OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Sinov muddati (hikoya)

Oldi oynaband, serhasham bino eshigidan otilib chiqqan Jasur alanglaganicha Sobirni izladi. Do‘sti yo‘lakcha bo‘yidagi yog‘och o‘rindiqda o‘ychan o‘tirgan ekan.
— Sobir! — deb qichqirdi Jasur marmar zinalardan sakrab-sakrab tusharkan. — Suyunchi ber, men o‘tdim, suhbatdan zo‘r o‘tdim!

Sobir quvonchdan yal-yal yashnab turgan do‘stining qo‘lini samimiy siqib, jilmaydi.
— Tabriklayman, jo‘ra, omadingni bersin.
Sobir va Jasur bolalikdan qalin do‘st. Bir mahallada o‘sib-ulg‘ayishgan, sinfdosh. Jasur hiyla mahmadona, Sobir esa anchayin og‘ir-vazmin. «Hechqisi yo‘q, — deya hazillashardi adabiyot muallimi, — ikkovlashib bir butun odam bo‘lasizlar».
Ammo taqdir ularni asta-sekin ajratib bormoqda edi. Sobir maktabdan so‘ng institut eshigiga osilib ko‘rdi. Biroq tuppa-tuzuk bilimi bo‘lsa-da, omad bo‘lmasa qiyin ekan. Sobir ketma-ket ikki yil «yiqildi». So‘ng harbiy xizmatga chog‘landi. Qarangki, bu xayolchan yigitchadan omad yana yuz o‘girdi; tibbiy ko‘rik payti Sobirning sog‘ligidan allaqanday qusurlar topishdi. Ko‘zi andak xiraroq emish. Askarlikka ham arzimagan Sobir ancha payt o‘z-o‘zidan xafa bo‘lib yurdi, qo‘li ishga bormadi. Biroq ich-ichidagi allaqanday alanga hali-hali so‘nmagan edi. Sobir qandaydir buyuk, qandaydir ezgu ishlar qilishni istardi. Shu orzular uni oyoqqa turg‘azdi. O‘zini ancha-muncha qo‘lga olgan Sobir tag‘in kitoblarga yopishdi, bo‘sh vaqtlari tomorqada  kuymalandi (Axir tirikchilik ham kerak-da.) Shu orada Jasur harbiydan qaytdi. U maktabni amal-taqal  bitirgani uchunmi, harqalay, qadrdon jo‘rasiga o‘xshab institutlar bo‘sag‘asida ko‘zyoshi to‘kib yurmadi, o‘zini savdoga urdi. Harakatchan, tilli-jag‘ligina bo‘lgani uchunmi, harnechuk, topish-tutishdan yolchidi. Biroq tuyqus harbiylikka ishqi tushib qoldi. «O‘sha yoqda qolib, katta qo‘mondon bo‘lib ketaman» — deb maqtangandi Jasur jo‘ralariga, askarlikka jo‘nayotgan payt. Ammo muddati tugadiyu negadir imi-jimida qaytib keldi. «Nega qolmading, maqtanishing boshqacha edi-ku!» deya birov so‘ramadi, Jasurning o‘zi ham yorilib hech kimga hech narsa demadi. Pishiqqina-da, qurmagur.
Harbiy xizmatdan qaytgan Jasur ikki oy yallo  qilib yurdi. Bir kuni Sobir ikkovi tuman markazidagi klubga kinoga tushishdi. Rosa qiziq, ur-sur, quvdi — qochdi kino qo‘yilayotgan edi. Film  cho‘kayotgan kemani qutqarishga otlangan bir jangovar otryadning sarguzashtlari haqida ekan. Otryad a’zolarining jasorati, chapdastligi ikki do‘stni obdon entiktirdi. Ular tomoshadan so‘ng ham xiyla vaqt hayajonlarini bosolmay, kino to‘g‘risida gaplashib ko‘chalarni kezishdi. Bir payt katta yo‘l yoqasidagi pannodagi yozuvlar Sobirning diqqatini tortdi. Andoq oyoq ilib, bitiklarni o‘qishga tutindi.
— Nimalarni yozibdi? — deb betoqat so‘radi Jasur, chars-churs pista chaqarkan.
— Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tuman bo‘limi xizmatga taklif etibdi. 
— Yo‘g‘-e?!
— Ha... agar xohlasang seni olishsa kerak, shartlariga kakraz to‘g‘ri kelasan. Harbiyda bo‘lgansan, qaddi-qomating ham zo‘r.
Jasur ham hovliqqanicha yozuvlarni hijjalab-hijjalab o‘qishga tutindi. Haligina ko‘rilgan kino ta’siridanmi, yo hamishagi jo‘shqinligi sababmi, harnechuk, unda qutqaruv xizmatiga ishtiyoq uyg‘ongan edi.
Ertasi kuni ikkovlon tag‘in tuman markazida paydo bo‘lishdi. Jasur tegishli joyga hujjatlarini topshirdi.
— Siz-chi, siz xizmatga kirishni xohlamaysizmi? — deb so‘radi Sobirdan kulrang mundir kiygan, baland bo‘yli, do‘ngpeshona kishi.
Sobir yelka qisib, yerga qaradi.
— Shartlaringizga to‘g‘ri kelmayman.
— Armiyaga bormagan, sal-pal sog‘ligi chatoqroq, — shosha-pisha qo‘shib qo‘ydi Jasur ham.
Mas’ul kishi allanechuk taajjublanib do‘stlarga bir-bir ko‘z yugurtirib chiqdi.
Mana, o‘sha kundan beri ham roppa-rosa ikki oy o‘tdi. Jasurni ming bir chig‘iriqqa solishdi, harqalay, u «butun» chiqdi.
Bugun esa bir talay xizmatga kirishga chog‘langan yosh-yalanglar qatori Jasurni ham suhbatga chorlashgan ekan. Ikkovlon ertalab yetib kelishdi. Nihoyat... 
— Rosa qoyil qildim-da o‘ziyam, — deb maqtanardi Jasur, hanuz quvonganidan qaynab, — suhbat olayotgan boshliqlarning og‘zi ochilib qoldi.
Ha, Jasur chindan ham suhbat chog‘i gapni eshib tashlagan edi. Hatto uzun stol orqasida qator o‘tirib bo‘lg‘usi xodimni ketma-ket savolga tutayotgan mas’ullar ham anchayin shoshib qolishdi.
— Yaxshi, — dedi nihoyat to‘ladan kelgan, tepakal boshliq Jasurning hujjatlariga allanelarni qayd etib, — chiroyli gaplarning yarimginasini amalda ko‘rsatsangiz ham sizdan tuzuk xizmatchi chiqadi. Xo‘p, hozircha sinov muddati bilan ishga olamiz. Dushanba kuni ertalab shu yerda bo‘ling.
Jasur xushxandon tashqariga chiqdi.
Mana, do‘sti bilan uyga qaytmoqda. Ularning qishlog‘i tuman markazining shundoqqina biqinida edi. Atigi to‘rt-besh chaqirim keladi. Shu sabab yayov ketishmoqda.
— Hozir biznikiga borib yuvamiz, — dedi Jasur Sobirning yelkasidan quchib. — Lekin jo‘ra... shartlarga to‘g‘ri kelmasliging yomon bo‘ldi-da, esam... ikkimiz...
Sobir jilmaydi.
— Qo‘yaver, men yana o‘qishga urinib ko‘rmoqchiman.
Tevarakka g‘ira-shira shom qorong‘usi inmoqda edi. Ikkovlon katta yo‘l yoqalab borishmoqda. Markaz ham ortda qoldi. Bir payt yonginalaridan yelib o‘tgan eskigina «Jiguli»ning old g‘ildiragi «paq» etib yorilib ketdi. Mashina muvozanatini yo‘qotib, o‘ngu so‘lga keskin chayqaldiyu yo‘l yoqasidagi ariqqa yonbosh quladi. Chang-to‘zon ko‘tarildi.
Ikki do‘st tahlika ichida bir zum hangu mang qotdi.
— Yugurdik! Yordam beramiz! — dedi Sobir, eng avval es-hushini yig‘ib olib.
Biroq ko‘zlari ola-kula Jasur uning yengidan siltab tortdi.
— Garangmisan?! Hozir portlaydi, benzini to‘kilib ketgan! Undan ko‘ra qochdik... esam guvoh bo‘lib qolamiz.
Ammo Sobir do‘stining qo‘lini siltab tashladi-da, avtohalokat tomon yugurdi.
— Ey, to‘xta, to‘xta tentak! — deya qichqirdi uning ortidan Jasur. — O‘rgildim senday qahramondan!
U shartta o‘girilib qishloq tomon chopdi: «Tezroq, tezroq daf bo‘lish kerak. Hozir portlab ketadi! Bir kamim organma-organ so‘roq berib yurishmi?!»
Jasur hash-pash deguncha shom qorong‘usiga qorishib ko‘zdan yo‘qoldi.
Sobir hansiragancha yetib borganda «Jiguli»ning yerdan uzilgan g‘ildiraklari asta-sekin aylanib turar edi. Kabina ichidan uzuk-yuluq tovushlar, ingrashlar eshitildi.
Sobir mashinaning orqa eshigini bir amallab ochdi. Ichkarida to‘rt kishi bor ekan. Haydovchi va old o‘rindiqdagi kishi aftidan behush ko‘rinardi. Mashinaning peshoynasiga qon sachragan.
— Rahmat, uka, — arang sas berdi orqa o‘rindiqda tiqilib yotgan yo‘lovchilardan biri, — qani qo‘limdan tortib yubor, keyin ikkovlashamiz.

* * *

Jasur orqa-oldiga qaramay, qoqila-surila uyiga yetib oldi. Oyoq-qo‘llari dag‘-dag‘ titrar, yuragi bejo urar edi. U o‘zini bosish uchun hovlidagi jo‘mrakdan hovuchlab-hovuchlab suv ichdi, yuzini yuvdi. Shu payt ichkaridan onasi otilib chiqdi.
— Jasurjon, keldingmi bolam, sho‘rimiz qurib qoldi!
— Ha, tinchlikmi?!
Onasi sho‘rq-sho‘rq yig‘lab yuz-ko‘ziga ro‘molini bosdi.
— Dadang taksida ketayotib avariyaga uchrabdi. Hozir kasalxonadan telefon qilishdi. Yura qol, tezroq boraylik. Aytgancha, Sobir jo‘rang o‘sha yerda ekan, baraka topsin.
— A, nima?!
Hangu-mang qotgan Jasurning bo‘g‘zidan arang shu sas chiqdi. U ko‘z o‘ngi qorong‘ulashib devorga yelkasini tirab, turib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.