OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Matluba Ulkanboyeva. Olvoli (hikoya)

Derazaning zarbli taraqlashidan uyg‘ondim. Sezdimki, opamning kayfiyati yomon. Tezroq turishim, xizmatdagi askarday “komandir”ning buyrug‘iga shay turishim kerak. Aksiga olib boshim zilday og‘ir, ko‘targudek holim yo‘q. Kecha maktab hasharida oqshomgacha qolib ketib, opam buyurgan uy yumushlarini bajarmaganim uchun tuzukkina nasibamni olgandim. Ustiga ustak, oftob o‘tgan shekilli, kechasi ko‘nglim aynidi. O‘rnimdan turishim juda qiyin bo‘ldi. Sezib turibman, hozir “jahon urushi” boshlanadi (Dadam hamisha shunday deydi).
– Qachon edi sen zumrashani turg‘izganim, jon-jonimga tegdi senlani tashvishing. Otang boshliq dangasasanlar. Bilib-bilib ishingni qil. Asabimni buzma, teri-peringni shilib olaman!
Boshimning og‘rig‘i allaqayoqqa yo‘qoldi, paqirni ko‘tardim-u, ko‘chaga chopdim. Bunaqa to‘polonlar men uchun yangilik emas. Ammo bugun opam nima sababdan bunaqa qilayotganini tushunmadim. Menimcha, opam dadam bilan xafalashib qolgan. Yo‘qsa, bunchalik “tutamasdi”. Bunday vaqtlarda hammadan ham menga qiyin bo‘ladi, chunki bolalarning kattasiman, undan keyin opam baqirdi deguncha, miyam tugilib, bamisoli yong‘oq bo‘lib qoladi. Har kuni qiladigan ishlarimdan yanglishib, dovdirab qolaman.
– Iroda-a-a? Yana qancha qolasan ko‘chada? Uying kuyib ko‘chada qolgur, imildiq!!!
Uyga kirganimda opam hamisha mushuk boladay erkalatadigan, aytgani aytgan, degani-degan arzanda ukam nasibasini olgan, shekilli, xiqillab o‘tirardi. Opamning meni ko‘rib asabi buzilmasligi uchun yangi sog‘ilgan sutni oldim-u, pildirab borib kechagi sutga qo‘shdim, keyin qozonni o‘choqqa osdim. So‘ng molxonaga yugurdim...
– Iroda-a-a...
Yana nima qilib qo‘ydim? Oh! Bunaqa paytlarda qo‘llarim uchiga tupurib, qulog‘imni ushlayman, irimi shunaqa, ko‘p sinaganman... Ammo... og‘ilxonadan chiqishim bilan orqamga supurgi bilan bi-i-r kaltak tushdi-yu... Alam qilib ketdi.
– Nimaga urasiz? – deya baqirdim ovozim boricha.
– Uying kuygur, ho‘kizmiya, sutni nima qilding, kecha pishirmay achitganing yetmaganday, bugungisiniyam qo‘shib qo‘ydingmi? Man o‘zimga deymanmi? Shuni qatiq, sariyoq qilib o‘zlaringga yediraman-u, juvonmarg! Men bilmayman, bor, sutni top!
Kaltak og‘rig‘iga alam qo‘shildi-yu, qozonni ko‘tarib, ko‘chaga maqsadsiz yugurdim. Palakat bosdimi, yo peshonami, toshga qoqildim-u, avval qozon uchib tushdi, ketidan men gupillab yiqildim. Oh, qiyomat endi boshlanadi...
Opam boshini changallagancha, yerga o‘tirib oldi. Ranglari oppoq, lablari uchadi... Qo‘rqib ketdim.
– Opa, men bilmabman...
Ko‘zlari yumuq, ovozi shivirladimi, pishilladimi, harqalay, juda zaif chiqdi:
– Bilmay o‘l...
Sutga belangan ko‘yi buloqqa chopdim, kaftimda suv olib kelib tutdim, rad etdi. Ukamni yig‘idan yupatdim: opamning yana qattiqroq jahli chiqib qolmasin.
Bu orada opam o‘rnidan turdi. Na menga, na ukamga, na sutni miriqib yalayotgan Baroqvoyga qaradi... So‘zsiz, ruhiy xastaday sudralib uyga kirib ketdi. Biroz fursatdan so‘ng qo‘lida kichkina tugun bilan chiqdi. Opam ko‘chalik ko‘ylagini kiyganda juda ochilib ketardi.
Shu payt ko‘nglimga umid berib, qo‘shnimiz Hay-hay xola chiqdi.
– Saodatxon, qizim, nima gap, tinchlikmi?
– Keling, Oysha xola.
Opam piqillab yig‘lab yubordi. Nega bilmayman, menam qo‘shilib yig‘lay boshladim.
– Hay, hay, shaytonni suyuntirmang, bolam! Bu turmush, achchig‘i bor, chuchugi bor. Jon bolam, og‘ir bo‘ling.
Mening ham Hay-hay xolaga o‘xshagan buvim bo‘lishini xohlardim. Opamgayam, dadamgayam, mengayam nasihat qilsa, pinjilariga kirib ertaklar eshitsam...
– Nimasini aytasiz, xola, bu turmush har kuni musht deganimikan-a? Yo peshonam onamnikiday sho‘rmikan?
– Hay, bolam, iqbolli ayolsiz! Ikki jujuqingiz bor. Bu nima degan gap? Ertalab Husanboyni ko‘ruvdim. Avzoyi buzuq. Ichim shig‘illadi... chiqay dedim-u, saharlab kirishga xijolat bo‘ldim.
– Erkak kishi shu: zahrini sochadi-yu, gumdon bo‘ladi. Meni aybim nima? Uy-joyim deb hiq-hiq qilaman, so‘mni so‘mga, tiyinni tiyinga urib, yo‘qdan bor qilaman. Yo kulidan kirib, kosovidan chiqqanimmi aybim?
– Voy qizim-a! O‘zingizga o‘xshamay qolibsiz. Bas, yig‘lamang, siqilmang...
– Siqilmay bo‘ladimi? Kenjammi davolatishim kerak, un tugayapti, yog‘ yo‘q! Bu kishim bo‘lsalar, zo‘rg‘a yetganimizda, ulfatlariga oyliklaridan ziyofat beradilar. Boyvachcha! Uyimga bormaganimga to‘rt oy bo‘ldi! Musofir bo‘lsam, meniyam egachi-singillarimni ko‘rgim keladi. Mavridi bo‘lar deb, shu kishimni deb, chidab yuribman-ku, axir!
– Hay, Saodatxon... o‘zizni bosing...
– Ozgina shakarim bor, balnissada bo‘lib, ancha o‘tib ketdi. Kompot qilishimiz kerak edi. Shaftoli tugasa, olvoli tugasa, ajalli urug‘ini kompot qilamanmi?
– Topilar, bolam...
– Topuvdim, xola, Hojimat raisning xotini Rahbarxonga ozgina yordamim teguvdi, olvolidan obketing deb qo‘ymadi. Borib bir paqir terib keling, kelishingizga nonushta tayyorlab turaman, choyizni ichib dalaga jo‘naysizlar, dedim. “Uning eshigiga olvoli deb bormayman”, – deydi. Nega bormaydi? Paqiri palon pul tursa!
Kompot so‘zini eshitganimda, olvoli kompotining o‘ziga xos ta’mini tuydim. Opamning kompotlaridaqa shirini dunyoda yo‘q edi. Opam yoz bo‘yi chumoliday yig‘ib-teradi. Biz qish bo‘yi rohatini ko‘ramiz. Ba’zan opam bir piyola ichib ulgurmasidan tugatamiz. Bunaqa paytlarda jilmayibgina: “Osh bo‘lsin, bolalarim”, deb qo‘yadi.
Hay-hay xolam o‘ychan ko‘zlarini bo‘shliqqa qadadi.
– Asli Husanboy yomon bolamas, mavridini topib aytmabsiz-da, qizim. Kallai saharda birovning eshigiga borish noqulay, keyin...
Hay-hay xola pichirlaguday davom etdi:
– Raisni Husanjon xush ko‘rmaydi, ancha yillar bo‘ldi, unda siz hali kelin bo‘lib tushmagandiz, oralaridan ancha-muncha gap o‘tgan. Husanjonni bilaman, or-nomusli bola! Otalari, Xudo rahmati To‘ra buvayam shunaqa orli kishi edi. Xalqning nonini yeganlarni jini suymasdi. Qondan o‘tgan, bolam, siz buni to‘g‘ri tushunishingiz kerak.
– Nomus, deysiz. Shu nomusning ortidan bolamdan ayrilay, dedim. Birim ikki bo‘lmaydi, shu nomusning ortidan...
– Hay, hay, baliq bilar, baliq bilmasa, Xoliq bilar, bolam...
– Orli ekan, nomusli ekan, nega qo‘l ko‘taradi? Bu safar o‘tib ketdi. Ketaman. Ana bolalari, ana uyi...
– Hay, hay, biz kaltak yemabmizmi? Shu yaxshi tog‘angizni fe’li kelsa, qochgani joy topolmay qolardik. Tutvolsa, o‘zinikiman-da, mandan boshlardi. Og‘ir bo‘ling, bolam!
Opam endi yig‘lamas, yuzida qat’iy qaror qilgandagina yoyiladigan ifoda, shahd bor edi. Hay-hay xolam yalindi, biz yig‘ladik. Ammo opam hech kimga quloq solmadi. Faqat ketishidan oldin “Ukangga qara, och qolmasin, oftobda qolmasin”, – dedi. Qo‘zlari shu qadar muloyim, mehribon ediki, ortidan chopdim:
– Opa, opajon ketmang... ketmang!
– Uyga qayt, aqling bilan bo‘llaring...
Avval qaytmadim, keyin yana jinlarini uyg‘otib qo‘ymay deb, ortimga qaytdim. Hay-hay xola bilan uyni biroz yig‘ishtirdik, nonushta qildik. Keyin, kecha kelishilganidek, men sigirimni “Orol”ga, dadam o‘quvchilarni olib ketgan dalaga olib boradigan bo‘ldim. Ukam Bahodirni Hay-hay xola olib qoldi.

* * *

Tushlikdan keyin, katta sadaning tagida dam olganimizda dadamga bo‘lgan hamma gapni aytib berdim. Hay-hay xoladaqa buvim bo‘lsa, yaxshi bo‘lishini ham aytdim. Yana o‘zimning Norbi buvim haqida so‘radim. Dadamning sehrli hikoyalarini eshitib uxlab qolibman. Uyg‘onganimda quyosh ufqdan ikki qarich tepada osilib turardi. Yonimda bir paqir qip-qizil, olovday lovullab olvoli turibdi. Dadam o‘quvchi-hasharchilarni avtobusda kuzatdi. So‘ng dadam ikkimiz sigirim Mallavoyni yetaklab uyga qaytdik. Kun bo‘yi yeyishimning tayini yo‘q, juda och qolgandim. Opamning ketib qolgani esimga tushdi-yu, xo‘rsinib qo‘ydim.
Ko‘chamizga Hay-hay xolaning kelini suv sepgan bo‘lsa kerak, Ona zaminning (Dadam shunday deydilar: “Ona zamin yer yuzidagi hammaning onasi. Mening ham, opangning ham, sening ham. Shunga uning hidi onalarning iforiday yoqimli”) shirin hidi taralar, sadarayhon ifori bilan omuxtalashib kishining bahri-dilini ochardi. Men bu hidni judayam yaxshi ko‘raman.
Hovlimiz ostonasida ukamni ko‘tarib olgan opam ko‘rindi. Oh, suv sepgan opam ekan-da!
– Opajonim, o‘zimning opajonim!
Yugurdim, bo‘g‘zimga nimadir tiqildi, oyog‘im chalishib, zo‘rg‘a opamgacha yetib bordim. Opamning bag‘riga kirgan paytim uning ko‘ylagi yoqasiga tikilgan qalampirmunchoqning hidini tuydim-u, tani-tanim yayrab ketdi...
– Momojonim, oppoq qizim!
Opam meni bag‘ridan bo‘shatganda, dadam yetib keldi. Opajonim dadamga qaraganda, nazarimda, ko‘zlari uchqunlagandek tuyuldi. Dadam ham muloyimlashdi...
– Mana, onasi, “zakas”ingiz!
– Manam obkeldim shu savilni... Bizni urishtirgan shu savil...
–Umringiz uzoq bo‘lsin!
Sigirimni yetaklab kirib ketayotsam, quloq qurg‘ur eshitib qoldi:
– Ketsam, borarmidingiz izlab?
– Ketmasdingiz...
– Qaydan bilasiz?
– Bilaman-da!
– Meni hech kim sizchalik bilmaydi, dadasi!

* * *

...Har gal hovlimizda shig‘il pishib yotgan olvoliga qaraganimda shu voqea yodimga tushadi. U payt bola edim, 5-sinfga ko‘chuvdim, shekilli... Shundan beri qancha suvlar oqib o‘tmadi, deysiz. Ammo negadir bu voqea boshqalariday xotiramdan “yuvilib” ketmadi...
Olvoli nordon, tatiganda tukingni tikka qiladi, u no‘xotdan kattaroq, qip-qizil meva. Adabiy tilda olcha deyiladi, biz esa shevada olvoli, deymiz. Turmush ham olvolimikin, deyman-da, gohi yoqimli, ko‘ngil tusaydi, gohi esa nordon... Chidasang –yashaysan... Ertalabki janjalimiz yodimga tushdi-yu, Sardor akamni kechirib yubordim. Bu turmush: achchig‘i bor, chuchugi bor...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 6-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.