlashib o‘tirdi. Ammo Botir ham uxlab qolgach, Xushnazar ham yonboshladi. 

4.

Tong endi bo‘zara boshlagan mahalda Zaynab Xolbekov boshchiligidagi yuztacha qizil askarlarni boshlab keldi. Qizil askarlar Alimqulning uyining atrofini o‘rab olishdi. Xolbekov darvoza oldida uxlab qolgan yigitning boshiga miltiq qo‘ndog‘i bilan qattiq urdi. Boshi yorilgan yigit qoniga belanib, shilq etib yiqildi. Zaynab Xolbekov bilan pusib ichkariga kirishdi. Orqalaridan uch-to‘rtta qizil askarlar ham kirishdi. 
Zaynab unga peshvoz chiqqan Alimqulning qo‘lidagi boltani olib, hovlida uxlab yotgan yigitlarning birini zarb bilan urdi. Yigit ixrab, jon berdi.
Kimningdir ixraganini eshitgan Xushnazar derazadan tashqariga qaradi va hovlida yurgan qizil askarlarga ko‘zi tushdi. Darrov Botirni uyg‘otdi. Xushnazar va Botir beshotarlarini qizil askarlarga to‘g‘rilab, baravar o‘q otishni boshadilar. Bir necha qizil askar o‘q tegib o‘ldi. Xolbekov to‘pponchasidan ichkariga o‘q uza boshladi. Qolgan qizil askarlar hovlida yotgan yigitlarni otishni boshladilar. Qizil askarlar hovlida uxlayotgan, shuncha olatasir bilan uyg‘onolmayotgan, uyg‘onganda ham nima bo‘layotganini anglab yetmayotgan yigitlarni otib tashladilar. 
Ichkarida yotgan Mirzapolvon va uning xos yigitlarining ham uyqudan uyg‘onishlari qiyin bo‘ldi. Ammo ular uyg‘onishib, qizil askarlarga qaratib o‘q ota boshladilar.
Biroz otishmadan so‘ng Xolbekov qizil askarlarga otishni to‘xtatishni buyurdi. Bir muddat o‘q ovozlari tindi. Xolbekov baland ovozda ichkaridagilarga murojaaat qildi: 
– Mirzapolvon! O‘q otishni bas qil! Hovlida birorta yigiting tirik qolmadi. Ichkaridagilarni ham juvonmarg qilma! Yaxshilikcha chiqib, taslim bo‘l!
Mirzapolvon bunga javoban miltig‘idagi besh o‘qni birvarakayiga unga qaratib otdi. Qolganlar ham ichkaridan qizil askarlarga qaratib o‘q ota boshlashdi. Bir-ikkita qizil askar o‘q tegib o‘ldi. Qolganlari ichkariga o‘q ota boshlashdi. Bir-ikkita Mirzapolvonning yigitlari ham halok bo‘ldi. Otishma ancha vaqt davom etdi.
– Kunimiz bitdi, shekilli, yigitlar? – dedi Mirzapolvon Xushnazarga qarab. – Alimqulning qanjig‘i oshga nasha solibdi. Aytdim-a, hali yeb bo‘lmasimizdan uyqu bosdi, deb. Ulmay chiqsam, butini yirtaman, it emganning!
Mirzapolvon yugurib borib, yelkasi bilan uyning orqa devoriga urdi. Uchinchi urishida devor o‘pirilib, otlar turgan tomonga tuynuk ochildi. Mirzapolvon tuynuk atorofini tepib kattalashtirdi va u yerdan tashqariga chiqdi. Boshqa yigitlar ham shu yoqqa chiqa boshlashdi. Ammo bu tomondan ham qizil askarlar bularni o‘qqa tutdi. Mirzapolvonga o‘q tegib yiqildi. Xushnazar uni olib chiqib ketishga urindi.
– Meni qo‘yaver, polvon, otimni ehtiyot qil! – dedi Xushnazarni tezroq qochishga undagan Mirzapolvon. – Otimni qutqarsang, u seni ham qutqardi. 
Xushnazar borib, Mirzapolvonning qorabayiriga mindi. Botir va besh-olti yigit otlarga minishib, Xushnazarga ergashdi. Hovlidan chiqayotgan yerlarida ro‘paradan chiqib qolgan qizil askar Botirga o‘q uzdi. Botir otdan uchib ketdi.  Xushnazar qizil askarni qilichi bilan chopib tashladi va halok bo‘lgan Botirga bir qarab, otga qamchi bosdi. Qorabayir hovli devoridan oshib o‘tib ketdi.
Xushnazarning ortidan birgina yigit yetib keldi. Qolganlari halok bo‘lishdi yo otlari o‘qqa uchdi.
– Qayoqqa qarab borsak qutulamiz, yigit? – dedi bu yerlarni yaxshi bilmaydigan Xushnazar.
– Hamma yoqni kofirlar o‘rab olgan, birgina daryo taraf ochiq, – dedi yigit. – Ammo daryoda suv ko‘p, daryo otlarimizni ham oqizib ketadi.
– Daryoga tashlaymiz bo‘lmasa, – baqirdi Xushnazar. – Allohga tavakkal!
Xushnazar otini to‘g‘ri daryoga boshqardi. Qorabayir ikkilanmay daryoga sakradi. Xushnazarning ortidan haligi yigit ham oti bilan suvga sakradi.

Yettinchi bob.
«Tirik qolishga haqqi yo‘q!»


1.

Daryoning narigi betiga o‘tib olgan Xushnazar haligi yigitni ham otning arqonini tashlab, tortib oldi. Uning otini daryo oqizib ketgan edi. 
– Isming nima, yigit? – so‘radi Xushnazar.
– Abdulla, – dedi yigit. – Sizga rahmat, meni naqd o‘limdan saqlab qoldingiz!
– Ikkovimiz ham o‘limdan qoldik. Polvonning oti bo‘lmasa, daryodan o‘tolmasdik.
– Bu ot jonivor Polvon akamni necha marta o‘limdan olib chiqqan edi, afsus, bugun Polvon akamning omadi kelmadi.
– Ha, sotqinlik bo‘libdi, – dedi alam bilan Xushnazar. – Uying kuygur Alimqul deganlaring o‘risga sotilgan ekan-da?
– Oshgayam bir balo qo‘shilgan ekan, bilmabmiz-da, Xushnazar aka. Qarang, hech uxlamaydigan qorovul yigitlar ham uxlab qolishibdi. 
– Endi nima qilamiz? Qayoqqa boramiz, Abdulla?
– Ochil Dovga xabar berishimiz kerak. U kishi Polvon akamning ustozlari. Eshitsalar, albatta qasos olmay qo‘ymaydilar.
– Ketdik bo‘lmasa!
Yigitlar shalabbo bo‘lgan kiyimlarini siqib kiyishgach, ikkovi bitta otga mingashib, yo‘lga tushishdi.

2.

Asr namozi payti shullukliga oltmishtacha yigiti bilan Ochil Dov kirib keldi. Oralarida Xushnazar va Abdulla ham bor edi. Hamma qo‘rquv bilan eshiklarini tambalab olishdi. Ayollar bolalarini berkitishdi.Ochil Dov to‘g‘ri Alimqulnikiga yo‘l oldi.
Yigitlar Alimqulni hovliga sudrab chiqishdi.
– Nima qilding, it? – otdan tushmay turib so‘radi Ochil Dov.
– Meni kechiring, taqsirim, shayton yo‘ldan urdi, – dedi titrab-qaqshayotgan Alimqul.
– Kim yo‘ldan urganini keyin aniqlaymiz, – dedi otdan tushgan Ochil Dov qahr bilan. – Senga nima qilding, dedim, hayvon?
– Xotinimning gapi bilan sho‘rolarga xabar qilib qo‘ydik, taqsir, bizni kechiring!
– Mirzapolvon qani?
Alimqul bir so‘z demay yerga qarab turaverdi. Ularga yaqin kelgan qishloqning mullasi Abdurahim bobo gapga aralashdi:
– Mirzapolvonniyam, qolgan yigitlariniyam bitta qo‘ymay otib tashlashdi qizil askarlar.
Ochil Dov Alimqulning yelkasiga qamchi bilan soldi.
– O‘ligi qani?
Yana Abdurahim bobo javob qildi:
– Hammasiga janoza o‘qib, shahidlarning maqomida qabristonga ko‘mdik. Ammo Xolbekov deganlari qabristonniyam xor qildi. O‘lgan o‘n ikkita o‘risni ham qabristonga bitta katta qabr qazdirib, ko‘mdirdi. Chiqarib tashlanglar, desangiz, o‘rislarning o‘ligini qabristondan chiqarib, jarga tashlab yuboramiz.
Ochil Dov picha o‘ylanib turib, javob berdi:
– Indamanglar! Ular ham Alloh taoloning bandalari. Faqat adashib kofir bo‘lib qolishgan. Ularda ayb yo‘q. Ular askar, buyruqni bajarishgan. Ammo mana bu, musulmon bo‘la turib, o‘z birodarini kofirga bog‘lab bergan murtadga shafqat yo‘q! Dorni tayyorlanglar!
Alimqul Ochil Dovning oyog‘iga o‘zini tashlab yig‘ladi:
– Meni kechiring, iltimos! Ayolimning gapiga kirib, shu ishni qilib qo‘ydim, pirim.
– Ayoli oshga uxlatadigan dori qo‘shgan ekan, – dedi Abdukarim bobo. – Xolbekov unga rahmat aytib, mukofot va’da qilib ketdi.
– Taqsir, Muhammad alayhisalomga dushmanlik qilgan amakisi Abu Lahab va unga yordam bergan xotiniga do‘zaxda qanaqa mukofot tayin qilingan? – dedi Ochil Dov Abdukarim boboga qarab.
– Abu Lahab o‘tda kuyishi va xotini uning ostiga o‘tin qalab turishi tayin qilingan.
– Bu itni hovlisidagi tutga oyog‘idan osinglar! – dedi g‘azab bilan Ochil Dov. – Tagiga o‘tinni xotini olib kelib uysin! Olovni ham aynan xotini yoqsin!
Uch-to‘rt yigit Alimqulni oyog‘idan tutga osdilar. Boshqa yigitlar Zaynabni majbulab o‘tin olib keltirishdi. O‘tin osilib turgan Alimqulning boshiga yetgandan so‘ng bir mash’alani Zaynabning qo‘liga berishdi. Zaynab o‘ktamona yurib borib, mash’alani o‘tinlarning ustiga ikkilanmay tashladi. Olov birpasda gulxanga aylandi va xotinini ham, bosmachilarni ham, sho‘roni ham la’natlab dod solayotgan Alimqul gulxanda tiriklay qovurilib, birpasda kuyindiga aylanib qoldi.
Ochil Dov otiga minib, burilib keta boshladi. Unga bir yigiti yaqin keldi.
– Ustoz, sotqinning xotinini nima qilaylik?
– To shu bugungacha nima bo‘lganda ham ayol kishiga qo‘l ko‘targanimiz yo‘q edi, – dedi Ochil Dov. – Ammo bu ayol shafqat qilishimizga munosib emas. Erini yo‘ldan urganini ham kechirardim, sho‘rolarning qutqusiga uchib, Mirzapolvonni ularga tutib berganini ham kechirardim, ammo o‘z erining ostidagi o‘tinni sog‘ ayol yoqmas edi. Men sinash uchungina aytuvdim, ammo bu ayol ikkilanmay eriga o‘t qo‘ydi. Bu ayol ruhini shaytonga sotib bo‘lgan ekan. Uning tirik qolishga haqqi yo‘q!
Besh-olti yigit Zaynabni jar tomonga olib ketishdi. 
Ochil Dov, orqasidan yigitlari yo‘lga tushishdi. Jar tarafdan bir necha miltiqdan birdaniga o‘q uzilgani eshitildi. Daraxtlardagi qarg‘alar cho‘chib, osmonga ko‘tarilishdi.

3.


Shullukliga kirib kelgan Xolbekov boshchiligidagi otryad to‘g‘ri qabristonga qarab yo‘l oldi. Ular qabristonga yetishgach, otlarini tashqarida qoldirishib, o‘zlari qabriston ichkarisiga kirishdi. 
Ikkita qabr ustiga besh yulduzli temir piramida o‘rnatilgan. Ulardan birida «Bosmachilarga qarshi kurashda halok bo‘lgan Alimqul Qobilovga minnatdor Sovet hukumatidan», ikkinchisiga «Xalq qahramoni Zaynab Qobilovaga minnatdor Sovet hukumatidan» degan yozuvli lavhalar o‘rnatilgan. Qabrlardan sal narida kattakon qabr va qabr ustiga qo‘yilgan besh yulduzli yodgorlik va undagi o‘n ikkita o‘rischa familiyalar ko‘rinadi: Ivanov I.I, Sidorov I,V, Petrov A.M, Nikolaev K.M, ...
Qabrlar oldida qizil askarlar saf tortishdi. Orqaroqda qishloq sho‘rosi raisi yig‘ib kelgan qishloq odamlari, yosh bolalar nima bo‘lar ekan, deb qiziqsinib turishdi.
– Bosmachilarga qarshi kurashda qahramonlik ko‘rsatgan Zaynab Qobilova va Alimqul Qobilovlarning nomi qalbimizda abdiy saqlanajak! – dedi Xolbekov tantanavor qilib. – Ularning xizmatini sho‘ro hukumati unutmaydi. Ularga shon-sharaflar bo‘lsin!
Qizil askarlar miltiqlarini osmonga qaratib, birvarakayiga uch martadan o‘q uzishdi. 
Yana qarg‘alar uchdi.

4.

Xushnazar Rahmatullobekning qarorgohiga yetib borganida hammalari betoqat bo‘lib uni kutib o‘tirishar, Mirzapolvonning fojeasidan xabar topishgan, Xushnazardan ham xavotirlari katta edi. Xushnazarning hikoyasi hammalarining qalblarini larzaga soldi. Mirzapolvon, Botir hamda Shulluklida shahid bo‘lgan boshqa yigitlarning ruhi poklariga atab Qur’on tilovat qilindi.
– Ilohi, ularga shahidlik maqomini berib, jannati naiming bilan siylagin! – duo qildi Ismoil qori. – Tezroq kofirlarni daf qilib, Mirzapolvon va yurt ozodligi uchun shahid bo‘lgan boshqa birodarlarimizning ham ruhini shod qilishni bizlarga nasib etgin!
Hammalari yuzlariga fotiha tortishdi. 
– Endi og‘ir bo‘ladi, Qori aka, juda og‘ir bo‘ladi, – dedi o‘ychan bo‘lib Rahmatullobek. – O‘ris hamma beklarni bitta-bittadan qilib, Mirzapolvon singari qirib bitiradi. Ne-ne polvon yigitlar, mard o‘spirinlar bu janglarda shahid bo‘lishdi. O‘risni bitta qo‘ymay qirib tashlar edik, axir ular kelishganda nechtagina edilar? Ammo ularning safiga o‘zbek yigitlarining, qishloq bolalarining ko‘plab qo‘shilishi ishni mushkullashtirdi. Ayniqsa, bu beklarning birlashmasligi o‘rislarga qo‘l keldi. Ustiga-ustak oddiy odamlar ham o‘risning, kofirning tashviqotiga uchib, bizni bosmachi deb, bizdan nafratlana boshlagani, bizga ko‘mak bermay qo‘ygani dard ustiga chipqon bo‘ldi. Bizni uylariga kiritmay qo‘yayotgan, oziq-ovqat berishdan bosh tortayotgan oddiy qishloq odamlari qizil askarlarga bizlarni tutib berish payiga tushgan. Bilmayman, o‘ris ularga nimani va’da qilgan, ammo bizni ko‘rgan odam borki, borib, qaerdaligimizni tezroq o‘risga sotsam deydi.
– Ko‘p fig‘on chekmang, Bek, xalq sizdan yuz o‘girgani yo‘q baribir, – dedi Ismoil qori.
– Siz xalqni bilmaysiz, Qori aka. Masjidga kelib turgan odamlarni xalq deb o‘ylaysiz. Masjidni tanimaydigan, Allohdan qo‘rqmaydigan, Mirzapolvonni kofirga tutib bergan Alimqullar ham siz aytgan shu xalqning ichidan chiqdi, Qori aka. Endi Alimqullar ko‘payadigan zamon keldi. Hamma bir-birin sotadi endi.
– Yo oxir zamon keldimikan, Bek?
– Oxirzamon kelgani bundan avlo edi, Qori aka, – dedi Xushnazar.
Rahmatullobek o‘rnidan turib ketdi. Xushnazarga o‘girilib gapirdi:
– Xushnazar, ertaga bomdoddan keyin yigitlarni yig‘. Hammasiga javob beraman.
– Urushni bas qilamiz, demoqchimisiz? – hayron bo‘ldi Xushnazar.
– Men bas qilaman. Men charchadim, birodarlar.
– Shaytonga hay bering, Rahmatullobek! – dedi Ismoil qori. – Siz bilan biz muqaddas jihodga chiqqanmiz. Bu yo‘lda yo zafar qozonamiz yo shahid bo‘lamiz. Boshqa yo‘l yo‘q!
– Urush kofirning foydasiga hal bo‘lib bo‘ldi, Qori aka. Endi sho‘ro oyoqqa turdi. Oyoqqa turmay uni yanchish mumkin edi. Sho‘roning tizzasi qaltiramaydigan bo‘ldi endi. Endi sho‘roga qarshi turib bo‘lmaydi.
– Ruhingizni tushirmang, Bek! – dedi Ismoil qori. – Hali sho‘ro beshikdagi bola misoli. 
– Sho‘ro Piterburgdaligida beshikda edi, Qori aka, endi uni to‘xtatib bo‘lmaydi, – dedi Rahmatullobek. – Yosh yigitlarga jabr qilgan bo‘laman endi urushni davom ettirsam.
– Charchabsiz, Bek, – dedi Ismoil qori. – Yotib uxlang, ertalab gaplashamiz.
Hammalari omin qilib, chiqib ketishdi.

5.

Ertasi kuni Bomdod namozidan so‘ng Xushnazar hamma yigitlarni safga tizdi. Rahmatullobek chodirdan chiqib kelib, safni aylanib, yigitlarni birma-bir ko‘zdan kechirib chiqdi. Shundan sng og‘ir so‘z boshladi:
– Yigitlar! Bu yurishdan endi foyda yo‘q. Sho‘ro yurtni egallab bo‘ldi. Eng yomoni xalq, el ularga ishondi. Otam rahmatli «Kambag‘alning vafosi bo‘lmaydi», derdilar, haq gapni aytgan ekanlar. Kecha yigit bergan, ot-ulov, yemak bergan, o‘risga qarshi otlantirgan el bugun na kiyim-bosh, na ko‘rpa-to‘shak berayapti. Qaytanga o‘risga qo‘shilib, bizni bosmachi deb malomat qilmoqda. Kim bosmachiligini ajratolmaydigan avom xalq o‘risga yordam berib, mard yigitlarini kofirga ushlab bermoqda. Shulluklida Mirzapolvonniyam tutib berishibdi. Shunday yigit shahid ketdi- ya? Hay, attang, sadqai polvon ketsin bu el! – Rahmatullobek biroz to‘xtab, keyin qat’iyat bilan qarorini e’lon qildi: – Endi gap bunday, ukalar. Men urushni bas qildim. Barimiz qirilib ketadiganga o‘xshaymiz. Undan ko‘ra esimiz borida etagimizni yopaylik.  
– Bek, yana bir marta o‘ylab ko‘ring! Bekor qilayapsiz! – uni qaroridan qaytarishga urindi Ismoil qori.
– Bekorga yosh yigitlar juvonmarg bo‘lib ketayapti, qiyomatda nima deb javob beraman? – dedi Rahmatullobek. – Qori aka, duo qiling, bu yo‘lda shahid ketgan yigitlarimizni Alloh rahmat qilsin, tiriklarimizni o‘z panohida saqlasin!
Ismoil qori Xushnazar va boshqa yigitlarga qaradi. Hamma jim. Qori noiloj qolib, tiz cho‘kdi. Boshqa yigitlar ham tiz cho‘kishdi. Ismoil qori «Yosin» surasini tilovat qildi. 
– Hammangizdan sizlarni sarson-sargardon qilganim uchun, besamar urushda umringizni bekorga o‘tkazganim uchun uzr so‘rayman, – dedi Rahmatullobek. – Hammangiz mendan rozi bo‘linglar! Men hammadan roziman! Qurollarni qoldirib ketinglar. Qurolsiz tavba qilib borganlarni sho‘ro kechirar emish. Yer-suv berar emish. Dehqonchilik qilib, bola-chaqa orttirib, tinch yashaysizlar! Ilohi, jannatda yuz ko‘rishish barchamizga nasib bo‘lsin! Alvido do‘stlarim!
Rahmatullobek ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaslik uchun shart burilib, chodiriga kirib ketdi.
Yigitlarning ichida g‘ala-g‘ovur boshlandi.
– E, ketmasak bo‘lar edi! – dedi bir yigit. – Nima deb boramiz endi qishloqqa?
– Kofirni yo‘q qilib kel, degan ota-onamizga nima deymiz? – dedi boshqasi.
– Oxirigacha kurashmoqchi edik, shunga qasam ichgan edik-ku? – dedi yana bir yigit.
– Bo‘ldi, Rahmatullobek ikki marta gapirmaydi – dedi Xushnazar. – Qurollarni tashlab, ketishga tayyorlaninglar!
Yigitlar istar-istamas ketish tadorigini ko‘rishdi. Bir yerga miltiqlarni, qilichlarni, o‘q-dorilarni yig‘ishdi. Otlarini egarlashib, otlarga minishdi. Xushnazar o‘zi bilan birga kelgan yigitlarning oldiga bordi.
– Rabbim polvon, qishloqdan chiqqanimizda necha kishi edik?
– Yigirma to‘rtta edik, – dedi Rabbim polvon. – O‘n bitta qolibmiz, yarmimizdan ko‘pimiz qaytmayapti.
– Essiz yigitlar, bari polvon bolalar edilar, – dedi Xushnazar. – Joylari jannatda bo‘lsin!
Hammalari pastga tushib keta boshlashdi. Xushnazar Rahmatullobekning chodiriga kirdi.
– Yigitlar otlanishdimi? – so‘radi o‘ychan o‘tirgan Rahmatullobek.
– Pastga tushib ketishayapti, – dedi Xushnazar.
– Sen nega harakat qilmayapsan?
– Men siz bilan qolaman! – dedi Xushnazar Rahmatullobekka tik qarab. – Oxirigacha!
– Meni bu yerda qoladi, deb kim aytdi senga?
– O‘zim bilaman. Siz qaergayam qaytasiz? Kim kutib o‘tiribdi sizni? Mol-mulkingizni kalxoz olgan bo‘lsa, aka-ukalaringizni, hatto qari otangizni ham ayamay Mardon o‘ris Sibir qilgan bo‘lsa, yolg‘iz onangiz ham ayriliqni ko‘tarolmay bandalikni bajo keltirgan bo‘lsa. Siz ikki dunyoda qaytmaysiz. Men ham qaytmayman. Mening ham bor-yo‘g‘imni Nurmat kofir kalxozga oldiribdi. Otamning tuyalariniyam, mol-holiniyam. Qari otam va onam tog‘amning mehmonxonasiga ko‘chib o‘tishibdi. Hovlimiz kalxozning idorasi emish. Qaytsam idoraga boramanmi?
Rahmatullobek o‘rnidan turdi. 
– Ammo qolib nima qilamiz, Xushnazar?
– Xudoning aytgani bo‘ldi, Bek aka.
Rahmatullobek Xushnazarni bag‘riga bosdi. Ikki tomchi yosh Xushnazarning yelkasiga tomdi. 
Xushnazar tashqariga chiqqanida hamma ketgan, faqatgina Rabbimqul, Izzatullo, Norboylar qolishgan edi. Sal narida Rahmatullobekning sodiq yigitlaridan ham besh yigit chordona qurib o‘tirishar edi.
– Sizlar nega ketmadinglar? – so‘radi Xushnazar.
– Kim aytdi senga bizlarni ketadi deb? – dedi Rabbim polvon.
– Biz sen bilan Qiyomatgacha birgamiz, Xushnazar! – dedi Norboy.
– Ha, biz qolamiz, – dedi Xushnazar. – Anovi yigitlarchi?
– Ular Rahmatullobekning xos yigitlari, – dedi Rabbim polvon. – Qabrga birga kirishsa kirishadiki, Bekdan ajralishmaydi.
– Sizlar ham mening shunday do‘stlarimsiz! – dedi Xushnazar Rabbim polvonning yelkasiga qo‘l tashlab. – Hammangizdan Alloh rozi bo‘lsin!
– Xushnazar, men ketaman, – dedi Izzatullo. – Ammo butunlay ketadi, deb o‘ylama. Bir-ikki kun turib, qishloqdagi ahvolni bilay-chi? Hali o‘ris yigitlarimizga qanaqa muomala qiladi. Shularni bilib, keyin qaytib kelaman.
– To‘g‘ri o‘ylabsan, yaxshi bor, – dedi Xushnazar. – Hammamizning uyimizdagilardan xabar ol. Ko‘p kuttirmay kel!
– Yaxshi qolinglar! Ehtiyot bo‘linglar! – deb Izzatullo ham pastga tushib ketdi. 
Xushnazar tizilib, pastga tushib ketayotgan olisdagi yigitlarning ortidan ancha mahal mahzun termilib qoldi.

Sakkizinchi bob.
«Men o‘g‘lingga va’da berdim»


1.

Qurolsiz kirib kelishayotgan Ismoil qori boshliq yigitlarni qishloqqa kiraverishda ularni poylab turgan Xolbekov boshchiligidagi bir guruh qizil askarlar o‘rab olishdi. Hammalarini otlardan tushirishdi. Xolbekov oldindagi Ismoil qori va Izzatulloga yaqin keldi.
– Qani, yot unsurlar, bir qurollaringni topshiringlar-chi? 
– Bizda qurol yo‘q, – dedi Izzatullo.
– Juda yaxshi, beklaring qani? Xushnazar akang ko‘rinmaydi?
– Rahmatullobek Afg‘onga o‘tib ketdilar. Xushnazar va boshqa yigitlar ham.
– Siz nega Afg‘onga birga ketmadingiz, Qori aka? Siz Rahmatullobekning piri edingiz-ku? Ularga Afg‘onda namozni kim o‘qib beradi endi? O‘lganlariga kim janoza o‘qiydi?
– Yigitlarning hammasi namozxon, Allohni tanishadi, Qur’onni o‘qishadi, – dedi Ismoil qori kesatiq bilan. – Ular iymonsiz emas!
– Tilingizni tiying, Qori aka. Hali tergovda ko‘p narsani gapirib berishingizga to‘g‘ri keladi.
– «Qurolsiz kelganlarni kechiramiz», degan sening sho‘rong, sening kattalaring emasmidi? – dedi achchiq bilan Ismoil qori.
– U muhlat o‘tdi, Qori aka. Ertaroq aqlni ishlatganingizda shunday bo‘lardi. Endi kech. Endi hammangizni sud qilishadi. Rahmatullobekning diniy rahnamosini menimcha, otishga hukm qilishsa kerak. 
– Kofirlarga ishonib bo‘lmaydi deb boshidan aytuvdim-a? – dedi Ismoil qori yigitlarga qarab. – Yigitlar, sol kofirni!
Ismoil qori mahsisi qo‘njidan pichog‘ini chiqarib, unga yaqin turgan qizil askarning ko‘ksiga urdi. Boshqa yigitlar ham qizil askarlarga tashlanishdi. Ikkinchi qizil askarga tashlangan Ismoil qorini Xolbekov otib tashladi. Buni ko‘rgan yigitlar to‘xtashdi. Izzatullo Ismoil qorini quchoqlab oldi.
– Qori aka! 
– Xudoga shukr, shahid bo‘ladiganga o‘xshayman, – dedi Ismoil qori ixrab. – Bolam, ... qasosimni olinglar!
Ismoil qorining joni uzildi. Izzatullo Ismoil qorining jasdini ko‘tarib oldi.
– Unga tegmanglar, qolganlarining qo‘llarini bog‘langlar! Hammasini militsiyaga topshiringlar!
Qizil askarlar yigitlarning qo‘llarini bog‘lashdi. Hammasini haydab ketishdi.
 
2.

Rahmatullobekning qarorgohini hushyor poylab turgan yigitlar uzoqdan daralar oralab bir o‘smir yigit ot choptirib kelayotganini ko‘rishdi. Ikki yigit uning yo‘lini to‘sib chiqishib, otini to‘xtatishdi.
– To‘xta, kimsan? – so‘radi birinchi yigit. – Qayoqqa borayapsan?
– Xushnazar akamni qidirib kelayapman, Jalasoydanman, – dedi hansirayotgan o‘spirin.
– Xushnazar akada nima ishing bor? – dedi ikkinchi yigit.
– Izzatullo polvonning ukasiman. Akam va sheriklarini Xolbekov tutib oldi. Shuni aytgani keldim.
– Qani, biz bilan yur-chi? – dedi shoshib birinchi yigit va yigitlar o‘smirni ergashtirib ketishdi.
Izzatulloning ukasi ko‘rgan-bilganlarini Rahmatullobekka gapirib berdi:
– Ismoil qorini qishlog‘imizning odamlari janoza o‘qib ko‘mishdi. Akamlarning qo‘llarini bog‘lab, Urgutga olib ketishdi. Otam borib keldi. Mardon o‘ris hammasini so‘roq qilibdi. Hammalari Qori aka aytgan «Bek Afg‘onga o‘tib ketdi», degan gapni aytib turaverishibdi. Payshanba kuni hammalarini Samarqandga jo‘natishar ekan.
– Demak, indinga ekan-da? – dedi Rahmatullobek, so‘ng o‘ylanib turib, fikrini aytdi: – Erta kechasi borib, Jumabozorda Mardon kofirning yo‘liga pistirma qo‘yamiz. Xushnazar, sen bugun tunda jo‘naysan. Olim pansodni topasan. Mening salomimni aytib, rejamizdan xabardor qil. Yordam bermasa biz, o‘n kishining qo‘limizdan kelmay qolishi mumkin.    
– Xo‘p! – dedi Xushnazar. 
– Bu bolani ham o‘zing bilan olib ket!
– Men sizlar bilan qolsam maylimi? – dedi Izzatulloning ukasi.
– Yo‘q, sen bu ishlarga hali yoshlik qilasan, – dedi Rahmatullobek. – Xushnazar akang bilan ketasan, tamom, vassalom!
Xushnazar o‘rnidan turdi. Noiloj o‘rnidan turgan Izzatulloning ukasini ergashtirib chiqib ketdi.

3.

Yarim kechasi bo‘lishiga qaramasdan ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Mardon o‘ris kabinetida qog‘oz titkilab o‘tiribdi. U bosmachilar uning rejasidan xabar topganlariga ishonar, shuning uchun bir hiyla ishlatmoqchi bo‘ldi. Navbatchi militsionerni chaqirdi.
– Rahmatullobekning yigitlarini qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, ikkita aravaga chiqaringlar! Ular mening qo‘limda ekanini eshitgan bo‘lsa, Rahmatullobek baribir yigitlarini ozod qilishga urinib ko‘radi! U meni mahbuslarni kunduzi Samarqandga olib boradi, deb o‘ylaydi. Biz esa g‘animlarimizni g‘aflatda qoldirib, tong bo‘zarmasdan jo‘naymiz! O‘n kishi otlanib, qurollanib chiqsin, bizga hamrohlik qilib borishadi. Boring, aytganlarimni bajaring! 
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq boshliq! – dedi militsioner.
Mashriq tomon endigina oqarib kela boshladi. Qo‘l-oyoqlari bog‘liq Rahmatullobekning yigitlarini aravaga ortgan militsionerlar esa allaqachon Urgutdan chiqib, o‘n chaqirimcha yo‘l bosib qo‘yishgan edi. Mardon o‘ris boshchiligidagi bu karvon Darg‘omning ko‘prigiga yetgan joyda to‘xtab qoldi. 
– Kimdir ko‘prikni buzibdi. Aravalar o‘tolmaydi, – dedi oldinda borayotgan militsioner yigit.
– Ko‘prikni tuzatamiz, – dedi Mardon o‘ris. – Tez bo‘linglar!
Shu payt Olim pansod boshchiligidagi o‘ttiztacha yigit osmondan tushgandek to‘satdan paydo bo‘ldi. Hatto birorta militsioner miltig‘ini yelkasidan olishga yo to‘pponchasini qinidan chiqarishga ham ulgurmay qolishdi. Birpasda yigitlarni ozod qilib, o‘rniga militsionerlarning qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, aravaga yotqizishdi. Mardon o‘risning qo‘llarini bog‘lab, tiz cho‘ktirishdi. Ikkala aravani ham Darg‘omga itarib yuborishdi. Darg‘omning shovullab oqayotgan suvlarida militsionerlar bir-ikki ko‘rinib-ko‘rinmay, cho‘kib ketishdi. Xushnazar Izzatullo bilan, boshqa yigitlar bilan quchoqlashib ko‘rishdi.
– Kechir, do‘stim, Qori akamni avaylay olmadim, – dedi Izzatullo.
– Hammasi Allohdan, – dedi Xushnazar. – Sizlarni qaytarib yuborib, biz xato qilgan ekanmiz aslida.
Olim pansod bilan Rahmatullobek Mardon o‘risning oldiga kelishdi.
– Meni yo‘qlatibsanmi, Mardon o‘ris? – dedi Rahmatullobek Mardon o‘risning iyagidan qamchisi bilan ko‘tarib – Biror gaping bormidi? Mana, sog‘ingan bo‘lsang, qarshingdaman. Gapir!
– Meni o‘ldirasan, bilaman, – dedi Mardon o‘ris tishlari orasidan so‘zlab. – Ammo senlarning kuning bitdi. Kuning bitdi, Bek, bildingmi?
– Mardon o‘ris, Maskovda o‘qibsan-u, aqling kirmapti. Otamni, aka-ukalarimni Sibir qilganing bu mening kunim bitdi deganimas, oshna. Mayli, onam ham o‘libdi, Alloh rahmat qilsin! Xotinim bilan yosh bolalarimni o‘risning yeriga surgun qilib chakki qilibsan, endi men sening urug‘-aymog‘ing bilan qilichdan o‘tkazaman! Unutma, urug‘-aymog‘ing bilan! Senga salgina qarindoshchiligi bo‘lgan odam borki, tirik qoldirmayman. Eng oxirida otangni so‘yaman. Shungacha o‘ldirmayman. Hech kiming qolmagach, «Ko‘rdingmi, bitta maraz o‘g‘ling tufayli yer yuzidan urug‘ing quridi», deyman va uniyam kallasini olaman. Xuddi sening kallangni olgandek!
Rahmatullobek qilichini chiqarib, shunday zarb bilan urdi-ki, Mardon o‘ris biror so‘z deyishga ulgurmadi. Uning boshi pastga qarab g‘ildirab ketdi. Olim pansod uning boshsiz tanasini ham Darg‘omga qaratib tepib yubordi. 
Rahmatullobek bir yigiti jilovini tutgan otiga sakrab mindi. Hammalari otlariga minishdi.
– Yordamingiz uchun katta rahmat, Pansod! – dedi Rahmatullobek. – Alloh sizdan rozi bo‘lsin!
– Qoling, bek, kofirlarning dodini birga beraylik! – dedi Olim pansod.
– Mening boshqa ishlarim bor, – dedi Rahmatullobek. – Mardon o‘risga va’da berib qo‘ydim. Qiyomat kuni «Vadangga vafong qani?» demasin. 
– Mayli, bek, o‘zingiz bilasiz. Omon bo‘lsak ko‘risharmiz.
– O‘zingizni ehtiyot qiling, pansod!
– Alloh panohida asrasin sizlarni, Bek!
Rahmatullobek va Olim pasodning yigitlari ikkiga ajralib ketishdi.

4.

Yarim kechasi Rahmatullobek yigitlari bilan Salim mingboshinikiga kirib kelishdi. Yigitlar Salim mingboshini va barcha oila a’zolarini hovliga haydab chiqishdi.
– Mingboshining qo‘llarini bog‘langlar! – dedi Rahmatullobek.
Yigitlar Salim mingboshining qo‘llarini bog‘lashdi.
– Mingboshi, meni aldadingiz, – dedi Rahmatullobek. – Meni kofirlarga qarshi eng avval oyoqlantirgan siz emasmidingiz? Yigitlarimni beraman, qurol-yarog‘ beraman, degan siz emasmidingiz? Bitta o‘g‘lingizni kofirlikdan qaytarolmadingizmi? Otamni Sibir qilganida «Qo‘y, bolam, saksonga borgan boboyga tegma», deyolmadingizmi? Yosh bolalarimni , ayolimni Sibir qilganida «Bolam, kuching ayol kishiga yetdimi? Kuching mushtday norasida go‘dakka yetdimi?» demadingizmi? «Rahmatullobek o‘lgan emas, bir kuni keladi, urug‘imizni qilichdan o‘tkazadi», demadingizmi? Gapiring, axir, Mingboshi!
– Zamon o‘zgardi, Bek, – dedi Salim mingboshi. – Zamon sho‘roniki bo‘ldi. Sho‘ro xalqqa yer berdi, suv berdi. Boshida biz ham adashgan ekanmiz. Sho‘ro... Sho‘ro biz o‘ylagandek emas ekan. Siz ham tezroq sho‘ro tomonga o‘ting, Bek!
– Nima dedingiz, Mingboshi? Meni sho‘roga xizmat qil, dedingizmi? Men ham iymonimni sotaymi? Men ham Xudosiz bo‘laymi? Uying kuyibdi-ku, mingboshi? – dedi Rahmatullobek mingboshiga yaqin kelib va asabiy baqirdi: – Xushnaza-ar!
– Labbay, Bek aka! – dedi Xushnazar.
– Chop! So‘y! Mingboshidan boshqa bittasini ham tirik qoldirmanglar!
Rahmatullobekning yigitlari Salim mingboshining barcha oila a’zolarini chopib tashlashdi.
– Bek, insof qolmapti sizda! –  dedi Salim Mingboshi yig‘lab. – La’nat sizga!
– Qo‘limga bir martagina olib o‘ynatmagan qizchamni onasiga qo‘shib, Sibirga jo‘natganida o‘g‘lingga shu gapni nega aytmading, mingboshi? Men o‘g‘lingga va’da berdim. «Urug‘ingdan biror kishini tirik qoldirmayman», dedim. Bu hali hammasi emas. Ko‘z oldingda senga qarindoshchiligi bo‘lgan kattayu kichigingni qo‘yday so‘yaman, mingboshi! – dedi Rahmatullobek qahr bilan va yigitlariga buyurdi: – Otga ortinglar buni!
Yigitlar Salim mingboshini otga mindirib, otni yetaklab chiqib ketishdi.
Rahmatullobekning yigitlari uyma-uy yurib, qirg‘in o‘tkazdi. Salim mingboshiga qarindoshchiligi bo‘lganlarni otib, chopib tashlashdi. Tong mahali qishloqdan chiqib ketar ekanlar, Rahmatullobek yigitlarini to‘xtatdi. Rahmatullobek orqada, otning ustida egarga burni tekkudek bo‘lib, iztirobda kelayotgan Salim mingboshining oldiga keldi.
– Mingboshi, sizni o‘ldirmayman! O‘g‘il-qizlaridan, yaqinlaridan ayrilib yashash qanaqa bo‘lishini bir ko‘ring! – dedi Rahmatullobek va yigitlariga dedi: – Mingboshining qo‘lini yechib, qo‘yib yuboringlar! Maza qilib yashayversin!
Yigitlar Salim mingboshining qo‘llarini bo‘shatishib, otini qishloqqa o‘nglab, qamchi urishdi. Salim mingboshi egarni changallab, qalqib-qalqib, yig‘lab-yig‘lab ketaverdi.
Rahmatullobek uning ortidan biroz qarab turgach, otini toqqa qarab burdi. Rahmatullobek jahl ustida unga achinmadi, ammo keyin, uyiga qaytib borgan Salim mingboshi o‘zini osib qo‘yganini eshitganda achindi. Musulmon bo‘lib, boshqa musulmonga zulm qilib qo‘yganidan afsuslandi.

To‘qqizinchi bob.
«Qarg‘alar uchsa qaraylik»


1.

ChK boshlig‘i Xolbekov Rahmatullobekning faoliyatiga chek qo‘yishga qattiq kirishdi. U deyarli har bir qishloqda xufiyalar tayin qilib, ularga Rahmatullobek yoki uning yigitlari haqida har qanaqa ma’lumot bo‘lsa, shoshilinch unga yetkazishlarini tayinladi. Hovlida mashq qilayotgan yuztacha qizil askarga ko‘rsatma berib turgan edi, bir militsioner ot choptirib keldi.
– O‘rtoq Xolbekov, bizga ma’lumot tushdi, Rahmatullobek bugun tunda Beshkapaga, sobiq boylardan bo‘lgan oshnasi Shomurod to‘ranikiga kelar ekan, – dedi militsioner otdan tusha solib.  
– Ma’lumot ishonchlimi? Tekshirdilaringmi? – so‘radi Xolbekov.
– Ishonchli. Beshkapaga qo‘ygan odamimiz xabar qildi. Shaxsan o‘zim kuzatdim, Shomurod to‘ranikida uni kutib olishga tayyorgarlik bo‘layapti. To‘ra qassob chaqirtirib, ikkita qo‘y so‘ydirgan. To‘rt tandir non, patir yoptiribdi.
Xolbekov askarlarga qarab buyurdi: 
– Vasya! Trevoga!
Bitta qizil askar karnay chaldi. Qizil askarlar saf tortdi.
– Otlarga! – buyurdi Xolbekov. – Beshkapaga jo‘naymiz! Rahmatullobekni shu bugun qo‘lga olamiz!

2.

Bu vaqtda yozning uzun kechasida beshkapalik Shomurod to‘raning hovlisida ziyofat boshlangan edi. Ziyofat to‘rida Shomurod to‘ra, Rahmatullobek, Xushnazar, qishloq oqsoqollari. Dasturxonga sho‘rvadan keyin tandirkabob keltirildi. Anchadan beri to‘kin dasturxon atrofida o‘tirib, rohat, farog‘atda do‘stu ulfatlar bilan suhbatlashmagan Rahmatullobek  Shomurod to‘raga dedi:
– To‘ram, hofiz chaqirganman, degandingiz, keldimi?
– Hofiz shu yerda, Bek, – dedi Shomurod to‘ra. – Boshlasinmi?
– Tog‘u toshda yuraverib, qo‘shiqlarni ham sog‘inib ketdik-ku, to‘ram, – dedi kulib Rahmatullobek. – Birorta biz sog‘ingan qo‘shiqni aytib bersin!
Shomurod to‘ra mahtal turgan hofizga imo qildi. Hofiz dutorini olib, avval g‘amgin kuy chaldi, so‘ngra xasta ovozda qo‘shiq boshladi:
– Og‘a sog‘ borsangiz avval otamlarga salom ayting,
Yo‘limda zor bo‘lgan mushfiq onamlarga salom ayting...
Avvaliga past ovozda kuylashni boshlagan hofiz sekin-asta baland pardalarda nola qilar ekan, qo‘shiqdagi dard-iztirob yigitlarning qalbiga ko‘chdi. Necha yillardan beri sho‘rolar bilan olishib, tog‘ma-tog‘ yurgan yigitlarning qalblaridagi sog‘inch hislari chandon ortdi. Hamma g‘amgin bo‘lib, boshlari egilib ketdi. Rahmatullobek ham xomush bo‘lib qoldi. Xotiralarga berildi. Uning ko‘z o‘ngidan otasi, onasi, xotini, o‘g‘il-qizlari o‘tdi. Qizchasini chaqaloqligida qo‘lga olgani ko‘z oldidan o‘tib, ko‘zlariga yosh to‘ldi. Buni ko‘rgan Shomurod to‘ra hofizga «To‘xtat!» ishorasini qildi. Hofiz to‘xtadi. Hamma bir muddat jim qoldi. Rahmatullobek qo‘shiq to‘xtaganini ham bilmay, o‘ychan o‘tiraverdi. Bir mahal o‘ziga kelgan Rahmatullobek hamma unga qarab turganini ko‘rib, xijolat bo‘ldi.
– Yurakni ezib yubordingiz-ku, hofiz? – dedi o‘z holidan o‘zi xijolat bo‘lib. – E, sho‘xrog‘idan oling-e!
– Xo‘p bo‘ldi, Bek aka! – dedi hofiz va sho‘x kuy chalib, qo‘shiq boshladi: 
– Qarg‘alar uchsa qaraylik Marg‘ilonning yo‘liga,
Hidi kelsa mast bo‘laylik handalakning bo‘yiga.
– Ha, yashang! – dedi Rahmatullobek va yigitlariga qaradi. – Qani, bir o‘yinga tushinglar-chi!
Ikkita yigit chiqib, choponlari etagini qayirib, belbog‘lariga qistirishdi va erkakchasiga raqsga tusha boshlashdi. Qolganlar qarsak chalib, «Yashavor!» «E, o‘lma!» degan hayqiriqlar bilan olqishlab turishdi. 
Keyingi qo‘shiq aytilayotgan mahal bir yigit kelib, Shomurod to‘raning qulog‘iga bir nima dedi. Shomurod to‘ra bezovta bo‘ldi.
– Tinchlikmi, to‘ram? – so‘radi buni sezgan Rahmatullobek.
– Qizil askarlar qishloqni o‘rab olayotganmish, Bek! – dedi Shomurod to‘ra ovozini pastlatib.
– Bilaman, to‘ram, parvo qilmang! – dedi Rahmatullobek kulib.
– Bilaman, deysizmi, Bek?
– O‘zimiz tayinlagan odamimiz borib, biz haqimizda xabar bergan. Bu Xolbekov deganlari juda shoshqaloq-da. Sal barvaqtroq kelib, ziyofatning beliga tepkani chakki bo‘ldi.
– Endi nima qilamiz, Bek?
– Kabobning qolganini xurjunlarga solib bering, tog‘da qolganlarga olib borishadi. 
– Xurjunlarga solib, tayyorlab qo‘yibman, Bek. Otlaringizga yem, o‘zlaringizga ozroq o‘q-dorilarni otlarga ortib qo‘yganman. O‘nta yaxshi otni inimiz Berdimurod sizlarga tortiq qilib olib kelibdi.
– Yashang, to‘ram! Alloh sizdan ham, ukangizdan ham rozi bo‘lsin! Biz endi turdik, duo qiling!
– Alloh sizlarni panohida asrasin! Allohu akbar!
– Sizlar o‘yin-kulguni to‘xtatmaysizlar! – dedi Rahmatullobek Shomurod to‘raga. – Xolbekov kelganda aqiqa qilayotuvdik, dersiz.
– Xo‘p bo‘ldi, Bek. Yaxshi boringlar!
Yigitlar zudlik bilan otlanib, chiqib ketishdi.
– Darrov qo‘ni-qo‘shnilarni chaqiringlar! – dedi Shomurod to‘ra o‘g‘illariga, so‘ngra hofizga yuzlandi: – Qani, hofiz, sho‘xidan oling!
Hofiz sho‘x qo‘shiq boshladi. Shomurod to‘ra bir-ikki kishini raqsga chiqardi.
Xolbekovning askarlari Shomurod to‘raning uyini o‘rab kelayotgan bu vaqtda Rahmatullobekning yigitlari o‘ntacha askar qolgan qizil askarlarning garnizoniga quyunday bostirib kelishdi. Qorovullikdagi yigitlarni otib tashlashdi. Ichkaridan chopib chiqayotgan qizil askarlarni qilich bilan chopib tashlashdi. Eshiklarni buzishib, qurol-yaroq, o‘q-dorilarni olishdi. Kazarmaga o‘t qo‘yishdi va yana quyunday tun bag‘riga singib ketishdi. 

3.

Shomurod to‘raning hovlisi yana mehmon bilan to‘ldi. Qo‘shiq, raqs davom etdi. Hovliga bir guruh qizil askarlari bilan Xolbekov kirib keldi. Shomurod to‘ra unga peshvoz chiqdi.
– Xush kelibsiz, komandir, marhamat! – iltifot qildi Shomurod to‘ra.
– Nima bo‘layapti bu yerda? – so‘radi Xolbekov.
– Alloh bizga nevara berdi, – dedi Shomurod to‘ra. – Shukronasiga aqiqa qilayapmiz. Kelinglar, ovqatimiz tayyor!
– Biz ovqat yegani kelganimiz yo‘q, – dedi zarda bilan Xolbekov. – Yot unsurlarning ovqatini yemaymiz ham, to‘ra.
– Qo‘ying, shu gaplarni, komandir, – dedi achchig‘ini ichiga yutgan Shomurod to‘ra. – Qachongacha yot unsur deysiz endi?
– To‘g‘ri, bor mol-mulkingizni birinchilardan bo‘lib sho‘roga topshirganingiz uchun sizni qamamadik, quloq ham qilmadik, to‘ra. Ammo qadamingizni bilib bosing. Rahmatullobek qani? Siznikiga kelganini bilamiz.
– Xafa qilayapsiz, komandir. Biz o‘zbekmiz, musulmonmiz. Eshikdan kelgan mehmonni kirma, ket, demaymiz. Darvozamiz hamma uchun, hamisha ochiq. Rahmatullobek kirsam maylimi, deb so‘rab ham o‘tirmaydi, komandir. Ha, Rahmatullobek keldi. Yedi, ichdi, ketdi. Siz ham kiring, o‘tiring, yeb-iching, komandir.
– Hammasini aniqlaymiz, to‘ra. Bizni laqqillatayotgan bo‘lsangiz, bu safar ayab o‘tirmayman.
Shu payt qoniga belangan bir qizil askar kirib kelib, Xolbekovga ma’lumot berdi:
– Bosmachilar! Kazarmaga hujum qilishdi!
– Otlarga! – buyurdi shoshib Xolbekov. – Tez!
Qizil askarlar shoshilinch chiqib ketishdi.
– Eng sho‘xini endi oling-da, hofiz! – dedi Shomurod to‘ra Rahmatullobekning nega xotirjam «Bilaman, to‘ram, parvo qilmang», deganida nima qilmoqchi bo‘lganini endi fahmlab, xursand bo‘lib.
Sho‘x qo‘shiq boshlandi. Qulochini yoyib, viqor bilan, maza qilib Shomurod to‘ra raqsga tusha boshladi.

4.

Bu vaqtda qizil askarlar kazarmalariga yetib kelishgan, ammo kazarmadan hech vaqo qolmagan, hamma yoq tutab yotar, har joyda chopib tashlangan, otib tashlangan qizil askarlarning jasadlari yotardi. 
Xolbekov alamdan bug‘riqib ketdi. Ko‘zida ikki tomchi yosh ko‘rindi. Achchiq bilan baqirdi:
– Endi o‘zingdan ko‘r, Rahmatullobek! 
Xolbekov sakrab otiga mindi va askarlarga buyurdi:
– Ketdik!
Hammalari ot choptirib ketishdi.
Bu vaqtga kelib dushman tugul do‘stdan ham xavfsirab qolgan Rahmatullobekning yigitlari makonlarini tez-tez o‘zgartirishar, bir joyda muqim turishmasdi. Xolbekovning xufiyalari qancha tezkor ishlashsa, Rahmatullobekning xufiyalari ham undan sust ishlashmas, Xolbekovning qachon qaerga borayotgani haqidaga ma’lumotlar peshma-pesh yetkazilib turilardi. «Seni topmasam qo‘ymayman», degan Xolbekov uch kun tog‘ma-tog‘ izg‘ib, Rahmatullobekning izini ham topolmay, qaytib keldi.
Xolbekovni Respublika chekistlarining boshlig‘i Ivanov poytaxtga chaqirtirib oldi. 
– Sust ishlayapsiz, o‘rtoq Xolbekov, sust, – dedi Ivanov. – Haligacha o‘sha Rahmatullobekning iziga tusholmadingiz.
– Olti oydan beri u bilan izma-iz yuribman, Ivan Ivanovich, – dedi Xolbekov aybdorona. – Ammo juda pixini yorgan ekan. Har safar tutdim deganimda qo‘limdan chiqib ketayapti. Tog‘u toshlarni titib chiqdim. Kunduzi izini ham ko‘rsatmaydi. Kechasi qaerdan keladi, bilmayman, ammo raislarimizni, sho‘ro rahbarlarini o‘ldirib ketayapti.
– Biz Samarqandda bosmachilik tugatildi, deb hisobot berganmiz. Bundan xabaringiz bormi?
– Xabarim bor, Ivan Ivanovich. O‘zi haqiqatdan ham Rahmatullobekdan boshqa bosmachi qolgani yo‘q.
– Bittagina bo‘lsa ham qolibdi-ku, Xolbekov? – o‘rnidan turib, xona bo‘ylab yura boshladi Ivanov. – Tugating! Toping va qo‘lini bog‘lab, mening oldimga olib keling! Men shaxsan o‘zim ko‘rmoqchiman uni. Qani, qanaqa odam ekan Rahmatullobek deganlari. Odammi u devmi?
–Tutib kelaman, Ivan Ivanovich, – Xolbekov ham o‘rnidan turdi. – Albatta tutib kelaman.
– Yana ellikta qizil askarni olib keting. Hammasi shaxsan Frunzening qo‘l ostida urushgan tajribali rus askarlari. Boring!
– Xo‘p, Ivan Ivanovich.
Xolbekov Ivanov aytgan askarlarni olib, Urgutga qaytar ekan, Rahmatullobekni endi topmasa bo‘lmasligini tushundi. Otda kelar ekan, Rahmatullobekning iziga tushishning ming xil yo‘lini izlar edi. 

O‘ninchi bob.
«Qo‘lli-oyoqli bola» 


1.

Rahmatullobekning yigitlari goh jangu-jadallarda kamayib ketar, goh turli qishloqlardan kelib qo‘shilayotgan oriyati qo‘zigan yigitlar hisobiga yana ko‘payib qolardi. Jumabozorlik Olim pansod qo‘lga tushgach, uning omon qolgan sakkiz yigiti ham kelib, Rahmatullobekka qo‘shildi. Rahmatullobekning yigitlari  yana o‘ttiz beshtaga yetib qoldi.
Quyuq o‘rmon ichida dam olib yotgan yigitlarni kuzatar ekan, Rahmatullobekning boshidan ming xil o‘y o‘tar edi. «Endi o‘risga qarshi kurashish qiyin bo‘lib qoldi. Bu sho‘ro degani hamma itini mening izimdan qo‘yadi endi. Olim pansod ham, Xudoyberdi qassob ham, mulla Pirmuhammad ham yo‘q bo‘lib ketishdi. Musulmon musulmonga qo‘shilmadi qo‘shilmadi-da. Agar hammamiz birlashsak, bu yerga kelgan o‘risni tor-mor etish tugul, borib o‘risning yurtini ham bosib olishga kuchimiz yetmasmidi? Axir tarixda shunday bo‘lganku? O‘sha o‘rislar uch yuz yil Temuriylarga o‘lpon to‘lab turishganku? Bugun o‘risning ozginasi bu parokandaligimiz tufayli butun yurtimizni egallab oldi. Endi bu yurt o‘risning oyog‘i ostida toptalmasmikan? Endi yurtdan islom, iymon ko‘tarilmasmikan? Endi yurtdan xayru baraka ko‘tarilmasmikan? Islom bayrog‘ini ko‘tarib, jihodga chiqqanlardan birgina men qoldim. Bir o‘zim nima qila olardim? Amirimizdan ham umid yo‘q. Necha marta Amudaryodan o‘tib hujum qildi, ammo birortasida ham muzaffariyat bo‘lmadi. Ibrohimbekdan umidim katta edi. Qaytib kelsa, borib unga qo‘shilaman deb yurgan edim, afsus, uning urug‘ini garovda ushlab turishganini, kelib taslim bo‘lmasa hammasini otib tashlashlarini eshitib, o‘zi kelib taslim bo‘libdi. Bekni Sibirga surgun qilishibdi. Ha, ketadigan joy ham qolmadi, shekilli? Parvona sham atrofida aylana-aylana oxiri o‘zini shamga urib, yonib ketganidek, shu sho‘ro bilan urishib o‘lish peshonamga yozilganga o‘xshaydi. Mayli, bandasi peshonasiga yozganidan qochib qutula olmas ekan, peshonada borini ham mardona kutib olish kerak. Bir boshga bir o‘lim. Shu yurtni deb, Islomni deb bir emas, yuz bora o‘lsam arziydi». Kelgan xulosasidan g‘ayrati jo‘sh urgan Rahmatullobek Rabbim polvon, Izzatullo va Norboylar bilan suhbatlashib o‘tirgan Xushnazarning yoniga bordi. Ular o‘rinlaridan turishmoqchi edi, «o‘tiraveringlar», ishorasini qilib, o‘zi ham ularning yoniga cho‘kkalladi. Boya o‘ylaganlarini yigitlarga aytib bermoqchi bo‘lgan edi, ammo soqchilikdagi yigitlar bir kishini olib kelishib, bunga imkon bo‘lmadi.
– Bek aka, bu kishi Qoratepadan kelibdi, – dedi soqchi yigit. – Sizga gapi bor emish.
Rahmatullobek o‘rnidan turdi. Boshqa yigitlar ham turishib, kelgan odamga yaqin kelishdi.
– Kimsiz? – so‘radi Rahmatullobek. – Bizga nima gapingiz bor?
– Qoratepalik Safar podachiman, – dedi kelgan kishi. – Qishloqqa o‘ntacha melisa kelgan. O‘tgan safar men bilan birga sizlarga oziq-ovqat olib kelgan Oynaqul degan ukamizni tutib olishib, azob berishayapti. Men qochib, to‘g‘ri bu yoqqa keldim.
– O‘nta melisa dedingizmi? Qizil askarlar yo‘qmi?
– Qizil askarlar yo‘q. Bor-yo‘g‘i o‘nta melisa.
– Ketdik! – dedi Rahmatullobek Xushnazarga qarab. – Yigitlarni uyg‘otinglar!
Rahmatullobekning yigitlari Qoratepaga qarab, ot qo‘yib ketishdi.

2.

Hovlilari o‘rtasidagi yong‘oqqa qonga belangan Oynani arqon bilan bog‘lagan militsionerlar uni qamchi bilan urishar, unga talpingan Oynaning ota-onasi, ukasi va singlisini ikki-uchta militsioner to‘sib, Oynaga yaqin borgani qo‘ymay turishardi. Yana ikki-uch militseoner hovli atrofida qorovullik qilib turishardi.
– Ayt, oziq-ovqatlarni Rahmatullobekning yigitlariga qaerda berding? – baqirib so‘radi militsionerlarning kattasi.
– Bilmayman. Rahmatullobekni tanimayman, – ingradi Oyna. – Bosmachilarni ko‘rganim yo‘q.
Militsioner Oynani yana qamchi bilan urdi. Oyna dod solib baqirdi:
– A-a! Urmang! Bosmachilarni ko‘rganim yo‘q, dedim-ku-u...
Tashqaridan soqchilikdagi militsionerlar hovliqib kirishdi:
– Bosmachilar kelishayapti!
Militsionerlar otlariga minib, qochib ketishdi.
Rahmatullobekning yigitlari Qoratepaga kirishlari bilan Oynalarning hovlisidan chiqib qochib ketayotgan otliq militsionerlarni ko‘rishdi va Xushnazar boshliq o‘ntacha yigit ularni ta’qib eta boshlashdi. Hademay bir-birlariga o‘q uza-uza qochayotganlar ham, quvayotganlar ham qirning orqasiga o‘tib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.  Rahmatullobek qolgan yigitlar bilan Safar podachi ko‘rsatgan hovliga, Oynaning hovlisiga kirib kelishdi.
Ikki yigit darrov Oynani daraxtdan yechib olishdi. Otasi va ukasi bir paqirda suv olib kelishib, Oynaning qo‘l-betlarini yuvdirishdi. Norboy uning yaralarini bog‘lab qo‘ydi. 
– Nima bo‘ldi? – undan so‘radi Rahmatullobek. – Nega seni buncha azoblashdi melisalar?
– Yigitlaringizga oziq-ovqat, kiyim-bosh olib borib bergandim. Kimdir shuni sotibdi, – dedi Oyna. –  «Rahmatullobekning qaerda yashiringani aytasan», deb azob berishdi. 
– Qaerdaligimizni aytib qo‘ya qolsang bo‘lmasmidi?
– Rostdan bilmayman-ku qaerdaligingizni? Oziq-ovqatlarni esa Tersakka olib borib berganman.
Shu payt militsionerlarni quvib ketgan yigitlar qaytib kelishdi.
– Nima bo‘ldi, qochib ketishmadimi? – so‘radi Rahmatullobek.
– Bilasiz-ku, hali bironta melisa qochib qutulmagan, – javob berdi Xushnazar. – Otlari eshakdan ham xarob ekan. 
Rahmatullobek otiga mindi. Qolganlar ham otlariga minishdi.
– Bo‘pti, yigit, biz tufayli azob yebsan, uzr, – dedi Rahmatullobek Oynaga. – Endi ehtiyot bo‘l!
– Meni o‘zlaringiz bilan olib ketingizlar. Melisalar baribir meni tinch qo‘ymaydi. Men ulardan qasosimni olishim kerak, – dedi Oyna yalingan ovozda. – Bek aka, meni safingizga qo‘shib oling!
– Bizga faqat seni urgan melisalardan qasos olish uchungina safimizga qo‘shiladigan kishilar kerak emas, – dedi Rahmatullobek. – Qolaversa, qasosing ham olindi, uka. 
Oyna Rahmatullobekning uzangisiga yopishdi: 
– Jon, aka, meni olib keting, biror nafim tegib qolar. O‘zim tog‘larda qo‘y boqib o‘sganman, har bir so‘qmog‘ini, g‘orini, cho‘qqisini besh qo‘limday bilaman. Yashirinish uchun shunday joylarni bilaman-ki, qizil askarlarning yetti uxlab, tushigayam kirmaydi.
Rahmatullobek Xushnazarga qaradi. Xushnazar yelka qisdi. 
– O‘zimiz ham bilib olmagan biror dara-yu, so‘qmoq qolmadi besh yildan beri, – dedi u.
– Bek aka, o‘g‘limni olib keta qoling! – dedi Oynaning otasi ham Rahmatullobekka yaqin kelib. – Avvaldan sizlarga qo‘shilmoqchi bo‘lib yurardi o‘zi. 
– Mayli, ichimizda shu yerning yigitlaridan bo‘lganiyam durust, – dedi Rahmatullobek. – Taylon, otingga mindirib ol!
Bir yigit Oynani otiga mingashtirib oldi va hammalari hovlidan chiqib ketishdi.

3.

Oyna chaqqon chiqib qoldi. U nima ish bo‘lsa qilib ketaverar, ayniqsa, ovqat pishirishga usta edi. U oshni ham boplar, yigitlar ovlab keladigan quyon, kaklik, tustovuqlardan ajoyib dimlamalar, sho‘rvalar pishirardi. U hammaga aka deb murojaaat qilar, hammaning ko‘nglini olishga tirishardi.
Bugun ham ertalab Rahmatullobek yigitlari bilan nonushta qilishayotgan edi, Oyna bir laganda bug‘i chiqib turgan tandir kabobni olib keldi.
– Mening tandir kabobni yaxshi ko‘rishimni bilib olibsan-da, Oyna? – dedi Rahmatullobek.
– Kasbim shunaqa, Bek aka. Ulug‘larga xizmat qilib suyagim qotgan.
– Barakalla! Qachon qo‘y topib, qachon so‘yib, qachon tandir kabob qilishga ulgurding, Oyna? 
– Uzumini yeng-u, bog‘ini so‘ramang, Bek aka. Tushlikka archa kabob qilib beraman, – deya Oyna o‘choq boshiga qarab ketdi.
– Juda qo‘lli-oyoqli bola ekanmi, Xushnazar? – dedi Rahmatullobek.
– Ha, qo‘lli-oyoqli ekan, – dedi Xushnazar so‘ng sal o‘ylanib turib, qo‘shib qo‘ydi: – Tilli-jag‘li ham. Yigitlarni o‘ziga rom qilib oldi.
– Nima ish buyursang qilib ketaverishini aytmaysanmi? – dedi Rabbim polvon.
– Ha, hamma bilan aka-ukadek bo‘lib ketgan bo‘lsa juda yaxshi. Ammo Taroqliga borganimizda u yerda pistirma borligini aniq bilganiga qoyil qoldim, – dedi Rahmatullobek. – Qizil askarning hidini biladigan bola ekanmi deyman?
– Rovotga borganimizda ham u tufayli qizil askarlarning pistirmasiga tushmay qoldik, – dedi Xushnazar.
Oyna choy damlar ekan, bu gaplarni qulog‘i ding bo‘lib eshitib turdi.
Nonushta tugagach, duo qilib, hammalari turishdi.
– Hamma damini olsin! – dedi Rahmatullobek. – Kechqurun Xolbekovni bir qitiqlagani boramiz.
Hammalari tarqalishdi. Xushnazar Rabbim polvonni chekkaga tortdi.
– Rabbimqul, shu yigitga ko‘z-quloq bo‘lib yur! – dedi Xushnazar ovozini pasaytirib. – Qadam olishi bejo shu bolaning. 
– Nimasi yoqmayapti senga? – dedi Rabbim polvon. – Duppa-durust xizmatimizni qilib yuribdi-ku?
– Hid bilishi noyobligi yoqmayapti. O‘zimiz qatori qarorgohdan chiqmasa, qaerdan bildi ekan kecha Tegirmonboshiga qizil askar kelganini? 
– Aytgani yaxshi bo‘ldi-da, haqiqatdan qizillar kelgan ekan-ku? 
– Ammo u qaerdan bildi deyapman? Qolaversa, borganimizda qizil askaring ketib bo‘lgan ekan. Bilgan odam ular ketmasdan oldin aytmaydimi? 
– Ha, bu gapingda jon bor, – dedi Rabbim polvon. – Mayli, o‘ziga sezdirmay poylayman.

4.

Mashq qilishayotgan qizil askarlarga ko‘rsatmalar berib turgan Xolbekovning oldiga podachi Safar yugurib keldi. 
– Nima bo‘ldi? – uni ko‘riboq so‘radi Xolbekov.
– Hammasi rejadagidek bo‘ldi, – dedi Safar. – Rahmatullobek Oynani o‘zi bilan olib ketdi. 
– Yaxshi, – dedi Xolbekov. – Militsionerlar nima bo‘ldi?
– Bosmachilar hammasini otib tashlashdi.
– Vaqtida xabar bermaganmiding? – Qahr bilan so‘radi Xolbekov.
– Vaqtida xabar berdim, ammo qochib qutulisholmasa men nima qilay? – dedi Safar boshini qashlab. – Bekning otlari shamolday uchqur demaganmidim?
– Boshliqlaridan baloga qoldigan bo‘libman-da, – dedi Xolbekov va biroz o‘ylanib turib, qo‘shib qo‘ydi: – Mayli, Oyna bilan juda ehtiyot bo‘lib aloqa bog‘lab tur. U Rahmatullobekning ishonchiga kirib olishi zarur. Boraver! Ha, ayt, Oynaning ukasi bir kelib ketsin!
– Xo‘p! – deb Safar chiqib ketdi.
Ertasi kuni Oyning ukasi Murod Xolbekovni izlab keldi.
– Kelganingni hech kim sezmadimi? – dedi Xolbekov uni xonasiga olib kirgach.
– Yo‘q, hech kim bilmaydi, – dedi Murod. 
Xolbekov Murodga buklangan qog‘oz uzatdi.
– Yaxshi. Mana buni Oynaga yetkazgin! Ammo ehtiyot bo‘l, birovning qo‘liga tushmasin! Mana buni otangga ber! – deb Xolbekov Murodga bir dasta pul berdi. – Ha, Oynaga aytib qo‘y, biz ertaga peshin vaqti Ilonliga boramiz.
Murod chiqib ketdi. Xolbekov uning ortidan tikilib qoldi.

5.

Xushnazar to‘pponchasini tozalab o‘tirgan edi, oldiga Rabbim polvon keldi.
– Oynaning oldiga o‘n to‘rt-o‘n besh yoshli bir bola kelib ketdi, – dedi Rabbim polvon. – Ukasi emish. U-bu yegulik olib kelibdi.
– Zotini surishtirdingmi buning?
– Qulqishloqlik Eshnazar tanir ekan, to‘y-po‘ylarning oshu-ovqatini pishirib yurar ekan. Yo‘qsillardan emish. Ish axtarib, bir-ikki yil Samarqandga ketgan ekan. Olti oycha bo‘libdi qaytganiga. 
– Shunaqa degin, – degan Xushnazar o‘ylanib qoldi. –  Samarqandga ketgan ekan, degin. Ikki yil, degin.
Bu so‘zlarni xuddi o‘z-o‘ziga gapirgandek bo‘lgan Xushnazar «Hm-m», deb qo‘ydi-yu, Rahmatullobekning chodiriga kirib ketdi. 
Rahmatullobek yostiq ustiga qo‘yilgan Qur’onni o‘qib o‘tirgan ekan, Xushnazarni ko‘rib, kitobni yopdi.
– Kel, Xushnazar! Tinchlikmi?
– Oynaga javob berish kerak, – dedi Xushnazar quruqqina qilib.
– Uning nimasi senga yoqmayapti? – bir qo‘zg‘alib oldi Rahmatullobek. – Yaxshi xizmat qilayapti-ku? 
– Qadam olishi shubhali. Mening yigitlarim bilmagan gaplarni daradan chiqmay turib, Oyna qaerdan biladi? Ukasi kelgan ekan. U bu yerni qaerdan topib keldi? 
– Sen undan bekorga shubha qilma! Ukasining topib kelishigayam shubhalanma, bir hafta oldin Oyna onasidan xabar olgani boruvdi. O‘shanda ukasiga kerak bo‘lsa qaerdan topishlari mumkinligini aytgan chiqar.
– Ukasi topib kelibdimi, boshqalar ham topib keladi. Joyimizni tezda almashtirish kerak.
– Ana bu gaping jo‘yali. Mayli, yigitlarga ayt, ko‘chamiz!
Xushnazar chiqib ketdi.
Rahmatullobekning o‘ttiz chog‘li yigitlari bir soat o‘tmasdan joylarini yangilash maqsadida dovon oshib ketishdi. Ular uzoq yo‘l bosishib, qorli cho‘qqilar orasidagi bir g‘orga yetib borishdi. Otlarni g‘orga kirgan joyda qoldirishib, o‘ttiz qadamcha ichkariga mash’ala yorug‘ida kirib borishdi. Ko‘m-ko‘k tiniq suvli hovuzga duch kelishdi. Hovuzni aylanib o‘tib, yana o‘n-o‘n besh qadam yurishdi. Kattaroq mehmonxonadek joyda g‘or tugadi. 
Rahmatullobek bu g‘orning topilganidan, uning qulayligidan xursand bo‘lib, hayratini oshkor qildi: 
– Tabiatning o‘zi bizga shohona mehmonxona tayyorlab qo‘ygan ekan-ku?
– Bu g‘or qishning chillasida ham mana shunday, bir xil haroratda turadi, – dedi ularni bu yerga boshlab kelgan Oyna. – Otam bilardi, men bilardim bu g‘orni. Mana, endi sizlar bildingiz. O‘ylaymanki, hammamiz bemalol sig‘amiz. 
– Sig‘amiz, g‘am yema, – dedi Rahmatullobek. – Bu yerga dumalab yotgani kelganimiz yo‘q. Qor erigandan tushib ketamiz. 
Yigitlar ko‘rpa-to‘shaklarni olib kelishib, joy hozirlashdi. Hammalari o‘tirishganda Izzatullo gapirdi:
– Bek aka, menga javob bersangiz, bodim qo‘zib qoldi. Qishloqqa qaytsam, devdim. Kasalim tuzalsa, bahorga chiqib qaytarman. Ko‘rishmasak, rozi bo‘ling! 
– Mayli, mayli, oldin ham aytganman, hech kimni kuch bilan ushlab turmayman, – dedi Rahmatullobek. – Yaxshi boring, siz ham rozi bo‘ling!
– Men birga borsam maylimi? – Izn so‘radi Norboy. – Izzatulloga hamroh bo‘lardim, ham qishloqdan bir xabar olib kelardim.
– Juda yaxshi. Ehtiyot bo‘linglar! Bu yerdaligimizni birov sezmasin!
– Ehtiyot bo‘lamiz, – dedi Izzatullo. – Mayli, yaxshi qolinglar!
– Men sizlarni kuzatib qo‘yaman! – deb Xushnazar ham ularga ergashdi.

6.

Norboy qishloqqa yarim tunda kirib keldi. Ota-onasi bilan ko‘rishdi. 
– Hamma sog‘-salomatmi? Yaxshi o‘tiribsizlarmi?
– Shukur, sog‘miz. O‘zlaring yaxshimisizlar? – dedi Norboyning otasi. – Xushnazar, Izzatullo, Rabbimlar ham yaxshimi?
– Hammamiz sog‘-salomatmiz. Nima yangiliklar bor?
– E, bolam, bu Nurmat kofir degani o‘risdan ham yomon chiqdi. O‘ris labiga bitta papiros qistirsa bu ikkita qistirdi. O‘ris beliga bitta to‘pponcha taqsa Nurmat kofir ikkita to‘pponcha taqib yuradi. Salga to‘pponcha chiqarib, «Otaman», «Tuxumingni quritaman», deb o‘dag‘aylaydi.
– Biznikilarga tegmayaptimi?
– To‘ra polvonni olib borib, o‘zlarining molxonasi, hozirgi kalxozning otxonasiga qamabdi. «O‘g‘lingni topib berasan», deb azob berayotgan emish.
Norboy turib, ketishga chog‘landi.
– Bir o‘zing borma, bolam. Nurmat kofirning quroli bor. Qorovullari ham bor.
– Men unga ko‘rsatib qo‘yaman azob berishni!
Norboy chiqib ketdi. Ota-onasi bosh chayqab qolishdi.
– Bekor aytdingiz, otasi, endi bir baloni boshlaydi buningiz, – dedi onasi.

7.

Yarim tun. G‘ordan sekin chiqib kelgan Xushnazar biror chaqirim pastga tushib kelib, qushlarcha ovoz chiqardi. Bolaliklaridan tanish bo‘lgan boyo‘g‘linig «hu-hu»sidan Xushnazar va Izzatullo bir-birini tez topishdi. 
– Senga ovqat, non olib keldim, – dedi pichirlab Xushnazar. – Qaerga joylashding?
– Anavi katta archaning ostida kuzatuv joyi qilib oldim, – dedi ulkan archa tomonga ishora qilgan Izzatullo ham pichirlab. – Shox-shabba bilan to‘silgan, bilinmaydi.
– Hamma ketganingga ishondi. Ammo hushyor bo‘l. Kelganlardan hushyor bo‘lasan-ku, ammo g‘ordan kim chiqdi, qaerga bordi, bungayam hushyor bo‘l!
– Izimdan topib kelishmasin, deb ikki qir aylanib, eski joyimizdan xabar olib keldim. Yaxshiyam ko‘chibmiz. Biz ketibmizam, joyimizni o‘ris bosibdi.
– Men senga nima degandim? Bir balosi bor, demaganmidim? Ehtiyot bo‘l, kechasi uxlama! Biz senga ishondik. Kunduzi uxlab olarsan. Kunduzi sendan ham pastroqqa yigitlarni soqchilikka qo‘yaman. Ammo kechasi sendan bosh¬qa hech kimga ishonmayman. O‘zim ham ba’zan uxlab qolaman.
– Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, bilasan-ku, sichqon shitirlasa uyg‘onaman.
– Mayli, yaxshi qol, men ketdim, – deb Xushnazar g‘or sari ketdi.
Ertasi kuni peshindan keyin Norboy yetib keldi. Hamma bilan so‘rashib, Xushnazarning oldida to‘xtadi.
– Nurmat kofir haddidan oshibdi, – dedi Norboy. – Otangni olib kelib, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, molxonalaringga qamabdi. «O‘g‘lingni topib berasan», debdi. Onang kelgan ekan, turtib-surtib haydab yuboribdi. 
– Shuncha gapni eshitib, indamay kelaverdingmi, polvon? –  polvon so‘zini kesatib, zarda bilan aytdi Xushnazar. 
– Otangni tog‘angnikiga olib borib qo‘ydim. Nurmat kofirning shotirlari «miq» etolmadi, – dedi Norboy. –  Ammo kofirning o‘zi Samarqandga ketgan ekan, topolmadim. Topsam tirik qolmasdi. 
– Men topaman! – dedi Xushnazar achchiq bilan va yonidan «Nagan»ini olib, o‘qdonidagi o‘qlarini tekshirib ko‘rdi. – Shu bugunoq topaman!
– Hammamiz boramiz, – dedi Rahmatullobek Xushnazarning chiqib ketayotganini ko‘rib. – Bir qo‘llarning chigalini yozib kelaylik!
– O‘zim, bir o‘zim boraman, – dedi Norboyga bir qarab olgan Xushnazar. – Nurmat mening otamni qamagan, mening onamni urgan.
– Bo‘ldi-da endi, Xushnazar, – ranjidi Norboy. – Men ham boraman. Uni o‘zim o‘ldiraman.
Xushnazar ketishga chog‘landi. Norboy unga ergashdi. Yana uch-to‘rt yigit o‘rnidan turdi. Xushnazar ularni qaytardi.
– Ko‘plashib yurmaylik! Ikkalamiz borsak bas! 
Ikkalasi g‘ordan chiqib ketishdi.

O‘n birinchi bob.
«Amakimga ayting, ukamni topsin» 


1.

Xushnazar va Norboy kechasi bilan yo‘l bosishib, qishloqqa ertalabga yaqin yetib kelishdi. Xushnazar tog‘asinikiga tushib, ota-onasi bilan ko‘rishdi.  
– Meni deb aziyat chekibsizlar, kechiring, ota! – dedi Xushnazar gunohkorona ohanda. – Ammo Nurmat kofir bugun o‘ladi. 
– Ehtiyot bo‘l, bolam, kamarida, ikki yonida ikkita to‘pponcha taqib yuradi, doimo otishga tayyor turadi – dedi To‘ra polvon.
Biroz o‘tib, Norboy kirib keldi.
– Jiyanim borib keldi, idorasida emish. Kechir, uylaringda emish. 
– Birov xabar topmaydigan bo‘lishi kerak, –  dedi Xushnazar. – Bu yerda bir reja kerak.
Xushnazar bilan Norboy biroz muddat «imi-jimida» ishni bitirish rejasini tuzdilar. Norboy chiqib ketdi va sal o‘tib, idorada qorovul bo‘lib ishlaydigan Haydarali bo‘lasini boshlab keldi. 
– Nurmat kofir to‘pponchalarini qachon kamaridan yechadi? – ko‘rishib bo‘lishgach, Haydaralidan so‘radi Xushnazar.
– E, u to‘pponchalarini umuman belidan yechmaydi. Uxlaganda ham qo‘li to‘pponchasida uxlaydi, – dedi Haydarali, keyin biroz o‘ylanib turib, qo‘shimcha qildi: – Ammo, aytishga odam uyaladi-yu, shu-u... hojatga kirganidagina yechib, yoniga qo‘yadi, shekilli.
– Nimasidan uyalasiz, aytganingiz yaxshi bo‘ldi, – dedi Xushnazar. – Endi bunday qilamiz. Biz bir joyda poylab o‘tiramiz. Siz Nurmat kofir hojatxonaga kirganda yo‘talib qo‘yasiz. Itga it o‘limi, uni hojatxonada bosamiz. Endi boravering! Yo‘talib qo‘ysangiz bo‘ldi, bizni qidirmang! Ha, aytgancha, tez-tez choyini yangilab turing!
Haydarali «Xo‘p, tushundim», deb chiqib ketdi. Otasining kiyimlarini kiyib olgan Xushnazar, otasi bilan quchoqlashib xayrlashdi.
– Ota, ... ko‘risholmay qolsak, ... rozi bo‘ling!
O‘g‘lining bu gapidan uning ancha ulg‘ayib qolganini anglagan To‘ra polvonning ko‘ngli buzildi, ammo o‘zini tez qo‘lga oldi: 
– Dadil bo‘l, o‘g‘lim! Odamning ko‘nglini buzdigan bunaqa gaplarni aytma! Sendan mingdan-ming roziman! Sen ham bizdan rozi bo‘l! Men elini, yurtini deydigan senday farzandim borligidan faxrlanaman, bolam! Kofirlar bilan kurashadigan faqat sizlar qoldingizlar, o‘ris va ularga sotilgan yo‘qsillar mard beklarning barini bitta-bitta tutib, yo‘q qildi. Endi iymon ahlining umidi sizlardan, ehtiyot bo‘linglar, bolam!
Xushnazar onasini ham quchoqlab xayrlashdi va Norboy bilan sekin chiqib ketishdi.
Xushnazar o‘zlarining rovotlari devori ortida nari-beri borib-kelib turdi. Norboy Xushnazarga imo qilib, ro‘paradagi uyning tomidagi kaptar uchirayotgan bir bolani ko‘rsatdi.
– Haydarali mabodo ishora bermay qolsa, shu bolani ham tayinlab qo‘ygan edim. Nurmat kofir hojatxonaga kirsa, bu bola kaptarlariga hushtak chaladi.
Xushnazar ma’qullab bosh irg‘adi. 
Sal o‘tib, bola kaptarlariga hushtak chala boshladi. Xuddi shu payt sekingina yo‘talgan tovush ham eshitildi. Xushnazar devordan mushukdek sakrab o‘tdi.
Xushnazar hojatxona eshigini bir tepib, ichkariga kirdi. Nurmat kofir baqadek baqrayib qoldi. Esini yig‘ib, yechib qo‘ygan kamaridagi to‘pponchaga qo‘l uzatmoqchi bo‘lgandi, Xushnazarning to‘pponchasi ikki qoshining o‘rtasiga tegdi. 
– Sen mard yigitning ishini qilmading! – dedi Nurmat kofir papiroslarini tuflab. – G‘aflatda qoldirding!
– Sen onamni urib, mardlik qildingmi? – dedi Xushnazar va tepkini bosdi. 
Nurmat kofir o‘tirgan joyida qoldi. Peshonasidan qon sizib chiqdi.

2.

Tunda Xushnazar g‘ordan chiqib, Izzatullo yashiringan joyga keldi. Xushnazarni kutib turgan Izzatullo archa ortidan chiqib, uning yoniga kelib, jimgina ko‘rishishdi. 
– Yigitlarning bari sog‘-salomatmi, Xushnazar? – so‘radi Izzatullo.
– Bugun Ashur bilan Rahmatullobekning jiyani Mustafo shahid bo‘ldi, Izzatullo, – dedi Xushnazar afsus bilan.
– Qaerda?
– Jumabozorda. Olim pansodni tutib bergan sotqinlarni jazolagani boruvdik, qurshovga tushib qoldik. Zo‘rg‘a yorib chiqib, qutuldik, ammo ikkalasi o‘qqa uchdi.
Izzatullo yuziga fotiha tortdi.
– Joylari jannatda bo‘lsin! Xushnazar, manavini qara, men hech nimani tushunmadim, – deb Izzatullo Xushnazarga bitta buklog‘liq xat uzatdi. – Oynaning ukasi keluvdi. Qo‘ynidan chiqdi.
– Qachon keldi? – ajablandi Xushnazar.
– Peshinda. Qanday topib keldi ekan? Oyna otam biladi-yu, men bilaman, degandi-ya?
– Shunga ishonuvdingmi, Izzatullo? Polvon zoti ishonuvchan bo‘ladi-da. Mayli, ukasini qaytarib yubordingmi?
– Uni qaytarib yuborolmadim, –  dedi Izzatullo biroz chaynalib. – Boshqa ilojim yo‘q edi, so‘kma. Uni… hov, yong‘oqning ostiga ko‘mib qo‘ydim.
– Galvars, javr qilibsan yosh bolaga. Bog‘lab qo‘yib, meni kutsang bo‘lardi.
– Ilojini qilolmadim, Xushnazar.
– Bo‘pti, hushyor bo‘l!
Xushnazar g‘orga qarab ketdi.
Ertalab yigitlar nonushta qilishayotganda Xushnazar Rahmatullobekka Norboy bergan xatni uzatdi. Xatni bir-ikki ag‘darib ko‘rgan Rahmatullobek hech narsani tushunmay, savol nazari bilan Xushnazarga qaradi.
– Buni Oynadan boshqa hech kim o‘qiy olmaydi, – dedi Xushnazar. – Yigitlar arabchadan boshqasini o‘qiy olishmaydi. 
– Men o‘risning harfini bilaman, Xushnazar, – dedi Rahmatullobek ajablanib. – Ammo bu o‘rischaga ham o‘xshamaydi.
– Oynani chaqiraymi?
– Baribir unda yozilganini bizga aytmas,– dedi Rahmatullobek. – Kutaylik-chi?
Shu payt ularning yoniga Oynaning o‘zi keldi.
– Bek aka, oziq-ovqatimiz tugayapti, – dedi Oyna Rahmatullobek va Xushnazarga sinovchan tikilib. – Borib go‘sht, yog‘ olib kelsam, devdim?
– Mayli, yigitlardan bir-ikkitasini hamroh qilib ol!
– Yo‘q, bir o‘zim borganim tuzuk, – dedi Oyna shoshib. – Birovda shubha uyg‘otmayman.
– Men sen bilan birga boraman, – dedi Rabbim polvon. – Bir o‘zingni yuborish xavfli.
– Rabbim polvon to‘g‘ri aytayapti, – dedi Xushnazar. – Bir o‘zing borib, biror kor-hol bo‘lmasin!
– Mayli, sizlar nima desangizlar shu, – dedi Oyna noiloj qolib.
– Ko‘z-quloq bo‘l! – dedi Xushnazar Oyna ulardan uzoqlashgach Rabbim polvonga. – Birov bilan xoli gaplashmasin!
Sal o‘tib, Rabbim polvon Oyna bilan g‘ordan chiqib ketishdi.
Otlarini yetaklab borishar ekan, Oyna ulkan archa ostidagi shox-shabbalarga bir-ikki zimdan qarab qo‘ydi. Oldin bu shox-shabbalar bu yerda bo‘lmaganini Oyna sezdi. So‘ng yong‘oq ostiga ham sinchkov nigoh qadadi. Bu yerlarni haqiqatdan ham yaxshi bilgan Oyna har bir daraxt yo butadagi kichik o‘zgarishni ham nazardan qochirmas, zero u yong‘oqning tagidagi bo‘lgan o‘zgarishni ham darrov sezgan edi. Uning bu shubhali qarashlarini Rabbim¬qul sezmay ketaverdi. Oyna archa va yong‘oq tarafga keyin ham bir-ikki o‘girilib, qarab qo‘ydi. 

3.

Rabbim polvon Oyna bilan birga qishloqqa kirib kelishar ekan, podachi Safarnikiga kirishib, undan Oyna ikkita qo‘y sotib oldi. Oyna Rabbim polvonga sezdirmay Safarga pul bilan birga bir qog‘oz ham uzatdi. Rabbim polvon va Oyna qo‘ylarni otga o‘ngarib, ehtiyotlik bilan Oynalarning hovlisiga kirib borishdi.
Ota-onasi bilan ko‘rishib-so‘rashgan Oyna chaqqonlik bilan qo‘y so‘yib, tozalar ekan, otasi bilan ham suhbatlashar, ularning suhbatini Rabbim polvon diqqat bilan tinglab turardi.
– Murod ko‘rinmaydimi? – so‘radi suhbat orasida Oyna.
– Kecha o‘tin terib kelaman, deb toqqa chiqib ketgani. Haliyam qaytib kelmadi, – dedi otasi. – Enang ham xavotirda o‘tiribdi, o‘g‘lim.
Oyna bu gapni eshitib, jonsarak bo‘lib qoldi. Ammo darrov o‘zini qo‘lga oldi:
– Amakimga ayting, shu bugunoq ukamni izlab topsin!
– Mayli, bolam, darrov borib aytaman.
Bu orada qo‘ylarni so‘yib bo‘lgan Oyna qo‘y go‘shtlarini xurjunga joyladi va xurjunlarni otlarning egariga ortdi. Yana bir xurjunga non va boshqa narsalarni joylab, ularni ham otlarning ustiga ortdi.
Rabbim polvon bilan Oyna otlariga minib, chiqib ketishar ekan, Oyna ota-onasi bilan xayrlashayotib, otasiga yana bir bora amakisi haqida tayinladi:
– Hoziroq amakimga borib ayting, Murodning orqasidan borib, albatta shu bugunoq topsin!
– Xo‘p, o‘g‘lim, aytaman, hoziroq borib aytaman.
Rabbim polvon bilan Oyna qaytib kelishar ekan, Oyna Rabbim polvonga sezdirmay Izzatullo yotgan ulkan archa ostiga, endi shox-shabbalari ertalabkidan boshqacha yotgan pistirmaga o‘g‘rincha qarab oldi. 
Ular g‘orga kirib, yigitlar bilan salomlashishgach, Oyna olib kelingan narsalarni joylashtirish bilan band bo‘ldi. Rabbim polvon darhol unga qarab turgan Xushnazarning oldiga keldi.
– Yaxshi borib keldilaringmi? – so‘radi Xushnazar. – Melisa yoki qizil askar yo‘liqmadimi?
– Yaxshi. Melisaniyam, qizil askarniyam ko‘rmadik, – javob berdi Rabbim polvon. – Bog‘larni oralab, panalab borib keldik.
– Oyna kimlar bilan gaplashdi? Birontaga bir nima bermadimi?
– Faqat ota-onasi bilan gaplashdi. 
– Nimalar dedi, hammasini aytib ber-chi?
– Aytarli hech nima. Oyna ukasini so‘radi. Otasi o‘tin terishga chiqib ketuvdi, kechadan beri qaytgani yo‘q, dedi. Oynayam xavotir oldi. «Amakimga ayting, shu bugunoq ukamni qidirib topsin», dedi.
– Aytarli hech nima demadi, deysan-a? Rosa muhim gapni aytibdi-ku? Yana kim bilan gaplashdi?
– Podachidan ikkita qo‘y sotib oldi. U bilan ham deyarli gaplashmadi.
– Pulini kim berdi?
– Oyna berdi, nima edi?
– Sen bersang bo‘lmasmidi? Shuni tayinlamabman-da, – peshonasiga shappatiladi Xushnazar. – Pul bilan xat bergan bo‘lishi ham mumkin.
– Ha, buni o‘ylamabman, – dedi Rabbim polvon. – Puliga ham sinchiklab qaraganim yo‘q.
– Bo‘lar ish bo‘libdi, – dedi Xushnazar. – Bu kecha hushyor bo‘lish kerak. Ertaga bu yerni ham almashtiramiz, shekilli.
Xushnazar Rahmatullobekning oldiga bordi:
– Bek aka, bu qo‘nalg‘ani ham almashtirish kerak.
– Yana nima bo‘ldi? – so‘radi Rahmatullobek salgina norozi ohangda.
– Mening bilishimcha, agar Oyna sotqin bo‘lsa, bu yer haqida xabar berishga ulgurgan.
– Nimaga asoslanib bunday deyapsan?
– Oynaning ukasi bu yerni topib kepti. Demak, bu joyni Oynaning uyidagilar biladi. Kecha qaytib bormaganini eshitgan Oyna otasiga «Amakim shu bugunoq ukamni topsin», depti. Amakisi kim va Oynaning ukasini qaerdan izlashni biladimi? Ana shu gaplar gumonimni orttirayapti. Amakisi Xolbekov bo‘lmasin tag‘in?
Rahmatullobek o‘ylanib qoldi va zimdan Oynani biroz kuzatdi. Oyna doimgidek chaqqon va xushmuomala edi. Rahmatullobek uning harakatlarida biron shubhali narsa sezmadi.
– Juda ko‘p gumon va shubhalarga berilayapsan, Xushnazar, – dedi Rahmatullobek. – Mayli, bugun damingni ol-chi. Ertaga boshqa yerga ko‘charmiz. Balki yana qishni Boysun yoki Dushanba taraflarda o‘tkazib kelarmiz.

4.

Yigitlar ovqatlanib bo‘lishgach, o‘rinlarini solib, cho‘zilishdi. Birpasdan keyin past-badand xurrak ovozlari ham eshitila boshlandi. Oyna esa hadik to‘la ko‘zlarini yummay yotdi. Xushnazar «Tahoratimni ushatib kelaman», deb tashqariga chiqqanda esa u ham sekingina uning ortidan ergashdi. 
Xushnazar Izzatulloni topib, u bilan pichirlab gaplashdi.
– Izzat, bugun juda ham ehtiyot bo‘l! Shu bugundan xavotirim katta. Negadir yuragim juda bezovta. Bugun o‘lmay tong ottirsak, ertaga bu yerlardan uzoqroqqa ketamiz. Oynaning soqinligi rost bo‘lsa, u bu yerning xabarini bergan bo‘lishi kerak.
– Ko‘p xavotir olma, Xushnazar, – dedi Izzatullo. – Kunduzi to‘yib uxlab olganman, ertalabgacha uxlamayman. Hushyor turaman.
– Mayli, men boray.
Xushnazar g‘orga qarab keta boshladi. Ikki-uch daraxt narida ularning suhbatini poylab turgan Oyna mushukdek chaqqonlik bilan Xushnazardan avval g‘orga kirib ketdi.
Ohista g‘orga kirgan Xushnazar o‘z joyida «pishillabgina uxlab yotgan» Oynaga diqqat bilan tikilib, joyiga o‘tib ketdi va borib, Rahmatullobekning yonidagi o‘z o‘rniga kirib, cho‘zildi. Xushnazar negadir shu topda bolaligini esladi. Keyin ko‘z oldida ota-onasi, Muslima va ikki-uch yoshli qizi gavdalandi. Muslimaga uylangan kezlari, uning har narsadan uyalib, tortinib turishlarini, qizi tug‘ilganida ham uyalib yurganliklarini eslab, ko‘zi ilindi.
Hech kim, Xushnazar ham Oynaning g‘ordan sekin chiqib ketganini bilmay qoldi.

O‘n ikkinchi bob.
«La’nat senday yigitga!» 


1.

Tongga yaqin «Oynaning ukasini izlab» Oynaning «amakisi»-Xolbekov o‘ttiz nafar qizil askar bilan Rahmatullobekning qarorgohi sari mushukdek pusib kela boshladi. Izzatulla Xolbekovning yigitlarini ko‘rib, sekin pana joydan chiqdi. Izzatullo ortida uni poylab turgan Oynani sezmay qoldi. Birinchi kelayotgan qizil askarni mo‘ljalga olib, beshotarning tepkisini bosmoqchi bo‘lganda uning orqasida turgan Oyna qo‘shtig‘li xanjarin ko‘tarib, zarb bilan Izzatulloning orqasidan urdi. Izzatullo birorta o‘q ham otolmay, ihrab, jon berdi. Xolbekov bilan tezgina so‘rashib olgan Oyna ularni shoshiltirib, g‘or sari boshlab ketdi. 
Begona odamlar sharpasidan bezovta bo‘lgan otlar oyoqlarini asabiy dukurlatib, pishqira boshladilar. Otining kishnagan ovozidan uyg‘onib ketgan Xushnazar tura solib, Oynani qidirdi. Uni o‘rnidan topolmagach, shoshib otlar tomon yurdi va g‘or og‘zida ichkariga kirayotgan odam sharpasini ko‘rib, unga qarata o‘q uzdi. O‘q ovozi, so‘ngra o‘q tekkan askarning  «voy-voy»lab baqirganidan g‘orning ichi shovqinga to‘ldi. Uyg‘onib ketgan yigitlar ham miltiq va to‘pponchalardan olatasir o‘q uza boshladilar. Ichkariga kirishga ulgurgan ikki-uch qizil askar yer tishladi. Bir-ikkitasi qochib chiqdi. Bir mahal tashqaridagilar yumaloq toshga o‘xshagan ikki-uchta narsa tashlashdi. Bir necha soniya «vishillab» turgan bu narsalar shunaqa gumburlab portladi-ki, quloqlar batang bitdi. Portlash zarbidan ikki-uchta ot titilib ketdi. Yana ikki-uchtasi ko‘tarilib, shiftga urildi. Portlash uloqtirib yuborgan bir ot Xushnazarning oldiga kelib tushdi. Otlarning ayanchli kishnashlari yurakka battar vahima solardi. 
Tashqaridan Xolbekovning baqirgan ovozi eshitildi:
– Keyingi bombalarni sizlarning ustingizga tashlaymiz. Otlardek burda-burda bo‘lib ketasizlar. Yaxshilikcha qurollarni tashlab chiqib, taslim bo‘linglar!
Xushnazar Rahmatullobekning yoniga keldi.
– To‘rga  o‘tamiz. U yoqqa bombasiyam yetib bormaydi, o‘qiyam.
Ular g‘or to‘riga chekinishdi. Haqiqatdan qizil askarlarning keyin otgan o‘qlari g‘or devorlariga urilib, turli tomonga qarab «chingilla»b uchar, ammo Rahmatullobekning yigitlarigacha yetib kelmasdi. Yigitlar bekinib borib, g‘or og‘ziga qarata o‘q otishdi. Tashqaridagilar «voy-voy»lab, o‘rischayu o‘zbekchalab so‘kinib qolishdi. 
Goh ular, goh bular otib, tong ham otdi. 
Qizillar uch-to‘rt bomba, ya’ni granata otib ko‘rishdi. G‘orni gumburlatgan, zirillatgan bu granatalar ham Rahmatullobekning yigitlariga ziyon yetkazmadi. Yana bir-ikki ot o‘ldi. 
– Otlarga javr bo‘ldi, Bek aka, nima qilamiz? – dedi Xushnazar.
– Otlarni olib chiqib ketinglar! – deb baqirdi Rahmatullobek tashqariga qarata. – Otga ichlaring achisin! Kirib sog‘ qolganlarini olib chiqinglar, shungacha otmaymiz!
– Aldamaysizlarmi? – so‘radi Xolbekov.
– Aldash kofirlarda bo‘ladi, – Rahmatullobek achchiq bilan. – Biz, Xudoga shukur, musulmonmiz.
– Menam musulmonman, – dedi Xolbekov. – Sizga ishondim, Bek. 
Rahmatullobekning yigitlari tirik qolgan otlarning tushovini yechib, g‘or og‘ziga qarab haydashdi. Ikki qizil askar kirib, otlarni haydab chiqdi. Rabbimqulning oti chiqmadi. Oyog‘i bo‘shagandan o‘zini to‘rga urdi. Kelib, Rabbimqulning yelkalarini hidlab ko‘rib, keyin tinchlandi. 
– Endi o‘zlaringiz ham chiqinglar, Bek, – dedi Xolbekov g‘or og‘ziga yaqin kelib. – Bo‘lmasa shox-shabba olib kelib, o‘t qo‘yamiz. Tutunga chidolmay chiqasizlar. Ammo tulkini shunday chiqarishadi. Sizlar tulki emassizlar. Izzatingizni bilib, mard yigitlarday chiqinglar. Joningizni saqlab qolishga va’da beraman. Sizlar va’dangizda turdingizlar, men ham turaman.
Rahmatullobek yigitlarga qaradi. Xushnazar nochor bosh irg‘aydi.
– Haqiqatdan tutundan qochib chiqqan tulkiday bo‘lib sharmanda bo‘lmaylik, chiqib taslim bo‘lamiz, – dedi Rahmatullobek afsus bilan. – Ajalimiz yetibdi, yigitlar. Uniyam erkakdek qarshi olaylik!
Rahmatullobek g‘or og‘ziga yaqin borib, gapirdi:
– Biz rozimiz. Faqat bitta shartimiz bor. Ichimizda bitta yigitimiz ko‘rinmayapti. Tashqariga chiqqan ekan, shekilli. O‘shani qaytarib yuborsangizlar. Unda ikki og‘iz gapimiz bor. Keyin birga chiqardik.
– Oyna sizning yigitingiz emas, – dedi Xolbekov Rahmatullobek kim haqida gapirayotganini darrov anglab. – U qizil askar. Bolsheviklar partiyasining a’zosi. ChK xodimi. U maxsus topshiriq bilan sizning safingizga qo‘shilgan edi. Endi u o‘z do‘stlari safida. Shart qo‘ymay taslim bo‘laveringlar! Boshqa ilojingiz yo‘q.
Shunda Oyna ham g‘or og‘ziga yaqin keldi.
– Tashqarida bir yigitingiz borligi rost, – dedi Oyna. – U «Qishlog‘imga ketdim», deb archa ostida qorovullik qilib yotgan Izzat edi. Ammo endi u ukamning yonidan joy oldi. Undan ukamning xunini oldim.
– O‘, iflos! – Xushnazar varanglatib o‘q uzdi. 
Oyna o‘zini chetga olishga ulgurdi.
Shundan so‘ng har ikkala tomondan yana ancha o‘qlar otildi. Ammo endi bu o‘qlar faqatgina toshlarnigina yaralayotgan edilar.
– Qarshilik ko‘rsatishingiz befoyda, Bek, – dedi Xolbekov yana Rahmatullobekka murojaat qilib. – Taslim bo‘linglar!
– Bo‘pti, taslim bo‘lamiz, – dedi Rahmatullobek. Musulmonligingga ishonmasam ham so‘zingga ishondim, Xolbekov. So‘z berding, yigitlarimni otmaysan! 
– Hech kim o‘q otmaydi, – dedi Xolbekov. – Qurollarni tashlab, bitta-bittadan chiqinglar!
2.

Rahmatullobekning qurolsiz yigitlari bitta-bitta chiqa boshlashdi. Qizillar yigitlarning chiqqanini chiqqanday darrov qo‘llarini orqaga qilib bog‘layverdilar. Oxirida otini yetaklab Rabbim polvon, keyin Xushnazar va, nihoyat, Rahmatullobek chiqdi. Qolganlarning qo‘li bog‘lanayotganini ko‘rgan Rahmatullobek ko‘zlari bilan Xolbekovni qidirib topdi. 
– Kattasi sen-a, bularning? – dedi unga qarab Rahmatullobek. – Ayt, mening qo‘limni bog‘lamasin! Qochib ketdigan joyim yo‘q. Yigitlarni qoldirib qochadigan odam emasman.
Unga biroz sinchiklab tikilib turgan Xolbekov askarlarga buyurdi:
– Bekka tegmanglar!
Rahmatullobek Xolbekovga yaqin keldi.
– Musulmonman deding, qaerliksan?
– Toshkentlikman, Xolbekovman. Ismim Habibullaxon.
– Habibullaxon? – Rahmatullobek ajablandi va beixtiyor «siz»lab davom etdi: – Sayidlardanmisiz?
– Otalarimiz sayidlardan bo‘lishgan, – dedi Xolbekov.
– Essiz, essiz, ajdodlaringiz qabrlarida qaqshaydigan bo‘lishibdi-da? – dedi Rahmatullobek boshini sarak-sarak qilib. – Ismingiz ham go‘zal ekan, Habibullaxon. Allohning do‘sti. Siz o‘zingizga kimni do‘st tutib yuribsiz? O‘risnimi? Kofirnimi? Yoki – Rahmatullobek Oynaga ishora qildi: – Manavi elini, yurtini, dindoshini sotgan maraznimi? Hay, attang. Siz o‘zingizga do‘st tutgan bu o‘ris sizning qo‘lingiz bilan bizni yeydi. Keyin albatta sizniyam yeydi, unutmang!
Rahmatullobek qizil askarlarga bir-bir yegudek bo‘lib qarab chiqdi. Nigohlari uch-to‘rt qadam narida turgan Oynada to‘xtadi. Unga qahr bilan tikildi. 
– La’nat senday yigitga! La’nat senday o‘zbekka! 
Rahmatullobek shu so‘zlarni aytib, Oynaga qarab ikki qadam qo‘ydi va belbog‘i tugunini yechdi. Belbog‘ ichidan egiluvchan qilich nozik ovoz chiqarib, to‘g‘rilandi. Bek zarb bilan qilichni Oynaning boshiga soldi. Ammo Oyna chaqqonlik qilib, ortiga tisarildi. Qilichning uchi Oynaning peshonasidan iyagigacha chuqur iz qoldirib, tilib o‘tdi. Oynaning orqasida turgan askar esa tez esini yig‘ib olib, to‘pponchasidan uch-to‘rt marta o‘q uzdi. Rahmatullobek munkib ketdi. Ko‘kragi va qornidan qon oqib, tizzalab qoldi. 
Xolbekov o‘q uzgan askarning qo‘liga urib, to‘pponchasini tushirib yubordi. Achchiq bilan unga baqirdi:
– Kim aytdi senga Rahmatullobekni ot deb, yaramas?!
Qizil askar dovdirab, ortiga chekkindi.
Xolbekov Rahmatullobekni suyamoqchi bo‘ldi. Rahmatullobek unga suyanishni istamadi. Xushnazar engashib, yelkasini Rahmatullobekka tutdi. Rahmatullobek uning yelkalarini quchdi, so‘ngra uning tizzasiga boshini qo‘ydi. Rahmatullobekning og‘zidan qon sizib chiqdi. 
– Bek aka! O‘zini tutolmadi Xushnazar. – Bek!
– Xushnazar, mendan rozi bo‘linglar! – dedi Rahmatullobek ingrab. – Meni kechiringlar! Sizlarni juvonmarg qildim. Qar-g‘amanglar! La iloha illallohu…
Rahmatullobekning joni uzildi.
Qizillar o‘lgan, yaralangan askarlarini otlarga ortishdi.
Xushnazar Xolbekovga murojaat qildi:
– Xolbekov, ayting, qo‘limni yechishsin! Bekning janozasini o‘qib, ko‘maylik!
– Sizning ishingiz emas bu, – dedi Xolbekov. – Bekni ko‘madigan odamlar bor.
– O‘risday qilibmi? – dedi Xushnazar kesatib. – Xolbekov, musulmonman degandingiz, shumi musulmonligingiz?
Xolbekov picha o‘ylanib turdi va askarlarga buyurdi:
– Hammasining qo‘llarini yechinglar!
Qizillar Rahmatullobekning yigitlarining qo‘llarini yechishdi. 
Yigitlar Rahmatullobek va Izzatulloning janozasini o‘qib, shahid maqomida ko‘mdilar. Qabr ustida tilovat qilib bo‘lishgach, o‘rislar yana Xushnazar va boshqa yigitlarning qo‘llarini orqaga qilib bog‘ladilar.
– Ketdik! – buyurdi Xolbekov.
O‘rislar qizil askarlarni haydab, tushib keta boshladilar. Rabbim polvonga ergashgan uning otini o‘rislar tutmoqchi bo‘ldilar. Ot ularga tutqich bermay qochaverdi. U oldidan kelganni tishlar, ortidan kelganni tepardi. Ulardan qochib, Rabbim polvonning oldiga kelib, unga ergashdi.

O‘n uchinchi bob.
«Bekorga Sibir deyishmas ekan-da» 


1.

Qoratepa ko‘chalari odamga to‘lib ketdi. Erkagu ayol, yoshu qari ko‘chaga chiqdi. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lib, tog‘dan ushlab tushilayotgan bosmachilarni tomoshalagani chiqishdi. Tog‘ tomondan eshak choptirgan bolalar qiyqirishib kelishdi:
– Bosmachilarni olib kelishayapti-i!
– Qo‘rboshini olib kelishayapti-i!
Qizil askarlar qo‘llari bog‘langan yigitlarni oldilariga solib kela boshlashdi. Ko‘pchilik yigitlarga achinishdi. Bir ayolning yig‘lagani eshitildi:
– Essiz, shunday polvon yigitlar, juvonmarg bo‘ldigan bo‘pti. 
– Sizlarni Alloh panohida asrasin! – dedi kimdir. 
– Omi-in! 
Bir necha kishining yig‘lagani eshitildi.
Elchilik ekan-da. Ko‘pning ichidan bir-ikki avbosh ham chiqar ekan-da.
– Mana, qo‘lga tushibsizlar-ku? – dedi ana shundaylardan bittasi.
– Endi tinchiydigan bo‘libmiz, xayriyat! – dedi boshqasi.
– Battar bo‘linglar, bosmachilar! – dedi bir kishi.
Shu gapni aytgan kishining oldiga paranjili bir ayol yaqin keldi.
– Siz ham erkakmisiz? Siz ham musulmonmisiz? –  dedi ayol haligi erkakka. – Hayf sizday mal’unga!
Erkak ayolga qo‘l ko‘tarmoqchi bo‘lganda uning yo‘lini bir otaxon to‘sdi. Unga emas, ayolga gapirdi:
– Elchilik-da, singlim, ranjimang. Aytishadi-ku, «Bir podani bitta shirroq tana buzadi», deb.
Ayol burilib ketdi. So‘kingan erkak mulzam bo‘lib qoldi.
– Bosmachilarni qaerga olib ketayapsizlar? – baqirdi kimdir. 
– Ularni Samarqandga olib boramiz, – dedi Xolbekov. – Ularni xalq sud qiladi.
O‘rislar Rahmatullobekning yigitlarini haydab o‘tib ketishdi.
Ko‘pchilik ularning ortidan Teshiktoshgacha ergashib borishdi. Eshak mingan bolalar esa tomoshaga chiqqan Kenagas qishlog‘ining bolalariga kelib qo‘shilishdi.

2.


Ikki oy tergov qilingan Rahmatullobekning yigitlarini Samarqandda sud qilishdi. O‘ris sudya ayblovlarni uzoq sanagach, nihoyat, sud hukmini o‘qidi:
– Sud yuqoridagilarga asosan, hibsga olinganlarning barchasini aybdor deb e’lon qildi va ularga uzoq muddatli qamoq jazolarini tayin qildi. To‘raev Xushnazarni yigirma yilga, Nurimov Rabbimqulni o‘n sakkiz yilga, Qobilov Norboyni o‘n sakkiz yilga, O‘tanov Farmonni o‘n sakkiz yilga...
– Rahmatullobekning “Ajalimizniyam erkakdek qarshi olaylik!», deganini unutmanglar, – dedi Xushnazar yigitlarga. – birontang butingga qarab, mung‘ayib o‘tirma!
Yigitlar tik turib, hukmni mag‘rur eshitishdi. 
– ... o‘n sakkiz yilga qamoq jazosiga hukm qildi. Hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q! Barchalari jazoni Sibirda, kuchaytirilgan rejimdagi jazo koloniyalarda o‘tashadi.

3.

Yuk poezdi o‘risning bepoyon o‘rmonlaridan to‘xtovsiz o‘tib bormoqda. Bu poezdda haqoratlar bilan «siylanib», ba’zan tepki bilan «mukofotlanib», Xushnazar va boshqa yigitlar ularning tushlariga ham kirmagan sovuqlar, izg‘irinlar, ayozlar yurtiga olib ketilayapti.
Qaysidir shaharda ularni urib-turtib, poezddan tushirishib, kemaga, keyin yuk mashinalariga chiqarishdi. Mashinada chayqalib ketib borisharkan, mahbuslarning «shohona» libosidagi Xushnazar yigitlarga gapirdi:
– Peshonada bor ekan, poezdni ham, kemani ham ko‘rdik. Ikki oydan beri yo‘l yuramiz, yetolmaymiz-a? Dunyoning chekkasiga boramiz, shekilli?
– Bekorga Sibir deyishmas ekan-da, qorni qara, – dedi Rabbim polvon. – O‘zimizda Navro‘z kelib, hamma yoq ko‘m-ko‘k bo‘lib ketgandir?
– Endi Navro‘zni tushingda ko‘r, Rabbim polvon! – dedi Norboy.
– Niyatni yaxshi qilinglar! – dedi Xushnazar. – Qirq yil qirg‘in kelsa ajali yetgan o‘ladi. Yigirma yil, o‘n sakkiz yil nima degan gap, o‘tadi-ketadi. Nasib bo‘lsa, hammamiz sog‘-salomat qaytamiz!
– Ammo otim bechoraning mendan ayrilib, holi nima bo‘ldi ekan? – dedi Rabbim polvon. – Tug‘ilganidan beri mendan ayrilmagan edi.
– Bitta otning azasini tutib o‘tirma-da endi, polvon, –  dedi Norboy. – O‘ris minadi endi uni maza qilib. Nima qila olardik?
– Ha, qaytganimizda ot toparmiz-u, ko‘pkari chopolmaymiz-da, Rabbim polvon. – Boboy bo‘lib boramiz-da barimiz.
– Nasib bo‘lsa, otlarimizni ham qaytarib olamiz, ko‘pkariniyam chopamiz, – dedi Xushnazar ko‘zlari yonib.

4.

Tikonli sim bilan o‘ralgan lagerda mahbuslar saf tortishdi. Lager boshlig‘i it yetaklagan soldatlar kuzatuvida mahbuslarning saflarini aylandi.
– Qani, yangi kelganlar bir qadam oldinga chiqsin!
Xushnazar va boshqa yigitlar oldinga chiqishdi.
– Janob bosmachilar, sizlarni Magadan diyorida, uncha qulayliklarga ega bo‘lmagan 974-sonli lagerimizda xush ko‘rdik, – dedi lager boshlig‘i istehzo bilan. – «Dalniy» oltin konida oltin kavlash bilan mashg‘ul bo‘lasizlar. O‘n to‘rt soat ishlaysizlar, sakkiz soat dam olasizlar. Yaxshi ishlaganlarga bir oyda bir kun dam berildi.  O‘zining mehnatsevarligi va namunali xulqini ham ko‘rsata olgan, tishini ko‘rsatmagan mahbuslar esa ikki haftada bir kun dam olishi ham mumkin bo‘ladi. Marhamat, endi ishga!
Bir qancha qurolli soqchilar itlar hamrohligida mahbuslarni saf qilib, olib chiqib ketishdi. 
Mahbuslarni og‘ir ishlarga qo‘yishdi. Ularning bir qismi yer kavlasa, boshqalari bu tuproqlarni zambil-g‘altaklar bilan tashqariga tashishar, ayrimlar orqalab ko‘tarib ham chiqishardi. 
Norboy bilan Xushnazar tuproq ortilgan zambilni tashqariga chiqarib borisharkan, Norboy so‘zlab qoldi:
– Xushnazar, oltin kavlab olindigan bir orolga kemada besh yuz o‘zbekni olib kelishdi. Hammamizning tamg‘amiz bir xil – «Basmach». Bir orolga besh yuz bosmachi surgun qilingan bo‘lsa-yu, bunaqa oroldan qancha-yu, Magadanga o‘xshagan viloyat qanchaligini hisob-kitob qilsang, bosmachi ham rosa ko‘p bo‘lgan ekanda-a?
– Yana «qama-qama»lar necha yil davom etganini ham qo‘shsang, hisobdan adashasan, Norboy. Demak, O‘zbekiston deganing bosmachiga to‘lib ketgan ekan.
– Anovi turma boshlig‘i aytdi-ku, O‘zbekistonlikning hammasi basmach, deb.
– O‘sha «basmach»lar birikmadi-da, Norboy. Birikkanda bizlar yumronqoziqqa o‘xshab tuproq kavlamasdik, attang-attang.
– Ketdik, nazoratchi biz tomonga kelayapti.
It yetaklagan nazoratchi bularga yaqin keldi. Ular nazortachidan uzoqlashishdi.

5.

O‘zbek ishdan o‘lmaydi. Turmadagi har qanday ishga, har qanday azobli mehnatga chidashlari mumkin edi o‘zbek yigitlari. Ammo turma deganlari faqat og‘ir mehnatdangina iborat emas-da. O‘n to‘rt soatlik og‘ir mehnatdan keyin undan ham og‘ir, undan ham tahlikali sakkiz soatlik «dam olish soatlari», ya’ni tun bor-ki, bu tundan ko‘plar keyingi kunga yetmaydi, «dam olish»i abadiy uyquga aylanadi. Turmadagilar «Barak» deb ataydigan bu «xobxona»da kechasi hayot qaynaydi. Kechasi turmaning ichidagi «hokimiyat» rahbarlari yig‘ilish o‘tkazadi, ayrimlarning masalasi ko‘riladi. Ayrimlar jazoga hukm qilinadi, ayrimlarning jazosi ijro qilinadi. Aksariyat hollarda turma boshliqlarining xohishi bilan bunday «ichki rahbarlik» ham o‘rislarga nasib qilgan. Ular xohlasa ishga ham chiqmaydi. Ular ovqatning avvalini yeydi. Ular boshqalarning ovqatini ham yeydi. Ular kiyimini o‘zlari tikishmaydi, o‘zlari yuvishmaydi, bu ishlarni boshqalarga qildirishadi. «Nima uchun?» deb qo‘yganlar tungi muhokamaga chaqiriladi. Ana shundaylarning ko‘pchiligi muhokamadan qaytib kelmaydi.
Ana shunday rahbarlardan biri bo‘lgan kattakon bir o‘ris ko‘ylagini yamab o‘tirgan Xushnazarning oldiga keldi. Uning oldiga o‘z botinkasini tashladi.
– Basmach, botinkamni tozalab qo‘y, – dedi o‘ris o‘rischalab. –  Faqat tezroq!
– Tilingni tushunmayman! – dedi Xushnazar kelganidan beri o‘risning tilini ancha-muncha o‘rganib olgan bo‘lsa-da, o‘zini bilmaslikka solib.
O‘ris Xushnazarning qo‘lidagi kuylagini olib, botinkasini artib ko‘rsatdi.
– Tozala! Botinka, tozala!
– Endi tushundim, – dedi Xushnazar. – Ponimay.
Xushnazar indamay turib, ko‘ylagini kiydi va botinkani olib, o‘risning kallasiga soldi. Buni kutmagan o‘ris biroz kalovlanib turdi, keyin alamidan baqirib, so‘kinganicha Xushnazarga tashlandi. Ammo Xushnazarga kuchi yetmadi. Har g‘azab bilan tashlanganida Xushnazardan bir mushtni yeb ag‘darilaverdi. 
Birpasda o‘rislar ko‘payishdi. Ular Xushnazarni o‘rtaga olishdi. Buni ko‘rgan Rabbim polvon hayqirib, ularning xalqasini yorib kirdi va ikkovlari bo‘lib, besh-olti o‘risning dabdalasini chiqarib urishdi. 
Inqillab o‘rnidan turgan janjalni boshlagan o‘ris «Hali ko‘rasizlar», deb to‘ng‘illaganini eshitgan Rabbim polvon borib, uning orqasiga kelishtirib tepdi. O‘rislar ming‘irlab-ming‘irlab, inqillab-sinqillab, bir-birlarini suyab nari ketishdi.
Kechasi hamma uxlab yotganida Rabbim polvonni «Xo‘jayin» chaqirtirdi.
Xushnazarning yoniga Norboy keldi:
– Xushnazar, Rabbimqulni «Xo‘jayin»ning oldiga chaqirib ketishdi.
– Ko‘rdim, ammo nima qila olamiz? O‘zbeklar shu yerda ham birlashmayapti. «Xo‘jayin»ning odamlari ko‘p. Hatto turma boshlig‘i ham undan hayiqar ekan.
– Ha, kutishdan boshqa ilojimiz yo‘q.
Ularning ko‘zlari eshikda bo‘lib, xavotir olib o‘tirishdi. 
Ancha keyin Rabbim polvonni behush holda, qonga botgan ko‘yi olib kelib tashlashdi. 
– Rabbimqul, ko‘zingni och! – Uning boshini bag‘riga oldi Xushnazar. – Ablahlar nima qilishdi seni?!
Norboy Rabbim polvonning yuz-ko‘zidan qonlarini artar ekan, ko‘zlari yoshga to‘ldi:
– Hayvonlar, bir kishiga shuncha azob berish mumkinmi, axir?

6.

Ertalab ikkita soldat bilan mashinada kelgan vrach Rabbim polvonning ko‘zlarini ochib ko‘rdi va soldatlarga ishora qildi:
– Olib ketaveringlar, tamom bo‘libdi.
Soldatlar Rabbim polvonning atrofida parvona bo‘layotgan Xushnazar va Norboylarni «Mumkin emas!» deya haydab yuborishdi va Rabbim polvonni mashinaga ortishdi. Mashina Rabbim polvonni, vrach va soldatlarni olib, chiqib ketdi.
Xushnazar va Norboy mashina ortidan termilib qolishdi.
– Norboy, qishloqdoshlardan endi faqat ikkalamiz qoldik, – dedi Xushnazar. – Endi juda ehtiyot bo‘l, do‘stim!

O‘n to‘rtinchi bob.
«Qarg‘aning ko‘zini o‘ygan qarg‘alar» 


1.

ChK boshlig‘i Ivan Ivanov Xolbekov va Oynani o‘z huzuriga chaqirtirdi. 
– Xolbekov, Rahmatullobekning yigitlarini otish kerak deganimda unamagan eding. O‘n sakkiz-yigirma yil ham baribir o‘lim degani. Ular buncha yil bizning Rus sovug‘iga, turma hayotiga bardosh berisholmaydi, – dedi Ivanov. – Mana, bittasi bir yilga ham bormapti.
Ivanov qo‘lidagi qog‘ozni Xolbekovga uzatdi. Xolbekov uni o‘qidi:
– «O‘pkasi shamollab vafot etdi». Ishonish qiyin.
– Ha, Rabbimqul deganlari juda chiniqqan polvon edi, – dedi Oyna ham Xolbekovning gapini ma’qullab. – U shamollab o‘lfdigan yigit emas edi.
– «Turmada urib o‘ldirishdi», deb yozishmaydi-ku, Xolbekov? – kuldi Ivanov. – Bo‘ysunmasingiz o‘sha yoqda ham bo‘ysunmagandir, kuchini ko‘rsatgandir?
– Balki, ammo nega u meniki bo‘larkan? Nega bo‘ysunmasingiz, deyapsiz?
– Endi, u o‘zbek bo‘lgani uchun shunday deyapman-da, Xolbekov, – ayyorona kuldi Ivanov. – Yoki siz o‘zbek emasmisiz?
– Men o‘zbekligimdan tonayotganim yo‘q, ammo bosmachilarni sizniki demang-da, Ivan Ivanovich.
– Mayli, xafa bo‘lmang, bu qoraxatni bosmachining uyidagilarga yuborishni tashkillashtiring. Uni ko‘pchilikning o‘rtasida berishsin! Toki bosmachilarning ota-onalari o‘zlarining bebosh o‘g‘illarini bekorga kutib yurmasin! Hammasidan ertami kechmi ana shunday qoraxatlar keladi.
– Menga bering, Ivan Ivanovich! – dedi Oyna g‘ayrati jo‘shib. – O‘zim tashkillashtiraman hammasini.
– Mayli, ola qol!
Oyna xatni oldi va ular Xolbekov bilan birga Ivanovning xonasidan chiqib ketishdi.
 
2.

Oyna o‘sha kuniyoq Jalasoyga shoshildi. Qishloq ahlini qizil alvonlarga yozilgan shiorlar bilan yasatilgan go‘zarga yig‘di. Qishloqning kattasiyu kichigi yig‘ilib bo‘lgach, otashin bir nutq irod qildi:
– O‘rtoq kolxozchi, ishchi-dehqonlar! Kommunistik partiyamiz va shonli Sovet davlatimiz rahnamosi, buyuk yo‘lboshchimiz Iosif Vissarionovich Stalin boshchiligida sinfiy dushmanlarimizdan batamomom qutuldik. Kompartiyamiz o‘z oldiga qo‘ygan programma minimumni sharaf bilan uddaladi. Ishchi-dehqon hukumati, Sovet Sotsialistik Respublikaliri Ittifoqi bunyod bo‘ldi. Endi navbat programma maksimumga, ya’ni kommunizm qurishga. Albatta, yaqin yillar ichida otamiz Stalin boshchiligida kommunizmni ham quramiz. Bizga endi hech qanday ichki va tashqi dushmanlar to‘sqinlik qilolmaydi. Dushmanlarimiz mahv bo‘ldi. Mana, qo‘limda Sibirning Magadan oblastidan kelgan ikkita qoraxat turibdi. Unda ikkita sinfiy dushmanimizning, xalq dushmani, ya’ni sizlarning dushmaningiz bo‘lgan To‘raev Xushnazar va Nurimov Rabbimqullarning Sibirdagi sovuqqa chiday olmay, shamollab o‘lganligi yozilgan. Boshqa xalq dushmanlari ham shu kabi, itday o‘lib ketishadi. Qolgan bosmachilarning ota-onalari ham ularni kutib, xomtama bo‘lmasinlar! Mana, bu qoraxatlarni egalariga beringlar! 
Oyna xatlarni kolxoz raisiga berib, o‘zi nariroqda turgan mashinaga chiqib, jo‘nab ketdi. Kolxoz raisi xatlarni olib, xomush turib qoldi. Bir xatni olib, To‘ra polvonning oldiga bordi:
– Polvon bova! Bandachilik-da. 
To‘ra polvon xatni olib, ko‘zi yoshlanib, yig‘indan bir-bir bosib chiqib ketdi. Kolxoz raisi ikkinchi xatni Rabbim polvonning otasiga olib borib berdi.
– Nurim bova, bandachilik! Alloh sabr bersin!
Rabbim polvonning otasi «Voy bolam!» deb oh tortgancha nari ketdi.
– Hov, birodarlar! – xalqqa yuzlandi rais. – Bu kattalar har nima deb ketaveradi. Xushnazar ham, Rabbim polvon ham o‘zimizning farzandlarimiz. Birov kelib bosmachi desa bosmachi bo‘lib ketavermaydi. Qishlog‘imizning or-nomus edi ular. Odamlarni aytinglar, Peshin namozidan keyin Xushnazarga ham, Rabbim polvonga ham janoza o‘qiymiz. 
– Yashang, rais! Otangizga rahmat! – dedi kimdir olomon orasidan.
– Rais degani bunday bo‘pti-da! – dedi boshqa birov. – Baraka toping!
Odamlar tarqala boshlashdi. 

3.

Supada Malla momo besh-oltiga kirib qolgan nevarasi Ro‘zigulni o‘ynatib o‘tirgan edi, To‘ra polvon qo‘lida qoraxat bilan hovliga kirib keldi. Kelib, momoning yoniga horg‘in o‘tirdi.
– Ha, bova, mashqingiz past? – dedi boboyining qadam olishidanoq kayfiyatini biladigan Malla momo. – Nima bo‘ldi, tinchlikmi? 
– Tinchlik emas-da, kampir, tinchlik emas, – dedi To‘ra polvon ko‘zlari yoshlanib. – Xushnazardan... o‘g‘lingdan qoraxat kepti, kampir.
– Xushnazardan? – Malla momo boboyning qo‘lidan xatni shoshib oldi. U yoq-bu yog‘ini ag‘darib ko‘rdi. Koshki uni tushunsa. – Qoraxati nima, bova, tushuntirib gapiring, munday!
– Sibirda shamollab... o‘libdi o‘g‘limiz, enasi?
– Voy bolam! Endi men nima qilaman?
Malla momo o‘rnidan turib, uyga kirdi. Bir zumda tashqariga chiqdi. Boboyining oldiga keldi.
– Endi nima qilamiz, otasi? 
– Peshonamizda borini ko‘ramiz-da, kampir. O‘g‘lingning jasadi ham Sibirda qoladigan bo‘ldi. Mayli, o‘zingni ko‘p yulib yema! Allohning irodasi shu ekan, nima qila olardik? Tog‘amning oldiga boray-chi?
To‘ra polvon hovlidan bir-bir bosib chiqib ketdi. Malla momo uyga kirdi. Sandig‘ini ochib, Xushnazarning choponini, do‘ppisini olib siypaladi, ularni hidladi. Momosiga ergashib kirgan Ro‘zigul hech narsaga tushunmay angrayib turaverdi. Malla momo o‘g‘lining narsalarini atrofiga yoyib qo‘ydi va doirasini olib, aytib-aytib yig‘lay boshladi:

Qanday o‘g‘lim bor edi-ey, bor edi,
Qatorlarda nor edi-ey, nor edi.
Enasining ko‘zlariga nur edi,
Otasiga nomus edi-ey, or edi.

Elu yurt deb bosmachi bo‘lgan bolam,
Bosqinchining qo‘lida o‘lgan bolam.
Ko‘zlarimga surtay desam hoki yo‘q,
Bosqinchining yurtida qolgan bolam.

O‘g‘lim edi yigitlarning sultoni,
O‘g‘lim edi yigitlarning polvoni.
O‘lgunimcha otin aytib yig‘layman,
Aytgan bilan tugarmidi armoni?

Yo‘lga chiqsam kelmasmidi Xushnazar,
Sog‘inganim bilmasmidi Xushnazar?
Yolg‘iz o‘g‘lim, ko‘rar ko‘zim o‘lguncha
Enang o‘lsa bo‘lmasmidi, Xushnazar?

4.

Ota-onasi o‘zlarining marakalarini o‘tkazgani, onalari ko‘k kiyganidan bexabar Xushnazar va Norboy qamoq muddatining ham to‘rt yilini o‘tkazib qo‘yishdi. 
Bir mingu to‘qqiz yuz qirq birinchi yilning yigirma uchinchi iyuni tongida turma boshlig‘i mahbuslarni odatdagidan barvaqtroq safga tizdi. Ularning oldiga chiqib, bir nutq so‘zladi:
– Yaramas Gitler dono yo‘lboshchimiz o‘rtoq Stalin bilan tuzgan hujum qilmaslik to‘g‘risidagi ahdini nomardlarcha buzdi. Fashistlar Germaniyasi kuni kecha SSSR chegaralarini buzib kirdi. Urush boshlandi. Yosh Sovet davlatiga endi ko‘plab tanklar, samolyotlar, qurol-yaroq, o‘q-dori kerak. Bularning hammasi pulga keladi. Demak, yanada ko‘proq oltin kavlab olishimiz kerak. Bugundan boshlab, urush tugaguncha sutkasiga o‘n to‘rt emas, o‘n olti soatdan ishlaysizlar. Dam olish kunlari, bayramlar bekor qilinadi. Kim norozi bo‘lsa,  shu bugunoq urushga jo‘nataman. Hamma ishga!
Mahbuslar saf bo‘lib, ishga chiqib ketishdi. 
O‘sha kuni kechki payt nazortchilar qoniga botgan bir mahbusni sudrab kelib, eshikdan kirgan joyga tashlab ketishdi.
– Qabul qilib olinglar, yana bitta basmach! – dedi nazoratchi.
«Basmach» so‘zini eshitgan o‘zbeklar mahbusga yaqin borishdi. Uni bir joyga olib borib, yotqizishdi. 
Norboy Xushnazarning oldiga keldi.
– Xushnazar, aytsam ishonmaysan, – dedi Norboy. – Olib kelingan mahbus Xolbekov.
– Opqoch-e, bachchag‘ar, – dedi kulib Xushnazar. – Stalin bovani opkelishipti demading haliyam.
– O‘lay agar, Xolbekov u, – qasam ichdi Norboy. – Uning turqini yaxshi eslab qolganman.
– Yur-chi?
Ular yangi kelgan mahbusning yoniga borishdi. Xushnazar mahbusning yuziga biroz tikilib turdi.
– Bu o‘sha, – dedi Xushnazar va baland ovozda e’lon qildi: – Bu ChK boshlig‘i Xolbekov! Unga hech kim qaramasin! Hech kim unga yordam bermasin!
– Birdaniga o‘ldirib qo‘ya qolsak-chi, Xushnazar? – dedi Norboy.
– O‘zini Xudo urib qo‘yibdi-ku? – dedi Xushnazar. – Nima qilasan qo‘lingni bulg‘ab? Qo‘y, tegma! Hech kim tegmasin!
Xolbekov zo‘rg‘a ko‘zini ochib, Xushnazarga qaradi. Unga nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo Xushnazar nari ketdi.

5.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasiga yangi rahbar tayinlanayotgani munosabati bilan boshqarma xodimlari va tumanlarning xalq ta’limi bo‘limlari boshliqlarini majlislar zaliga yig‘ishdi. Obkomning mas’ul kotibi Oyna bilan birga zalga kirib kelishdi. Hamma o‘rnidan turib, ularni qarsaklar bilan kutib olishdi.
– Hurmatli xalq ta’limi xodimlari, sizlarga yangi rahbar tayinlandi, – dedi mas’ul kotib gapni indallosidan boshlab. – Tanishib olinglar, Oyna Annaqulov! Oyna Annaqulovich partiya faollaridan va, eng muhimi, sinalgan chekistlarimizdan. Ilmli yigit.
Mas’ul kotib Oynaning qo‘lini siqdi va «Ishingizga omad!» deb chiqib ketdi.
Oyna biroz yig‘ilganlarni kuzatib turdi va ular uning nimadir deyishini kutib turishganini anglab, o‘zini tanishtirgan bo‘ldi:
– Salom o‘rtoqlar! Men asli o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganman, ammo yoshligimiz bunday shiddatli davrga to‘g‘ri kelib qolib, vaqtida o‘qiy olmadik, sinfiy dushmanlar bilan kurashda ulg‘aydik. Umid qilamanki, bir-birimizni tushunib, hamjihatlikda ishlaymiz. Bilmaganimizni o‘rgatasizlar. 

6.

Kechqurun ishdan kelgan Xushnazar Xolbekovni o‘rnida ko‘rmadi. «Boshqa joyga olib ketishibdi, shekilli?» deb qo‘ya qoldi. Xolbekovni boshqa joyga olib ketishmagan, yana so‘roqqa chaqirishgan edi. Sal o‘tib, nazoratchilar qoniga botgan Xolbekovni sudrab kelib, tashlab ketishdi. Unga hech kim qaramadi ham yaqiniga ham bormadi. Xolbekovning o‘zi zo‘rg‘a sudralib, Xushnazar va Norboy yotgan yerga keldi. Ular teskari qarashdi.
– Xushnazar, iltimos, menga bunaqa muomala qilmanglar! – dedi Xolbekov. – Sizga ikki og‘iz gapim bor.
– Mening siz bilan gaplashadigan gapim yo‘q, – dedi Xushnazar u tomonga sal o‘girilib.
– Mayli, – deb ketishga chog‘landi Xolbekov, keyin picha o‘ylanib turib, zo‘rg‘a so‘zladi: – Ammo beklaring, ya’ni Rahmatullobek avliyo ekan. «Siz o‘zingizga do‘st tutgan bu o‘ris sizning qo‘lingiz bilan bizni yeydi. Keyin albatta sizniyam yeydi, unutmang!» degan edi, xuddi aytganidek bo‘ldi. Bosmachilikni tugatamiz, deb asl o‘zbek yigitlarni biz tutib berdik. Keyin bitta-bitta bizga o‘xshagan adashganlarni ham «Xalq dushmani» deb turmalarga tiqishdi. Biz qattiq adashibmiz. Endi buni to‘g‘rilab bo‘larmikan? Millat bizlarni kechirarmikan? Hay, attang! Meni kechiringlar, yigitlar!
– Bandasi kechirgan bilan bo‘larmikan? – dedi achchiq bilan Xushnazar. – Alloh taologa tavba qiling, Habibullaxon!
Xolbekov bir-bir bosib, joyiga ketar ekan, o‘girilib dedi:
– Ha, aytgancha, meni Oynaning ko‘rsatmasi bilan qamashdi, afsus, qo‘ynimda chayon saqlagan ekanman...
Ertalab hamma barakdan chiqayotib, Xolbekovning qimirlamyotgani ko‘rishdi. Hamma hovlida saf tortib turganda ikki nazoratchi Xolbekovning jasadini oyog‘idan sudrab olib borib, yuk mashinasiga ortishdi. Xushnazar «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», deb duo o‘qib, yuziga fotiha tortdi. Qolgan o‘zbeklar ham yuzlariga fotiha tortishdi.

O‘n oltinchi bob.
«Xoinga janoza o‘qilmaydi» 


1.

O‘sha mash’um urush yillarining, urushdan keyingi ocharchilik, qimmatchilik, yo‘qchilik yillarining azoblarini, xalqimizning bu yillarda qanday qiynalganliklarini ta’rif qilsak, bu alohida bir kitob, bir emas, bir necha kitob bo‘ladi. Bu yillarda yoshligi o‘risning ayozli o‘lkalarida, minglab emas, millionlab odamning umriga zomin bo‘lgan biz yumshoq qilib turmaxona deb atayotgan o‘limxonalarida o‘tgan Xushnazar va Norboylarning, ular bilan birga qamalgan boshqa o‘zbeklarning tortgan azoblarini tavsif qilsak, bu ham alohida bir kitob, bir emas, bir necha kitob bo‘ladi. Shuning uchun hikoyamizni o‘n besh-yigirma yil beridan, oltmishinchi yillarning voqealaridan davom ettiramiz. 
Bu davrga kelib qahramonlarimizdan biri, biz aytgan qiyinchilik yillarini qiyinchiliksiz, mansab va lavozimlarda o‘tkazgan, doimo ot ustida bo‘lgan, ellik yoshlarga borib qolgan, ko‘ksi orden, medallarga to‘lgan, qorin solib, semirgan kishi endi Oyna emas, Oyna Annaqulovich edi. Oyna Annaqulovich yog‘ bosgan yuzidan hali ham ketmagan Rahmatullobekning qilichidan qolgan iz – peshonasidan iyagigacha o‘tgan chuqur chandiqni siypalab, hashamatli kabinetida choy ho‘plab o‘tirarkan, nimadir esiga tushgandek bo‘lib, stol chetidagi tugmani bosdi. Darrov kotiba qiz kirdi:
– Labbay, Oyna Annaqulovich?
– Yordamchim, Muzaffar Usmonovni chaqiring!
– Xo‘p bo‘ldi, Oyna Annaqulovich!
Kotiba chiqib ketdi. Biroz vaqt o‘tib, xonaga salom berib, qo‘li ko‘ksida Muzaffar kirib keldi.
– Keling, Muzaffarbek! – qo‘l tutib ko‘rishdi Oyna Annaqulovich. – Ishlarimiz yaxshimi?
Muzaffar Oyna imlagan kursiga o‘tirdi. Oyna uzatgan choyni olib, javob berdi:
– Ishlarimiz yaxshi, akajon. Hammasi o‘zingiz ko‘rsatma berganingizdek ketayapti.
– Yashang! Bugun yangangiz osh qilmoqchi ekan. Xo‘p desangiz, ertaroq ishni tugatib, biznikiga birga o‘tsak, oshni vodiycha qilib, o‘zingiz damlab bersangiz, degandim.
– O‘, zo‘r-ku, akajon! – dedi Muzaffar qo‘llarini bir-biriga ishqalab. – Gap bo‘lishi mumkin emas. Ikki kilogina devzirani uyga borib kelganimdan beri asrab-avaylab yurgan edim, xonamda turibdi. Qachon akam osh qilib ber, der ekanlar deb, kutib yuribman, akajon. O‘sha guruchni olvolaman-a?
– E, qoyil, ukam. Ko‘nglimdagini aytmasimdan bilasiz-a? – dedi Oyna yayrab. – Shuning uchun yaxshi ko‘raman-da sizni.
– Akajon, bo‘lmasa ishning tugashini kutib o‘tirmaylik, ketdik. Kotibangizga biz majlisga ketdik, deb qo‘ya qolamiz.
– E, yashang, uka! Kallasi butun yigitsiz-da. Ketdik!
Ular chiqib ketishdi.
Oynaning hovlisiga kelgandan Muzaffar oshga unnadi. Darrov o‘choqqa o‘t yoqib, qozonni qizdirdi. Dumbani maydalab, qozonga soldi. Birpasda yalpayib o‘tirib, choy ichayotgan Oynaning oldiga bir tovoqda jizza olib keldi.
– Qani, akajon, jizzadan oling! – dedi Muzaffar unga va dasturxon bezatayotgan Oyning xotinini ham taklif qildi: – Kennoyi, siz ham oling! – O‘zi ham ikki dona jizzani olib, og‘ziga soldi. – Oh, oh, oh!
Muzaffar yana o‘choq tarafga ketdi.
– Shu bolani juda yaxshi ko‘raman-da, xotin, – dedi Oyna uning ortidan havas bilan tikilib. – Xuddi ukamday bo‘lib qoldi.
– Tili ham shirin-da, qaerlik degandingiz? – So‘radi xotini.
– Asli Marg‘ilonda tug‘ilgan. Toshkentda o‘qigan. Bultur menga yordamchi qilib yuborishuvdi. Biror yil ishlab ketaman, degandi. Men qo‘ymadim. Olib qoldim. Jonimning rohati-ku, bu bola. Men qilishim kerak bo‘lgan hamma ishlarni ham o‘zi qilib qo‘yadi. Ishlarni aytib ham o‘tirmayman, imo qilsam bo‘ldi, ko‘nglimdagiday qilib bajaradi.
– O‘ziyam o‘l desangiz o‘ladi, tiril desangiz tiriladi-ya? Oshniyam rosa boplaydi-da. 
– O‘rgan-da, xotin, o‘rgan! – dedi Oyna og‘ziga jizza solib. – Hali Muzaffarning oshiday oshni boshqa yerda yemadim.
Osh pishdi. Muzaffar oshni suzib keldi. Birga osh yeyishdi. Oynaning xotini shirinliklar olib keldi.
– E, o‘lmang, uka! – Muzaffarning yelkasiga qoqdi Oyna. – Rosa maza qildik-da. 
– Osh bo‘lsin, akajon! – dedi Muzaffar. – Ammo Marg‘ilonga borsangiz oshning boshqachasini yeysiz. Men tog‘amdan o‘rganganman osh qilishni, ammo haligacha tog‘amday pishirolmayman. Borsangiz tog‘amga osh damlatamiz.
– Boramiz, uka, boramiz. Albatta boramiz, endi siz bilan aka-ukamiz, albatta bordi-keldi qilamiz! Tog‘angiz bilan ham tanishamiz hali.
– Ukangizni Urgutga, o‘zimizning Omonqo‘tonga olib chiqing! – dedi Oynaning xotini. – Tog‘larimizni ko‘rib kelsinlar!
– E, yashang, kennoyi, bormisiz? – dedi Muzaffar xursand bo‘lib. – Tog‘lar jonu dilim. Baland-baland cho‘qqilarni yaxshi ko‘raman. Qori erimaydigan cho‘qqilarga chiqishni orzu qilaman. 
– Ana shunday cho‘qqilar bizda-da, uka, – kerildi Oyna. – Biror kun sizni Urgutga olib boraman. O‘sha, siz aytgan qori erimaydigan cho‘qqilarga chiqamiz. Shu yil bahorda olib boraman. Lolalar terasiz, ravochlar terasiz.
– Bir g‘or ham bor degandingiz-a, aka? – so‘radi Muzaffar. – O‘sha g‘or haqida ham ozgina gapirib bering!
– U g‘orning tarixi uzun, ukam, – yostiqqa yonboshladi Oyna. – O‘sha g‘orda Oyna akangiz bosmachilik harakatiga chek qo‘ygan. O‘sha g‘orda so‘nggi qo‘rboshi Rahmatullobekni yer tishlatganman. 
Oynaning og‘zi qizib ketdi. Barcha ko‘rgan-bilganiga qo‘shib-chatib, uzoq  gapirdi. Uning hikoyasini hayrat va ajablanish bilan tinglayotgan Muzaffar shunday odamga, xalq qahramoniga yordamchi bo‘lib ishlayotganidan faxrlanib o‘tirdi.
– Aka, qoyil, xuddi yozuvchilarday batafsil va ravon so‘zlab berdingiz, – dedi Muzaffar Oyna hikoyasini tugatganidan so‘ng. – O‘zi boshingizdan o‘tganlarni bir kitob qilib yozsangiz bo‘lar ekan, akajon.
– Yozamiz, ukam, yozamiz, hademay nafaqaga chiqib olayin, o‘tirib, memuar yozaman, degan niyatim bor o‘zi. Mixail Vasilevich Frunze bilan shaxsan ko‘rishganlarimni yozaman, bosmachilarni qanday yo‘q qilganlarimizni yozaman. Ustoz deb yurganim – Xolbekovning ichimizdagi dushmanimiz ekanini ham, uni qanday mahv etganimizni ham yozaman. Siz aytgan g‘or haqida esa alohida yozaman.
– Akajon, shunday ta’riflab berdingizki, o‘sha g‘orni ko‘rmasam turolmaydigan bo‘lib qoldim. Qani, imkon bo‘lsa-yu, hoziroq o‘sha g‘orga qarab jo‘nasam.
– Bo‘ldi, uka, hademay may bayrami. Birinchi mayni shaharda o‘tkazib, uchinchi may kuni sizni Urgutga olib boraman, o‘sha g‘orni ham ko‘rsataman.
– Va’da berasiz-a, akajon? 
– Bo‘pti, va’da beraman!

2.

Nihoyat, Muzaffar orziqib kutgan birinchi may bayrami ham yetib keldi. Shahar qizil alvonlarga to‘lib ketdi. Hamma yoqqa «May, tinchlik, mehnat», «Lenin tirik, u biz bilan», «KPSSga shon-sharaflar», degan va yana shunga o‘xshash ko‘plab shiorlar, Karl Marks, Fridrix Engels, Vladimir Ilich Leninning, KPSS Bosh kotibi va markaziy komitet a’zolarining ulkan portretlari osib chiqildi. Bir oy tayyorgarlik ko‘rilgan mehnatkashlarning paradi boshlandi. Har bir korxona va tashkilot ishchi-xizmatchilari, ilg‘or kolxozchi dehqonlar qo‘llarida qizil bayroqchalar va alvon gullar bilan Lenin haykali ostida turgan obkom boboga va u kishining safdoshlariga salom berib o‘taverdi. Bizning Oyna Annaqulovich ham ana shu yerda turdi. Bizning Oyna Annaqulovich ham xalqning salomiga alik olib turdi. 
– Yashasin Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasi! – dedi mikrofonga obkom bobo.
– Urra-a! Urra-a! Urra-a! – deb hayqirdi olomon.
– Yashasin Lenin! – dedi obkom bobo yana.
– Urra-a! Urra-a! Urra-a! – dedi olomon yana.
– Yashasin dono otamiz Leonid Ilich Brejnev! – dedi obkom bobo yana.
– Urra-a! Urra-a! Urra-a! – dedi olomon yana.
Mehnatkashlar paraddan o‘tib bo‘lgach, maydonga harbiylar kirib keldi. Yeru-ko‘kni titratib tanklar, samolyotlar, raketalar va ularning ortidan saf-saf bo‘lib, obkom boboga va uning yonidagi general boboga salom berib, soldatlar o‘tishdi. General obkom bobo xalqqa aytgan gaplarning o‘rischasini aytib turdi.
– Urra-a! Urra-a! Urra-a! – deb o‘taverdi harbiylar ham.
Bayramdan so‘ng xotini, bolalari va Muzaffarni restoranda ziyofat qilgan Oyna parad tepadan, kattalar turgan joydan zo‘r ko‘rinishini ancha vaqt gapirgach, bolalaridan so‘radi:
– Bayram zo‘r bo‘ldi-ya, bolalar?
– Zo‘r bo‘ldi, maza qildik! – chuvillashdi bolalari.
– Akajon, va’dangiz esingizda-ya? – dedi Muzaffar Oynaning may bayramidan keyin Urgutga olib borishga va’da berganini eslatib.
– Oyna akangiz bitta gapiradi, Muzaffarjon! – dedi Oyna. – Ertagayoq Urgutga jo‘naymiz! 
– Urre, toqqa chiqamiz! – qiyqirishdi bolalari.

3.

Ertasiga Oyna va’dasini bajarib, Muzaffarni va bolalarini Urgutga, Qoratepaga olib bordi. Muzaffar ko‘rishga oshiqayotgan g‘orga ancha yurish kerak bo‘lganidan o‘sha kuni Oynaning hovlisida yotib qolishdi. Keyingi kuni tong sahardan o‘sha g‘orni mo‘ljallab, yo‘lga chiqishdi.
– Tog‘ havosi salqin bo‘ladi, – dedi yo‘l boshlab ketayotgan Oyna. – Kechasi sovqotmadingizmi?
– Salgina sovqotdim, akajon, – dedi Muzaffar. – Ammo qalbimdan kechayotgan hayajonlar sovuqni bosib ketdi.
– Ha, bizning tabiatimiz ana shunaqa go‘zal, odamni rom qildi.
– Voy, aka, havoni qarang, havoni! O‘pkam bu toza havodan yorilib ketay deyapti-ya? Tog‘larning go‘zalligini qarang! – dedi Muzaffar hayajon bilan chor tarafga qarab. – O‘t-o‘lanlarning hidini qarang, jannat-ku bu joylar-a, aka, jannat-ku?
– Hali tepaga chiqaveraylik, go‘zallikni ko‘rasiz! – dedi Oyna.
Muzaffar qushlarning «vijir-vijir» sayrashiga to‘xtab-to‘xtab quloq solar, o‘qtin-o‘qtin «Aka, mana bu ovoz qaysi qushniki?» deb so‘rab qolardi. Bir mahal kaklik sayrab qoldi.
– Bu kaklik, – dedi uning sayrashiga biroz quloq tutgan Oyna. – Bizning tog‘larda kaklik serob. Hozir rosa bularning mast bo‘lgan payti-da. Xavf-xatarni ham unutib, hech narsaga quloq solmay «kakar-kakar» qilgani-qilgan.
– Qoyil, aka, bulbullarning sayrashiga kechasi bilan maza qiluvdim, kaklikning ovozi ham zo‘r ekan! Ammo mastlikdan xavf-xatarni ham unutib sayrashi qiziq ekan, odamzot ham shunaqa, aka, o‘zini kutib turgan xavfni ko‘pda sezmaydi.
Peshindan o‘tib, g‘or poyiga yetib borishdi. Oyna Muzaffarni avval qari yong‘oq ostiga olib bordi. 
– Shu yerda bosmachilar bilan mardona kurashib, qahramonlarcha halok bo‘lgan ukam yotibdi, – dedi Oyna bosh kiyimini olib. – Zo‘r chekist bo‘lardi. Yosh bo‘lishiga qaramay kechalari mana shu yerlarga bir o‘zi kelardi. Mening bosmachilar haqidagi ma’lumotlarimni ChKga yetkazardi. Afsus, yosh ketdi. Bosmachilar boshiga yetdi.
– Qasos oldingizmi? – dedi Muzaffar g‘azablanib.
– Ha, hov anavi qari archaning ostida yotibdi ukamni o‘ldirgan bosmachi. O‘zim o‘ldirganman. Ha, aytgancha, men sizga aytgan Rahmatullobek qo‘rboshi ham shu archaning ostida yotibdi.
Muzaffar yuziga fotiha tortib qo‘ydi.
– Yuring, endi men sizni o‘sha, siz ko‘p so‘ragan g‘orga olib kiraman, – deb Oyna Muzaffarni g‘orga boshladi.
G‘orga kirisharkan, Muzaffar u yerdagi har bir toshga, g‘or devorlariga hayrat bilan tikilardi. G‘or hali ham o‘sha-o‘sha, sokin va zalvorli edi. 
– O‘sha voqealardan keyin bu yerlarga odamlar deyarli qadam bosmaydilar, – dedi Oyna. – Mol boqib kelib qolgan bolalar ham g‘orning old qismida yotgan otlarning suyaklarini ko‘riboq, undan uyog‘iga o‘tishga yuraklari betlamaydi. 
Oyna Muzaffarni g‘or to‘riga olib o‘tdi. Mog‘orlagan bo‘lsa-da, ot egarlari, bir zamonlar Rahmatullobekning yigitlariga asqotgan ko‘rpa-to‘shaklarning hali ham sochilib yotishi Oynani ham ajablantirdi. 
– Manavi yerda men yotardim, – dedi Oyna o‘z o‘rnini tanib. – Yonimda Rabbim polvon degani yotardi. Boshiga otining egarini qo‘yib yotishni yaxshi ko‘rardi. Kechalari turib, otidan xabar olardi. O‘ziyam xotinidan ko‘ra otini ko‘proq yaxshi ko‘rardi. Chavandoz yigit edi. Otiyam quvsa yetmay qo‘ymaydigan, qochsa yetkazmaydigan ot edi. Rabbimqul qamalgach, biznikilar minmoqchi bo‘lishdi. Ammo otni har qancha majbur qilmaylik, insonning bolasini ustiga mindirmadi. Och qoldirib ham ko‘rdik, buysunmadi. Keyin Ivanovning buyrug‘i bilan otib tashlagandik. 
Oyna g‘orning eng oxiriga bordi.
– Mana bu yerda Xushnazar yotardi. Rahmatullobekning o‘ng qo‘li, ishongan odami edi. Rahmatullobek otasiga ishonmasligi mumkin edi, ammo Xushnazarga ishonardi. Uni qattiq yaxshi ko‘rardi.
– Turmada o‘lgan ekan-a, Xushnazar deganlariyam, Oyna aka? Qoraxat kelgan ekan.
– Kim biladi, o‘lib ketgandir? Baribir o‘lib ketadi, deb qoraxatni men yozuvdim. Ammo shu qoraxatdan keyin Xushnazarning otasi To‘ra polvon degan sobiq boy ikki oyga yetmay g‘amdan ado bo‘lib, o‘lib ketuvdi.
– Rahmatullobek qaerda yotardi? – qiziqdi Muzaffar.
– Eng to‘rda, shu yerda, manavi baxmal ko‘rpada qo‘rboshi yotardi. Uyam otining egarini boshiga qo‘yib yotardi. 
Oyna shu gaplarni aytdi-yu, xuddi to‘shaklar orasidan Rahmatullobek chiqib keladiganday g‘ordan  chiqib ketishga shoshilib qoldi. 
– Yuring, tashqariga chiqaylik, – dedi yoqasining tugmalarini yechib. – Negadir nafasim siqildi.
Tashqariga chiqishdi.

4.

Oyna bilan Muzaffar tashqariga chiqib, g‘or og‘zidagi maydonchada biroz turishdi. Oyna bir toshga borib o‘tirdi. 
– Xuddi mana shu yerda Urgutdagi bosmachilik harakatiga nuqta qo‘yganmiz. O‘zim ham shu yerda o‘lishimga sal qolgan. Qo‘rboshining belbog‘ida belboqqa o‘xshab taqiladigan qilichi bor ekan. Shu qilichini olib, chopib tashlashiga ozgina qolgan. Tisarilib qolganman, qilichi yuzimni yaralagan, – dedi Oyna yuzidagi qilich izini siypalab ko‘rsatib. – Qo‘rboshi mo‘ljalni sal aniq olsa, boshimni naqd ikki bo‘lakka bo‘lib tashlardi.
Shu payt uning orqasidan ovoz eshitildi: 
– Rahmatullobekning o‘sha salgina xatosini bugun to‘g‘rilaymiz-da, Oyna. 
Oyna shartta o‘girilib orqasiga qaradi. Ovoz egasini birdaniga taniy olmadi. Uning ortida yoshi oltmishga borib qolgan, soqol qo‘ygan Xushnazar turardi.
– Ha, sotqin, yurtfurush, tanimadingmi? – dedi Xushnazar qahr bilan.
Oyna endi uni ovozidan tanidi. Ovozi titrab, so‘rashgan bo‘ldi:
– Tanidim, tanidim... As-assalomu alaykum, Xushnazar aka. 
Boshqa tarafdan Norboy chiqib keldi. Uning ham soqoli oqargan, keksaygan edi.
– Senga alik hayf! – dedi Norboy.
– Siz, siz… – Oyna unga qarab baqrayib qoldi. 
– Ha, men, Norboy akangman, Oyna. Iching o‘tib ketdimi? Shu yerda hammamizning qo‘limizni bog‘laganingda ovozing o‘ktam edi, botir eding-a? Bekning boshini yeganingda zo‘r eding-a? Endi nimaga buncha qilpillaysan? Nimaga ovozing buncha palag‘da? 
– Rahmatullobekni-ku janoza o‘qib ko‘mgan edik-a, sen xoinga janozayam o‘qilmaydigan bo‘ldi-da, – dedi Xushnazar.
Oyna yerga o‘tirib qoldi. Qurolsiz chiqqani uchun o‘zini so‘kib, yerni mushtlay boshladi. Birdan to‘xtab, Xushnazarga savol berdi:
– Mening bu yerda ekanimni qaerdan bildingiz? 
– Seni bu yerga biz olib keldik. Sening aynan shu yerda itday o‘lishingni, Bek shahid bo‘lgan joyda o‘lishingni istdik. Seni bu yerga olib kelish uchun ozmuncha harakat qildikmi? Muzaffarbek ozmuncha tirishdimi? Bechora har qancha yomon ko‘rsayam seni aka dedi, akajon dedi. Xizmatingni qildi, ko‘nglingni oldi. Bu yoqqa olib kelishga ko‘ndirdi. Sen o‘zingni juda usta chekist deysan. Ammo bir joyda xato qilding. Yordamching biz bilan birga yigirma yil birga turmada o‘tirib chiqqan, Madaminbekning o‘ng qo‘li bo‘lgan Hoji Maxsumning jiyani ekanini bilmay qolding. 
Oyna Xushnazarning gapini tinglash barobarida sezdirmay qo‘liga kattagina bir toshni oldi. Tosh bilan Xushnazarning boshiga urishni mo‘ljallab, sakrab turib, qo‘lini ko‘tardi. Ammo Oynaning qo‘li havoda muallaq qoldi. Xushnazar qo‘lidagi to‘pponchasini choponi bari bilan berkitib turgan edi. Xushnazar shoshib ham qolmadi. Sovuqqonlik bilan Oynaga qaratib ikki-uch marta o‘q uzdi. Oyna «shilq» etib, yerga quladi. Jon achchig‘ida giyohlarni g‘ajiy boshladi. Endi Norboy ham to‘pponchasini chiqarib, o‘q uzdi. Oyna butunlay tinchidi. 
– O‘tlarga ichim achidi, – dedi Norboy. – Qarab tursam ancha-muncha o‘tni g‘ajib tashlaydigan. 
Xushnazar, keyin Norboy Muzaffarni bag‘rlariga bosishib, minnatdorchilik bildirishdi. Keyin uchovlari pastga, azim archa daraxti tarafga, Rahmatullobek va Izzatullolarning qabri tarafga qarab ketishdi.

So‘ngso‘z o‘rnida

Qissamizni muxtasar qildik. Agar u sizga ozgina manzur bo‘lgan bo‘lsa, uni o‘qib, tomirlaringizda mard va jasur otalarimizning qoni salgina junbushga kelgan bo‘lsa, hokimiyat talashmagan, mansab, lavozim uchun kurashmagan, boylik deb urushga kirmagan, yurt kofirning oyog‘i ostida toptalmasin degan, erk deb, mustaqillik deb jon bergan, ozodlikni umridan aziz bilgan, «bosmachi»nomi bilan tarixlarda qolgan aziz otalarimiznig pok ruhlariga atab, uch oyatgina Qur’on tilovat qilib qo‘yishingizni o‘tinaman.

Yov oyog‘i yurtimizga yetmasin deb,
Yurtimizni kofir talab ketmasin deb,
Dinimizni oyoq osti etmasin deb,
Ko‘kragini kerib chiqqan bosmachilar!

Elim deya elda nomi qaro bo‘lgan,
Makonlari tog‘u toshlar aro bo‘lgan,
El dardidan yuraklari yaro bo‘lgan,
Dardga malham berib chiqqan bosmachilar!

Ular bois kofir paymonasi to‘lgan,
Boshlariga yovlar tillo va’da qilgan,
Har birining boshi bugun tillo bo‘lgan,
Tarixga dur terib chiqqan bosmachilar!

Mustaqillik shiori-yu, ori bo‘lgan,
Ozodlik deb boshlarida dori bo‘lgan,
Chin hurriyat yo‘g‘i bo‘lgan, bori bo‘lgan,
Erk deb go‘rda yurib chiqqan bosmachilar!

Yov oyog‘i yurtimizga yetmasin deb,
Yurtimizni kofir talab ketmasin deb,
Dinimizni oyoq osti etmasin deb,
Ko‘kragini kerib chiqqan bosmachilar!

Tamom.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.