OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Komil Avaz. Qorako‘z (hikoya)

Qorako‘z bilan tanishgan odam uning ko‘ziga qaraydi. Buni Qorako‘z biladi va xiyol kulimsirab, «Ko‘zingiz qora bo‘lmasayam, ismingiz Qorako‘zligi ajab ekan, deya o‘ylayapsiz-a», deganday qiymirib qaraydi. U ko‘zining qoramtir ko‘kishligi sababini yaxshi biladi. 
Maktabni bitirib, Toshkentga o‘qishga kelgan kunlari ba’zi kursdosh qizlar, ayniqsa, yotoqdagi hamxonalar uning yurish-turishiga, husni latofatiga, hech kimnikiga o‘xshamagan muloyim nigohiga ham havas, ham hasad qilishdi, lekin hech kim «Ko‘zingiz buncha sehrli-yu, nega ismingizga monandmas», deya so‘ramadi. 
Baribir odam kim bilandir ichkinlik qiladi. Qorako‘z qo‘qonlik Kumushbibi bilan do‘stlashdi. Kumushbibi ham o‘ziday kamgap, yoqimtoy, sochlari uzun, qoshlari payvasta. Uning ham ko‘zlaridan hamisha sokin nimtabassum yog‘ilib turadi. Bo‘ylari qariyb bir xil, o‘rtachadan kelgan, bellari bir tutam. Ishqilib, diqqatni tortmay qo‘ymaydi. 
Ular so‘zlashmay «suhbatlashadi», bir qaraganda bir-birlarini tushunadi. Va ajabkim, ikkoviyam deyarli yigitlar haqida shivirlashishni unchalik xush ko‘rmaydi. Xullas, har qanday qiz ulardan andoza olsa, o‘zlarini qiyoslasa bo‘ladi. Hayotning o‘z qonun-qoidalari, taqdir deb atalmish mo‘‘jizaning insonga ko‘rsatmish turfa qirralari bor, undan hech kim qochib qutulolmagan. 
Qorako‘z universitetga ilk qadam qo‘yganidan unga havas bilan boqadigan yigitlar nigohini sezmay qolgani yo‘q, faqat o‘ziga xos vazminlik bilan ularni ko‘rmaganga, sezmaganga oldi.
Qorako‘zning ichki dunyosi, botiniy quvvati biror yigitga ko‘ngil qo‘ymaslikka, faqat o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lishga yetadi. Ammo, «Sizga ikki og‘izgina gapim bor», deguvchilarni muloyimlik bilan chetlab o‘tishga, muhabbatli nigohlarga chap berishga uning qurbi qachongacha yetarkan? Axir u ham odam, tirik jon. Sevish-sevilishga qodir. Lekin... 
Hayotidagi aytib bo‘lmas bir sir bois tuyg‘u jilovini tortib yurishga majbur. Buni o‘zigina biladi. Kechalari dugonalarga sezdirmaygina yum-yum yig‘laydi. U bu haqda hech kimga, hatto Kumushbibiga ham aytolmaydi. 
Shu taxlit birinchi kursni tugallashdi. Yozgi ta’tilda u to‘rt-besh kunga Qo‘qonga, Kumushbibinikiga mehmonga bordi-yu, Kumushbibini uyiga qattiq turib taklif etmadi. Kumushbibi bunga unchalik e’tibor bermadi, chunki oldda hali o‘qish davri serob, nasib qilganda borarman, deb o‘yladi. Qolaversa, u Qorako‘zday bemalolroq hammas, uyidagilar ruxsat berishi qiyinroq, uni uzoqroq qarindoshlari bo‘lmish hunarmand yigitga uzatishmoqchi. 
Kumushbibi bunga yoshligidan ko‘nikma hosil qilgan, shu bois Toshkentda biror yigitga qayrilib qaramaydi. O‘qishni bitirishlariga oz qolganda to‘ylari bo‘lishini biladi, shunga rozilik bergan. Yigiti bilan xat olishib turadi. U xatlarini Qorako‘zga ko‘rsatadi-yu, ammo o‘qib berishni ep ko‘rmaydi. Xat olgan kunlari ko‘zlari porlab ketadi. 
Qorako‘z ich-ichidan dugonasiga havas qiladi, suyunadi, o‘zi uchun esa, kuyinadi, chorasizligini biladi. Nihoyat, o‘ziyam ilk bor xat oldi. Yuqori kursda o‘qiydigan Latifjon to‘rt enlik xat tutqazib ketdi.
Qorako‘zning yuragi dukurlab, ne qilarini bilmay, xatni apil-tapil daftar orasiga soldi. Bu hol dars boshlanishi oldidan shunday tez sodir bo‘ldiki, Qorako‘z qanday qilib xatni oldi-yu qanday qilib daftar orasiga yashirdi, bilolmay ham qoldi. Nafsilamrini aytganda, Qorako‘z Latifjonning ne vaqtdan beri orqasidan yurganini, Kumushbibi orqali so‘zlashmak niyatida ekanligini yaxshi biladi. Kumushbibi unga ilmoqli gaplar bilan necha bor aytib ko‘rdi. Qorako‘z ro‘yxushlik bermadi. Nega u bilan uchrashishni, so‘zlashishni istamayapti, nega uning sevgisini rad etishga, biror aniq javob aytishga qiynalyapti? O‘zining ham ko‘ngli Latifjonda yo‘q emas-ku, yigitmisan yigit, peshonasi keng, qoshlari o‘skin, nigohlari muloyim bo‘lishi barobarida qandaydir botiniy shiddati kishini bir zumda o‘ziga rom qiladi. Xuddi Qorako‘zning xayolidagiday yigit, biroq... Yana shu «biroq».
«Qorako‘z! Ko‘zingizdagi xavotirga o‘xshash odam yuragini ezuvchi allaqanday g‘amginlik, xavotir dilimni qon qildi. Nega mendan qochasiz? Axir men sizni «ta’qib» etayotgan bo‘lsam, niyatim yaxshi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, Sizni uchratgunimcha sevgi, muhabbat haqida sal boshqacharoq fikrda edim. Qaysning Layli yo‘lidagi jununiga shak keltirmagan holda, adabiyotda, aniqrog‘i ulkan alloma yozuvchilar bundayin muhabbatni ulug‘lab,ilohiylashtirib, xuddi bir-birlari bilan musobaqalashganday, qalamlari o‘tkirligini namoyish etishganday bo‘lib tuyulgani, mana, necha asrlardan, balki odamzod yozuvni kashf etgandan beri shundayin dostonlar, hikoyatlar, ertaklar mashhurdan-mashhur bo‘lib kelayotgani men uchun go‘yo orzumandga tashbehday tuyulardi.
Qorako‘z, agar yigitingiz bo‘lsa, yo unashtirilgan bo‘lsangiz, meni o‘ldi deyavering. Bu yorug‘ dunyoda yashashning men uchun ma’nosi qolmaydi. Agar xatimga javob bermasangiz, javob berganingizcha yozaveraman. Tutqich bermasangiz, uyingizning adresini olib, dadam bilan oyimni yuboraman, ular tushungan, ziyoli odamlar, qolaversa, uylantiramiz deb holi-jonimga qo‘yishmayapti.
Mana, ko‘ryapsiz, qalamdan ne tushsa, qog‘ozga bitilyapti. Ushbuni bir zarb bilan yozdim, qayta o‘qib, xatolariniyam tuzatmayman. Agar o‘qiguday bo‘lsam, u yer-bu yerini to‘g‘rilayman deb xatning pachavasini chiqarib, necha qog‘ozlarni yirtib, xat yuborish borasida ikkilanib qolishim mumkin. Hozir imzomni qo‘yamanu konvertga solib yelimlayman-da, qo‘lingizga tutqazaman, tamom, vassalom. 
Salom bilan... nima deb yozsam ekan? Oshiqi beqaroringiz desammikan? Ie, nega beqaror bo‘larkan, aksincha, qarorim qat’iy, demak, barqaror. Lekin bu haqda Siz bilan hali biror og‘iz gapirishib ko‘rmay, dabdurustdan oshig‘i barqaroringizman desam, osmondan kelganday bo‘lsam kerak? Sizdan jonini ham ayamovchi devonai qalandar, bir mushfiq do‘stdan deb bilgaysiz... desam-chi? Oddiygina bo‘laqolsin, latifu lutf ila Latifjon.
Uchinchi ming yillik birinchi asrining ikkinchi, muvofiqi ot yili, 16-lanchi dushanba oqshomi.
R.S. Xatingizni intizorlik bilan kutaman. Nega xatlar oxiriga odamlar bir nimalar yozish uchun R.S. deb qo‘yishadi, ishoning Qorako‘z, tushunmayman, lekin chiroyli, xuddi xatga salobat bag‘ishlaganday. Shundanmikan, men ham shu taqovul yozdim, garchi xatingizni intizorlik bilan kutish borasida yuqorida qayd etgan bo‘lsam ham. Endi tamom».
Xatni titroq bilan o‘qib bo‘lgan Qorako‘z beixtiyor ichki bir nido bilan «ha, endi tamom», deya xo‘rsinib, go‘yo hoziroq yashirmasa, qo‘llaridan chiqib, qaylargadir uchib ketishidan xavfsiraganday, uni apil-tapil siynabandi ichiga yashirdi. Yuragi tomonga solgan ekan, chindanam jonlanganday, potirlab ketdi...
Necha kunlar qalbida jo‘sh urgan tug‘yonlar girdobida o‘zi bilan o‘zi olishdi. Bu yorug‘ jahonga sig‘may, Kumushbibi bilan har namozshom yotoqxona ro‘parasidagi xiyobonda birga kezishdi-yu yuragida kechayotgan sirli g‘alayonlarni ichiga yutdi. Kumushbibiyam nelarnidir sezsa-da, o‘zi indamagach, botinib so‘ramadi.
Shu taqovul Qorako‘z necha kunduz, necha tun o‘zi bilan o‘zi andarmon bo‘ldi va nihoyat, diliga kelgan hazin nidoni qog‘ozga to‘kdi: 
«Assalom, Latifjon aka! Mendan jonini ham ayamovchi, devonai qalandar, ey mushfiq do‘st! (albatta hozircha jonini ayamovchi) Xatingizni o‘qib, mana, necha oqshomki halovatim yo‘q. Men orzu qilganim, kechalari xayolimda tiriltiradiganim, qo‘lim yetmasayam intiladiganim, ochig‘ini aytay, Sizday yigit edi. Tasavvurim ro‘yo emas, haq bo‘lganiga ishongim kelmaydi. Ey Xudo, niyatlarimga yetirmakni so‘rab qilgan iltijolarimni qabul etding, mingdan ming roziman! Yuragimga muhabbat urug‘ini sochding, shukr, ming bora shukr. Muhabbatning o‘lchami — beo‘lchov sevmak, degan ekan bir donishmand. Axir men ham ana shunday beo‘lchov muhabbatning gadosiman. Axir men ham odamman, menda ham yurak bor, dard bor. Biroq... biroq, bari hayajonlarim, yuragim quvonchlari ichimda qolib ketadi. Men uni tashqariga chiqarolmayman, odamlarga oshkor etolmayman. Shu sababdan Siz aytganday, men ham o‘z yog‘imga o‘zim qovurildim va nihoyat ushbuni yozishga jazm etdim.
Latifjon aka, men Siz bilan yaqinroq tanishishdan emas, balki o‘zimdan qochib yuribman. Nima deb tushuntirsam ekan... Men sizga munosib emasman. Siz ta’rif etganingizday, men sohibjamol emasman, qolaversa... Qolaversa, siz meni yaxshi bilmaysiz. Boy-badavlat xonadonning farzandi ham emasman, balki buniyam e’tiborga olmasligingiz mumkin. Eng dahshatlisi, bizni, oilamizni yaqin bilganlardan uyimizga sovchi kelmaydi. Qo‘rqishadi...
Dadam oyimga uylanganlarida xuddi Sizday, bilmaganlar. Uylanganlaridan keyin tashlab ketolmaganlar. Faqat boshqa joyga, bizni biladiganlardan uzoqroqqa ko‘chib ketishgan. Baribir, oilaning siri necha qulfli sandiqda saqlansayam, orqasidan ergashib yuraverarkan. Oyimning oyilari murdasho‘y bo‘lganlar. Enamning otasiyam, onasiyam murdasho‘y o‘tganlar. Enamning laqabi murdasho‘y edi. Ajdodimiz laqabi oyimning ismlariga taqalguncha biz farzandlar ketma-ket tug‘ilib, dadam oyim bilan yashab qolganlar. 
Enam jussasi kichikroq bo‘lsayam, juda kelishimli, benihoya chiroyli, farishtali ayol edilar, rahmatlik. Meni enamga o‘xshatishadi. Enamning yoshlikdagi suvratlarini ko‘rgan odam bu senmisan, deydi. Men enamga o‘xshaganimdan behad quvonaman. 
Latifjon aka, endi men Sizga yana bir sirni aytay. Men ham shu kasb bilan shug‘ullanganman. O‘lik yuvgan oqshomlarim ertasiga o‘zimni qushdek yengil sezaman. Baland-balandlarga uchib ketgim keladi. Ollohning bir bandasini yuvib-tarab, oq libosga o‘rab so‘nggi manzilga kuzatish, bilasizmi, ruhingni tozalaydi, g‘uborlardan xalos etadi. Lekin men hech kimga o‘lim tilamayman. 
Xatingiz yuragimni alg‘ov-dalg‘ov qilganini yashirmayman. Tashakkur, yozgan iliq gaplaringiz uchun ming bora tashakkur! Lekin Siz meni unuting, iltimos... Meni sevsangiz, meni qiynamang. Jonim Sizdan aylansin, yuragimda neki dardim bo‘lsa, sizga to‘kdim. Meni uchrashuvga taklif qilmang. Borolmayman...»
Qorako‘z qog‘oz namlanganini ko‘rib, yozishdan to‘xtadi. Ko‘zidan tomgan yoshni sezmaganidan hayratlandi. Qog‘ozni ikki buklab, sekin ikkiga bo‘ldi, yana buklab, yana ikkiga bo‘ldi va birdan bo‘kirib yig‘lay boshladi. Shirin uyquda yotgan dugonalarining uyg‘onib ketishlaridan andisha qilmadi. Yig‘layverdi-yig‘layverdi. So‘ng o‘rnidan turib, yirtilgan xatini g‘ijimlagancha deraza oldiga keldi. Avval deraza yuqorisidagi darchani ochib xatni tashlamoqchi bo‘ldi, so‘ng derazaning bir tomonini lang ochdi. Yuziga qish oxirining ayozli shamoli urildi. Qo‘llarini asta ochdi. Shamol shiddat bilan qog‘oz parchalarini uchirib ketdi. Oqarib kelayotgan tong nafasi endi yana maydalab yog‘a boshlagan yomg‘irdan musaffolashib, Qorako‘zning yuzlarini yuva boshladi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.