— Kecha o‘yin zo‘r bo‘ldi-da! Umrim bino bo‘lib hali bunaqasini ko‘rmagandim.
— Ha-ha, men ham. Haqiqatdan zo‘r bo‘ldi!
— Zo‘r-r... Bundan chiqdi, birodar, siz ham ishqibozmisiz deyman?!
— Ishqibozingiz nimasi?! Odamni xafa qilayapsiz. O‘yin desa o‘rdan, to‘ppi desa tepadan tashlab yuboradiganlar xilidanmiz. Ammo to‘g‘ri aytdingiz, kecha o‘yin zo‘r bo‘ldi!
— Zo‘r bo‘ldi! Rahmat sizga! Futbolda fikrdosh ekanmiz. Ammo, kecha katta ko‘chada bittasiga «O‘yin zo‘r bo‘ldi!» desam to‘satdan tutqanog‘i tutib qolsa bo‘ladimi?!
— Ha, endi o‘yin zo‘r bo‘lgach... Bechora qattiq hayajon tufayli o‘zini yo‘qotib qo‘ygandir-da?!
— Be, qayoqda. «O‘yinning zo‘rini ko‘rmoqchi bo‘lsang, bozillagan bozorga borda, bodi!» deb o‘dag‘aylab qolsa bo‘ladimi?!
— O‘yin zo‘r-r... Ie, o‘yinga bozorning nima daxli bor ekan?
— Uning uchun daxli bor ekan. Boyaqish, yurib turgan moshinasini necha tonnadir piyozga «barter» qilib, ko‘p qavatli uyining balkoniga bosgan ekan...
—Xo‘sh-sh, xo‘sh... Keyin pullab, aqchani beliga boylab jahon chempionatiga-a?!
— Afsuski, yo‘q. Unaqa «o‘yin»dan o‘q chiqadi-da! Piyozi joyida ko‘karib, selitrasi suv bo‘lib oqib, rosa chuv tushibdi. Futbolga qiziqqanda-ku?! Mana, masalan, kechagi o‘yin...
— Zo‘r bo‘ldi! Ha, unaqalarga qolsa, stadionga sabzi ektirishdan ham tap tortishmaydi. Bizning ishxonada ham deng, bitta shunaqasi bor. Chakagi chaqa, tanglayi tanga bilan tang‘ilgan. «Sport» desang «so‘m» deydi, «Futbol» desang «Pul bor?!» deydi. O‘shanga kecha «O‘yin zo‘r bo‘ldi!» desam, nima deydi deng?!
— Ha, endi o‘yin zo‘r bo‘lgach...
— E-e, qayokda! Aftimga uzoq termulib turgach, «O‘yinga men ham ishqibozlik qilsam, necha pul berisharkan-a?!» deydi! Ko‘rdingiz?! Achchigim chiqib o‘zimni ochiq turgan derazadan otib yuboray dedimu, yaxshiyam kechagi o‘yin...
— Zo‘r bo‘ldi! Bu deyman birodar, haqiqiy ishqibozmisiz deyman? Sir bo‘lmasa aytingchi, necha yoshdan bu o‘yinga...
— Kechagi «zo‘r o‘yin» haqqi qasam ichib aytamanki, mening kindigim stadionda kesilgan! Ochiqroq aytsam, otam o‘yingohda qorovul, onam esa farrosh bo‘lishgan. O‘zim ham bolaligimdan stadionda sigaret, semichka, «mineralka» sotganman. «Sportloto»dan «futbolka» yutganimda aqlim og‘ib qolayozgan. Shu-shu yildan-yilga o‘yinga mehrim jo‘sh urib... Ayniqsa, kechagi o‘yin...
— Zo‘r bo‘ldi! Buni qarang, hatto ishqibozligimiz ham bir-biriga egizak ekan!
— Yo‘g‘-e? Nahotki siz ham stadionda... Lekin, oldin ayting, kechagi o‘yin...
— Zo‘r bo‘ldi! Zo‘r bo‘lgach, «Zo‘r bo‘ldi!» deyish kerak-da, axir. Ammo mening ishqibozlik taqdirim sal boshqacharoq kechgan. Bolaligim deng, shaharning eng shovqin-suronli mahallasida o‘tgan. Tasavvur qiling! Bir tomonda — «Temir qushlar» tunu kun ko‘kka parvoz qilishadi. Ikkinchi tomonda esa poezdlarning bir maromdagi tinimsiz taqir-tuquri... Sal narida «Shohbekat»... Xullas, avtobuslar «allasi-yu», sut o‘rnida samolyotlarning «o‘kirigi»ni emib...
— Shoshmang, shoshmang, birodar. Axir, o‘yinga avtobus «allasi-yu», samolyotu parovozlar chinqiriq-o‘kirigining nima aloqasi bor? Undan ko‘ra, ayting-chi, kechagi o‘yin...
— Zo‘r bo‘ldi! Ammo «aloqasi borligi» shundaki, endi suyagim qotib, og‘zim oshga yetganda bu tarzdagi «huzur-halovatimga» ko‘z tegdi. Bizga shaharning chumoli yursa ham oyog‘i «taqalanadigan» xilvat va sokin go‘shasidan yangi hovli-joy berishdi. Boshqalarni bilmadimu o‘sha kundan boshlab, mening oromim yo‘qoldi. Uyqu o‘chdi. Karaxtlik o‘z og‘ushiga oldi. Sezdimki, shovqin-suronli muhitga ko‘ngil ko‘nikib qolgan ekan. Do‘xtirlar ham bu «dardim»ni tasdiqlashdi. Xo‘sh, endi nima qilmoq kerak? Eski joyimga ko‘chib boray desam, boshpanam tag-tugi bilan buzilgan. Vokzal-bekatlarda yotib turay desam, uyi bor, bola-chaqali odamga to‘g‘ri kelmaydi. Ayting-chi, bunday paytda siz nima maslahat berardingiz?
— Albatta, hech o‘ylab o‘tirmasdan stadionga qarab yo‘l olardim! Mana, masalan, kechagi o‘yin...
— Zo‘r bo‘ldi! Aqlingizga balli, aqldosh... Xuddi siz aytgandek, mana, necha yildirki, stadion mening ham ikkinchi oshyonimga aylangan. Faqat shu joydagina qalbim taskin topadi. Yaxshi o‘yin bo‘lgan kun — mening uchun eng oromli tun. Mana, masalan, kechagi o‘yin...
— Zo‘r bo‘ldi! Yana bir bor tashakkur sizga! Chunki dardi hasratingizdan ma’lum bo‘ldiki, bu borada ham ikkalamiz haqiqiy ishqiboz, hatto «qarindosh» ekanmiz...
— Ha, endi o‘yin zo‘r bo‘lgach! Ayniqsa, kechagisi... Bu birodar, kecha qiziq ustida e’tibor bermabman. O‘yin oxirida qanaqa hisob bilan tugagandi?
— O‘yin zo‘r-r... Nima dedingiz? Buni qarang, men ham qattiq hayajonda... E, shoshmang, o‘zi kecha kim bilan kim o‘ynagandi?!.