Tirikchilik — tirriqchilik... deganlari rost ekan. Bo‘lmasa Sherqo‘zi gulday hunari — o‘qituvchilikni tashlab taksichilikka o‘tarmidi! Sababi ma’lum. Quruq oylik qisir qo‘yga ham yetmaydi. Rahmatlik otasidan eskiroq bo‘lsa-da "Moskvich" moshin qolgan ekan, ishqilib shu matoh tirikchilikka yarab turibdi. Lekin keyingi paytda "Marshrutka"larning bolalab ketgani ishning beliga tepdi. Sho‘rlik Sherqo‘ziga o‘xshaganlarga jabr bo‘ldi. Mashina eshigini lang ochib qo‘yib, mijoz poylab esnashdan nariga o‘tmay qo‘ydi.
Erining rangi siniqib, kissasida shamol o‘ynab qolganini sezdimi, xotini maslahat berdi:
— Xo‘jayin, hozir "soldat ovi" moda bo‘lgan. Bojangiz, katta opamning eri shunday dedi. U kishi ham qirq yillik taksist-ku! Tushumi yomon emasmish. Hozir, kakraz sezon mahali. Vokzal-pokzalga chiqing-chi. O‘qituvchisiz, Xudo til-jag‘dan bergan bo‘lsa! Gavdangizdan ham tuya hurksa...
Bu jo‘yali fikr Sherqo‘ziga ma’qul tushdi. "Ushbu damdir, o‘zga damni dam dema!" deya "Balogardon" dostonidan ikki qator baytni xirgoyi qilgancha, darhol vokzalga qichab jo‘nadi. Borib qarasa, ehe... undan boshqa ham "xotinidan maslahat olganlar" ko‘pchilik ekan! Sherqo‘zi tushkunlikka tushmadi. Mushukdek payt poyladi. Vagondan tushgan to‘rt-besh soldat bolalarning biriga chang soldi — yengidan mahkam ushlab oldi.
— Ukajon! Moshin tayyor... Enaginalaring intizor, izlaringa ilhaq bo‘lib ko‘z yoshi to‘kib o‘tirgandir. Volidai mushfiqni kuttirish yaramaydi. Qani ketdik!
Harbiy xizmatdan qaytayotgan yigit Chiyalidan ekan. "Juda sahovatli odamlar ular", xayolidan lip etib o‘tdi Sherqo‘zining. Ammo manzilga yetgach hafsalasi pir bo‘ldi-qo‘ydi. Mezbon chol nevarasi bilan sovuqqina ko‘risharkan, "taksi"ga qarab yovqarash qildi.
— He, enag‘ardi bolasi! Avtobusda kelsang puting jirtilib qolaydimi?! Otang Chiyal bozorga ketgan. Kelsa rascho‘tlashadi... Seni ko‘rib kelganimizga hali ikki oy bo‘lgani jo‘q, bu boyvachcha esa moshinda kerilib... He-e, bodi!
Sherqo‘zining "Bozorchi ota"ni kutishga fursati yo‘qroq edi. Shu bois bova bilan savdolashishga tushib ketdi. Unisi u dedi, bunisi bu dedi, nihoyat chorak soat qo‘l siltishlardan so‘ng, suyunchining narxi "Bir tovuq, yigirmata tuxum..."ga bichildi.
Mazaxo‘rak bo‘lgan Sherqo‘zi ertasi yana barvaqtroq bekatga chiqdi. Endi poezdning qorasi ko‘ringandiki, kimdir yengidan tortdi. O‘girilib qarasa tijoratchi qaynonasi — to‘rt xalta tugun bilan ishshayib turibdi.
— Voy, mehribon kuyovginamdan aylanay. Safardan kelishimni bilgan ulimdan-da! Qani, bagajni oching, bolam... Ertangi bozordan kechikmay!
Sherqo‘zining ikki ko‘zi vagonlarda "pashsha qo‘ridi".
— Qoching, xola! Toshkandan kattakonlarim kelyapti. "Mintaksitrans" vazirligidan! Ie, ana...
Qaynona "voy, kattakonlaring hali mendan aziz bo‘ldimi! Qizimga aytib, teringga somon tiqtiraman!" degancha qolaverdi. Sherqo‘zi lapanglagancha oldinga intildi. Yo‘q, baribir kechikdi. Amal-taqal qilib, zo‘rg‘a bittagina soldatni to‘riga ilintirdi.
Shu tariqa hafta-o‘n kun Sherqo‘zi harbiydan qaytuvchi yigitlarning yo‘lini poyladi. So‘ng to‘satdan soldat bolaginalar ko‘rinmay qolishdi. O‘sha kunda ham Sherqo‘zi ancha mahalgacha daraxt soyasida chivin qo‘rib o‘tirdi. Bir kuni bunday qarasa, perronning narigi tarafidan Askar mundiridagi, barvasta, shop mo‘ylovli, qo‘lida tugun, bir kishi hushtak chalgancha ohista ketib boryapti.
Sherqo‘zi ikki sakrashda uning yo‘lini to‘sdi.
— Yo‘l bo‘lsin, ukaginam... yo‘g‘-e!
Sherqo‘zi sinchiklab nazar solsa, "soldat bola"ning yoshi undan kattaroq, ustiga-ustak mo‘ylovi ham bor. Shunday bo‘lsa ham, u o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi.
— Akaginam! Qani, moshin tayyor... G‘iz etib olib borib qo‘yaman!
Akagina mo‘ylov siladi.
— Uy yaqin edi-ku?! Xo‘p mayli... Birov iltimos qilsa, hecham yo‘q deyayolmayman...
Sherqo‘zi ovning quruq bo‘lmaganligidan og‘zi qulog‘ida, mashina chambaragini aylantirarkan, hazil ohangida so‘radi:
— Akaginam, bu deyman... Rosa mijig‘ini chiqazib xizmat qilib kelyapsizmi, deyman-a?
Yana mo‘ylov silandi.
— Nimasini aytasiz, uka. Roppa-rosa o‘ttiz yil bo‘ldi shu xizmatni boshlaganimizga!
— O‘ho‘! — Sherqo‘zining hayrati oshdi. — Biz ham moryak bo‘lganmiz, armiyada, lekin xizmat uch yildan oshmagan.Shu joyga yetganda Sherqo‘zi "soldat"ga shubha bilan tikildi.
— Formangiz ham sal boshqacharoqmi? O‘zi armiya xizmatidan kelyapsizmi?
Bu safar ajablanish "mo‘ylovga" yuqdi.
— Qanaqa armiya?! Soldat bo‘lganimizga yigirma yildan oshdi-ku... Men hozir pojarnikman. O‘t o‘chirish komandasida ishlayman.
Sherqo‘zining chambarak tutgan qo‘llari changak bo‘ldi, rangi qum o‘chdi, tili gapga kelmadi. U shu tobda mashinani to‘xtatishni ham, yurgizishni ham bilmay karaxt holga tushgandi...