Yozuvchi va jurnalist Mirmuhsin 1895-yili Toshkentda tug‘ilgan. O‘zbek matbuotining asoschilaridan biri. 1916—17-yillarda Ufadagi «Oliya» madrasasida o‘qigan. 1917 yili Toshkentga qaytgan.
1917 yili Fevral inqilobi munosabati bilan «Turon» gazetasiga yozgan «Tarixiy ikki voqea» maqolasi katta janjalga sabab bo‘lgan. Sebzor qozikaloni hukmi bilan Mirmuhsinga o‘lim jazosi beriladi. Lekin bu hukm qamoq jazosi bilan almashtiriladi. Mirmuhsin qamoqdan qochib, Ufaga ketadi. Fuqarolar urushi boshlanib ketgach, Mirmuhsin Sharqiy frontning 1—5-armiyalari siyosiy bo‘limida jangchi-jurnalist sifatida xizmat qiladi.
1920 yilning boshlarida Toshkentga qaytib, dastlab «Ishtirokiyun», so‘ng «Qizil bayroq», «Turkiston» va boshqa gazetalarda muharrirlik qiladi. Mirmuhsinning hozircha ma’lum she’rlari 700 misra atrofida. Bundan tashqari, u hikoyalar, maqolalar yozgan. «Befarzand Ochildiboy» (1914) nomli birinchi o‘zbek romani muallifi.
Adib ilm-ma’rifat orqali hamma odamlar baxtli, hayot esa farovon bo‘lishiga astoydil ishonadi, «avom»ni ilm olishga da’vat etadi («Milliy adabiyot», «Ahvoli odamdin bir namuna», «Adabiyot» va b.). Xalqning og‘ir va mashaqqatli, fojiaga tuda turmushini tasvirlaydi («Ash’or», «Bizni»).
Mirmuhsinning «Yigirmanchi asrda Turkiston boboy», «Zindon» (1914) kabi hikoyalarida taraqqiyotdan orqada qolgan Turkiston qiyofasi, idora usuliga oid qarashlari bayon etilgan. U inqilobning dastlabki yillarida sho‘rolarga ishongan, ular tarafida turib kurashgan edi. Biroq, shovinizmning «yo‘qsullik» rangiga bo‘yalib, yanada keskinroq tus olgani, milliy-diniy qadriyatlarning oyoqosti qilingani Mirmuhsin umidlarini puchga chiqardi. Maqolalaridagi quvonch va ko‘tarinki ruh yo‘qolib, umidsizlik kuchayib bordi, aldanganini chuqur his etdi va bular oxir-oqibatda hayotining bevaqt, fojiali yakunlanishiga olib keldi.
Begali Qosimov