OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maqsud Qoriyev. Akam qissasi

Yozuvchi Maqsud Qoriyevning akasi haqida yozgan esdaliklarini o‘qib chiqdim. Hayotiy va o‘qishli qissa bo‘libdi. Eng muhimi, bu yerda ortiqcha, yolg‘ondakami to‘qima gaplar yo‘q. O‘sha og‘ir, fojiali urush yillaridagi odamlar qismati soddagina qilib chizib berilgan. 
Siz esdaliklarni o‘qiy boshlaysizu, voqealar ketidan ergashib ketaberasiz va nihoyat qissa oxirlagach, uni tezroq tugab qolganligidan achinasiz. Maqsudning mazkur esdalik qissasi akasiga va mening qadrdon do‘stim Ma’rufga yaxshi yodgorlikdir.

Said AHMAD,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi


1942 yil yanvar oyining oxirlari, qahraton qish. Akam armiyaga jo‘naydigan bo‘lib qoldi. Butun oilamiz, akamning do‘stlari bilan kuzatish uchun vokzalga chiqdik. Tumonat odam. Onam tinmay yig‘lar, ko‘zlaridan shashqator yosh oqardi. Chunki to‘ng‘ich o‘g‘li, ishongan bog‘i, suyangan tog‘i xatarli safarga ketmoqda. Undan umidlari katta edi. Boshimda do‘ppi, sovuqdan junjikib quloqlarimni ishqalayman. Shu fojiali, qahraton qish kechasida sen yosh bola nima qilib yuribsan, deydigan odam yo‘q. Men bo‘lsam g‘ururim kuchli, akam go‘yo Vatanimizga xujum qilmoqchi bo‘lgan yovuz dushmanni daf etish uchun ketayapti, degan fikr miyamdan chiqmasdi. Qani endi yoshim katta bo‘lsa-yu, akam bilan birga ketib, dushmanlarni tirqiratib quvsam, deb o‘ylayman.
— Hoy bola, sen nima qilib yuribsan, undan ko‘ra so‘lagingni artib ol, — deydi bir kishi.
Ro‘molcham yo‘q, yengimning uchi bilan burnimni artib, menga dashnom bergan qo‘pol odamdan jahlim chiqib, unga o‘qrayib qarayman.
Ko‘zim akamda. Ajoyib shoir, dilbar yigit. Jingalak sochlari o‘ziga yarashgan. Yozgan qo‘shiqlari elga manzur. Hov anavi sersavlat, sochlari o‘ziga yarashgan yigit musiqachi, akamning she’rlariga kuy bastalagan mohir sozanda Mamadaziz Niyozov degan bastakor. Akamni jon-dildan yaxshi ko‘radi. Anovi mag‘rur turgan yigit esa akamning qadrdon do‘sti shoir Turob To‘la, u ham ajoyib shirinsuxan yigit. Oppoqdan kelgan, xushbichim yigit bo‘lsa, raqqoslar ustasi Ali Ardobus, akam u bilan kolxoz-sovxoz teatrida birga ishlardi. Ular ko‘pincha bizning Sebzordagi uyimiz bolaxonasida yig‘ilishardi. O‘sha yerda ijodiy uchrashuvlar, she’rxonliklar, xonaki mushoira kechalari o‘tardi. Anavi burni katta, bo‘yi baland, qaddi-basti kelishgan yigit bo‘lsa Said Ahmad degan yozuvchi. She’r yozmaydi. Ammo do‘stlar doirasida hammani kuldirib, qiziq-qiziq hangomalar to‘qib tashlayveradi. Men ham uning hazil-huzul gaplarini yoqtiraman. Qiziq-qiziq hikoyalar aytadi-yu, o‘zi kulmay turaveradi. Uning turishi ham, yurishi ham qiziq.
Qarang endi, shu qadrdon, vafodor do‘stlar akamni safarga kuzatgani, shu qishli-qirovli kechada vokzalga chiqishgan. Bir-birlaridan ayrilisha olmaydi. Bularning taqdiri ne kecharkin? Yana qaytib uchrasha olisharmikin? Ko‘nglimni o‘ksituvchi bir alamni tuyaman. G‘amgin xayollar boshimda aylanadi.
Shu vaqt kelishgan bir qiz qo‘lida bir dasta gul ko‘tarib, xovliqqancha kelib qoldi. Uni ko‘rib akamning chehrasi ochilib ketdi, bexosdan «voy, Yulduz keldi», deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Hammaning ko‘zi Yulduzda, hayron, shundoq qahraton sovuq, kechada gul ko‘tarib kelgan bu oshuftahol qiz kim bo‘ldi ekan o‘zi? Kuzatishga kelganlarning diqqat-e’tibori Yulduzda. Ular akam bilan ikkalasi so‘zlashmasdan bir-birlariga qaragancha sukut saqlashar, go‘yo shu jimjitlik so‘nggida katta bir ichki tug‘yon, sog‘inchli firoq yotgandek. Ko‘zlari giryon, yulduzdek miltillaydi, ayriliq dardiga zo‘rg‘a chidab uchib ketay, deb turibdi, iloji bo‘lsa lip etib poezdga chiqib olsa...
Urushning o‘sha og‘ir yillari, bunday o‘ylab qarasam, akamning kuch-quvvatga to‘lib, ijod maydoniga dadil kirib kelayotgan davrlari edi. Qarangki, o‘sha nozik, xalqchil, tabiat va inson muhabbati, sadoqatini, ona Vatan madhini kuylovchi dilbar qo‘shiqlari, endi mash’um urush mavzulariga aylanib ketadiganday tuyulardi menga. Akam ketgandan keyin dastlabki xatlari Bessarabiyadan kelgani yodimda. Ko‘pincha onam nomiga maktub yo‘llar edi. Ularning ichiga yurakni to‘lqinlantiruvga she’rlar ham qo‘shib yuborardi.
Mana o‘sha xatlardan biri:
«Aziz onajon, adajon, siz azizlarimga, mehribonlarimga uzoq o‘lkalardan salom yo‘llayman. Bu yerlarga kelib qolishimni sira-sira o‘ylab ko‘rmagan ekanman. Qarangki, qancha azob-uqubatlar bilan bir dashti-biyobondek joyga olib kelib tashlashdi. Sovuq qurg‘ur joningni oladi, hartugul kelishimiz bilan issiq kiyimlar berishdi.
Havo sovuq, kelayotgan shumxabarlar undan ham sovuq. G‘arbiy Ukraina bilan G‘arbiy Belorusiyani zabt etib, erta-indin bizga urush boshlar emish, degan noxush xabarlar yuribdi. Nega urush bo‘lar ekan, u kimga kerak? Axir, bizning O‘zbekistonimiz kimga xavf solayotgan emish, tushunmayman.»
Maktubning so‘nggida menga yozilgan to‘rt enlik xat va akamning «To‘rt tomchi ko‘z yoshi» degan nihoyatda ta’sirli she’ri ham bor edi. «Uni sen aziz do‘stim shoir Turob To‘laga olib borib ber, hozir u radioda ishlamoqda. Agar iloji bo‘lsa, she’rlarimni «Qizil O‘zbekiston» gazetasiga yetkazsin. U yerda tanishlari ko‘p», deb yozgan edi.
Men «To‘rt tomchi ko‘z yoshi» she’rini o‘qib chiqqanimda, she’rning boshlanishidagi bir joyiga e’tibor berdim.

Esingda bor bo‘lsa nigorim, jonim,
Kuzatish uchun deb vokzalga chiqding.
Shu daf’a ko‘zingda sevimli yorim,
Ko‘p emas, to‘rt tomchi yoshingni to‘kding?..

Bu o‘sha, vokzalga kuzatish uchun chiqqan Yulduzga qaratilgan satrlar edi. Keyin ancha vaqtgacha xat kelmay qoldi.
Xatlarim ichida Ma’ruf akamning Donetskdan yozgan bir maktubi saqlanib qolgan ekan. 
«Og‘ir damlar, Inson qulog‘i eshitmagan yovuzliklar.
Tinch zamonlar qayda qoldi, nega men shu do‘zaxga tushib qoldim. 
Ko‘zimning nuri Onajon. Shunday og‘ir damlarda Sizlarni eslayman, sog‘inaman, mehrli qarashlaringiz, kuyib-yonib yurishlaringiz ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. Uyga kelganimda bir kosa issiq palovni mehr bilan keltirib qo‘yishlaringiz hech yodimdan chiqarmidi! Mehribon dadajon, o‘zingizni ehtiyot qiling. Opalarim, ukalarim, sizlardan iltimos, mening yo‘qligimni bildirmay, oyimga, otamga yaxshi qarab turinglar. Bu yerda O‘zbekistondan kelgan ajoyib yigitlar bilan tanishib qoldim. Shoir Nazarmat, Mahmud Musaev degan taxtapullik yigit, Vali Umarov, yana front gazetasida To‘g‘on Ernazar degan shoir bilan do‘stlashib qoldik.”
Maktub bilan yana bir dasta she’r. Uni men radioga olib borib berishim kerak. «Donetskdan xat» degan she’r shunday boshlanardi:

Yana ko‘klam, sog‘intirar bahor onlaring,
Bahor ko‘rking, bahor zavqi armug‘onlaring.
Jilvalaring, gulzorlaring mushtoqidurmen,
Amal olsin orzularing va armonlaring.

Akam menga yozgan bir xatida o‘sha Toshkent vokzalida kuzatuvga chiqqan Yulduz degan qizning nomiga yozgan xatini qizning manzili bilan qo‘shib yuborgan ekan. Ma’ruf akamning topshirig‘i bilan qidirib, qizning uyiga bordim. Afsuski, Yulduz allaqachon turmushga chiqib ketgan ekan. Keyin men akamga bu haqda hech narsa yozmadim. Istiholaga bordim, xafa bo‘lmasin deb.
Bir safar akam yuborgan she’rlarni shoir Turob To‘laga olib borib berganimda, bo‘lgan voqeani so‘zlab berdim. Aftidan, Turob aka frontga yo‘llagan xatida Yulduz haqidagi gaplarni yozgan bo‘lsa ham ajab emas. Chunki akam keyingi xatida bu haqda biror marta yozmadi, eslamadi ham. 
Ushbu mavzuga yana qaytadigan bo‘lsak, akam urush tugagach, ta’tilga kelganida, birgalashib bir qadrdon do‘stimiznikiga mehmonga bordik. Do‘stimning tug‘ilgan kuni bo‘lgani uchun anchagina qadrdonlari yig‘ilishgan ekan. Uyning to‘rida barchaning e’tiboriga tushib yosh, do‘ndiqqina bir ayol eri bilan o‘tirardi. Ayol ko‘zimga juda tanish ko‘rinardi. Kimnidir eslatardi. Xayollarim to‘zg‘ib, akamga qaradim, u ko‘zlarini bir nuqtaga tikkancha o‘tiribdi.
— Aka, ovqatlardan olib o‘tiring, — deyman. Lekin Ma’ruf akam yana jim, quyilgan aroqdan ketma-ket ichardi, ammo ovqat yemasdi, xayol daryosiga cho‘mib, miq etmay o‘tira berdi.
— Aka, anavi ayolni qaerdadir ko‘rgandayman, ammo eslay olmayapman, — dedim.
Shu vaqt pastroqda o‘tirgan bir kishi qadah ko‘tarib:
— Aziz do‘stlar, shu qadahni kechamizning aziz mehmoni Sodiq akamiz va ul kishining rafiqalari sevimli Yulduzxon opamizning salomatligi uchun ko‘taraylik, — deb qoldi. 
Esimga tushdi, bu o‘sha, ha, urushning o‘sha og‘ir damlarida akamni vokzalda ko‘z yoshlari bilan kuzatib qo‘ygan Yulduz... Bir akamga, bir ayolga qaradim. Toshkent vokzali, o‘sha qahraton qish, bir-biridan ajralolmay turgan, ilk muhabbat lazzatlari bilan sarmast qalblar, mehrli-sevgili ko‘zlar ko‘z oldimdan o‘tdi. Akam sukutda, ayolga qaradim, ko‘zlarida o‘sha to‘rt tomchi ko‘z yoshi aks etgandek ko‘rindi menga. Taqdir ekan, qonli urush inson hayotiga, qismatiga qanday ta’sir ko‘rsatganligi ko‘rinib turibdi. Bunda hech kimni ayblab ham bo‘lmaydi.
O‘shanda akam gapdan-gap chiqib, menga frontda birga jang qilgan, necha bor o‘limga tik borib, birga qon kechgan, xuddi aka-ukadek qadrdonlashib ketgan bir do‘sti haqida yana bir hikoyani so‘zlab berdi:
— Men Umarali Vohidov bilan birinchi bor front shtabida ko‘rishib qoldim. Keyin u bilan bir qismda jang qilishga to‘g‘ri keldi. Juda ajoyib, xushchaqchaq yigit o‘zi. Urushning og‘ir damlari edi. O‘shanda kuni-kecha soppa-sog‘ yurgan jangchidan bir zumda ajralib qolish hech gap emas edi. Jang oldidan ikki do‘st quchoqlashib, o‘pishib xayrlashardik, bir-birimizga sihatlik, omad, g‘alaba tilardik. Bir kuni Umarali jangga ketib, qaytmadi. Men xavotir olib surishtirsam, yarador bo‘lib, yaqindagi dala gospitaliga tushib qolibdi. O‘sha kuniyoq gospitalga bordim, salomat ekanligini ko‘rib, o‘zimda yo‘q quvondim. Keyin har kuni bo‘sh vaqt topib, do‘stimning hol-ahvolidan bir bor xabar olib kelardim. Umarali Vohidov har borganimda ko‘ziga yosh olib, sog‘-omon qolganligi uchun ming-ming shukur qilardi. Ikki haftadan keyin Umarali tuzalib chiqdi. Do‘stimning sihat-salomat kelganligi uchun ot go‘shtidan bir amallab osh qildik.
Jang tobora keskin tus olar, mamlakat uchun g‘oyat og‘ir payt, hayot-mamot jangi bormoqda edi. Qattiq janglarning birida Umarali Vohidov yana og‘ir yarador bo‘ldi. Men uni o‘q yomg‘irlari ostida jang maydonidan ne-ne azoblar bilan olib chiqib, keyin zudlik bilan gospitalga jo‘natdim. Shunda ham ko‘nglim bo‘lmay, orqasidan tezda o‘zim ham yetib bordim, Umarali jarroh xonasida ekan. Meni tanib: «Rahmat, umrbod unutmayman sizni», — dedi pichirlab.
Jarroh bir gurji ayoli ekan. Do‘stimni saqlab qolishni undan yolvorib so‘rayman. Ayol: «Ko‘p xavotir bo‘lmang, tuzalib ketadi», — dedi meni ishontirib.
Bu voqea 1942 yilning avji qish chillasida ro‘y bergandi. Dushman ko‘p talofat ko‘rsa ham, hujumni kuchaytirmoqda, biz bir necha shahar va qishloqlarni bo‘shatib, vaqtinchalik orqaga chekinmoqda edik. Shu to‘polon ichida gospital ham boshqa joyga ko‘chib, Umarali Vohidovni yo‘qotib qo‘ydim. Keyin qancha qidirmay, surishtirmay, do‘stimni topa olmadim. Faqat 1944 yilning boshlarida toshkentlik quroldosh o‘rtog‘im gvardiya mayori Mahmud Musaevdan xat oldim. Umaralini tanirdi, men bilan qadrdonligimizni ham bilardi. U o‘z xatida do‘stim Umarali Vohidov Toshkentda ministr lavozimida ishlayotganligini bildirgan edi.
— Bo‘lmasa, o‘sha ministrlikka bora qolaylik, — dedim akamga.
O‘sha kuniyoq akamning qadrdon do‘stini so‘roqlab ministrlikka bordik. Yo‘l-yo‘lakay ikki do‘stning samimiy uchrashuv daqiqalarini tasavvur qilaman, ko‘z oldimdan ana shu bo‘lg‘usi quvonchli damlar o‘ta boshladi.
Ministrlik qabulxonasi odamlar bilan to‘la. Men akamga imo qilib, qabulxona kotibasiga murojaat qilishni aytdim. Akam juda kamtar, sodda yigit bo‘lganligi uchun mening imo-ishoramga e’tibor ham qilmay, indamasdan borib, bo‘sh stulga o‘tirdi. Men ham akamning oldida odob saqlab, uning yoniga cho‘kdim. Qabulxona kotibasi «nimaga keldinglar», degandek qarayverdi. Keyin borib: «Bu kishi Umarali Vohidovning quroldosh o‘rtog‘i, agar iloji bo‘lsa ministrga kirib aytsangiz», deb akamning ismi sharifini yozdirib qo‘ydim.
Kotiba o‘sha zahotiyoq ministrning xonasiga kirib ketdi. Yuragim betinch, gup-gup uradi. Xayollarim to‘zg‘igan... O‘zim ham o‘lgudek xayolparastman-da! Kotiba kirib ketgach, shu asnoda bo‘lg‘usi uchrashuvni xayolan shunday tasavvur etaman...
«...Ministr xonasining eshigi ochiladiyu, ichkaridan xovliqqancha Umarali Vohidov chiqib keladi. Ministrni ko‘rib qabulxonada o‘tirganlarning hammasi oyoqqa qalqqancha, qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib tantanavor turishadi. Akam ham jangovar do‘stini ko‘rib, ikkovlon quchoqlashib ko‘rishib ketishadi. Ular endi hamma narsani unutganday, bir-birlariga to‘ymay, hatto so‘zlashishga ham o‘rin qolmaganday bag‘irlarini bag‘irlariga bosishadi.
— «Aziz do‘stim, qadrdonim, dunyoda bor ekansan-ku, seni yo‘qotib qo‘ygan edim, hartugul sihat-salomat ekansan. O‘zing ham jonon yigitsan-da, o‘rtoq kapitan. Qara, nishonlar muborak. Jangovar «Qizil yulduz»-a, barakalla, qandingni ur! Butun Ovruponi aylanib chiqibsan-a, jahongashta yigit.
Ministrning so‘zlariga hamma turganlar chapak chalib yubordi. Men ham.»
Shu yerga kelganda xayollar tasmasi uzildi.
Besh-o‘n daqiqa o‘tgach, ichkaridan ko‘zoynakli basavlat bir kishi chiqib ketdi. Qo‘ng‘iroq chalindi. Kotiba yondaftarni ko‘targancha kirdi-yu, orqasiga qaytib chiqib, «kiringlar» deb, bizga ishora qildi. Bo‘lajak uchrashuvni o‘ylab, yana yuragim gup-gup ura boshladi.
Biz ministr huzuriga kirib borayotirmiz-ku, xonadagi bo‘lajak uchrashuv yana o‘sha kino tasmasining davomidek, yana ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi: 
«Akamning do‘sti xonaning o‘rtasida quchoq ochib qarshi oldi. Jangovar do‘stlar bir-birlarini o‘pishib, yalab-yulqab ketishdi. «Eson-omon keldingmi, do‘stim, qadrdonim, seni juda sog‘inib ketdim-ku!» «Ko‘rinishlaring yaxshi, tuf-tuf, ko‘z tegmasin, tag‘in jangovar nishonlaring muborak bo‘lsin, chiroyli nishonlar ekan, qara-ya, Varshava, Buxarest, Belgrad, Berlin... Eng muhimi sog‘-salomat ekansan, biz uchun ana shunisi muhim...» Keyin u akamni yana quchoqladi.»
Bu, albatta, mening fikrim ko‘zgusidagi shirin xayollarim. O‘zimcha tafakkurimdagi kino desam ham bo‘ladi...
Umarali Vohidovning xonasiga kirganimizda, u telefonda kim bilandir gaplashayotgan edi. Keyin bizga yuzlanib:
— Ey, do‘stim-ey, ketaman degin-a, yana diydoringga to‘ymay qolarkanman-da. Men g‘aribni kimlarga tashlab ketasan, rahmsiz?!
U og‘ir judolikka uchrayotgandek qayg‘uli bir alfozda, xayr azizim, kutaman, sabrsizlik bilan kutaman, dedi yig‘lamsiraganday.
So‘ng u xayrlashmoq uchun qo‘l uzatdi. Akam sovuqqina qo‘lini berdi-yu, eshik tomon ketdi.
Akam uyga borguncha churq etmadi. Keyin armiyadan bo‘shab kelgandan keyin ham quroldosh o‘rtog‘i haqida biror marta ham so‘z ochmadi...
Endi o‘ylab qarasam, o‘sha sobiq totalitar tuzum davrida amaldorlikni o‘zlariga abadiy berilgan, deb biladigan ayrim rahbarlar do‘stlik, qadrdonlik degan narsani faqat odamlarning mavqeiga, darajasiga qarab belgilar ekanlar. Axir, amal kishilarga abadiy berilmaydi-yu, «Qush osmonga uchgach, albatta yerga qaytib tushadi», deydi bobokalonlarimiz. 

Biz Toshkentning Sebzor mahallasidagi bolaxonali uyda turardik. Bahor bo‘ldi deguncha Yunusoboddagi dala bog‘imizga ko‘chib, to kech kuzgacha o‘sha yerda yashardik.
1943 yilning bahor oyida birdan shahardagi uyimizga harbiy libosdagi bir qiz kirib keldi. Xushqomat, chiroyli. Moviy ko‘zlari dengizga o‘xshaydi. Ko‘kragida «Qizil Yulduz» nishoni, bir qancha nishonlari...
Kirib onam bilan quchoqlashib, bag‘riga bosib ko‘rishdi.
— Menya zovut Natasha Arxipova. Ya ot Ma’rufa, vashego s?na, on vam bolshoy privet peredaval, — dedi mayin jilmayib.
Onamga uning gaplarini tarjima qilib berdim.
— Voy o‘lmasam, bolamni oldidan keldingmi, o‘zi sog‘mi-salomatmi, qani o‘g‘limni ko‘rgan ko‘zlaringdan bir o‘pay, deb oyim qizning ko‘zlaridan, yuzlaridan o‘pa boshladilar.
Xullas, shundan so‘ng darhol dasturxon yozilgan, onaizor emasmi, yo‘q yerdagi narsalarni keltirib dasturxonga to‘kib soldilar. Bir pasda choy ham qaynab kelaqoldi. Men bo‘lsam tarjimon.
— Seni ko‘rib, «qizimka», o‘g‘limni ko‘rgandek bo‘ldim, bo‘yi-bastingdan o‘rgulay seni, — deb biroz ko‘z yoshi ham qildilar.
Qiz onamning so‘zlariga uncha tushunmas, ammo onaizor nima deyayotganini dilidan sezib turardi.
Onam sho‘rlik frontdan xushxabar keltirgan qo‘g‘irchoqdek bu ko‘hlik qizni qayga o‘tkazishni bilmas, nima qilsam shu ayolga yoqar ekanman, degandek uni yetaklab xonalarga olib kirar, devorda osig‘liq turgan akamning rasmini ko‘rsatib: «Xo‘p ajoyib o‘g‘lim bor-da, o‘zi ham yigitmisan yigit, hali to‘ylar qilamiz, eson-omon kelsa uylantirib qo‘yaman, bir yaxshi qiz ham topib qo‘yganman, ha, senga o‘xshagan chiroyli», deb harbiy qizni yana bag‘irlariga bosib quchoqlardilar. 
Onam keyin sandiqni ochdilar-da, undan keliniga atab qo‘ygan sarupolardan ichki kiyim va bitta xonatlas ko‘ylakni olib Natashaga berdilar. «Ma, kiyib ol, mana bu urush kiyimlaringni yechib tashla, tanang biroz dam olsin», dedilar ayolga mehri yana ham tovlanib ketib.
Natasha onam bergan kiyim-boshlarini oldi-da, yuvinish xonasiga kirib ketdi. Bir necha daqiqadan so‘ng yuvinib-taranib, haligi xonatlas ko‘ylakni kiyib chiqqan edi, onam hayratdan lol bo‘lib qoldi:
— Voy o‘lmasam, kelin poshshaning o‘zi bo‘lding-ku, atlas ko‘ylak biram yarashibdiki, o‘zing ham ukparga o‘xshaysan, oppoq qizim...
Natasha onamning gaplariga tushunmas, kulgancha ko‘ylagining uyoq-buyog‘ini tuzatgan bo‘lar, keyin kelib qarshisida zavq bilan turgan mehribon ayolni quchoqlab yuz-ko‘zlaridan o‘pa boshladi. Keyin onam menga ba’zi bir bozor-o‘char ishlarini buyurdilar-da, o‘zlari qilgan saxovatli ishlaridan xursand bo‘lib o‘choq boshiga borib, kechki ovqatga unnadilar.
Kechqurun ovqatdan so‘ng Natasha jomadonini ochib, mayda-chuydalarni saranjom-sarishtalay boshladi. Onamga jundan to‘qilgan issiq ko‘ylak, boshiga chiroyli shohi ro‘molcha soldi. Menga bo‘lsa zobitlar taqadigan soat berdi, ustidan kanop bilan boylangan karton qutini ochib, bir kostyum olib «Dadamga ber» deb tayinlagan, dedi. Keyin opalarimga ko‘ylak, ro‘mol, turli taqinchoqlarni olib qo‘ydi. So‘ng jomadon cho‘ntagiga ehtiyotlab solib qo‘yilgan, onam va otam nomiga bitilgan xatni tutqazdi. «Buni akangiz berib yubordilar. Unda hamma gap yozilgan», deb qo‘ydi.
Xatni ochib, ovoz chiqarib o‘qiy boshladim va yo‘l-yo‘lakay tarjima qilib berdim:
«Mehribon onajonim, aziz otajonim. Salomdan so‘ng sizlarga ma’lum bo‘lsinki, ushbu xat olib borguvchi Natasha Arxipovani men uchun eng qadrdon, sevimli ayol deb bilursizlar. To‘g‘ri gapni aytsam, men unga uylandim. U meni bir necha bor o‘lim va ofatlardan qutqarib qolgan. Uni ranjitmay, o‘z farzandingizdek qabul etgaysizlar. Omon-eson qaytib borsam, el-yurtga katta to‘y qilib berurman.
Onajon, xafa bo‘lmang, nega o‘g‘lim beruxsat uylanibdi deb, Natasha juda ham odobli, mehnatkash qiz. Meni qanday ko‘rsangiz, unga ham shunday mehr bilan qarang. O‘z qizingizday...
Sizlarga hurmat-ehtirom bilan sog‘inib qolguvchi o‘g‘lingiz Ma’ruf, 1943 yil, oktyabr.”
Onam xatni boshdan-oyoq eshitdilaru, ranglari dokadek oqarib ketdi. Kipriklari pir-pir uchar, lablari gapga kelmay titrardi. Tillari so‘zga kelmas, yig‘lashni ham, quvonishni ham bilmasdilar.
Onamning nafaslari ichlariga tushib ketganday edi. Boshlariga o‘rab olgan sovg‘a ro‘molni yechib, yostiq ustiga tashladilar. Keyin jazavalari tutdi:
— Bu nima qilgani, so‘ramay-netmay. Endi kunim shunga qolibdimi? Esi yo‘q akang nima ish qilib qo‘ydi-a? Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar oldida ne degan odam bo‘ldim. Men uni tilini tushunmasam, zotini bilmasam. Astofurullo, astofurullo! Endi menga shu tashvish ham bor ekanmi? 
Onam ko‘zlariga yosh oldilar. 
Onamning so‘zlariga uyalib ketdim. Yaxshiyam Natasha o‘zbekchani bilmaydi, gaplarini tushunmaydi. «Nima bo‘ldi o‘zi, oyim nega yig‘layapti», deb ularga yaqinlashib ko‘ngillarini ko‘tarmoqchi bo‘lar, onam bo‘lsa unga qarab: «Nari tur, suykalma menga, bor o‘sha o‘g‘limning yoniga», deb teskari o‘girilib oldilar. Natasha o‘ng‘aysiz ahvolda edi, ne qilarini bilmay bir oyimga, bir menga qarar, keyin peshayvon chekkasidagi qoziqqa ilib qo‘yilgan shinelini kiyib, bir chekkada ochiq turgan jomadoniga mayda-chuydalarini pala-partish sola boshladi. Asabi buzilganligidan qo‘llari titrardi. Sho‘rlik, shunchalik bo‘lishini ko‘z oldiga keltirmagan bo‘lsa kerak. Keyin menga qarab:
— Mayli, onamga tushuntiring, ko‘p xafa bo‘lmasinlar, men ketaman, — dedi-da eshik tomon yuraboshladi. 
Endi mening ham jahlim chiqib, o‘zimni tutolmadim:
— Oyyi, nima qilib qo‘ydingiz, axir, endi butunlay ketib qoladi-ku! Akamga nima deymiz?
Endi oyim ham qiziq bir holatda, nima qilishlarini bilmay arosatda turar edilar.
Menga yuzlanib:
— Bo‘lmasa nima qilay, axir! Agar xotini bo‘lsa, anavi tepadagi akangning o‘zi yotadigan uyga kirib turaversin, — dedilar biroz jahldan tushganday.
Xursand bo‘lib ketdim, chopa borib: «Hech qaerga ketmaysiz, onam shunday dedilar, shu yerda turasiz”, — deb, qo‘lidagi jomadonini olib, akam turadigan uyga qo‘yib chiqdim.
Natasha ham onamning holatini tushundiyu, o‘zi gap boshladi:
— Oyijon, aslo xafa bo‘lmang, Ma’ruf eson-omon qaytib kelsa... ungacha birga turaveramiz, hammasi yaxshi bo‘ladi, agar qachon ket desangiz, ketaveraman, — dedi kulimsirab.
— Yana irshayadi-ya, birov o‘lay desa, birov kulay dermish, ana o‘sha bolaxonaga kirib turaver, — dedilar onam yana xonani ko‘rsatib. 
Shundan keyin bir necha kun o‘tdi. Hammayoq joyiga tushganday. Natasha kelgach, xonadonimizga go‘yo fayz kirganday edi. Qarovsiz bo‘lib qolgan uy-hovlilar ancha tartibga tushdi. Natasha bozordan ohak olib kelib hammayoqni oqladi, devorlarni suvoq qildi. O‘zi harbiy Komissariatga borib, vaqtinchalik ishga ham joylashdi.
O‘sha yili kuzda men ham Toshkent davlat huquqshunoslik institutiga o‘qishga kirib olgan edim. Bir kuni o‘qishdan qaytib kelsam, oyim uyda bir o‘zlari o‘tirgan ekanlar. Salom berib yonlariga cho‘kkaladim. Qani kelinlari haqida nima der ekanlar deb, og‘izlarini poyladim, lekin oyim anchagacha bu haqda og‘iz ochmadi. Oxiri o‘zim gap boshlashga majbur bo‘ldim:
— Qalay endi, keliningizdan xursandmisiz?
— Aylanay bolam, yana keliningiz deysan-a, men senga aytsam, baribir bo‘lmaydi, akang qaytib kelganda naq onasi o‘pmaganni olib beraman.
— Axir, Natashaning nimasi sizga yoqmayapti?
— Sen menga hadeb bunaqa savol beraverma, bu qizni yomon deyapganim yo‘q. Oyoq-qo‘li chaqqon, o‘zi juda mehribon, vaqti kelsa ustimda o‘lib qoladi. Ishdan charchab kelsa ham kechasi bilan uy tozalaydi, kir yuvadi. «Hay, qizimka, uxla endi», desam ham qayoqda deysan...
— Ana, ko‘rdingizmi, siz bo‘lsangiz...
— Ey, baribir oxiri voy, bo‘lmaydi, — dediyu, onam yer ostidan menga qarab qo‘ydilar.
— Tushunolmadim, o‘zingiz maqtaysiz-ku, keyin yana bo‘lmaydi, deysiz? Bu qanaqasi?
— Ey bolam, nega hadeb menga unaqa deysiz, bunaqa deysiz, deyaverasan! Axir, men uni yomon, deyapganim yo‘q-ku! Mana, kuni kecha ishxonasidan maosh olibdi, hammasini qo‘limga olib kelib tutqazdi, — dedilar va ro‘molchaga tugib qo‘ygan bir dasta pulni olib menga ko‘rsatdilar.
— Ana, ko‘rdingizmi, bunaqa kelinni qaerdan topasiz?
Kunlar ketidan kunlar, oylar ketidan oylar o‘tdi. Bir kuni Natasha ishdalik vaqtida Ma’ruf akamdan xat kelgan ekan, oyim meni chaqirib qoldilar.
— O‘qib ber-chi, nima deb yozibdi. Hammasini o‘qi. Anavi Natashaga yozganini ham o‘qi, nima degan ekan?..
Natashaga atalgan joyini o‘qib bermadim. Xatning so‘nggida: «Onajon, Natasha sizdan juda xursand, xuddi o‘z qizingizdek mehribonlik ko‘rsatibsiz, buning uchun katta rahmat», deyilgandi.
— Ha, xursand ham bo‘lmasinmi? Axir, suqsurdek o‘g‘limni berib qo‘yganimdan keyin...
Shundan bir oycha vaqt o‘tgach, bir kuni hovlida mayda-chuyda ishlar qilib yurgan edim, onam kelib:
— Hoy, bolam, anaviga bir balo bo‘ldimi? Ikki kundan beri ishga bormaydi, yotoqchilagani yotoqchilagan. Kasalga o‘xshaydi. Doktor chaqirib bersangmikan, — dedilar.
Natashaning xonasiga kirdim. Uning rangi ancha ketib qolgan. Katga yonboshlab, oyog‘iga issiq grelka qo‘yib, kitob o‘qib o‘tirardi.
— Nima bo‘ldi, ishga ham bormabsiz?
— Ta’tilga chiqdim, — dedi xiyol kulimsirab.
— Ishga kirganingizga bir yil bo‘lgani yo‘q-ku, darrov ta’til berishdimi?
— Ha, berishdi, gapning rostini aytsam, dekret ta’tiliga chiqdim, — dedi uyalibgina.
Men Natashaning yonidan chiqib, hamma gapni onamga yotig‘i bilan tushuntirdim.
Onam bu xabarni eshitdilaru, chopgancha Natashaning xonasiga kirib ketdilar. Juda ham qo‘rqib ketdim, onam yana janjal boshlasalar nima bo‘ladi, deb hadiksiradim. Keyin onamning orqasidan yurib, eshikka yaqinlashgan edim, ichkaridan hayajon bilan gapirayotgan ovozlari eshitildi:
— Voy bolam tushmagur-ey, shundoq ekan, bir og‘iz aytsang bo‘lmaydimi? Axir, men begona emas, onangman-ku! Xudoga shukr, nevara ham ko‘radigan bo‘libman! Bolamning bolasi... 
Bahor bo‘lishi bilan biz Sebzordagi shahar hovlimizdan Yunusoboddagi dala bog‘imizga ko‘chib ketdik. Otam jamoa xo‘jaligida ferma mudiri bo‘lib ishlar edilar. Men, onam, Natasha dala bog‘imizda yashay boshladik. O‘shanda Natashaning oy-kuni yaqinlashib qolgan edi. Dalaga ko‘chib borganimizdan keyin kelinposhsha qo‘chqordek o‘g‘il tug‘ib berdi. Otam unga Bahodir deb nom qo‘ydilar.
Ammo akam urushdan keyin ham harbiy xizmatdan bo‘shamadilar. Xizmat qilishni davom ettirdilar. O‘g‘illari Bahodir bir yoshga to‘lgan, juda shirin, yoqimtoy bola bo‘lgan edi. 
Bir kuni Natasha kechqurun oila davrasida suhbatlashib o‘tirgan chog‘imizda:
— Yurtimni, ota-onamni sog‘indim, Ma’ruf hali kelmaydiganga o‘xshaydi, agar ruxsat bersangizlar, ota-onam oldiga ketsam, — deb qoldi. 
Hammamiz bir bo‘ldik, uning o‘zi bir so‘zda turib oldi. Rozilik berishdan boshqa ilojimiz qolmagan edi.
Akam armiyadan qaytib kelgach, dastlab Yunusoboddagi o‘rta maktabda muallim bo‘lib ishladi. Zamon taqozosi bilan o‘sha maktabning muallimasi Safuraxon Hakimovaga uylandi. Bu ota-ona amri bilan bo‘ldi. Keyin Ma’ruf akam o‘qituvchilikdan O‘zbekiston Radio eshittirishlari davlat qo‘mitasiga ishga kirdi. Akamning yana ijod maydoniga kirishi ana shu davrdan boshlandi.
Hayotning hech kim bilmas, o‘ziga xos qonuniyatlarini qarangki, akam vafotidan bir necha yil o‘tgach, Natashalar xonadonidan xushxabar keldi. O‘g‘illari Bahodir o‘z ukalariga sovg‘a-salomlar yuboribdi. Akamning farzandlari — Go‘zal, Alisher, Gulnora, Hamza, Feruz va Gulyorani o‘z yurtiga mehmonga chaqiribdi. Ma’lum bo‘lishicha, Bahodir katta tijoratchi bo‘lib ketgan emish. Uchta farzandi bor ekan — Ma’ruf akamning nevaralari...
Biz uchun qardoshlik iplari olis Ukrainada ham tomir otayotganligi, do‘stlik rishtalari naqadar mustahkam bog‘lanayotganligi yana ham quvonchli edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.