OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Sharif. Mening qirg‘izim (hikoya)

Nafasim bo‘g‘zimga tiqilgandek bo‘ldi. Raqibim ham toliqqan shekilli: ikkovimiz birdek harsillab, pishqirib, kallama-kalla tiralishib qoldik. Miyamda faqat bir xayol charx uradi: qaniydi hammasi tezroq tugay qolsa... Payt poylab, yarim qadam ortimga siltandimu ko‘kragini mo‘ljallab kalla qo‘ydim. Voy ablah-ey! G‘irt toshning o‘zi-ku! Qaytanga miyamdan o‘t chaqnab, o‘zim ortga qalqib ketdim. U bo‘lsa qoqqan qoziqdek o‘rnidan jilmadi. Ko‘pdan beri bunaqangi kuchli raqibga duch kelmovdim. Yomon alam qildi, ustiga-ustak ikkilanib qolganimni ko‘rib, atrofimdagilar shovqin ko‘tardi.
– Ur, nega qarab turibsan?
– Sol och biqiniga qirg‘izni!
– Qarab turma, shashting qaytadi! Tuproq yalatmaysanmi bu sho‘rtumshuqni?!
– Urmanglar! Urmanglar meni qirg‘izimni, u bizzi mehmonimiz, otamga aytaman senlarni! – deb baqiradi Shodmon jonhalak. U bizni o‘rab olgan bolalar halqasidan o‘tishga urinadi, lekin uni turtib-nuqib chetga chiqarib yuborishadi.
– Nima bo‘pti seni qirg‘izing bo‘lsa? Otangni emas, enangni boshlab kelmaysanmi!? – kalaka qilishadi uni.
Shodmonning iltijoli nidolari meni battar g‘azabimni qo‘zg‘aydi: balo bormidi qirg‘izingni ko‘chaga yetaklab chiqib hammaga ko‘z-ko‘z qilishga. O‘rtoqlar gij-gijlashi bilan o‘zim janjalni boshlashga boshlab, endi tugatishga ko‘zim yetmay turibdi. Shu xayol bilan Shodmonga g‘azab bilan o‘qrayib qo‘yaman. U esa endi bir ish qo‘lidan kelmasligini tushunib, ko‘zining chetida yoshini miltillatgancha, qirg‘iziga gunohkorona yer ostidan chorasiz boqadi.
Qirg‘iz bola chayir ekan. Miqti gavdasi jo‘xori yanchadigan kelimizdek og‘ir, o‘rnidan qo‘zg‘atish qiyin. Besh-olti marta tagimga bosib olaman deb urindim, lekin bo‘y bermadi, bilaklariyam saksovuldek, o‘zim chalqancha yiqilishimga bir bahya qoldi. Lekin endi ortga yo‘l yo‘q, nima qilib bo‘lsayam uni yiqitmasam, sharmanda bo‘lishim bor gap. O‘zimizning ko‘cha qolib, undan nari yana ikki mahallada tengqur bolalar bilan bellashib, ko‘pini yiqitib yurganim bir pul bo‘ladi. Bir belidan olganda oyog‘ini osmondan keltiraman deb o‘ylagandim, chuchvarani xom sanabman. Endi oxirgi, ayyorona usulni qo‘llamoqchi bo‘ldim.  Ikki oyog‘iga ostiga o‘zimni tashlab, go‘yo uni shu tarzda oyoqlaridan tortib yiqitmoqchiga o‘xshadim. U firibga ilindi va meni belimdan ko‘tarib, boshi uzra otmoqchi bo‘ldi. Shunda darrov ikki qo‘lini bilaklarim orasida qayirib, yonboshga bir aylanib, tagimga bosib oldim. Ha, bu usul doim ish beradi! Akamning bir o‘rtog‘i o‘rgatgan menga: raqibning oyog‘i tagiga o‘zingni tashlash uncha yoqmasa-da, yoshi yoki gavdasi  kattalar bilan kurashganda zo‘r ish beradi. Bolalarning ur-sol degan hayqirig‘i  ostida qizishib, raqibimga bir-ikki musht tushirdim, labining chetidan qon chiqqanini ko‘rib to‘xtadim. Keyin ust-boshimdagi tuproqni qoqib, bolalar qurshovida uyim tomon g‘olibona qadam tashlab keta boshladim. Shodmon qirg‘izini qo‘lidan tortib, yotgan joyidan turishiga yordam berar ekan, ortimdan yig‘lamsirab qichqirdi:
– Otamga aytaman hali seni!
Aytsa aytar, deymanu qo‘chqordek kuchli raqibdan zo‘rg‘a qutulib olganimga yengil tortaman. Biroq ko‘ngilda baribir hadik bor, dadamning qahri qattiq: o‘zimni mol-qo‘yga qarash bilan ovoradek tutib, qosh qorayguncha ostonamizga qadam qo‘ymadim. Harqalay Shodmonning otasi shikoyat qilib kelmagan shekilli, opa-singillarimdan surishtirib, hech gap yo‘qligiga amin bo‘lgach, bilintirmay uyga kirib oldim.
Ertasiga ertalab ko‘chada Shodmonning qirg‘izini boplab adabini berdim deya ko‘krak kerib yuribman-ku, o‘tgan-ketgandan maqtov kutib. Lekin ko‘chada maqtov aytadigan kimsa yo‘q, hamma dalada. Bo‘g‘otlar, tol va tut kovaklarida polaponlar chirillaydi xolos.
O‘sha kuni qishloqqa ipak qurti urug‘i tarqatildi. Bizga ham o‘n besh gramm berishibdi. O‘zimiz o‘tirgan uyning bir xonasini qurt uchun bo‘shatib, pechka o‘rnatdik. Shu bilan o‘yinlar, ko‘cha kezishlar barham topdi. Akalarim g‘o‘za yagana qilish uchun dalaga yotoqqa ketgan, mol-qo‘y qarovi, qurtxona pechkasiga o‘tin qilish, barg terishda onamga yordam berish men bilan singillarimga qoldi. Boshida qiyin emas, biror haftadan keyin qurtlar yiriklashib, kitir-kitir barg yeyishga astoydil kirishganda sho‘rimizga sho‘rva to‘kiladi: anhorning narigi betidan tut shoxlarini kesib kelish, kartlash, qurtxonani g‘analash, kuniga ikki mahal so‘kchak tagida to‘kilgan qurtlarni terish – eng yomon ko‘rgan ishim. Kattalar goho ta’riflab qoladigan uzoq o‘rmonlarga yoki tog‘larga chiqib ketgim keladi.
Hovlimizning ikkita eshigi bor. Biri kunchiqarda, ertalab darvoza ochilganda quyosh baland teraklar va ular ortidagi keng dalalardan bosh ko‘tarayotgan bo‘ladi, ikkinchisi – bir qanotli orqa eshigimiz kunbotishga qaragan, chiqsang qarshingda qo‘ng‘ir tog‘lar qad rostlab turadi, uzoq emas, nari borsa besh-olti kilometr. Goho chordoqqa pichan tashlash uchun chiqqanimda narvonning eng tepa pog‘onasida o‘tirib, qizg‘ish tog‘ cho‘qqilariga tikilgancha o‘ylanib qolaman, namuncha taqir bo‘lmasa, hech bir giyoh unmaydi, bunday toqqa chiqib ketganing bilan bir kun ham yasholmasang kerak. Havo ochiq kunlari qo‘ng‘ir tog‘ ortida osmonni tirab turgandek  moviy cho‘qqilar ko‘rinadi. Xayolimni onamning chaqirig‘i bo‘ladi: qo‘ylarga o‘t solish, keyin pechkaga olov qalash kerak.
Shunday kunlarning birida chinakam quvonchli xabar keldi. Toqqa chitir o‘rgani boradigan bo‘ldim. Yaqinimizdagi taqir va qo‘ng‘ir tog‘larga emas, undan nari, Chotqol tog‘lariga. Burning yerga tekkudek bo‘lib tutshox tashib qurt katta qilasan, lekin pilla o‘rashga kelganda ular injiq, dasta tanlaydi, deya nolishadi kattalar. Pilla o‘rashga eng yaxshi dasta chitir ekan. Shunga kolxoz mashina ajratibdi, har bir xonadondan bir bekorchi bo‘lsa, toqqa chitir o‘rishga borishi mumkin. Dadam, akalarim chopiqda bo‘lgani uchun uyda qolgan yolg‘iz erkak men edim.
Hayajondan tuni bilan uyqum kelmadi. Tong sahar onam bir belboqqa bitta non, bir hovuch turshak va yana bir hovuch jiyda tugib berib, qo‘limga o‘roq tutqazar ekan, tog‘da toshdan toshga sakramasligim, qoya va daralar yoniga yaqin yo‘lamasligimni qattiq tayinladi. Tez orada kolxozning “Gaz-53” yuk mashinasi signal chalib qishloq oraladi. Ko‘chaga otilib chiqdim. Mashina yukxonasi to‘lay deb qolibdi, aksariyati kattalar, ayollar ham bor. Chamamda yigirma daqiqalardan so‘ng Qirg‘izistonga o‘tdik, atrofni tomosha qilish uchun o‘rnimdan turib olgim keladi, biroq kattalar o‘tirib ol, deya boshimdan pastga bosadi. Ilkis hamma o‘rnidan turib, ertalabki quyosh nurlarida jilvalanib turgan ulkan ko‘lga ishora qildi: “Ana! Ana Kosonsoy suv ombori!”
Uyimdan bu qadar uzoq kelganim, atrof-to‘garakning daqiqa sayin o‘zgarishi meni to‘lqinlantirib yuborgandi. Biror soatlardan keyin mashina kuchanib toqqa o‘rlay boshladi. Odamlar Teraksoydan o‘tdik, shu ketishda Oqtomga yetib qolsak kerak, deya muhokama qilishardi. Mashina tog‘ o‘rkachining yarmiga chiqib, ulkan tik qoya ostida to‘xtadi. Uzoq ketib qolsak qaytishimiz qiyin bo‘ladi, shu yerda tushib ishga kirishinglar, dedi haydovchi.
Orzuimdagi archali tog‘! Tog‘ yonbag‘irlari ko‘m-ko‘k o‘tloq, tepasida osmono‘par cho‘qqilar. Qarasang boshdagi do‘pping sirg‘alib tushadi. Kattalar darhol ishga kirishib ketdi, men esa tik qoyalarga, boshim uzra qo‘l uzatsa yetgudek suzib yurgan bulutlarga suqlik bilan tikilaman, o‘tloqda uzala tushib, bu azim tog‘larga tikilgancha qilt etmay yotgim keladi. Lekin vaqt tig‘iz, ulgurganimcha chitir o‘rishim lozim. Qup-quruq qo‘l bilan qaytib borolmayman-ku. Chitir deganlari yakkam-dukkam o‘sar ekan, hali yuqoriga, hali pastga chopaman, qidiraman, ora-sira lolalar chiqib qoladi, terib olgim keladi, lekin chitir to‘plash kerak. Tog‘ning ulug‘vorligi ich-ichimda bir nimalarni jo‘shtirib yuboradi, shartta o‘roqni uloqtirib, qiya o‘tloqda hayqirgancha chopgim keladi-yu, qiyalikda o‘zimni to‘xtata olmay pastga, chuqurlikka qulab ketishdan qo‘rqaman. Hayajon, hayrat va qo‘rquv bir damning o‘zida yuragimni hapriqtiradi.
Yo‘l uzoq, haydovchi hammani tezroq ishlashga undaydi, qorong‘uga qolmay yo‘lga tushishimiz kerak, deydi. Hash-pash deguncha kun kech bo‘ldi, hamma o‘rib kelgan chitirini bog‘lab, mashinaga ortdi, keyin ustiga o‘zimiz chiqib oldik. Men hammadan kam, uch bog‘ o‘ribman, lekin shunga ham xursand edim.
Tog‘dan qaytgach ikki-uch kun hayajonim arimay yurdim. Shodmonning duch kelgan joyda og‘iz ko‘pirtirib maqtanishi bejiz  emas ekan. Nega bizning qirg‘izimiz yo‘q, deb o‘ylab qoldim. Qishloqda ko‘pchilikning qirg‘izi bor, qishda biror haftaga tog‘dan tushib kelib qo‘noq bo‘ladi, shaharga tushib bozor-o‘char qiladi, mezbonining yetovida to‘yma-to‘y yuradi. Yozda esa bular toqqa, qirg‘izinikiga mehmonga boradi. Qimiz ichib, tog‘da sayr etib, dam olib qaytadi. Erta bahor berib yuborgan qo‘ylari ko‘paygan bo‘lsa, tanlab-tanlab semizini yetaklab keladi.
Ha shunaqa, ko‘pchilikning qirg‘izi bor, bizda esa yo‘q. Bu haqda dadamga aytishga cho‘chiyman, uncha-muncha gaplarni aytavermaymiz, onamga aytsam bo‘ladi, lekin ko‘nglini cho‘ktirgim kelmaydi. Yoki bobomga aytsammikin?
O‘sha yili qishda nihoyat men kutgan voqea yuz berdi. Dadam bir qirg‘iz mehmon boshlab keldi.
“Endi bizning ham o‘z qirg‘izimiz bo‘ladi, onasi! Oshni katta damlayver”, deganini eshitib qoldik. Uyda hammamizning quvonchimiz ichimizga sig‘may ketdi. Har kim o‘zicha turli sayohat rejasini  tuzishga kirishdi.
Qo‘rg‘onimizning janub tomonida mehmonxonamiz bor edi, ichkari xona, dahliz, romli ayvon va bir kichik yotoqxonadan iborat, aybi faqat quyoshga teskariligi edi, qishda isitish qiyinroq, ko‘p o‘tin ketadi. Yozda aksar mehmonlarga xizmat qiladi. Otam boshlab kelgan qirg‘iz kishi o‘sha uyning yotoqxonasiga joylashdi. Hammamiz yotoqxona derazasi ostidan qiziqsinib bo‘ynimizni cho‘zib o‘tamiz. Eng katta akam to‘ng‘illab bizni jerkiydi: “Bo‘ldi-da, nima, odam ko‘rmaganmisanlar?”
Onam oshni suzishi oldidan nihoyat qirg‘iz kishini ko‘rish vaqti keldi. Mehmon kelganida ovqatdan oldin ularning qo‘liga suv quyish mening vazifamga kirardi. Yelkamda sochiq, chap qo‘limda chilobchin, o‘ng qo‘limda obdasta, eshikni asta ochib, salom berib kirib boraman. Dadam bu marosimga jiddiy e’tibor beradi: dasturxonning chetini qayirib ehtiyot qadam bosishimu tizzalab, chilobchinni past tutishim, suvni mehmonning hovuchidan toshirmay, uch karra uzib-uzib quyishimni ko‘z ostidan kuzatib turadi. Bu bir imtihondek gap. Qo‘rqmasam ham bo‘ladi, bobom tez-tez uyushtirib turadigan mavlud va qurbonliklarda chollarning qo‘liga suv quyaverib tajribam oshib ketgan. Chollar qo‘lini yuvib bo‘lgach, “Taxarakallaxu min jamiyn izzunubika”, deydi. Men darrov javob duoni o‘qishim lozim, yo‘qsa yuvilgan qo‘l halol bo‘lmay qolar ekan. Bobom o‘rgatgan arabcha “sehrli” so‘zlarni odatda ichimda aytaman.  Biroq ba’zida qitmir chollar uchrab qoladi, javob duoni eshitmaguncha sochiqqa qo‘l  uzatmay, uzun va qoqsuyak barmoqlarini chilobchin ustida muallaq osiltirib, ko‘zimga sinovchan tikilgancha turaveradi, shunda meni ham qitmirligim tutib, atay indamayman. Qaysar chol esa katta tovoqda hovuri chiqib turgan qaynatma go‘shtni bo‘laklayotgan bobomga qarab: “Mulla Muhammadqul aka! O‘zingiz ilmdan gapirasiz, lekin nevarangiz duoni bilmas ekan-ku,” demoqqa chog‘lanib og‘iz juftlaganida men ilkis “Valaka misli zalika”, deb yuboraman. O‘jar cholning bobomga qaratilgan istehzoli luqmasi bo‘g‘zida qoladi, men ichimda sevinib qo‘yaman.
Ichkari xonada uzoqdan kelgan mehmondan tashqari, otamning uch jo‘rasi ham bor, paxta ekiladigan yerlar tobora kengayib, mol-qo‘y boqish qiyinlashgani, yem-xashakning narxi ko‘tarilib borayotgani haqida gaplashib o‘tirishibdi. Qirg‘iz kishi to‘rda, biqiniga yostiq qistirib, negadir yelkasini devorga qattiq tirab o‘tiribdi, yoki menga shunday tuyuldi. Dasturxonning chetini qayirib, to‘rga o‘tdim va qirg‘iz kishiga chilobchin tutar ekanman, zimdan afti angorini kuzatdim: ikki yuzi qip-qizil, bo‘yni va barmoqlari kalta, ko‘z qarashi qattiq, mo‘ylovi tamaki tutunidan sarg‘aygan miqti kishi ekan. Ziyofatma-ziyofat yuraverib to‘yib ketgan shekilli, goh kekirib qo‘yadi, goh tish kovagidagi go‘sht qoldiqlarini chiqarmoqchi bo‘lib “chirt” etib labi bilan lo‘njini so‘rib qo‘yadi. Dadamning jo‘ralari ham unga jo‘r bo‘ladi, “chirt-cho‘lp-chirq” etgan tovushlar chiqadi.  
Qirg‘izimiz haqidagi ilk tasavvurim shunaqa omuxta bo‘lsa-da, kelajakda uning o‘g‘illari bilan tanishish, tog‘ma-tog‘ chopa-chop o‘ynash orzusi bois xursand edim. Qirg‘iz kishi besh kun mehmon bo‘ldi, orada dadam bilan shaharga tushib, ancha bozor-o‘char qildi. Ketishida qo‘yxonamizdagi  uchta qiltiriq qo‘zini yetaklab ketdi. Dadamning rejasicha, eti ustixoniga yopishgan bu qo‘zilar kelasi kuzda tog‘u toshning dorivor giyohlariga to‘yingan, serkillagan qo‘ylarga aylanib qaytishi kerak edi.  
Yozga chiqib qirg‘izimizni yo‘qlab boradigan bo‘ldik. Quvonchimning chegarasi yo‘q. Jiguli mashinamizning yukxonasini mevalarga to‘ldirib yo‘lga chiqdik. O‘zimizning taqir, qo‘ng‘ir tog‘ o‘rkachlaridan oshib o‘tgandan so‘ng Qirg‘iziston boshlandi. Yuqoriga o‘rlab-o‘rlab Shakaftar, undan so‘ng Sumsardan ham o‘tib, qaydasan Ko‘ktosh deb ketyapmiz. Men bu nomlarni bilmasdim, yo‘lma-yo‘l dadam tushuntirib bordi. Biz – onam va singillarim tashqaridagi manzaradan ko‘z uzolmaymiz: muazzam tog‘lar, tik qoyalar, ulkan va silliq toshlar, ko‘m-ko‘k o‘tloqlar, sharqiragan jilg‘alar, lekin daraxtlar kam. Onda-sonda yo‘l chetida o‘n-o‘nbesh tup terak yoki qayrag‘och uchrab qoladi, boshdan-oyoq qushlar iniga to‘la. Inlarning ko‘pligidan shoxlari g‘ij-g‘ij meva tukkan daraxt kabi egilib qolgan. Bunaqangi ko‘p qush uyasini ko‘rib o‘zimni mashinadan tashqari otgim keladi, lekin dadamning jiddiy qiyofasiga qarab damimni chiqarmayman. Dadam mashina hayday boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q.
“Qirg‘izning milisasi uchrab qolmasa bo‘ldi, bir “jo‘q” dedimi, tamom, qayta gapga ko‘ndirib bo‘lmaydi. Qosh qoraymay manzilga yetib olishimiz kerak,” deb qo‘yadi bizga xavotir bilan.
Ko‘ktoshga yaqinlashgan sari tog‘ yonbag‘irlarida archalar ko‘paya bordi, bulutlar pasayib, biz bilan tenglashgandek edi. Men olazarak muzli bulutlarni qidiraman. Shodmon maqtanardi: “qirg‘izim bilan tog‘ cho‘qqisiga chiqqanimizda muzli bulutdan bir parcha ko‘chirib olib, muzqaymoqdek yalaganmiz”. Yana aytardiki, “qop-qora bulutlarning chetida  mo‘miyo osilib turadi,  qirg‘iz ovchilari ularni miltiqda otib tushirib, bizga keltirib sotishadi”.
Bobomning tobi qochganda enam mo‘miyo eritib ichirardi. Shodmondan eshitgan gapimni bobomga aytganman. “Mo‘miyoni ovchilar ham urib tushiradi deb eshitganman, lekin bulutdan emas, tik qoyalardan. Mo‘miyo qoyalar ostida sumalakka o‘xshab osilib turar ekan, silliq qoyatoshlarga chiqish imkonsiz bo‘lganidan merganlar mo‘miyoni urib tushiradi”, degandi bobom.  
Manzilga yaqin qoldi shekilli, ahyon-ahyonda oppoq uylar ko‘zga tashlanib qoldi. Bu uylar bizning dalalarda qurilgan, odamlar “tipovoy” deydigan, to‘rt tomonida ham derazasi bor zamonaviy shiyponlarga o‘xshardi. Lekin uylar bir-biridan uzoqda. Otam yo‘lma-yo‘l otliqlardan qirg‘izimizning manzilini so‘rab, nihoyat uning uyini topib bordik.
Qirg‘izimiz yashaydigan oqqa bo‘yalgan uy tog‘ yonbag‘ridagi tekislik o‘rtasida ekan, sal narida jarlik va daralar. Uyning old tomonida esa tog‘ cho‘qqisiga qarab o‘tloqlar yastangan, yuqorida archali o‘rmon. Yuragim quvonchdan qinidan chiqib ketishga chog‘lanadi.
Qirg‘izimiz darhol qo‘y so‘ydi, kattalar go‘sht nimtalab ziyofat tadorigini ko‘ra boshlashdi, ayollar o‘choqqa urindi. Men esa qirg‘izimizning o‘zim tengi o‘g‘li bilan tanishmoqchi bo‘laman, lekin gapni nimadan boshlashni bilmayman, u ham meni qiziqsinib kuzatadi. Ismi Turdiqul ekan, mendan bir yosh kichik, lekin bo‘yi bo‘yimga barobar, pishiq-puxta bolaga o‘xshaydi.  Bir oz elakishib qolganimizdan so‘ng, ketdik cho‘qqiga chiqamiz, deyman. U esa kuladi, yaqin ko‘ringani bilan aslida juda uzoq, qorong‘uga qolib ketsak, tog‘amizning qo‘liga tushib, sho‘rimiz quriydi, ertaga ertalab yo‘lga chiqsak bo‘ladi, deydi. Tog‘asi juda jahldor odam bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
Kechqurun qovurdoqni paqqos tushirar ekanmiz, qirg‘izimiz chorva haqida gapirib, dadamga shikoyat qildi. “Kecha tunda tog‘alarimiz yana ikkita qo‘yni ko‘tarib ketishdi”, dedi. Mening hayratim oshdi, Turdiquldan tog‘alaringdan qo‘rqasizlarmi, nega qo‘ylaringni ko‘tarib ketsa indamaysizlar, deb so‘radim. U yana kuldi: “Ha, tog‘alarimizdan juda qo‘rqamiz, ular yomon,” dedi ko‘zlarini ola-kula qilib. Keyin bilsam, ular bo‘rini “tog‘a” der ekan.
O‘sha tun ming xil hayajon va quvonch bilan uyquga ketdim.
Ertalab ko‘zimni ochganimda go‘yo ertakda yashayotgandek edim. Nonushtaga qandaydir tog‘ giyohining tomiridan tayyorlangan oppoq bo‘tqa yedik, xuddi kartoshka bo‘tqasiga o‘xshash, lekin yumshoq va shirali. Kattalar qimiz, biz esa qaynatilgan echki sutini ichdik. Dadam mezbon bilan qishloq aylangani ketishdi, onam va singillarim Turdiqulning onasi va opalari bilan uyda qolishdi. Biz to‘g‘rimizdagi azim cho‘qqi sari intildik.
Tizzadan tepaga uradigan o‘tloqdan ketib borar ekanmiz, Turdiquldan otlaring yo‘qmi, deb so‘radim shu choq rosa ot mingim kelib.
– Otlarimizni cho‘ponlarimiz minib ketgan, ot minging kelsa, hozir topamiz, – dedi u meni chap tomondagi tepalikka boshlab. Tepalik ortida yana bir keng o‘tloq bor ekan, besh-olti chog‘ kishi ot choptirib yuribdi. Turdiqul ikki barmog‘ini og‘ziga solib hushtak chaldi, shunday chaldiki, qulog‘im chiyillab ketdi. Otliqlar uzoqdan bizning qoramizni ilg‘ab, shu tomon ot qo‘yishdi, biz ular tomon tushib bordik. Chavandozlar yaqinlashganda ularning oldida itlar chopib kelayotganini ko‘rib, taqqa to‘xtadim. Nazarimda, ho‘kizdek keladigan itlar edi. Turdiqul menga hayron boqdi, unga itlardan qo‘rqishimni aytdim. U mening yonimga keldi va itlar yetib kelganida qattiq harakat qilma, dedi. Keyin o‘zicha g‘udranib, “Alimbek ularning orasida ko‘rinmaydi-ku”, dedi talmovsirab. Yaqinlashib kelayotgan otlarning tog‘u toshni larzaga solgudek dupur-dupur shovqinimi yoki otliqlarning hayyo-huv degan chinqirig‘idanmi, harqalay yuragimga qattiq g‘ulg‘ula tushdi. Ular yetib kelganida peshonamdan sovuq ter chiqib ketgandi. Men Turdiqulning ortiga yashirinib olgandim. Bizni o‘rab olib akillayotgan haybatli, kallasi katta-katta itlarni Turdiqul haydab soldi. Ot minganlarning bari o‘zimiz tengi bolalar ekan. Ular atrofimizda gir aylanib ot chopishdi, meni obdon ko‘zdan kechirishdi. Orasidagi yoshi kattaroq bola qo‘lidagi qamchisini menga o‘qtalib, kim bu, deb Turdiquldan so‘radi. Turdiqul bu bola bizning qarindoshimiz bo‘ladi, ot minmoqchi, dedi. Bolalar qiy-chuv qilib meni masxara qilib kulishdi,  atrofimda yana ot o‘ynatib aylanishdi. Shundan sezdimki, ularning niyati yaxshi emas. O‘sha yoshi kattasi qo‘qqisdan menga tikkasiga ot soldi. Otning pishqirishidan cho‘chib o‘zimni ortga tashladim.
– Bul saga kanday tuugan bolot? – dedi u otning jilovini tortib. – Attan korkot, itten korkot, sart-ko munung!
– Jok, tuuganыbыz bolot, – dedi Turdiqul dovdirab.
– Bыljыraba. Sarttыn balasы bul! – dedi u va otdan epchillik bilan sakrab tushib, yonimga keldi, ko‘zimga tikildi.
– Attan korkosung, itten korkosung, menden-da korkosungbu, sart?!
Yana qiyqiruv bo‘ldi. Hamma joyda xo‘roz bir xil qichqirar ekan, bu yerda ham mushtlashish shu gapdan boshlanar ekan-da. Ichimdan zil ketib turgan bo‘lsam-da “yo‘q, qo‘rqmayman” dedim.  Shunda u chap yelkamga nuqidi, sezdimki, zarbasi kuchli emas. Qarab tursam bo‘lmasdi, men ham uning yelkasiga nuqidim. Atrofimizdagi bolalar yana hayyo-huyt deb qichqirishdi. U ortga tisarilib menga musht solmoqchi bo‘ldi, men endi olishmagan nomard deya unga tashlandim. Aytdimku, zarbasi kuchli emas, zuvalasi ham bo‘shroq ekan, belidan qisib dast ko‘tardimu oyog‘iga chalish berib, yiqitib oldim. Biroq birov ortimdan boshimga musht soldi va “ur sartni” degan hayqiriqlarni eshitdim. Meni urib-tepkilay ketishdi. Boshimni changallab enkayib oldim. Ilkis qamchining chiyillagan tovushini, bolalarning dod-voyini eshitdim. Turdiqul boshi uzra qamchi sermab, hamqishloqlarini mendan nari haydardi, bir-ikkitasini tarsillatib soldi ham. Bolalar bizdan uzoqlashib, keyin Turdiqulga do‘q qilishga o‘tdi.
– Sart  ketet, sen kalasыng, enengdi taanыtabыz, – dedi o‘sha kattasi. Turdiqul uning gapiga parvo qilmadi, aksincha qamchini yanayam qattiq sermab, meni o‘tloq chetidagi xarsang toshli so‘qmoq tomon yetakladi. Otliqlar qirra toshli so‘qmoqqa chiqa olmasdi.
– Kana biroong jakыndashыp korchu menin sartыma! – dedi Turdiqul biz tepaga chiqib olganimizdan so‘ng.
Ular pastda turib yana ancha-muncha do‘q-po‘pisa qilgach, hali qo‘limizga tushasanlar, deya qichqiriq ila pastlikka qarab ot choptirib ketishdi.
Tepki tushgan joylarim zirillab og‘rirdi, lekin burnim qonab, yangi ko‘ylagimni dog‘ qilgani alam qildi. Turdiqulning xijolatdan qizarganini ko‘rib, hech narsa qilmaydi, dadam bilmasa bo‘ldi, yo‘qsa, qaytib bu yerlarga olib kelmaydi, deyman uni yupatmoqchi bo‘lib. Biz hech narsa bo‘lmagandek yana  qoya tomon yo‘l oldik. Oldimizdan kichik bir jilg‘a chiqdi. Ko‘ylagimni yechib, muzdek suvda yuvib, toshlarga ishqalab dog‘ini ketkazdim. Turdiqul o‘zining ko‘ylagini menga berib, o‘zi maykachan qoldi. Men ko‘nikib ketganman, kiyaver o‘zingniki quriguncha, dedi. Hansillab, toshdan toshga sakrab yuqoriga o‘rladik.  
Quyosh tikkaga kelganda biz qoya ustida turardik. Oyog‘imiz ostida siyrak bulutlar suzadi, lekin bir parchasini uzib olib, muzqaymoqdek so‘rsa bo‘ladigan muzli bulutlar yo‘q ekan. Albatta, bu haqda  Turdiquldan so‘rab o‘tirmadim, men go‘yo ancha ulg‘ayib qolgandek edim. Shu payt o‘tgan yilgi voqea, Shodmonning iltijoli nigohi, tagimga bosib olib urganim – uning qirg‘izi yodimga tushdi. Turdiqulning bundan xabari bo‘lmasa-da, negadir o‘zimni juda o‘ng‘aysiz, mulzam his qildim. Turdiqul esa allaqachon quyoshda qizarishga ulgurgan yelkalarini shamolga tutib, qoya uchida parvozga shay burgutdek turardi. Mening qirg‘izim, deya unga havas ila qarar, o‘zimni shu azim tog‘lardan-da yuksaklikda his etardim. Ko‘ngilda esa qaytish yo‘lida g‘animlar kutib turishmaganmikin, degan jindek g‘ashlik bor edi xolos. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.