OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirkarim Osim. Karvon yo'llarida (qissa)

1588 yilnipg yoz oylari. Pishiqchilik. Shahar darvozalaridan arava-arava qovun-tarvuz, uzum, shaftoli va turli-tuman mevalar kirib turmoqda. Havodan sharbat, tandirdan yangi uzilgan non hidi keladi.
Shahar rastalari xuddi arafa kunlaridagidek ola-g‘ovur. Uzoqdan quloq solgan kishiga go‘yo shahar o‘rtasidan katta bir daryo shovillab oqib o‘tayotganga o‘xshaydi. Salobatli, og‘ir madrasalarning peshtoqlari oftob nurida jimjima qilib, ko‘z qisayotgandek, hovliqib u yoqdan-bu yoqqa yugurgan odamlarni masxara qilayotgandsk...
Bozor ko‘chalarining chorrahalariga solingan usti qubbali toqlar va ularning yonidagi tor rastalar asalari inidek g‘uvillaydi, hammayoq bozor ahlining shov-shuvidan larzaga keladi.
Abdullaxon qurdirgan to‘rt burchakli timga savdogarlar kirib-chiqib turar, bu yerga choriq kiygan, bo‘z choponli faqir odamlar sira yo‘lamas edilar, chunki g‘ishtdan gumbaz taxlit ishlangan bu ajoyib, salqin, nimqorong‘i toqlar tagidagi do‘konlarda boyonlar kiyadigan harir mollar xarid qilinar, kambag‘albop karboz (bo‘z) esa tim orqasidagi usti qamish bilan yopilgan rastada sotilardi.
Timga kiraverishdagi toqning ikki tomonida shoyi chopon kiygan, simobi sallali sarroflar oldilaridagi barkashlarga tangalarini uyub o‘tirar edilar. Ular ozgina haq olib, pul maydalab berar yoki Hindiston, Eron, afg‘on pullarini Buxoro puliga almashtirardilar. Bu sarroflarning Hojitarxon, Kobul, Dehli kabi savdo markazlarida sheriklari bo‘lardi. O‘sha shaharlardan kelgan savdogarlar bu yerdagi sarroflarga ortiqcha tillalarini tashlab, ulardan tilxat olardilar-da, o‘z shaharlariga borib, ularning sheriklaridan omonatlarini olar edilar.
Timi Abdullaxon ichida tanlari qora, qotmadan kelgan sallali hindlar, qizilmag‘iz arablar, ko‘k shoyi choponli, soqollari xina bilan bo‘yalgan Shamoxiy savdogarlari, gul yoqali uzun ko‘ylak kiygan, sersoqol barvasta rus savdogarlari toqlar ostidagi do‘konlarning tokchalariga tizilgan harir mollarni tomosha qilib yurardilar. Turli-tuman rangdagi shoyi-atlas, havorang baxmal, zarbof kimxoblar ajnabiylarning ko‘zini o‘ynatardi. Timning tspasidan tushgan yorug‘likda havorang ipak baxmallar turli-tuman tusga kirib tovlanar, ularni ko‘lga olib, oftobga solinsa — oynadsk, odamning aksi ko‘rinardi. Ularni ko‘pincha Movarounnahrning boshqa shaharlaridan, chet ellardan kelgan savdogarlar sotib olib ketardilar. Rus boyarlari bu yerdan olib kotilgan zarbof, baxmaldan kaftan kiyar, boyar va savdogar qizlari Buxoro shoyilariga belanib yurardilar...

Maskopga elchilar ketayotgan emish, dsgan mishmishlar tarqalgandan keyin bazzozlarning ishi yurishib qoldi, qimmatbaho mollarning narxi oshib ketdi, hatto kasod mollarning ham bozori chaqqon, hunarmand-kosiblarning ishi kushoyish topib, qo‘llari ildam bo‘lib qoldi. Xalqning hamma tabaqasiga: hunarmandlarga, do‘kondorlarga, dehqonlarga ham jon kirdi, chunki Rossiya bozorlarida qimmatbaho matolardan boshqa tayyor chopon, ko‘ylak-lozim, do‘ppi, bslbog‘, jaydari paxta, xom teri, quruq meva kabi narsalarga talab zo‘r edi. Odatda Rossiyaga ketadigan elchilarga katta savdogarlar karvoni ham qo‘shilar, yuzlab tuyalarda toy-toy mol, paxta, teri, qop-qop quruq meva olib ketar edilar.
Bozorda shu ovoza tarqalgandan keyin hammaning patagiga qurt tushib qoldi. Bazzozlar, hunarmandlar matolarshsh qimmatroqqa pullashga, karvon savdogarlari arzonroq olishga urinardilar.
Timga kiraverishda chap qo‘ldagi shinam do‘konda ikki kishi chordoia qurib, oldilaridagi quticha ustiga burdalab tashlangan non bilan uzum yeb o‘tirardilar.
Bularning biri bazzozlar oqsoqoli Hoji Farrux — oltmishlarga borib qolgan, tetikkina chol edi. U suhbatdoshiga o‘tkir ko‘zlarini tikib:
— Narximizni yerga urmang, akun! Bizga javr bo‘ladi, oxe! — dedi.
— Nega javr bo‘lsin, aka mullo! Maskopda sakkiz olchin shoyi yigirma tanga turaykan.
— Ibi! Yigirma tanga? Go‘shingizga yanglish kirip to‘xtaptu, mulla Shokir. O‘ttiz tangadan kam turmaydur.
— Aka mullo, o‘tgan safar Hojitarxon borganimda zo‘r-bazo‘r o‘n sakkizdanga pulladim, azbaroyi xudo. Shundan-shunga jon hovuchlab, to‘rt-besh tanga hayon ko‘rmasak, uyat axir! Bo‘lgani — o‘n besh! — dedi mulla Shokir qat’iy qilib.
— O‘n besh? Jinni bo‘ldingizmi? — Hoji Farruxning afti burishib ketdi. Osgidagi gulchinli upuka mahsisini silab jilmaydi-da:
— Mayli siz uchun o‘n sakkiz tanga! — dedi. 
Qadimda ulgurji savdogarlarga sotiladigan mollarning narxini bozor oqsoqoli kesib berardi. Uning aytgani aytgan, degani degan, so‘zini ikki qilib bo‘lmasdi. Bazzozlar bu masalada unga so‘zsiz itoat etardilar.
Hoji Farrux narxi navo to‘g‘risida kelishib olgandan keyin, qo‘liga qog‘oz olib, bazzozlarning ro‘yxatini tuzdi va har bir nomning ro‘parasiga ulardan xarid qilish mumkin bo‘lgan mollarning miqdorini yozib qo‘ydi.
— Nega xomush to‘xtadingiz? — dedi oqsoqol afti burushib ketgan mulla Shokirga kulib qarab.— Tap tortmay olavering! Mol yetmasa — jon. Pulingiz kamlik qilsa, nisfini nasiyaga bergaymiz. Lafz bir — xudo ham bir!
Mulla Shokir qarib-chirib yurolmay qolgan farzandsiz Hoji Hamdamboyning bosh gumashtasi edi. Boy o‘z gumashtasini bir necha marta sinab ko‘rib, to‘g‘riligiga ishonch hosil qilgach, hamma ishni unga topshirib qo‘ygandi. Mulla Shokirning erki o‘zida, xo‘jasining ishini o‘z bilganicha boshqarar va hech qachon ziyon ko‘rmasdi.
U asli shoyibof ustaning bittayu bitta o‘g‘li edi. Otasi usta Muin o‘z farzandining kelajagi to‘g‘risida ko‘p o‘ylardi: «Shu bolam ham katta bo‘larmikin, hunar o‘rganib, ishimni qo‘limdan olarmikin», deb bosh qotirardi.
Uch shogirdi va bir xalfasi bo‘lgan bu usta dehqonlardan pilla olib, uyida pilla tortar, xotini bilan ikki qizi charx aylantirib ipak yigirar, o‘zi esa xalfasi bilan chuqurga — do‘konga tushib olib, shoyi to‘qir edi. Sho‘x va o‘yinqaroq Shokir maktabdan kelgandan keyin sassiq bug‘ bilan to‘lgan pillaxonaga kirib, pillakashlarga bir oz yordam bergan bo‘lar, keyin yuragi pishib ketib, rangrezlik qilayotgan shogirdning oldida ivirsib yurar, so‘ngra dastgoh yonida ishlab turgan otasining orqasidan kelib quchoqlab olardi. Do‘mboqqina, ko‘zlari chaqnagan Shokir o‘zining yolg‘iz o‘g‘il ekanligini, otasi unga qo‘l ko‘tarolmasligini to‘rt yoshligidayoq payqab olgan edi. U ba’zan ko‘chaga qochib chiqib ketardi-da, o‘rtoqlari bilan yon qo‘shnilari bo‘lgan beva kampirga hovuzdan suv keltirib berar, bozor kunlari esa o‘sha kampirning bir hafta davomida yigirgan ikki-uch kalava ipini sotib berardi. Otasi: «Bu bola devona chiqmasaydi, o‘z uyimizdagi ish boshimizdan oshib-toshib yotibdi-yu, birovlarning xizmatini qilib yuradi,— deb o‘ylar edi.— Ke, qo‘y, shuning ham g‘amini yeb o‘tirasanmi? Ko‘zi pishib yursa, axir bir kun o‘rganib ketar, olaxurjun bo‘yniga tushgandan keyin ishlamay qayoqqa boradi!» — deb o‘ziga-o‘zi taskin berardi. Keyin o‘g‘lining hunar o‘rganishga tobi yo‘qligini ko‘rib, uni o‘qitib, mulla qilish niyatida madrasaga berdi. Biroq Shokirning madrasa tuprog‘ini yalab yotishga tobi yo‘q edi. Ming yil ilgari yozilgan kitoblarning o‘lik so‘zlarini yodlab o‘tirish bu jonli, serg‘ayrat yigitning fe’liga to‘g‘ri kelmasdi. U madrasaning zindonga o‘xshash tor va nimqorongi hujrasida uzoq o‘tirolmas, yuragi siqilib, ko‘chaga chiqib ketardi. U faqat ta’til kunlarigina uyiga kelganida rangi o‘ziga kelib, yengil nafas olardi. U to‘qilgan matolarni otasi bilan birga ko‘tarib, timga olib borar, u yerda savdogarlarning uzoq mamlakatlar to‘g‘risidagi hikoyalariga astoydil quloq solardi, o‘zi ham safarga otlangisi kelardi. Otasi o‘g‘lining mulla bo‘lolmasligini payqab, uni Hojitarxon va Qozonga qatnaydigan Hoji Hamdamboyga gumashtalikka berdi. Madrasada bir yil tahsil ko‘rgani uchun uni mulla Shokir deb yuritadigan bo‘ldilar.
Hozir u timda, Hoji Farruxning do‘konida o‘tirar ekan, jiddiy, peshonasi tirishgan, molni arzonroqqa olib, qimmatroq sotish ustida bosh qotirar edi. U qiyisha-qiyisha, narxi navo to‘g‘risida kelishib, ishni baqamti qilgandan keyin, xarid qilingan matolarni Hazratimom darvozasi yaqinidagi katta saroyga eltib qo‘yish to‘g‘risida xizmatkorlarga buyruq berdi.

To'liq: Mirkarim Osim. Karvon yo'llarida (qissa) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.