— Qo‘lingizdan qo‘ysangiz-chi Toji opaning tugunini, — singlim jahl bilan qo‘limdan qo‘ymay o‘tirgan tugunni yulqib oldi.
Beixtiyor kuldim. Shunda ko‘z o‘ngimda olis bolalik jonlandi. Singlimga hozir xayolimdan kechganlarni so‘ylab bermoqchi bo‘ldim...
* * *
Kechasi bilan yog‘ib chiqqan qor tongga yaqin tindi, choshgohga borib asta-asta eriy boshladi. Yer pilch-pilch loy bo‘ldi. Biroq sovuq-rutubat badanlarni sirqiratdi. O‘tinxonada olovkurakka mayda ko‘mir solarkanman, birdan darvoza ostonasida kiraymi-kirmaymi degan istiholada turgan jikkakkina kampirga ko‘zim tushdi. Boshida eski sholro‘mol, egnida bir necha joyiga yamoq tushgan qora nimdoshgina mursak, oyoqlarida loyga botgan kalish-mahsi. Qo‘ltig‘ida mo‘‘jazgina tugun.
Men uni tanidim. Uy tomon ovoz berdim.
— Oyi, qarang, Toji opa!
Eshik ochildi. Shoshganicha uydan oyim chiqib keldi, orqasidan dadamning yuzi ko‘rindi.
— E, keling, Toji opa!
— Kelavermaysizmi, Toji opa!
Toji opa ildam qadamlar bilan uy tomonga yurdi.
Uyga yugurdim. Oyim olovkurakni asta olib, ko‘mirni tanchaga to‘karkan, mulozamat qildi:
— Qani, Toji opa, ko‘rpachaga o‘ting.
Toji opa iymanibgina tancha chetidagi yalangqavat ko‘rpachaga o‘tirdi. Qo‘lidagi tugunni yoniga qo‘ydi.
Toji opa bosh irg‘ab, o‘zicha dimog‘ida ming‘irladi, so‘rashgan bo‘ldi. Dadam Toji opaga qaramay, boshini irg‘adi, go‘yo shu bilan uning so‘rashishlarini qabul qildi. Dasturxon yozishga chog‘langan oyimga yuzlandi:
— Endi yemni ko‘klamgacha amallamasak bo‘lmaydi. Xashakning ham tagi ko‘rinib qolibdi.
Shu bilan Toji opa esdan chiqdi, oyim o‘rnidan turib, oshxona tomonga ketdi.
Picha vaqtdan so‘ng katta sopol laganda hovuri ko‘tirilib turgan issiqqina moshkichiri ko‘tarib keldi, dadam manzirat qildi:
— Oling, Toji opa, sovimasin.
Toji opa bosh irg‘adi.
— Olinglar, olaveringlar, — dedi shoshib.
Ovqat yeb bo‘lindi. Dadam qayoqqadir chiqib ketdi. Oyim Toji opa bilan uyoq-buyoqdan gaplashmoqqa tutindi.
— Kun ko‘rmagur olmoslik, yana hunar ko‘rsatyaptimi!
“Olmoslik” — Toji opaning ukasini xotini. Toji opa kelini bilan murosasi kelishmay turardi. Shu boismi, ko‘ngli tortgan urug‘larinikida uch-to‘rt kunlab yotib yurardi.
Kampir boshini ko‘tarmay bir nimalar dedi, chamasi, kelinidan shikoyat qildi.
— Qirg‘inda ketgur, jo‘na dedimi-ya! Iningiz ham bo‘lgan ekan, bir xotinni eplayolmasa. Tavba, shunchalik yelkasiga mindirib qo‘yadimi? Aytmaydimi, bu mening egachim-ku, qayoqqa borsang boraver, deb.
— O‘zi boshda meni Xudo qarg‘agan, kunim kun bo‘lmagan. — Toji opa tez-tez shunday dedi.
— Toji opa, ko‘pam kuyunavermang, mana uy, mana joy. Xohlagancha turavering. Ket, degan joyimiz yo‘q. — Oyim shunday deb gap mavzuini boshqa tomonga burib yubordi.
Toji opa bosh irg‘ab o‘tirdi. Ko‘zlari yumilib-yumilib ketdi. Nihoyat oyim o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Tancha chetiga Toji opaga joy solib berdi. Toji opa atrofiga alangladi, yonginasidagi tugunchani oldi-da, yostiq ostiga qo‘ydi.
Singlim buni ko‘rib, “piq” etib kuldi. O‘ringa kirgach, shivirladi:
— Opa, tugunchasida nima bor ekan-a?
— Bilmasam... — dedim men.
— Oyim chiqib ketsa, sekin ko‘rmaymizmi? — dedi singlim. — Toji opa allaqachon uxlab qolgandir?
— Jinnimisan, boshining tagida-ku! Uyg‘onib ketsa-chi!
Oradan qancha vaqt o‘tdi, bilmayman, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlardan uyg‘onib ketdim.
— Yomon gapirma, uyam Xudoning bandasi, — derdi dadam. — Tag‘in ham odam bo‘lib yuribdi. Uning ko‘rgan kuniga fil ham chiday olmasdi.
— Qirchiningdan qiyilgur, Mahmud, — oyim odaticha qarg‘ab gapirdi, — bir manjalaqini deb Xudoning oldida nikoh qilib olgan xotiningga shuncha azob berasanmi... Oh, farzand dog‘i... Otasi, Xudoning o‘zi kechirsinu, ba’zida dunyoning ishlariga xafa bo‘lib ketaman-da. Yo, Yaratgan egam, bandangning qilayotgan ishlariga bir qara, degim keladi. Mahmud o‘lgur haydadi, Toji opaga shuncha qilgan ro‘zg‘oridan nina ham bermadi. Har biri to‘qliday ikki o‘g‘il uyoqdan-buyoqqa sarson, xor-zor bo‘lib, kasalga chalinib, o‘lib ketdi. Bu bechora sarsonu sargardon, yurak-bag‘ri kuyib, ado bo‘ldi. Shuncha xor qilganiga, Xudoyim, endi uniyam shundoq xor qilginki, toki qilmishlariga pushaymon bo‘lsin. Yana o‘sha nomardga, o‘sha manjalaqiga qo‘sha-qo‘sha farzand berganiga kuyaman-da.
— Qo‘y, Xudoga shak keltirma. Ungayam atab qo‘ygani bordir.
* * *
Havo iliq bo‘ldi. Charaqlab oftob chiqdi, qorlar erib bitdi.
Toji opa biznikida shu turganicha turib qoldi. Onam eski ko‘rpa-to‘shaklarning avra-astarini so‘kib, yuvdi. Toji opa esa kun mo‘lroq tushib isitgan peshayvonda o‘tirib olganicha yostiqlarning junini titdi. Ikki savag‘ich tayoq bilan jun savadi. Savag‘ich “shuv-v, shuv-v” etib ovoz chiqardi. Toji opaning qo‘llari bir nafas to‘xtamadi, tinim bilmadi.
— Hay-y! — shu top qulog‘imga savag‘ichlar ovoziga monand nido eshitilganday bo‘ldi.
Darrov Toji opaga qaradim. Yo‘q, Toji opaning lablari qattiq qimtilgan, butun diqqat-e’tibori qilayotgan ishiga jamlangan edi.
Bir payt savag‘ichlar shuvillashdan to‘xtadi. Toji opa titilgan junlarni yostiqqa tiqa boshladi. Joylab bo‘lgach, yostiq chekkasini nina bilan tika boshladi.
— Ham-m-m... — Toji opa dimog‘ida nimanidir xirgoyi qildi.
Nimanidir deganimning boisi, uning xirgoyisi na kuyga, na qo‘shiqqa o‘xshadi.
Singlim, o‘shandagi Toji opaning xirgoyisi sening ham qulog‘ingga chalinganmi? G‘alati edi-ya? Hozirga dovur bu xirgoyi qulog‘im ostidan ketmaydi.
— Opa, opa, — bir mahal singlim asta meni chaqirdi, ichkari uyga imladi.
Uyga kirdim. Singlim taxmonni ochdi-da, burchakka tiqilgan tugunchani oldi. Qo‘rqa-pisa derazadan ayvonga qaradim. Toji opa hamon xirgoyi qilganicha ish bilan band o‘tirardi.
— Tez, tez bo‘l! — deb singlimni shoshirdim.
Sinlim shosha-pisha tugunchani ochdi. Tugun ichida oyimdoka ro‘mol, ko‘ylak, tagida esa, jiyaklari uringan bolado‘ppi, do‘ppi tepasiga bir tutam ukpar chatib qo‘-yilgan. Yana meva sharbatidanmi, so‘lakdanmi, qotib dog‘-dug‘ bo‘lib qolgan bolalar ko‘ylakchasi, keyin sarg‘ayib, rangi unniqib ketgan ishtoncha. Toji opaning hech kimga tutqazmay, ishonmay e’zozlagan bor boyligi shugina ekan.
Hafsalamiz pir bo‘ldi.
— E! — singlim ensasi qotib, qo‘l siltadi.
Men tugunni qayta tuga boshladim.
— To‘xtang, to‘xtang! — birdan singlim qo‘limni ushladi. Ko‘zlari ayyorona chaqnadi. — Opa, o‘rniga boshqa narsa solib qo‘ymaymizmi? Qani, bilarmikin, bilmasmikin?
— Bor-e, nima keragi bor!
— Keling, solib ko‘raylik. Qiziq-da.
Singlim yugurib borib eski ro‘mol, yana allaqanday mayda-chuyda, latta-puttalarni topib keldi. Tugun ostidagi bola kiyimlarini olib, o‘rniga boyagi olib kelgan narsalarni qo‘ydi.
— Ana endi tuging, — endi men ham nima bo‘larkin, degan qiziqishda tugunni o‘xshatib tugdim.
Shu kuni Toji opa oyim bilan birga ancha-muncha ish qilishdi. Toji opaning kayfiyati yaxshi, boshidan o‘tgan baxtiyor kunlaridan, rahmatli bo‘lib ketgan onasi-yu, xolalaridan so‘zladi. Onda-sonda oyim ham gap qo‘shib turdi, hangoma qilayotganlari qiziq voqea shekilli, ba’zida oyim qotib-qotib kulardi. Toji opa g‘alati ovozda “he-he-e”, deb qo‘yardi.
Birdan ularning hangomalari bo‘linib qoldi. Ko‘chadan kimningdir ovozi keldi.:
— Muhiddin aka, ho‘, Muhiddin aka!
— Huv! — oyim boshidagi ro‘molini qayta tang‘iganicha, darvoza tomon shoshildi.
Darvozada miqtidan kelgan, o‘rta bo‘yli kishi ko‘rindi.
— Kennayi, bizning egachi shu yerdami?
— Ha, keling-keling, G‘anivoy! Toji opa shu yerdalar.
— Endi, opa, ja uyatdan o‘ldirding-da odamni, — Toji opaning ukasi gapirganicha ayvon tomon yurdi. — Uying yo‘qmi, opa? Yo mening uyim uy emasmi? Bunaqa emas-da, opa, el ichida nomusga qoldim-ku.
Toji opaning ukasi gina qila-qila ayvonga ham yetdi, taklifni kutmay, ko‘rpachaga ham o‘tirdi. Toji opa indamay boshini egib o‘tiraverdi.
— G‘anivoy, kelgan bo‘lsalar, begona joy emas-ku. Biz ham yot emasmiz axir.
Ular ancha bahs qildilar. Axiri gina-kuduratdan kundalik gaplarga o‘tdilar. Dasturxon yozildi. Choy ichildi.
Nihoyat Toji opa ukasi bilan ketadigan bo‘ldi. Mahsisini kiydi, shol ro‘molini o‘radi, mursagini qoqa-qoqa ichkariga kirib, taxmon tomon bordi.
Birdan yuragim bezovta urdi. Singlim menga hadik bilan qaradi.
Mana, Toji opa taxmondan tugunchasini oldi. Odaticha, qo‘ltig‘iga qisdi. Negadir yana qo‘ltig‘idan oldi. Oldi-yu, ushlab-ushlab ko‘rdi. Keyin yerga o‘tirib, tugunchani shosha-pisha yechdi, ichidagi narsalarni yulqib, atrofga sochib tashladi. Bir nafas tugunchaga tikilib turdi-turdi-da, birdan izillab yig‘lab yubordi.
— Biz qo‘rqib ketdik.
Oyim nima gapligiga darrov tushundi. Bir mahal yuzim tarsakidan lovullab ketdi. Beixtiyor betimni kaftlarim bilan yashirdim. Sinlim esa yuzini ushlagancha baralla dodlab yubordi.
— Ovozingni chiqarma deyman, — oyim singlimni o‘ymalab oldi. — Qiz bo‘lmay ketlaring, betamizlar, nima qildilaring-a? Qani, toplaring-chi!
Oyimning g‘azabi toshgandan-toshdi. Singlim qo‘rqqanidan tugundagi narsalarni bekitib qo‘ygan joyidan olib keldi.
— Mana, Toji opa, mana! — oyim ko‘ylakchalarni Toji opaga tutarkan, yalinib-yolvordi. — Hali bola-da, esi yo‘q. Aylanay, opajon, xafa bo‘lmang. Ana, hozir ukangiz ham kirib keladi. Qo‘ying endi, olaqoling... Hali mendan ko‘radiganini ko‘radi. Huv, yashshamagurlar...
Shu-shu, Toji opa qaytib biznikiga kelmadi. Oyim uyda, mabodo Toji opadan gap chiqib qolguday bo‘lsa, goh G‘anivoy eldan uyalgandir, olmoslik insofga kirib qolgandir, derdi. Nazarimda, oyim Toji opaning biznikiga kelmay qo‘yganidan afsus chekar, bunga o‘zini aybdor sanardi.
Biz, o‘shanda har holda uyat, andisha nimaligini biladigan yoshga kirib qolgandik chog‘i. Qachon Toji opadan gap chiqsa, o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qolardim.
Mana, Toji opa ham allaqachon rahmatli bo‘lib ketdi. Uni qarindoshlar hamon achinib eslashar, tuguni esa picha kulgi, hazil aralash tilga olinardi.
Singlim, endi bilsam, o‘shanda Toji opa tugunga qo‘shib kechmish shodliklariniyu quvonchlarini qo‘ltiqlab yurgan, buguni bilan emas, o‘tmishi bilan yashagan, uni yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chib, tugunda ardoqlab-avaylab o‘tgan ekan. Yo men adashdimmi?
1990