O’z ma’ruzalari bilan ahli Ovro‘poni birqur angraytib tashlab Parijdan qaytgan ruhshunos olim janob Do‘lanov olqishu tahsinlarga ko‘milib ketdi. Turqi-tarovati gazeta sahifalariyu, teleekranlardan nari ketmay qoldi. Tanish-notanish do‘stu yoronlar bir-biridan o‘zib qutlashgani-qutlashgan.
Janob Do‘lanov deganlari o‘sha ma’lumu mashhur cho‘l qo‘ynidagi 41-posyolkada tug‘ilib o‘sgan o‘zimizning Samad, Do‘lanov Samad Ergash o‘g‘li. Biroq ayni chog‘ uni dabdurustdan «o‘zimizniki», «cho‘llik» deyishga birov botinolmaydi; aft-angoriga, yurish-turishiga shahar nusqi singib ketgan, kelishtirib-kelishtirib poytaxt lahjasida so‘ylashadi. Ba’zi bir shaharlik qishloqilarga o‘xshab ijarama-ijara ko‘ch-ko‘ronini ortmoqlab yurgani yo‘q, naq markazdagi qo‘sh qavatli go‘shada uch xonali uyi bor. Bolalari yo‘rgakdan chiqqandan beri inglizcha bog‘chayu maktabga qatnashadi. Ishqilib, janob Do‘lanov, janob Samad desa degulik.
Samad o‘zini muborakbod etgali kelgan, yuqori idoralardan birining mas’ul xodimi sanalmish do‘stini izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘yib iziga qaytdi.
Kech kuzning sovuq bir oqshomi. Shahar allaqachon qorong‘ulikka qorishib ketgan. Tevarakdagi baland-past uylarning derazalaridan son-sanoqsiz elektr chiroqlar chorlaydi. Qay bir xonadondan quvnoq qiyqiriqlar, ola-tasir musiqa sadolari eshitilmoqda.
Samad muzdek havodan yayrab-yayrab kerishdi. Dimog‘i chog‘. Haligina do‘sti ikkovi o‘rtasida kechgan sirligina suhbat hanuz quloqlarini qizdirib borar edi. Do‘stining mas’ul xodimlarga xos mujmallik va ehtiyotkorlik bilan shipshishiga qaraganda, Samad ilm bobida ko‘rsatayotgan karomatlar hukumat rahbarlarining ham diqqat e’tiborida ekan! Xudo xohlasa, yaqin kunlar ichida biror bir unvon yo nishon janob Do‘lanovga nasib etar emish!
Samad uchqur xayollar qanotida qanday qilib o‘z dahlizida paydo bo‘lganini sezmay ham qoldi. Xotini Shirina haligina jo‘shqin kechgan ziyofat asoratlarini bartaraf etish bilan band. So‘ldagi chog‘roq xonada o‘n ikki yashar o‘g‘li kompyuter o‘yiniga sho‘ng‘igan. Yonida singilchasi saqich chaynab betoqat kutib turibdi.
Samad zalga o‘tib, yumshoq kursilardan biriga o‘tirdi-da, huzur bilan ko‘zlarini yumdi. U o‘zini mukofotlarga qiziqmaydigan, ilmu fan uchun xolis, fidoyilarcha xizmat qiladiganlar qatoriga qo‘shib yursa-da, ayni chog‘ do‘sti keltirgan mujdalar haqida beixtiyor o‘ylardi: «Qiziq, qanaqa saylov kutyapti meni? «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini taqib qo‘yishsa-ya?! Yo... yo «xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» unvonini berisharmikan?! Eh, ja-a zo‘r bo‘lardi-da, bunaqa omad, bunaqa baxt har kimga ham nasib etavermaydi...»
Samad yengil bir sharpadan sergaklanib, ko‘zlarini pirpiratgancha ochdi. Dumaloq stol ustiga choynak-piyola keltirib qo‘ygan xotini unga muloyimgina termulib turardi.
- Uxlayapsizmi, domullo? Qo‘ying-e, qani, bir piyola achchiqqina choy ichib oling, hordig‘ingiz chiqadi.
Shirinaning yuz-ko‘zlari to‘la tabassum, mamnuniyat. Go‘yoki, ahli Ovro‘pani qoyil qoldirib kelgani eri emas, aynan o‘zginasi, go‘yoki, eri entikib kutayotgan mukofotni u allaqachon qo‘lga kiritib, sandiqqa tiqqan. Tog‘ni urib talqon qilgudek bir kayfiyatda durrachasini qiya-qiya qo‘ndirib, guldor xalatining yenglarini shimarib yuribdi Qaddu basti to‘lagina bo‘lsa-da, sa’y-harakatlari dadil va chaqqon.
- Charchamadingizmi, xonim? – deb so‘radi Samad, xotini nazokat bilan uzatgan bir piyola choyni olarkan.
- Vu-uy, domullo, nega charcharkanman? Shuncha ilm qilib qo‘ygan siz-u, bizlarni charchashga haqqimiz yo‘q.
Shirina o‘z so‘zini isbotlab qo‘ymoqchidek irg‘ib o‘rnidan turdi-da, yana oshxona tomon quvnoq yo‘rg‘aladi. Samad uning ortidan bosh chayqab, istehzoli iljayib qo‘ydi. Xotiniga bu qadar jo‘shqinlik, bu qadar ilmparvarlik ato etgan tilsim unga juda yaxshi ayon: Samad, huv, Parijda mayda-chuyda xarajatlar uchun berilgan pulning xiylaginasini qisib-qimtib, tejab-tergab qaytgan, bo‘sag‘adayoq talay sovg‘a-salomlar ila xotinining qo‘liga tutqazgan edi. Shu-shu Shirina yal-yal yashnab qoldi. Agar, bu pullar mo‘maygina daromad bo‘lishidan tashqari, «domullo» olis yurtlarda hech bir qing‘ir-qiyshiq yo‘llarga yurmay, vafodor er sifatida, qati buzilmay uyga qaytganidan dalolat ham edi-da!
Samad issiq, xushta’m choydan bosib-bosib ho‘pladi. Shu payt stolning bir chekkasida g‘ujanak tortib turgan telefon ustma-ust jiringlab yubordi. Samad erinibgina uzaldi-da go‘shakni ko‘tardi.
- Al-yo.
Narigi tomondan hayajonga to‘la, bo‘g‘iq bir sahroyi tovush eshitildi.
- Ol-a, ola-a! Bu kim, Samad, o‘zingmi?
- Ha, men, - arang sas berdi navqiron olim, yuragi allanechuk noxushlikni sezib.
- Ola-a-a, bu men, Ulash akangman, tanimadingmi-a, ola-a? Shahringga bi-ir kep qoldik-da, xayriyat uyda ekansan...
Samadning ta’bi tirriq bo‘ldi. Bu vaysaqi, ichkilikboz nusxa shaharda paydo bo‘libdimi, demak muqarrar unikiga doriydi! Yolg‘iz o‘zi emasdir? Sog‘inib ketdik seni, deb uyga uch-to‘rt kun tanda qo‘yib olsa bormi?! Yo‘q, biror bir silliq bahona bilan bu dahmazaning yo‘lini to‘sish kerak, esam, Shirinadan baloga qolishi tayin. Keyin ming bir parijning ming qop pulini orqalab kelsa ham bu gunohini yuvolmaydi. Ana, cho‘l isini oldi, shekilli, xotini hurpaygan ko‘yi bir-ikki yoniga kelib ketdi. Samad jirkangannamo qo‘l siltab uni oshxona tomon haydagan bo‘ldi. So‘ng:
- Ha, gapiravering, Ulash aka, qulog‘im sizda, - deya telefon go‘shagiga to‘ng‘illab qo‘ydi.
Holbuki, busiz ham Ulash aka deyarli nafas olmay, hayajon bilan gapirib yotar, goh allakimning salomini yetkazsa, goh cho‘l yangiliklariga uzuk-yuluq ko‘char edi. Hamyurtining bu qadar to‘lqinlanib, shosha-pisha gapirishi Samadga yoqib, ko‘nglida umid uyg‘otdi: «Harqalay, telefonda gaplashib, xayr-xo‘sh qilmoqchi-yov...»
Biroq lahza o‘tmay hafsalasi pir bo‘ldi.
- Ola-a-a, ol-a, - deb qoldi bir payt sahroyi so‘xta. – Samad, sening vaqtingni olib, tilfonda gapirib yotganimni qara-ya, uyingga borgach bemalol...
Samad shosha-pisha tilga kirdi:
- Yo‘-o‘, yo‘-o‘, gapiravering, Ulash aka, ovozingizni eshitib turganimdan juda xursandman, gapiravering, bemalol. Qaerdan qo‘ng‘iroq qilyapsiz o‘zi?
- Bilmayman, - deya sharaqlab kuldi Ulash aka. – Bir tilfonxonadan-da. Hozir shu yerga avtobus tushirib ketdi.
Ta’bi tobora tirriq tortib, ensasi qotayotgan Samad vaysaqi, aroqxo‘r nusxani bir amallab uyiga yo‘latmaslik uchun xayolan bahona izlarkan, atay gapni cho‘zdi.
- Qanday tashvishlar bilan yuribsiz o‘zi, Ulash aka?
- E, hali ko‘rishganda aytaman. Tashvish emas, hayrli ish, Samadboy, xayrli ish.
- Sa-al uchini chiqaring-da, aka, ichim qizib ketyapti.
Sahroyi so‘xta tag‘in sharaqlatib kuldi, so‘ng tomoq qirib-qirib tilga kirdi.
- Qo‘ymaysan-da, Samadboy. Men tilshunoslik ilmida bir kashfiyot qildim.
- Kashfiyot?!
- Ha, hali ikkovimiz toza mashhur bo‘b ketamiz. Sen meni til bilan shug‘ullanadigan joylarga olib borasan.
- Qanaqa kashfiyot, Ulash aka?
- Hozircha sir.
- Ob-bo, ayta qoling, hech qursa, andak imo-ishora qiling.
Ulash aka tag‘in yayrab-yayrab kuldi.
- Baribir ilm odamisan-da, Samadboy, kashfiyot degan narsani eshitsang, qulog‘ing ding bo‘ladi. Xo‘p, mayli, sal-pal sirimni shomollatay, xo‘-o‘sh-sh... men «qahramon» so‘zining antonimini topganman.
- Nima? «Qahramon» so‘zining antonimi?! Buning nimasi kashf...
Shu payt aloqa tuyqus uzilib, telefon go‘shagidan «dut-dut»lagan qisqa-qisqa sas eshitila boshladi. Birqur yengil tortgan Samad go‘shakni joyiga qo‘yib, oshxona yoqdan bosh ko‘rsatgan xotiniga tashvishli tikildi.
- Kim ekan, ja-a apoq-chapoq gaplashdingiz? – so‘radi Shirina. Erining biqiniga qadalgudek avzoyda yaqinlasharkan. – Biror chet ellik og‘ayningizmi, ismlari ham g‘alati ekan.
- Chet ellikday gap, cho‘ldan kelgan. /irt alkash, jinni odam. Agar uning qo‘liga tushar bo‘lsam, naq bir hafta tinkamni quritadi. Bir bosh og‘riq bilan shaharga kelganga o‘xshaydi. Uyingni ham paytava qo‘lansasiga bo‘ktirib yuboradi.
Vu-uy, - deya yoqa ushladi Shirina, musichadek beozor qiyofaga kirib.
- Hozir jiringlasa siz trubkani ko‘tarasiz: Meni so‘rasa... meni so‘rasa... – Samad ham cho‘llikni ranjitmaydigan, ham uning oldida obro‘sini bir karra ko‘tarib qo‘yadigan bahona izlab obdon bosh qashladi. Karoche, chet el elchixonasiga chaqirtirib qolishdi, deng.
Shirina dimog‘ida iljaydi.
- Xo‘p, xo‘-o‘p, domullo.
Biroq qayta qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Shirina eri yonida besh-o‘n daqiqa sallanib, hoziru nozir turgach, tag‘in uy yumushlari bilan kuymalana ketdi. Samad esa yumshoq kursisiga bemalol yastangan kuyi xayolga toldi. Haligina quloq-chakkasiga bolg‘aday urilgan dag‘al tovush egasining qop-qora, turshakdek aft-angori bot-bot ko‘z o‘ngiga qalqib chiqar edi.
Ha, o‘sha Ulash deganlari chindan ham Samadning hamqishlog‘i. Asli kasbi agronomlik. Ammo qurmag‘urning ko‘ngli she’riyatga shaydo. Huv, bir zamonlar bir chimdimgina g‘azali tuman gazetasida bosilgan. Shu-shu o‘zini ahli qalamlardan sanaydi, dongdor-dongdor bitiklarni u-bu davralarda xuddi o‘zinikiday ixlosu e’zoz bilan o‘qib berib, dong taratib yuradi. Shu bois birovlar chindan, birovlar masxaraomuz uni agronom-shoir, deb atashadi. Allaqanday Shurqor Hobil otlig‘ yozuvchi 41-posyolkaga borganida Ulash aka bilan tanishib, xo‘b ichkilikbozliklar silsilasida bir-birlarini yalab-yulqab, qiyomatlig‘ og‘a-ini tutinishgan ekan. Oqibat shulki, og‘a yozuvchi keyinchalik agronom-shoir haqida «Jaziramadagi odam»mi, «Jazodagi odam»mi, degan asar bitib, uning ustidan surbetlarcha kulgan, maddoh, ko‘chirmachi sifatida ta’riflab agronom shoirni o‘zicha yer parchin aylagan. Ammo may shishalariga mahkam tayangan ekan, shekilli... Ulash akaning qaddini bu yanglig‘ tahqirlar xuruji bukolmagan.
Samad bultur bahor adog‘larida 41-posyolkaga borgan chog‘i Ulash aka bilan tuyqus uchrashib qolishdi. Agronom-shoir dala yo‘l yoqasidagi kallaklab kesilgan kattakon tut tomoniga orqa tirab, xomush o‘tirgan ekan. Egnida juldur kamzul, oyog‘ida yirtiq o‘n birinchi kalish, siyrak, tikanakdek soch-soqoli o‘siq.
Ular quyuq salom-alik qilishgach, Samad o‘zicha agronom-shoirga moydek yoqar mavzuga ko‘chdi.
«Ijodlar qalay, shoir aka, boshqasini qo‘ying, shundan gapiring»
«Harna... bo‘lyapti» - dedi Ulash aka istamaygina, kulimsirab.
«E, bo‘shashmang-da, huv, ilgari dostonlar yozib tashlayman hali, deb karillab yurardingiz, va’dalar qani, shoir aka?»
«Samadboy, men doston bitsam, anovi Shunqor Hobillarning nonini yarimta qilib tashlayman-da».
«E, yarimta qilmang, osh-nonini butkul tortib oling qo‘lidan, he-he-he, siz shunga arziysiz, shoir aka».
«Samadboy, - dedi Ulash aka olis-olislarga horg‘in tikilib.- Shu... shoir bo‘lish uchun she’r-dostonlar yozish shartmi?»
«Iya, afandichalish gap qildingiz-ku, aka, albatta, shart-da. Siz zing‘illatib yozib tashlang, «Jahon adabiyoti» degan jurnalga chiqarishga o‘zim garantiya beraman. Asarni tayyor qiling-u, darhol shaharga ko‘tarib boring. Mana, sizga mening vizitkam...»
Samad uy manzili, telefon raqamlari zarhal harflar bilan bitilgan bejirimgina qog‘oz parchasini agronom-shoirning qo‘liga tutqazdi.
O’shanda u aka Ulashning doston tugul ikki qator o‘lan to‘qishiga-da ishonmagan, shunchaki, ichkilik kasridan chuvrindi cholga aylanib qolgan hamqishlog‘iga hazil-mazax bilan pishang bergan edi. Qarangki, shaharlik olimning ishonmaganini payqaganday, agronom-shoir, nihoyat, she’ru-dostonlarni tinch qo‘yib, o‘zini tilshunoslik ilmiga uribdi! «Qahramon» so‘zining antonimini topgan emish...
Samad beixtiyor kulib yubordi. Allaqachon yumushlarini tindirib, televizorga loqayd termulib o‘tirgan Shirina eriga, hayron ko‘z tashladi.
- Tinchlikmi, domullo? Yo uxlab tush ko‘rdilarmi?
Samad «E, shunchaki», deganday yengil qo‘l siltadi-da, choyi sovib qolgan piyolaga intildi.
Mana, tag‘in anchagina vaqt o‘tdi. Biroq telefon hanuz jim. «Qiziq, nega qayta qo‘ng‘iroq qilmadi» - andak xavotir bilan o‘yladi dongdor olim, - yo, xafa bo‘ldimikan?»
Samad uyiga sahroyi so‘xtaning kelishini nechog‘lik istamayotgan bo‘lsa, uni xafa qilib qo‘yishdan ham shunchalik cho‘chiyotgan edi. Axir, gap chuvalashsa yomon-da! Ergashboyning shaharlik erkatoyi bechora hamqishlog‘ini uyiga kiritmabdi, degan shivir-shivir sassig‘iga chidab bo‘ladimi?
Samad xotiniga allanechuk mute’lik bilan termuldi.
- Xonim, anovi ozib-yozib bi-ir shaharga kep qolibdi, uyga taklif qilib qo‘yaveraylik-a, sahar azonda bir amallab jo‘natib yuboramiz.
- Ixtiyoringiz, - Shirina loqayd yelka uchirdi. – Ana, telefon qilsa o‘zingiz bemalol javob beravering.
Samad bir qur yengil tortib, mamnun iljaydi. So‘ng to‘zg‘ib yotgan bolalar xonasi tomon ko‘z tashladi. Qizi divan ustida allaqanday gazetani yuziga qoplaganicha musiqa tinglamoqda. O’g‘li esa hanuz kompyuter bilan andarmon.
- Ey. Bolalar, - deb jerkindi Samad, - yetar endi, uxlalaring.
Goh mudrab, goh homuza tortib yotgan Shirina ham televizorni o‘chirdi.
- Charchadim, men ham yotaman. Qilar ishim qolmadi, - shekilli.
U erinchoqlik bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, biroz ivirsib turgach, yotoq tomon yurindi.
- Aytgancha, xonim, - deb qoldi xotiniga anchadan beri parishon tikilib turgan Samad, - qip-qizil diplomli filologsiz, qanaqa so‘zlar antonim so‘zlar deyilardi, sal unutibman.
Shirina uzun bir homuza tortib olarkan.
- Qarama-qarshi ma’noli so‘zlar, antonim so‘zlar, - dedi bilag‘on o‘quvchilardek, - masalan, achchiq-chuchuk, past-baland.
- «Qahramon» so‘ziniki-chi?
- «Qahramon...» - mujmal yelka qisdi Shirina, - «qo‘rqoq», shekilli.
«Qahramon-qo‘rqoq» - xayolidan o‘tkazdi Samad, yotoqqa kirib ketgan xotini ortidan qarab qolarkan. Biroq bu javob uni sira qoniqtirmadi.
Ko‘p o‘tmay butun xonadon chuqur sukunatga cho‘mdi. Samad choynakdagi yaxna choydan piyolaga quyib, parishon ho‘plarkan, hanuz «qahramon» so‘ziga antonim izlar edi: «Qahramon-nomard», «Qahramon-qochoq», «Qahramon-baloyi battar»...» Biroq hech bir topildiqqa ko‘ngli to‘lmay, asablari chatnay boshladi. «Yo‘q, hech o‘xshamayapti-da, ux, ukkag‘ar agronom-shoir, ja-a boshini qotirib qo‘ydi-ku?!»
Telefon jimigandan jimib ketdi. Ammo arzanda antonim so‘z ko‘yida bir o‘tirib-bir turib, goh bosh qashlab, goh lab tishlab to‘lg‘onayotgan Samad qo‘ng‘iroq kutayotganini allaqachon unutgan. U betoqatlik bilan o‘z ish hujrasiga o‘tdi-da, baland, keng javonga terib qo‘yilgan jild-jild kitoblar orasidan birini sug‘irib oldi.
- Qani, izohli lug‘atga qarab ko‘raychi, - deya o‘z-o‘ziga to‘ng‘illadi Samad, semiz kitobni shosha-pisha varaqlarkan. (Odatda u qizg‘in ijod chog‘lari shunday o‘z-o‘ziga gapirinib qoladi) – Ta-ak... mana... Qahramon-jamiyatda yorqin faoliyati bilan ajralib turuvchi shaxs; jangda jasorat ko‘rsatgan askar...
Samad tag‘in ancha payt o‘z-o‘ziga po‘ng‘illab kitob titkiladi. Ammo baribir zormanda antonim so‘zni topolmay, qayta battar xunobi oshdi.
«So‘rab ko‘rish kerak, birortasidan ko‘rib bilish kerak, - deya shitob o‘ylardi navqiron olim, goh u, goh bu xonada betoqat kezinarkan.-Xush, kimdan so‘ray?»
Tuyqus esiga tanish bir professor tushdi. O’z imzolari biqiniga, «fil.fan dok.» deb yozishni hech unutmaydigan bu sersavlat zot, u-bu yig‘inlarda gumbazdek qornini qashlab, «Til ilmini yeb-ichib yuborganman» deya maqtanishni xush ko‘rar edi.
Samad ish stoli ustidagi charm jildli daftarchasini varaqlay-varaqlay tilshunosning telefon raqamlarini topdi-da, qo‘ng‘iroq qilishga chog‘landi. Ammo telefon go‘shagidan hanuz o‘sha «dut-dut» -qisqa-qisqa sas eshitilmoqda edi. «Nima balo, buzuqmi bu?» -xayolidan o‘tkazdi Samad, qizg‘ish apparatning u yon-bu yoniga nuqilab. So‘ng dimog‘ida so‘kinganicha oshxonaga o‘tdi. Ana, xolos, xuddi o‘ylaganidek-uy tarmog‘iga juftlab ulangan telefon go‘shagi o‘z o‘rnidan andak siljib, qiyshayibgina turardi!
«Hoynahoy, Shirinaning qilmishi bu! – achchig‘lanib o‘yladi Samad. – Shuning uchun anovi qayta qo‘ng‘iroq qilolmagan. Ana endi cho‘lga borib sasiydi, Ergashboyning o‘g‘li atay telefonini uzib qo‘ydi, deb ayyuhannos soladi. Eh, sharmanda qildi-da bu xotin...»
Biroq Samadning butun qahru g‘azabi telefon go‘shagini zarda bilan o‘z o‘rniga qo‘ndirishga yetdi, xolos. Odatdagi erlardek qoni qaynab, tishlari g‘ijirlab yotoq tomon chopib ketmadi, xotinini sudroqlab turg‘izib, beayov kaltaklamadi. Hamma-hammasiga olimona mushohada-mulohazalari pand burdi, shashtini sindirib, qo‘llarini qayirdi.
«Avvalo asos kerak, - xayolidan o‘tkazdi u, birzum oshxonada so‘naribgina turarkan, - go‘shakni atay ko‘tarib qo‘yganini isbotlash zarur, balki Shirinaning shunchaki tirsagi tegib ketgandir, balki sim-pimi qattiqroq tortilgan bo‘lsa, go‘shak o‘z boshiga qo‘zg‘olib qolgandir? Xo‘p, yolg‘on gapirishdan qochib shunday qilgan bo‘lsa-chi?!
Uni aldovga undagan o‘zing-ku?! Elchixonaga chaqirib qolgan emish...»
Nihoyat, navqiron olim yotoqda beozorgina uxlab yotgan xotinidan hash-pash deguncha yengilib zalga qaytdi. Ayni chog‘da u o‘zini yov qurshovida qolgan jangchidek his etardi: bir tarafda telefon mashmashasi, bir yonda Ulashning muqarrar malomati. qoq qarshisida esa allaqanday antonim so‘z jumbog‘i.
«Qahramon-qo‘rqoq», «qahramon-qochoq», «qahramon-bo‘shang» - antonim so‘zlar galasi tag‘in xayoliga yopirildi Samadning. U yumshoq kursisiga horg‘in cho‘kkan kuyi xiyla vaqt bosh changallab o‘tirdi. So‘ng shasht bilan tanish tilshunosning telefon raqamlarini terishga kirishdi.
_ Al-lo‘-o‘, - eshitaman, - dedi narigi tarafdan telefon go‘shagini ko‘targan kishi.
Bir zum jim qotgan Samad professorning qiroatli tovushini tanib jonlandi.
- Assalomu alaykum, domla. Uzr, bevaqt bezovta qildim, bu men...
Samad o‘zini tanitgach, ikkovlon biri qo‘yib-biri olib, qayta-qayta hol-ahvol so‘rashishdi, bir-birini olqishlashdi.
- Bir maslahatingizga muhtojmiz, domla, - deya nihoyat maqsadga ko‘chdi Samad payt poylab. – Yordamingiz kerak.
Tilshunos darhol hushyor tortdi.
- Xo‘sh...xo‘sh-sh...
- Bir jiyanimiz allaqanday ilmiy ish yozayotgan edi. Kechadan beri «qahramon» so‘zining antonimini topolmaydi, deng. Mendan so‘ragani-so‘ragan, oxiri, chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin, deb sizni bezovta qildim.
Tilshunos, pixillab-pixillab kuldi.
- Samad Ergashevich, «qahramon»ning antonimi bo‘lmaydi. Masalan, siz yurt dovrug‘ini xorijda yoyib yurgan qahramon olimsiz, sizga hech qanaqa antonim yo‘q.
- Rahmat, domla, rahmat, - deya ming‘illadi Samad, professorning askiyasi yog‘dek yoqib. – ammo lekin... anaqa... tilshunoslik ilmi nuqtai nazaridan...
«Fil.fan.dok.»» tag‘in hazil-huzul bilan javobdan paysalladi. So‘ng tuyqus gap mavzusini butkul boshqa yoqqa burib yubordi.
«Padarla’nati, to‘nka»-ich-ichida so‘kindi Samad, ancha payt professorning tiyiqsiz latifalarini parishon tinglarkan. Nihoyat, quyuq-suyuq xayrlashuvdan so‘ng telefon go‘shaklari joy-joyiga qo‘ndi.
Samad stol ustidagi choynakni shasht bilan ko‘tarib yaxna choydan sipqordi. Biroq ich-ichidan toshib kelayotgan allanechuk tashnalik baribir bosilmadi. «Rosa tinkamni quritdi-da bu boshqotirma, - deb o‘ylardi u, garangsib oshxonaga kirarkan. – Ammo o‘sha arzanda antonim so‘zni topishim shart»
Samad «g‘ir-g‘ir»lab bir maromda ishlab turgan muzlatgichni ochdi-da, huv, oqshomgi ziyofatda chala ichilgan farangi kon’yak shishasini qo‘lga oldi. Shu payt telefon tuyqus ustma-ust jiringlab ketdi. Tuyqus chinqiriqdan cho‘chib tushgan Samad, bir zum gangib turdi-yu, so‘ng ildam bo‘lib go‘shakni ko‘tardi.
-Al-yo-yo.
- Samadboy aka sizmi? – deb so‘radi yo‘g‘on bir tovush betakalluflik bilan.
- Ha, men.
- Ulash deganlarini taniysizmi?
Samad sarosimada qoldi. Tahdidli tovushga qaraganda, gapirayotgan kimsa organ odamiga o‘xshaydi. Aftidan, agronom-shoir biror ishkal chiqarganu qo‘lga tushgan, o‘zicha Samadning nomini sotib, qutilib chiqmoqchi bo‘lgan.
- Negadir hech bunaqa odamni eslolmayapman, - deb mujmal ming‘illadi Samad. – Tinchlikmi? Siz kimsiz?
- Men uchinchi kasalxonada navbatchi vrachman. U kishini mashina turtib yuborgan.
- A, nima?! – deya beixtiyor chinqirib yubordi Samad, ammo bu chinqiriqda tashvishdan ko‘ra tantana, qayg‘udan ko‘ra quvonch mo‘lroq edi. Chunki u allaqanday alkashni deb organ odamlariga chalkashib qolganiga butkul ishongan, ich-ichidan bu balodan qutulish yo‘llarini izlab yotgan edi-da.
- Tashvishlanmang, aka. – deya yupatgan bo‘ldi navbatchi vrach, navqiron olimning chinqirig‘ini o‘zicha tushunib. – Haydovchi yaxshi inson ekan, darrov bizning kasalxonaga keltiribdi. Ulash akaning yonidan vizitkangiz chiqdi, shuning uchun qo‘ng‘iroq qilib sizni ogohlantirib qo‘ymoqchi bo‘ldim, uzr.
Es-hushini ancha-muncha yig‘ib olgan Samad endi chinakam tashvishlanib so‘radi.
- Ahvoli tuzukmi, ishqilib?
- Tuzuk-ku-ya, nu...
- Nima gap, gapirsangiz-chi?!
- bilmadim... ertalab rentgen qilib ko‘rsak, aniq biror nima deyish mumkin. Hozircha... nazarimda Ulash akaning miyasi chayqalgan...
- Miyasi chayqalgan?
- Menimcha shunday, bir yig‘lab, bir kuladi, o‘zicha allanimalar, deb aljiraydi. Kashfiyot deydimi-ey, antonim, deydimi-ey...
Samad tuyqus sergak tortdi. Ich-ichini tag‘in o‘sha surbet qiziqish qitiqlay boshladi.
- Kashfiyot qildim, deb maqtangandir-da.
- Xuddi shunday, aka, - qiyqirib yubordi navbatchi vrach. – Topdingiz. Ammo nimani kashf qilganini bilmadim. Avval o‘zakka boq, keyin nog‘ora qoq, qahramon-mehribon, mehribon-qahramon, deb she’rlar o‘qiydimi-ey...
Samadning butun vujudi bo‘ylab huzurbaxsh harorat yugurdi: «A, ha-a, qahramon-mehribon! Rost avval so‘zning o‘zagiga qarash kerak ekan-ku?! Qahr-mehr... A, ha-a, mana senga haqiqiy antonim so‘zlar, qahramon-mehribon, mehribon-qahramon! Shu jo‘ngina jumboqni yecholmay esim ketdi-ya?!»
- Al-yo, al-yo, - deya navbatchi vrach u yoqda hanuz bo‘g‘ilib yotardi. – Nega jimib qoldingiz, aka? Al-yo, gapiring, ey, uxlab qoldingizmi?
- A, nimani gapiray?
- Iya, sizning ham miyangizni chayqab qo‘ydim, shekilli, a ko‘p gapirib. Axir qaerda ishlaysiz, deb qachondan berib so‘rab yotibman.
Navbatchi vrachning bu so‘rovi Samadning allanechuk hamiyatiga tegdi.
- O’v, birodar, - dedi u ovozini bir parda ko‘tarib. – O’zingizning miyangiz chayqalmaganmi, ishqilib. Ana, qo‘lingizdagi vizitkada hammasi yozib qo‘yilgan-ku?
- Kechirasiz, - deb bo‘shashibgina ming‘illadi navbatchi vrach, - bu qog‘ozga Ulash akaning qoni tekkan, yozuvlari ancha chaplanib ketibdi.
- Gazet-pazet o‘qib turasizmi o‘zi? – viqor bilan qo‘shib qo‘ydi dongdor olim.
- E-e, Samadboy aka, endi sizni tanidim. Lekin... lekin Ulash aka kimingiz bo‘ladi?
Samad tomoq qirgancha taraddudlanib qoldi.