Salobatli daryo oqar
chayqalib beg‘am.
Mening yaxlit hayotimni
ikkiga bo‘lib...
Ma’ruf Jalil
Eshik qo‘ng‘irog‘i ustma-ust jiringladi. Shoshib ochdim.
— Tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin, Behzod! Bexabar qolibmiz, boshqalardan eshitdik...— deb gina qildi halloslab kirib kelgan do‘stim Baxtiyor, qo‘lidagi qandaydir o‘ramlarni chetga qo‘yib.
— Ha, endi shunday bo‘lib qoldi, o‘zim ham kechagina bildim, teatrimiz direktori eslatdi.
Xijolatdan chiqish uchun emas, bu ishga direktor bosh qo‘shganini bildirish uchun shunday javob berdim. Baxtiyorni mehmonlar o‘tirgan xonaga boshladim.
Chog‘roq xona odamlarga to‘la, chiroq nuri papiroslar tutunidan xiralashgan edi.
Jurnalist do‘stim Baxtiyor bu yerga ko‘p kelgan bo‘lsa-da, xona devorlaridagi suratlarga yana uzoq-uzoq boqdi.
— Anovi haybatli tog‘lar bag‘rida nima yashiringan ekan?..— dedi u sekin, o‘z-o‘ziga gapirganday.
Mehmonlar yalt etib qarashdi. Ularning ko‘zlarida taajjub bor edi.
— Shovillab, toshib oqayotgan daryodan boshqa narsani ko‘rmayapman,— dedi kichik jussali, ko‘rimsizgina, ammo o‘ziga juda bino qo‘ygan shoir Ahmad istehzo bilan.
— Shunaqa deng,— miyig‘ida kuldi uning yonidagi, barvasta, qo‘ng‘ir mo‘ylovli, qoracha bastakor yigit.— Odam kirsa, adashib qoladigan o‘rmon-ku bu...
— Ana xolos! YO mening ko‘zim o‘tmay qolgan, yo bularning, — luqma tashladi sochini toza qirdirgan, istarasi issiq adabiyotshunos Umar.— Axir, anovi o‘tloqdagi jnlg‘adan suv ichayotgan ohuni hech biringiz ko‘rmayapsizmi? Qarang, u qanday iboli, tog‘ qizlariday hurkak, har bir sharpadan qochishga tayyor...
Men bunday gaplarni birinchi eshitishim emas. Ilgari kelgan mehmonlarnpng ko‘pchiligi ham shunday bahslashib o‘tirishar edi. Bu sirli suratlarni men chizganman. To‘g‘risi, mening o‘rnimdagi, vujudimdagi boshqa odam chizgan. Mehmonlar, eng yaqin do‘stlarim ham shunday deb o‘ylashadi. Aslida esa, ularni men chizmaganman. Do‘stlarim meni — men deb o‘ylashadi.
Aslida men — men emasman...
— Yoshligingizda haqiqiy rassom bo‘lgan ekansiz,— xulosa yasaganday, bir xo‘rsinib gapirdi jurnalist do‘stim. Bu so‘zlarni u har kelganida aytadi. Bu so‘zlar avvalgi ishlarimdan mamnunligini bildiradimi yo hozirgi ishlarimdan noroziliginimi, bilmayman.
Ha, bu suratlarning hammasi seviklim Durdonaning turli kayfiyatdagi chehralari. Ha, bu sohibjamol qiz baxtiyorligida ham, ma’yusligida ham, g‘azablanganida ham go‘zalligini yo‘qotmasdi.
Men Durdonani sevardim. Ammo...
Divanning yostig‘iga suyangancha, mehmonlarni ham unutib, devordagi manzaralarga qarab, xayolga toldim. Bolaligimni eslashga intildim. Lekin hadeb ko‘z oldimga mening emas, boshqa bir odamning bolalik chog‘lari kelaverardi.
* * *
Kim ekan u? Qiyofasi menga o‘xshaydi. Lekin men emasman. Yo‘q, u men emas. Yo‘q, yo‘q... u butunlay boshqa: uning chinakam yuragi bor. Men esa yuraksiz odamman. Meni haqiqiy yurakli odam, deb o‘ylashadi. Yana kim biladi, balki boshqalar ham menga o‘xshab... bilmadim. Ha, sal-pal eslayapman. U — men edim. Yozning farahbaxsh kechalari mahalla chetidagi katta maysazorda yosh-yalanglar tonggacha cho‘pchak aytishib o‘tirardik.
Maysazor yaqinidagi daraxtlarning chakalak bo‘lib ketgan shoxlari, beriroqdagi jo‘xorizor va loviyazorlar to‘lin oy nurida g‘alati oqarib-bo‘zarib, sirli ko‘rinar, allaqayoqdan eshitilayotgan haqqushning xunuk tovushi yuragimga vahima solardi. Onam aytib bergan parilar haqidagi afsonalarni eslab, o‘yga cho‘mar, osmonda tariqday sochilgan, charaqlagan yulduzlarning jimir-jimirini tomosha qilar edim. Men tongning qayoqdan kelishini bilishga urinib, xo‘rozlar qichqirayotgan, yulduzlar so‘nayotgan allamahalda ham osmondan ko‘zixmni uzmasdim. Shu zayl onamning «uxla», deb koyishiga qaramay, bolalarning sho‘x kulgisi, qiyqiriqlariga ko‘milib, har kuni tongni kutardim.
Men ulg‘ayib, rassomlikka o‘qidim. Talabalik yillarimning eng oltin chog‘lari nozik ranglarni izlash bilan o‘tdi.
Bir voqea hayotimni ostin-ustun qilib yubordi. Hamma uyquda, hali tong yorishmagan edi. Xonam derazasidan chiroyli manzara ko‘rinardi. Olisda soy buralib oqyapti, ko‘m-ko‘k vodiy qo‘ynida gullagan o‘rikzor va shaftolizorlarning oq, pushti ranglari qalbga orom beradi, allalaydi. Ana shu daqiqalarda mayin shamol eshikni asta ochdi. Ostonaga qarab, hang-mang bo‘lib qoldim.
Qarshimda men izlagan xayoliy pari — Durdona turardi! Qimdandir dili ranjiganday, ma’yus ko‘zlari uzun kipriklari orasidan boqar ekan, ko‘nglimda latif kuy tug‘ila boshladi.
— Ha, ajablanmang, men — Durdonaman,— degan mayin, nafis, tiniq tovush hushimga keltirdi. Unga qarab lol bo‘lib qoldim.
Necha yillar ko‘nglim to‘rida asrab yurgan eng chiroyli so‘zlar ham tilimga kelmay qoldi. Ahvolimni tushundi shekilli, Durdona moviy harir ko‘ylagining uzun etagini sal yig‘ib, karavotim chetiga omonatgina o‘tirdi.
Hozir dunyoda eng katta tashvishim — necha yillar izlab topganimdan ajralib qolmaslik edi.
— Ketib qolmaysizmi?— deyishga arang majolim yetdi. «Hurkib qochib ketsa-ya...»
Parivashim javob o‘rniga mayin jilmaydi. Bu tabassum go‘zalligini tasvirlashga so‘z, bo‘yoq, ohang topish qiyin edi.
Shunday bo‘lsa ham men bu holatni shoshib, oppoq devorga tushira boshladim... Durdona harakatimni sezdi-yu, norozilik bildirmadi, tokchadagi kitoblardan birini olib, asta varaqlay boshladi.
Men terga botib, surat chizyapman.
Mana, ruhimni arshi a’loga ko‘taruvchi Durdonaning nihol qomati, jon oluvchi jodu ko‘zlari...
Qo‘shnimizning xo‘rozi qichqirib, tong yorishganini bildirdi. Men hali suratni chizib ulgurmagan edim. Durdona bezovtalanib qoldi, u harir ko‘ylagining uzun etaklarini nozik, nafis qo‘lchalari bilan salgina yerdan uzib, ostonada g‘oyib bo‘ldi.
Men bu holdan hayratlanib, mo‘yqalamni qo‘limdan tushirib yubordim. Oyoqlarimda majol yo‘q: karavotga o‘tirib qoldim. Goh Durdona chiqib ketgan eshikka, goh devordagi suratga qarayman.
Bo‘yoqlari anqib turgan suratga boqqanim sari hayratim orta boshladn. Devordan menga parivash qiz emas, jilg‘a bo‘yiga suvga kelgan yosh hurkak ohuning munis ko‘zlari boqardi!
Durdona yana keldi. U bu safar avvalgidan ham go‘zalroq ko‘rindi.
Devorga yangi rasmlar tushira boshladim.
Rasmlar ko‘paydi.
O‘qishga ham bormay qo‘ydim. Durdonaning jamolini tasvirlash bilan ovora bo‘lib, kechaning ham, kunduzning ham farqini bilmay qoldim. Holdan toygunimcha, qo‘limdan mo‘yqalam tushib, o‘zim yiqilguncha ishlardim.
* * *
Yangi rasm muallimi baland bo‘yli, sochlari silliq taralgan, sun’iy, ammo o‘tkir ko‘zlari hamisha jilmayib turuvchi kishi darsga kirib, aslzodalarga xos nazokat bilan o‘zini tanitdi. So‘ng yangi tartib bilan tanishtira boshladi.
— Asosiy vazifamiz — hayotimizni mazmunli qilib bezatish, — dedi u ohista, lekin qilichday keskin ohangda auditoriya shiftidagi gulga qarab. — Mazmunli, deganda bugun, faqat bugun uchun foydali ishlar qilishni nazarda tutaman...
Hamma yalt etib menga o‘girildi. Men parvo qilmaganday, savol berdim:
— Bugun uchun foydali deganda nimani tushunaylik?
Yangi muallim jahli chiqqanini yashirmadi:
— Bugun uchun foydali degani — faqat bugunni o‘ylash degani! — baqirdi u bo‘yiga yarashmagan yo‘g‘on tovush bilan.
Bu fikrga, albatta, ko‘pchilik qo‘shilmadi. Ammo yangi muallim munozarani qizitishni xush ko‘rmasligini hamma tushungan edi.
— Bugundan boshlab, — dedi yangi muallim tantanavor ohangda, odamni seskantiruvchi mash’um zavq bilan, — surat chizishning yangi, ilg‘or va oson usuliga o‘tamiz. Ma’lumki, tabiatdagi ranglarning ko‘pligi, cheksizligi aql-hushni bir joyga yig‘ishga xalaqit beradi, ya’ni odamni mehnatdan chalg‘itadi. Tasavvur qiling, odam o‘rmondagi bir o‘tloqda gullarni ko‘rib qoldi. U gullarning rangiga mahliyo bo‘lib, mollarni boqishni, ya’ni asosiy maqsadini unutadi. Shuning uchun iloji boricha, boyagi gullarning xilini kamaytirish zarur. Bu ish ko‘p kuch, vaqt va mablag‘ talab qilardi. Ammo men bu problemani yechishning ajoyib yo‘lini topdim. Yangi muallim shu yerda nafas rostladi va yanada tantanali gapirdi:
— Buning uchun odamlarning ko‘zini ko‘p ranglarni ko‘rmaydigan qilib o‘zgartirish kifoya. Men uzoq yillik ilmiy tadqiqotlardan so‘ng, shunday ko‘zni kashf etdim. Bu ko‘z faqat bir xil rangni ko‘radi va yashashni soddalashtiradi. Hozirgi elektronika, optronika, lazerlar asrida bunday ko‘zni yasash va almashtirish qiyin emas...
Auditoriyaga sovuq sukunat cho‘kdi. Hamma gapning oxirini kutardi.
— Hammangiz endi shu ko‘zlardan foydalanasiz,— dedi u qat’iy qilib, e’tirozga o‘rin qolmaydigan ohangda.— Endi murakkab bo‘yoqlar qidirib yurmaysiz..
Ammo e’tiroz bildirmasdan bo‘lmasdi.
— Yangi ko‘zlardan hamma foydalanishi majburiymi?
Ko‘pchilikka yangi ko‘zlar yoqib qolgan shekilli, «Anovining noshukurligini...» — deganday, yalt etib men tomonga qarashdi.
Yangi muallim stolni chertib, hammani tinchitgach, ma’nodor qilib javob berdi:
— Hammaga majburiy emas, ammo ilg‘or usuldan foydalanuvchi rassomlarga hamma yo‘llar ochiq bo‘ladi...
Bu so‘zlarning ma’nosini tushunish qiyin emasdi.
Qo‘ng‘iroq chalindi, dars tugadi. Auditoriyadan birov xursand, birov xafa bo‘lib chiqdi.
Men asablarim qaqshab, qayoqqa yurishni ham bilmay tentiraganimcha, institutdan uzoqlashdim. Shahar chetidagi tashlandiq bir boqqa kirdim.
Quyosh hali botmasa-da, boqqa qorong‘ilik cho‘kkan, shamoldan daraxtlar egilib, shovillar, uv tortar, marmar qirg‘oqlari yemirilib, ko‘chgan katta hovuzning qoramtir-safsar tusdagi suvi notinch jimirlar edi. Hovuzning eskirib ketgan oq marmar supasining g‘ishtlari ko‘chib ketgan. Dumaloq granit poydevorda salobat bilan turgan Beruniy haykalining «sochini» daraxt shoxlari yulqilamoqchi bo‘lib tebranardi... Nazarimda haykal ag‘darilayotganday edi. Hovuz tepasidagi maysazorning narirog‘ida daraxtzorga burkangan kungurador ko‘hna qasr ko‘rinadi. Uning bahaybat derazalaridagi shohi pardalar ham shamolda yulqinib, botayotgan quyosh shafag‘ida qip-qizil bo‘yalganday yal-yal yonardi. Qasr tepasidagi qalin o‘rmonzorning bahaybat sershox chinorlariga shamol ta’sir ko‘rsatolmaganday, og‘ir sukunat qorong‘iligiga cho‘mgan.
Shamol ko‘p o‘tmay, dovulga aylandi. Endi hammayoq larzaga keldi, bog‘ning tepasida ko‘hna o‘rmondagi bahaybat chinorlar ham faryod solib, uvlay boshladilar. Osmon yorishib, momaqaldiroq gumburladi. Chaqmoq chaqib, olov qilichi yarq etib, boshimga tushdi. Hushimdan ketdim...
Ko‘zimni ochganimda maysazorda yotardim. Dovul tingan, zim-ziyo ko‘kda menga notanish yulduzlar charaqlardi. Negadir o‘zimni qushday yengil sezardim, og‘irligimdan qutulganday edim. Tizzalab o‘rnimdan turdim va yonimga qarab, qo‘rquvdan titrab ketdim. Maysazorda, yonginamda notanish bir yigit behush yotardi. Unga sinchiklab qaraganim sayin, hayratim orta boshladi. U menga, xuddi o‘zimga o‘xshardi.
Nima qilayoltanimni ham bilmay, chopib borib, hovuzdan hovuchimda suv keltirdim va uiing yuziga sepa boshladim. Quloq tutib, yuragi duk-duk urayotganini sezdim. U hushiga keldi va o‘rnidan turarkan, istehzo bilan g‘udurladi:
— Yaxshisi, o‘z ko‘ksingga quloq sol! Yuraging uryaptimi, yo‘qmi?
Men shoshib, ko‘kragimning chap tomoniga qo‘limni bosdim. U yerda hech narsa yo‘qday tuyuldi.
— Ha, ajablanma, sening yuraging mana,— dedi u o‘z ko‘ksini ko‘rsatib va yonimga o‘tirdi.
— Qimsan o‘zing?— battar ajablanib so‘radim.
— Men — senman...
Bu gapdan boshim aylanib, gandiraklab, yiqilishimga sal qoldi.
Cho‘ntagimni paypaslab, papiros tutatdim. Beixtiyor unga uzatdim. U ham chekdi. Ikkimiz uzoq jim qoldik. Nihoyat u gap boshladi:
— Sen Durdonani nohaq ranjitding. U sofdil, go‘zal, aqlli qiz. Men uni juda sevaman. Sen ham sevasan...
— Yo‘q,— shoshib e’tiroz bildirdim.— Men Durdonani sevmayman. U — jodugar... Ming yoshga kirgan. Uni ko‘rgan odam changga, gardga aylanadi...
— Qo‘ysang-chi, bu yangi muallim — janob Xomning uydirmasi. Sei — qo‘rqasan, o‘qishdan ketaman, deb qo‘rqasan. Aslida, har bir odamning o‘z Durdonasi bo‘lgan...
Xullas, ikkalamiz kelisholmadik. Men qo‘l siltadim. U Durdonani izlab ketdi.
Shu kundan boshlab, ikkiga bo‘linib ketganimdan so‘ng, sof aql-mulohaza bilan yashay boshladim. Har bir qadamimni o‘ylab bosardim. Aql-mulohaza esa ko‘pincha tashvish, vahima tug‘dirardi. Goho yarimtaligimni odamlar bilib qolarmikin, deb qo‘rqardim. Vahimali o‘ylarni quvish uchun ketib qolgan yarmimni izlardim. Goh u topilar va meni asli holimga qaytaraman, deb ko‘p azob berardi — hushimga keltirish uchun bo‘shab qolgan yuragim o‘rnini to‘ldirnsh uchun meni savollar olovida kuydirardi.
Shunaqada yomon ko‘rib, nafratlanib ketardim undan.
* * *
O‘qishni tugatib, teatrga ishga kirdim. Yangi muallim meni teatr direktoriga «eng yaxshi shogirdim», deb tanishtirdi. Tunu kun ishxonada bosh rassomga yaxshi ko‘rinishni, uning yaqin odamlari qatoriga qo‘shilib, obro‘ orttirishni o‘ylardim.
Bir kuni bosh rassom sahnadan qadimiy manzaradagi salobatli naqshin qasrni olib tashlashni maslahat berdi. Men o‘ylab o‘tirmay, manzaradan qasrni olib tashladim. Boshliqning didini bilganimdan keyin, teatrimizda qaysi sahna manzarasida qasr bo‘lsa — olib tashlayverdim. Qizishib ketib, hatto qasrdan kichikroq ko‘shk, ravoqlarni ham qo‘ymadim. Endi men oliy nasabli odamlar davrasiga kirib, turmush halovatlarini tota boshladim.
U — Durdonaning oshig‘i esa, qaerlardadir omadsiz, och-yupun yurar,— gohi-gohida, sokin kechalarda uyqum qochganida kelib, men bilan bahslashardi.
U goho men kutmaganimda, ko‘rishni istamagan paytimda kelib qolar va ishlarimga aralashib, meni sharmanda qilar edi.
Bir kuni azonda uyg‘onib, ko‘chadagi anhorda yuzimni yuvayotgan edim. U kelib qoldi. Osmonga qaradi-yu, hayratdan qotdi.
— Ufqni ko‘ryapsanmi? Naqadar ranglarga boy! Fusunkor tong!—dedi u yelkamdan ushlab.— Sen bolaligingda ko‘rgan noyob, afsonaviy harir, pushti tonglarga o‘xshagan tong bu...
U menga, bu manzarani chizib qol, dedi. Ammo ishga kech qolishimni o‘ylab, bosh rassomning basharasini ko‘z oldimga keltirdim. Bosh rassom teatr sahnasi orqasida ishimizga ko‘z-quloq bo‘lib yurardi. Ishga sal kech qolgan xodimga baqirar, asabini buzib jinni qilardi. Rassomlarga vaqtni go‘yo cho‘ntagidan pul chiqarib berganday, qiynalib ulashardi. Men bosh rassom bilan to‘qnashmaslik uchun tong shafag‘ini qoldirib, teatrga otlandim.
Ko‘zgu oldida kiyinayotganimda u meni yana so‘roqqa tutdi:
— Ishga kech qolsang nima bo‘pti? Ishga har kuni borasan, bunday fusunkor manzara esa kam uchraydi. Bunday betakror manzarani balki yana sira uchratmassan. Hu, anavi rangni qara, sen bunday raigni birinchi ko‘rishing. Tezroq mo‘yqalamingni ol.
— Yo‘q, vaqtim yo‘q. Bugun go‘zallik haqidagi muhim shiorni yozishim kerak. Yozmasam... ishdan haydashadi...
— Odamlarga go‘zallik to‘g‘risidagi shior emas, go‘zallikning o‘zi kerak... Agar sen ishga bormasdan faqat ijod qilsang, ko‘proq go‘zallik yaratib, odamlarni boyitarding.
Aslida u haq edi. Ammo faqat ijod qilsam, biror joyda xizmat qilmasam, muhtojlikdan o‘laman-ku.
— Mana, sen hech qaerda ishlamay ijod qilyapsan, yaratayotgan durdona asarlaringni kim tushunyapti? Sen odamlar uchun o‘zingni fido qilyapsan. Odamlar esa seni bir tiyinga olishmaydi.
— Buning sababi shuki, odamlarning yemishi joyida, ammo ko‘nglida hech vaqo yo‘q, xuddi cho‘lday, men ularning ko‘ngliga gul urug‘lari sepish uchun ijod qilyapman...
— Odamlar sen sepgan gul urug‘larini ham yeb qo‘yishadi, sening asarlaringni sariq chaqaga almashtirishadi. Ustingdan kulishadi...
— Yo‘q, hamma sen o‘ylagancha hayvon bo‘lib ketmagan. Men ularning odamligiga ishonaman... Ana, ufqqa qara, ranglar o‘zgaryapti, tezroq mo‘yqalamingni ol...
Men kamchiligimni tan olgim kelmasdi.
— To‘g‘risi, sen hayratlanayotgan nozik ranglar, baribir menga bir xil ko‘rinadi. Negaki, mening ko‘zim — yangi.
— Ko‘zning yangisini nega olding?
— Yangi ko‘z odamni charchatmaydi.
— Sen charchashdan qo‘rqasanmi?
— Yo‘q charchashdanmas... boshqa narsadan... Bor, meni yo‘ldan urma....
— Seni yo‘ldan urib bo‘lishgan. Men seni to‘g‘ri yo‘lga qaytarmoqchiman...
Men bu gapga parvo qilmay, bir chelak bo‘yoqni ko‘tarib, bir o‘ram matoni qo‘ltig‘imga qnsganimcha ishga jo‘nadim.
U, sadqai odam ket, deganicha, ko‘zdan yo‘qoldi.
Shu ko‘yi uzoq oylar ko‘rinmadi. To‘g‘risi, men undan qo‘rqardim. Uni o‘ylasam, Durdonaning jodugarligi, dovul, ko‘hna bog‘ esimga tushardi.
U goho bolaligimni, yoshligimni eslagan paytlarimda, o‘tirishlarda, davralarda kelib qolardi. Nihoyatda ozib-to‘zib ketgan, go‘yo faqat suyagi qolgandi. Uni doimo azob kemirayotganidan shundaydir.
Eshitishimcha, men semirganim sayin u yana ham ozib ketarkan. Men martaba zinalaridan ko‘tarilganim sayin, uni xizmatda pasaytirisharkan. Mening pulim ko‘payib, maishatim yaxshilangani sari u oxirgi chaqalariga qora non olib, suvga botirib yerkan. Mening libosim yangilangani sayin, uning juldur, chirigan usti boshiga yana yamoqlar tusharkan...
O‘zidan ko‘rsin. Qayoqdagi Durdona deb, mendan, oromli hayotdan ajralib qoldi. Uning rasmlari qanchalik go‘zal, jozibali bo‘lmasin, yangi ko‘zli odamlarga ko‘rinmasdi.
Ammo bugungi mehmonlar devorlardagi men — ya’ni, u chizgan go‘zal suratlarni qanday ko‘rib qolishganidan hayratda edim. YO ular yangi ko‘zlarini olib tashlab, avvalgi ko‘zlari bilan kelishdimikin? Davradagi mehmonlarga bir-bir qaradim. O‘rtada chaqchaqlashib o‘tirgan, xushbichim soqol qo‘ygan yigit ko‘zimga juda issiq ko‘rindi. Mehmonlarning og‘zini ochirib, kuldirib o‘tirgan bu yigit — u, ya’ni bir vaqtlardagi men edim. Uning yonida, o‘n sakkiz yoshli sohibjamol o‘tirardi.
Bu — Durdona edi. Uning sho‘x kulgisi jonon chinni jarangiday xonani to‘ldirardi.
Hamma ko‘zlar unga va Durdonaga tikilgan edi.
Kimdir so‘rab qoldi:
— Bu kimning suratlari?
— Durdonaning...
Suratlar o‘rtoqlarimni ham hayajonga soldi shekilli, gapimga kulishmadi. Jurnalist do‘stim izoh berdi:
— Ha, bular chindan durdona asarlar... Bo‘yoqlarga qaranglar-a, tabiatda ham yo‘q ranglarni topgan bu darvesh...
Men hayron edim...