OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Lobar Rustamova. Sog‘inch (hikoya)

– Akmal Umirovich, sizni bir kishi so‘rayapti.
– Kim ekan? – dedi stol ustidagi tugmachani bosib.
– Do‘stiman, qishloqdan keldim deyaptila...
"Obbo, birortasi bolamni institutga joylashga yordam ber deb kelgan ko‘rinadi", – deya o‘yladi. Nogoh o‘tgan yili hamqishlog‘i Ayubning qizini o‘qishga kiritish uchun bir necha kun halovat bilmay yugurgani esiga tushdi. O‘shanda Ayubga ham vositachi topib berdi-yu, keyin nima bo‘ldi, surishtirgani ham yo‘q. Ayub ham natijasi nima bo‘lganini aytmay-netmay, xayr-xo‘shni nasiya qilib ketdi. Endi bunisi kim bo‘ldi ekan? Tinchgina ishlashga ham qo‘yishmaydi. O‘shanday olis qishloqdan kelib, Toshkentday azim shaharda ham uni topib olishadi-ya, tavba.
– Akmal Umirovich, – yana kotibaning qo‘ng‘iroqday ovozi eshitildi. – Kiraversinlarmi?
Akmal taraddudlanib turgandi, o‘sha kishining ovozi keldi:
– Akmal, nimab balo, sinfdosh do‘stingni, ham­qishlog‘ingni ham shunchalik kuttirasanmi? Men – So­diqman. Partadoshing. Esladingmi?
– Ha, senmiding... men bo‘lsam... Kiraver...
Sodiq cho‘g‘day yasatilgan kattakon xonaga kirib, qadam qo‘yishni ham, qo‘ymaslikni ham bilmay qoldi.
Rangi o‘chinqiragan ko‘ylagu, dazmolsiz shimdaligidan o‘zini noqulay his qildi.
– Haligi... seni bir ko‘rib ketay deb...
– Yaxshi... qani, so‘rashib qo‘yaylik. – Akmal qo‘l uzatdi. Sodiq esa... kiriboq do‘stini qachondan beri ko‘rmagani uchun qattiq sog‘inganidan quchoq ochib kel­di-yu (aslida bag‘riga bosib bir yig‘lab bermoqchi edi), keyin uzatilgan qo‘lni ko‘rib, issiqdan terlagan kaftini ko‘ylagiga artib, qo‘l berdi. Axir ko‘rmaganiga ham o‘n yildan oshibdi!
– Yaxshimisan, oshna. Qani kel, o‘tir. Qaysi shamollar uchirdi?
– Shundoq bir aylanib kelgandim. Manzilingni Samad amakimdan oldim. Ular ham ko‘pdan-ko‘p salom aytishimni tayinlashdi.
U shunday deya katta, keng, chiroyli, sovutgich ishlab, televizor ko‘rsatib turgan xonani yana bir bor ko‘zdan o‘tkazdi.
– Xonang juda zo‘r ekan... kun bo‘yi shu yerda o‘tirib yorilib ketmaysanmi?
– Zerikishga vaqt yo‘q, ish ko‘p. Qog‘oz...– dedi Akmal kresloga joylashib o‘tirib olar ekan.
– Menga qara, nega sinfdoshlarning o‘ttiz yillik uchrashuviga bormading? Ammo, juda zo‘r bo‘ldi. Sen bilan Sadir bormadinglar. Keyin bilsak, u o‘sha kuni ko‘richak bo‘lib qolgan ekan. Uchrashuvdan chiqiboq kasalxonaga ko‘rgani o‘tdik. Biram xursand bo‘ldi, boyaqish... Lekin seni rosa kutdik. Yo xabarni olmaganmiding? Ukang – Azimjonning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib tayinlayman, degandi.
– Ishni ko‘rib turibsan... Sizlar bilan bir oz ko‘rishib, gaplashib kelish yaxshi. Lekin bu yoqda ish ti­g‘iz. Axir, mingta odam ishlaydigan korxonani bosh­qa­raman. Bir joyga ko‘zimni chirt yumib chiqib ketolmayman.
– Ha, – dedi Sodiq, – senga oson emasligini tushunib turibman. Hechqisi yo‘q. Seni faqat yaxshi sifatlaringni aytib, esladik. Ustozlarga sovg‘a-salomlar qildik. Nozima, Alijonlarni xotirlab uylariga bordik...
– Nima, ular... qachon? Ha-ya, onam aytganday bo‘­luvdilar. Xayolimdan ko‘tarilibdi.
– O‘tgan yili qishda edi. Biri tsirroz, biri osh­qozonidan, – dedi Sodiq ko‘zlariga yosh olib. – Bolalariga qiyin bo‘ldi-da. Birortasiniyam uylab-joylashmagandi...
– Hayot shu ekan-da! Qo‘limizdan nima ham kelardi...
– Yaqinda uyga boribsan. Bir og‘izgina, men keldim, desang, yugurib o‘taman-a... – dedi Sodiq do‘stidan ranjigan ohangda.
– Ish zarur edi.
Akmal shunday dedi-qo‘ydi. Aslida sinfdoshlar bilan bolalik xotiralarini eslab, dardlashib o‘tirishga vaqt qayda. Shu sabab kechda qishloqqa yetib bordi-yu, azonlab yo‘lga chiqib, jo‘nab qoldi...
“Sodiqning ham bir dardi boru boyadan beri aytolmay gapni u yoq-bu yoqqa buryapti,– deya xayol qilardi u. Birorta bolasi o‘qishga kiradigan... Yordam qil, tanish top yoki o‘zing gaplashib ber, deydi... Hozir ish ko‘paygan paytda Sodiqni sudrab qaysi ko‘chaga tentiraydi...”
Shu payt Ayub esiga tushdi.
– Sodiq, Ayubning qizi o‘qishga kirganmi?
Akmalga ishonib, Toshkentga kelib, qizini o‘qishga kiritolmay sarson bo‘lib, qishloqqa qaytib borishganini Sodiq eshitgan edi, ammo hozir bu haqda so‘z ochmadi.
– Ha, umi? Qizini erga berib yubordi.
Sodiq endi o‘qish mavzusida gap ochsa kerak, deb o‘yladi Akmal. Lekin bunday bo‘lmadi.
– Agar ishdan qolayotgan bo‘lsang, men ketay...
– Qiziqmisan... Hozir...
U sovutgichdan suv oldi. Piyolaga quyib uzatdi.
– Toshkentga jo‘nashimdan oldin Toshmirza dom­lani yerga qo‘ydik. U doim seni maqtagani maqtagan edi, eslaysanmi?
– Ha... Albatta. O‘zim ham matematikani yoqti­rardim.
– Bittagina o‘g‘li xorijda edi. Yetib kelolmadi. Akasi esa nogiron... Qabrga o‘zim qo‘ydim. Umr shu ekan-da. Qanday ustoz edi-ya... Gaplari keskir, mavzuni qulog‘ingga quyib qo‘yardi...
Akmal bir og‘iz so‘z qo‘shmadi. Nima ham derdi. Har darsda, o‘qishni tamomlab, ishlayotgan paytlarida ham Akmaljonni tilidan qo‘ymay maqtaydigan, eng zo‘r o‘quvchim edi, deya hammaga ibrat qilib ko‘rsatadigan bu ustozini biror marta yo telefon, yo xat orqali bo‘lsa ham yo‘qlamagan bo‘lsa. Shunday ustozi olamdan o‘tibdi-yu, u bexabar qolibdi.
– Lekin hayot davom etaveradi, – dedi Sodiq yana. – Kuni kecha Berdiyor qiz uzatdi. Sinfdoshlar bo‘lishib olib, to‘yning og‘ir tomonlarini ko‘tardik. Shunday xursand bo‘ldi...Xudo xohlasa, to‘yga aytsang, albatta hammamiz xizmatda bo‘lamiz. Aytsang, albatta.
– Aytaman. Sizlarsiz o‘tarmidi.
– Aytganday, – u o‘rnidan shoshib turdi-da, eshikni ochib, tashqaridan kattakon tarvuzni ko‘tarib kirdi.
– Senga olib kelgandim... – dedi u tarvuzni bir chetga qo‘yar ekan.
– Hamma yoqda tarvuz to‘lib yotgan bo‘lsa, nima qilarding qiynalib, – dedi Akmal Sodiqning bu soddaligidan ranjigan ohangda.
– Qiynalsam ham, qishloqdan olib keldim senga, – dedi Sodiq. – Bu boshqacha tarvuz. O‘z yerimizda unib, o‘z suvimizdan ichgan. O‘z havomizni simirgan...
Akmal bosh qimirlatib qo‘ya qoldi va Sodiqning biror nima so‘rashini kutdi.
Shu payt telefon jiringladi. Akmal qattiq-qattiq ohangda uzoq gapirib turdi. Sodiq o‘rnidan qo‘z­g‘aldi.
– Men boray endi... Xohlasang yur, tushlik mendan...
– Bilasanmi, hali tushlikka vaqt bor. Buning ustiga bir zarur masalani hal qilishim kerak.
– Mayli, vaqtingni olmay. Lekin qishloqqa ham borib tur...
– Korxona ishini deb, hech qaerga ketolmayman...
– Qishloqqa bor. Bolaligimiz o‘tgan tog‘larga chi­qamiz. Soylarda cho‘milamiz. Xohlasang, chodir tikib, qishloq tunini, osmonni tog‘dan turib tomosha qilib yotamiz... nima deding?
– Imkon bo‘lib qolar...
– Imkon top, albatta top. Oilangni olib, dalamga boringlar. Qovun, tarvuzlar pishib yotibdi. O‘rnida uzib yeyishning gashti boshqacha-da!
– Sen... nima masalada kelganding?
Sodiq g‘alati qarash qildi:
– Senga kim aytdi, faqat biron-bir tashvishi borlargina oldingga keladi, deb?! Afsus, meni hali ham tushunmading. Yo...kelganimdan xafa bo‘ldingmi?
– Nimalar deyapsan, sen yo‘qlab kelasan-u, men xafa bo‘lamanmi? Faqat... biror iltimosing bo‘lsa, tortinmay aytaver...
– Iltimosim yo‘q... Oddiy dalachi uchun hosil mo‘l bo‘lsa, uyida qozoni qaynab tursa, shuning o‘zi yetadi.
– To‘g‘ri aytasan. Qishloq odami uchun yer muhim... Farzandlaringni yoningga olgandirsan? – dedi Akmal.
– Hozir oilaviy ishlayapmiz. Albatta, o‘g‘illarim yonimda. Ularsiz eplay olarmidim?
Akmal yengil tortdi: "Xudoga shukur, bu yil o‘qish mashmashasidan qutulibman".
– Mayli, – dedi Sodiq xayrlashayotib. – Lekin ga­pimni albatta o‘ylab ko‘r. Bir umr shu yerda qol­maysan-ku! To‘ng‘ich farzandsan. Qishlog‘imiz ham avval sen tug‘ilib o‘sgan qishloq emas. Hamma qo‘lidan kelganicha uni o‘zgartirishga intilyapti. Avvalgi eski uylar qolmagan.
Shuncha yil hech kim hech nima demagan. Tinchgina ishlab yurgandi. Sodiq boshini g‘ovlatib ketdi. Ko‘ngli buzildi. Butun qishloq faxrlanadigan Akmal aslida hech kim emasligini, qishloqdoshlari uchun hech bir ish qilolmaganini angladi-yu, o‘zidan uyalib ketdi.
Sodiqning aytishicha, Tursunmirza choyxona ochganmish, Ilhom esa ikki qavatli do‘kon qurganmish. Yana ikki sinfdoshi – To‘lqin bilan Umar eski maktab binosini ta’mirlab, sport zaliga jihozlar olib berishganmish... Yana kimlar haqidadir rosa gapirdi. Lekin esida qolganlari shular...
Akmal nima qilib berdi? U ham bekor o‘tirgani yo‘q. Uning mahsulotlari chet ellarga eksport qilinyapti.
To‘g‘ri, bir yomon tomoni bor. Do‘stlaridan uzoq­lashib ketdi. Qishloqqa ham yilda bir-ikki bor bormasa, ishdan ortmaydi.
– Men... o‘g‘linimi-qizinimi o‘qishga kiritmoqchi, deb o‘ylagandim, – deya Akmal xotiniga bugungi uchra­shuv haqida gaprib berdi. – U atay meni ko‘rgani ke­libdi-ya, erinmagan odam...
– Shu yerda o‘g‘il-qizlari o‘qirkan... – dedi Kimyoxon.
– Menga, dalada, yonimda ishlaydi, degandi-ku!
– Yo‘q. Qizlari bu yil yuridik institutni tamomlarkan. O‘g‘li esa universitetning ikkinchi kursida ekan...
– Voy, ichidan pishgan-ey... Shunaqa de... Shunday Toshkentda yashab, shuncha imkoniyatimiz bo‘la turib, o‘g‘ling yuridikaga kirolmadi. Oddiy qishloq bolasi kirib o‘qisa-ya.
– Ha, byudjetda o‘qirkan.
– Qoyil. Sodiq zo‘r yigit-da! Birovga bo‘yin egish­ni istamaydi. Bolalari o‘qishga kiradigandayam bir og‘iz churq etmaganini qara... Lekin men ham yaxshi ish qilmadim. Birga tushlik qilgani ham vaqtdan qiz­g‘an­dim...
– Yaxshi bo‘lmabdi. O‘rtog‘ingiz ajoyib odam ekan. Qishloqqa boringlar, deb ketibdi.
– Aslida qachondan beri hech bo‘lmasa biror hafta o‘sha yoqlarga chiqib, do‘stlarni, qarindosh-urug‘larni ko‘rib kelgim bor. Bu orada men tanigan insonlardan ko‘plari olamdan o‘tibdi...
Akmal yugur-yugurlardan charchaganligini, qishloq havosini-yu odamlarini, tog‘u toshlarni, yovvoyi o‘t-o‘lan­larni, shovullab oqadigan soyni, ko‘kka bo‘y cho‘z­gan dov-daraxtlarni, qo‘ying-chi, bolaligini sog‘in­ganligini his qildi. Ko‘zlariga tomchi yosh ilindi...
– Dadasi, ta’til oling, qishloqqa boraylik. Bolalar ham bobo-buvilarini rosa sog‘inishgan.
– Yaxshi... – dedi Akmal. – Ertagayoq jo‘naymiz.
Lekin Akmal ertasiga ham, indiniga ham yo‘lga chiqolmadi, qishlog‘iga borolmadi.
O‘sha kuni ertalab uni vazirlikka chaqirib qo­lishdi. Bir necha xususiy korxona rahbarlari bilan chet elga jo‘nab ketdi. O‘zaro tajriba almashish, yangi texnologiya, jihozlar bilan tanishish maqsadida Germaniyada tashkil etilgan bu safardan olam-olam taassurotlar bilan qaytgan Akmal yana ishga sho‘ng‘ib ketdi.
Nihoyat, kuz oxirlab, qish keldi. Borliqni oqlikka burkab birinchi qor yoqqan kun ikki qavatli uy ayvonida turib tashqarini kuzatayotgan Akmalning yodiga yana bolaligi tushdi.
Qishloq yonginasidagi tepalik qor yog‘ishi bilan bolalarning eng gavjum maskaniga aylanardi. Pa­qir­lab suv tashib, yaxmalak hosil qilishgach, to ona­lari qu­vib, uyga haydamaguncha bu yerdan ketishmasdi. Qo‘shni mahalladan Karim degan yumaloqqina, past bo‘yli bolaning chanasi talash bo‘lar, hatto mushtlashib ham ketishardi. Kim quvgan, kim yiqilgan, kim yig‘lagan... Go‘yo asalari uyasi edi bu joy...
Lekin Sodiq o‘shanda ham ishbilgich edi. Karim bilan chiqishib, chanasini olar va har gal Akmalni chaqirib, bir necha odam bo‘yi keladigan qiya adirlikdan baqir-chaqir bilan uchib tushishardi.
Eh, qanday ajoyib damlar edi-ya... Bolalik yillari e’tibor qilmagan ekan-da... Aslida Sodiq doim uning yonida bo‘lishga, yordam berishga intilgan ekan. Akmal-chi... Faqat o‘qishni bilgan... Sinfdoshlari bi­lan, hatto Sodiq bilan ham ishi bo‘lmagan. Lekin Sodiq hamisha uni yolg‘izlatmaslikka harakat qilgan. U-ku do‘stim, qo‘shnim deb bilib shunday qilgan. Biroq Akmal-chi! Uni do‘st deb o‘ylab ko‘rganmi?
Odam bolasini bejizga “xom sut emgan banda” deyishmasligini endi anglaganday bo‘lyapti. Bolaligi, yoshlikdagi yaqinlari qadrini bilmagan ekan. Hozir o‘ylab ko‘rsa, uning birorta chin do‘sti yo‘q ekan. To‘g‘ri, uni yo‘qlaydiganlar, birga ulfatchilik qila­diganlar, kazo-kazo mansabdor jo‘ralari, soyasiga salom beradiganlar ko‘p... Lekin bir kun keksayib, ishdan qolganda yoki boshiga ish tushganda uning yonida bo‘ladigan do‘sti bormi? Albatta, yo‘q. Buni Akmal biladi. Shu bois hayotida yana Sodiqning paydo bo‘lishi uning qalbida kul bosib qolgan sog‘inch deb atalmish tuyg‘uni yana qayta tiriltirganday bo‘ldi.
Bir paytlar Akmal kelibdi, deyishsa, to qayt­guncha uylaridan odam uzilmas, hali u, hali bu sinfdoshi uyiga chaqirib, izzatini joyiga qo‘yardi. Bora-bora uni hech kim yo‘qlamay qo‘ydi. “Toshkentdan Akmaljon kelibdi”, deya eshik ochib, kirib keladiganlar ham qolmadi. Chunki uning o‘zi ham hech kimni qidirmaydi. Hatto yaqin yurgan maktabdoshining vafot etganiga ta’ziya bildirib, kelib ketmadi.
Endi esa... Yana birgina Sodiq uni qishloqqa qaytishga undayapti. “Tug‘ilib o‘sgan joyingga, odamlariga yordaming tegsin”, deyapti. Aslida hozir unda imkoniyat bor. Hech bo‘lmasa korxonaning filialini qishlog‘ida ochsa bo‘ladi. Sodiq aytganiday, kollejlarni bitirib, ish topolmay yurgan yoshlar ish bilan ta’minlanib, oilalariga foydalari tegardi...
Bahor o‘tib, yoz ketidan kuz keldi. Akmal hovli olish, uy qurish, nihoyat o‘g‘lini uylash tashvishlari bilan bo‘lib o‘ylagan rejalarini amalga oshirolmadi.
To‘y kuni qaerdandir yana Sodiq paydo bo‘lib qoldi. Akmal o‘ng‘aysiz ahvolga tushdi.
– Sodiq... kel...
– Keldim. To‘ylar muborak bo‘lsin! – dedi yetaklab kelgan katta qora qo‘chqorning arqonini kutib olgan kishiga berar ekan.
So‘ng Akmal bilan quchoqlashib so‘rashdi.
– Sodiq... To‘ychilik... Lekin sen ham qiz uzatibsan. Kechir, borolmadim, – dedi Akmal.
– Hechqisi yo‘q. Xafa emasman. Sening sharoitingni tushunaman. Lekin hurmat qilib eshigimdan kirib borsang, nasibang turibdi.
– Rahmat senga.
– Yana shu yerdan kelin olyapsan ekan... Demak, qishloqqa borish niyating yo‘q, – dedi Sodiq so‘riga o‘tar ekan. – Qani edi, sendagi imkon menda bo‘lsa, to‘rt qavatli qilib, korxona qursam...
– Bundan sen xavotir olma. Reja qilib qo‘yganman. Faqat... Ko‘rib turibsan, hovli qildim. Buning ustiga bu yerda to‘y qilish ham o‘zicha bo‘lmaydi.
– Mayli, yaxshi. Imkon topilib qolar. Topilmasa, o‘sha pulni menga berasan, o‘zim quraman.
Shu payt tashqaridan mehmonlar kelishgani ha­qida xabar qilishdi-yu, Akmal o‘rnidan turdi. Sodiq ortidan ergashdi...
Sodiq keyingi yilning bahorida yana keldi. Lekin bu gal u korxona to‘g‘risida og‘iz ochmadi. Bir oz vaqt u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi-yu, Akmalning tushlikni birga qilaylik, deganiga qaramay, xayrlashib chiqib ketdi.
Bir oz cho‘kib, ozib, ranglari sarg‘ayib qolganini Akmal keyin angladi. “Ichida bir dardi boru gapirolmay ketdimikan?” degan xayol lop etib miyasiga urildi.
Nazarida do‘stida avvalgi jo‘shqinlik, shijoat so‘nganday. Shuncha kutdi, korxonani qachon qurasan, deb ham so‘ramadi. Bir gap bo‘lgan ko‘rinadi.
U shu kuni qishloqqa, onasiga qo‘ng‘iroq qildi. Hol-ahvol so‘radi va yana:
– Onajon, Sodiqning ahvoli tuzukmi? – dedi.
– Bilmadim... do‘stingni Toshkentda deyishdi.
– Nega?
– Qandaydir kasali bormish...
– Onajon, qaysi kasalxonadaligini bilib bering.
Akmalning ko‘z oldida do‘stining siniq chehrasi namoyon bo‘ldi-yu, ich-ichidan o‘rtanib ketdi. “Shunday o‘t-olov do‘stim kasal bo‘lib yotgan ekan-u, shu yerda turib, xabar olmasam-a”.
Kechga yaqin onasidan shahardagi qaysi shifoxona ekanini bilgach, o‘sha yoqqa otlandi.
Do‘sti kelganda ahvoliga tuzukroq razm solmaganiga, dilidagini topolmaganiga qattiq afsuslandi.
ToshMI shifoxonasidagilarning javobi uni yanada ezib yubordi. Sodiq bugun javob olib, qishloqqa ketibdi. Demak, Akmal bilan xayrlashgani kirgan ekan-da. U esa uni odatdagi Sodiq deb o‘ylabdi.
Akmalning xonaga chiqqisi kelmadi. Korxona hov­lisidagi bog‘da, dov-daraxtlar salqinida uzoq o‘tir­di. Yelkasidan bir nima bosib turar, negadir xo‘rligi kelar, do‘stiga achinardi...
O‘tgan yili hali yerdan qor ketmay turib, dalasida ish boshlagan Sodiqjonga hammaning havasi kelgandi. Yurak-yuragidan ishlaydi, deyishgandi.
O‘sha yili buyragi qattiq shamollab, davolanganday bo‘lgandi-yu, keyin yana uy-joy qilish, to‘yning yugur-yugurlari bilan bo‘lib, astoydil yotishga vaqti bo‘lmagandi.
ToshMI shifoxonasiga kelganida esa, fursat o‘tgan ekan...
Akmal, “Sodiq nega keldiykin? Pul so‘ramoqchi bo‘ldimikan. Yo maslahat olishni istaganmikan? Nima bo‘lganda ham qaysi ko‘chaga bosh urishni bilmay, menga kelgan ko‘rinadi. Men esa beparvo, uning holatini anglab yetmay, o‘tiraveribman, qanchalar ahmoqman-a... So‘nggi kunlarini yashayotgan do‘stimga bir og‘iz dalda berguvchi so‘z aytolmasa-a. Loaqal xonadanoq xayrlashmay hovligacha kuzatib chiqsam bo‘lardi-ku!” degan o‘ylar bilan o‘z-o‘zidan ranjib o‘tirarkan, haydovchi yigit kelib:
– Akmal aka, vaqt bo‘ldi, – degachgina o‘rnidan turdi.
Bir necha kundan so‘ng qishloqdan kelgan xabar Akmalni esankiratib qo‘ydi: do‘sti olamdan o‘tibdi!
Akmal hech qachon bunday ahvolga tushmagandi. O‘pkasi to‘lib, yig‘lay boshladi. Odmi kiyimda, ko‘z­lari chaqnab, qishloqqa bor, u sen bilgan avvalgi qish­loq emas. Yoshlarga ish kerak. Imkoniyating bo‘la turib, shu ishni sen qilmasang, qishloqqa begona odam kelib, korxona ochadimi? Tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ing uchun nima ish qilib berding, deya kuyunib gapiradigan Sodiq ro‘parasida paydo bo‘ldi-yu, qotib qoldi.
– Sodiq... do‘stim... sen... kechir meni...
Shu payt xonaga ish yurituvchi yigit kirib keldi.
– Akmal aka, kechagi masalada...
– Qaysi... masala. – Akmal ko‘z yoshlarini artdi. – Bir ozdan keyin o‘zim chaqiraman sizni.
– Kechirasiz...
Akmal xonaga sig‘may qoldi. Kimyoxonga qo‘ng‘iroq qilib, tayyorlanib turishni tayinladi.
Onasini ko‘rib, Anvarjon, Zarifa ham hozirlana boshlashdi.
– Oyi, dadam ta’til olibdilarmi? – dedi Zarifa onasiga qarashar ekan.
Kimyoxon indamadi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 4-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.