Meni Hindiston elchixonasiga chaqirishayotganini aytishdi. Bosh konsul do‘stim edi. Darhol uning qiyofasi ko‘z oldimda namoyon bo‘lib yuzimga tabassum yugurdi. Biz u bilan bir varakayiga to‘rtta tilda o‘zbekcha, hindcha, ruscha, inglizcha, aralash-quralash gaplashar, rasmiy suhbatimiz askiya aytish bilan yakunlanar, uning samimiyligimi, so‘zamolligimi hush kayfiyat uyg‘otar, gohida qotib-qotib kulishardik.
Ammo bu safar unday bo‘lmadi. U qo‘limga tashrif qog‘ozini uzatarkan, qog‘oz ustiga yozilgan yozuvni o‘qib bir zum joyimda turib qoldim. Unda katta-katta harflar bilan “Alisher Hamroevga” degan so‘zlar bitilgandi.
Alisher Hamroev.
Men bu aktyor bilan 1998 yilda tanishgan edim. “Yangi oy chiqqan kecha” filmiga bosh qahramon izlayotgandim. Menga mard, tanti, hatto noxush hatti-harakatlari ham kechirib yuborilaveradigan, odamlar bir ko‘rganda yoqtirib qoladigan, sumbati kelishgan, dramatik qiyofaga ega yigit kerak edi. Kinosinovga kelganlar orasida Alisher yaqqol ko‘zga tashlanib turar edi.
Tasvirga olish jarayonlarida uning intilishlarini ko‘rib u kino uchun tug‘ilganini, butun hayot-mamoti kinoda rol o‘ynashga qaratilganligini, u hayotda kinodan boshqa hech narsani hech qachon o‘ylamaganini, qaddi-qomatini ham, yuzini ham aktyor bo‘lish uchun parvarishlaganini anglab yetdim. U hatto qadam tashlaganda ham qaysidir mashhur aktyorga taqlid qilar, suhbat chog‘larida ham kinodagi dialoglardan parcha keltirib odamlarni kuldirardi. Mabodo rejisser uning tasvirga olish jarayonlaridagi mahoratini maqtab qolsa quvonar “Professional debua» deya iljayar, “Yo tavba, bu kim Innokentiy Smoktunovskiymi yo Bondarchukning o‘zimi?!” – deya oppoq tishlarini ko‘rsatib, og‘zi qulog‘ida irshayardi. “Shox saroyida tartibsizliklar qilishingizga yo‘l qo‘ymayman” deya ba’zida o‘dag‘aylab qolardi rejissyor.
“Atrofimda malikalar girdikapalak bo‘lishdi, lekin sizga hech qachon xiyonat qilmadim, Marfa Vasilevna!” – deya tiz cho‘kardi Alisher.
Gohida u kinoga suratga tushgan joylarga borib qolaman. Qiziq, mana u suyangan daraxt, u ochgan eshik joyida, u ushlagan qilich ham bus-butun. Faqat nega u yo‘q?!
Nega uning yuz qiyofasi ko‘z oldimda namoyon bo‘laveradi. Nega uning o‘zi yo‘q? U hali yosh yigit edi-ku. U ham yashashi kerak edi-ku? Uning hamma tengdoshlari, do‘stlari hali yashayapti-ku? Esimda bir kun bir qizcha: “Alisher Hamroevni qattiq sevib qolgandim. U kishi meni tanimasalarda, hayolan u kishi bilan suhbatlashardim, yuragimdagi hamma gaplarni u kishiga aytardim. U kishini o‘lganlarini eshitganimda yetti kun hushimga kelmadim. Hatto tug‘ishgan akam o‘lganlarida ham bu qadar iztirob chekmagandim. Aktyor sifatida u mening butun borlig‘imni sehrlab olgan edi. Uni har bir so‘zini, har bir hatti-harakatini sevardim. U mening jonu-jahonim edi. Ayting, nega aynan men sevgan, aynan men muhabbat qo‘ygan inson o‘lib qoldi. Endi to‘g‘risini aytsam birovni yaxshi ko‘rib qolishdan qo‘rqib qoldim. Qizchani gapi negadir xayolimga qattiq o‘rnashib qolgan. Uning savollariga javob topolmayman.
Alisher kinoda o‘ynagan bir sahna bor. Unda Alisher uydan chiqib ketish sahnasini o‘ynaydi.
“Qosimxon: - Kechirmasang yo‘qol bu yerdan.
Malika: - Kerak bo‘lsa siz yo‘qolasiz bu yerdan.
Qosimxon: - Agar sen men bilan tenglashmoqchi bo‘lsang xato qilasan. Bilib qo‘y, er kishi adashsa ayol hamma vaqt kechiradi. Lekin ayol adashsa erkak hech qachon kechirmaydi.
Malika: - Menda endi sizni kechiradigan sabru-toqat ham, rahm-shavqat ham qolmagan.
Qosimxon: - Hali shunaqami?
Malika: - Shunaqa!
Qosimxon: - Shunaqa bo‘lsa, endi o‘zingga boshqa er topib ol.
Qosimxon kostyumini yelkasiga ildi-da, eshikni taraqlatib chiqib ketdi”.
Bu sahnani necha bor takror-takror suratga tushirgan edik. Alisher kostyumini yelkasiga ilib eshikni taraqlatgancha chiqib ketar, rejissyor “Bo‘ldi stop!” degandan so‘ng xonaga iljayib kirib kelar, Malikadan “Qattiq turtib yubormadimmi?”, deya uzr so‘rardi. Va mendan muhabbat sahnasini ko‘proq yozib berishimni, shunday sahna ko‘proq bo‘lishini iltimos qilardi. O‘zi ham tabiatan hind kinolarinnig shaydosi edi. Bilasizmi derdi u, hindlarga juda ko‘p o‘xshash tomonlarimiz bor. Fidoyilikda, sadoqatda, muhabbatda hindlardan qolishmaymiz. Balki ulardan ham o‘tkazib yuboramiz. Bizda faqat izhor etish san’ati yetishmaydi. Sevgimizni bo‘lsa bo‘ldi, bo‘lmasa yo‘q deganday dangal aytib qo‘ya qolamiz. Kimnidir bir umr sevamiz-u, sevgan odamimizga bir og‘iz aytmay yuraveramiz. Bir umr kimgadir fidoyi bo‘lib o‘tamiz-u, lekin buni hech kim bilmaydi. Sadoqatimizni hammadan yashiramiz, hammamizdagi mana shu javohir fazilatlarni, muhabbatni, mardlikni, jasoratni olamga yoyish bu yozuvchilarning ishi. Sizlar yozinglar, biz aktyorlar qoyilmaqom qilib o‘ynaylik. Biz o‘zbeklar o‘zbek kinosi dovrug‘ini hind kinosiday olamga taratmas ekanmiz, xalqimiz oldida qarzdor bo‘lib qolaveramiz.
Alisher Akshay Kumarga o‘xshab ketadi. Gavdasi, yuz tuzilishi, sochlari, kulishlari. Mobodo u Bombeyda tug‘ilgan bo‘lganida edi, albatta u Bollivud cho‘qqisini zabt etgan bo‘lardi. Men buni faqat tashqaridan turib bir o‘zbek ziyolisi sifatida emas, Bollivuddagi bir qancha kinotasivrga tushirish maydonchalarida bo‘lgan va kinoga olish jarayonlarida aktyorlarimizni qobiliyati qay darajada namoyon bo‘lishini bilgan kishi sifatida aytayapman. Men Bobbi Deol, Priyanka Chopralarning kinoga tushish jarayonlarida ishtirok etganman va favqulodda ayricha bir iste’dodni ko‘rmay hayron bo‘lganman. Ko‘pincha Akshay Kumar o‘ynagan filmlarni ko‘rib Alisher ham mana shunday o‘ynay olarmidi deya hayolan har ikkisini taqqoslab ko‘raman va taqqoslay turib ularni ikkalasini bir-biridan adashtirib yuboraman. Kinoda Akshay Kumar o‘ynayotgan bo‘lsa, ko‘z oldimda Alisher namoyon bo‘laveradi yoki Alisherni filmlarini ko‘rib turib, qarshimda Akshay Kumar paydo bo‘laveradi.
Hindistonga safarlarimdan birida Alisher tushgan filmlarni, uning suratlarini ingliz tilidagi biografiyasi yozilgan disketni o‘zim bilan birga olib ketdim. Maqsadim hind kinolarida unga rol o‘ynatish edi. Dastlab bu orzuim xom hayoldek tuyulgan edi. Lekin Bollivudda Amerika, Yevropa, Osiyo davlatlaridan, Afrikadan kelgan ko‘plab aktyorlarni uchratish mumkin.
Uning rasmiy hujjatlarini, fotoalbomini Bollivud ma’muriyatiga topshirganimda menda hech qanday ishonch yo‘q edi. Minglab odamlarning hujjatlari orasida qumga tushgan tilladek yo‘qolib ketsa kerak deb o‘ylagandim. Lekin qaytganimda bu shubhalarni Alisherga bildirmagan, javobini kutaylikchi Deya gapni qisqa qilgandim. Aslini olganda uning yuragida ham mening yuragimda ham umid uchqunlari miltirab turardi. “Men u yerga tayyor stsenariy bilan boraman. Menga shunday bir stsenariy yozib beringki, u buyuk va adabiy mavzu, muhabbat haqida bo‘lsin. Men o‘zbekning yuragi naqadar ulug‘ ekanligini jahonga ko‘rsatay. Undan sevgi bizda kecha ham bor edi, bugun ham bor, ertaga ham bo‘ladi. Faqat nega bugun yozuvchilarimiz buni yozmayapti, axir kecha ”Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin”lar haqida yozilgandi.
Ular hayotimizda bugun ham bor, faqat adabiyotimizda ularning obrazi yo‘q. Nega? Nega shunday asarlar yozilmayapti? Siz shunday bir asar yozib beringki, o‘zbekning muhabbati, sadoqati, buyukligi tillarda doston bo‘lsin. Dunyoda shunday bir xalq borligidan dune ahli faxrlansin. Agar yozolmasangiz yuring Buxoroga. Men muhabbat uchun jonini qurbon qilgan yigitlarning qabriga olib boraman. Muhabbat uchun o‘zini daryoga tashlagan qizlarning qabrini ko‘rsataman. Nahotki muhabbatni o‘z hayotlaridan ustun qo‘ygan odamlarning qabri ham yozishingiz uchun kafolat bo‘lolmasa?! Urush tugaganiga 60 yil bo‘layotgan bo‘lsada, o‘z turmush o‘rtoqlarini kutayotgan momolarning fidoyiligi ilhom berolmasa. Bir-birlarini o‘n yillab, yigirma yillab kutgan, so‘ngra topishib turmush qurib baxtli yashayotgan Farhodni jasoratini, Majnunni devonaligini takrorlaganlar minglab topiladi. Biz bularni yozishimiz shart. Bu bizning qarzimiz, bo‘ynimizdagi bajarishimiz farz bo‘lgan qarzimiz, deya butun vujudi titrab gapirardi u.
Elchixonadan shalvirab chiqar ekanman, Bollivuddan kelgan tashrif qog‘ozini o‘qib ko‘zimdan yosh sizib chiqardi. “Sohib” Alisher Hamroev deya yoziladi xatda. Sizning qisqacha bigorafiyangiz bilan tanishib chiqdik. O‘zbek va hind kino san’ati bir necha o‘n yillardan buyon davom etib kelardi. Ana shu an’ana yanada mustahkamlanishi tarafdorimiz. Yo‘l harajatlarini barchasini zimmamizga olgan holda yaqin kunlar ichida Mumbay shahri, Bollivud kino shaharchasiga tashrif buyurishingizni so‘rab qolamiz. Tegishli ma’lumotlarni Hindistonni O‘zbekistondagi elchixonasidan olishingiz mumkin.
Hurmat bilan Manabendra Mukerdji.
“Alisherjon, ayt bugun endi seni qaerdan topay? Endi men bu xatni kimga o‘qib beraman? Endi Hindistonga kim boradi? Alisherjon endi bu xatni qabring tepasiga olib boraymi? Bu xatni yozishga qanday qo‘lim boradi? Yuzim qanday chidaydi? Seni kutayotganlarning umidi istiqlol sharofati bilan olamga bo‘y cho‘zayotgan millatimdan umid qilayotganlar emasmi?
Nega millatimning sendayin otashqalb kishisi qora tuproqqa yo‘l oldik. Nega yorug‘ nur bo‘ldingu, sening nuringga intilganlarning umidini so‘ndirding. Bu xat qo‘limni kuydirmoqda. Bu xat qalbimni kul qilmoqda. Agar, sen bugun hayot bo‘lganingda, qanot chiqarib uchmasmiding, seni quchoq-quchoq gullar bilan kuzatmasmidim. Ishonaman, seni shoda-shoda moychechaklar o‘rami bilan kutib olishib, bo‘yningga tashlashardi. Ishonaman, sen Bollivudning erkasi bo‘larding. Ishonaman, seni kutib olganlar orasida Akshay Kumar ham bo‘lardi. “Iya, menga o‘xshash odam yana bitta bor ekan-ku, kel aka-uka tutinamiz” – degan bo‘lardi.
Ammo, sen endi qaerdasan, Alisherjon!”
O‘sha kuni xatni yon cho‘ntagimga solib butun Toshkentni piyoda kezib chiqdim. Odamlarning qiyofasiga razm solaman. Xuddi qarshimdan Alisher chiqib qoladiganday. Hammaga birma-bir sinchiklab qarayman. Yuzlarini ko‘rolmay o‘tib ketganlarning ortidan chopib borib yuzlariga tikilaman. Ba’zilari menga telbaga qaragandek qarashadi. Men ham ularga qayta qarayman va Alisherga o‘xshatolmay nari ketaman.
Uyga yarim kechasi kirib bordim. Cho‘ntagimda xat. Shu ko‘yi o‘zimni karavotga tashlab uxlab qolibman. Tushimda ”Yangi oy chiqqan kecha” filmidagi Alisher o‘ynagan sahna kiribdi: “Malika derazadan oyga mahliyo bo‘lib turar ekan, eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlaganidan cho‘chib tushdi. Kim ekan? Onasimi, Maryammi, Shuxrat Ahadovichmi, hayoliga hech bir yomon fikr kelmay yugurib borib eshik zulfini bo‘shatdi. Tashqarida Qosimxon turardi.
Malika esankirab ortga chekindi.
- Keling.
- Mana, men keldim! – Qosmxonning qo‘lida Amir Olimxon
davridan qolgan qilich yaltirardi. U ichkariga kirib eshikni berkitdi…
Tush bo‘lsada, men uning ko‘zlarini xuddi o‘ngimda
turgandek yaqqol ko‘rardim. Xuddi mening uyimga kirib
kelganday, turib unga joy ko‘rsatmoqchi, xatni qo‘liga topshirmoqchi bo‘laman.
Ha, Alisher Hamroev bugun ham tirik. U o‘zbek kino san’atida mangu qolajak.