OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Yo‘ldoshev. “Bobojon ...” (hikoya)

Dunyo ishlarini uning poygasida chopganda bilar ekansan, degan iboraga unchalik ishongim kelmay turipti. Axir qadimiy aksiomalardan biri toshbaqani quvib yetolmaslikku. Shunday ekan, harqalay, orqaga qarab, yomon yashamabman, deya olaman. Ya’ni, insonlik ma’nosidan kelib chiqqanda uncha chopmapman, hamda, toshbaqani ham juda ko‘p berilib quvmapman. Shunga qaramasdan, men yetgan marralar ham yo‘q emas.
Bugun xayolga botar ekanman, bunga sabab, erta tongda kelib soqolimni o‘ynagan holda nevaramning ukasi haqida bergan savoli bo‘ldi.
Ota, nega Baxtiyor guu, guu deydida gapirmaydi, hamma narsani og‘ziga soladi (bizda dadaning otasi, buvani nevaralar ota deydi) deyishi bo‘ldi. 
Bobojon, shoshmang, u ham sizga o‘xshab tezda gapira boshlaydi, dedim. U yana sabri chidamay, qachon, deb savolini davom etdirdi. Bola shirin, ular bilan gaplashishdan shirinroq muloqotning o‘zi yo‘q. Yillar o‘tib o‘z otamdan, dadamdan o‘rgangan odatlarim va chiqargan xulosalarimdan biri shu bo‘lsa kerak. Buni hayotim davomida juda yaxshi tushunb yetdim, deya olaman.
Shu o‘rinda ko‘pchilikning nevaralar haqida ba’zan aytadigan yana bir fikriga unchalik qo‘shilmayman, go‘yoki “po‘chog‘idan mag‘zi shirin” emish. Birinchidan, o‘z bolang po‘choq emas. Ikkinchidan, bunday fikrni o‘z bolasini unchalik sevib katta qilmagan kishigina aytishi mumkin. Bizning avlod- avlodimiz o‘z bolalarini sevib, oilaviy suloladagi an’analarimizni bola ruhiga singdirib katta qilishadi. Shu jumladan men ham yaxshi ma’noda, shu oilaning erkatoyi bo‘lib katta bo‘lganman.
Ha, nevara juda shirin, ammo “Men bolam deganda bolam der bolam”, axir uning ham o‘z dada, oyisi bor.
Shunday der ekanman, xayolim qochdi. Bu hol meni o‘z otam bilan yetaklashib ilk bor qishloq ko‘chalariga chiqqanimni eslatib yubordi. Tushunishimga qaraganda mening shunday (keyinchalik odamlarning aytishicha) shiddatli, uddaburon, bilimdon, o‘z-o‘zini yetarli hurmat qilib katta bo‘lgishimga aynan otamning xizmatlari katta bo‘lgan ekan. 
Dadam oddiy qishloq ziyolisi, o‘qituvchi edi. Ammo otam to‘g‘risida u kishi oddiy dehqon, oddiy kolxoz raisi bo‘lgan yoki shunga o‘xshash boshqa “oddiy” tasnif va sifatlarni keltirib cheklana olmayman. U odam o‘z hayoti davrida necha bor urinib suringan, necha bor sovetlar dastidan hayotini boshidan boshlagan. Birda oddiy kolxozchilik qilgan bo‘lsa, boshqa payti oddiy “zek” – Moskvaning metrosini qazgan, birda olibsotarlik qilgan bo‘lsa, boshqa payti vazirga muovinlik qilgan. 
Ha, menga ham hayotni bir necha bor boshidan boshlashga to‘g‘ri keldi. U tashvishlar, yo‘qotish va topishlar meni xuddi otamday chiniqtirdi, irodamni tobladi, hayot kurashi oson kechmasligini, yon atrofdagi odamlar “oddiy” emasligini o‘rgatdi.
Ma’lum sabablarga ko‘ra hayot tashvishlarini kolxoz paxtasiga suv qo‘yishdan boshlab, turli mavqedagi sobiq ittifoq va respublika lavozimlarida ko‘plab odamlarga buyruqlar berishgacha yetib borish, albatta, oson bo‘lmadi.
Shu holatlarni o‘ylab ko‘rsam ko‘pchilikning ruhidagi, ongidagi boylik, lavozim, baxt tushunchalari ularning buyruqni bajarishdan ko‘ra buyruq berish ancha qiyinroq ekanligini bilmasliklaridan, degan xulosaga olib keladi meni.
Haet falsafasi juda qiziq narsa ekan. Birovga yaxshilik qilish, uning huquqini himoya qilish uchun ko‘pincha aslida aynan o‘sha odamning ba’zi huquqlarini paymol qilishdan, burchlarini esa eslatishdan boshlashingga to‘g‘i kelar ekan.
Xuddi shu chalkash falsafani tushunmaslik juda ko‘pchilik iqtidorli odamlarning katta lavozimlarga erishmasligiga, o‘z shaxsiy faoliyatida hatto baxt, baxtli hayot tushunchalarini anglab yetmasliklariga sabab bo‘ladi, deb ayta olaman, endi bu yoshga yetib.
Hayotning quvonch va tashvishlaridan chiqargan xulosalarim anchagina. Ulardan birinchisi, oddiy ishchi, kolxozchi bo‘lib ishlab yurganlarimda shu bo‘lganki, o‘z uyim, sevgan oilam bo‘lishi shart. Ayni shu xulosa keyinchalik katta lavozimlarda ishlab shaharma shahar yurganlarimda yana bir tushuncha bilan to‘ldiki, qay darajadagi imkoniyat va vaziyatlar bo‘lmasin, o‘z oilang, bola chaqangdan uzoq vaqt ayrilib yashamasliging kerak ekan. 
Bu xulosaga ham aslida oddiy, hayotiy bir voqea sabab bo‘lgan. 
Sobiq ittifoq respublikalaridan biriga katta lavozimga ishga tayinlandim. Biron narsadan kamchiligim yo‘q. Yonimdagi shotirlarim aytganim uyoqda tursin, ko‘nglimga kelgan narsalarni tayyorlaydi. Oilam boshqa shaharda, nimagadir o‘sha paytlari yoshligim avji paytimidi, ularni yonimga olib kelishni xohlamadim. Kundalik ish, maishat, ancha et boylaganman, orqaga qarab qo‘yish xayolga ham kelmaydi, ko‘ngilga kelgan ma’qul va noma’qulchilikni qilib yashab yurar edim.
Bir kuni to‘satdan, bunday ishlar doim to‘satdan bo‘ladi, bir kishining ta’ziyasiga borish kerak bo‘ldi. Rasmiylar qatorida turibman, besh-olti kishimiz, marhumning yoshi, hurmati katta bo‘lishiga qaramasdan tobut atrofida na bolalari, na qarindosh urug‘i, na ayoli, ulardan hech kim yo‘q. Surishtirsam u ham boshqa shahardan kelgan, uning vafoti to‘g‘risidagi xabar barcha qarindash urug‘lariga yuborilishiga qaramasdan, hech kimi kelmagan. Qarangki, marhum atrofida uning boyligi, obro‘si, keyin bilsam, turli xil lavozimlarda ishlab yurgan bola chaqalari borligiga qaramasdan, biron qatra ko‘z yosh chiqaradigan odamning o‘zi yo‘qligi menga qattiq ta’sir qildi.
Marhumni uch-to‘rt soldat, ikki-uch xizmat kishilari mashinaga ortib qabristonga olib ketishdi. Biz rasmiylar har birimiz o‘z mashinamizda, vujudga kelgan noqulaylikni tezroq orqada qoldirish maqsadida shoshilib-surinib tarqaldik. Shu voqea sabab bo‘ldiyu, hayotim to‘g‘risida qattiq o‘yga toldim. Bolalarning yil davomida maktablarini almashtirmaslikni bahona qilib yurgan odam, ularni zudlik bilan Toshkentga ko‘chirishga buyruq berdim va o‘zim ham suyanchiq va tayanchiqlarimni ishga solib yangi lavozimga tayinlanib yetib keldim. Ish joyining, lavozimning, oilaviy sharoitning va boshq bir qancha muhitning, ayniqsa dunyoqarashimning o‘zgarishi meni yon atrofimdagilarga, oila a’zolarimga, umuman inson sha’niga boshqacha qarashga olib keldi. Men uchun dunyo emas, uning mohiyati o‘zgardi. Otam, dadamdan oilada olgan saboqlarim yodimga tushdi, yaxshi ma’noda aytadigan bo‘lsam, yillar davomida har xil lavozimlarda yurib unutayozgan o‘zligim o‘zimga qaytdi. Oilamdan issiqroq joy, bolalarimdan yaqinroq insonlar yo‘qligini qaytadan anglab yetdim.
Azalar - qayg‘uli holat, to‘ylar - hayot lazzatlarini anglatadigan paytlar ekanini kundan kn ko‘proq tushuna boshladim. 
Mendagi bu o‘zgarish birinchi o‘rinda o‘zimga ijbiy ta’sir qildi. Ichki bir ruhiy xotirjamlik, hayotning har bir onidan alohida bir lazzat oladigan bo‘ldim. Yillar davomida mansabdorlik faoliyatidan shaxsiy xususiyatimga kirib ulgurgan, o‘zim bilmagan holda olingan qo‘rsliklarim ichki asl xulqimdan ajralib chiqqanday bo‘ldi. Yon atrofimdagilarning e’tibori menga nisbatan o‘zgardi, odamlarning muomala va munosabati kundan kun yaxshilanib ular yanada ko‘proq menga intiladigan bo‘lishdi. Shu payti pensiyaga chiqish qarorim ko‘pchilikni hayratga solib, ba’zilarni shoshirib qo‘ydi. Axir, sening lavozimu obro‘yingdan foydalanib yuradiganlar har doim va har joyda topiladida. Rasmiy lavozimdan ketgan bilan ijtimoiy muhitdan ajralmasdan jamoat tashkilotlaridan birida faol ishlab yuribman, har kuni oilam va nevaralarim bilan hayotning yoshim mavqeidagi lazzatlaridan xoli emasman. 
Sulolamizdagilarga o‘xshash o‘zimning nihoyatda bolajon inson ekanligimni farzandlarimning mehridan, nevaralarimning chug‘ur-chug‘ur qilib yonimdan ketmasligidan sezaman va bu hayotning shirin mevasiday alohida lazzat beradi. Bolalarim va nevaralarim bilan bo‘lgan ba’zi suhbatlarimda nevaralarimga qarata “bobojonlar”, meni oxirgi yo‘lga kuzatishda qattiq-qattiq yig‘lab to‘nlaringizning etagida qabrimga tuproq to‘kishni unutmanglar, deb qo‘yaman. Bunday holatlarda bolalarim “dada, nimalar deyapsiz” deb qolishsa, yoshlik gashtini surayotgan nevaralarim o‘z o‘yinlari bilan mashg‘ul holda bu gaplarga hali unchalik e’tibor ham berishmaydi. 
Ishonchim komil, oilamiz an’analarini davom etdiradigan bolalarim men yetishgan hayot falsafasini kenggaytirsa kenggaytiradi, toraytirmaydi. Nevaralarim ham bolajon insonlar, o‘z oilaviy baxtlarini hamma hayot lazzatlaridan ustun qo‘yadigan bo‘lib yetshadi va meni kuzatish paytida butun jamoa oldida qattiq-qattiq yig‘lab, to‘nlari etagida qabrimga tuproq to‘kishadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.