Hayvonlar osmonga qarashsa, Allohni ko‘rishadi.
Qur’ondan.
1. Mushuk
Eshnazar bolaligidan toshbag‘ir bo‘lib o‘sdi. Balki o‘gay onaning qo‘lida katta bo‘lganidandir.
Eshnazar na otasiga bir marta mehr bilan qaradi, na ukalariga.
Onasi bir marta “Ukangga qara, yig‘layapti”, deb ko‘rgan. Eshnazar o‘gay ukasining bir oyog‘idan shart ko‘tarib olib borib, hovuzga tashlab yuborgan. Shundan keyin ukasi yig‘laganda uning bir oyog‘idan ko‘tarsalar bas, taqqa yig‘idan to‘xtaydigan bo‘lgan.
Birinchi sinfda o‘qiyotgan chog‘imizdayoq o‘ta rahmsiz Eshnazardan mehr, shafqat kutib bo‘lmasligimiz aniq bo‘lgan edi.
U zamonlar biz partalarda turadigan siyohdonga peroli ruchkani botirib olib, yozar edik.
Eshnazar yozib turganida orqa partada o‘tirgan Qambar nimadir demoqchi bo‘lib, Eshnazarni turtgan ekan, u shartta o‘girilib, ruchkani uning qo‘liga suqib qo‘ydi.
Perosi qo‘lga qadalib qolgan ruchka soat mayatnigiga o‘xshab, tebranib qoldi.
– Men senga nima qildim? – Qambarning ko‘zlari katta-katta bo‘ldi.
– Nima qilganingni bilmadingmi?
Eshnazar siyohdonni oldi-yu, bor kuchi bilan Qambarning peshonasiga soldi.
Biz o‘shanda Qambarning yuzi singan chinni siyohdondan oqqan siyoh bilan bo‘yalib qoldi, deb o‘ylagan edik. Keyin bilsak, Eshnazar Qambarning peshonasiga yarim oy suratini ham chizgan ekan.
Jarohat ham siyoh bilan to‘lib qolgani tufayli bu surat Qambarning peshonasidan bir umr o‘chmadi.
Eshnazarning bir qo‘li doimo cho‘ntagida bo‘lar, o‘sha qo‘lida mixmi, toshmi, ishqilib, biror uchli, tig‘li narsani changallab yurar edi.
Eshnazar birov bilan kelishmay qolsa, o‘sha qo‘l cho‘ntakdan chiqar edi.
U qo‘lning cho‘ntakdan chiqishi esa hech qachon yaxshilik bilan tugamas edi.
Eshnazar changallab turgan narsa bilan raqibining yuziga solardi.
Eh-he, necha-necha bolalarning Eshnazar tufayli yuziga chandiq tushmadi, deysiz.
Paxtaga borganimizda eng ko‘p yeydigan narsamiz baliq konservasi bo‘lardi. Muallimlar peshin payti ham ovqat qilishga erinibmi, ovqat qilishga ilojlari bo‘lmasdanmi, bittadan konserva berib qo‘ya qolishardi.
Bir kuni hammamiz dala shiyponining yasama stoli atrofida konserva yeb, tushlik qilib o‘tirgandik, Qobilning sho‘ri qurib, odam qurigandek, Eshnazarning konservasiga qo‘l uzatibdi.
Uzatgan qo‘li uzatilgan ko‘yi qoldi.
Eshnazar zarb bilan urgan pichoq Qobilning kaftini teshib o‘tib, stolga qadalib qolgan edi.
Eshnazarni faqat paxtadan emas, maktabdan ham haydashdi.
***
Eshnazarga qishloq qizlari tegmadi.
Hech qaysining bevaqt o‘lgisi kelmadi.
Eshnazar Do‘ngqishloqdan uylandi.
Eshnazar uylangan Farizani birov ko‘cha-ko‘yda, to‘y-marakada ko‘rgani yo‘q.
Ko‘rganlar bordir, ammo uning ovozini eshitgan odam yo‘qligi aniq.
***
Eshnazar ikki kilo go‘sht olib kelib, xotiniga buyurdi:
– Yaxshilab tuzlab, ayvonning ustuniga, teparoqqa ilib qo‘y!
Fariza go‘shtni Eshnazar aytganidek qilib ilib qo‘ydi. Ammo kechqurun bir mushuk ustunga tirmashib chiqayotganini ko‘rib, chinqirib yubordi. Bu chinqiriqda mushukdan qo‘rqish ham, go‘shtni mushuk olib qochadigan bo‘lsa, eri ko‘rsatadigan azobdan qo‘rqish ham qo‘shilib ketgan edi.
Otining bo‘ynini qashlab turgan Eshnazar yugurib kelguncha, mushuk go‘shtni mixdan olib, pastga sakradi.
– Teparoqqa ilmapsan-da? Avval mushukni tutay, sen bilan keyin gaplashaman!
Eri qanday gaplashishini bilgan Fariza mushukdan o‘lguday qo‘rqsa-da, eri bilan baravar yuguraverdi.
Eshnazar mushukning ortidan goh og‘ilga kirdi, goh somonxonaga. Goh tomga chiqdi, goh boqqa kirdi. Goh Alimcho‘loqning hovlisiga kirdi, goh Mamarayim oqsoqolnikiga.
Fariza ham eri bilan mushukka qo‘shilib, Jalasoyning yarmini yugurib o‘tdi.
Mushuk ham bu safar go‘sht yeyman deb, baloga giriftor bo‘lishini sezdi, shekilli, go‘shtdan voz kechdi.
– Go‘shtni olib uyga bor! – mushukdan ko‘z uzmay baqirdi Eshnazar. – Men mushukni tutib boraman!
Fariza go‘shtni uyga olib keldi. Yaxshiyam ro‘molchaga mahkam tukkan ekan, mushuk tugunni ocholmapti. Bir-ikki joyini ro‘molchaning ustidan g‘ajigani bilan go‘shtdan uzib ololmagan ekan.
Eshnazar yarim soatlardan keyin horib-charchab, changalida ... mushuk bilan kirib keldi.
– Boltani opke!
Fariza titrab-qaqshab, oshxonadan boltani olib keldi.
Eshnazar mushukning belidan etigi bilan bosdi. Chap qo‘li bilan mushukning oldingi ikki oyog‘ini oldinga cho‘zib, o‘ng qo‘lidagi bolta bilan bir urib, mushukning ikkala oyog‘ini ham uzib tashladi.
Eshnazar xuddi yosh boladay ingrab, dunyoni buzayotgan mushukni hovlining adog‘idagi qurib qolgan soyga otib yubordi.
“Avval mushukni tutay, sen bilan keyin gaplashaman”, degan Eshnazar xotini bilan gaplasholmadi.
Gaplashish shart bo‘lmay qolgan, erining ishidan esi og‘ib qolayozgan Farizaning ko‘zlari kosasidan ancha tashqariga chiqib qolgan edi.
Eshnazar suv olib kelib, betiga sepgandan keyin o‘ziga kelgan Fariza bir og‘izgina gapirdi:
– Noinsof!
Mushuk soyda uch kun ingrab yotdi.
Mushuk soyda uch kun yig‘lab yotdi.
Mushuk Fariza olib borgan ovqatlarga qayrilib qaramadi.
Mushuk Fariza olib borgan suvlardan bir ho‘plamadi.
Mushuk o‘ldi.
Yana uch kun o‘tib, Fariza o‘qchidi.
Keyin Fariza o‘g‘il tug‘di.
O‘g‘ilki, oy desang, og‘zi bor, kun desang, ko‘zi bor.
Ammo xushsurat o‘g‘ilning qo‘li yo‘q edi.
Mutloqo yo‘q edi qo‘llari ...
2. Uloqchalar
Olim bobo bolalariga yaxshi tarbiya berolmadi, desak Olim boboga jabr qilgan bo‘lamiz.
Demasak ham bo‘lmayapti.
Bir umr halol mehnat qilib, bolalariga halol yedirib, halol ichirgan Olim bobo shu mehnatni deb daladan beri kelmadi-da.
Tarbiyani bolalar Jangil momodan olishdi.
Pensiyasini olganda qo‘l qo‘yishni eplolmagan Jangil momo tarbiyani eplarmidi?
Jangil momo Olim bobo topib kelganni pishirib-kuydirib, bolalarning kiyimini yuvib, eskisini yamab, orttirganini Halimasiga deb, sandiqqa solib, keyin ham topganini shu Halimasinikiga tashib, topganini Halimasining bolalarining og‘ziga tutib, o‘tib ketdi.
Ikki o‘g‘il o‘g‘illarni o‘zidan itarib, qizni bag‘riga tortgan Jangil momoni yaxshi ko‘rmay katta bo‘ldi.
Ikki o‘g‘il onalarining erkasi bo‘lgan Halimani yaxshi ko‘rmay katta bo‘ldi.
Ikki o‘g‘il bir-birini yaxshi ko‘rmay katta bo‘ldi.
Ikki o‘g‘il Olim boboni-da yaxshi ko‘rmay katta bo‘ldi.
Olim bobo Hamroqulni uylantirdi.
Olim bobo O‘ktamni uylantirdi.
Olim bobo O‘ktamning to‘yidan keyin hovlining o‘rtasidan baland devor urdirdi.
Olim bobo ikkiga bo‘lingan hovlining ikki tarafidan darvoza qurdirdi.
Hamroqulning darvozasi bir ko‘chaga, O‘ktamning darvozasi boshqa ko‘chaga ochilar bo‘ldi.
– Ko‘zimning tirigida ularga hovlini ikkiga bo‘lib bermasam, men o‘lgandan keyin bir-birini ikkiga bo‘lishadi.
Olim bobo bir hafta Hamroqulning hovlisida yashasa, bir hafta O‘ktamning hovlisida yashardi.
Olim bobo ikkala hovliga ham sig‘madi, Jangil momoning oldiga ketdi.
– Otam senikida o‘ldi, sen ko‘m!
– Sen katta o‘g‘lisan, sen ko‘m!
Ishga mulla Safar bobo aralashdi.
– Jalasoyda hali bunaqa voqea bo‘lgani yo‘q edi, uyalmaysizlarmi? Kattasan, otangni sen ko‘masan, ammo keyingi marakalarni O‘ktam o‘tkazadi.
Shunday bo‘ldi.
Ammo Olim boboning qirqi o‘tgandan keyin Hamroqul O‘ktamnikiga, O‘ktam Hamroqulnikiga o‘tmaydigan bo‘ldi.
O‘rtada ovsinlarga qiyin bo‘ldi. Bir-ikki erlarini insofga chaqirmoqchi bo‘lishdi, foydasi bo‘lmadi.
Bir-ikki bir-birinikiga o‘tib-qaytishgan edi, kattasining ko‘zi ko‘kardi, kichigining burni qiyshaydi.
Ikki aka-uka begona edi, ikki ovsin ham bir-biriga begona bo‘ldi.
Hamroqulning o‘g‘li O‘ktamning o‘g‘li o‘ziga qarindosh ekanini bilmay katta bo‘laverdi.
Hamroqulning o‘g‘li O‘ktamning o‘g‘lini boshqa bolalar urganda, qo‘shilib urdi.
O‘ktamning o‘g‘li Hamroqulning bog‘iga boshqa bolar o‘g‘irlikka tushganda, qo‘shilib tushdi.
Hamroqul O‘ktam bilan birga to‘y, marakaga bormadi.
O‘ktam Hamroqul bilan bitta choyxonada o‘tirmadi.
Hamroqul bir kuni “Iblis devori”ning ustida ikkita olachipor uloqchalarning yurganini, bular tomonga qarab, “Me’-e’-e’, me’-e’-e’” deb ma’rab turganini ko‘rdi.
Hovlini momaqaldiroq ovozi tutdi:
– Kimniki bu ajinalar?
– Ukangiz zotli echki olganmish, – oshxonadan ovoz keldi. – Ikkita uloqchalari ham bor ekan. Biram chiroyli.
– Padariga la’nat!
Kesaklarning biri devorga, ikkinchisi uloqchalardan biriga tegdi-yu, ular g‘oyib bo‘lishdi.
Keyingi safar Hamroqul uloqchalar o‘zining hovlisida bemalol toklarning barglarini yeb yurganini ko‘rdi-yu, yomon so‘kindi.
– Safar, darvozani yop, qochib ketmasin! O‘zing ham ushlash!
Ota-bola quva-quva uloqchalarni tutishdi.
Hamroqul ikkala uloqchaning ham oyoqlarini burab-burab, sindirdi.
Qasir-qusir ovozdan Safarning ham, nariroqda turgan onasining ham yuzlari mayshayib ketdi.
Hamroqul nola qilayotgan uloqchalarni devorning narigi tarafiga uloqtirib yubordi.
O‘ktam bir so‘z demadi.
Bu voqea unutilib ham ketdi.
Ammo qizi tug‘ilganda Hamroqulning qilgan ishini hamma esladi.
Qizning oyoqlari buralib-buralib ketgan edi.
Olib bormagan joylari qolmadi.
Eh-he, duxturlar-u, tabiblar qizning oyog‘iga nimalarni bog‘lashmadi.
Qiz baribir ming azob bilan qadam bosdi, dovulda qolgan daraxtdek to‘rt tarafga chayqalib yuradigan bo‘ldi.
Keyin Kenjasi tug‘ildi. Oyoqlari opasining oyoqlaridan ham battar mayishgan edi.
Kenja ham boshi bilan havoda aylana chizib yuradigan bo‘ldi.
Hamroqul ikki bolasining ko‘ziga qaray olmay dunyodan o‘tib ketdi...
3. Eshak
Eshak ham odamning og‘irini yengil qilish uchun bino bo‘lgan bir maxluq-da.
Bolaligimizda hammamizning eshagimiz bo‘lardi.
Hammamiz eshak minib, mol boqardik.
Kechqurun kelishda Guldurtepadan Jalasoygacha eshak poyga qilardik.
Tolibning hangisiga hech kimning eshagi yetolmas edi.
Keyingi o‘rin mening qora eshagimniki edi.
Qora eshagim zo‘r edi. Bittagina aybi bor edi: suvdan o‘tmas edi.
Bitta ko‘lmakni ko‘rsa ham ajdahoga duch kelgandek tisarilib ketar, ariqlardan o‘tmay, ba’zan meni tashlab, qochib ham ketar edi.
Boshqa bolalar eshaklari bilan kechib o‘tib ketgan ariqlarni men bir-ikki chaqirim naridan, ko‘prikdan aylanib o‘tib kelar edim.
Eshakni suymaydigan odamlar ham bo‘lar ekan.
Qodir bobo degan odam bo‘lardi.
Kolxozning saroyi bilan qo‘shni edi hovlisi.
Kimning eshagi kechasi bo‘shalib, Qodir boboning hovlisiga kirib qolsa bas, bobo uni olib borib, saroyning ayvoniga osardi.
Keksa boboy qanday uddalagan bilmayman, ammo ertalab “tartibbuzar” eshak bechora saroyda osilib turganini ko‘rardik.
Bir xilining oyoqlari yerdan butunlay uzilgan, bir xilining orqa oyoqlari zo‘rg‘a tegib turgan bo‘lardi.
Bir gal Qodir bobo kechasi qorong‘uda tanimasdan, toklarni payhon qilib yurgan o‘zining eshagini ham osib qo‘ygan ekan.
Qodir boboni odamlar bu ishdan ko‘p qaytarishardi, ammo bobo quloq solmasdi.
Qodir boboning o‘ligini eshakning oxuridan topishdi...
***
Mamanazar bobo esa kolxoz bog‘iga qorovul edi.
Mamanazar bobo boqqa kirib qolgan eshakning albatta payini kesar edi.
Payi kesilgan eshak esa “eshak bo‘lmaydi”. Oyog‘ini bosolmaydi.
Bechora eshak turgisi keladi, ammo oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmaydi.
Payi kesilgan eshak o‘rnidan turmay... o‘lib ketadi.
Mamanazar boboning o‘lganini “oqibatli” bolalari uch kundan keyin bilishibdi...
***
Mamanazar boboning o‘g‘li Sotim poson bizga qo‘shni bo‘lib qoldi.
Mening qora eshagim kechasi bo‘shalib, uning hovlisiga o‘tibdi.
Sotim poson eshagimni ushlab, erinmasdan sayisxonamizgacha yetaklab kelibdi.
Sotim poson otasi qilgan ishni qilibdi.
Sotim poson eshagimning to‘rtala oyog‘ining ham payini qirqibdi.
Eshagim bir hafta turolmay yotdi.
Eshagim hech narsa yemay qo‘ydi.
Eshagim suv ham ichmay qo‘ydi.
Yettinchi kuni kechqurun xabar olgani borsam, ko‘zlaridan shovullab yosh oqayapti.
Men ... eshagimdan rozichilik so‘radim.
Men ... eshagimga rozichilik berdim.
– Meni kechir, jonivor, seni ehtiyot qilolmadim. Bizdan rozi bo‘l! Bizlar sendan rozimiz!
Tongda borsam, eshagim o‘libdi...
***
Sotim poson qing‘ir yurishli edi.
Sotim poson kechasi elni uxlatib, Xurram traktorchining yo‘g‘ida uning hovlisiga kiribdi.
Xurram traktorchi uyida bo‘lmagani bilan Bo‘ribosari uyda ekan.
Dunyoning ishlari qiziq. Bo‘ribosar katta it edi. Sotim posonning bo‘g‘zidan ham olishi, qornini ham yorishi, qo‘llarini ham g‘ajib tashlashi mumkin edi.
Bo‘ribosar Sotim posonning bir oyog‘ining payini g‘ajib tashlabdi, xolos.
Sharmandagarchilik o‘z yo‘liga, ammo shundan keyin Sotim poson qo‘ltiqtayoqda yuradigan bo‘ldi.
Dunyoning ishlari judayam qiziq. Sotim posonning it payini g‘ajigan, bosolmaydigan oyog‘i qolib, sog‘ oyog‘iga qorason tushdi.
Do‘xtirlar oz-ozdan kesishib, dumbasigacha borishdi.
Sotim poson endi aravachada yuradigan bo‘ldi.
Keyin qorason ikkinchi oyog‘iga ko‘chdi.
Do‘xtirlar olti oyga bormay bu oyoqni ham butunlay olib tashlashdi.
Sotim poson qo‘llari bor kundaga o‘xshab qoldi.
Sotim poson kunini aravachisida ko‘chada, aniqrog‘i, Ashirmatning do‘koni oldida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Sotim poson kunini ichkilik ichib o‘tkazadigan bo‘ldi.
Sotim poson uyiga kech-kech qaytar bo‘ldi.
Sotim poson tunni yarmidan og‘dirib-yarmidan og‘dirib qaytar bo‘ldi.
Sotim poson ko‘ringanga nasihat qiladigan bo‘lib qoldi:
– Hayvonlarga azob bermanglar! Hayvonlarni urmanglar! Hayvonlarning yuziga urmanglar!
Sotim poson yomg‘ir yoqqan o‘sha kuniyam juda kech ketgan ekan.
Sotim posonni ertalab topishibdi.
Sotim poson aravachasi ag‘darilib, balchiqqa og‘zi bilan qoplanib, o‘lib qolgan ekan...