OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirkarim Osim. Jayhun ustida bulutlar (qissa)

Xorazmshoh Abu Abdulloning amakivachchasi Abu Nasr ibn Iroq ma’rifatparvar va donishmand odam edi. U yuksak martabali amaldorlar, a’yonlar bilan emas, ahli ilmu fozillar bilan suhbatlashishdan zavqlanar, insonning ziynati zardo‘zi chopon va tillo kamar emas, ilm-urfon, deb hisoblar edi.
Odatda podshohlar taxt-toj to‘g‘risida xayol suradigan yaqin qarindosh-urug‘laridan qo‘rqadilar, ularni nazorat ostida saqlashga urinadilar. Abu Abdullo olim va fozil amakivachchasidan hadiksiramas, unga qimmatbaho sovg‘alar in’om qilib, ilm bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirar edi.
Abu Nasr noyob kitoblarni sotib olish uchun Bag‘dod, Shomga o‘z odamlarini yuborib turar, kitobxonasini qadimgi yunon faylasuflari, tabiatshunoslarining arab tiliga tarjima qilingan asarlari bilan to‘ldirishga urinar edi. Falsafa va yulduzlar olami bilan mashg‘ul bo‘lgan bu olim yerdagi ishlarini ham unutmas, Xorazmshoh uzoq o‘lkalardan kelgan elchilarni qabul qilganda zar yoqali kimxob choponini kiyib, beliga kumush kamar bog‘lab, taxt ustida mag‘rur o‘tirgan hukmdorning o‘ng tomonida qomatini tik tutib turar edi. Elchilar o‘rta bo‘yli, peshonasi keng, salobatli olimga hurmat bilan qarab qo‘yar edilar.
Xorazmshohning poytaxti Kot shahri Amudaryoning o‘ng sohilida bo‘lib, Buxorodan katta va undan obod edi. Daryoga yaqin bo‘lgan tepalik ustiga qurilgan, uch qator devor bilan o‘ralgan qal’a, peshtoqlari koshinkor baland jomelar, darvozalari tepasida sher surati solingan karvonsaroylar shaharga ulug‘vor tus berib turar edi. Eron, Iroq va Movarounnahrdan Idil bo‘yidagi shaharlarga, rus yerlariga qatnaydigan karvonlar shu shaharda to‘xtab, keltirgan mollarining bir qismini pullab, kerakli mollarni sotib olar edilar. Kot shahrida yunoniylar, Suriya, Iroq, rus savdogarlarini uchratish mumkin edi.
Abu Abdullo va Abu Nasr ilm va san’at ahliga homiylik qilganliklari uchun bu yerga turli mamlakatlardan olimlar, san’atkorlar yig‘ila boshladilar. Iste’dodli yoshlarni o‘z atrofiga tortish ishtiyoqida yurgan Abu Nasr shahar tashqarisida turadigan zehni o‘tkir, haddan tashqari qobiliyatli bir yetim bolaning ta’rifini eshitib, uni ko‘rishni istab qoldi.
Bir kuni u o‘z xonasida, xontaxta yonida o‘tirib, bnr kitobni mutolaa qilayotganida xizmatkori kirib, ta’zim qildi.
— Siz aytgan yetim bolani boshlab keldim.
Abu Nasr kitobni yig‘ishtirib, tokchaga qo‘ydi-da, devorga tirab qo‘yilgan yostiqqa suyandi.
— Olib kir!
— Assalomu alaykum,— dedi ostonadan hatlab o‘tgan bo‘z choponli bola qo‘l qovushtirib.
— Vaalaykum assalom! Kel, beriroq kelib o‘tir,— dedi uy egasi peshopasi keng, qirraburun, ko‘zlari o‘tkir bolaga diqqat bilan qarab. U ro‘parasiga kelib tiz cho‘kkandan keyin: — Oting nima? Necha yoshdasan? — deb so‘radi.
— Otim Muhammad. O‘nga to‘lib, o‘n birga qadam qo‘ydim.
— Borakallo. Otangning otlari Ahmad bo‘lsa kerak.
— Topdingiz. Dadam men tug‘ilmasdan burun o‘lib ketgan ekanlar.
Abu Nasr yelkasiga yamoq tushgan bo‘z choponli bolanipg boshidagi qo‘tir cho‘girmasiga qarab o‘yga toldi. U vaqtlarda otasi noma’lum bo‘lgan yetim bolalarni Muhammad ibn Ahmad deb yuritar edilar.
— Hozir seni boqayotgan ayol o‘z onangmi?
Bola unga ajablanib qaradi, ko‘zlarini katta qilib:
— Bo‘lmasam-chi! — dedi.
Uy egasi taxmini to‘g‘ri chiqqanini fahmlab, gapni aylantirib o‘tirmay, uni imtihon qilib, savodxon ekanligini aniqladi, qur’onni tutilmay o‘qiy olishini ko‘rib, hayratda qoldi.
— Zehning o‘tkir ekan. Sendek qobiliyatli bolalarni o‘qitib, voyaga yetkazish bil uchun ham farz, ham qarz. Istasang, seni o‘zimga shogird qilib olay.
— Biz kambag‘al odamlarmiz, o‘qish haqini to‘lay olmaymiz.
Uy ogasi uning javobini eshitib, beixtiyor kulib yubordi.
— Aqlli bo‘lsang ham, bolaligingga borasan-da! Sendan haq olib boyib ketarmidim! Tekinga o‘qitib seni voyaga yetkazaman, qorningni to‘yg‘izib, usti boshingga qarab turaman. Yaxshi o‘qisang — shuning o‘zi kifoya. Ertaga shahardagi hovlimga onang bilan birga kel, gaplashib olurmiz.
Muhammad xursand bo‘lib, o‘rnidan turdi, boshiga baxt qushi qo‘nganidan onasini xabardor qilish uchun uyiga yugurdi.
Onasi Abu Nasrdek mo‘‘tabar zotga asrandi bolasini jon deb topshirdi. Shu kundan boshlab Muhammad ibi Ahmad ham, uning ona bo‘lmishi ham muhtojlik balosidan qutulishdi.
Muhammad shu vaqtgacha o‘zi tengi kambag‘al bolalar bilan cho‘lga qatnab, shaharga saksovul keltirib sotar, onasi bilan tirikchiligini zo‘rg‘a o‘tkazar edi. Endi bo‘lsa uning usti but, qorni to‘q, sahroga borib, qirchang‘i eshagida o‘tin opkelib sotish o‘rniga ilm o‘rganish bilan mashg‘ul.
Ibn Iroq unga hisob va handasadan, yosh olim Abu Sahl arab tili va tabiiyotdan dars bera boshladi.
Bir kuni ibn Iroq Abu Sahldan Muhammadning qanday o‘qiyotganini surishtirdi.
— Odam bolasi shul qadar zehnli bo‘ladur, deb o‘ylamagan edim,— dedi yosh olim boshlarini chayqatib,— Har kuni o‘n besh-o‘n olti arabcha so‘zni yodida olib qoladur. Miyasi charchamasin deb kunda o‘ntadan ortiq so‘zni o‘rgatmaslikka urinaman. Charchab qolmasnn, ko‘z tegmasin, deyman-da!
— Qo‘rqmang, zavq-shavq bilan ilm o‘rgangan kishining miyasi charchamaydur, unga ko‘z ham tegmaydur. Men sizga aytsam, irodasiz, g‘ayratsiz odamlargina ko‘zikadurlar.
— Rost aytdingiz,— dsdi yosh olim kulimsirab.
Muhammad bolaligini qo‘ymas, bo‘sh vaqtlarida o‘zi tengi bolalar bilan birga cho‘lga chiqib o‘ynab kelar edi. Bir kuni Abu Nasr qo‘lida bir dasta o‘t-o‘lan ushlab kelayotgan shogirdini ko‘rib, uni o‘z xonasiga chaqirdi-da:
— Nega ruxsatsiz shahardan chiqib ketding?— deb so‘radi.
— Kechiring, ustod, dalaga chiqib o‘ynab keldim. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deydilar. Ilgari saksovul olib kelgani cho‘lga chiqqanimda, har xil o‘tlarni, ularning urug‘ini keltirib, bir yunoniyga sotar edim.
— Unday bo‘lsa, foydali giyohlarning nomini ham bilarsan.— Ustod uning qo‘lidagi bir o‘tni barmogi bilan ko‘rsatib:— Bu nima?— deb so‘radi.
— Olabo‘ta. Yunonchasi «ram-ram».
— Bu-chi?
— Za’far — «Anixus».
— Ie, sen bularping nomini qayoqdan bilasan?
— O‘shal yunoniy o‘rgatgan. Qo‘ziqorinni «futr» deydilar.
— Borakallo. Keyinroq dorivor giyohlar xosiyatini o‘rgatadurgan bir tabibga seni shogird qilib berurmiz. Hozircha arab tili, ilmi hisob va handasani o‘rganib ol.
Ustoz shogirdiga iasihat qilar ekan, u shakli nonga o‘xshagan, ichi bir necha qavat bo‘lib, har qavatiga doiralar chizilgan asbobga tikilib:
— Bu nima?— deb so‘radi.
— Usturlob. Qo‘y, ushlama!— dedi Abu Nasr usturlobning bandidan ushlab olgan shogirdiping qo‘liga beozor turtib.— Keyin senga uning bandidan ushlab aylantirishni, oftob va oyning osmondagi holatini belgilashni o‘rgaturman.

To'liq: Mirkarim Osim. Jayhun ustida bulutlar (qissa) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.