OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Jo‘natilmagan maktub (hikoya)

Mening o‘zimga xoli, tinch turarjoy topish haqidagi orzuim va nihoyat amalga oshadigan bo‘ldi. Kutilmaganda ishdan qaytish oldidan hamkursim Shavkat qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
— Bir eriysan endi, og‘ayni. Xuddi ko‘nglingdagiday joy topdim. Markazdan ham uzoq emas. Bir xonali kvartira, kerakli asbob-anjomlari, muhimi, telefoni bor. Undan keyin, narxini aytmaysanmi, narxini! Bunaqa ijara haqi hali bu orada bo‘lgan emas.
Men hovliqib qoldim:
— Tezroq obor, jo‘ra!

* * *

Do‘stim meni aldamagan ekan. Uy ko‘m-ko‘k daraxtlarga ko‘milgan, salqin mavzeda joylashgan edi. Zinalardan qomati kvadrat shaklda desam, mubolag‘a bo‘lmas, bo‘yi bilan eni baravar ayol harsillab chiqib keldi.
— Kuttirib qo‘ydimmi, bolalarim? Shu zinalarni yomon ko‘raman-da! Shuning uchun domda yashay olmayman! Menga yer tuzuk. Lekin o‘zim yashay olmasam ham savob bo‘lsin, deb kvartira qo‘yaman-da! — ayol gapdan to‘xtamay eshikni ochdi, bizni uyga olib kirdi. — Mana shu uy, yomon emas-a?
Uy chindan ham durust edi. Top-toza, shinam. Deraza oynalari kuni kecha artilganday, yaltirab turar, kraxmallab ilingan darpardalar yangi ilinganday, hali ohori ketmagandi.
— Xola, kvartira qo‘yaman, deb rosa urinibsiz-a? Kelgan odam o‘zi tozalardi-da, — dedi do‘stim xijolat bo‘lgan kabi.
— E, bolam, to‘rimdan go‘rim yaqin, yolg‘on gapirib nima qildim! Oldin bu yerda bir qiz turgan. Juda odobli, orasta qiz edi. Shu bolamga o‘xshab ilmiy ish qilarmidi-ey. Boyaqish bu yerni xuddi o‘z uyiday tutdi, o‘zimnikimas, baribir ketaman, demadi. — Ayol xona o‘rtasida turgancha uyoq-buyoqqa alangladi. Birdan ko‘zi burchakdagi javon ustida turgan bir necha kitob-jurnallarga tushdi. Borib, javondan kitob-jurnallarni oldi-da, dahlizdagi kiyim ilgich tepasiga qo‘ydi. — O‘g‘lim, bular hozircha shu yerda tura tursin. Aytaman, olib ketishadi.
Shunday qilib, men shu yerni makon tutdim. Ertasi kuni do‘stim bilan eski kvartiramdan ko‘chlarimni olib keldim — ko‘chdim. Kayfiyatim chog‘, dimog‘imda kuy xirgoyi qilgancha olib kelgan ko‘chlarimni joylashtira boshladim. Ko‘chlarim nima ham bo‘lardi — bor boyligim kitoblarim hamda ko‘chalik va uyda kiyadigan bir necha kiyim-bosh. Men kishilik kostyum-shimimni olib hafsala bilan ilgichga ildim. Ustidan cho‘tka bilan uyoq-buyog‘ini tozalayman, deb cho‘tkalab boshlab ham edimki, birdan “tap” etib tepadan bir narsa yerga tushdi. Ha, uy bekasi qo‘ygan kitob-jurnallar-ku bu. Kitob-jurnallaru qog‘ozlar yerga sochilib ketdi. Men egilganimcha ularni yig‘ishtirishga tutindim. Bir mahal qog‘ozlar orasidan bir surat uchib tushdi. Men yig‘ishtirishdan to‘xtadim, diqqatimni surat tortdi. Beixtiyor suratni qo‘limga olib qaradim. Havaskor suratkash ishlagan surat bo‘lsa, kerak, uncha tiniq emasdi. Oq-qora tasvirdagi suratda bir qiz daraxt shoxidan tutganicha kulib turardi. Bu qiz favqulodda go‘zal bo‘lmasa-da, kishini nimasi bilandir o‘ziga tortib turar, kulib turgan ko‘zlarida kishini o‘ziga jalb qiladigan qandaydir joziba bor edi. Men suratni qo‘yib, yerga sochilgan qog‘ozlarni tera boshladim. Qog‘ozlarni bir chekkadan terib olarkanman, birdan e’tiborimni qog‘ozdagi so‘zlar tortdi. Yozilgan, yana o‘chirilgan zich yozuvlar to‘la qog‘oz birovga atalgan maktub shekilli, u ana shunday so‘zlar bilan boshlanardi:

“Azizim!
 Men hozir hayot haqida, o‘lim haqida qayg‘uli fikrlarga ko‘milib o‘tiribman. Bu dunyoning o‘tkinchiligiyu u dunyoning boqiyligi haqidagi o‘ylar yana vujudimni chulg‘ab oldi. Yodimga o‘sha go‘zal kunlar, totli daqiqalar tushdi. Men ana shu baxtiyor kunlarni yashadim va shunday sevinchli damlarni boshdan kechirdim. Men shod bo‘ldim. Buning uchun tangriga shukur qilaman. Shu damlarni menga hadya etganingiz uchun sizga tashakkur aytaman.
Garchi biz baxtiyor esak-da, ko‘pda fikrlarimiz to‘g‘ri kelmadi. Ko‘pda bir-birovimizni tushunolmay qoldik. Mashoyixlardan biri, kishi bir-birini tushunishi ham baxt, degan ekan. Biz so‘ngida ana shu baxtdan mahrum bo‘ldik, bir-birovimizni tushunmay qoldik. Azizim, men sizga biror e’tiroz yo iddao qilmoqchi emasman. Men bu hayotda yuragim buyurganiday halol, pokiza yashashga intildim. Men bu bilan sizga ta’na qilmoqchi ham emasman. Siz, bu dunyoga keldingmi, yashab qol! Hayotning barcha lazzatlari insonga yot emas, der edingiz. Bot-bot shunday der edingiz. Bu shior sizga xos”. Maktubning shu joyi o‘chirilgan bo‘lib, yozuvlarga tushunib bo‘lmasdi. Keyin yana maktub davom etardi:
“Bu dunyoda bari o‘tkinchi, shodlik ham, qayg‘u ham. Bas, ketar vaqti bo‘ldi. Azizim, men ketmoqchiman... Bir intilsang, tamom. Eslaysizmi, bir marta siz bilan tortishib qolgandik. Sizningcha, o‘z joniga qasd qilgan kishilar hayotni sevmaydilar. Yashash jonlariga tegadi. Axir itning keyingi oyog‘i bo‘lib yashash kimga kerak? Bunday yashagandan ko‘ra, o‘lgan afzal. Ha, siz o‘shanda aynan shunday dedingiz. Ehtimol bu so‘zlarni shunchaki aytgandirsiz? Shunchaki aytilgan so‘zlar ham kishi qalbidan chiqadi. Mayli, bu gaplarning hojati yo‘q. Hozir bu gaplar o‘z ahamiyatini yo‘qotdi. Aytmoqchi bo‘lganim, o‘sha shunchaki aytgan so‘zlaringizga javobim. Endi men sizga o‘zimning fikrimni aytaman: o‘z joniga qasd qilgan kishilar hayotni yomon ko‘rmaydilar. Ular boshqalardan ko‘ra, balki yuz marotaba ortiqroq hayotni sevadilar. ( “Yuz marotaba ortiqroq hayotni sevadilar” so‘zlari ostiga siyoh bilan chizib qo‘yilgan edi.) Ularning bu harakatlari yosh bolaning qilig‘iga o‘xshaydi. Ana, ertaga ular (odamlar) attang qilib qoladilar. Nega uning qadriga yetmadik, deb barmoq tishlab qoladilar. Ularning bu harakatlari poyabzal do‘koniga kirib, kitob so‘ragan kishining tentakona holatini eslatadi. Lekin baribir bu ishga jazm qilish mardlikni talab etadi. Aslida bu unchalik ham qiyin emas.

    Haqning huzurida o‘lik jonzot yo‘q.

Anna Axmatovaning shunday satri bor. Zotan shunday ekan, Haq huzurida bari bandalar teng ekan, bu unchalik ham qiyin emas...”
Maktub shu yerga kelganida to‘xtab qolgandi. Men hovliqib qog‘ozlar orasini axtardim. Maktub davomi uchramadi. Boshqa qog‘ozlar allaqanday ilmiy maqola-lardan, ma’ruzalardan parchalar shekilli, mazmuni bir-biriga bog‘lanmasdi. Hafsalam pir bo‘lib, tizzalarimni quchoqladim. Beixtiyor uy bekasining holati, gapirgan gaplari esimga tushdi. “Aytaman, olib ketishadi...” Nega “olib ketishadi” dedi? Axir qiz ham “ketar vaqti bo‘ldi”, deb yozibdi-ku. Nahotki... Yuragimda tushunarsiz, g‘alati hislar g‘alayon qildi. Shoshib, yana suratga qaradim. Suratdagi qiz meni o‘ziga tortdi. Shunday qiz... nahotki? Men o‘zim tanimagan, umrimda ko‘rmagan qiz taqdiriga kuya boshladim. Irg‘ib turib derazadan pastga tikildim. Beshinchi qavat. Daraxt shoxlari beshinchi qavatgacha tarvaqaylab o‘sgan. Bir oz xotirjam tortdim. Agar o‘zini derazadan tashlagan taqdirda ham daraxt shoxlariga ilinib qolgan bo‘lardi. Lekin o‘z joniga qasd qilishning boshqa usullari ham yo‘q emas-ku. Yana yuragim tinchimadi. Shosha-pisha telefonga yopishdim. Bekadan surishtirib bilay desam, telefon raqamini ham bilmayman. Shavkatga qo‘ng‘iroq qilay-chi. Telefon go‘shagidan: “... xizmat doirasidan tashqarida...” degan mang‘i ovoz eshitildi. Bu Shavkat deganlari qaerlarda yuribdi? Men ichimda do‘stimni yandim. Birdan ko‘nglim yorishdi. To‘xta, axir bekaning uyini bilaman-ku. Ijara haqini uyimga eltib berasiz, deb aytgandi manzilini. Bu yerdan uncha uzoq emas. Men o‘rnimdan irg‘ib turdim.

Uy bekasining uyiga borganimda kun choshgohdan oshgandi. Ko‘cha jimjit edi. Darvoza burchidagi tugmani ustma-ust bosdim. Hech kim sado bermadi. Beixtiyor darvoza yoniga cho‘kkaladim. “Keldimmi, kutaman, hech qayoqqa ketmayman”. Men shunday ahd bilan sabr qilib bekani kuta boshladim. Qiz taqdiriga qiziqish xayolimni olgan edi. Kun qizidi. Men endi ko‘chaga tarvaqaylab o‘sib, soya solgan tut daraxti tagiga o‘tirib kuta boshladim. Ko‘chadan o‘tkinchi-ketkinchilar menga ajablanib qarardilar. Bir mahal ro‘paradagi uy darvozasi ochildi, bir ayol boshini chiqarib, dedi:
— Bolam, Qumri opani kutyapsizmi? Ular qizlarinikiga ketganlar, kech keladilar. Behuda kutmang, boravering. Aytib qo‘yaman.
Ichimda o‘zimdan-o‘zim uyaldim. “Tentak degandir. Beka kelganida ham nima deb so‘rarding? Aqli joyidami bu bolaning, demasdimi?”
O‘zimning holatim o‘zimga nash’a qildi, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, ortimga qaytdim. Uyga keldim. Beixtiyor shashtim tushib, qiz qog‘ozlarini yana bir boshdan qaray boshladim. Bir payt bir dasta qog‘ozlar ichidan bir parcha qog‘ozcha qo‘limga ilashdi. Asta qo‘limga oldim.
“...yashash san’atdir. Bu san’atni egallay olmaganlar, bu dunyoda yashadim, demasinlar. Hayotning turfa sinovlari, barcha qiyinchiliklaridan egilmay yashash san’ati... Siz darvoqe bularni qaerdan ham bilardingiz? Shu damdan e’tiboran siz bilan ayrildik. Hayotning har bir daqiqasini qadrlab yashash san’atini anglab yetish uchun ham yashash kerak”. Nahotki boya ko‘zim tushmagan bo‘lsa?
Yuragim beixtiyor xotirjam tortdi. Begona bir qizning hayotga qaytish fikridan terimga sig‘may xursand bo‘lib ketdim.
Telefon ustma-ust jiringladi. Xursandman, borib telefon go‘shagini ko‘tardim:
— Bolam, uyga kelgan ekansiz, tinchlikmi? — telefon go‘shagidan uy bekasining ovozi jarangladi.
Men nima deyishni bilmay, kalovlanib qoldim.
— Nima ishingiz bor edi?
Men o‘zimni qo‘lga oldim:
— Anuv qizning narsalariga ko‘zim tushuvdi, o‘shanga...
— E, bolam, nimasini aytasiz! — Bekaning gap ohangidan yuragim orqasiga tortdi. — Juda aqlli qiz edi. Og‘ir kasal ekanu bildirmay yurgan ekan-da...
— Nima? U o‘lganmi? O‘zini-o‘zi o‘ldirganmi? — Hovliqib, dilimdagi gap tilimga chiqib ketdi.
— Nima deyapsiz, bolam? Nega o‘zini o‘ldirarkan? Kasal bo‘ldi, Olloning irodasi...
Beka tinmay so‘zlay ketdi. Qo‘limda qizning egasiga yetmagan maktubi, behol turardim. Qulog‘im ostida beixtiyor men umrimda hech ko‘rmagan, lekin birdan ko‘nglimga yaqin bo‘lib qolgan qiz she’r misralarini takrorlardi:

Haqning huzurida o‘lik jonzot yo‘q...

2008.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.