OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Komil Avaz. To‘piq (hikoya)

Eski o‘tindan sassiq tutun chiqadi... Odam qariganidan keyin o‘tin-da.
Sapo sirp shu haqda o‘yladiyu xayollari ostin-ustun bo‘lib ketdi. Eski o‘tin... Eh, qanday zabardast yigit edi-ya, bugun bo‘lsa uy gumrosi, bitta gap ko‘p, yarimtasi ortiqcha, sal narsaga sevinadi, sal narsaga qahr qiladi, bu fe’lidan ba’zan o‘ziga o‘zi yomon ko‘rinib ketadi. Qo‘ni-qo‘shnilarning atrofida ivirsib yurishlari g‘ashini keltiradi, kampirining beo‘rin to‘ng‘illashlari ensasini qotiradi. To‘ng‘ich nevarasi bo‘lsa, yo parvardigor, hozirgi bolalarga ham tushunib bo‘lmay qoldi, shunaqa qiliqlar qiladiki...
Sapo sirp o‘zini chalg‘itmoqchi bo‘ladi. Nevaralar yangi zamonning yoshlari, ulardan nega endi xafa bo‘lishi kerak? O‘zi yoshligida qanday edi? Ertayu kech shataloq otib, kunni kech qilib yurardi-ku! Yodidan chiqdimi? Ammo, sho‘x, qaysar bo‘lgani bilan rahmatli bobosini bir marta bo‘lsin, ranjitgan emas. Kattalar bir nima deyishsa, to‘g‘rimi, noto‘g‘rimi, xo‘b deyishgan. Endi-chi?
Xayoliga bir voqea keldi-yu, yuziga tabassum yugurdi. Mana, Shokir mulkdan to‘piqni so‘ramaganiga ham yarim asr bo‘layapti. Ne voqealar bo‘lmadi, gap-so‘zlar o‘tmadi oralaridan, lekin shu to‘piq bois to hanuz bir-birlaridan ko‘ngil uzishmaydi. Bir kun ko‘rishmasa sog‘inib qolishadi. Darvozasini taqillatib, hol-ahvol so‘ragani kelishadi. Yoshlikdan birga katta bo‘lishgan-da. Shu xayollari bilanmi, bir kuni nevarasiga nasihat qilmoqchi bo‘ldi:
— Bizlarning vaqtimiz boshqacha edi, bolam, sizlarniki boshqacha. Mayli, Xudo omadingizni bersin. Ammo senlarning ba’zi ishlaringga hecham qoyil emasman-da. Sal narsaga oralaringdan ola mushuk o‘tadi, bir-birlaringga achchiq qilasizlar. Ming‘illab, bo‘lar-bo‘lmas narsalarni gapirib, behuda tortishib, vaqtingizni o‘tkazib yurasizlar. Xotinchalish bo‘lib ketayotganlaringdan o‘ksinaman. Gursillatib yuradigan zamonlar keldi-ya, oyoqlaringiz tagidan o‘t chaqnab turishi kerak-ku. Bunaqa imkoniyatlar bizda bo‘lganida bormi, qanot bog‘lab uchardik...
Sapo sirp qarasa, nevarasi gaplarini berilib tinglayapti. Ilhomi jo‘shib, nasihatda davom etdi:
— Ho‘v kuni besh-oltita o‘rtoqlaring mehmonga kelishdi. Bir-birlaringga qilgan soxta mulozamatlaringdan uyalib ketdim. Dasturxonga ellik kishi bir hafta yotib yesa, qorni yoriladigan darajada mo‘l taom qo‘yilgan. Yarmidan ko‘pi isrof bo‘ldi. Kimga kerak bunday soxta obro‘? Bizning paytimizda bor — boricha, yo‘q — holicha edi, kimo‘zarga chiranmasdik, bitta zog‘ora non, bir piyola suv bilan ham mehmonning ko‘nglini olar edik. Besh-oltita non, bir qozon obiyovg‘on bilan yigirma kishi tonggacha hangomalashib, bir-birimizni xursand qilardik. To‘ysak bir tepada, och qolsak bir chuqurda edik. Hozir yeyiladimi-yo‘qmi, to‘rt-besh xil taom pishirasizlar, men sendan o‘taman, deb maqtanchoqlik qilasizlar. Axir, ulfatchilik degani topgan-tutganni kuldek sovurish, ozroq qizib olib, og‘izga kelganni aljirash degani emas-ku.
Nevara bobosining ma’nodor so‘zlariga javob qildi:
— To‘g‘ri, bobojon, mehmondorchilikda ko‘p taom pishiriladi. Dasturxonni noz-ne’matga to‘ldirish kerak. Bu ham bir madaniyat-da!
Boboning ko‘zlari chaqnab ketdi.
— He, o‘rgildim madaniyatlaringdan, senlar avval yoshullilarga salom berishni o‘rgan, ana madaniyat, qo‘sh-qo‘llab so‘rashishni o‘rgan, mana madaniyat. Birovni gapini bo‘lmasdan eshitishni o‘rgan, ana uni madaniyat desa bo‘ladi...
Nevara tobora qizishib borayotgan bobosining taftini bosmoqchi bo‘ldi:
— Endi, bobojon, hayot o‘zi shunaqa. Bundan ming yil avval ham kattalar yoshlardan xafa bo‘lishgan, “qo‘llaridan durustroq ish kelmaydi, tarbiyalari chatoq”, deya zorlanishgan. Hozir, bundan keyin ham, menimcha, shunday deyishadi. Ammo tashvishlanadigan joyi yo‘q, mana ko‘rasiz, hammasi joyida bo‘ladi. Yoshlar hali shunaqa ishlarni qilishsin-ki...
— Xah! Gapirasan-da, senlarga quruq gap bo‘lsa bo‘ldi, — dedi bobo ensasi qotib. Shu tobda nevarasini bir gap bilan mot qilmoqchi bo‘ldi-yu, o‘sha qurib ketgur gapni topa olmadi. Unut bo‘lib borayotgan, do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan bir antiqa o‘yin haqida nevarasiga gapirib bermoqchi edi, uning qayoqqadir shoshib turganini sezdi-yu, asta ko‘zini yumdi. O‘zini uxlaganga soldi.
Nevara paytdan foydalanib, jo‘nab qoldi. Sapo sirp o‘rindiqqa o‘rnashibroq o‘tirib, qani endi hozirgi bolalar shu o‘yinni bilishsa, bir umrga oralaridan qil ham o‘tmaydigan qadrdon bo‘lib ketishar edi-ya, deya orzulandi. Bu — «To‘piq» o‘yini edi.
To‘piq — qo‘yning to‘piq suyagi. Ikki kishi, ziyofat chog‘ida, yor-birodarlarning hay-hayi bilan bu o‘yinni o‘ynashga rozi bo‘lishadi. Bir qaraganda, ma’nosi jo‘ngina o‘yin — bir kishi to‘piqni olib, cho‘ntagigami, belbog‘igami yashiradi, ikkinchisi vaqt-bemahal unga bexosdan: “To‘piqni ko‘rsat”, deb qoladi. Ko‘rsatsa — yaxshi, ko‘rsata olmasa — yutqazadi. Xullas, ikki tomonga ham oson emas, yutqazgan odam sarupoli ziyofatga tushadi, yor-do‘stlar ichida izza bo‘ladi. O‘yin ikki kishi o‘rtasida bir necha yil, ba’zan besh-o‘n yillab davom etishi mumkin.
Shokir mulk bilan Sapo sirp to‘piq olishib, bahs boylaganlarida tug‘ilgan bolalarining farzandlari ham voyaga yetdi, uylanishdi. To‘piq Shokir mulkda. Har vaqt-har vaqt hariflar Sapo sirpni to‘piqni so‘ragin, deb qistovga olishadi, lekin u yon bermaydi. Vaqti-soati bor, deydi. Ikkalalari bir-birlarini ko‘rib qolishsa, ehtiyot bo‘lib gaplashishadi.
Shokir mulk ko‘pincha «to‘piq o‘yini» yodidan butunlay chiqib ketganday tutadi o‘zini, ammo Sapo sirp uning pixini yorgan ayyorligini, osonlikcha jon bermasligini yaxshi bilganidan ham to‘piqni so‘ramaydi. Bir safar ulfatlar o‘yin shashtini pasaytirib yuborganlari uchun har ikkovini qistoqqa olishdi, ammo o‘yin qoidasida sustkashlik uchun biron-bir jazo ko‘zda tutilmagan ekan. Shunga qaramay Sapo sirpga:
— Hozir Shokir suvga tushadi, sen nariroqda ovqat pishirish bilan mashg‘ul bo‘lasan. Shokir suzib ketganida sen ham cho‘mila boshlaysan. Bir-ikki sho‘ng‘igach, beparvolik bilan undan to‘piqni so‘raysan, tamom-vassalom, bir ziyofat hast. Bugun uning yonida to‘piq yo‘q, — deyishdi.
Do‘stlar aytganiday, Shokir mulk yechinib, suvga tushdi, biroq Sapo sirp Shokirdan to‘piqni so‘rashga yuragi betlamadi. Chunki u anoyilardan emas, to‘piqni ishtoni ichiga bog‘lamay suvga tushmaydi, mahkam odam. Ulfatlarga kim yutildi-yu, kim yutqizdi — farqi yo‘q, ziyofat bo‘lsa bo‘ldi.
Shokir mulk suvdan chiqqach, ulfatlar Sapo sirpning ustidan mazax qilib kulishdi. Sapo sirp odati bo‘yicha parvo qilmadi. Shokir mulk esa go‘yoki hech nima bo‘lmaganday, o‘zini beparvo tutib kiyina boshladi. Ulfatlar xunob bo‘lib ketishdi. Bunaqada hali-veri og‘izlari ziyofat ko‘rmaydi. O‘ylab-o‘ylab, oxiri Sapo sirp bilan Shokir mulkning o‘rtasini buzish payiga tushishdi.
O‘tgan asrning elliginchi yillari. Qishloqda bitta yuk mashinasi bor, uni Sapo sirp haydaydi. Rais ulfatlari bo‘lganidan, mashina bilan bitadigan nima ish bo‘lsa, hammasini Saponing zimmasiga yuklab, o‘zi uch g‘ildirakli mototsiklda yuradi. Jo‘ralar raisni o‘rtaga olishdi:
— To‘piq rasvo bo‘ldi, rais! Bir yonli qilish kerak. Hoynahoy, ikkalasi bizdan yashirincha kelishib olishganga o‘xshaydi. Birovining jahlini qo‘zg‘ab, oralarini vaqtincha buzsak-chi?
— Qanday qilib? — rais hayron bo‘lib ulfatlariga qaradi.
— Siz, axir raissiz, kallangiz biznikidan yaxshi ishlagani uchun ham raissiz-da! Bir chorasini toping, axir.
— E, ular sinashta jo‘ra, oralaridan qil o‘tmaydi, bekorga ovora bo‘lasizlar, — luqma tashladi kimdir. “Kallangiz biznikidan yaxshi ishlaydi”, degan gap, to‘g‘risi, raisga moyday yoqib ketdi. U biroz o‘ylanib turdi-da, kutilmaganda:
— Yo‘li bor, – deb qoldi.
Yo‘li tezda topila qoldi. “Sapo sirpni rais bir ish bilan Xivaga jo‘natadi. Erining Xivaga borishini eshitgan xotini “men ham borib kelay, bolalarga u-bu olmoqchiman”, deb unga ergashadi. Rais Sapo sirp Xivaga xotini bilan ketganini eshitib, avvaliga jahllanadi. Dalada ish qizib turgan bir paytda Xivada xotiniga balo bormi, deya fig‘oni chiqadi. Sapo sirp ha deganda Xivadan qaytib kelavermaydi.
Raisning toqati toq bo‘ladi, mototsiklini tirillatib katta yo‘lga chiqadi. Kun peshindan oqqanda Sapo sirpning lapanglagan yuk mashinasi ko‘rinadi. Rais mototsikldan tushib, mashinani to‘xtat, deganday ishora qiladi. Mashina to‘xtaydi. Sapo sirp kabinada xotinini qoldirib, pastga tushadi. Rais kutilmaganda qulochkashlab, Sapo sirpning yuziga tarsaki tortib yuboradi. Sapo sirp nima bo‘lganiga tushunmay yuzini bir qo‘li bilan ushlagancha bir raisga, bir xotiniga qaraydi.
— Qaerlarda yuribsan? Quyosh nera galdi? — qahr bilan so‘raydi rais. So‘ng sirpning xotini eshitsin deb, atay ovozini balandlatadi:
— Kabinadagi xotin kim?
— Xotinim, — deydi Sapo sirp rangi quv o‘chib.
— Nima, xotinim deysanmi, unda... kechagi xotin kim edi? Kecha kabinangda yalpayib o‘tirgan xotinni so‘rayapman sendan, gapir?
Sapo sirpning xotini raisning bu gapidan keyin sakrab pastga tushadi-da, erining hay-haylashiga ham qaramay, uyiga jo‘nab qoladi. Sapo sirpning xotini Shokir mulkning uzoqroq qarindoshi. Ana hangomayu mana hangoma...”.
Reja puxta ishlanganiga qaramay, natijasiz tugadi. Sapo sirpning xotini eriga ishonganidan, raisning ilmoqli gapiga parvo ham qilmadi. Aksincha, “O‘zingiz-chi, ho‘v kuni gujumning yonida bag‘ringizga bosi-ib turganingiz kim edi?”, deb qolsa bo‘ladimi. Rais bechora mulzam bo‘lib qoldi...
Yillar o‘tdi. Sapo sirp ham, Shokir mulk ham qarishdi. To‘piq haliyam Shokir mulkda, Sapo sirp so‘ramaydi.
Yaqinda Shokir mulk do‘stiga birdan yorilib qoldi:
— To‘piqni nevaramga berdim, Sapo, sen nevarangga shartimizni yaxshilab tushuntirib qo‘y, o‘yinni davom ettirishsin. Shu to‘piq bahona do‘stliklariga bir umr rahna tushmaydi. Men nevaramga tushuntirdim. Ular birga ziyofatda ekanlar.
Sapo sirpning ko‘ngli yorishib ketdi.
— Tushuntiraman, Shokirboy, tushuntiraman! Xudo xohlasa, keyinimiz butun, endi u yona orqayin ketaversak ham bo‘ladi. Nima deding?
— Ey jo‘ra, shunisiga shukur, bitta to‘piq deb hayotning qancha imtihonidan o‘tdik.
— Nevaralarimiz ham o‘tisharmikin bu imtihondan? Zamon juda tezob bo‘lib ketdi. Sen nima deb o‘ylaysan, Shokirboy?
— O‘tishadi, sen bilan mening nevaram bo‘lganidan keyin, o‘tishadi-da. Zamon bo‘lsa hamisha tezob bo‘lgan, jo‘ra. Sen xavotir olma.
Ikki do‘st ko‘zlariga yosh olib, bir-birlarini bag‘rilariga bosishdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.