Bu yerga kelganimizga uch-to‘rt oy bo‘ldi. Men ham, oyim bilan dadam ham yangi uyga, qo‘ni-qo‘shnilarga allaqachon o‘rganib ketdik. Biroq buvim esa, xuddi biron narsani yo‘qotib qo‘ygan odamdek, turib-turib eski hovlini qo‘msab qoladi-yu o‘zini qo‘ygani joy topolmay:
— Hoy, bolam, — deydi yalinib, — eski mahallaga bir borib kelsakchi-a?
Bu gap menga yoqmaydi.
— Qiziqsiz-a, buvi, — deyman, — eski mahalla qoldimi?
Shunda buvim birdan bo‘shashib:
— Eshikning oldidagi nok turganmikin, a? — deydi va nima deb javob berishimni oldindan bilgani uchun gapimni ham eshitmay, uyga xomush kirib ketadi. Buvimga hayronman. Ko‘chayotganimizda boshqa narsalar qolib nokka achingan. Men-ku, nokni eslasam yuragim g‘ash bo‘ladi. Kesilib ketsin deb yuraman. Biroq kesilganmi, yo‘qmi, ko‘zim bilan ko‘ray desam, eski mahallaga hech yo‘lim tushmaydi. Buvimning xomushligi bahona bo‘ldi-yu kiyindim, buvimning oldiga kirib:
— Qani, yuring, — dedim.
Shu topda bechora buvimning yosh boladek quvonib ketganini bir ko‘rsangiz edi.
Mana, ikkalamiz avtobusda eski mahallaga ketyapmiz. Buvim o‘z-o‘zidan jilmayadi, oynadan bosh chiqaradi, ilhaq bo‘lib nimanidir qidiradi. Men esa qani endi, nok kesilib to‘nka-po‘nkasini ham buldozer qo‘porib tashlagan bo‘lsa, deb boryapman. Men sizga aytsam, bunday deyishimning sababi bor.
Eshigimiz oldida bir tup nok bor edi. Shoxlari devor osha hovlimizning yarmini egallab, quyuq soya tashlab turardi. Dadam chilangarlikdan ataylab temirdan so‘ri yasatib, ostiga qo‘yib bergan edi. Doim o‘sha yerda ovqatlanardik. Men bo‘lsam butun yoz maza qilib nokning tagida yotardim. Ayni nok pishig‘i edi. Maktabimizda yozuvchi Hakim Nazirning „Chiranma g‘oz...“ pyesasini sahnalashtirmoqchi edik. Murod rolini men o‘ynaydigan bo‘ldim. O‘n besh kun deganda pyesani tayyorladik. Maktabimizga ota-onalarni, yozuvchini ham taklif qildik. Ertaga tomosha degan kuni allavaqtgacha uxlayolmay yulduzlarga qarab yotdim. Tongga yaqin ko‘zim ilingan ekan, peshanamga tushgan allaqanday mushtdan dodlab o‘rnimdan turib ketdim. Qarasam, yostig‘imning ustida bir dona nok dumalab yotibdi.
Eng yomoni shu bo‘ldiki, hash-pash deguncha chap ko‘zim ko‘karib, qovoqlarim shishib chiqdi. Bunaqa bashara bilan sahnaga emas, ko‘chaga ham chiqib bo‘lmas edi. O‘sha kuni hech qayoqqa bormay, alamimdan dumalab yotdim. Viqor bilan ko‘kka bo‘y cho‘zgan nokning „bopladimmi“ degandek shivillashiga chidayolmay, devorga chiqdim-u kattakon bir shoxini arralab tashladim. Shox kesilib qarsillab yerga tushganda, uydan buvim yugurib chiqdi.
— Nima qilding, bolam, — dedi titrab-qaqshab va sekin ostonaga o‘tirdi.
...O‘sha kuni dadamning koyiganini hisobga olmaganda butunlay alamimdan chiqqan edim-u, mana, hozir juda olisda chayqalib turgan nokni ko‘rib, ko‘zimga og‘riq kirganday bo‘ldi, buvim esa qadrdon hamrohini qayta topganday:
— Qara, bolam, — dedi mamnun iljayib, — turibdi-ya, turibdi.
Avtobusdan tushdik.
Jin ko‘chalardan, paxsa devorlardan nom-nishon qolmagan. Qator-qator yangi uylar, ba’zilari bitgan, ba’zilari ikkinchi- uchinchi qavatgacha ko‘tarilgan. Tumshug‘i havoga sanchilgan
ko‘tarma kranlar taqa-taq to‘xtagan, hamma ovqatdan so‘ng nokning quyuq soyasida hordiq chiqarar edi.
Biz ham buvim bilan bir chekkada o‘tirib dam oldik.
Ishchilardan biri botinkasini yechib, shimini tizzagacha qayirdi. Shipillab nokning ustiga chiqib silkitgan edi, nok duv etib to‘kildi. Qiy-chuv, kulgi bilan qizlar nokni terib o‘rtaga qo‘yishdi. Men ham oldimga tushganlarini cho‘ntakka urdim. Nok qoqqan kishi pastga qarab:
— Bo‘ldimi, — dedi.
— Ha, — chuvirlashishdi qizlar. — Ertaga ham qolsin.
U ohista tusha boshladi va xuddi men kesib tashlagan joyga kelganda nazarimda beixtiyor to‘xtagandek bo‘ldi. Men o‘zimni allanechuk sezdim. U esa, daraxtning kesilgan yeriga qarab, peshanasini tirishtirdi, nimadir deb boshini chayqadi, g‘ala- g‘ovurdan eshitolmadim, so‘ng sirg‘alib pastga tushdi. Buvimga bildirmay sekin nokka qaradim. O‘zim ham eng chiroyli shoxini olib tashlagan ekanman, shu topda nok bir qanoti singan burgutni eslatardi! O‘sha voqea buvimning esiga tushib qolishidan cho‘chib:
— Buvi, — dedim nok chaynab, — nega shu nokni yaxshi ko‘rasiz-a?
Buvim esa hadeganda javob bermadi. Ko‘zlari yarim yumuq, allanarsalarni eslab iljayadi, o‘z-o‘zidan lablari pichirlaydi.
— Buni, — dedi nihoyat xayol bilan, — buni... rahmatli buvang ekkan. Odamlarga ekkan. Ana shu tagida o‘tirgan odamlarga ekkan, bolam.
Men nima deyishimni, nima qilishimni va qayerga qochishimni bilmay qoldim!
Azim tup nok esa jaziramadan odamlarni bag‘riga chorlab, go‘yo buvimning gaplarini tasdiqlagandek, tepamizda sirli shovullar edi!