Ongimdagi poyonsiz zulumot, dahshatli hayqiriqlar va oniy lahzalardagi harakatlarni ham sezayotgan – men! Ildamlashga ikkilanaman... Miyamga bir zumda in qurgan o‘yga e’tibor qilmay o‘zim uchun maqbul yo‘l izlayman. Agar bu chek-chegarasiz zulmat o‘z domiga tortib meni mahf qilsa-chi? Qo‘rquvga taslim bo‘lmasligim, o‘zligimga ishonib “MYeN”imni namoyon qilishim, uning g‘olibligini oshkora nishonlamog‘im kerak! Yo‘l qadamlarim ostida sirg‘ala boshladi. G‘ayrishuuriy ravishda oldinga ildamlayapman. Ammo qayoqqa? Bu yo‘l, bu cheksizlik meni qaerga olib ketyapti? Balki mavjudlik sari odimlayotgandirman... O‘sha mavjudlikda qaysi maqomdaman-u aslida kimman? Ayni damdagi olam, ro‘yoyu tug‘ilish maskanim bo‘lgan kurrai zamin haqiqiymi?
Miyam qotgan. Fikrlarim tobora sustlashyapti. Bu zulmat aro ko‘rayotganlarim abadiylikka muhrlangan yaralishmi?.. Tubsiz ummonga g‘arq bo‘layotgandayman. Eng yomoni – sarson-sargardon bo‘lib arosat azobini tortayapman. Boshqa imkon yo‘q, men mahkum qilinganman!
Qo‘lim, oyog‘im, boshim... Tanam xuddi begonaday. Yo‘l davomida o‘zimga razm solaman: to‘rt oyoqli bahaybat, tajovuzkor tana, tirnoqlari-tishlari o‘tkir, tuklari uzun qandaydir noma’lum maxluq! Qirrali quloq. Gapira olarmikanman? Nimadir demoqchi bo‘ldim. Qandaydir ovoz chiqardim. Bu qanaqa sas? Men shunaqa so‘zlaymanmi? O‘zi gapirishmi?
Borgan sari tanamdagi qudratni sezaman. Buncha kuch nega kerak? Yo himoyalanish uchunmi? Balki o‘ldirishgandir? Men shunday dahshatlimanmi? Nima hisobiga qornim to‘yadi?.. Demak, shuncha kuchga, haybatli tanaga ega ekanman, albatta, ozuqam ham gavdamga mos bo‘lishi kerak. Nahotki ongimda shakllanayotgan dahshatli o‘ylarim rost bo‘lib chiqsa?.. O‘zimdan qo‘rqyapman.
Asabim o‘zimni o‘zimga qarshi gij-gijlay boshlaydi. “Nahot qo‘rqoqsan?” Indamayman. Indamaganim sari ta’nalar og‘rig‘ini sezaman. Ammo jimman. Amin edimki, men bu holatda bir qarorga bosh egishim anchayin qiyin. Vaziyatni tarozida tortmoqchi bo‘laman. Bir pallasiga sokinlikni, ikkinchi pallasiga esa menda hukmronligini boshlab qo‘ygan dahshatlar-u jumboqlarni joylayman. Qarangki, ahvolim qanchalar yomon ekanligi yana tasdig‘ini topdi. Bu holat bor “lashkar”larini menga tomon hujumga jo‘natadi. Orom taslim bo‘lgani zamon ichimda beayov “jang” boshlanganini anglayman.
Yo‘lim davom etmoqda, olg‘a borar ekanman, oyog‘im ostidagi qum aralash mayda shag‘al toshlardan sakrab-sakrab o‘tib, shamoldan-da kuchliroq qudrat bilan olg‘a boraman. Qorong‘ilik bu zaminni tobora o‘z domiga yutib boradi.
Atrofdagi olam go‘yoki halokatga yuz tutib borayotganday edi. Sababni axtarmayman. Chunki uning qiyofasi oshkoralikdan yiroq. Albatta, yo‘qlikdagi bu evrilish ertangi tug‘ilishga zamin yaratadi. Bunga necha zamon oshish kerakligi haqidagi fikr meni tag‘in jumboqlarga ko‘mib tashlaydi.
Vahimali qichqiriqlar hamon har tomondan aks-sado beradi. Anglayotganga o‘xshayman: hali yaralmadim. Shunchaki yo‘qman. Bu vujud esa ong mevasi, xolos. Demak, ongim tug‘ilgan ekan. O‘zimga tegishli tana ham tug‘ilishi shart. Shunda mavjud olamga haqiqiy tanam bilan odim bosaman. O‘shanda haqli ravishda yashash gashtini his etaman. Men unda yo hukmdor bo‘lib borliqni boshqaraman, yoki o‘sha olam egalari meni izmiga soladi va ularga tobe bo‘laman. Har ikkisi ham menda mujassam, taqdir hukmini kutaman. Negadir taxminim to‘g‘riligiga ishonyapman. Ishonchim muqarrar bir qarorga kela boshlayapti. Ajablanishim oz muddat chetroq yo‘naldi. Fikrim davomiyligi zanjirlar ketma-ketligiga taxminlar ulay boshlaydi. Ongimning mavjudligidan foydalanib tevaragim haqida o‘z qarashlarimni anglamoq istab qolaman. Ha deganda uddasidan chiqolmayman. Atrofimda paydo bo‘la boshlagan o‘zimga o‘xshaganlar o‘z qarashlarini anglatmoqchi bo‘la boshlashdi. Ular ko‘zlagan manzil men shoshayotgan tomon ekanligini sezdim. Biz tobora ko‘paya boshladik. Shunchalar son-sanoqsiz ekanligimizdan dahshatga tushardim.
Birdan kuchli og‘riq sezdim. Og‘riq zo‘ridan ingrab yubordim. Oyog‘im osti, butun noma’lum borliq titray boshladi. Qandaydir vaqt boshlanganini anglab-anglamay sezardim. Holdan toyayotgan bo‘lishimga qaramay, harakatdan to‘xtashni istamasdim. Mendagi bu fikr atrofimdagi menga o‘xshashlarga ham singib borayotgandi. Biz bu vaqtni necha ming yillar davomida intiq kutganmiz go‘yo. Darbadarligimning poyonini istardim. O‘shal vaqt esa hamma-hammasiga orom bag‘ishlab arosatdan qutqarardi. Bu o‘ylarim miyamda anchadan mavjud-u go‘yo men ayni dam anglayotgandayman.
Juda qattiq silkinishdan seza boshladimki, nimadir yuz berish arafasida turibdi. Qay tomondandir jo‘rlikda zaharxanda kulgi ovozini eshitdim. Go‘yo hamma narsa men tomon yopirilib kelayotganday edi. Atrofga alanglayman. Oyog‘im ostidagi qum borgan sari kuchli titray boshlaydi. Ustimdan qanotlari yozilgan qandaydir mavjudot uchib o‘ta boshladi. Bu maxluq meni sezmayotganday men ildamlayotgan manzil tomon parvoz qilyapti. Son-sanoqsiz uchguvchilar... Mavjudotlardan biri uchib kelayotib menga qattiq urilib ketdi. Zarb kuchidan ikkalamiz ikki tomonga qum aralash uchib, ancha masofagacha sirg‘alib bordik. Og‘riq butun tanamga yoyildi. Yon-verimga alangladim, qarshimda qad ko‘targan mahobatli, tepasidan qush uchib o‘tolmas baland binoni ko‘ra boshladim. Ohanraboday o‘ziga tortguvchi, bag‘riga butun olam siqquvchi qasr bunyodkoriga haqiqatda tasanno aytsa arzirdi. Mavjudlik sari titroq odimlarimni ildamlatdim. Bino ham qaltirashdan mosuvo emasdi. Bir nimalar to‘kilib sina boshladi. Nihoyatda dahshatli: hali o‘zimning kimligimni bilmay turib shuncha mavhumlikka ichkarilab ketdim. Bu poyonsiz tunda nimani anglashimni bilmay qolyapman. Faqat qo‘rquv... yana qo‘rquv!
Qasr ichkarisiga sekin kirib borar ekanman, qiyqirish-u yoqimsiz tovushlar ancha kuchsizlanib meni topolmayotganday sarson edi. Go‘zallik debochasiga guvoh bo‘lyapman. Bu oshyon orom maskani... Olamning burchak-burchagida fikrlar ummoni qaynayotganini, yaralishni, vujudning tugashini tiniq ko‘ra boshlayapman. Shunda go‘zal bir qiyofa menga yuz ko‘rsatdi. O‘sha mavjudot tomon yo‘l olganimni bildim. Yana ko‘p narsalarni ko‘ryapman... Negadir bir vaqtning o‘zida ham o‘ylayapman, ham fikrlab, ham bir joyda turib bir nechta joyni ko‘ryapman. Vaholanki, o‘sha ko‘rganlarim hali bo‘lib o‘tmagan voqealar ekanligini sezaman. Oldindan bir necha yillik masofani hech qiynalmasdan bemalol ko‘ra olyapman. Voajab! Bu qanday tortiq bo‘ldiki, asrlar menga yuz ocha boshladi. Qaysi voqeani ko‘rmay unda yuqoridagi go‘zallik egasi namoyon bo‘lyapti. Unga haqiqatdan-da mahliyo bo‘la boshladim. Juda go‘zal... U kim? Men faqat ko‘ryapman... U kim?
Fikr-u xayolimdan zamonimga qaytdim. O‘zimning dahshatli qiyofam ko‘rinayotgan shisha ustida kimningdir halovatini buzishdan cho‘chiganday sekin boryapman. Qani bir milt etgan nigoh egasi yuzini ko‘rsatsa... Men xayolimda tug‘ilgan o‘shal betakror qiyofani ko‘rishni istayapman-u, ammo nega buncha xohishim balandligini anglay olmayapman. Bu ichkari olam menga notanish-u, lekin juda tanishday. Nahot avval bu joylarni ko‘rgan bo‘lsam... o‘zimga shubham ortdi. Birdan to‘xtadim. Tevarak endi uxlay boshlagandi. Atrofim menga tikilgancha jim. Qiyqiriqlar-u vahimali ovozlarni qulog‘im eshitmay qo‘ydi. Dadillashdim. Endi o‘zimni bemalol so‘roq qila olaman. Vujuddan ajralib harakatsiz turgan, ayni damda men uchun oshyon bo‘lib turgan tanaga tikilaman. Kimman? Yo o‘zimni tanimayapman yoki men o‘zimga begona qilindim. Qo‘rquvdan oshyonimga qaytgim kelmay qoldi. Bu holatdan qutulish yo‘llarini izlay boshladim. Nima qilib bo‘lsa ham aslimni topishim kerak. Agar topolmasam shu alfozda mavhumlikda qolib ketishim tayin. Jonimga qasd qilmoqchi bo‘laman. Go‘yoki meni “asir” qilgan tanadan qutulmoqchiman-u ammo qasd qilish uchun jon qani? Yo‘qlikni qanday o‘ldirish mumkin? Bu olamning “Meni” meni qanday vazifa uchun yaratgan? Tajovuzkormanmi? Vahshiymanmi?.. Jumboqlar, ayonki, yechilmay qolaveradi. Men bor ekanman, albatta qandaydir vazifa uchun mavjudman. Shunchaki paydo bo‘lmoq – falokatdir! Menga ayoni shuki, bu tanada yo‘lovchiman!
Tag‘in ildamlay boshladim. Manzilim yaqin kelganday tuyula boshladi. Juda-juda oz qoldi. Uni ko‘raman... Orziqib kutganimga yaqinlashyapman. Uning olami, vujudi bilan yuzma-yuz bo‘laman. Uning nigohi nahot menga qadaladi?.. Asrlar aro sargardon bo‘lib izlaganimni topdim! Butun borlig‘im bilan U tomon shoshyapman. Entikish, intiqlik bilan intilaman...
Va nihoyat, kutilgan joydaman. Ko‘ryapman: menga o‘xshashlar... Yolg‘iz emasligimni sezdim. Tumonat qiyofadoshlarim hammasi bir nuqtaga tikilib, o‘ziga sukutni abadiy hamroh qilib olgancha turishibdi. Ular e’tiborini tortgan tarafga men ham yo‘naldim. Qiyofadoshlarim orasidan o‘tib-o‘tib oldinga odimlay boshladim. Ichkaridagi bu olamning chegarasi yo‘qday tuyuladi. Faqat nurafshonlik, orom-u halovat hukm surmoqda. Nurlar oshyoni...
Bizdagi qotib qolgan sukunat aro orombaxsh navo eshitila boshladi. Bu ohanrabo musiqa hammani asir qildi. U shundayin eshitimli ediki, go‘yo bu zaminda yangi olam yaralib jamiki jonzotni ezgulikka chorlardi.
Qidirgan nuqtamni topdim. Ko‘zlarim hayron holda go‘zallik sohibini tomosha qila boshladi. O‘zimni yo‘qotyapman. Bu mavjudot qiyofasi mo‘‘jiza, yuzlaridan nur yog‘iladi. Boshida, egnida oppoq libos. U bizdan ancha baland joylashib olgan ko‘yi nigohlarimizni tutib turibdi. Tumonat qiyofadoshlarim uning atrofini zich o‘rab olishgan. Eng olis nuqtadan turib bu g‘aflat aro uyg‘oq qalb hukmdori tomon yaqinroq borishni istayman.
Sohibi olam harakatga kirdi. Avval egilib, so‘ng cho‘kkaladi-da, boshini oyog‘i ostidagi poxolga tekkizdi. Bu harakat sal o‘zgardi-da, tag‘in davom etdi. Bir nimalar deb shivirlardi... U qanday amal bajaryapti? Uning bu harakatini anglamoq istardim. Hamma unga tobelik ixtiyor qilardi. Mahliyoman, men unda yashamoqni beixtiyor xohlab qolaman. Men kabi qiyofadoshlarim ham shu o‘yda ekanligini sezaman. Lekin buning iloji yo‘q... Har kim o‘z vazifasiga ega qilingan. Shunda o‘ylab qolaman: bu qiyofa naqadar yaxshi amallar uchun yaralgan... aminmanki, hamma borliq U uchun... U Yaratguvchining eng go‘zal yaralguvchisi ekanligi yaqqol namoyon edi. Shuniyam idrokim anglay boshladiki, aytmoqni ixtiyor qilaman: go‘zal amallari uchun go‘zallik hamisha ularning yonida bo‘ladi.
Kim ular?..
Xayolim qotib qoldi. Men ham boshqalar qatori unga bosh egdim. Yaratguvchiga hamdu-sanolar aytdim...
U ko‘zi yumuq ko‘yi avval o‘ng, so‘ngra chap yelkasiga salom berdi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 4-son