OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Bir tomchi yosh (qissa)

Umid – yerda yotgan polapon.
Rasul Jumayev


I

Bu gal ham qarz undira olmadi. Shaharning qoq kindigidagi gavjum bozorda do‘kon ochib, oldi-sotdiga ko‘ngil qo‘yib anchagina boyib qolgan, talabalik ta’mini birga totgan do‘sti O‘ktam ham mijg‘ovlanib bir dunyo bahonani qalashtirib tashladi. Shu kunlarda kichik korxona ochish tashvishida yurganini, xarajat ustiga xarajat jabrini chekayotganini, tag‘in to‘rt-besh tanish-bilish olti oycha burun bir hafta ichida qaytarishga qasamlar ichib anchagina qarz olishganini, lekin hali-hanuz qaytarmay kuydirib yurganini ayta-ayta hasrat qildi. Ya’nikim, igna-ip tilanganning qarshisiga yirtiq ishton bilan chiqdi. 
Baxtiyor qarz undira olmaganidan ham ko‘ra do‘stining nigohlaridagi ifodadan xafa bo‘lib ketdi. Bu qarashlarda istehzo, masxara qalqib turardi. O‘l, bu kuningdan, degan ma’no, do‘sti harchand yashirishga urinsa-da, qorachig‘lar tub-tubida yiltillab ko‘rinardi. Har holda Baxtiyorga shunday tuyuldi.
U uvushgan barmoqday bo‘shashib ko‘chaga chiqarkan tomog‘iga tiqilgan xo‘rlikni arang ichiga yutdi.
Endi nima qiladi? Unga rahmi kelib, safarga birga olib ketishga ko‘ngan haligi brigadirga endi nima deydi? Yo‘lkira topolmadim deydimi so‘narib? Qarindoshlardan ham baribir naf yo‘q. Yo narigi mahalladagi sudxo‘rdan qarz ko‘tarsamikan? Bir oz tanish-bilishligi bor, balki qarz foizini arzonroq qilib berar?
Baxtiyor go‘yo qayon yurishini bilmagandek bo‘m-bo‘sh cho‘ntaklarida qo‘llarini musht qilib tukkan ko‘yi ko‘cha boshida ivirsib turib qoldi. So‘ng sal naridagi tanalari quruqshab, burishib ketgan qari tutga behol suyandi. 
Chor-atrofdan bahor nafasi ufurardi. Yam-yashil yaproqlarga burkangan dov-daraxtlar yengil epkindan ohista chayqalib turardi. Ko‘cha bo‘ylab uzalib ketgan beton ariq lablari ham rango-rang chechaklar, o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan.
U beixtiyor o‘zi unib-o‘sgan Arpasoy adirlarini esladi. Qo‘y-qo‘zilar ortidan bo‘yinsalari bilan chopqillashib yurishlari ko‘z o‘ngidan lip-lip o‘tdi. Yuragida silqib turgan xo‘rlikka sog‘inch hislari ham qo‘shilib ko‘zlari namlandi.
Bepoyon kengliklar, yulduzli, sohir kechalar, goho qayg‘u, goho quvonch qalqqan qiyofalar, bir so‘z bilan aytganda, tevaragida tovlanib turgan tiriklik o‘sha kezlar Baxtiyorda g‘alati tuyg‘ular qo‘zg‘ardi, ko‘ngli ba’zan ma’yus tortib, ba’zan shodlikdan to‘lqinlanar edi. Ko‘zi ko‘rib, ko‘ngli sezgan barcha-barcha manzaralarni qog‘ozlarda tasvirlagisi kelardi. Ya’nikim, musavvirlikka ishqi tushmish edi. U sinfxonadan o‘g‘irlab chiqqan bo‘r bo‘lagi bilan qir etagidagi xarsangtoshga har xil narsalarning rasmini chizib tashlar, tevaragiga tappiday tizilgan teng-to‘shlari tek qotib uning qo‘l harakatlarini havasmand kuzatishar, ahyon-ahyon qoyil qolgannamo bosh chayqab, rasm roppa-rosa asliga o‘xshaganini e’tirof etishar edi. Ko‘p o‘tmay Baxtiyorning iqtidori maktab bo‘yicha tan olindi. Har bayram arafasida muallimlar devoriy gazetalarini bezab berishni undan o‘tinib so‘raydigan bo‘lib qolishdi. Maktab endi-endi bitay deb turgan ajoyib kunlarning birida soch-soqollari o‘siq, kulrang kepkasini boshiga bostirib kiygan Georgiy ismli rassom qishloq biqinidagi tevaragi yulg‘unzor, qamishzor zovur bo‘yida paydo bo‘lib qoldi. U rassomchilik ashqol-dashqollarini oldiga yoyib, arzon nav sigaretini tutatgan ko‘yi kengliklar uzra shom quyilishini soatlab tomosha qilib o‘tirar, ahyon-ahyon qarshisidagi molbertiga allanimalarnidir chizgilab qo‘yar edi. 
Baxtiyorning otasi uning oldiga ikkita aroq, bir tog‘ora qovurdoq ko‘tarib bordi. O‘g‘lining qog‘ozga tushirgan rasmlarini ko‘rsatdi. O‘g‘lingiz bo‘ladigan bola, unda daholik alomatlari bor, dedi Georgiy bo‘shagan shishalarga qo‘shilib o‘zlari ham yumalab qolishgan bir paytda. Ketar chog‘i poytaxtlik rassom o‘zining telefoni raqamlarini berdi, maktabni bitirgach, meni topsin, dedi.
Ammo taqdir yo‘llanmasi boshqacha ekan. Amakilaridan biri Baxtiyorni qo‘yarda-qo‘ymay viloyat markazidagi muhandislar tayyorlovchi institutga yetaklab bordi. Zo‘r oshnolarim bor, seni o‘qishga kiritib qo‘yishadi, dedi. Lekin Baxtiyor yiqildi. Talaba bo‘la olmadi. Va o‘sha kuz harbiy xizmatga chaqirildi. Odatda askarlikdan yigitlar chiniqib, qotayib, qayralgan qilichday chatnab qaytishadi. Baxtiyor esa kasalmand ahvolda qishlog‘iga kirib keldi. U xizmat qilgan qurilish bataloni zavodlarning biridan zaharli chiqitlarni vagonlarga yuklash bilan shug‘ullanardi. Baxtiyor dam sayin o‘zini behol sezar, ahyon-ahyon boshi aylanib, ko‘zi tinib yiqilib qolar edi. Xizmat tugash arafasida askarlarni ko‘rikdan o‘tkazgan vrach ana shu chiqitlar kasofatidan Baxtiyorning yuragida illat paydo bo‘lganini ta’kidladi. Senga qayg‘urish, qattiq hayajonlanish mumkin emas, dedi u bir dunyo dori-darmonlar ro‘yxatini qo‘liga tutqazar ekan. Vrachning o‘sha ogohlantirishlarini Baxtiyor keyinchalik eslar ekan, goh kulgisi qistar, goh ensasi qotar edi. Axir bu dunyoda hayajonsiz, qayg‘usiz yashab bo‘larkanmi?
Harbiylikdan keltirilgan yo‘llanma sharofatidan Baxtiyor o‘sha muhandislar tayyorlovchi institut talabasi bo‘ldi.
“Quruq chizish-mizish bilan bundan buyon tirikchilik qilib bo‘lmaydi, – deya yana peshgirlik qildi o‘sha amakisi, – kelajakda non topib bera oladigan kasbning etagidan tutgan ma’qul. Juda chizging kelsa, injener bo‘lib ham bo‘yoq-mo‘yog‘ing bilan shug‘ullanib yuraverasan.”
Avval boshida amakisining nasihatlari Baxtiyorga ham jo‘yali tuyuldi, keyinchalik esa xato qilganini angladi. Musavvirlik san’atining sehri yigitni betinim o‘ziga chorlardi. Baxtiyor ijara uyini kichik bir ustaxonaga aylantirdi. O‘qishlar o‘lda-jo‘lda qoldi. Goh u, goh bu domlaning ko‘nglini topib kursdan kursga o‘tib yurdi. Ammo chizganlari ham tuzuk baholanmadi. To‘g‘rirog‘i, viloyat miqyosida uning ishlarini tushunib, munosib qadrlaydigan odam topilmadi. Poytaxtga qatnab asarlarini muhokama qildirishga unda na pul, na fursat bor edi. Shu orada uzoq bir qarindoshlaridan birining qiziga uylandi. O‘z-o‘zidan bo‘yniga olaxurjun osilib ro‘zg‘or bilan andarmon bo‘ldi-qoldi. Amal-taqal erishilgan mutaxassisligi bo‘yicha ish so‘rab bir-ikki idoraga bosh suqdiyu, ammo hafsalasi pir bo‘ldi. Ish yo‘q. Dimog‘dor boshliqlar oldida har egilgan chog‘i cho‘ntagidagi diplomining qattiq qirralari ko‘ksiga botib-botib ketgani qoldi, xolos. Shu orada harbiylikdan orttirgan kasali yana bir bor yengil xuruj qilib o‘tdi. Uch-to‘rt kun davolangan bo‘ldi. Nihoyat, Arpasoyning latlangan qovuniday bo‘shashib yurgan shunday kunlarning birida omadi chopib qoldi. O‘shanda lo‘lilar mahallasiga yaqin joyda, befayz, arzon oshxonada ilimiq sho‘rva ichib o‘tirardi. O‘zidan andak naridagi, aftlaridan quruvchi ustalarga o‘xshash xo‘randalar diqqatini tortdi.
 “Xo‘jayin haqimizni bermayapti,” – dedi ulardan biri non bo‘lagini og‘ziga solarkan.
Sherigi unga taajjublanib ko‘z tashladi.
“Nega, uyini bosh-adoq qurib berdilaring-ku?”
“Besh xonaga ham gul chizib chiqishimiz kerak ekan.”
“Ichimizda rassomimiz yo‘q demadingmi?”
“Brigadada hamma mutaxassislikdan odam bo‘lishi shart emish.”
Baxtiyorning qulog‘i ding qotdi. Hatto, shundoqqina qanshariga kelib qo‘ngan noyob tur kapalakni cho‘chitib yuborishdan qo‘rqqandek bir nafas damini ichiga yutib o‘tirdi. So‘ng sekin ularning yoniga o‘tdi, o‘zini tanishtirib bexos ularning gapiga quloq solgani uchun uzr so‘radi... 
...Bir ozdan so‘ng dovdiranib-g‘udranib yonlarida o‘tirgan, qoramag‘iz, sochlari hurpaygan, ozg‘in yigit rassom ekanligini bilib quruvchilar avvaliga ajablanib ko‘z urishtirishdi, so‘ng babbaravar iljayishdi.
O‘shanda quruvchilar emas, aslida taqdir tabassum qilgan ekan. Baxtiyor o‘z ishini topib oldi. Quruvchilar to‘pidan rassom maqomida joy olib ne bir uylarning devoriga manzaralar, naqshlar chizish bilan shug‘ullandi. Nozik did, betizgin xayolot mahsuli bo‘lgan chizmalar qaraganni bir zum o‘ziga sehrlab qo‘yardi. Baxtiyor yon-atrofga tez tanildi. Unga uyini bezatishni istaganlar navbat talashib qoladigan bo‘lishdi.
“Sening iste’dodingni ilgari hech tan olmagandim, – dedi o‘sha rahnamo amakisi, kunlardan bir kuni Baxtiyor uning yangi qurgan imoratiga chizib bergan naqshlarga mahliyo tikilarkan, – ana endi hunaringga besh ketib o‘tiribman, uka. Avval boshidayoq seni Toshkentga olib bormaganimdan afsusdaman. Sening joying poytaxtda, uka. Ha, mayli, hechdan ko‘ra kech degan o‘rislarning maqoli bor. Endi Toshkentga borasan. Eng zo‘r rassomlar bilan tanishib aka-uka kirishasan. O‘sha yoqda ishlaysan. Men o‘zim senga yordam beraman. Ketishga taraddud ko‘raver...”
Baxtiyor amakisining mehribonchiliklariga iljayibgina qo‘ydi. Uning endi Toshkentga borgisi yo‘q edi. To‘g‘rirog‘i, bu yerdagi ishini, tuzukkina tushumni, izzat-obro‘sini ko‘zi qiymadi. Axir poytaxtga borsa hammasini no‘ldan boshlashi kerak. E-he-e, katta musavvirlar davrasiga kirib olguncha yana qancha ter to‘kishi kerak. Ayni paytda Baxtiyorning bunga tobu toqati yo‘q edi. Axir bu yerda pul topayapti, pul! Ham otasining ro‘zg‘orini, ham o‘zini boqayapti. Hiylagina xarob bo‘lsa-da, viloyat markazidan kichkinagina hovli sotib oldi. O‘zi ham anchagina to‘lishib qoldi. Eski kasali tuzalib ketganday bo‘ldi. 
“Siz yurak xastaligi bo‘yicha hisobimizda turasiz, tez-tez bizning ko‘rigimizdan o‘tib turing,” – deya zorlangan mahalla vrachining gaplariga quloq solmay qo‘ydi. Hatto ba’zi bir boyvachcha buyurtmachilar ishdan so‘ng beradigan ziyofatlardan gandiraklab arang qaytadigan bo‘lib qoldi. Mayxo‘rlikka o‘rgana boshladi. 
Bir gal badavlat bir qassobning imoratini poydevoridan tortib tomiga dovur bitirib, yaxshigina daromad qilgan brigada shaharning ovloq bir choyxonasiga bosh suqdi. Tevaragi quyuq dov-daraxt bilan o‘ralgan bu go‘sha bir qarashda xushmanzara, toza-ozoda ko‘rinsa-da, aslida isqirt, qo‘lansa isli joy ekan. Quruvchilar ochiqishgan edi. Boshqa choyxona topishga xafsala qilishmadi. Tubida besh-olti chelak qoramtir suv qalqib turgan hovuz bo‘yidagi chorpoyaga o‘tirishdi. Ko‘p o‘tmay taom izidan taomlar tortildi, bo‘shagan may shishalari birin-ketin chorpoya tagiga yumalay boshladi. Hovuz bo‘yini g‘ala-g‘ovur, mastona qiyqiriqlar, kulgilar tutdi. Shom qo‘nar-qo‘nmas boshlangan bazm to tun yarmiga dovur davom etdi.
O‘sha kuni Baxtiyorning ta’bi mayga ko‘p tortmadi. Ikkov ora-ikkov ora bo‘lib, allaqanday ikir-chikirlar haqida gaplashib, bahslashib yotgan davrani ma’yus kuzatib o‘tirardi. Nogoh uning ko‘zi hovuz tubidagi ko‘lmakda balqib turgan yulduzlarga tushdi. Isqirt bir ko‘lmakda balqib turgan yulduzlar! Tun! Qop-qora, motamsaro daraxtzor! Ko‘rganlari Baxtiyorga sirli bir hikmatlar so‘ylardi, fikratiga sirli bir ishoralar qilardi. Uning yuragida tanish, juda tanish to‘lqin ko‘tarildi. Lazzatli bir iztirob butun shuuriga silqib kirdi.
“Buni qarangla-ar!” – Beixtiyor qichqirib yubordi u.
Tevaragidagilar avval rassomga, so‘ng u ishora qilib turgan tomonga ko‘z tashlashdi.
“Nima? Nima gap?”
“Tinchlikmi?”
“Biror nima hovuzga tushib ketdimi?”
Ayniqsa eng so‘nggi so‘rov Baxtiyorni battar hayajonlantrib yubordi:
“Ha, qaranglar! Ko‘lmakka bir hovuch yulduz tushib ketibdi!”
“Eh, bor-yo‘g‘i shumi, men nima balo ekan deb o‘ylabman,” – deb mastona po‘ng‘illadi brigadir.
Boshqalar ham hafsalasi pir bo‘lgan ko‘yi g‘udranib qo‘yishdi.
Shu tob... shu tob Baxtiyor teran bir tuyg‘udan titrab ketdi: hamisha hamdam, hamqadam, hamshisha mana shu odamlardan u naqadar uzoq! Naqadar begona bular unga!
Baxtiyor bir intilib dasturxon o‘rtasida turgan, ichidagi ichkilik yarimlab qolgan shishani bo‘g‘zidan tutdi, chetlari uchgan piyolaga to‘kib-sochib aroq quydi. So‘ng dovdiragan ko‘yi taxir ta’m suyuqlikni sipqorib yubordi. O‘z-o‘zlari bilan ovora, bir-biriga quloq solmay gapirib yotgan sheriklari unga deyarli e’tibor berishmadi.
Baxtiyor qarshisidagi qop-qora bo‘shliqqa ma’yus-mahzun tikilgan ko‘yi jim qoldi. Bir piyola limmo-lim ichkilik ham u istagan mo‘‘jizani bermadi. Yolg‘izlik, tevarakka begonalik hissi uni tark etmadi. Bo‘g‘zini kuydirib xo‘rlik, alam toshib kela boshladi. Baxtiyor ho‘ngrab yubormaslik uchun lablarini qimtib, qult-qult yutindi. Ammo urinishlari besamar ketdi. Avvaliga ko‘zlaridan achchiq yosh sizib oqdi, so‘ng... tuyqus bo‘g‘zidan bo‘g‘iq bir sas otilib chiqdi. Mast-alast sheriklar yalt etib u tomon o‘girilishdi.
“Ha, nima gap?! Tinchlikmi?”
“Biror joyingiz og‘riyaptimi?”
“Kayfi oshib qoldimi deyman.”
Hamshishalarning biri qo‘yib-biri olib ketma-ket so‘roqqa tutishlari, turtkilab-tortqilab ovutishga urinishlari Baxtiyorning battar xo‘rligini toshirdi. Yog‘, bo‘yoq isi qorishib ketgan kaftlarini yuziga bosib baralla ho‘ngrashga tushdi.
“Nima balo, aqldan ozdimi bu?!”
“Maishatning ham beliga tepdi.”
“To‘g‘risi, shu rassomimizga umuman tushunmadim. Bir qarasang soatlab laqillab gurung beradi, bir qarasang kun bo‘yi miq etmay xayol suradimi-ey, g‘amga botib yuradimi-ey....”
“Kim biladi, ichida bir dardi bo‘lsa kerakda bechoraning.”
“Davay, uni ho‘ngillatmay tezroq uyiga olib borib tashlaylik.”
O‘sha tunda Baxtiyorning kasali yana xuruj qildi.
“Ana aytmadimmi, tez-tez ko‘rikdan o‘tib turish kerak deb. Siz esa bo‘kib ichib yuribsiz” – dedi mahalla vrachi, uning tovushida bezovtalikdan ko‘ra tantana ko‘proq edi.
Baxtiyor o‘n kuncha viloyat kasalxonasida davolanib chiqqan bo‘ldi. Ketar chog‘i do‘xtirlar odatdagiday tayinlashdi: “Sizga qattiq ta’sirlanish ta’qiqlanadi. Spirtli ichimliklardan mutloq uzoqroq yuring.”
Baxtiyor odatdagiday bosh irg‘ab qo‘ydi. O‘sha tunda ko‘rgan manzarasi hali-hanuz uning ko‘z o‘ngida turardi. Kasalxonadan chiqiboq mo‘yqalam tutishni mo‘ljallab yurardi.
“Agar shuni ham eplasam, ikkita zo‘r kartinam bor bo‘ladi!” – xayolidan o‘tkazdi u. – Keyinroq Toshkentga olib boraman. Eng mashhur rassomlarga ko‘rsatib maqtanaman. Yo‘q, yo‘q, bira to‘la poytaxtga ko‘chib ketaman. Faqat ijod bilan shug‘ullanaman. Ungacha iqtisodni tiklab olaman, uch-to‘rt yil ishlamasam ham ro‘zg‘orim kechadigan darajada mablag‘ni g‘amlayman.”
Baxtiyor viloyat markazidan olgan uy boloxonali edi. Unga ayniqsa shunisi ma’qul bo‘lgandi. Baxtiyor boloxonani hafsala bilan ta’mirlab, o‘zicha ustaxonaga aylantirib oldi. Ahyon-ahyon yelkasiga to‘nini yelvagay tashlab uning yog‘och zinalarini g‘ijirlatib yuqoriga ko‘tarilarkan, o‘zini daho musavvirlardek his qilar edi.
Ammo Baxtiyorning o‘ylaganlari orzuligicha qolib ketdi. Oradan bir yil o‘tar-o‘tmas qurilish-ta’mirlash olamida “evroremont,” “turkcha fason,” “yaponcha fason” degan usullar keng urf bo‘ldiyu, uylarga gul chizdirish, naqsh urdirish e’tibordan qoldi. Baxtiyorning bo‘sag‘asidan mijozlarning oyog‘i uzildi. Tirikchilik tashvishi butun zalvori bilan yana uning ustiga quladi. Hovli-joyni qayta qurib olish niyatida yig‘ib qo‘ygan jamg‘armalari ham yil o‘tar-o‘tmas sob bo‘ldi. Baxtiyor gangidi. Qishlog‘i sari jonsarak yuzlandi. U bir paytlar, toparmon-tutarmonlik paytlari, xotinining ne bir hay-haylashlariga qaramay qavmu qarindoshlariga saxovat ko‘rsatgan, to‘yyu ma’rakalarida ochiq qo‘llik bilan xizmat qilgan edi. Ammo ulardan muruvvat bo‘lmadi. Hatto katta yangasi bezrayganicha chaqib oldi:
”Pul topib biz bilan beminnat bo‘lishgansiz deb quvoniblar yurgandik, lekin... bir kun kelib bergan uch-to‘rt so‘mingizni pesh qilib kelasiz deb o‘ylamagandik...”
Baxtiyor yalt etib yangasiga, uning yonida so‘narib turgan akasiga qaradi. Axir u bir paytlar ko‘rsatgan ko‘magi haqida og‘iz ham ochmagan edi! Shunchaki, ozgina qarz so‘ragan edi, xolos! U chuqur bir xo‘rsinib, hech nima demay, uydan chiqib ketdi.
O‘sha rahnamo amakisi esa uning ozg‘in-to‘zg‘in loshini ko‘rgandayoq sergak tortdi. Ishi yurishmay, tirikchiligi kechmay qolganligi haqidagi uzundan-uzoq shikoyatini oh-voh bilan eshitdi. So‘ng ko‘zlarini yarim yumib, xumday boshini ohista chayqagan ko‘yi ming‘irladi:
“Seni dunyoga mashhur rassom bo‘lib ketasan deb o‘ylagandim. Lekin go‘rga ham bormading. Bo‘sh-bayovliging pand berdi...”
Amakining iddaolari jon-jonidan o‘tib ketdi. Ammo qaysarlarcha o‘rnidan turib ketishga nimalardir monelik qildi. Go‘yoki yelkasidan ulkan tog‘ bosib turgandek edi.
“Mayli, urib-so‘kib bo‘lsayam ozroq pul bersin,” – xayolidan o‘tkazdi u yerdan ko‘z uzmay. Ammo bu o‘ydan yuragining qay bir nozik tomiri chirt etib uzilganday bo‘ldi.
Amaki Baxtiyorning ko‘nglidagini payqadi-yov, har qalay aft-angorini tirishtirib cho‘ntak kavladi. Baxtiyor qarindoshinikidan quvonib qaytdi.
Otasi esa uning yo‘qlab borishini kutib o‘tirmadi. Nevaralarini ko‘rish bahonasida shaharga tushdi. Ammo esi-dardi o‘g‘lida ekanligi shundoqqina yuz-ko‘zidan bilinib turardi.
“Bolam, qo‘ramda uch-to‘rtta ko‘taram qo‘yim bor, xohlasang bir oz boqib semirtir, xohlasang shu holicha sotib yubor, tirikchiligingni o‘ngla,” – dedi u o‘g‘liga beadoq hasrat bilan tikilib.
Baxtiyor shu alfozda olti oycha kun ko‘rdi. So‘ng eski bir tanishlarini o‘rtaga qo‘yib, yalinib-yolvorib shahardagi qo‘shma korxonalardan biriga madaniy-ma’rifiy ishlar bo‘limiga o‘rnashdi. Har xil shiorlar, hikmatnamo, maqolnamo gaplar bitilgan panolar tayyorlash, lozim joylarga suratlar, yo‘riqnomalar chizish kabi mayda-chuyda vazifalar uning zimmasiga yuklatildi.
“Hozircha sinov muddati bilan olamiz, maoshingiz kamroq bo‘ladi, – dedi xo‘ppa semiz, yuz-ko‘zlariga ayovsiz upa-elik chaplangan ayol, – ishingiz ma’qul bo‘lsa, uch oydan so‘ng shtat bo‘yicha haqingizni olaverasiz...”
O‘shanda kech kuzning izg‘irinlari izg‘ib turardi. Sovuq. Lekin Baxtiyor quvonchdan qoni qizib, ko‘zlarida o‘t porlab uyiga qaytdi. Xotiniga ko‘ngli iyib, mehr bilan tikildi: “Matluba, senga rahmat. Qiyinchiliklarga sabr qilding, kamimni yashirib, ko‘pimni ko‘pirtib ko‘rsatding.”
“Qo‘ying-e, – deb pichirladi Matluba, erining erib, erkalab qarashlaridan xijolatlanib. – Non topib kelayotgan siz-ku, men bir tashvishingizni mingga ko‘paytirishdan boshqasiga yaramayotgan bo‘lsam...”
O‘sha qo‘shma korxonaga ishga o‘rnashgan kuni Baxtiyor uchun chinakam bayram bo‘ldi. Xotini ikkisi bolalarni sayrboqqa olib chiqishdi. Kechqurun uyda osh damlandi. Xush hol o‘rin-to‘shakka cho‘zilishdi, ammo... tun yarmida tuyqus Baxtiyorning uyqusi qochdi.
Kun bo‘yi yuragi toshib, quvonchga qorishib, hayajonga ko‘milib yurdi-ya?! Nega?! Nima uchun?! Bor-yo‘g‘i allaqanday korxona bo‘yoqchilikka olgani uchunmi?! Nahotki, shu darajada maydalashib ketdi?! Nahotki, shu qadar ojiz va notavon odamga aylandi? Chizish-bo‘yash yumushini eplaydigan kadr kerak ekan, ana, ishga olishdi, shunga nima? Manglayida daholik yulduzi porlab turgani uchun unga talpinishgani yo‘q. Aksincha, u talpindi, yalinib-yolvordi o‘shalarga! Qanday minnatdorchilik izhor qilishni bilmay qiynaldi, qiypangladi! O‘sha mutasaddilar uni iqtidori, iste’dodi uchun arshi a’loga ko‘tarishgani yo‘q, shunchaki, sinov muddati bilan xizmatga olishdi, xolos. Tinkangni quritib ishlatishadi, minnatu iddaolar, betiyiq amru farmonlar bilan xo‘rlashadi, so‘ng xuddi laycha oldiga suyak tashlagandek, qo‘lingga o‘sha moyanangni tutqazishadi. Sudralib uyga qaytasan! Sudralib yana ishga borasan! Bir umr shunday! Bir umr sudralib o‘tasan! Shuning uchun behad quvonib yuribsanmi?! Orzularing shumi sening!
Baxtiyor shunday iztirobli o‘y-xayollar iskanjasida ezilib o‘rnidan turdi. Kuyovlikdan qolgan to‘niga burkanib tashqariga chiqdi. Quruq sovuq beayov zabtiga olardi. Ayoz qisgan osmonda yulduzlar diydirabgina ko‘rinardi.
Baxtiyor yog‘och zinalarni g‘ijirlatib yuqori ko‘tarila boshladi. Boloxona! Mana uning dunyosi! Mana orzulari olami! Tovuq qo‘nog‘idek kichkinagina ustaxona! U paysallanib lampa-chiroqni yoqdi. Pastak, har xil bo‘yoq va qirindi isi qorishgan hujra tilla tusda yorishib ketdi. Bu yerda musavvirlik ashqol-dashqollari to‘zg‘ib yotibdi. O‘rtada molbert. Chekkada chang bosgan, uyning avvalgi egasidan qolgan divan. Chala chizilgan surat. Huvv, choyxonada hayajonlantirgan manzara. Baxtiyor uni tugatishga ulgurmagan, yana tirikchilik tashvishlariga andarmon bo‘lib ketgan.
Baxtiyor xuddi birov ko‘rib qolishidan qo‘rqqandek tevaragiga tezgina alanglab oldi-da, burchakda qiyshayibgina turgan, tokchalariga kitoblar, jurnal-gazetalar taxlangan javon ortiga qo‘l cho‘zdi.
U hamisha shunday qiladi. Horigan, bezigan, ezilgan kezlari xuddi shunday boloxonaga chiqib keladi. Javon ortiga yashirib qo‘yilgan, bo‘zga o‘rog‘liq kartinani hujra o‘rtasiga ohista olib, ohista ochadi. Ko‘ngli yorishib, yuz-ko‘ziga tabassum yoyiladi.
Mana, uning bebaho boyligi! Yuragi! Quvonchi! Sog‘inchi! Najoti! Orzu-umidlari! Uning umri!
Baxtiyor bu kartinasini talabalikning so‘nggi yilida, bir oycha ijara uyidan chiqmay chizgan edi. Garchand bu ishini hozircha hech kimga ko‘rsatmagan, hech kimga baholatmagan bo‘lsa-da, favqulodda noyob bir san’at asari yaratib qo‘yganini ich-ichida his etardi. Asarini har gal ko‘rganida ko‘nglida hayotga ishonch va umid qabarardi. Horg‘inlikda charchog‘i tarqab, tushkunlikda ruhi ko‘tarilib, kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shilardi. Shuning uchun ham g‘am-g‘ussa iskanjasida qolgan kezlari, yelkasiga to‘nini tashlab, xuddi ko‘k toqiga yo‘l olganday, viqoru salobat bilan sekin boloxonaga ko‘tarilar edi.
Uning boloxona tomon yuzlanayotganini ko‘rgan xotini ham ich-ichida quvonadi. Chunki u tushkun, aftodahol eri yuqoridan yengil tortib, ko‘zlari ilhomdan chaqnab tushishini, xuddi sehrli giyohlar sharofatidan sog‘aygan bemorday yashnashini juda yaxshi biladi.
Ammo o‘sha tun Matluba erining tuyqus boloxonaga chiqib ketganini payqab ajablandi. Axir ishga kirib, dimog‘i chog‘, vaqti xush bo‘lgan edi-ku?! Nega yana tashvishlanib qoldi?
O‘zi bilan o‘zi andarmon Baxtiyor albatta, xotinining bezovtaligini payqamadi. O‘sha tun boloxonada odatdagidan ko‘proq qolib ketdi.
Afsuski, qo‘shma korxonadagi faoliyat ham uzoqqa cho‘zilmadi. Endigina sinov muddati tugab, og‘zi oshga yetgan mahali, arzimagan anglashilmovchilik kasofatiga yo‘liqib ishdan haydaldi.
Falokat bahorning ilk kunlarida ro‘y berdi. “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni! Ayyom muborak ayollar!” degan bitik tayyorlab peshtoqqa ilib qo‘yish ma’muriyat tomonidan buyurildi. Baxtiyor tuni bilan ishlab hammasini risoladagidek bajardi. Ammo... charchoq kasridanmi, yo odatdagi parishonlikdanmi, har nechuk uzundan-uzoq bitikdagi suv-havoday zarur yakkayu yagona “z” harfi tushib qolibdi! Bu kasofat yetishmovchilikni ertasi kuni ma’muriyat payqab qolganda... ancha kech bo‘lgan, korxona eshigidan kirib kelgan har bir odam bitikka ko‘z tashlab ulgurgan edi. Darhol rassomning arizasi olindi. 
Baxtiyor korxona darvozasidan so‘nggi bor mung‘ayibgina chiqarkan o‘sha tungi iztirobli yozg‘irishlari lop etib esiga tushdi: “Noshukurchiligim uchun Xudo meni jazoladi-yov...”
Jazoning beayovlari hali oldinda ekan. Baxtiyor uchun yana jonsarak kunlar boshlandi. Qarzga botdi. Qarindoshlar oldida so‘nardi. Shu orada kimdir biror bir tahririyatga ish topishni maslahat berdiyu, Baxtiyor o‘shanday joylarga bosh suqib ko‘rdi. Bosh suqdiyu tahririyatlarda rassomlarga u qadar ehtiyoj yo‘qligiga tezgina amin bo‘ldi.
“Ilgargi zamon bo‘lganda sizni bajonu dil ishga olardim. Ammo-lekin... hozir hammayoq kompyuterlashib ketdi. Menga kompyuterlarni zo‘r biladigan dizaynerlar kerak...”
Baxtiyor bu g‘aroyib anjomning siru sinoatidan bexabar edi. Lekin bir oz qunt bilan harakat qilsa, tuzukkina o‘rganib olishiga ishonardi. Hatto shu niyatda kompyuter markazlari tevaragida timirskilanib ko‘rdi. Va bildiki, bu ham anchagina vaqt, xarajat talab qiladigan mashg‘ulot ekan. Hafsalasi pir bo‘ldi-qoldi.
Egni tushib, etagi sudralib yurgan shunday kunlarning birida kutilmagan uchrashuv ro‘y berdi.
O‘shanda Baxtiyor eski quruvchilar brigadasi bilan topishib, ularning ba’zi bir yumushlariga qarashib, ikki-uch tanga choy puli ishlab, tinka-madori qurib uyiga qaytib kelmoqda edi.
Yoz chillasi hovur purkardi. Shahar o‘t yoqilgan tandirday qizib yotardi. Tirik jon o‘zini soya-salqinga urgan. Yo‘llarda qatnov siyrak.
“Baxtiyarchik!”
Muyulishlarning biridan endigina qayrilgan Baxtiyor o‘z ismini eshitib atrofiga alangladi. Odatdagi parishonligi kasridan avvaliga dabdurustdan hech kimga ko‘zi tushmadi, so‘ng... pastqam do‘kon biqinida bir burdagina bo‘lib o‘tirgan nusxani payqab, unga taajjublanib tikildi.
“Chto, menya ne uznayosh, – deya tag‘in gap qotdi o‘sha nusxa. – Ya je Georgiy, uznal. Nu-ka, podaydi ko mne.”
Georgiy! Nahotki manavi tasqara o‘sha rassom! Aft-angori kir-chir, soch-soqollari o‘siq, ustida chuvrindi kiyim.
“Meni bolaligimda bir martagina ko‘rgan, – o‘yladi Baxtiyor bo‘shashib yurinarkan, – E-he-e, oradan qancha yillar o‘tib ketdi. Qiziq, meni qanday tanidi u?!
Georgiy yalpaygan joyidan jilmay unga tikilib turardi. Baxtiyor odatdagi takalluf yuzasidan iljaydi, quyuq salomlashish uchun og‘iz juftladi.
“Kajetsya, t? udivlyaeshsya, chto ya uznal tebya? – deb qoldi dabdurustdan Georgiy, – iskra genialnosti tebya na lbe blestit!
Baxtiyor ruscha gapirishga no‘noq bo‘lsa-da, lekin tilni tuzukkina tushunardi. Daydining e’tirofi unga moyday yoqdi.
“Zdrastvuyte, Georgiy aka,” – dedi ko‘rishish uchun qo‘l cho‘zib. Lekin daydi alik olmadi. Hatto Baxtiyorning uzatgan qo‘li havoda muallaq qoldi.
“Risuesh?” – deya yana dabdurustdan so‘radi Georgiy, unga sinchkov-savolchan tikilib.
Baxtiyor kalovlandi. Nima deb javob berishini bilmadi.
“Oz-moz harakat qilyapman,” deyishga og‘iz juftlab ruscha kerakli so‘zlarni izladiyu, ammo... qarshisidagi bir juft ko‘zlardan sehrlanganday lol qotib qoldi. Ular hech qachon allaqanday isqirt daydinikiga o‘xshamas edi. Bu ko‘zlar mavjlanayotgan moviy dengizdek edi. Yo‘q, bir juft gavhar misol tovlanib, porlab turardi. G‘uborsiz osmonday tip-tiniq edi bu ko‘zlar! Hoynahoy, hayotidan mamnun-masrur odamning ko‘zlarigina ana shunday charaqlab turadi.
“Chto umolk? – dedi Georgiy bir g‘imirlab qo‘yarkan, – ya sprosil: risue? ili net?”
“Da...” – Baxtiyor ahyon-ahyon mo‘yqalam yurgizib turganini amal-taqal tushintirgan bo‘ldi.
“Gotovaya kartina yest u tebya?”
Baxtiyor yana sarosimalandi. Bir dona bor deyishdan uyaldi, qolaversa, uni birovlarga ko‘rsatishni istamasdi, qandaydir qizg‘anardi. Lekin shu tobda shundoqqina paydo bo‘lib qolgan yetuk musavvirga ishini ko‘rsatib, uning fikrini bilish istagi ham ko‘nglida g‘imirlab qoldi. Shuning uchun ham: 
“Ha, bir dona bor,” – dedi g‘udranib.
Georgiyning ko‘zlari moviy-yashil ranglarda tovlanib ketdi.
“Mojno mne posmotret, pokajesh?”
Baxtiyor uning isqirt ust-boshiga kishi bilmas razm solib chiqdi. Bunday daydinamo nusxa bilan shahar ko‘chalarida yetaklashib yurishga iymandi. Biroq baribir o‘sha qiziqishi qitiqlab qo‘ymadi.
“Bo‘pti, yuring uyga boramiz,” – dedi andak ikkilanib turgach.
Georgiy bir qarashda bir paytlar otasi oldiga solib bergan ko‘taram, qo‘tir qo‘yga o‘xshab ko‘rinsa-da, favqulodda tetiklik bilan dik etib o‘rnidan turdi.
Xayriyat, o‘sha kuni xotini, bolalarini olib qishloqqa to‘y-to‘ylab ketishgan ekan. Yo‘qsa, eri ergashtirib kelgan mavjudotni ko‘rib esidan ayrilishi mumkin edi.
Georgiyga Baxtiyorning xarobgina hovlisi, ayniqsa, boloxonasi yoqib qoldi.
“Samoe podxodya?ee mesto dlya tvorchestvo, dlya xudojnika,” – dedi tevarakka alanglab.
Baxtiyor uning so‘zlariga deyarli e’tibor bermadi. Hayot-mamoti hal bo‘layotgan mahbusdek titrar, yuragi gurs-gurs urar edi.
“Vot... – dedi u arang, lablari hayajondan quruqshab, javon ortidan kartinasini olib, eski divanda yalpayib o‘tirgan Georgiyning qarshisiga qo‘yarkan.
Keksa musavvir aftidan Baxtiyorning hol-ahvolini payqadi.
“Idi, poka pogulyay gde-nibud minut desyat, – dedi hamdard bir ohangda, – sam razvernu i posmotryu.”
Bu taklif hayajon va hadikning zo‘ridan ichaklari bo‘shashib bezovta qilayotgan Baxtiyorga ayni muddao bo‘ldi. Shu zahotiyoq yelka qisib, yuz-ko‘zlarini kafti bilan bekitib pastga otildi. U bir paytlar o‘ziga ardoqli bo‘lib qolgan uloqni qurbonlik uchun shaylashgan chog‘ shunday ahvolga tushgan va shu holatda dasht tomon chopib ketgan edi.
Yo‘q, oradan o‘n emas, o‘n besh daqiqalar o‘tdi. Hojatdan chiqib, o‘zini ancha bosib olgan Baxtiyor bir-bir bosib yana boloxonaga ko‘tarildi. Georgiy o‘sha kartina qarshisida yonib ado bo‘layotgan shamdek qiyshaygan ko‘yi qotib o‘tirardi. U botinmaygina boloxonaga bosh suqqan Baxtiyorni payqamadi. Shu alfozda tag‘in ikki-uch daqiqa turdi, so‘ng tuyqus uyg‘ongan kabi ilkis biqiniga o‘girildi. O‘siq soqol-mo‘ylov orasida g‘ira-shira ko‘rinib turgan og‘zini nim ochib, Baxtiyorga umrida ilk bora ko‘rib turgan mo‘‘jizaga boqqandek boqdi. So‘ng ohista pichirladi:
“Nu-ka, day lapu.”
Baxtiyor indamay o‘ng qo‘lini uzatdi. Georgiy uni ohista og‘ziga yaqinlashtirib g‘udrandi:
“Nado tselovat takie ruki...”
Yoqimli mujdadan mumday erigan Baxtiyor Georgiyning o‘siq tuklari qo‘liga ignadek sanchilganini u qadar payqamadi.
Keksa musavvir bir oz surilib yoniga ishora qildi. Baxtiyor eski divanni g‘ijirlatib o‘tirdi. Georgiyning andak namlangan ko‘zlari yanada tiniq tortib, shishaday yiltillab turardi.
“Prekrasnaya rabota! Bestsennaya kartina! Kogda narisoval eto?”
“Davno...” – dedi Baxtiyor ming‘irlab.
Georgiy o‘ng biqinini kovlashtirib chuvrindi kiyimlarining qay bir teshigidan iyg‘alangan sigaret qutisini oldida, andak titrayotgan barmoqlari bilan uni ochdi. Quti ichida, aftidan, u-bu yerdan terib olingan bo‘lsa kerak, uch-to‘rtta chala chekilgan sigaret qoldig‘i qalashib turardi. Georgiy ulardan birini shoshilmay labiga qistirib tutatdi.
“No... ya ne mogu tebe chego-nibud posovetovat... lish odno mogu skazat: t? doljen rabotat, t? doljen tvorit.”
Baxtiyor ruscha kerakli so‘zlarni tergilab, tirikchilik qiynab qo‘yganini, o‘zini moddiy jihatdan o‘nglab, so‘ng butkul ijod bilan shug‘ullanish niyatida ekanligini, lekin hozircha hech imkoniyat bo‘lmayotganini aytishga chog‘lanib emrandi.
Georgiy bosh chayqadi. Aftidan, u Baxtiyor og‘iz ochmasdanoq nima demoqchi ekanligini anglagan edi.
“Slushay... – dedi u o‘ychan tebranib, – krasota, iskusstvo trebuet jertv... Xudojnik vsegda doljen b?t gotov?m etomu... Tak sujdeno Bogom. Nastoya?iy, genialn?y xudojnik ne doljen iskat, jdat blag ot jizni. Yego talant, yego svoystvo yest blago, yest dar Boga.”
“Bunday marhamatning menga nima nafi bor, – deb yubordi Baxtiyor xo‘rligi kelib, – shaxsan o‘zim uchun hech qanday talabim yo‘q, lekin bola-chaqamni boqishim kerak.”
Georgiy unga xayolchan termilib qoldi. Uning haligina chaqnab turgan ko‘zlari allanechuk xira tortgan edi. Bir ozdan so‘ng og‘ir xo‘rsinib o‘rnidan turdi.
“Ladno... po-moemu, t? yeshyo ne osoznal sm?sl iskusstva, tvoreniya. Da, kstati, – keksa musavvir Baxtiyor shosha-pisha matoga o‘rayotgan kartinaga ishora qildi, – ne smey eto prodat ili komu-libo podarit, ved eta tvoya jizn.”
Georgiy ketdi. Baxtiyor unga narigi muyulishgacha kuzatib qo‘ygan bo‘ldi.
Shahar hali-hanuz haroratdan hansirab yotardi. Katta yo‘l bo‘ylab yelib o‘tayotgan avtolar, g‘ira-shira hovur ortida xuddi erib borayotganday tuyuladi. Qay bir hovli oldiga ko‘loblatib sepilgan suvdan namiqqan tuproq isi dimoqlarga uriladi.
Baxtiyor uyiga ko‘ngli xijil bo‘lib qaytdi. Shunday musavvirni mehmon qilolmadim, ahvolini ko‘ra-bila turib, hech qursa, qo‘liga uch-to‘rt tanga tutqazolmadim degan o‘y uni qiynardi. Keyin angladiki, butkul boshqa narsa uni iskanjaga olib ezg‘ilayotgan ekan: Georgiyning tuyqus so‘nargan ko‘zlari, xo‘rsiniqlari!
Baxtiyor bo‘shashib hovlisiga kirarkan, qariya ishora qilgan o‘sha xatolarini anglab olishga urinar, lekin tuzukroq xulosaga kelolmay tajanglashar edi.
“Aslida Georgiyni uyga boshlab kelmasligim kerak edi,” – deb o‘yladi dahlizdagi ko‘rpacha ustiga behol cho‘zilib u.
Ha, ha, yo‘l qo‘yilgan eng katta xato shu! Fikr olmoqchi bo‘ldilar, to‘g‘rirog‘i, e’tirofini eshitmoqchi bo‘ldilar. Ana, asarini maqtadi, ko‘klarga ko‘tardi. Nega endi quvonchdan irg‘ishlamayapti, osmonu falakka parvoz qilmayapti? Darvoqe, asari Georgiyga yoqmaganda-chi, deylik, rassom uni yerga urib tanqid qilganda-chi? Xo‘sh, o‘shanda qanday chora ko‘rardi? Suratni olovga tashlarmidi? Yo burdalab uloqtirarmidi?!
“Yo‘q, aslo! – Baxtiyor beixtiyor g‘udranganicha qad rostladi, yuragi gurs-gurs urardi, – axir u mening hayotim, borlig‘im! Georgiy ham shunday dedi. Shu gapning o‘zi asariga eng a’lo baho.”
Baxtiyor yana ko‘rpachaga cho‘zildi. Xom g‘ishtdan qurilgan, pasttakina dahliz ancha salqin edi. U bir oz mizg‘ish ilinjida g‘ujanak tortdi. Chindan ham ko‘zi ilingan ekan. Qancha uxlaganini bilmaydi, bir payt yengil g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketdi. Qarasa, bolalari tevaragida o‘tirib, uning uxlashini tomosha qilishyapti. O‘g‘ilchasi qiqir-qiqir kulyapti. Katta qizi uni jim bo‘lishga undayapti.
“Dadajon, biz keldi-i-ik!” – deya qiyqirganicha kichik qizi uning bag‘riga otildi. Qolganlari ham sho‘x-shodon uning bo‘yniga osilishdi.
Bolalar! Uning bolalari! Qanchalar nodon, qanchalar olchoq u! Boyagina allaqanday daydiga shu jajjilarni boqayotganini aytib hasrat qildi-ya?! Shu dardisarlar bo‘lmasa, zo‘r rassom bo‘lib ketardim, deb o‘kindi-ya?! Minnat qildi-ya?! Qanchalar yovuz, qanchalar xudbin u?! 
Baxtiyorning ko‘zlariga beixtiyor yosh qalqdi. Ho‘ngrab yubormaslik uchun qizchasining patila-patila sochlariga yuz bosdi.
O‘sha tun kasallik yana xuruj qildi. Saharga yaqin uni “Tez yordam” olib ketdi. Xotini oyog‘i kuygan tovuqday u yon-bu yonga chopdi. Yordam so‘radi. O‘sha eski brigadasi oqibat ko‘rsatdi. Baxtiyorni yolg‘iz tashlab qo‘yishmadi. Ro‘zg‘origa ham g‘amxo‘rlik qilishdi.
Baxtiyor bu gal ancha uzoq davolandi. Muolajalar tugagach, olib ketish uchun xotini keldi. U ancha tushkun va bezovta edi. Baxtiyor ajablanib uni savolga tutdi. Matluba hiq-hiq yig‘lashga tushdi. U palataga kirishdan avval vrachga uchrashgan edi. 
“Eringizni ehtiyot qiling, agar kasali yana xuruj qilgudek bo‘lsa... hayotiga kafolat yo‘q,” – dedi davolovchi vrach ming bir chaynalib...
 Shu narsa uni qattiq qayg‘uga solgandi. Ammo Matluba eshitganlarini eriga aytmadi. “Shunchaki, sizsiz qiynalganimizdan yig‘layapman,” deb ming‘irlab qo‘ydi.
Baxtiyor yana o‘sha brigadaga borib qo‘shildi. Qo‘shilarkan bir paytlar ularni o‘ziga begona sanab o‘kiniblar yurganidan uyaldi. "Shular kuningga yaradi-ku, shulargina senga, oilangga parvona bo‘ldi-ku?!” – degan ichki xitob bilan tez-tez o‘zini tergab, tanbeh-doshnomlarga ko‘mib tashlardi. Ammo bu hol ishtaha tortmagan taomni sog‘liqqa foydali deb yeganday bir gap edi. Baxtiyor bo‘yniga bo‘yinturuq solingan qirchang‘iday arang sudralib ishga borar, quruvchilarning sayoz-siyqa gurunglaridan darrov zerikar, bir yoqlarga bosh olib qochib ketgisi kelar edi. Ammo... nachora. Osmon uzoq, yer qattiq. “Yo‘q, buning hammasi vaqtincha, – deb goho o‘z-o‘zini ovutardi u, mahmadona suvoqchiga yordamlashib yurarkan, – tez orada ketaman bu yerdan! O‘zimga munosib ish topamanu, ketaman.”
Ha, ha, tez orada bu yerlardan ketishi tayin bo‘lib qoldi. Lekin... brigada bilan. Aftidan, qismatida quruvchilik qayd etilganga o‘xshaydi.
“Kelgusi yil may oylarida Rossiyaga jo‘naymiz, – deb qoldi bir kun brigadir, – xohlasangiz biz bilan yuring. Siz bop yumush ham topilib qolar. Faqat xayolparastlikni tashlasangiz bo‘ldi.”
Baxtiyor manglayida qotib qolgan qorishma yuqini o‘ychan ishqalarkan, bosh irg‘ab rozichilik bildirdi. Hatto bu safardan qancha daromad qilishini chamalab ancha hovliqib qoldi. Ammo oldida turgan olis safarning ham nag‘malari ko‘p edi. Avvalo yo‘l kira uchun pul topish kerak. Ro‘zg‘orga ham ikki-uch oyga yetgulik mablag‘ tashlab ketish zarur.
Brigadir lutf etgan paytlar hali bahorgacha uzoq edi. Baxtiyor mo‘‘jiza ro‘y berishini, ko‘zlagan mablag‘i topilib qolishini kutdi. Ammo mo‘‘jiza ro‘y bermadi. Lop etib bahor ham kelib qo‘ydi. Butun borliq yashillikka burkanayotgan bir paytda Baxtiyor goh uning, goh buning eshigida sarg‘aya boshladi.
Mana, bugun qadrdon, hamsaboq do‘sti O‘ktamni ko‘zlab kelgan edi. Bundan ham qarz undira olmadi. Do‘sti yig‘lab kelganning oldiga ho‘ngrab chiqdi.
Baxtiyor shunday ezgin va og‘ir xayollar og‘ushida ko‘cha bo‘yida, qari tut daraxtining qurigan, burishgan tanasiga suyangan ko‘yi ancha turib qolganini payqadi. Ilkis uyqudan uyg‘ongan odamday ko‘zlarini katta-katta ochib tevarakka alangladi.
Bahor quyoshi shitob bilan ufq sari og‘ib borardi. Osmonning u yer-bu yerida yaraga bosilgan paxtaday pag‘a-pag‘a bulutlar suzib yuribdi. Ko‘cha-ko‘yda qatnov avj. Avtolar chinqirib o‘tib-qaytardi.
Baxtiyor narigi tarafdagi bekat tomon o‘tishga shaylandi. Shu payt orqa tarafda, hozirgina u chiqib kelgan darvoza darchasi g‘iyqillab ochildi.
– Ey, Baxti, shoshma!
Bu O‘ktamning ovozi edi. Baxtiyor yalt etib unga qaradi. Ko‘zlarida umid uchqunlandi.
“Baribir do‘stim-da, – xayolidan kechdi uning, – quruq qaytarishga ko‘zi qiymadi-yov...”
O‘ktam lapanglagan ko‘yi yetib keldi.
– Xayriyat, hali uzoqlashib ketmapsan...
– Shoshilayotgan joyim ham yo‘q.
O‘ktam oppoq, semiz barmoqlarini musht qilib dahaniga bir-ikki tekizdi. Odatda u go‘yoki muhim biror gap aytmoqchi bo‘lsa shunday qilardi. Baxtiyor buni o‘sha talabalik davrlaridanoq yaxshi biladi, sergaklanib do‘stining og‘zini poyladi.
– Bilasanmi... – dedi O‘ktam allanechuk iymangan ohangda, – sen chiqib ketgan paytingda Toshkentdan yaqin jo‘ram qo‘ng‘iroq qilib qoldi. O‘ta ishonchli biznes hamkorlarimizdan. Gap aylanib bugungi yangi boylar hayotiga borib taqaldi. Do‘stim aytdiki, bugun elita o‘rtasida san’at asarlarini yig‘ish an’anaga aylanibdi. Qo‘lda to‘qilgan gilamlar, taqinchoqlar deganday. Ayniqsa rassomlarning kartinalariga qiziqish katta emish. Hatto, eng noyob, eng haligi... nimaydi... xullas, eng zo‘r suratlarni kim ko‘proq yig‘ish bo‘yicha musobaqa bor emish...
O‘ktam mushtini yana dahaniga tegizib yengil tomoq qirib qo‘ydi. Do‘stiga sinovchan-savolchan tikildi.
– Shu gapni aytish uchun ortimdan yugurib chiqdingmi? – dedi Baxtiyor hafsalasi pir bo‘lib.
– O‘ylovdimki, bu xabar seni qiziqtiradi deb... axir, bir paytlar chizarding, balki hozir ham chizib yurgandirsan.
– Xo‘sh, shunga nima?
– Nima emish... Tayyor asarlaring bo‘lsa sotamiz. 
Baxtiyorning nogoh ko‘z o‘ngida o‘sha kartinasi jonlandi. Badanidan nimadir o‘rmalab o‘tganday bo‘ldi.
– Yo‘-o‘... sotmayman, – deb yubordi u beixtiyor. Ammo tovushi shu qadar zaif va ishonchsiz chiqdiki, undan o‘zi ham qo‘rqib ketdi. Odatda charchagan, ezilgan va bezigan kishining ovozi shunday chiqadi.
– Nahotki menga ishonmasang, – dedi O‘ktam do‘stining qarshiligini o‘zicha tushunib, – narsangni sotsang, bir tiyiniga ham ko‘z olaytirmay qo‘lingga tutqazaman. Sen meni to‘g‘ri tushungin, men... prosto senga yordam bergim kelyapti.
– Yo‘-o‘... sotmayman.
Baxtiyorning bu gal ham sasi avvalgisidan battar ojizona eshitildi. U xuddi najot so‘raganday orqaga tisarilib yana o‘sha bukchayib-burishgan tutning tuya o‘rkachiday turtib chiqqan tanasiga suyanib oldi.
Do‘stining tipirchilab tirishishlari O‘ktamning tag‘in ham qiziqishini orttirdi.
“Bu xumparda bir gap bor-ov,” – deb o‘yladi u tajribali savdogarlarga xos sezgirlik bilan Baxtiyorni zimdan kuzatarkan.
– Baxti, namuncha qaysarlik qilmasang... Nechta tayyor kartinang bor o‘zi?
– Bitta...
– Bittami?! Atigi-ya? – O‘ktam pixillab kulganicha tizzalariga shapatiladi. – Shunga shuncha tarang qilyapsanmi? Men o‘ylabmanki...
– Uni jonimdan ortiq ko‘raman, sotolmayman.
– Baxti, bunday o‘rlik qilma. Aqlingni ishlat, quruq havoga qilich sermamagin. Seni to‘g‘ri tushunaman... Har holda o‘z vaqtida imkoning yetmay yaxshi ijod qilolmagan bo‘lishing mumkin. Balki hozir boshingda chinakam baxt qushi aylanayotgandir. Shu kartinani sotsang, balki ishlaring yurishib ketar. To‘satdan mashhur, boy bo‘lib ketishing mumkin, bildingmi? Yurtning eng zo‘r boylaridan, balki korxonalardan senga ketma-ket zakazlar oqib kelar. Ana o‘shanda bemalol ijod qiladigan bo‘lasan. Ana o‘shanda hamma qadr-qimmatingga yetadigan bo‘ladi...
O‘ktam tuyqus jim qoldi. Chunki u bilib-bilmay o‘z biznes loyihasini, do‘stining iste’dodidan foydalanish rejasini ham aytib yuborgan edi. U labini qimtigan ko‘yi iztirobli o‘ylar iskanjasida zabun bo‘lib turgan Baxtiyorga sinovchan ko‘z tashladi.
“...Payqadimikan? Yo‘-o‘q, u bunday tadbirkorlikni tushunmaydi. Lekin... uni bir amallab ko‘ndirishim kerak.”
– Xo‘sh, Baxti, nima deysan? Gapirsang-chi, – dedi O‘ktam go‘yo horg‘in tin olib.
Do‘stining qizishib tushuntirishlari Baxtiyorga o‘tkir malhamdek ta’sir etmoqda edi. Uning xayollari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi.
“O‘ktamning gaplarida jon borga o‘xshaydi. Chin-da, dunyoda mashhur, boy rassomlar ko‘p-ku! Ularning asarlarini badavlat kishilar sotib olishgani uchun ham shunday bo‘lgan-da! Esam, pulni havodan olishganmi? Men... men nega asarimni sotmasligim kerak? Agar u chinakam san’at asari bo‘lsa, odamlar bahramand bo‘lsin, zavqlansin, iste’dodimga qoyil qolishsin! Uni uyda saqlab o‘tirganimdan nima naf?”
Do‘stini zimdan kuzatib, uning taft tekkan muzday erib borayotganini payqagan O‘ktam tag‘in avrashga zo‘r berdi.
– Kimki uyidagi biror jihozni muqaddas sanab, unga sig‘inib yursa, o‘sha jihoz uyning rizq-nasibasiga to‘g‘anoq bo‘larkan. Bir duoxon mulla menga shunday degan...
Baxtiyor yalt etib do‘stiga o‘girildi. Qoq ko‘ksiga o‘q sanchilgan jonivorday ko‘zlari bezrayib, rang-ro‘yi bo‘zdek oqardi.
– Shundaymikan...
– E, o‘sha mulla hech qachon aldamaydi, shuning uchun mijozlari ko‘p, har tarafdan oqib kelishadi.
Baxtiyor O‘ktamning gaplarini deyarli eshitmadi. Ich-ichidan qo‘zg‘algan bir tovush “Xuddi shunday, ana, hayotingda ko‘rib turibsan-ku,” deya butun ong-shuurida aks-sado berardi.
– Endi buyog‘i o‘zingga havola, – dedi O‘ktam do‘stining muqarrar taslim bo‘lishini payqab o‘zini ketayotganga solarkan. – Sotsang sot, istasang quchoqlab yot... Men shunchaki senga yordam bermoqchi edim.
Baxtiyor u tomon ilkis intildi.
– To‘xta!.. Do‘sting bilan shu haqda gaplashganing chinmi?
– Seni aldab menga zarilmi?
– Narxlari... qanday ekan?
– Qo‘rqma, seni hech kim chuv tushirolmaydi, o‘rtada o‘zim turibman. Yaxshigina narxga sotamiz. Nasib bo‘lsa keyingilarini bundan ham qimmatga pullaymiz.
– Menga pul juda zaril-da, esam... – deb ming‘irladi Baxtiyor.
– Agar chindan ham sotishga ko‘ngan bo‘lsang... mayli, men senga zaklat beraman.
Baxtiyorning chehrasi yorishdi.
– Rahmat... kelishdik.
– Gap bunday, Baxti, – O‘ktam do‘stining yelkasiga qo‘l tashladi, – men ertaga Toshkentga ketaman, juda muhim ishlarim bor. Sening o‘sha narsangni ham olib boraman. Menga bir hafta muhlat berasan...
– Bir hafta?!
– Ha, nima deb o‘ylaganding, boyvachchalar qachon Baxtiyorning asarini opkelisharkan deb kutib o‘tirishmagandir. Borib unga-bunga ko‘rsatish kerak, munosib mijoz topishim kerak.
– Xo‘p...
– Bo‘pti, men hozir mashinamni olib chiqaman, g‘irra senikiga o‘tamiz, qani, qo‘lni tashla.
Baxtiyor bo‘shashgancha qo‘l cho‘zdi.

II

Bu qizni husndan ham ismdan ham qisgan edi. Semiz, beso‘naqay gavdasini goh u yon, goh bu yonga tashlab ona ayiqday lapanglab yurar, go‘yo do‘rdoq lablarini, oytaboq yuzini, go‘shtdor burnini birov ko‘rib qolib qo‘rqishidan qo‘rqqandek boshiga oftobdan sarg‘aygan oq ro‘molini mahkam o‘rab olar edi. Aslida uning chaqqongina, saranjom-sarishtali qiz ekanini birov bilib, birov bilmasdi. Tevarakdagi qiz-juvonlar uning g‘ashiga tegish uchun atay ismini baland ovozda tilga olishardi: “Rajab!” Ba’zilar azbaroyi qizni xafa qilmaslik uchun qo‘shimchaga zo‘r berardi: “Rajaboy... Rajabgul.” Lekin bu ham quloqqa “Rajabboy, Rajabqul” deganday eshitilar, polvon qiz xijolatdan battar beso‘naqaylashar edi. Aytishlaricha, shunday noqulayliklar kasridan qiz maktabda ham yolchitib o‘qimagan ekan. Bolalardan tortib kattalargacha uni mazax-masxara qilishaverganidan yettinchi sinfni bitirib-bitirmay maktabdan oyog‘ini uzibdi. Hatto bir-ikki bor o‘z joniga qasd qilishga uringan ham emish. 
Baxtiyor ana shu qizni sevib qoldi. O‘shanda u boshni tap-taqir qirtishlatib harbiy xizmatga chog‘lanib yurgan edi. Bir kuni daydib ketgan ola sigirini topib kelish ilinjida qishloq biqinidagi paxta paykaliga oraladi. Bu paytlar yig‘im-terim avji ancha pasaygan, paykallarning u-bu yeridagina qiz-juvonlar ko‘sak chuvib, to‘kilgan tolalarni terib yurishar edi.     “Ey, rassom, bizning rasmimizni chizib be-er!” – deya chinqirib qo‘l silkitardi uni ko‘rib tanib qolganlari. 
Baxtiyor ham xushhollik bilan bosh irg‘ab qo‘yardi.
O‘sha kuni u xayollarga g‘arq bo‘lib, mol izlashni ham unutib paykalda xo‘b tentidi. Tevarakdagi manzaralar, ranglar uning yuragini o‘rtab, ilhom zavqini solardi. Tik turgan ko‘yi hamma-hammasini qog‘ozlarda tasvirlagisi kelardi.
Bir payt u taxtaday qotib qoldi. Attigi uch-to‘rt qadam narida, baland o‘sgan g‘o‘zalar orasida bir xilqat uzun, qop-qora sochlariga ko‘milib, allaqanday ashulani xirgoyi qilgan ko‘yi ko‘sak chuvib o‘tirardi. Nogoh sharpani ilg‘ab u ilkis bosh ko‘tardi. Chehrasini to‘sib turgan parishon sochlari ikki yonga siltanib ketdi.
Oq ro‘mol ostida kun ko‘rmagan yuzlar ko‘pchigan xamirday oppoq edi. Bir juft qahrabodek ko‘zlar hurkaklik bilan boqar, qalin, do‘rdoq lablar nim ochilib titranar, go‘yo nelardir demoqqa chog‘lanar edi.
Baxtiyor xuddi jodulanganday ancha payt qotib qoldi. Qizning yirik-yirik ko‘zlaridan ko‘z uzolmasdi. A’zoi-badani jimirlab, yuragi gurs-gurs ura ketdi. Qiz ham shu alfozda bir muddat tek qotdiyu so‘ng, “Voy” deganicha o‘rnidan irg‘ib turdi, kalovlanib yerdan ro‘molini olib boshiga ildi.
Shundagina baxtiyor qarshisidagi Rajab ekanini bildi. To‘g‘rirog‘i, bo‘yi-bastidan tusmolladi. Chunki u ilgari qo‘shni qishloqlik bu qiz haqida ko‘p eshitgan bo‘lsa-da, hech o‘zini bu qadar yaqindan ko‘rmagan edi.
“Kechirasiz, sizni bezovta qildim – dedi yigit allanechuk hislardan tomoqlari quruqshab, – shu atrofdan sigirimni izlab yurgandim.”
Rajab ko‘sak qobiqlari sochilib yotgan jo‘yak tomon tisarildi, qat-qat, keng kiyimlarining u yoq-bu yog‘ini orastalagan bo‘ldi.
“Siz ham shu brigadada ishlaysizmi?” – deb yana gap qotdi Baxtiyor.
“Yo‘-o‘q, biz oltinchidanmiz. Bir haftaga hasharga keldik,” – dedi Rajab. Shunday bo‘yi-bastiga qaramay, uning ovozi chinniday jarangdor, momiqday mayin edi.
“No‘rma juda kattami?”
“Yo‘-o‘q, kuniga o‘n kilocha chuvima topshirsak bo‘ldi.”
Baxtiyorning ketgisi yo‘q edi. Gapni gapga ulab turaverishni istardi. Shu sabab jo‘yaliroq gap izlab picha g‘imirlab qoldi. Shu payt qizning o‘zi jonga oro kirdi.
“Armiyaga ketyapsizmi?” – deb so‘radi u qiya ko‘z tashlab.
“Ha, – dedi Baxtiyor taqir boshidagi bir parcha kepkani piypalab. – O‘qishga kirolmadik, endi armiyasini ham bir ko‘rib kelaylik-chi.”
“O‘qishga kirolmay o‘kingandirsiz-a?”
“Unchalikmas... shu institutga o‘zi ko‘p ham hushim tortmadi.”
“Nega birdan yoqqaniga bormadingiz, masalan, rassomchilikka...”
Rajabning o‘zi haqida bilishini payqab Baxtiyor negadir sevindi. Lekin amakisi zo‘rlab shu institutga olib borganini aytgisi kelmadi. Negadir qiz oldida shumshuk, birov yetaklagan tomon ketaveradigan laqma bo‘lib ko‘rinishni istamadi.
“Bu yil shunchaki mashq qilib ko‘rdim-da,” – deb qo‘ydi chaynalib.
Rajab tez-tez tevarakka alanglab qo‘yardi. Aftidan, u yigit kishi bilan turganini birov ko‘rib qolishidan cho‘chirdi.
“Sigiringiz bu atrofda ko‘rinmayapti?”
Qizning ojizona aytgan bu gapi, “Endi bu yerdan keting,” deganday tuyuldi Baxtiyorga. Lekin uning hanuz ketgisi yo‘q edi. Ajib, huzurbaxsh hislar og‘ushida mastona turardi.
“Sigir ham uyga yetib olgandir, – dedi Baxtiyor qishloq tomon erinibgina ko‘z tashlab, so‘ng jo‘yak ichiga to‘kib qo‘yilgan ko‘sak uyumiga ishora qildi. – Keling, sizga chuvishga yordam beraman, shunaqasigayam ko‘p gapirib sizni ishdan qoldirdim.”
Rajab yelka uchirib, sarosimali jilmayarkan, yana tevarrakka tezgina alanglab qo‘ydi.
Ko‘sak uyumi yoniga o‘tirdilar. Rajabning to‘zg‘in sochlari amal-taqal o‘ralgan ro‘mol qirralaridan ko‘pirib-toshib yengil epkinda o‘ynoqlab turardi. Baxtiyorning tobora qoni qizib, yuragi hapqirib borar, ko‘sak tutgan qo‘llari bir oz titrar edi.
“Boshqalardan ajralib qolibsiz,” – dedi u qizga savolchan ko‘z tashlab. Va so‘rovidan pushaymon bo‘ldi.
Rajabning tuyqus rang-ro‘yi tundlashib bir oz jim turdi, so‘ng o‘z-o‘ziga gapirgandek pichirlab qo‘ydi:
“Ko‘pchilik ichida yuragim siqiladi.”
Baxtiyor o‘ng‘aysizlikdan chiqish ilinjida qizga yoqadigan gap topishga urindi.
“Xayol surishni yaxshi ko‘rasizmi deyman menga o‘xshab?.”
“Qanday bildingiz?”
“Yuzlaringiz juda tiniq ekan, xayolkash qizlarning yuzlari shunday nurlanadi.”
Rajab e’tiroz bildirishga urindiyu, ammo eplay olmadi. Maqtovdan masrurlanib beixtiyor jilmaydi. Bo‘rtiq yonoqlariga andak qizillik indi.
“Qo‘ying-e... rassomsiz, shuning uchun chiroyli gapirasiz.”
Maqtovdan moydek erish gali endi Baxtiyorga keldi.
“Rassomligimni qaerdan bilasiz?” – dedi u og‘zining tanobi qochib.
“Juda mashhursiz. Qishlog‘imizdagi maktabda ham sizni o‘rnak qilib ko‘p gapirishardi.”
Shu asno g‘o‘zalar shitirlab ketdi. Har ikkisi ham bosh ko‘tarib sharpa sasi kelgan yoqqa yuzlanishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, shundoqqina ro‘parada yo‘qolgan ola sigir kavshangan ko‘yi ularga termulib turardi.
Ular bir-biriga yalt etib qarab bab-baravar kulib yuborishdi. Qahqahaning zo‘ridan Rajabning ro‘moli sidirilib tushib sochlari tag‘in to‘zib ketdi. Jarangdor, tiniq tovushi iliq kuz oftobi nurlariga qorishib keng paykallarga singib ketganday bo‘ldi. Kulgi barobarida ich-ichidagi go‘zallik, latofat sirtga silqib chiqdiyu, yalpoq yuz, do‘rdoq lab, yirik burun bir zum jilvalanib ketdi.
Baxtiyor qizga lol qarab turardi.
O‘sha kuni u ola sigirini oldiga solib, paykaldan mast odamday dovdirab qaytdi. Yuragi hali hech qachon his etmagan allaqanday sururdan mavjlanar, butun vujudida yoqimli bir titroq kezinar edi. O‘sha kech kamgap-kamsuqum Baxtiyor uyida ham, do‘st-yoronlar davrasida ham ko‘p gapirib, ko‘p kuldi. Hamma hayron. Hatto otasi kishi bilmas og‘zini hidlab ko‘rdi. Yo‘q, mayxo‘rlik qilmagan.
O‘sha kech Baxtiyor huzurlanib to‘shagiga cho‘zilarkan, Rajabning ko‘zlari ta’qib qilib turganini payqadi. Nogoh yuragiga g‘ussa qalqdi. Uyqusi qochdi. Qah-qah urib kulayotgan qizning ko‘zlari bot-bot xayolida jonlandi. Rajabning ko‘zlari kulmas edi! Ha, kulmas edi, ular g‘amgin va o‘ychan boqib turardi. Qiz yonida lol qotib turarkan, Baxtiyor buni aniq ko‘rdi, musavvirlik sezgisi bilan teran sezdi! Xuddi shu ma’yus nigohlar uni butkul jodulab olgan edi.
“Ko‘zlaringni sevaman, Rajab,” – deya pichirladi yigit, qop-qora tun qarab turgan derazaga tikilib.
O‘sha paytlar askarlikka chaqirilgan yosh-yalanglar arzanda to‘pga aylanar, ertayu kech o‘yin-kulgi qilib, ko‘cha-ko‘yda mast-alast izg‘ib yurishar edi. Baxtiyor har xil bahonalar bilan ulardan taysallay boshladi. Har xil bahonalar bilan paykal tomon oshiqar bo‘ldi. U Rajab bilan deyarli har kuni uchrashardi. Har uchrashganda qiz qalbining nozik qirralarini kashf qilib, olam-olam zavq-shavqqa to‘lardi.
Rajab yettinchi sinfdan bu yog‘iga maktab betini ko‘rmagan bo‘lsa ham, ancha o‘qimishli qiz ekan. U tilga olgan kitoblarning ko‘pini Baxtiyor, hatto, nomini ham eshitmagan bo‘lib chiqardi. Goho, qiz shunday faylasufona-shoirona gaplar aytardiki, Baxtiyor ularning mazmunini chaqolmay xijolatlanar edi.
“Qo‘yavering, mening yoshimga yetganda bilib olasiz, – deb kulardi Rajab, uning kalovlanishlarini payqab. – Axir sizdan ikki yosh kattaman-a...”
Shunday shavqli uchrashuvlarning biridan qaytib kelayotgan mahal paykal boshida Shoyimga yo‘liqib qoldi.
Shoyim ulardan uch yil avval maktabni amal-taqal bitirganlardan edi. Toshkentda o‘qiyapman deb hammani laqillatib, harbiy komissariatni ham chalg‘itib yurgan ekan. Oxir-oqibat siri fosh bo‘ldi. Baxtiyorlar qatori xizmatga chaqiriq qog‘ozi oldi.
“Bizni isnodga qo‘yding, ukang tenggilar bilan armiyaga ketyapsan,” – deb katta akasi boplab savalagan emish. Lekin Shoyim sirtiga suv yuqtirmay, ko‘cha-ko‘yda kerilib, huda-behuda laqillab yurar edi.
“Qaerdan kelayapsan, – deb so‘radi u targ‘il ko‘zlarini makkorona qisib, paykal chetida uchrab qolgan o‘sha payt, – Rajabning oldida bo‘ldingmi?”
“Ha, bir oz ko‘sak chuvishdim,” – dedi Baxtiyor istar-istamas.
Shoyim uyatsizlarcha tirjaydi.
“...ko‘rdingmi, zo‘r narsa ekanmi?”
“Og‘zingizga qarab gapiring, aka... – Baxtiyor bo‘g‘ziga tiqilgan g‘azab va alamdan bir zum gap topolmay entikib qoldi, so‘ng sekin qo‘shib qo‘ydi, – u siz o‘ylagan qizlardan emas.”
“Qo‘ysang-chi, Rajabning oldi ochiq, men bilaman, uni Bolta mudir buzib qo‘ygan.”
Baxtiyorning qo‘llari musht bo‘lib tuguldi. Shoyimning qizil donacha toshgan basharasini mo‘ljallab urishga shaylandi, lekin botina olmadi.
“Menga bunaqa gaplarni gapirmang,” – dedi alamdan yig‘lagudek bo‘lib nari ketarkan.
Biroq Rajab haqidagi sassiq safsata shu bilan tugamadi. Ertasi kuni ketarmanlar safdoshlaridan birining uyiga yig‘ilishgan kech dasturxon tevaragidagi gurung yana o‘sha qizga borib taqaldi.
“Bekorga u chekka-ovloq yerda ko‘sak terib yurmaydi,–deya hiringladi Shoyim, uy to‘rida yonboshlab yotarkan, – talabgorlarni ovlaydi, mazaxo‘rak... shuning uchun semirib ketyapti.
Uning g‘iybatlarini kimlardir qiyqirib quvvatlagan bo‘ldi. Choy suzayotgan Baxtiyor ko‘z ostidan safsataboz tomon bir o‘qrayib qo‘ydiyu, uydan chiqib ketishga shaylandi. 
“Manavi safdoshimiz ham... – Shoyim jonsarak Baxtiyorga ishora qildi, – ta’mini tatib ko‘rgan.”
Davrada kulgi-qiyqiriq avjlandi. Baxtiyorning qizarib-bo‘zarib,”Bekor gap” deya po‘ng‘illashi g‘ala-g‘ovur ichida deyarli eshitilmadi.
Shirakayf ketarmanlardan biri shu orada ovozini baralla qo‘ydi.
“Juda to‘g‘ri qilgan. Axir bu rassom. Rassom odam shunday-shunday ko‘rib turmasa, yalang‘och ayolni qanday chizadi?!”
Gurr etib ko‘tarilgan kulgidan mehmonxona vassajuftlarigacha zirillab ketdi.
Baxtiyordan “g‘ing” degan sado chiqmadi. Avvaliga bir-ikki norizo tipirchilab qo‘ygan bo‘lsa-da, keyinchalik kulgilarga iljaygan ko‘yi qo‘shilib o‘tirdi. Rajabni oshkora himoya qilishga botina olmadi. Balchiqday bijg‘ib turgan mana bu gap-so‘zlar erta-indin chin chiqib, el-ulus oldida sharmanda bo‘lishidan qo‘rqdi.
“Bular bekorga bunday dadil gapirmaydi-ku, – deb o‘yladi u o‘sha kech g‘ashlanib uyiga qaytarkan, – rostdan ham Rajabning bir balosi borga o‘xshaydi.”
O‘sha tun Baxtiyor to‘lg‘anib chiqdi. Xayolida qarama-qarshi o‘ylar charx urar, ko‘ngli alg‘ov-dalg‘ov edi. Qizni har eslaganida vujudida yoqimli hislar junbishga kelardi. Oxir-oqibat ko‘nglining tub-tubida g‘imirlab, payt poylab yurgan asl niyat otilib yuzaga chiqdi.
“Shu paytgacha biror qizni o‘pib ham ko‘rganim yo‘g‘-a, – deb o‘yladi u yostiqni to‘shiga tortib, – agar anavi gaplar chin bo‘lsa...uni men ham...”
Ammo Baxtiyor o‘z xayolidan o‘zi uyalib ko‘rpaga burkanib oldi.
Ertasi kuni tag‘in Rajabga ro‘baro‘ bo‘lgan payt, qizning ma’yus-mahzun qarog‘lariga ko‘zi tushdiyu, tun bo‘yi to‘lg‘ab chiqqan fitnakor o‘ylaridan battar uyalib, o‘z-o‘zidan nafratlanib ketdi. Ammo bu ko‘pga cho‘zilmadi. Suhbat qizigan sayin yigit qoni ham qizib, qizning goh bo‘liq ko‘kraklaridan, goh tiniq, lo‘ppi yuzlaridan ko‘z uzolmay, gapidan adashib, duduqlanib qolar edi.
“Toshkentga tog‘amnikiga borganimizda muzeyga kirganmiz, – deb eslab qoldi Rajab iymanib, – yalang‘och xotinlarning portretini ko‘rib rosa uyalganmiz, qayoqqa qocharimizni bilmay qolganmiz.”
“Ularni rassomlar asliga qarab chizishgan, – deb bilag‘onlik qildi Baxtiyor, – san’atda shunaqa usul bor...”
“O‘lsin-e, bunaqa usuli...”
Bir payt ular chuviyotgan ko‘sak sob bo‘lib qoldi. Rajab yana terib kelish uchun o‘rnidan turdi. Biroq uvushib qolgan bo‘g‘inlari og‘irlikni ko‘tara olmay nogoh ortga qalqib, jo‘yak ichiga gursillab yiqildi.
“Iya, ehtiyot bo‘ling!” – deb irg‘ib o‘rnidan turdi Baxtiyor ko‘makka oshiqib. Lekin hovliqqanidan g‘o‘zapoyaga qoqilib... uzun etaklariga o‘ralashgan ko‘yi o‘rnidan turishga urinayotgan qiz quchog‘iga quladi. Shusiz ham butun gurung davomida butun vujudi tarang tortib, ehtirosi jo‘shib turgan navqiron jon ortiq chidayolmay, bo‘rtiq yonoqlardan o‘pib oldi! Va yana lablar sari talpindi. Ammo Rajab bir siltanib Baxtiyorni osongina ustidan sidirib tashladi.
“Haddingizdan oshmang,” – dedi qiz qizarib-bo‘zarib. So‘ng gandiraklagan ko‘yi o‘rnidan turib, ust-boshlarini orastaladi.
Baxtiyor nima qilarini, nima deyarini bilmay qoldi. Uning ko‘zlari hirsdan yonib yana Rajabga tashlangisi kelardi. Ammo jur’at etolmadi.
“Sizning suratingizni chizmoqchi edim,” – deb g‘udrandi arang.
Rajab yalt etib unga yuzlandi.
“Nimaning evaziga? – So‘ng g‘amgin pichirlagan ko‘yi qo‘shib qo‘ydi. – Mening suratimni chizish sizning qo‘lingizdan kelmaydi.”
Qiz chuvima solingan etakni yelkasiga tashlab nari ketdi.
Baxtiyor tag‘in uch-to‘rt kun Rajabning ko‘ziga ko‘rinishga uyalib yurdi. Lekin kechayu kunduz u haqda o‘ylar, qandaydir ohanrabo uni qiz tomonga tobora tortqilardi.
Tiz cho‘kib kechirim so‘rashim kerak, sevishimni aytishim kerak, degan o‘y uning ong-shuurida izg‘ib yurardi. Bu orada askarlikka jo‘nash muddati ham yetib keldi.
Baxtiyor tuman markazidagi harbiy idoradan qaytib keldiyu, yana paykal oraladi.
“Bugun chiqmagan bo‘lsa-ya?! Ularni boshqa paykalga olib ketishgan bo‘lsa-ya?!” – degan xavotirdan yuragi hapqirar, negadir o‘kirib yig‘lagisi kelar edi.
Baxtiyor tevarakka jonsarak alangladi. Ship-shiydam, pati ketgan palosdek paykalning kun botar tomonida to‘zib yurgan qiz-juvonlarga ko‘zi tushdiyu, ko‘ngli bir oz taskin topdi. So‘ng katta zovur yoqasidagi g‘o‘zalar baland va quyuq o‘sgan qarta yoqqa yuzlandi. Chunki Rajabni odatda shu tarafda ko‘proq uchratardi. Baxtiyor qadamini tezlatdi.
Kuz oftobi horg‘in va o‘ychan yiltillab turardi. Go‘yo undan nur o‘rniga zang yog‘ilayotgandek, dov-dalalar sarg‘ish-qizg‘ish tusga qorishib mahzun yastanib yotardi. Xazonlar shitirlab-shivirlab, havoda bir zum muallaq qotgan ko‘yi ohista yer bag‘irlaydi.
Ana, ana u! Rajab jo‘yaklar oralab xayolchan ko‘sak terib yurardi. Baxtiyor qiyqirib qiz tomonga qo‘l siltadi. U ham tovush taralgan tarafga tikilib turdi-da, qo‘lini havoda to‘lg‘adi. So‘ng etaklarini yig‘ishtirib peshvoz yurganday bo‘ldi.
Baxtiyor quvonchdan go‘yo qanot qoqib uchdi.
“Mendan xafa emassiz-a, xafa emassiz-a, Rajab! Siz har qanday go‘zaldan go‘zalsiz, Rajab! Bir umr yoningizda bo‘lsam deyman! Bir umr ko‘zlaringizga termilib o‘tirsam deyman! Men sizni sevaman! Hoziroq borib oldingizda tiz cho‘kaman, yuragimda borini to‘kib tashlayman!...” 
Baxtiyor ich-ichida shunday hayqirib, ikki ko‘zini qizdan uzmay yugurgilar ekan, g‘adir-budir egatlarda bir-ikki qoqilib ketdi.
Havo allanechuk iliq va mayin edi. Unda-munda ilashib qolgan mezonlar sho‘x-shodon o‘ynoqlardi.
Ular yuzma-yuz keldilar. Oraliq uch-to‘rt qadam qolganda xuddi birov buyruq berganday baravariga to‘xtashdi. Baravar jilmayib bir-biriga bosh irg‘ab salomlashgan bo‘lishdi.
“Hormang.” – dedi Baxtiyor tovushi titrab.
“Bor bo‘ling, o‘zingiz hormang,” – dedi Rajab go‘yoki shivirlab.
Baxtiyor tuyqus bo‘shashib, sarosimalanib qoldi. Boyagina ich-ichida charx urgan xitoblari qaylargadir tumanday to‘zib ketdi. O‘rnini allanechuk hadik-hayajon egalladi.
“Men... biz ertaga jo‘nayapmiz,” – dedi u bir dona qovjiroq g‘o‘za bargini qo‘lida ezg‘ilab.
“Qayoqqa?! Armiyagami?!”
“Ha.”
Rajab nogoh kichrayib ketganday bo‘ldi. Yuz-ko‘zida siniq bir tabassum qotib qoldi. Titrayotgan qo‘llari bilan kofta tugmasini g‘ijimlab, ko‘zlarini uzoq-uzoqlarga olib qochdi.
“Oy borib omon kelingizlar.”
Baxtiyor dovdiragan ko‘yi qiz tomon yurdi. Rajab unga cho‘chib bir nazar tashladiyu, avval andak tisarildi, so‘ng o‘q ariq bo‘yiga, ajriqzor ustiga o‘tirib qoldi.
“Sizga xat yozib tursam maylimi?” – dedi Baxtiyor uning ro‘parasiga cho‘kib.
Rajab ma’yus bosh chayqadi.
“Yo‘q, akamlarning qo‘liga tushib qolsa yomon bo‘ladi. Xat yozib sizga zarilmi?”
“Men sizni sevib qoldim... sizni sog‘inaman.”
Baxtiyor shunday dediyu, yuragi gurs-gurs urgan ko‘yi ko‘zlarini chirt yumib oldi. Nazarida, Rajab, irg‘ib turib yuziga tarsaki tortib yuboradigandek edi. Lekin qiz horg‘in, ezgin bir tarzda kuldi.
“Sevgi nimaligini bilasizmi o‘zi, yigitcha?”
“Bilmasdim... endi bildim. Sizni sog‘inaman.”
Rajab xayolchan jilmaydi. So‘ng chirmab o‘ralgan ro‘molini yechib, boshini bir to‘lg‘ab sochlarini to‘zg‘itib yubordi.
“Mana, sog‘insangiz, yaxshilab ko‘rib oling.”
Baxtiyorning tomirlariga olov o‘rmaladi. Qizning yuz-ko‘zlariga termilib, uni xayolan erkalab pichirladi.
“Siz chini bilan suluvsiz, Rajab...”
Qiz o‘zicha sharaqlab kuldi. Ammo bu kulgisi allanechuk soxta, zo‘raki ekanligi shundoqqina sezilib turardi.
“Men sizning suratingizni chizaman,” – dedi Baxtiyor entikib.
“Mening suratimni?! Huv, o‘sha kungiday usulda chizmoqchimisiz?”
“Yo‘-o‘q, nimalar deyapsiz, Rajab, – deya Baxtiyor hovliqqancha e’tiroz bildirishga kirishdi. – O‘lay agar, siz tengsiz go‘zalsiz, siz... – Baxtiyor qay bir kitobdan o‘qib yoqtirib qolgan iborani eslab, sekingina qo‘shib qo‘ydi. – Siz mangulikka daxldorsiz. Odamlar sizning suratingizni ko‘rib chinakam go‘zallikni his etishadi.”
“E-e, Baxtiyor, juda olib qochasiz-a, erta-indin o‘ladigan hech bir tirik jon mangulikka daxldor bo‘lolmaydi. Shular qatori men ham...”
Rajabning so‘nggi so‘zlari shu qadar so‘niq va g‘amgin eshitildiki, Baxtiyor bir oz chiroyli gapiraman deb qizga ozor yetkazganidan afsuslandi.
“Kechirasiz, bilmabman.”
Rajab keng manglayini qoplab turgan sochlarini siltab tashlab, yana siniq jilmaydi.
“Mangulikka daxldor narsalarni chizgingiz kelyaptimi?”
“Ha.”
“Unda sevgining suratini chizing. Boya o‘zingiz aytgan sog‘inchning suratini chizing. Shafqatni chizing. Ana shular abadiy. Ana shular hamisha qadrli.”
Baxtiyor nima deyarini bilmay qoldi. Qizning dono malikalarga xos jumboqli gaplari uni yana bir karra dovdiratib qo‘ygandi.
“To‘g‘risi... bunga hali yoshlik qilaman-ov... lekin qachonlardir chizishga sizga va’da beraman.”
“Men esa chiza olaman... xohlasangiz hozir chizib ko‘rsataman,” – dedi Rajab kaftlari bilan yuzini yashirib.
“Qani endi shunday qilsangiz.”
“Kulmaysizmi?”
“Yo‘q, nega kularkanman.”
“Hech kimga aytmaysizmi?”
“Qasam ichib...”
“Bir umr eslab yurasizmi?”
“Bir umr...” – deb g‘udrandi Baxtiyor allaqanday sohir hislardan yuragi toshib.
“Mana, sizga o‘sha surat,” – dedi Rajab ilkis bosh ko‘tarib, yuzini qoplab turgan sochlarini siltab tashlarkan.
Nogoh qizning yirik-yirik, tip-tiniq qorachiqlari suv tekkan qahraboday yiltillab turardi. Do‘rdoq lablari qimtilib, go‘shtdor burni titrab, ko‘zlaridan marvariddek yosh tomchisi silqib chiqdi. Silqib chiqqan yosh bo‘rtiq yonoqlar ustida durday tovlanib bir zum turdiyu so‘ng oqib ketdi. Tag‘in ko‘zlaridan shaffof tomchi sizib chiqib, tag‘in yonoqlarda qalqib qoldi.
Lol qotib turgan Baxtiyorning yuraklari o‘rtanib beixtiyor qiz tomon qo‘l cho‘zdi.
“Rajab, yig‘layapsiz-ku, Rajab?!”
“Tegmang menga... Iltimos, endi keting...”
“Sizni yig‘latib...”
“Iltimos, keting... meni desangiz, keting.”
Baxtiyor dovdiragancha o‘rnidan turdi. Turdiyu, yana yalt etib Rajabga yuzlandi.
Qiz ko‘zidan tomchi-tomchi yosh silqib, dudoqlarida bir zum-bir zum durday tovlanib turib qolardi.
Xuddi shu manzara olis bir o‘lkada xizmat qilib yurgan askarni ikki yil ta’qib qilib turdi.
Ikki yil Baxtiyor o‘sha marjon-marjon yoshlar ta’mini tanglayida tatib yurdi.
Harbiylikdan qaytib kelgach, Baxtiyor zimdan Rajabni surishtirdi. Ular bir yilcha avval ota yurti bo‘lgan Jambulgami, Tarozgami ko‘chib ketishgan ekan. Askar yigit manzilga eltuvchi yakkayu yagona ulovdan qolib ketgan yo‘lovchiday “uh” tortib to‘shakka quladi. O‘sha kuni uning harbiylikdan orttirib kelgan kasali yengil bir xuruj qildi.
Oradan yillar o‘tdi. Biroq o‘sha paykalda kechgan kunlar qanchalar uzoqlashgan sayin, qiz dudog‘ida qalqqan o‘sha marjon-marjon yosh shunchalar yaqin kelar, shunchalar rangli, shunchalar tiniq ko‘rinar, Baxtiyorga sevgi va sog‘inch, shafqat va umid haqida teran hikmatlar so‘ylar edi. Oxir-oqibat, dard-iztiroblar silsilasida unga mo‘yqalam tutqazib, molbert yoniga haykalday turg‘izib qo‘ydi. Talabalikning so‘nggi yilida Baxtiyor o‘zining “Bir tomchi yosh” deb nomlangan kartinasini yaratdi...
...Sarg‘ish-qizg‘ish ranglar. Qaqrab-qurib, tars-tars yorilgan Yer shari. Yer shari ustida bir yonini bulut to‘sgan Quyosh balqib turibdi. Bulut to‘sgan Quyoshu Yer o‘rtasida bir tomchi obi-rahmat billurday tovlanadi.
...Yo‘q, yo‘q! Bunda mutlaq boshqa manzara. Ko‘rib turganimiz Yer shari emas, qaqrab-qurib, tars-tars yorilgan, tomirlari bo‘rtib chiqqan Yurak. Yurak ustida bulut to‘sgan Quyoshmas, bulutdek to‘zg‘in soch bir yonin to‘sgan Ko‘z! Sevgi, sog‘inchga, shafqat-umidga limmo-lim Ko‘z! Ko‘z va qaqroq Yurak o‘rtasida... olmosday tovlangan Yosh!..
Baxtiyor ana shunday sermazmun, serhikmat asar yaratgan edi! Unda ranglar ingrog‘i baralla taralardi. Unda abadiyat, mangu dard, mangu savol g‘ujanak bo‘lib yotardi. Bu asar ko‘rgan ko‘zdan bir tomchigina yosh talab qilardi.
Baxtiyor buni jonu jahonim, umrim mazmuni deb bilardi. Hatto, Georgiy ham ko‘zlari ko‘m-ko‘k dengizday mavjlanib xuddi shunday degan edi.
Ana endi bu asar yo‘q! Baxtiyorning baxti, og‘ir damlarida umid-ishonch baxsh etuvchi, yupatib ovutuvchi sirli dunyosi yo‘q endi! O‘ktam boyvachcha uch kun burun avrab-aldab Toshkentga olib ketdi. Ayyor tulkining xaridori ham tayin bo‘lsa kerak, kiprik qoqmay yuz dollar garov puli ham uzatdi. Mana uch kundirki Baxtiyorning halovati yo‘q. Axir uy bo‘m-bo‘sh, boloxona bo‘m-bo‘sh, yurak bo‘m-bo‘sh! Butun dunyo huvillab qoldi. Ammo Baxtiyor ana shunday bo‘m-bo‘sh, huvillagan dunyolarga sig‘maydi. Ovunch izlab, yupanch izlab ertayu kech, ko‘cha-ko‘yda izg‘iydi, tunlari bolaxonaga qamalib o‘z-o‘zini so‘roq qilib chiqadi.
Mana, hozir ham o‘sha eski divanga yalpayib, bir paytlar chala-yarim qolgan suratiga ma’yus termilib o‘tiribdi. Lekin u qarshisida chala-yarim umrini, chala-yarim baxtini ko‘rib xo‘rsinadi. O‘ktam boyvachcha bergan pulni olib quvonchdan yal-yal yashnagan Matluba ham endi erining hol-ahvolidan xavotirda, vrachning vahimali so‘zlari qulog‘ida bot-bot jaranglab, goh u, goh bu bahona bilan boloxonaga tez-tez chiqib qo‘yadi. O‘ylovdan chalg‘itish ilinjida erini gapga solishga urinadi. Baxtiyor ko‘ngil uchun soxta iljayib, bir balolar degan bo‘ladiyu, g‘ussa qalqib turgan ko‘zlarini olib qochadi.
Mana, Matluba hozirgina tushib ketdi. Baxtiyor zina tomon o‘g‘rincha alanglab, javon ortiga yashirib qo‘ygan arog‘idan quyib ichdi. Ich-ichiga o‘rmalagan olovdan dard-alamlari yana ham ravshan ko‘rinib ketdi.
“Men xiyonat qildim! O‘zimga, Xudo bergan iste’dodimga xiyonat qildim. San’atga xiyonat qildim!” – deya xayolan xitob qildi u, chala yongan tarashaday tirisharkan.
Bu ko‘rgulik qachon boshlandi? Ha, esladi, amakisining uyiga gul chizib bergan kundan boshlandi. O‘sha kuni sotqinlik butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. Poytaxtga ketishga amakisi da’vat etganida, uning ustidan ich-ichida kuldi, jaraq-jaraq pul topayotganidan kibrlandi. Yo‘q, yo‘q, xiyonat ancha avval, ana shu asarni yaratgan paytiyoq nish ko‘rsatgan ekan! Axir, “Bir tomchi yosh” Rajabniki-ku?! O‘sha qizning qordan toza qalbi, sevgisi uchun to‘kkan ko‘zyoshlari sharofatidan paydo bo‘ldi-ku bu asar! Evaziga nima bera oldi sho‘rlikka? Hatto o‘sha ketarmanlar yig‘inida mardona turib uni fisqu fasoddan himoya qila olmagandi. O‘shanda ham o‘zini , faqat o‘zini o‘ylagan edi! Yo‘q, Rajab uning marhamatiga zor emas. U o‘sha ko‘z yoshlari bilan baxtli! Bunda esa o‘sha narsa ham yo‘q.
Baxtiyor andak dovdiragan ko‘yi aroqdan yana quyib ichdi. Xira tortgan ko‘zi o‘ngida tuyqus Georgiy jonlandi. Hatto, uning ust-boshidan anqiyotgan qo‘lansa hid dimog‘iga urilganday bo‘ldi.
Georgiy! Donishmand qariya, chinakam san’atkor! Endigina uning gaplari ma’nosini teran anglab turibdi. Muyulishda uchrashib qolishgan payt, u Baxtiyor bilan salomlashmadi, hol-ahvol so‘rashmadi. “Risuesh?” – uning ilk savoli xuddi shunday jarangladi. Chizish – Georgiyning nazarida chin san’atkor uchun sog‘-salomatlik belgisi, qolganlari mayda-chuyda, xolos. Bu-chi, nima qildi? Qariyani ilk ko‘rgandayoq undan jirkandi, ichkilikka pul, boshpana so‘rab dardisar bo‘ladi, deb o‘yladi. Asarini maqtaganda esa olchoqlarcha iljaydi, unga hatto bir piyola choy quyib uzatmadi. Eh, Georgiy! Ko‘zlariga qara uning, ko‘zlariga! Taqdiridan mamnun-masrur porlab turibdi! Yaratganga bergan iste’dodi uchun shukronasi bu! U o‘z isqirt aft-angori, qo‘lansa isi bilan hayot ustidan, soxta, g‘irrom, nafsi o‘pqon jamoat ustidan g‘alaba qilgan! Bu-chi, bu? Go‘yoki oilaparvar er, mehribon ota! O‘z ojizligini, noshukurchiligini tirikchilik tirriqligi bilan xaspo‘shlashga uringan notavon! Bo‘pti, shunday ham bo‘la qolsin, sakkiz yildan beri farovonlik uchun kurashgan bo‘lsin, lekin nimaga erishdi? Qani o‘sha to‘kin-sochin ro‘zg‘or? Qo‘lidan hech narsa kelmadi-ku, turmushini o‘nglay olmadi-ku?! Bu ham kamday, o‘zi jonu jahonim, umrim mazmuni deb yurgan asarini ham sotdi! Arzimagan chaqaga sotdi!..
Baxtiyor istehzoli iljaygan ko‘yi yana shisha tomon intildi. Shu payt darvoza ortiga allaqanday yengil mashina shitob bilan kelib to‘xtadi.
“Kim bu yarim kechasi kelgan, – xayolidan o‘tdi Baxtiyorning, – O‘ktammi? Yo‘-o‘q, bir haftaga muhlat olgan u. Demak... ha, anavi brigadir bo‘lsa kerak, safarga hozirligini bilish uchun kelgan.” – Baxtiyor shishani shosha-pisha yana javon ortiga yashirib, divanga o‘tirdi. Go‘yo, chala-yarim surat ustida ishlayotgan kishi bo‘ldi.
Darvoza taqilladi. Mashina sharpasidan sergaklanib allaqachon hovliga chiqqan Matluba ojizgina “hozir” dediyu borib temir eshikni ochdi.
– Rassom uydami?
– Ha.
– Uxlab qolmadilarmi hali?
Baxtiyor O‘ktamning ovozini tanib, hangu-mang bo‘lib qoldi: “Iya, uch kunda hal qilib qaytibdimi?”
Zum o‘tmay boloxona zinasi og‘ir-og‘ir g‘ijirlay boshladi. Baxtiyor beixtiyor o‘rnidan turib ketdi.
– Salom berdik, janob rassom.
Hansiragan ko‘yi ichkariga bosh suqqan O‘ktamning tovushida, semiz aft-angorida norozilik, minnat-iddao salqib turardi.
– Keling, do‘stim.
– Ol, bu matohingni, – dedi O‘ktam pishqirib.
Shundagina Baxtiyor u qo‘ltiqlab olgan narsaga e’tibor berdi. Asar! Asar qaytib kelibdi! Ammo... ammo muallif negadir bundan xursand bo‘lmadi. Taajjub-tashvish to‘la ko‘zlarini divanga o‘zini harsillab tashlagan O‘ktamga tikdi.
– Nima gap? Nima bo‘ldi?
– Go‘r bo‘ldi, balo bo‘ldi... Opketar paytim bir ko‘zim tushib o‘zim ham o‘yladim-a, shunaqa jinnicha narsani birov olarmikin dedim-a... esiz shuncha mehnatim.
O‘ktam nadomat bilan bosh chayqagan ko‘yi yonidan sigaret chiqarib tutatdi. Bir-ikki bosib-bosib dud tortdi.
– Iltimos, sal tushunarliroq... – deb ming‘irladi Baxtiyor chaynalib.
– O‘ktam u tomonga bir chaqchayib oldi.
– To‘g‘risi, o‘tgan yili bir Georgiy degan daydi rassomni firmaga, qorovullikka yollagan edim. Kunlik yarim shisha vino evaziga. O‘sha seni rosa maqtagandi, ko‘klarga ko‘targandi. Shuning uchun ishlaringga qiziqqandim, aniqrog‘i, foyda keltirishiga yuz foiz ishongandim...
O‘ktam bosh chayqay-chayqay yana bosib-bosib dud tortdi.
– Toshkentga bordingmi o‘zi? – deb ehtiyotkorona so‘radi Baxtiyor.
– Bordim! Sharmanda bo‘ldim! – tuyqus qichqirib yubordi O‘ktam. – Narsangni kimga ko‘rsatsam, qah-qah urib kuladi. Bittasi, bu nima, vaktsinami, deb so‘raydi. Bittasi viski tomchisimi bu, deb piqillaydi. Nima balo, poliklinikadan zakaz olib chizganmisan buni? Xullas, do‘stim bu asaringning xaridori yo‘q! Tushundingmi, xaridor yo‘q buningga!
Baxtiyor chap qo‘ltig‘i ostida tanish, juda tanish og‘riq qo‘zg‘alganini payqadi. Qo‘l yuborib o‘sha joyni sekin siypalagan bo‘ldi. Miyasiga esa O‘ktamning so‘nggi so‘zlari to‘qmoqdek urilardi: “Xaridori yo‘q, xaridori yo‘q!..”
Shu asno uning ko‘z o‘ngida yana Georgiy jonlandi. “Buni sota ko‘rma,” degan iltijosi quloqlari ostida jaranglab o‘tdi.
“Donishmand qariya! – Iztirob bilan o‘yladi u og‘riqdan tirishib. – U bilgan, bu asarga talabgor topilmasligini Georgiy anglagan. Shuning uchun meni ogohlantirgan...”
O‘ktam divanga besaranjom yastangan ko‘yi hanuz bosh chayqab nimalarnidir chamalardi.
– Sen ham el qatori yalang‘och ayollarni chiz, tog‘-bog‘ manzaralarini chiz, – deb ming‘irladi u xuddi o‘z-o‘ziga gapirganday, – o‘shanaqa rasmlar moda ekan elita o‘rtasida. Yaxshi ketadi. Ana, artistlarning portretini tayyorlab ber. Hech qursa, o‘zlari uchun sotib olishadi. Bunaqa narsangning...
– Xaridori yo‘q, – deb pichirladi Baxtiyor siniq iljayib.
O‘ktam unga bir o‘qrayib qo‘ydi. So‘ng chuqur tin oldi.
– Xullas, gap bunday, do‘stim. Bunaqa narsangga ba’zi bir chet ellik o‘zingga o‘xshash devonalar qiziqadi. O‘shalarni poyla. Aldab-suldab yaxshigina pullaysan. Yo‘q, yaxshisi savdolashgali o‘zimni chaqir, yordam beraman. Xo‘-o‘sh... endi-i... mening zaklad pulimni qaytarsang... Men aslida senga yaxshi bo‘lsin deb...
Shu payt Baxtiyor g‘alati bir tovushda pixillab kuldi. Kula-kula divanning bir chetiga shilq etib o‘tirib qoldi. O‘ktam cho‘chib yoniga o‘girildi. 
– Ey, Baxti, ey... – dedi O‘ktam do‘stining bo‘zday oqargan rang-ro‘yidan xavotirlanib, – ey, hazillashdim, pulni qaytarishing shart emas... Bizning biznesda bunday gap yo‘q..
Baxtiyor javob bermadi. Uning hovuz tubidagi ko‘lmakday yiltillab turgan qorachig‘lari tuyqus xira tortdi. Sizib chiqqan bir tomchi yosh yonog‘ida turib qoldi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.