— Nasib qilsa, erta bozor kuni havo yaxshi bo‘lib tursa, seni shaharga olib tushaman, — dedi eri ertalab etigini kiyayotib.
Shaharga! Xuddi shu zahotiyoq quyosh yanada charaqlab ketdi. Zarrin nurlar deraza oynalarini yorib o‘tib, asta pishillab uxlab yotgan o‘g‘ilchasining do‘mboq yuzlarida, xilma-xil patnisu idishlar terilgan javon, tokchalarda lipillay boshladi. Birovga aytsang, kulishi turgan gap, lekin o‘zingga-o‘zing qayta-qayta takrorlasang ham bo‘laveradi: u shaharni shunaqayam, shunaqayam yaxshi ko‘radiki! Saf tizilgan ulkan binolarga qarasang, boshingdan do‘pping tushadi. Tinmay g‘izillayotgan gugurt qutisiday bejirim tramvay, trolleybuslar... Shaharda yana qandaydir hid bo‘ladi. Bu hiddan to‘yib nafas olib bo‘lmasa ham nimagadir ajoyib. Asfalt yo‘llarda yursang sirg‘alib, uchib ketayotganga o‘xshaysan. Shaharning odamlari muncha ham tartibli bo‘lishmasa. Ketma-ket, qator-qator, tekis yurishadi. Shuncha shoshi-lishsayam, bir-birlariga so‘z qotmay, yo‘lidan adashmay ketaverishadi. U shaharga ikki marta borgan. Yangi unashtirilganida bir marta eri bilan borgan. Voy, tavba, er degandan ham shunaqa uyaladimi kishi! Ko‘zi tushsa, qo‘rqib ketaverardi. Shunday yuvosh, shunday yaxshi odamdan nega hayiqardi — haliyam aqli yetmaydi. Lekin baribir o‘shanda yaxshi bo‘lgan edi. Yomg‘ir hammayoqni shalabbo qilayotgan bo‘lsa-da, sekin yurishgani yodida.
Yana bir marta, hali judayam yosh qizchaligida dadasi bilan shaharga borganini eslaydi. Aniq bir narsa yodida yo‘g‘u, ammo shamolda o‘ynayotgan rang-barang pufaklar, alvonrang gullaru yasangan turli-tuman bolalar esida. Har holda, o‘shanda may bayrami bo‘lsa kerak-da. Esida, rosa to‘yib muzqaymoq yeyishgan, bir tomchisi qip-qizil atlas ko‘ylagini dog‘ qilgan, tomog‘idan allamahalgacha shirin bir ta’m ketmagan.
Ikki yil bo‘ldi — eri necha marta shaharga olib tushib, o‘ynatib chiqaman, deb va’da beradi-yu, vaqti bo‘lmaydi. Vaqti bo‘lsa, to‘satdan bir ish chiqib qolib, xullas, bu niyat amalga oshmaydi. Eri bir so‘z berdimi — qancha vaqt o‘tib ketsa ham so‘zidan qaytmaydi.
Ishqilib, ertaga bugungiday havo ochilib tursin-da! Axir eri: “Havo yaxshi bo‘lib tursa...” dedi-da.
Tezda samovarga olov tashladi. Nega shoshyapti, o‘ziyam bilmaydi. Axir shaharga hozir jo‘nayotgani yo‘q-ku. Tutun endigina och yashil bo‘lib tovlanayotgan tokning mitti barglari orasidan tepaga o‘rladi. Quyosh nurlari, huv, Hadicha xolaning bog‘igacha charog‘on qilib yuborgan. Yuragini qandaydir tushunib bo‘lmaydigan his qoplab oldi. O‘lsin-a, radioning tovushi nega o‘chib qoldiykin?.. O‘g‘ilchasi uyqudan turguncha qo‘shnisinikiga chiqib keladi.
Vazira doim yo‘q narsalarni yo‘ndirib, erini maqtagani maqtagan. “Kecha-chi,.. Adoloy, Ruhit bir chiroyli kombenajka olib kelibdi.To‘rlarini-chi, hay-hay. Ishga tushganimda kiyaman, desam, Ruhit: “Shu bittaminan ketarmiding, kiyavurmaysanmi”, deydi...” Nima bo‘pti, bir marta u ham maqtansa maqtanipti-da. Birdan aytmaydi-yu, sekin: “Vazirajon, shaharga nima kiyib borsamikin, sherst ko‘ylak kiysammikin yo atlasmi?”—deydi. “Voy, shaharga tushyapsizmi? Shungayam shuncha tashvishmi? Shahar nima gap bo‘pti, osmonga uchadiganday tashvish qilasiz-a”,deydi hoynahoy. Yaxshisi, “Mana shu bozor kuni shaharga tushmoqchimiz, sizga biror narsa kerakmasmidi?”— deb boshlay qoladi. “Voy, menga narsa kerakmidi, Adoloy?” — deb lab bursa-ya. Nima, bo‘lmasa shundoq xushxabar ichida qolib ketaveradimi? Ruhiddin aka Vazirani necha marta shaharga olib tushgani bilan nima ishi bor? Uning ham eri shaharga o‘ynatgani olib ketyaptimi — olib ketyapti. Nega endi aytmas ekan, aytadi! “Shaharga o‘ynagani tushib ketyapmiz”, deydi.
Shunday xayollar bilan bo‘tana suv qirg‘oqlaridan toshib oqayotgan ariqchadan hatlab o‘tdi. Paxsa devorni yonlab o‘tib, qo‘shnisiga chiqdi.
— Xah, namuncha chirqillaysanlar, itvachchalar! Etagimga bog‘, yuragimga dog‘ bo‘ldilaring! — Ichkaridan qo‘shnisining asabiy qichqirgani eshitildi.
U bu ovozni eshitib, taqqa joyida to‘xtab qoldi.
Ostonada qo‘shni paydo bo‘ldi.
— Ha, tinchlikmi?
— Ko‘rmaysizmi, bularning xarxashasini, — deya qip-qizil katak ko‘ylagining etagi bilan burnini chimchilab artdi Vazira. — O‘zim ham siznikiga chiqmoqchi bo‘lib turuvdim. Yuraklarim yorilib ketdi-e!
Endigina so‘zlashga og‘iz juftlagan edi, qo‘shnisi:
— Ichkariga kiring, — deya uyga taklif etdi-yu, ammo o‘zi ostonadan jilmay turib qoldi.
U qo‘shnisining shishib qizargan ko‘zlari, pir-pir uchayotgan po‘rsildoq lablariga qarab turib, xushxabarni aytishning o‘rni emasligini sezdi.
— Ruhit: “O‘n sakkiz yashar qiz olib kelaman”, deyapti... — Vazira labini tishlab, yuzini chetga burdi. Katta, shishinqiragan yuzlariga ko‘zlaridan duv-duv yosh oqa boshladi.
— Voy, qo‘ying-e! — U nimadir nash’a qilib, xaxolab kulib yubordi. — Ruhiddin aka hazillashgandir-da.
— Hazil bo‘lsa koshki edi, — deya burnini tortganicha ko‘z yoshlarini artdi qo‘shni. — Koshki edi...
— Mastligida aytsa aytgandir-da, erkak kishi.
— Mast emasdi, mast emasdi... — deya takrorlarkan, Vazira barmoqlarini alam bilan qarsillatdi.
Shu topda nazarida olisdagi tog‘lar ushlashib, bostirib kelayotganday tuyuldi. “Mast emas... mast emas” — bu bir xildagi ohanglar yana kulgisini qistatdi.
— Voy, tavba, qanaqa xotinsiz o‘zi? Nega kulasiz? — dedi qo‘shi birdan darg‘azab bo‘lib. — Sizga yurak ochadigan ekan-ku!
— Qo‘ying, odam bo‘lar-bo‘lmas gaplarga laqqa ishonaveradimi? — deya u qo‘shnisini yupatgan bo‘ldi.
Uyda bolalar xarxashasi avjiga chiqdi. Vazira qarg‘anganicha uning yupatuviga ham quloq solmay, yugurib ichkariga kirib ketdi. Xushxabarni ham mushuk yedi. “Tavba, esi joyidami o‘zi erining?! O‘n sakkiz yashar qizni ko‘ngillari tusab qopti-da!”
— Ha, Adol, tushingni suvga aytyapsan? — O‘girilib qarasa, yonginasida yelkada obkashi bilan Rixsi xola turibdi.
“Kesatiqsiz gapni bilmaydi. Butun mahallaga qaynona”.
— G‘aningiz meni shaharga olib tushmoqchi, — dedi u zo‘rg‘a sevinchini yashirib.
Xola taraq etib, bo‘sh chelakni yerga qo‘ydi.
— Xaptobusda qusmaysanmi? — dedi u shang‘illab. — Anu, Hakima yugurib garang bor-ku, har shahar yugurib borganida qo‘liga xalta olivolarkan....
Xola so‘nggi jumlani ovozini pasaytirib aytdi.
— O‘la-a-r, — dedi u sekingina.
Shu payt shundoqqina magazin biqinidan Salima chiqib qoldi. U Xudoning bergan kuni shaharga qatnaydi. Nima uchun qatnashini kim bilsin, ishqilib, uyda o‘tiradigan xotin emasligi mahallada hammaga ayon.
— Agar ko‘nglingiz ayniydigan bo‘lsa, besh-oltita qurutni cho‘ntagingizga solib qo‘ying, — dedi u bosiqqina qilib. — Katta ro‘mol o‘ramang, shahar issiq. Innaykeyin, faqat tufli bilan paypoq kiyavering.
Xolaning bunaqa ishlarda tajribasi yo‘q edi, birdan ensasi qotganicha chelaklarini obkashiga ildiyu ketdi-qoldi.
Birpasda hamma narsa tayyor bo‘ldi. Qaznoqdan tufli olinib, changi artildi, belburma yarqiroq ko‘ylakka teskarisidan dazmol bosildi. Besh-oltita emas, salkam yarim kilocha qurut “shahar sumka”ga solib qo‘yildi.
Kechga tomon osmonda siyrak ukpar bulutlar qanot kergancha yoyila boshladi. To‘satdan turgan shamol shaftoli gullarini duv to‘kdi. Hovlining burchagida uloqchalar sovqotibmi, podaga qo‘shilgan onasini qo‘msabmi, zorlana boshladilar: me-e, me-e...
Eri osmonda bulutlar sezilmay, yulduzlar ko‘rinmay qolgan paytda keldi.
— Ish ko‘p-da,-dedi horg‘in, ko‘rpachaga cho‘zilarkan.
Osmonni olovli xanjar tilib o‘tgandek bo‘ldi. Birdan xanjardan azob chekkanday osmon gumburlay ketdi. Tashqarida yomg‘ir shovullab, deraza oynalarini taraqlata boshladi.
Ertaga esa bozor kuni. Erining fe’lini biladi: aytgan so‘zidan qaytganini eslayolmaydi.”Havo ochiq bo‘lsa...” dedi-ku, axir. Xayolida tinmay yelayotgan avtobusu trolleybuslar taqqa to‘xtadi. Rang-barang pufaklarni yomg‘ir chertib, paq-paq etib yorila boshladi.
— Hay, turing!—deya u negadir erini uyg‘ota boshladi.
Eri boshini qashigancha devor tomonga o‘girilib oldi, uyqusiragancha allanimalar deb g‘o‘ldiradi.
— Tursangiz-chi axir! — deya beixtiyor alamdan qichqirib yubordi. — Yomg‘irni qarang yog‘ishini, ovozining xunukligini-chi...
— A, nima, nima? — Er sapchib ko‘zini ochdi. — Nima deysan?
— Yomg‘ir, yomg‘ir yog‘yapti... — U o‘pkasiga nimadir to‘lib, hiqillagancha yig‘lab yubordi.
Erining uyquli ko‘zlari xotiniga befarq tikildi.
— He... — u g‘o‘ldirab yana boshini yostiqqa tashladi.
Tokchada turgan soat jon-jahdi bilan jiringlay ketdi. Er esnagancha soat tugmachasiga qo‘l cho‘zdi, ko‘zlarini ishqalay-ishqalay yon-veriga alangladi.
— Adol!
Narigi uydan xotinining: “Hm?..” — degan ovozi eshitildi. Birpasdan keyin eshik ostonasida o‘zi paydo bo‘ldi.
— Bo‘lmaysanmi? — deya eri negadir xijolatomuz iljaydi.
— Yomg‘ir yog‘yapti-ku, — dedi u, ammo o‘zi umidvor ko‘zlarini eriga tikdi. Nazarida birdan yana osmonda rang-barang pufaklar yela ketdi.
Tashqarida esa yomg‘ir yog‘moqda.
— He, — deya iljaydi eri, — kiyin darrov, tosh yog‘maydimi!..
1978