OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Yaxshi odam (hikoya)

Unga, sen ham odammisan, degandek muomala qilisharmish. Bugun o‘lganning ustiga tepganday qilib, bu gapni xotini ham aytib qoldi. Rost-da, izzattalablikni unga kim qo‘yibdi. To‘g‘ri, bugun Tojivoy ho‘kizdan xafa bo‘ldi. Xafa bo‘lmasin hammi! Axir, ko‘ziga baqrayib. turib: «Qiyshiq piyoladagi savilga ham ko‘nib keta-verarding-ku, nega noz qilib qolding?» — desa-yu... Hammani akam, ukam deb ketavergan ham tuzuk emas ekan, aslida. To‘g‘ri, qishloqda to‘y bo‘lsa, hasham bo‘lsa, aytmasa ham boraveradi. O‘ldi-yitdini-ku, yo‘rig‘i boshqa. Odamlar o‘ziniki, qish-loqni bo‘lsa, jonidan ortiq ko‘radi. Armiyadan qaytgan paytida (bunga, albatta, ancha bo‘lib ketgan), mahallaning o‘rtasida savlat to‘kkan tepalikka chiqib: «O, kakaya krasota!» — deganini to‘rtta emas, ikkita odam eshitgan. «Ikromboy, ja-a o‘rischani boplavoradigan bo‘libsizmi?» — deyishganda, nima deb javob bergani yodida yo‘g‘u, hammayoq g‘alati, allaqanday yashillikka chulg‘angan bitta katta boqqa o‘xshab ko‘ringani esidan chiqmaydi.
Uylanmasidan burun bog‘ hovliga katta darvoza qurdi. Odamlar kulishdi: «Sichqon sig‘mas iniga... Imoratining tayini yo‘q-ku, darvoza qurganiga o‘laymi!» Og‘ziga kuchi yetmaganlar gapirsa gapiraveradi-da. Qiziq, axir, kim uyida yig‘in qilib, to‘rtta odam chaqirgisi kelmaydi? To‘g‘ri, qiyshiq piyola-da bersayam, yo‘q, demaydi. Yo‘q, deb bo‘larmidi, hurmat qilib berishgandan keyin. Shunday bo‘lsayam, uning oriyati o‘zida. Xotini, «hashar-pasharning loaqal birortasidan qolsangiz-chi», deydi. Qanday qilib qoladi, u ham uy-puy qurar, axir. Xotin kishi gapiraveradi-da. Qurmaganda ham hurmat qilib...
Hammasi yaxshi edi, hasharga, to‘y-po‘yga borish ham... To‘g‘ri, bir oz gandiraklab, qiyshayib qaytganida, qo‘shnisi — feldsher Alimurod akaning jaydari iti Olapar butun uzumzorni boshiga ko‘targancha akillab zuv yuguradi. «Vov-BOB!..» O‘zi zing‘archa-yu, ovozining olamni buzganiga o‘lasan.
Lekin bugun... hali xotiniga hech narsani aytmasa ham uning to‘ng‘illab: «Odam deganda ozgina insof bo‘lishi kerak-da, bersa ichaveradimi? Aslida sizni, odammisan sen ham, deganday qilishadi. Faqat chumchuqcha fahmingiz o‘lgur shunga yetmaydi», degani o‘lganning ustiga chiqib, tepganday bo‘ldi.
Ko‘ziga qon to‘ldi. Xotin kishiga qo‘l ko‘targan odam emasdi. Oldida turgan moshkichiri to‘la laganni xotiniga uloqtirdi:
— O‘zimning pulimga ichdim!
Xotini yana javray ketdi. «Bolalarning rizqidan qiyib... deydimi-ey...
Aslida hammasi o‘sha Tojivoy ho‘kizdan boshlandi. U katta yo‘lda ketayotgan edi. Tojivoy ho‘kiz (ho‘kizni o‘zi qo‘shdi, aslida Tojivoy brigadir deyishadi) sekin imlab chaqirib qoldi. Undan to‘rt uy naridagi — qabristonga yaqin katta, hashamatli boloxonali uy brigadirniki.
— Bu, Ikromboy ukam, bir xizmat qilasiz-da endi.
— Xo‘sh, aka, nima xizmat ekan?
— Bu...
Tojivoy ho‘kiz qalin lablarini uning quloqlariga tutdi. Nazarida, to‘y samovariga yaqin turganday yuzlari qizib ketdi. — Shu...
Tojivoy ho‘kiz, besh yildan beri brigadirman, deydi. Mana, yaqinda ukang Xoldorvoyni uylantiryapmiz, deydi. Xo‘sh, xo‘sh... Shu, bog‘da uzumlar g‘arq pishib yotibdi, deydi. Qaysi bog‘da, akam? Ha, o‘zimizning bog‘da-chi, kolxoz bog‘ida, shivirg‘onidan tortib maskopgacha asal bo‘lib yotibdi, deydi... Hm... Endi ko‘p ortar-midik... Tojivoy ho‘kiz shalpang quloqlarining orqasini qashigancha tirjayadi! Hovlidagi kuzakidan ham qo‘shib olamiz, deydi. Aytdim-ku, ko‘p ortmaymiz, deb. Nari borsa, to‘rt yashik uzib qo‘yibman.
Ho‘kizning nafasi quloq-chakkasini ho‘l qilib yuborayozdi.
— Olmazorning yonidagi sadaqayrag‘ochning tagida. Senu men bilamiz. Sir.
— Ha-a-a...
— Shuni bir xizmat qilib gruzovoyingda guzargacha olib tushib bersang.
«Ho‘kiz» boshmaldog‘ini ko‘rsatib yana tirjayadi: yarimta emas, bitta! Yana-tag‘in qanaqasidan degin, huv, Rixsivoy magazinchining magaziniga allambalosi kelibdi. Bug‘doynikidan, deyishyapti».
Juda qiziq bo‘ldi-ku, buyog‘i. Yurtning hech qanday so‘rovini qaytarmaydigan odam...
— Hech bunaqa ish qilmaganman-da. Mayli, hovlingizdagini kunduzi bo‘lsayam olib tushib beray. Ammo...
To‘g‘ri, bu gapni bo‘ynini qisib, sekin aytdi. Hozir o‘sha bo‘ynini qisgani ko‘kragini o‘rtab yuboryapti.
«Iya-voy! — dedi Tojivoy ho‘kiz. — Hali biz bitta qo‘yadigan bo‘ldigu yo‘q deydigan bo‘ldilarmi? Ot chalgan izdan qolmasligingni kim bilmaydi?» Xuddi shunday dedi. Aytolmay yurarkan-da. «Qiyshiq piyoladagi savilga ko‘nib ketaverarding-ku, nega noz qilib qolding?» dedi. Shundan keyin ham indamaganini! Og‘ziga tolqon solganday shalpayib turibdi. Qancha turdi, bilmaydi-yu, «O‘zimning pulimga ichaman», deb jo‘nagani esida. Bu gapni baqirib aytdimi yoki sekinmi? Umuman, aytdimi o‘zi?
Tag‘in qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib xayrlashgani ortiqcha bo‘ldi. Keyin jo‘nadi. Qayoqqa bo‘lardi — Rixsivoyning magaziniga-da.
— Shu, bug‘doynikidan bor, deb eshitdim.
— Sizga topiladi.
— Quy.
O‘zining halol puliga ichdi. Bo‘g‘otning tagida ishni bitirib ichmaydi. Xohlasa, kuppa-kunduziyam ichaveradi. Ko‘rganlar Ikromning miyasi achib qolibdi, deyaversin. Voy ho‘kiz-ey, «Sen ham odammiding!» deydi-ya! Bo‘ldi endi, yurtga aralashib bo‘pti. Yalinib olib ketishadi hali. Ko‘chada ashula aytib ketmadi. Be, ashulaga balo bormi! Yuragi yonib ketay deyapti-yu!
Nechta uylardan o‘tdi, bilmaydi-yu bir mahal qarshisidan Alimurod feldsherning iti Olapar yugurib peshvoz chiqib qoldi:.
— Vov-vov!
— Hoy, itdan tarqagan, men senga nima yomonlik qildim?
Ha, mana, tayoq ham topib oldi. Shunday kaltaklasinki, ko‘zlaridan o‘tlar chiqib ketsin!
It gir aylanib ovozi boricha hura ketdi.
— Mana senga! Mana bu yomon ko‘rganing uchun! Mana bu...
O‘ziyam terlab ketdi. Yuragidagi yuk sa-al kamayganday bo‘ldi. Birdan qarshisida Alimurod feldsherning uzun bo‘yli, rangpar xotini paydo bo‘ldi:
— Ha, Ikromboy, tinchlikmi?
U tayog‘ini tashlab yubordi.
— Ko‘rmaysizmi buni, kennayi, nuqul meni yomon ko‘rgani ko‘rgan... — deb negadir o‘pkasi to‘lib qo‘shni xotinga yuzlandi.
— Urgandirsiz-da.
— Urgan bo‘lsam, yigit o‘lay. Tunov kuniyam shunaqa akillovdi. Nima yomonlik qildim bunga?
Rost-da, tili tegmasa, og‘zi tegmasa.
— Hozir so‘raymiz bo‘lmasa, — dedi qo‘shni xotin mayin ovozda. So‘ng itga yuzlandi: — Olapar, nega Ikrom akangni yomon ko‘rasan?
— Vov-vov!..
— Vax-xa-xa... — Atrofni o‘ragan qora-qura bolalar kulib yuborishdi.
U do‘ppisini olib boshini qashidi, so‘ng, qo‘shilib o‘zi ham kula boshladi. Aqlini yeguncha ichgani yo‘q hali. Hech zamonda itdan biror narsani odamga o‘xshab so‘raydilarmi?
Xotini bo‘lsa, endi tinmay javrayapti.
Albatta, nima bo‘lganini hozir aytib bo‘larmidi. Yuragi yana yonib ketyapti. Boshi mis barkashga o‘xshab qizib, og‘ir bo‘lib ketgan... Bir payt ko‘zini ochsa, oydin. Oldi ochiq ayvondan osmondagi yulduzlar yerga dumalab tushguday dona-dona bo‘lib charaqlar edi. Atrofdagi qo‘shni uylar shundoq ko‘rinib turibdi. Ana, Alimurod feldsherniki, ana, Husniddin muallimniki, huv ana, aka-uka Zokir bilan Shokir-larniki. Negadir Tojivoy brigadirning uyi ko‘zga tashlanmayapti. Ko‘ngli negadir yorishdi. Xuddi bugungi dilxiraliklar haligina sodir bo‘lmaganday, umuman, sira ro‘y bermaganday tuyuldi. Yonida yotgan xotini g‘ingshib ag‘darildi. Dimog‘iga tezakning hidi gup etib urdi. Ayvonni mo‘l-ko‘l oy yog‘dusi yoritardi.
Uning endi uyqusi kelmadi.

1979.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.