Akaxonimiz Alimbek Salimiyning tug‘ilgan kuni bugun. Biz bu ulug‘ sanani bozor ichida joylashgan oshxonada "ko‘rimsizgina" dasturxon atrofida nishonlayotgan edik. Dasturxonda noz-ne’mat mo‘l-ko‘l. Ochiq joyning o‘zi yo‘q. "Mo‘ysafid"lar birin-ketin "obro‘y"sizlana boshladi. Oxirida, kimgadir bir qultum kamlik qildi. Yana ellik-ellik qo‘shib, bir "mo‘ysafid"ning "sallasini" oldik. Hammaning burni qalampirdek qip-qizil. Birdaniga...
Ha, go‘yo kinodagidek dahshatli portlash ovozi quloqqa chalindi. Kimdir kursidan ag‘darildi, kimdir umbaloq oshdi. Endi o‘sha bulutteshar burunlar sovuq urgan baqalajonga o‘xshab ketdi. Hushimiz o‘zimizda emas. Yon-atrofga olazarak qaraymiz. Hamma binoyidek, faqat biz...
Ulfatlardan biri gandiraklab ko‘chaga chiqdi. Shimini yangilash lozim bo‘libdi.
Uzoqdan bir bolakay irjayib-irjayib bizga baqrayib turardi. Bundoq qarasak, Alimbek Salimiy akaxonimizning kenjatoyi... "Paq-paq” deb ataladigan o‘yinchoq sotib olib, bitta-yarimtaning oyog‘i ostiga tashla, kula-kula o‘lamiz", deb har birimiz yuz so‘mdan pul tutqazgan edik. U esa shuni o‘zimizga qo‘llab yuborgan ekan. Tug‘ilgan kunga salyut ham otish kerak emish. Topqirligini qarang, azamatning! Akaxonimiz Alimbek Salimiy sir boy bermadilar. Miyig‘ida jilmaydilar, xolos. Holsizliklari shundoq ko‘rinib turardi. Bir piyola sovuq suv so‘radilar. Erkatoy g‘izillab “gazirovka”ga ketdi. O‘sha voqeaga bugun qirq birinchi kun. Akaxonimiz sal ochilganday...