OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Tun qa’ridagi shu’la (hikoya)

Halim akaga

Biz o‘tirgan poezd o‘kirib, pishqirib zim-ziyo zulmat qo‘yniga shiddat bilan singib borardi. Charog‘on, gavjum shaharu qishloqlar hash-pash deguncha ortda qoldi. Hurpaygan, o‘ppaygan qir-tepaliklardan iborat kimsasiz yaydoq dala-dasht boshlandi. Temir g‘ildiraklarning “taraqa-turuq” tovushi goh kuchayib, goh susayar, vagonlar bamisli beshikdek tebranar edi.
Kupeda bor-yo‘g‘i ikki kishimiz. Hamrohim — yosh bo‘lishiga qaramay, pogonida qo‘sh yirik yulduz yarqirab turgan zobit yigit o‘ta kamgap, jiddiy va sipo ekan. Yengil salom-alikdan so‘ng, ob-havo, yo‘l azobi haqida uch-to‘rt og‘iz gaplashganimizni hisoblamaganda, u kupe derazasidan tashqariga xayolchan termulgan ko‘yi jim-jit kelardi. Men esa oldi-qochdilarga limmo-lim gazetaga termulganman.
Bir payt zobit yigit ilkis o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Kupe derazasiga yuz tiragudek darajada yaqin borib, qorong‘ulik qa’riga jon-jahdi bilan tikildi. Shu alfozda bir lahza qotib qoldi. Men ham qiziqsinib kupe derazasi ortidagi zulmat tomon alangladim. Biroq arzigulik hech narsa ko‘rolmadim. Ilg‘aganim shu bo‘ldiki, olis-olislarda, balki cho‘pon o‘tovidadir, mitti bir shu’la pirpirab turardi.
“Hamrohim tug‘ilib-o‘sgan yerlar bo‘lsa kerak” — xayolan shu xulosaga keldim.
Birozdan so‘ng zobit yigit o‘rniga qaytib o‘tirdi. Yuz-ko‘zlarida andak hayajon, andak quvonch sharpalari kezib yurardi.
— Hayron bo‘lib qoldingiz-a, — deya jilmaydi u, men tomonga aybdorona ko‘z tashlab qo‘yarkan.
— Ha. Harbiylarni qiziqtiradigan nima bor ekan deb men ham alangladim. Lekin miltillab turgan chiroqdan boshqa narsani ko‘rmadim.
— Men miltillab turgan ana o‘sha chiroqni tomosha qildim.
— Yo‘g‘-e?!–dedim chinakamiga ajablanib, — Uning nimasini tomosha qilasiz?
Zobit kuldi.
— Qop-qora kechada miltirab turgan shunday chiroqqa ko‘zim tushsa, beixtiyor hayajonlanib ketaman. Xuddi sehrlanganday qarab qolaman. Chunki u hamisha hayotimda yuz bergan bir g‘alati voqeani esimga soladi.
— Qanaqa voqea ekan, bilsak bo‘ladimi yo harbiy sirmi? -dedim hazil aralash.
— Bemalol. Istasangiz, aytib beraman.
Zobit yigit javobimni ham kutmasdan xuddi o‘z-o‘ziga so‘zlaganday gap boshladi.

* * *

Rost, bu voqeaning harbiylik bilan bog‘liq jihatlari ham bor. Shu sabab ortiqcha tafsilotlarga to‘xtalmayman. Buni to‘g‘ri tushunasiz, degan umiddaman.
Xullas, tahsilni bitirib maxsus qismda harbiy xizmatni boshlagan kezlarim edi. Bir kuni erta tong meni qo‘mondonlikka chaqirib qolishdi. Vaziyat juda jiddiy ekan. Mamlakatimizning baland tog‘lar bilan o‘ralgan sharqiy chegara hududlarida qurollangan yot unsurlar paydo bo‘lishibdi. Maxsus otryadga bosh bo‘lib, qurolli to‘dani topish, xavfni bartaraf qilish vazifasi menga yuklatildi. Biz zudlik bilan belgilangan hududga yetib bordik.
Chor-atrof baland tog‘lar, yuksak cho‘qqilar, tubsiz daralar bilan o‘ralgan. Tog‘ yon bag‘irlari quyuq, yam-yashil archazor. Butun borliqda soflik, sukunat hukmron. Qorli qoyalar tomondan muzdek shamol esadi. Saratonning avj pallasi bo‘lishiga qoramay, bu yerlarda, ayniqsa kechki paytlarda chinakamiga sovqotardik ham.
Otryad o‘n besh kishidan iborat edi. Hammalari ham mashq-mashg‘ulotlarda obdon chiniqqan, ko‘zlarida o‘t chaqnab turgan yosh askarlar. To‘g‘risi, chinakam jangovar topshiriq bilan birinchi marta chiqishim bo‘lgani uchunmi, harnechuk, qattiq hayajonlanardim. Yana ham ochiqiroq aytsam, yuragimda ancha-muncha qo‘rquv, xavotir o‘rmalab yurardi. Yo‘q, dushmandan, qonli jangdan cho‘chiganimdan emas, boshqa bir shubha-gumonlardan ko‘nglim xira edi. Birinchidan, tajribasizlik, g‘o‘rlik qilib xatoga yo‘l qo‘yishdan, askarlarni behuda falokatga yo‘liqtirishdan qo‘rqardim. Ikkinchidan... ikkinchidan, hali Vatan uchun yolchitib xizmat qilmay turib, allaqanday bir hovuch alamzadaning o‘qiga duchor bo‘lishni sira istamayotgandim. Nazarimda, shunday xavotirli xayollar boshqa askarlarning ham ko‘nglidan kechmoqda edi. Lekin ular chinakam er yigitlarga, o‘g‘lonlarga xos matonat, iroda bilan bunday his-tuyg‘ularini bildirishmas, o‘zlarini tetik va nopisand tutishardi.
Belgilangan hududning yarmini nazoratdan o‘tkazib bo‘lar-bo‘lmasimizdan kech tushdi. Tog‘u tosh hash-pash deguncha qop-qora chodiriga burkandi. Otryadga dam olish va tamaddiga ruxsat berdim. Buning uchun, albatta, qulayroq joyga o‘rnashib oldik. Shu payt bizdan ancha naridagi qoya ortini tekshiruvdan o‘tkazishga yuborilgan ikki askar qaytib keldi.
— Dara tomonda bir chiroq miltillab turganini ko‘rdik, — deya axborot berdi ulardan biri hayajonlanib.
Men darhol ular bilan qoya ortiga bordim. Chindan ham, ancha olisda tor bir yalanglikda qandaydir shu’la elas-elas ko‘zga tashlanardi. U yerda qandaydir tirik jon borligi shak-shubhasiz.
Biz shosha-pisha qo‘nalg‘aga qaytdik. So‘ng otryadga zarur topshiriqlar berib, o‘rnimga yosh bir zobitni boshliq etib tayinlagach, yonimga o‘sha ikki askarni olib shu’la miltillagan yoqqa jo‘nadim.
Chor-atrof zim-ziyo. Qorong‘ulikda tog‘u tosh yanada vahimali va sirli tuyuladi. Hurpaygan archalar, g‘o‘daygan xarsanglar yurakda allanechuk sarosima uyg‘otadi. Boshimiz uzra sachrab ketgan uchqunlardek yulduzlar lovullab turibdi. Go‘yo qo‘l uzatsang yetadigandek tuyuladi. Yonimdagi askarlardan biri juda hazilkash ekan. Qulayroq bir joyda nafas rostlash uchun cho‘nqayarkanmiz, u ko‘kka go‘yo intiqlik bilan alanglab shivirladi.
— Eh, bu yulduzlar qachon pogonimizga qo‘narkan-a.
Yengil kulishdik. Birozdan so‘ng yana olg‘a yurdik. Men o‘sha miltillagan shu’lani bir zum ham ko‘zdan qochirmay odimlardim. Nazarimda, u ikki-uch marta ko‘rinmay qolganday bo‘ldi. Yo o‘chib qoldi, yo kimdir uni gavdasi bilan to‘sdi. Bu hol o‘sha joyda so‘zsiz kimdir borligini yana ham tasdiqlardi.
Shu alfozda bir soatdan mo‘lroq yo‘l bosganimizdan so‘ng o‘sha shu’laga ancha yaqinlashdik. Men maxsus moslamali durbinimdan kuzatdim. Chog‘roq yalanglikda pastqam bir kulba mung‘ayibgina turibdi. Atrof jim-jit. Tirik jon ko‘rinmaydi. Miltillayotgan shu’la kulbaning kichkinagina derazasidan taralardi. Demak, ichkarida kimdir bor.
— Mening qarashimga ham ruxsat eting, — deb shivirladi o‘sha hazilkash askar.
Men rozi bo‘ldim.
— Adashmasam, bu yo cho‘pon otari yo ... yo .... ovchilar kulbasi, — deb ming‘irladi u durbindan ancha payt tikilgach.
Ha, askarning gaplarida jon bor. Bu yaqin-atrofda birorta ham qishloq, ovul uchramaydi, demak, ko‘rib turganimiz kimlardir qurgan vaqtinchalik boshpana bo‘lsa, ajabmas.
Men askarlarni bir-biridan ancha olisda bo‘lgan ikki nuqtaga joylashtirdim. Zarur topshiriqlarni berdim. So‘ngra o‘zim ehtiyotkorlik bilan kulba tomon yurdim. Nazarimda biz qidirib yurgan to‘da aynan shu yerda joylashgan edi. Negadir ko‘nglimdan shunday shubhalar kechardi. Lekin ayni paytda jang boshlash aslo rejamda yo‘q edi. Maqsad dushman marralarini o‘rganib, ularning son-sanog‘ini aniqlab ortga qaytish edi.
Kulbaning narigi tarafi bo‘ylab kichikroq soy oqib o‘tarkan. Suvning toshdan-toshga urilib, jildirab oqishi bemalol quloqqa chalina boshladi. Lekin boshqa hech qanday shubhali saslarni ilg‘ay olmadim. Derazadan taralib turgan shu’la endi bemalol ko‘rina boshladi.
Men qurolimni mahkam siqqan ko‘yi kulbaga yaqin bordim. Hamma yoqni sinchiklab kuzatdim. Butun borliq jim-jit, sof, salqin havoga burkanib yotibdi.
Men pusib borib derazadan ichkariga mo‘raladim. Ana! Soch-soqoli o‘siq qandaydir nusxa fonus-chiroq yorug‘ida g‘imirlab allaqanday tugunchani titkilar, g‘alati bir jismlarni shu’laga tutib ko‘zdan kechirardi.
“Aniq, to‘daga yo‘liqdim, — lip etib xayolimdan o‘tdi, — bular chegaradan qora dori olib o‘tuvchi unsurlar!”
Kulbaning g‘adir-budir devoriga qapishgan ko‘yi turarkanman, yuragim gurs-gurs urardi. Nima qilmoq kerak? Ortga qaytib otryadni boshlab kelsammikan?
Shunday xayollar bilan turgan paytim kulba eshigi g‘iyqillab ochildi. Devor burchagidan sekin mo‘raladim. Qandaydir qora ko‘lanka eshik yonida turib, qo‘llarini, bosh-bo‘yinlarini u yon-bu yon to‘lg‘agan ko‘yi yengil mashq qilardi. Darhol ortga qaytib tag‘in derazadan ichkariga mo‘raladim. Chiroq yog‘dulari g‘ira-shira yoritib turgan hujrada hech kim yo‘q edi.
“Demak bu yerda bir o‘zi ekan” — deb o‘yladim quvonib.
So‘ng yana kulba burchagiga borib eshik tomon pusib qaradim. Haligi ko‘lanka hanuz mashq bilan band edi.
— Qimirlama, otaman! –deya avtomat milini uning biqiniga tiradim.
Ko‘lanka qo‘llarini baland ko‘targan kuyi taxtadek qotib qoldi.
— Menga o‘giril! – deya galdagi buyruqni berdim.
Ko‘lanka qo‘rqa-pisa butun gavdasi bilan menga yuzlandi.
— Kimsan?!
— Men... Turdiev Anvar... — dedi ko‘lanka g‘udranib. Uning tovushida qo‘rquvdan ko‘ra ajablanish, hayratlanish ustivorroq edi. Shu sababmi men ham ancha-muncha shashtimdan tushib qoldim.
— Sendan boshqa bu yerda yana kim bor?
— Tog‘begi bor edi. U ertalab qishloqqa tushib ketgandi. Hali qaytmadi.
— Ichkarida hech kim yo‘qmi?
— Hech kim yo‘q. Marhamat, bemalol kiravering.
Men avtomat mili bilan eshik tomon ishora qildim.
— Qani, yo‘l boshla.
Kimsa archa yog‘ochidan qo‘poldan-qo‘pol yasalgan eshikni g‘ijirlatib ochdi. Uning ortidan pastqam, tor kulbaga bosh suqarkanman, dimog‘imga har xil qovjiroq o‘t-o‘lanlarning isi gup etib urildi.
Tevaragi kirlanib ketgan fonus-chiroq ichkarini g‘ira-shira yoritardi. Ko‘p o‘tmay, ko‘zim ko‘nikib, bu yerdagi jihozlarni aniq-tiniq ajrata boshladi.
Hujra burchagiga qozon-tovoq kabi oshxona jihozlari uyib qo‘yilgan. Allaqanday quti ustida uch-to‘rt ko‘rpa-yostiq. Pastqam shipda yo‘nilmagan archa po‘stloqlari shokila-shokila osilib turardi. O‘rtada silliq bir xarsang tosh xuddi xontaxtaday joylashgan. Uning ustida fonus-chiroq, chiroq tegrasida haligi shuhbali narsalar sochilib yotardi.
— Sen kimsan o‘zi?
— Men shaharlik o‘qituvchiman, — dedi kimsa allaqanday toshni nari-beri surib menga joy hozirlarkan, — yozgi ta’til payti rejam bo‘yicha toqqa chiqqandim.
— Qanaqa reja?
— E-e, komandir, nimasini so‘raysiz,-deb kuldi u bosh to‘lg‘ab, — biz shaharlik o‘qituvchilar ancha sun’iylashib qolayapmiz. Masalan, men botanika-biologiyadan dars beraman, lekin haqiqiy o‘t-o‘lanni tuzuk-quruq qo‘limga ushlab ko‘rganim yo‘q. Emin-erkin yurgan tog‘ jonivorlarini hali o‘z ko‘zim bilan kuzatgan emasman. Shuning uchun bu yozgi ta’tilni mana shu tog‘lar qo‘ynida o‘tkazishga qaror qildim.
Men kimsani zimdan, sinchkovlik bilan kuzatarkanman, uning aldamayotganiga ich-ichimdan iqror bo‘ldim. Qolaversa, uning xatti-harakati, qo‘l ishoralari, ilhomlanib gapirishlari chinakam muallimlarga xos edi.
— O‘tgan yoz Boyovut dashtlarini rosa kezdim, — deya gapida davom etdi Anvar, — Bir dunyo gerbariy to‘pladim. O‘zim ham habashdan battar qop-qorayib ketdim.
Muallim bolalarcha beg‘uborlik bilan kuldi. Men shundagina uning hali juda yosh yigitcha ekanini, ko‘zlari allanechuk ilhom bilan porlab turishini payqadim.
— Tog‘begi nega sizni yolg‘iz tashlab ketdi? — dedim, muallim hozirlagan tosh ustiga cho‘nqayib o‘tirarkanman.
— Ovqatimiz qolmadi. Murodilla akaga rahmat. U kishi menga ko‘p yordam berdi. Qarang, ikkovimiz qancha gerbariy yig‘dik.
Muallim burchakda turgan qopga ishora qildi. So‘ng chaqqongina intilib qop og‘zini ochib ko‘rsatdi.
— Bularning bari menga dars payti juda zaril. O‘quvchilarga suratdan ko‘ra, haqiqiy o‘simlikni ko‘rsatganga nima yetsin. To‘g‘rimi, aka?
Men bosh irg‘ab ma’qulladim. Qiziq, yosh muallimning gaplariga qiziqish bilan quloq solarkanman, butun shuurimga allanechuk xotirjamlik, huzur singib borayotganini his qilardim.

* * *

— Baland tog‘lar qo‘ynida kechgan shu voqea meni juda qattiq ta’sirlantirgan, — deya zobit yigit o‘z hikoyasini yakunlagan bo‘ldi. — Shu-shu, qaerda miltillab turgan shu’lani ko‘rsam beixtiyor tikilib qolaman. Olis, ovloq joyda qay bir fidoyi inson timirskilanib yuribdi ekan, degan xayolga boraman. Beixtiyor uni borib ko‘rgim kelaveradi.
Zobit yigit ma’sum jilmayib qo‘ydi. Nazarimda, uning qorachiqlarida allanechuk shu’la porlab ketganday bo‘ldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.