OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lobar Azizxo‘jayeva. Meni sevib qolsayding…(badia)

Eshik ochilib bir-biridan ezgin xayollarimni uchirib yuboradi. Onajonim astagina tepamga kelib sochlarimni silaydilar
— O‘tiribsanmi bolam? Men ketyapman, senam birrovga chiqsang bo‘lardi, sal bo‘lsayam ko‘ngling yozilardi…
Men qizargan ko‘zlarimni onamdan yashiraman.
— Yo‘q, ona, borgim yo‘q…
— Mayli, bo‘masa men tezgina qaytaman. Aytganday, o‘g‘lim, to‘yga anavi sen yoqtiradigan hofiz kelarmish, chiqsang ko‘rarding, qo‘shiqlarini tinglarding…
— Siz boravering, onajon, hofizning ovozi bu yerga bemalol eshitilib turadi…
— Ha mayli… 
— Chiroqnio‘chirib keting!
Hujram ko‘nglim bilan bir xil tusga kiradi…
To‘y bo‘layotgan xonadondan kelayotgan yor-yor sadolari, karnay-sunray ovozi yetti mahallaga taraladi. Yo‘q-yo‘q, bular yor-yor emas, shodlik emas, bular…bular ayriliq, hijron sadolari! Bular o‘ksib-o‘ksib yig‘layotgan muhabbatning nidolari!
Bu mash’um sadolar mening zulmatga cho‘mgan hujramga ham kirib keladi… Qulog‘im ostida jaranglab, go‘yo ustimdan kulayotgandek bo‘ladi…
Boshimni bolishning ostiga tiqaman, ko‘zlarimni chirt yumaman, yo‘q…Baribir eshitilaveradi…
Eshitilaveradi, eshitilaveradi!!!
Bo‘g‘zimdan olamni buzgudek bir faryod otilib chiqadi…
Bu faryod…Bu faryod karnay-sunray sadolari ostida yo‘q bo‘lib ketadi…
Yuragim yonyapti…
Men nega buncha kuyyapman? Kim uchun buncha faryod chekyapman?
Sen uchunmi?
Men seni sevarmidim? Bunchalik yonib-kuyishimga qaraganda sevar ekanman-da! Buni qara-ya, buni o‘zim ham bilmas ekanman…
Axir kechagina o‘zim senga kulib turib baxt tilamadimmi?
Yo‘q-yo‘q… Men seni sevmayman… Biz do‘st edik xolos. 
Esingdami? Xudoni bergan kuni qo‘lingda kitob bilan yonimga chiqib kelarding. Qo‘lingdagi kitob albatta muhabbat xaqida bo‘lardi. 
Sen ko‘zlaring chaqnab kitobni maqtay-maqtay qo‘limga tutqazib ketarding. Torgina hujram sen berib ketgan katta-kichik kitoblar bilan to‘lib-toshgandi. Men kitobni tezroq tugatishga harakat qilardim, chunki o‘qib bo‘lganimdan so‘ng sen bilan asar xaqida uzoq-uzoq tortishib, bahslashib o‘tirardik. Sen o‘zimiz o‘qib chiqqan kitoblardagi hayotni orzu qilarding… Yodimda, bir kuni “Choliqushi” xaqida uzoq suhbatlashdik
— Bariga Komron aybdor! — deganding uzun-uzun kipriklaring pirpirab, — axmoq bo‘lmasa, Faridani allaqanday sariq gullarga almasharmidi?
— Hayotda hamma adashadi. — Shunday deymanu sening qo‘ng‘iroq sochlaringdan, Olloh in’om etgan, hech qanday bo‘yoqlarsiz go‘zal husningdan ko‘z uzolmay tikilib qolaman. 
— E-e, ana endi shu axmoqligini deb shuncha yil azob chekdi. Farida “hamma sariq odamlar bevafo bo‘ladi”, degan. Menimcha u xaq! — shunday deysan-u, qiqir-qiqir kulasan. Bu gapni menga tekkizib aytayotganingni bilaman. Shu choqda sen ko‘zimga xuddi o‘sha Faridadek ko‘rinib ketasan. — Bilasanmi, Oygul, sen xuddi Faridaga o‘xshaysan. 
— Rostdanmi?
— Ha, rost… Agar men Komronning o‘rnida bo‘lganimda edi, Faridani hech qanday gulga alishmagan bo‘lardim…
Sen qizarib, ko‘zlaringni olib qochasan.
Xayollarimni to‘y xonadonidan kelayotgan mungli qo‘shiq bo‘lib yuboradi. Ha, bu o‘sha, men suygan hofiz… Dard bilan sug‘orilgan qo‘shiq so‘zlari mening xonamga ham oqib kiradi:

Sen bog‘dagi yelday sho‘x, 
Bir dam orom olsayding…
Derlar orzuga ayb yo‘q, 
Mani sevib qolsayding…


Yuzimda nam sezaman, yig‘layapmanmi? Nima uchun?! Hofizning qo‘shig‘igami? Men ham shuni orzu qilganmidim? Nahot shunday orzu etishga jur’at qilgan bo‘lsam?

Yoy nishonga yetmasdan, 
Fursat mag‘lub etmasdan
Umrim o‘tib ketmasdan
Mani sevib qolsayding…
Dunyo sinovli, shartli, 
Xam quvonchli xam dardli
Orzuyim bo‘lmay gardli
Mani sevib qolsayding…


Kecha oxirgi marta yonimga kelding…
Bu safar qo‘lingda kitobmas, chetiga kashtalar tikib bezatilgan ro‘molcha bor edi. 
— Aziz, meni unutmaysan-a? — deding chiroyli ko‘zlaringni menga tikib.
— Yo‘q, Oygul, seni unutmayman. Axir o‘zimizni mahallaga kelin bo‘lyapsan-u. 
— Shundayku-ya, endi baribir oldingga chiqib turolmaymanda… Lekin bilasanmi, sen mening eng yaxshi do‘stimsan. Sen bilan qurgan suhbatlarimiz, bahslashganlarimiz hech qachon yodimdan chiqmaydi. 
— Mening ham…
— Ertaga to‘yimga chiqasana?
— Albatta…
— Aldamaysanmi? Chiqmasang xafa bo‘laman. Dadam to‘yga sen yoqtirgan hofizni olib kelar ekanlar. Dugonalarim biram kuyib ketyapti…
— Sen albatta bahtli bo‘lishing kerak Oygul…O‘zing istaganingdek, o‘sha kitoblardagidek go‘zal baht qurishga intil…
— Rahmat, Aziz, sen chinakam do‘stsan. Xayr, endi uyga chiqa qolay…
Sen qo‘limga o‘zing tikkan ro‘molchani tutqazib ketding. Alvon ro‘molcha chetiga oppoq ipak bilan “O+A=D”deb yozib qo‘yibsan…
Mana, ro‘molchang qo‘limda, undan seni iforing kelyapti, Oygul…
Bugun sening to‘ying…Tasavvur qilyapman qanchalik go‘zal bo‘lib ketganingni. Oq libos senga judayam yarashgandir-a…
Eshityapsanmi, Oygul, qo‘shiqni eshityapsanmi?
Kuy yig‘layapti… kuy o‘z dardiga dosh berolmay yig‘layapti. Hofiz o‘rtanib-o‘rtanib meni dardimni kuylayapti Oygul…

Keldi mehring fursati,
Bo‘lay vasling ulfati, 
Sodiqligim hurmati, 
Mani sevib qolsayding…
Qadru qimmatim bilib, 
Biroz nazarga ilib,
Ko‘nglimga shafqat qilib,
Mani sevib qolsayding.


Qishloqdoshlarimning qiyqirib chapak chalgani, ”Juft bo‘lsin!” deb baqirishgani eshitiladi.
Ey, odamlar, bu qo‘shiqni qiyqirib, chapak chalib emas, yig‘lab eshitish kerak, yig‘lab! Bu qo‘shiqni dardi borlar, yuragi yonayotganlar eshitishi kerak…
To‘yni u yog‘i sho‘x-sho‘x sadolarga ulanib ketadi. 
Bilaman, hozir davra to‘rida, oppoq libosda yal-yal yonibo‘tiribsan-u, ko‘zing bilan meni izlayapsan. Kechir meni, to‘yingga chiqolmadim, Oygul. Mening bebosh qalbim seni sevib qolishga jur’at qilibdi… Hofiz aytganidek, orzuga ayb yo‘q…
Hujram havosi og‘irlashib, bo‘g‘zimdan bo‘g‘ayotgandek bo‘lyapti…
Eshik g‘ichirlab ochilib onamning xushhol qiyofalari ko‘rinadi. 
— Zerikmay o‘tiribsanmi, bolam? Anavi hofiz to‘yni rosa qizdiryapti. O‘ziyam butun qishloq ko‘chib kepti-yov uni ko‘rgani. Po‘latboyam juda orzu-havasli-da, to‘yiga shundoq hofizni olib kelibdi!
— Ona, siqilib ketdim, hovliga chiqaman…
— Hozir, bolam, — onam shoshib tepamga keladilar. — Oygul shunday chiroyli kelin bo‘libdi, ko‘z tegmasin, ko‘rgan odamni suqi kiradi-ya… Po‘latboyning o‘g‘li bilan bir-birlariga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashishibdi o‘ziyam!
Oh onajonima, dardimni bilmaydilar-da… Bilmaganlariyam yaxshi. Bir o‘zimni kuyganim ham yetar…
Aravachamni g‘ildiratib, hovliga chiqaman. Ko‘ksimni to‘ldirib-to‘ldirib nafas olaman.
— Ollohga shukur...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.