OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’ruf Mengli. Tush (hikoya)

Nomigagina kulish, faqat kimgadir yoqish uchun xushomad qilish daxshatning o‘zginasi. Ammo o‘ylab ko‘rsam bu hol hozir odat tusiga kirganday. Shirin muomala tabassumdan boshlanadimi?!... Nahotki?... Senga qarab yolg‘on kulib turishsa, buni “shirin muomala”ning boshlanishi deyish mumkinmi?!
Men ahmoq ham, lapashang ham va bir tiyinga qimmat odam ham emasman! Mening kimligim, nima ish qilishim, nima yeyishimning kimga og‘irligi tushyapti! Tushlik vaqtigacha uxlasam nima qilibdi! Meni odamovi deyisharmish. Yolg‘on! Odamlardan holi yashayotganim yo‘q, men o‘zim bilan yashashni, o‘zim bilan murosa qilishni, kezi kelganda g‘ayri ixtiyoriy ravshda hayolda tug‘ilib qolgan keraksiz o‘ylarimni - o‘zimni inkor qilishni o‘rganyapman. Bu yo‘sinda uzoq yashash qiyin, deb o‘ylagan yanglishadi. Uzoq yashash yillar bilan belgilanmaydi. Jismonan tug‘ilgandan so‘ng ruhiy ham tug‘ilmoq kerak. Real hayotdagi tug‘ilishimiz ixtiyorimizdan tashqari bo‘lsa, ikkinchi tug‘ilish ong-u shurimizda. Ruh umrining har soniyasi hayotdagi yillarga teng. O‘nta odam umrini ana shunday yashash mumkin. Asosiysi tug‘ilish kerak.
Hayotim davomida menga to‘qnash kelgan, men zararli deb hisoblagan odamlarni unutishga, ularga tasodifan bo‘lsada to‘qnash kelmaslikka, ayniqsa muloqotda bo‘lmaslikga qattiq urunyapman, ammo ha deganda uddasidan chiqolmay qolyapman. Bilaman, o‘sha insonlar menga kuchli ta’sir o‘tkazib, meni boshqa odamga aylantirib qo‘yishyapti. Bunga sabab: tutruqsizligim, irodasizligim, tan olish og‘ir bo‘lsada qo‘rqoqligim. Xayolim ayvonida doimo qo‘rquvning saslari eshitiladi. Kimligim oshkor bo‘lishidan qo‘rqib yashayman. Men boshqa qiyofaga kirib boshqalarga ideal bo‘lib ko‘rinishim zarur. Asl borlig‘imni yo‘qotib, boshqa “Men”ga aylanish kerak. Yasama odam bo‘lib yashash, bu daxshat! Ammo mana, yashayapman.
Sendan har tomonlama ustun bo‘lgan, eng yomoni sen uni, to‘g‘ri-noto‘g‘ri bo‘lgan har qanday gapini inkor qilolmaydigan kimingdir ovozini baland ko‘tarib, doim seni haqorat qilsa, telba ekanligingni har daqiqada miyangga quyib tursa, o‘zingni qanday xis qilasan? Daxshatlisi bu fikrga ishonib qolsangchi? Kulgim kelib ketdi. Telba emasligingni isbotlab bilasanmi o‘zi? Sen o‘ylaganingdan boshqacha ekanligingni bilib qolsang, miyangning tubida uxlab yotgan vujudsiz odam uyg‘onib seni iskanjaga olsa, izmu ixtiyoringdan mosuvo bo‘lsang qay holatga tusharding? Bilaman, men o‘zimga ishonaman, deysan, yoki shunga o‘xshash gap aytasan.
Yaqinda “Yo‘riqsiz tushlar” deb nomlangan hikoya o‘qidim. Shunda tush haqida mukammal tushunchaga ega bo‘lishni istab qoldim. “Yo‘riqsiz tushlar”? Tushga ishonish, tushdan qo‘rqish hammaga xos holatdir balki, lekin, o‘ylanib qolaman: Hamma tushlar hayotga yo‘yilsa nimalarga guvoh bo‘lardik?...
Umuman olganda fikr g‘oyalarni tug‘diradi. Nokerak fikrni miyadan butunlay sug‘urib tashlash zarur. Hayolga chegara qo‘ymoqni o‘rganish darkor. Men shunday qilyapman. Kimgadir yoqish haqida o‘ylaganim zamono qo‘rqa boshlayman. Suyak-suyagimga singib ketgan qo‘rquv meni bo‘g‘a boshlaydi. Ammo, o‘ldirmaydi. Shunda o‘ylab qolaman: demak, mening qo‘rquvim tushimda ro‘y beryapti! Uyg‘onish esa esdan chiqib ketgan. Tush haqida ham tushimda o‘ylayapman.
Orzuying tushingda ushaladi, degandi Onam. Shu gapni eshitgach, vaqt topishim bilanoq uxlashga yotardim. Peshonam... Sho‘r peshonam ne kunlarni ko‘rmadi. Bu hayotda bo‘lmasa ham, mayli, tushimda bo‘lsada orzuyim ushala qolsin. Indamang, yana biroz uxlay... Men baxtiyorman! Chindan kula olyapman. Barch qusurlardan ozod bo‘lib, o‘zimni chin insonday his qilyapman. Ona! Siz aytganday orzuyim ushaldi. Tushimda bo‘lsa ham baxtliman! Afsus, baribir bir kun uyg‘onish kerak.
Tush shunchalik muhummi?! Nega “Yo‘riqsiz tushlar”?! Onam vafot etib ketdi-yu jumboqlarga ilakishib qoldim.
Kunduz ketidan tunni boshlab kelganida o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolaman. Xonamda tun bo‘yi chiroqni yoqib qo‘yaman. Menga yorug‘lik kerak. Jimjitlikga ham xushim yo‘q. O‘zimcha qo‘shiq aytaman, raqsga tushaman, yuqori qavatda yashovchi so‘zamol birodarimni uyimga chaqirib uning vaysashini yoqmasada eshitib o‘tiraveraman… Baribir hammasining nihoyasi bor. Qo‘shnim charchaganini, meni qattiq xurmat qilishini aytib uyiga ketib qoladi. Endi yana uyqu dori ichish kerak.
- Hammasi boshidan boshlanadi: Farzandini emizayotgan Ona, otayotgan tong, kimningdir vafoti... – deb bir pas jim qoldim. Ikkilandim. Qarilikning nishonalari ko‘rinib qolgan kaftimga qaradim. – Ming yilcha yashasam ham umr qisqa ekan. O‘lim navbati menga shekilli… Darrova? Yana bir pas yashay... Qancha deysanmi? Keragicha, bezor bo‘lgunimcha. Ha, ha, bezor bo‘lgunimcha! Bu zarur! Hali yashashim kerak!
…Tunda xonamga quyosh mo‘raladi.
- O, bu quyoshni yerga tushishiku! Ey sen olamga nigohin qadab banibasharga ziyo ulashayotgan Oftob! Menga boq, seni intiq kutganman. Umrim davomida senga qo‘l cho‘zib, muhabbatimni senga bag‘ishlab yashadim. Mushtoqligm rost! Qalbimni pokla, senga bosh egaman. Gapir. Ruhimni so‘rama! Faqat olib ketaman dema. Ichimda bunyod qilgan o‘zligimdan xabardorsan. Nopok qilmishlarimni, diydamda uyg‘ongan g‘aflatga berilganim sabab meni falokatga olib kelgan hayosiz tuyg‘ularimni ongimning hechkim topolmas hilvatiga yashirib, ulardan abadiyga ozod bo‘lganman. Shunda ham meni kechir! Senga bari oshkor! Sirlarim kaliti qo‘lingda. Xonamga qo‘ngan quyosh, gapir, so‘zlaringni qalbimga muxurlay! Ammo sen jimsan, indamay mayin tabassum qilasan, xolos. Oyog‘im menga bo‘ysunmayapti, senga peshvoz chiqolmaganim uchun ming bor uzr! Har tong jamolingdan umid qilib, sendan oldin uyg‘onib Seni kutaman. Sen shoshmasdan bag‘rimga kelasan. Intiq kutganim, meni erkalaysan. Vujudimda oqayotgan chashmalarga zarrin nurlaringni qo‘shib yuborasan, bu holdan men behad yengillanaman. Kel, arosatdagi tutqunlikdan meni qutqar. Nurafshon go‘shangdan ogoh qil. Umrim poyonigacha senda oshyon tutay...
Yuqoridagi so‘zlarimning bari yolg‘on. Hammasi tush. Uyg‘onganda hammasi unutiladi. Men hecham o‘zgarganim yo‘q, haliyam o‘sha-o‘shaman.
Jang maydonida jon taslim qilayotgan ayolning ohlari, ko‘zlaridagi ma’nisiz qarashlari, yaralangan tananing jon holatdagi g‘imir-g‘imiridan etim uvushdi. U menga nimadir demoqchi, qandaydir sirni oshkor qilish niyatida. Juvonning balchiqqa qorilgan tanasi, sochi kuyib o‘g‘il bolalarga o‘xshab qolgan yuzi, yirtilib qon sizayotgan lablari, bittasi qolgan charos ko‘zlari ayni dam juda ayanchli edi. Uning taqdiriga achindim. Sochilib yotgan ko‘ylaklar bilan ochiq qolgan badanini yopdim. Juvon jon holatda bir nima deyishga urina-urina axiri jimib qoldi. Ammo hamon nafas olardi, tinmay qaltirardi. Bariga men aybdorman. Xotinimni bu yerga olib kelmasligim kerak edi. Bechora, ko‘zim oldida o‘lyapti. U o‘ng qo‘lidan ajralgani sabab chap qo‘li bilan yuzimni siladi. Nim tabassum qildi. O‘sib ketgan sochlarimdan siladi. Unga tikilar ekanman, behosdan ko‘zidan menga bo‘lgan kuchli nafratni sezib qoldim. Qo‘rqib ketdim. Kulib turgan nigohi g‘azabga almashdi. Sochimdan qattiq tutib olib o‘ziga torta boshladi. Yarador tana oxirgi kuchini sarflayotgandi. Go‘zallikning vaxshiyona harakatini vahimada kuzatardim. Norozilik ufurayotgan yuzlaridan ko‘zimni uzolmay qoldim. Xotinim kuch bilan sochimning anchasini yulib oldi. Og‘riqdan ingrab yubordim. Boshimni changalladim. Og‘riq zo‘ridan ko‘zimda yosh qalqidi. Ayolim endi qo‘liga pichoq olgan edi. Menga qast qilmoqqa shaylanardi. Balchiqda tisarila boshladim. Qochish kerak! Meni o‘ldirib qo‘yadi! Ammo... Ulgura olmadim. Tanamni muzday temir teshib qo‘ydi. Tag‘in yana bitta teshik ochildi. Va yana! Xotinim bilan o‘tkazgan vaqtlar ko‘z o‘ngimda birma-bir o‘ta boshladi. O‘sha o‘tgan yillar ichida qimmatli  narsa topolmadim. Hayotim manisiz o‘tganday  tuyuldi. Essiz shuncha umr!... Yo‘q, yig‘lashim kerak emas! Ona, men o‘lyapman. Havo yetishmayapti...
Bugun baxor keldi. Tush ko‘rmay qo‘ydim. Ertaga qor yog‘adi. Men ertaga kuni bo‘yi uxlayman. Qo‘shnimiz yangi avtomabil olibdi. Kelib maqtanib ketdi. Eshigimni mahkam qulflab olishim kerak, har xil odamlarni qabul qilishga xushim yo‘q. Shu kuni sinfdoshlarim ham kelishmoqchi. Uyda yo‘q bo‘laman. Bir nima sindirishim zarur! Tarelkalar ham qolmadi! Piyola sindiraman. Nimanidir sindirishim lozim! Nimani sindirsam ekan?! Shisha idishlarim ham allaqachon tugagan. Qo‘shnim yangi mashina olgandi shekilli?
Qo‘limga yarim metrcha armatura oldimda qo‘shnimnikiga odimladim. Yap-yangi mashinasini changini artayotgan qo‘shni ayol menga takabburona qarab qo‘ydida tag‘in ishini davom qildirdi. Men qo‘lidan hech vaqo kelmaydigan, odamlar chetga chiqarib tashlagan, borimdan yo‘g‘im yaxshi bo‘lgan keraksiz, zarar kulanda mavjudotman – ayolning nigohida shular zohir edi. U nohaq! Men aqlli bo‘lmasligim mumkin, lekin ahmoq ham emasman. Bu gapni yana eslatganim uchun uzr. Oxirgi paytlarda asabiy bo‘lib qolganim rost. Menimcha kasalman, davosi yo‘q dardga mubtalo bo‘lganman... Negadir to‘xtab qolibman, bunday nozik vaziyatlarda kamroq hayol surish kerak. Chuqur-chuqur nafas olib bor kuchimni to‘plab shijaot bilan o‘ljasiga tashlanmoqchi bo‘lgan arslonday yugurib bordimda baqirgancha mashina oynalariga temir bilan ura ketdim. Mazza! Old, orqa, so‘ng yon oynalariga zarba berdim. Oynalar chil-chil bo‘la boshladi! Quzvga xujumga o‘tdim. Abjirlik bilan avtomabil ustiga chiqib olib jinnicha sakray boshladim. Qo‘shni ayol dodlagancha to‘xtamasdan erini chaqirardi. Er shimini kiyib chiqquncha mashina rasvo bo‘lib bo‘ldi. Ish tugadi. Rossa yengil tortdim. Qarasam atrofda odam ko‘payib ketibdi. Hamma meni birinchi marta ko‘rib turganday angrayib qarab qolishdi. Yonimga yo‘lashmayati, qo‘rqishyapti. Tavba, qo‘rqoqdan qo‘rqishyapti! Harakatlarimni kuzatib turgan er-xotin qotib qolishgan, na kulishini, na yig‘lashini bilishadi, xuddi qo‘g‘irchoqday – farqi shuki ulurning joni bor, ovqat yeyishadi. Va yotib uxlashadi. Boshqa narsaga yarashmaydi. Endi uyimga qaytsam ham bo‘ladi. Baxor kelgani menga uncha yoqmadi. Qish yaxshi edi. Sovuqotish tirikligingni, joningni izg‘irindan asray turib uning naqadar shirinligini bildirib turadi.
Xonamga qamalib o‘tirganimda Onamni so‘zlari hayolimda aylana boshladi. Nonni uvol qilma, deb aytardilar. Shundan so‘ng uvol haqida o‘ylay boshladim. Ko‘p o‘tmay shokolad bilan choy ichdim. Yarim soatdan keyin tungi kiyimimni kiyib o‘rnimga cho‘zildim. Uxladim. Endi orom olman deganda tushimda uyg‘onib qoldim(Yana tush!). Atrofimga razm soldim: Yerga panja urib osmonga sanchilib turgan sanoqsiz archazorlar orasidaman. Tong otay deb qoldi, bemahal uyg‘onibman. Yotog‘imdan tushdim. Oyog‘im yerga tegishi bilanoq sovuq narsani sezdim. Temir yo‘l ustida ekanman. O‘zim bilmagan holda poezd yo‘lini karovatim bilan to‘sib qo‘ydim. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Sovuqqotayapman. O‘rmon ichkarisidan eshitilayotgan bo‘rilarning uvullashi odamni kuchliroq sergaklantirar ekan. O‘zimni go‘shtday his qilyapman. Naqadar qo‘rqinchli holat. Temir yo‘l qaltiray boshladi, xoyna-xoy poezd kelyapti. O‘zimni daraxt panasiga oldim. Eh, yotog‘imdan ajraladigan bo‘ldimda, afsus! Vidolashgan ma’qul… Borliq bunyod qilgan mavjudlikning vaqtida qadriga yetgan yaxshi ekan. Ko‘z o‘ngingdagi narsa birdan yo‘q bo‘lib qolishiga o‘rganish naqadar og‘ir. Hay mayli, nima bo‘lsa bo‘lar, mana poezd yaqinlashyapti. Uning vaximali shovqini o‘rmonni, meni, karovatimni larzaga solaboshladi. U juda katta tezlik bilan kelib yotog‘imga urilib uni chil-chil qilib o‘tib ketdi.
...O‘rmon keng ekan. Na boshiga, na oxiriga yetib bo‘ladi. Adashib qoldim. Qaerga borishimni-yu qerga bormasligimni ham bilmayman. Bo‘rilar meni ovlashmoqchiday, atrofimda shitr-shitrlar eshitila boshladi. Qo‘rqyapman. Qaerga boraman? Kimdir meni qutqaradimi! Yuguraverib yalang oyog‘im momotaloq, o‘rmonning namligidan tungi ko‘ylagim ho‘l bo‘lib ketdi. Terladim, charchadim. Madorim qolamdi. Keraksiz yerda bekordan-bekorga sang‘iyabman. Uyga ketgim kelyapti. Uyg‘onish zarur!
“Yo‘riqsiz tushlar” iskanjasidan chiqolmayapman. Qo‘limga oldim, o‘qidim. So‘ng uxladim. Hammasi ana shu kundan boshlandi. Uyg‘onish kerakligini bilaman, ammo men buning uddasidan chiqolmayapman.
Bir qarasam ko‘p qavatli uyning tomiga chiqib olibman. Nimayam bo‘ldiyu o‘zimni tomdan tashladim. Yerga shiddat bilan tushib borar ekanman nega o‘zimni tomdan tashlaganim, tomda nima qilayotganim haqida o‘ylab qoldim. Uylarni usti tom deb ataladi. Tomsiz uyda yashab bo‘lmaydi. Odamda ham tom bor. Odam ham tomsiz yashab bilmaydi. Aqlimga sig‘mayapti: Bekorga o‘zimni tashladim-ov shu tomdan. Yerga urilib majag‘lanib ketsam kerak, shundan so‘ng shaxarda shov-shuv ko‘tariladi. Tumonat odamlar atrofimni o‘rab oladi. Kimdir menga achinadi. Yana kimdir qilmishimdan ilhomlanib yashavor, mard ekansan, deb qo‘yadi. Tez yordam mashinalari tezlik bilan yetib keladi. Militsiya olomonni tarqatishga urinadi. Gazetalarda men haqimda maqolalar bosilib chiqadi. Maktabda o‘qituvchilar o‘quvchilari yomon ish qilib qo‘ysa, darrov meni misol qilib tanbex berishadi. Taksistlar yo‘lovchilarga shov-shuvli xabar haqida vaysashadi. Rassomlar meni tomdan uchib(Qulab emas, aynan uchib) tushayotgandagi suratimni chiza boshlashadi. Yozuvchilar hikoyalarini aynan meni voqeamdan boshlashadi… O‘ylanib qoldim. Demak, tomdan o‘zingni tashlash unchalik ham qo‘rqinchli emas ekan. Endi hamma “MEN”ing borligimni bilishadi. To‘g‘ri ish qilyapman. Yer, meni qarshi ol!!!
Oradan besh yil o‘tdi. Uxlayapman. Ancha tinch uxlayapman. Atrofimda kimningdir sharpasini sezdim. U meni uyg‘onishimni so‘radi. Ko‘zimni ochsam qarshimda qiyofadoshim turibdi. U uyqusiragan ko‘zlari bilan menga masxaranomuz kulib shuncha uxlaganing yetar, dedi.
- Seni sog‘indim, mendan ancha uzoqlab ketibsan. Ha, ancha o‘zgaribsan. Choy ichasanmi?
- Yana nega kelding?
- Kelganimning boisi sensan. Shuncha yildan beri yashayapman, ammo menga avvalgiday quloq solmay qo‘yding, borligimni unutyapsan. Axr senda mening ham haqqim bor!
- Yanglishasan. Men bitta bo‘lib tug‘ilganman.
- Ha, lekin mendan baribir tonolmaysan. Sen ahmoq, landovur, bir tiyinga qimmat odamsan!
- ...
Uni bo‘g‘ib qo‘ygim keldi. Kimni, o‘zimniya?! Fikrmdan qaytdim. U meni choyga taklif qildi. Besh yildan beri choy ichmagani haqida gapirar ekan, go‘yo menga kimdir alla aytayotganday tuyildi. Tag‘in uyqum keldi. Xonamga qaytib o‘rnimga yotdim.


***
 
- Kecha baliq oviga bordim. – deb so‘zimda davom etdim. – Baliq ovida eng keragi sabr! Bir payt qarasam po‘kak qimirlab suvga cho‘kib ketyapti. Shoshgancha qarmog‘imni torta boshladim. Xoynaxoy bir quloch keladigan baliq ilindi-yov, deb suyundim.  Ancha urinishimdan so‘ng baliqni suvdan tortib oldim. Haqiqatdan u bir quloch edi. Qarmog‘im ipidan ushlab baliqni ko‘tarib xuzurlangancha uyoqdan-buyoqqa yurdim. Quvonchim juda cheksiz edi. Baliqni yerga tashladimda tamaki cheka boshladim. Mening bu omadimni kimdir ko‘ryaptimikin, deya faxrlanib atrofga qarardim. Lekin atrof jim-jit. Yerda tovlanib tuproqqa belanib yotgan baliqqa tikilar ekanman qandaydir yoqimsiz tuyg‘uga ilakishib qoldim. U meni ortiq quvontirmay qo‘ydi. Hatto unga qaragim ham kelmay qoldi. Uni shu yerda qoldirdim-u qarmoqni olib uyimga ravona bo‘ldim.
O‘sha voqeadan so‘ng umuman baliq oviga chiqmadim. Keraksiz ishlar bilan shug‘ullanishdan o‘zimni tiydim. Bu hol meni ancha narsadan cheklab qo‘ydi: tamaki chekmayman, televezor ko‘rmayman, hech kim bilan urushmayman, hech kimga yolg‘ondan xushomad qilmayman.
Tushda ko‘rgan voqealarni ipidan-ignasigacha eslashga urinib hammasi xayolimdan ko‘tarildi. Qiziq, mavjud bo‘lmagan voqealar miyada jonlansa, nimadandir ogoh qilsa… Bu bir mo‘jiza! Taraqqiy etayotgan zamonimizda mo‘jiza deyish ancha-muncha erish tuyiladi. Ishonish qiyin bo‘lgan barcha narsa unutilib boraveradi. Keraksiz deb o‘ylagan narsamizni xotiramizdan ayovsiz o‘chiramiz. Shunda bariga nuqta qo‘yilib, hayot tugaydi. Olamda yashash uchun sharoit qolmaydi. Hamma gapirishdan bezor bo‘lib imo-ishoralar qilib, qandaydir tovushlar chiqara boshlaydi. Kun boshqa tamondan chiqib, qizil nur sochadi. Erkaklar soch-soqolini olmay qo‘yadi. Ayollar toza kiyimni unitishadi. Odamzodning tik qaddi bukilib, maymunga o‘xshab yashay bo‘shlaydi. Albatta, yashay boshlaydi! Hechkim undan hayotni tortib olmaydi. Shundog‘am u o‘lgan! O‘lgan-u yashayapti. U mavjud, lekin, yo‘qlikga mahkum. Tong otadi. Quyosh nurlari hech kimga huzur bag‘ishlamaydi. Kulbalarida yashirinib tunning kelishini kutishadi. Sochlari o‘sib ketgan, mahluqsifat odamlarga qarab turibman. Ularning oldidaman. Meni ko‘rganlar masxaranomuz qichqirib, sakrab tushib, qo‘lidagi nayzalarini menga o‘qtashib o‘rab olishdi. Osmon o‘par binolar qa’rida, bir paytlar mashinalar oqimiga to‘lgan ko‘cha, chiroqlar bilan yoritilib kundizgiday ziyoga burkangan shahar o‘rtasida yirtiq-yamoq kiyim kiygan g‘alati odamlar tishlarini g‘ijirlatib menga tashlanishga shay turishibdi. Kichkina bolakaylarning ham ko‘zlarida g‘azab qaynaydi. Qo‘lida pichoq. Yo‘qotadigan hech narsasi yo‘q odamdan qo‘rqish kerak, bir-biriga rahm qilmaydigan qarshimdagi odamlardan esa qo‘rqishning o‘zigina kamlik qiladi. Jang qilish kerak! Bitta o‘zim shaxar ko‘chalaridan kelayotgan olomonga qarshi! Bu tarzdagi kurash albatta meni mag‘lubiyatim bilan tugaydi. Oqim men tamon tobora siljib kelib ojiz tanamni siqa boshladi. Jismimga berilayotgan azob kuchidan ingrayman. Ular menga bergan qiynoqlaridan rohatlanishadi. Oh, qanchalar yoqimsiz, jirkanch manzara! Odam odamga xujum qilyapti! Uning, to‘g‘rirog‘i mening hayotmiga nuqta qo‘yishyapti.
Kun yorishyapti. Quyoshning harakati tez. Menga yordamga oshiqqanday tepamga kelib qizil nurlarini socha boshladi. Odamlar tahlikaga tushib qoldi. Quyosh nurlarida qochib, harxil tuynuk, yer to‘lalarga bekina boshlashdi. Nihoyat ulardan qutildim. Holdan toyib xushimni yo‘qotgancha asfaltga yiqildim.
- Mangu yashash, hech qachon o‘lmaslik odamni vaxshiylashtirib qo‘yadi. Balki aksi bo‘lishi ham mumkin, bu ko‘p hollarda odamning o‘ziga bog‘liq – deb xitob qildim. Peshonamga kaftimni qo‘yib davom etdim. – Men nimadandir qo‘rqsam, hayiqsamgina ortiqcha, keraksiz, gunoh ishlardan tiyilaman. Ongimdan kelayotgan buyruq tashqi olamdan berilayotgan buyruqdan rang oladi. Shu tariqa harakatlarimga – xatolarimga chegara qo‘yaman. Oshxonada kuymalanayotib o‘ylanib qolaman: mushttekina oshqozon uchun muncha ovora bo‘lmasam?! Qornimni to‘ydirib olishim uchun shuncha isrofgarchilgu ovoragarchilik! Achinarlisi, bu hol har kuni bir necha marta davom etadi. Kimningdir qora mehnati evaziga kelgan masalliq oshxonamda keraksiz bo‘lib, axlat qutidan joy oladi. Mana mening hayotim! Bu holdaham o‘zimni, harakatlarimni qattiq nazorat ostiga olishim zarur!
Tasavvur qilayotganlarimning bari jonlanadi. Yomon o‘ylarim meni o‘z domiga torta boshlaydi. Bu botqoqga bo‘ynimgacha botib qolganimdagina o‘sha o‘ylarimdan qutilishga harakat qilaman. Kech boshlangan kurashim bekorga ketadi. Samarasiz urinishim qoladigina xolos. Menga xizmat qiluvchi barcha a’zolarim jon uchun kurasha-kurasha ahiri harakatdan qoladi. Ko‘zim bir nuqtaga ilinadi. Sochlarim oqarib ko‘ylagimga moslashadi. To‘shakda qilt etmay yotgancha ongimda kechayotgan zil-zilaga mos tebranib qo‘yaman. Og‘riqli ingrashimdan tepamda o‘tiraverib ko‘zi ilinib qolgan kichkina qizim uyg‘onib ketib, peshonamga qo‘lini qo‘yadi. Issig‘imni o‘lchaydi. Bir nima kerakmi Ota, deb so‘raydi. Men faqatgina ingrayman. Xotiram ko‘zgusidan xiralashib o‘chayotgan umrim yillariga alvido aytaman. Qizimning men haqimda qayg‘urishidan allanechuk tinchlanaman. Tildan qolmaganimda unga raxmat aytardim. Kimgadir raxmat aytish saodati ko‘ngilga naqadar yengillik bag‘ishlaydi!
Biror soatdan so‘ng qizimning yana ko‘zi ilinadi. Tun g‘aflat to‘nini kiyadi. Mening ham qovoqlarim og‘irlashadi. Ammo, uxlashdan, yana tush ko‘rishdan qo‘rqaman. Yo‘riqsiz tushlar ta’siridan ko‘nglim nohush bo‘ladi. Uxlamaslikning esa sirayam iloji yo‘q, tana oromga muhtoj. Nihoyat ko‘zlarim yumiladi…
…Uyg‘ondim. Shukrki uyg‘ondim. Tanamdagi darddan, umrim davomida ko‘rayotgan azobli tushlardan ozod bo‘ldim. Endi ortiq tush ko‘rmayman.
Tong otdi. Endi ishga ketishim kerak. Tavba, bir umr uxlagandayman. Ko‘zlaring ko‘rib tursa, tanang harakatda bo‘lsa, onging-aqling ixtiyoringda bo‘lsa qanday yaxshi. Kunning har onini kuzatib borib quyoshning chiqishini, bolalaringning xursand yurishlarni, qo‘ng‘iroqday kulgularini ko‘rish naqadar baxt!
Tong salqinligida ishim tomon shoshmasdan borar ekanman, bu kunning tashrifiga, tanam sog‘ligiga, ongimda boshlangan halovatga shukur aytaman.
Yo‘riqsiz tushlar uyg‘otgan tuyg‘ular iskanjasidan chiqib ketaoldim! Bugungi kun haqiyqiy kun, tush emas. Har holda tushga o‘xshamaydi. Birdan to‘xtadim. Ko‘nglimga o‘t ketdi. Yuragim dupurlay boshladi. Balki hozir ham tush ko‘rayotgandirman…

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.