OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Sharif. Parvoz (hikoya)

– Ayblanuvchi Bozorov Adham, o‘rningizdan turing! Marhamat, o‘zingizni sudga tanishtiring: qachon, qayerda tug‘ilgansiz, kasbingiz nima? Hozir o‘qib eshittirilgan ayblovnomadagi jinoyatga nega qo‘l urganingiz, ya’ni samolyotni qanday qilib va nima maqsadda olib qochganingiz haqida batafsil gapirib bering. – Qirra burun, tikanak soch, ikki yuziga qon tepib turgan hakam pistoqi bo‘yinbog‘ini to‘g‘rilab, zalning chap burchagiga yarim o‘girildi. Temir panjara ortida ko‘zlari jovdiragancha kaftlarini juftlab, tizzalari orasiga olib o‘tirgan mahbus bir qalqib oldi. 
Qoramag‘iz, siyrak qoshlari ostidagi qo‘yko‘zlari cho‘kkan o‘rta yashar kishi o‘zini dadil tutishga harakat qilar, lekin uniqib, titilib ketayozgan shimining pochasi shabadada qolgandek tinimsiz hilpirardi. U o‘rnidan turgach, sud zalining salobati bosibmi yoki hozirgina hakam o‘qib eshittirgan ayblovning zalvoridan gangibmi, qiynalib yutindi, negadir ko‘ylagining tugmalarini bir-bir paypaslab ushlab chiqdi.
– Men... men... ayblanuvchi Bozorov Adham To‘qliyevich, bir ming to‘qqiz yuz oltmish to‘qqizinchi yili shu o‘zimizni qishloqda...   
– Nomini ayting, qaysi qishloq?! – Hakam uning so‘zini cho‘rt kesdi.
– Men, Bozorov Adham To‘qliyevich bir ming to‘qqiz yuz oltmish to‘qqizinchi yili shu o‘zimizning... Sakkizqo‘rg‘on qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilganman.  Shu qishlog‘imizdagi o‘ttiz beshinchi maktabda o‘n yil o‘qidim. Keyin tumandagi kasb-hunar bilim yurtida o‘qidim, ma’lumotim o‘rta-maxsus. Shu qishloqda unib-o‘sib voyaga yetdim. G‘amxo‘r hukumatimiz yaratib bergan sharoit tufayli astoydil va halol mehnat qilib...ota-onamga yordam berdim, uylandim, hozirda to‘rt nafar farzandni voyaga yetkazmoqda edim... – U tutilib, advokatga birrov yer ostidan ko‘z tashladi. Tepakal, kirpimo‘ylov advokat unga tasdiq ma’nosida bilinar-bilinmas bosh irg‘ab, ko‘zoynagini ko‘rsatkich barmog‘i bilan ko‘tarib oldi. 
Adham karra jadvali yodiga tushgan o‘quvchidek biroz ruhlandi: 
– Shu... to‘rt nafar farzandni elimizga, davlatimizga yaxshi xizmat qiladigan farzandlar qilib tarbiyalash maqsadida tinim bilmay mexanik-usta sifatida mehnat qilib... elga beminnat xizmat ko‘rsatib  kelayotgan edim. Shu...shu ikki ming o‘ninchi yilning to‘qqizinchi iyul kuni ertalab soat o‘nda umrimda eng katta xatoga yo‘l qo‘ydim...va kutilmaganda shu hozir aytilgan o‘sha ishni qildim, o‘sha samolyotni olib qochdim...bundan qattiq pushaymonman. Odil suddan menga shafqat qilishni, voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandim, keksaygan, qarovga muhtoj ota-onam borligini hisobga olishini so‘rayman...
Advokat o‘siq qoshlarini chimirgancha Adhamga norozi tikilib, unga imo qilmoqchi edi, ulgurmadi, hakamning ovozi yangradi:                                                             
– Ayblanuvchi Bozorov, sizga hali oxirgi so‘z berilgani yo‘q. Hali ulgurasiz bu gaplarni aytishga. Hozir  bu og‘ir jinoyatga sizni nima yetaklagani, kimlar bilan til biriktirib, qanday maqsadda bu ishni sodir etganingiz  haqida sudga gapirib bering. Xo‘sh,  bu jinoyatga sizni nima undadi?
– Men Bozorov Adham shu... ikki ming o‘ninchi yilning yoz kunlarida, iyunning o‘rtalari edi, aniq kuni esimda yo‘q, shu... fuqaro Mannopov Orifni uyimga taklif qildim. 
–    Mannopov Orif kim edi o‘zi? 
                – Shu... uchuvchi Mannopov, o‘sha samolyotni boshqaradigan kishi. U taklifimga rozi bo‘ldi. Keyin uydagi dakang xo‘rozimni so‘yib oshga bosdim. Osh yedik, ichdik. Shu...
     – Nima ichdilaring, choymi, suvmi? – hakam kinoyali luqma tashladi. 
– Shu... o‘zimizni aroq-da... Keyin uchuvchi Mannopov Orif bilan ancha yaqin bo‘lib qoldik. Keyin... shu jinoyat yo‘lida uni chalg‘itish ilinjida o‘n besh kun davomida har kuni tovuq so‘yib, oshga bosdim va unga yedirdim, buni orasida spirtli ichimlik ham quyib berdim, xullas, shu tariqa uning ishonchiga kirib, keyin samolyotni olib qochdim... bundan judayam qattiq pushaymonman. 
– Bozorov, siz oilangiz ahvoli og‘irligi,  qaramog‘ingizda voyaga yetmagan farzandlardan tashqari keksa ota-onangiz  ham borligini ro‘kach qilib,  afv so‘rayapsiz. Lekin o‘n besh kun uchuvchi Mannopovga ziyofat bergansiz, buncha pulni qaydan topdingiz? – hakam o‘smoqchiladi.
– Shu... fermerlarning traktorlarini, qishloqda odamlarning mashinalarini tuzatishdan choychaqa tushib turadi, shu... ro‘zg‘ordan sal tejab... Tovuqlar ham unchalik tovuq emasdi, uch oylik jo‘ja edi, xolos. Hokimiyat bahorda qishlog‘imizdagi kamxarj xonadonlarga yangi tuxumdan chiqqan jo‘jalarni tekin tarqatgan, haligi... ha, radioda aytgandek, dunyoda iqtisodiy inqiroz degan narsa ketyapti, oziq-ovqat narxi oshib boryapti, shunga tayyor turib, tomorqa daromadini oshiringlar deb jo‘ja bergandi, shundan bizga ham ellikta tekkandi, o‘lganidan qolgani yigirmatacha edi. 
– Dastlabki tergov jarayonida berilgan guvohlarning ko‘rsatmalaridan ma’lum bo‘lishicha, siz jinoyatni sodir etish arafasida ulfatlaringiz orasida bir necha marta "qarab turinglar, hali yana uchaman!" deb aytgansiz. Qishlog‘ingizda ham falonchi yana ucharmish, degan gap tarqagan ekan. Ayting-chi, siz avval ham uchgan edingizmi? Qachon va qayerda, nimada uchgansiz? 
–    Shu... bolaligimda bir marta raketaga osilib uchganman.
Zalda gurr kulgi ko‘tarilib, darrov so‘ndi. Hakam chimirildi. 
– Bozorov?! Siz sud zalida o‘tiribsiz, jinoyatingiz naqadar jiddiyligini bilasizmi?
– O‘rtoq sudya, rostdan ham uchganman. Parashutli raketa bor-ku, o‘shanga osilib uchganman. Beshinchi sinfda o‘qirdim, dalada mol boqib yurgandim. Kechga yaqin kuchli shamol turib, kunbotish tomondagi tog‘ ortidan qop-qora bulutlarni haydab chiqib keldi. Rosa qattiq jala yoki do‘l kelyapti, deb men uyga shoshildim. Bu haligi... bizda do‘lni eritish uchun otadigan zambaraklar bor. Avval yeru ko‘kni zirillatib zambarakdan rosa otishdi, do‘l qattiq shekilli, ketidan  besh-oltita raketa ham qo‘yib yuborishdi. 
Hakam ensasi qotgandek yon-atrofga taajjub alangladi. Yonidagi xalq maslahatchisi yondoshib uning qulog‘iga pichirladi: “Bizda avvallari do‘lga qarshi shunaqa raketa otishgan, do‘lni aerozol bilan eritib, keyin o‘zi parashutda yerga tushib kelardi, hozir ham otishadi, faqat parashutsiz, "Alazan" degan raketa otishadi, raketaning o‘zi havoda parchalanib, yonib ketadi,” dedi.  Hakam “ha, shundaymi” degandek bosh irg‘ab, ayblanuvchining so‘zlariga endi biroz qiziqish bilan quloq sola boshladi.
– ...Molimni sudrab qaytayotib Tuyatoydiga yetganimda pushti rang parashutli raketa osmondan qiyalab tushib qolsa bo‘ladimi? O‘sha paytlar qishlog‘imizda ko‘pchilik parashut tutib olardi, undan sport darsi uchun kiyim tikilardi, pishiq bo‘lardi-da, shu... ipi molga zo‘r arqon bo‘lardi, uch-to‘rt yil bemalol xizmat qilardi. Xursand bo‘lganimdan sigirni qishloqqa qarab haydadim-da, o‘zim raketa ketidan chopdim. Endi yerga qo‘nayin deganda shamol kuchayib, raketani parashut tortib ketdi, qarasam, qo‘nmoqchi emas, yana ko‘tarilib boryapti. Shartta raketaga osildim, qizib turgan ekan, sassiq hidiyam hali ketmagandi. O‘zi uncha katta emas, yo‘g‘onligi yuz elliktalik quvurcha, uzunligi bir yarim quloch keladi, kallagi biroz tutab turibdi. Yerga qo‘ndirishga kuchim yetmadi, o‘zimam chillashir bola edim-da... Bir gurillab kelgan shamolda parashut havolab ketdi, men raketaga mahkam chirmashib oldim. Qarasam, yerdan bir metr, keyin ikki metr balandladik. Shu... shamol zo‘rayib, uchib ketaverdim. Tuyatoydi balandlikda emasmi, qishlog‘imiz  ustidan o‘tayotganda naqd ellik-oltmish metr tepada edim chamamda... – u gapida biroz tutilib, negadir bir qizarib oldi, keyin taraddudlanib, zavq bilan gapida davom etdi. – ...Qishloqni tepasidan ko‘rdim, pastda shamol chang-to‘zon ko‘targan, tomlardagi g‘o‘zapoyalar uchgan, kimnidir shiferi qo‘porilib tomi ochilgan, teraklar chayqalib-chayqalib turibdi, ora-sira qarsillagan tovush ham chiqadi. Hamma o‘zi bilan ovora bo‘lgani uchun tepada men har qancha baqirmayin hech kim eshitmaydi. Shu alpozda uchib ketaverdim... chamamda o‘n besh minutcha uchdim. Yuzimga shatirlab yomg‘ir ura boshlaganda Ilonqirdagi paxta dalasiga qo‘ndim. Shiyponda o‘tirgan suvchilar uzoqdan raketani ko‘rib zambarakchilarga telefon qilgan ekan, hali parashutni yig‘ib ulgurmasimdan mashinada yetib kelishdi, raketaga qo‘shib parashutni ham olib qo‘yishdi. Yo‘l-yo‘lakay meni uyimga eltib, otamga bu bola zaharlanibdi, biror hafta qatiq ichiringlar, deb ketishdi. Shu... parashutni olib qololmadim, shunga bo‘lsa kerak qishloq ustidan uchib o‘tganimga haligacha hech kim ishonmagan.  
– Bozorov, siz raketani ko‘rgan kishi unga yaqinlashmay, zudlik bilan "Do‘lga qarshi harbiylashgan bo‘linma"ga xabar berishi lozimligini bilmasmidingiz? – Endi xalq maslahatchisi Adhamni savolga tutdi.
–    Yo‘q, o‘sha payt bilmagan ekanman, – dedi Adham alanglab. 
Xalq maslahatchisi o‘zicha ma’noli bosh irg‘ab, boshqa savolim yo‘q, degandek hakamga qaradi.
– O‘rtoq prokuror, sizda ayblanuvchi Bozorov Adhamga savollar bormi? – hakam pastda oqlovchi bilan yuzma-yuz o‘tirgan to‘q zangor formadagi prokurorga yuzlandi.  
Prokuror stol ustidagi tergov hujjatlarini varaqlagancha Adhamga yuzlanmasdan salmoqlanib gap boshladi:
     – Bozorov Adham, qani ayting-chi, uchish apparatlarini boshqarish uchun siz maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘taganmisiz yoki parvoz uchun tegishli idoralardan ruxsatnoma olganmisiz?
Adham ovozi chiqar-chiqmas "yo‘q" dedi.  
– Siz hech qanday malakasiz va tegishli davlat idoralari ruxsatisiz samolyot boshqarish jinoyat ekanini bilardingiz, shundaymi?
– Yo‘q, – Adhamning rangi o‘chdi va himoyachi tomonga iltijoli boqdi.    
– Bozorov Adham! Siz yashayotgan qishloq qo‘shni davlat chegarasidan bor yo‘g‘i o‘n kilometr uzoqlikda xolos, – prokuror so‘zida davom etdi. – Qani aytingchi, sizda uchish, aeronavigatsiya bo‘yicha maxsus bilim va malaka bo‘lmagani tufayli mamlakatimizning davlat chegarasidan tashqariga chiqib ketishingiz, qo‘shni davlat havo hududini buzib kirib, davlatlararo mojaroga sababchi bo‘lishingiz  mumkinligini bilarmidingiz?
Adhamning nafasi ichiga tushib ketdi, bir qancha payt muz qotib turdi. Keyin birdan tilga kirdi:
– Yo‘q, men hech kimning havo hududini buzmoqchi emasdim, qishloqdan ham ketmoqchi emasdim. Umrim bo‘yi shaharga ham bir necha marta tushganman, xolos. Shu... qishloq ustidan bir marta uchib o‘tish edi xolos niyatim. 
– Bozorov, siz dastlabki tergov payti samolyotni olib qochdim degansiz, hozir ham shu gapni takrorlayapsiz. Vaholanki, ayrim guvohlarga ko‘ra uchuvchi Mannopov Orif sizga o‘n besh kun uchishdan saboq bergan, evaziga siz uni har kuni osh va aroq bilan siylagansiz. Shunday ekan, fuqaro Mannopovning o‘zi sizga samolyot rulini tutqazmaganmi?
– Yo‘q, sira unday bo‘lmagan. U faqat men bergan savollarga javob qaytargan xolos. Men o‘zi kasbim mexanik bo‘lgani uchun texnikaga qattiq qiziqaman, yoshligimda ham birov menga o‘yinchog‘ini berishga qo‘rqardi, darrov maydalab, ichak-chavog‘ini ag‘darardim-da. Qishlog‘imizda Hakim boyvachcha birinchi bo‘lib shu... o‘zimizda ishlab chiqarilgan “Tiko” mashinasini olganda, sinfdoshlarim bilan garov o‘ynab, ertalabgacha mashinani sochib, keyin kechgacha qayta yiqqanman, bitta gaykasiyam ortib qolmagan. O‘sha “Tiko” hozir ham yuribdi g‘izillab. Bu qurg‘ur samolyotni ham ko‘rib ichimga o‘t tushdi-da. Bu nima, u nimaga kerak degan savollarimdan Mannopov rosa bezor bo‘lib, hammasini bir boshdan gapirib bergan. Shu mijg‘ov odam menga boshqa savol bermasin, qutulayin, degan-da. 
– Bozorov! Dastlabki surishtiruv paytida berilgan guvohlarning ko‘rsatmalariga binoan tergov payti ismini aniqlashning imkoni bo‘lmagan, qo‘shni qishloqqa turmushga chiqqan bir ayolning nomini uchish bilan bog‘liq holatlarda siz ko‘p marta tilga olgansiz. Qani ayting-chi, siz sodir etgan jinoyatga o‘sha shaxsning aloqasi bo‘lganmi?
– Yo‘g‘-e... Men sira bunday demaganman... Hech kimning nomini tilga olgan emasman. Haligi... Men balki mastlik payti bolalikda bo‘lgan voqealarni gapirgan bo‘lsam, buni kimdir boshqa narsaga yo‘ygan bo‘lishi mumkin. 
Prokuror menda boshqa savol yo‘q degandek, hakamga qarab bosh chayqadi. 
– Advokatda savollar bormi Bozorovga? – hakamning ovozi yangradi. 
Advokat o‘rnidan turdi, stol ustidagi dasta qog‘ozlardan birini olib, sinchiklab ko‘zdan kechirgan bo‘ldi va ayblanuvchiga o‘girildi.
– Bozorov Adham, hozir sud zalida samolyot deb atalayotgan o‘sha uchish apparatini birinchi marta qachon ko‘rdingiz? 
– Birinchi marta shu... iyun oyining o‘rtalarida edi, ertalab osmonda bir narsa tarillab uchib o‘tdi, qishloqda hamma ko‘chaga yugurib chiqdi, bolalar ana samolyot, deb qichqirdi, o‘shanda uzoqdan ko‘rdim. 
– Xo‘p, keyin siz bu uchish apparatini ko‘rgani borgansiz. O‘shanda nimani ko‘rdingiz, batafsil gapirib bering-chi, nima ekan o‘sha narsa?
– U kichkina, xuddi o‘zimizning uch g‘ildirakli motosiklga o‘xshaydi, ilgarilari “Muravey” degan motosikl bo‘lardi, dalaga bo‘lka non tashiydigan, o‘shanga o‘xshash, faqat tepasida ko‘rshapalakka o‘xshash qanoti bor, sim bilan tortilgan. Qanoti ham shu... o‘zimizni brezentdan. O‘rindig‘i orqasida katta parragi bor. Nomini deltaplan, ha... motorli deltaplan deyishdi.  
– Xo‘sh, siz shu deltaplanga o‘xshash boshqa uchish apparatlarini avval ko‘rganmisiz, qachon, qayerda?
– Televizorda ko‘rganman sportchilar uchganini. "Olamga sayohat"ga o‘xshash bir ko‘rsatuv bor, o‘shanda olimlar Sibirdan kelayotgan turnalar bilan yonma-yon uchganini ham ko‘rganman, keyin boyvachcha sayohatchilar ham ermakka uchadi deb eshitganman. 
– Siz o‘sha uchish apparatiga o‘tirganingizda nimani boshqaryapman deb o‘yladingiz, samolyotmi yoki boshqa narsami?
– Shu kichkina uch g‘ildirak motosikl, faqat qanoti bor, deb o‘yladim. 
– Hurmatli sudya, qo‘limda Rossiyada ishlab chiqarilgan uchish apparati haqida internetdan olingan to‘liq ma’lumot bor, bu yerda u "Veter" rusumidagi uchish apparati, qisqa qilib “Deltamotor” yoki "Deltalyot" deb atalgan. Ya’ni u biz biladigan  katta samolyot emas, shu sabab bu ma’lumot sud tergovi materiallariga ilova qilinishi va bu uchish apparatini samolyot deb emas, deltamotor deb qayd etilishini so‘rayman. 
Hakam ma’qul degandek bosh irg‘adi. Advokat hakamga uzatayotgan qog‘ozga prokuror shubha bilan qaradi, "internet ig‘voning uyasi-ku, u yerdan olingan ma’lumotga ishonib bo‘larmidi?!" deya dimog‘ida to‘ng‘illadi, lekin oshkora e’tiroz bildirmadi. 
– Agar Bozorovga boshqa savollar bo‘lmasa, ish bo‘yicha asosiy guvoh sud zaliga kirsin.     
O‘rta bo‘y, sochlari tim qora, burni biroz pachoqroq kishi eshikni ohista qiyalatib, epchillik bilan sirg‘alib kirdi. Ko‘ylagining yoqasi sarg‘ayib yorilgan, shimining tizzasi suzilgan, titilib ketgan qayishining uchi yonboshida pichoq qinidek osilib qolgan kishi sud zalining o‘rtasiga ehtiyotlik bilan qadam tashlab keldi, to‘rdagi baland kursida o‘tirgan hakam, yonidagi xalq maslahatchisi, aksari hamqishloqlaridan iborat zaldagi odamlar va panjara ichidagi Adhamga yugurik nigoh tashlab oldi. 
Hakam undan o‘zini tanishtirishni so‘radi, so‘ng yolg‘on guvohlik berganlik uchun jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilishini eslatib, tilxatga qo‘l qo‘ydirtirdi.   
– Otajonov Sobit, daslabki tergov jarayonida siz guvoh sifatida o‘tgansiz, sudga ham guvoh sifatida chaqirildingiz. Endi shu ishga taalluqli bo‘lgan, ya’ni ish bo‘yicha bilganlaringizni sudga gapirib bering-chi! 
– Men o‘zim paxta zavo‘dda o‘t o‘chiruvchi bo‘lib ishlayman. Shu yili yozda anovi Farg‘onadan shu kichkina samolyotni obkelishdi. Zavo‘dning ichida uchadigan-qo‘nadigan asfalt yo‘l bor deyishdi. Bu samolyot...
– Deltamotor, – hakam uning so‘zini to‘g‘riladi.
– To‘g‘ri, to‘g‘ri! Anovi deltamotor zavo‘ddan uchib, adirdagi tutqatorlarga dori sepdi. Qishloqda shu deltamotor paydo bo‘lgandan keyin o‘rtog‘im, ya’ni   Bozorov Adham tinchini yo‘qotdi. Uni bolalikdan beri bilaman, bir sinfda o‘qiganmiz. Bir kuni yonimga kelib, uchuvchi bilan tanishtirib qo‘ygin, dedi. Men tanishtirdim. Keyin uni uyiga mehmonga chaqirdi. Zavo‘dga, anovi uchuvchi Orifning yoniga o‘n besh kun qatnadi, anovi deltamotorni tomosha qilgani. O‘rtog‘im o‘zi texnikaga mukkasidan ketgan, umr bo‘yi qo‘li moydan chiqqan emas. Shuni orasida bir kuni kelib, o‘rtoq, men uchmasam bo‘lmaydi, dedi. O‘rtog‘im o‘zi yoshligida bir uchgan, anovi raketaga osilib uchgan. 
Zalda birrov kulgi ko‘tarildi. Hakam stolga yastangancha iyagini kaftiga tirab, Sobitga tikildi. 
– Ha, anovi parashutli raketaga osilib uchgan. Biroq bunga qishloqda hech kim ishonmagan. Maktabda qizlar ham ishonmagan, ayniqsa... 
Sobit bir tutilib oldi, kimningdir ismini aytmoqchi bo‘ldiyu, keyin shashtidan qaytib, gapida davom etdi.
– ...Ayniqsa, anovi sinfimizdagi ba’zi bolalar, keyin qishloqdagilar kalaka qilgani o‘rtog‘imga qattiq botib ketgan. Keyin o‘rtog‘imni ko‘cha-ko‘yda ko‘rganlar "ha, raketachi" deb mazax qiladigan bo‘ldi. O‘shanda o‘rtog‘im baribir uchaman, deb ko‘ngliga tugib qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Shundan bo‘lsa kerak, har kuni kelib anovi deltamotorni tomosha qilardi. Keyin o‘rindig‘iga o‘tirib, xuddi uchayotgan odamdek labini do‘rillatib ovoz chiqarar, anovi chorcho‘pga o‘xshash  alyumin rulini hali u tomonga, hali bu tomonga tortgandek bo‘lardi. Uchuvchi yigit o‘rtog‘imga uchayotganda qanotlar qanday boshqarilishi, shamol yonboshdan urganda chorcho‘pni qaysi tomonga ko‘proq tortish kerakligini gapirib berardi. Amolekin uchishni o‘rgatgan emas, anovi o‘rtog‘im uchmasa ham uchgandek bo‘lib, mazza qilsin, deganda. O‘rtog‘im uchaman degan bilan unga birov ruxsat berib qo‘yarmidi… Asli bir omadi gap edi-da bu. Bir kuni, anovi iyul oyining to‘qqizinchi kuni ertalab dori kelmay qoldi. Soat o‘nlarmidiykan, uchuvchi bola qorovulxonada ko‘k choy ichib o‘tirgandi.  O‘rtog‘im har galgidek o‘zicha uchayotgandek bo‘lib anovi deltamotorda ovunib o‘tirganda bilmasdan kalitni burab yuborgan, motor tarillab o‘t olib, anovi narsa birdan yurib ketgan. Hayajonlangan bo‘lsa kerak, o‘rtog‘im adashib gazni bosib yuborganu shundan keyin uchib ketgan. Uchgandan keyin qo‘ndirisham keragu, qanotlarini burib qaytarishga uringan, shuni orasida qo‘shni qishloqqa o‘tib ketgan. Keyin qaytishda qulab tushdi. Ko‘rgan-bilganlarim shu-da endi.    
Hakam guvohga savollar bormi degandek pastga qaradi. Prokuror tomoq qirib olib, so‘roqqa tutdi:
– Tergov jarayonida olingan ba’zi guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Bozorov uchgandan keyin siz uning ortidan motosiklda quvib, yo‘l-yo‘lakay "Adham uchyapti", deb baqirib ketgansiz. Siz Bozorovning niyatidan xabardor bo‘lgansiz, uning uchishi tasodif emasligini bilgansiz, shundaymi?
– Yo‘g‘-e, bu tasodif bo‘lgan bo‘lishi mumkin. O‘rtog‘im uchib ketganini tasodifan bilib qolib, anovi motosiklimni o‘t oldirib, ortidan quvganman. Ha to‘g‘ri, baqirganman, odamlar yordam bersin deganman-da.   
– Unda nega to‘ppa-to‘g‘ri qo‘shni qishloqdagi vrachlik punktiga borib, u yerdagi ayollarga Bozorovning uchayotgani haqida aytgansiz. Ular ishonmagan, keyin siz hammasini tashqariga chaqirib chiqqansiz, shu to‘g‘rimi?
– ...Ha, to‘g‘ri. Men ularni ko‘chaga chaqirib chiqqanman. Xudo ko‘rsatmasin, mabodo o‘rtog‘im qulab tushsa, birinchi tez yordam ko‘rsatsin deganman. 
     – Bozorov o‘sha joydan ikki-uch marta pastlab uchib o‘tgan, nega aynan o‘sha joyda aylangan?  
– U meni tanib qolib pastlagan, “ey kallavaram, sen nima qilib yuribsan bu yerda, bor, tez uchuvchini topib kel, bu matohni endi qanday qo‘ndiraman”, degan. Men unga zavo‘dga qaytib uch, deganman. Keyin zavo‘dga qaytishda anovi deltamotor pastlab ketib, qanoti Mahkam buvaning baqateragini shoxiga tegib, aylanib ketdi, shundan o‘sha cholning hovlisiga tushdi. 
Prokuror menda boshqa savol yo‘q degandek qo‘l siltadi. Hakam qo‘lidagi "Roleks" soatiga bir qarab olib, guvohga boshqa savollar bo‘lmasa, ish bo‘yicha jabrlanuvchilar chaqirilsin, dedi. 
Zalga tim qora kostyumda, to‘q qizil bo‘yinbog‘ taqqan po‘rim bir kishi kirdi. O‘zini tanishtirib, salmoq bilan so‘z boshladi:
– Bizning "Moviy osmon" qo‘shma korxonamiz qishloq xo‘jaligiga katta ziyon keltiradigan zararkunandalarga qarshi kimyoviy dori sepishda Rossiya Federatsiyasidan keltirilgan to‘rtta deltamotordan foydalanadi. Bunga tegishli tashkilotlardan olingan maxsus ruxsatnomamiz bor, – u shu so‘zlarni aytib, hakamga bir muddat tikilib turdi. – Shu tumandan olingan buyurtma bo‘yicha tutqatorlarni dorilash uchun bitta deltamotorni jo‘natgan edik. To‘qqizinchi iyul kuni mazkur deltamotor mana bu shaxs tomonidan olib qochilgan, keyin unga shikast yetkazilgan. 
– Shirkatingiz qancha zarar ko‘rdi bu jinoyat orqasidan?
– Endi... apparatning motor va parrak qismi butun, qanot qismi va g‘ildiraklari  shikastlangan. O‘zimizda qanot qismini ta’mirlashning imkoni yo‘qligidan yangisiga buyurtma berganmiz. Bizga ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi Bozorov yetkazilgan barcha zararni to‘la qoplashni o‘z zimmasiga olgan.  
– Ayblanuvchiga sud qanday jazo qo‘llashini so‘raysiz?
– Qonunda belgilangan jazo berilishini so‘rayman. 
Prokuror menda savol bor deb, qo‘shma korxona vakiliga yuzlandi: 
 – Ayting-chi, uchuvchi Mannopov Orif sizning qo‘l ostingizda ishlaydimi?
– Ha, xuddi shunday. 
– Mannopov dastlab guvoh sifatida hujjatlarda ko‘rsatilgan. Lekin sud majlisiga chaqirilganda uning Rossiyada xizmat safarida ekani aytilgan. U qanday xizmat safari bilan ketgan?
– Mannopov eng tajribali uchuvchilarimizdan biri. Biz yangi “Veter- 2” deltamotorini xarid qilganmiz, hozirgilaridan ko‘ra ikki barobar ko‘p dori olib uchadi. Yangi apparatda tajriba mashqlarini o‘tashi uchun uni Rossiyaga jo‘natganmiz. Bilasiz, hozir qishloq xo‘jaligida eng dolzarb palla, har bir daqiqa g‘animat, Mannopovni shoshilinch jo‘natishga to‘g‘ri keldi.
Prokuror cho‘zib "tushunarli-i" dedi, advokat ham savolim yo‘q degandek, bosh chayqadi.     
Zalga yoshi saksonlarga yaqinlagan, moshkichiri soqoli kalta kuzalgan, egniga yengil kulrang chakmon ilgan, qo‘lidagi do‘lana hassasiga og‘irligini to‘la tashlamay yurishidan tetikligi sezilib turgan chol "bismillo" deb kirib keldi.  Qariya hakamning o‘zingizni tanishtiring degan savoliga ajablanib, "men Rixsiyev Mahkamboy bo‘laman, tuzukmi", deb hammaga erinmay, sinchiklab qarab chiqdi. Panjara ichidagi Adhamni tanimay biroz tikildi, so‘ng tanib, boshini sarak-sarak qildi.  
– Otaxon, siz shu jinoiy ish bo‘yicha jabrlanuvchi deb topilgansiz. Jinoyat sodir etilgan kuni nima bo‘ldi o‘zi, nimani eslay olasiz, shuni qisqa qilib gapirib bering sudga. 
– Endi men nimayam derdim. O‘sha kuni ertalabdan rosa oftob qizidi, qistaloq, o‘tirgan joyingda duv-duv ter oqadi. Bir mahal namozi qazoga bir dumalab olay deb tahorat olish uchun obdastani qidirib qoldim. Bollarim suv isib tursin deb obdastani qo‘rg‘onni  o‘rtasidagi kungayga qo‘yibdi. Haligi joyda borib obdastani shunday ushlaganimni bilaman, qistaloq, dastasi quyoshda cho‘g‘ bo‘lib turgan ekan, qo‘limni jiz kuydirdi. O‘rikning tagiga o‘tib, qaynoq suvda bir amallab hah-hahlab tahorat olib, endi ayvonga qarab yurganimni bilaman, qistaloq, bir payt osmoni palakdan bir narsa tarillab keldiyu hovliga qarsillab tushdi. Yana nemis bosdi-yov, qocha Mahkam, deb bir irg‘ib o‘zimni ayvonga urdim... Tahoratam sindi-da shu joyda... 
Zalning har joyida piqir-piqir kulgi ko‘tarildi. Hakam stolga qalamning keti bilan urib, tartibga chaqirgan bo‘ldi. Guvoh be’tibor so‘zini davom ettirdi:
– Qo‘rg‘onni etagida bir yarim yashar novvos yotgandi kavshanib. Pensa pulimni yig‘ib olgan edim buzoqligida, nevaramni to‘yiga atab. Eti yiltirab, jir bitib qoluvdi. Shu deng, haligi joyda  osmondan tushgan palakatdan shaytonlab qochaman deganda arqonga o‘ralib, boshi chotining orasida qolib, gupillab ag‘darildi. Shu bo‘yi qaytib odam bo‘madi, qassobga so‘ydirib, go‘shtini sotdik endi, nimayam qilardik boshqa?! 
– Ayblanuvchi Bozorovga da’voingiz bormi? Suddan o‘zingizga yetkazilgan zararni undirib berishni so‘raysizmi?     
– Endi men nima derdim. Davoyi dostonim yo‘q bunga, o‘zi, qistaloq, ro‘zg‘ori zo‘rg‘a tebranib turibdi. Otasi bechora ishga yaramay qolgan, bunda onasi kasalmand, xotini bog‘chada ishlaydi, olgan puli nimayam bo‘lardi, bu yoqda to‘rtta mishiqisi bor...Bu qoramoyga botib traktir tuzatadi, fermerlarni ahvoli bu bo‘lsa... Buni qo‘li qachon yolchib pul ko‘radi endi?! Bizzi davlat xalqparvar, shu bolaga rahm qilib, yengilroq jazo berilsa, deyman. Bu bola o‘zi bir ahmoqlik qildi... Hah dayus, osmonda pishirib qo‘yibdimi senga!? Uchaman deysan-a! Yana hukumatti osmonida-ya?! 
– Rahmat, otaxon, o‘tirishingiz mumkin, – dedi hakam guvohning so‘zi tugar-tugamas, keyin tomog‘ini bir qirib olib sud muzokarasidan avval tanaffus e’lon qildi.    
Hakam zaldan chiqishi bilan hamqishloqlar panjara tomon gurr talpindi, lekin soqchilar yaqinlashishga qo‘ymay, hammani sud zalidan tashqariga haydadi. Hovliga chiqib kimdir nos otdi, kimdir tamaki tutatdi. Sada tagida cho‘nqayib o‘tirgan bir kishi tizzasiga tayanib o‘rnidan turdi-da, ular tomonga yurdi. Sobit uni ko‘rib:
– Qayda yuribsan, hech bo‘lmasa shu yerga vaqtida kelsang o‘larmiding? – dedi achchig‘lanib.  
– Sal kech qopman, zalga kiritishmadi. Bir soatcha bo‘ldi, Latofat kelib manovini tashlab ketdi, – dedi u qo‘lidagi qora yelimxaltani ko‘rsatib.  
– Nima ekan bu? – Sobit yelimxaltani ochgan edi tubida ikki yuz so‘mlik pul dastalari ko‘rindi.
–  Agar anovi uchadigan matohga yetkazilgan zarar qoplansa, Adhamni shartli jazo bilan qo‘yib yuborishlari mumkin, deb eshitibdi. Shu gapni aytdi-da darrov qaytib ketdi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.