Odamlar bir necha kundan buyon intiq, muhim bir yangilik yuz berishini kutib taraddudda edi. Vaqt o‘tgani sayin hayajon taranglashib borardi. Turli uydirmayu mish-mishlarga qulog‘i ding, biror kun chanqovbosti xabar topilmasa, qirg‘oqqa chiqib qolgan baliqdek nafasi qistaydigan odamlar so‘fi azon aytmasidan avval katta yo‘l bo‘yiga chiqib olib, cho‘nqayib olgancha uyquli ko‘zlarini tinimsiz ishqalab, goho xomuza tortib, bir nimalarni erinchoq muhokama qilishardi. Tong qorong‘usida gungur-gungur qilib bomdod namoziga ketayotganlar esa bularga qarab "Kallai saharlab otti po‘qidek to‘planib qopti bular? Anjon nosi juma sahar kelardi shekilli..?" deb bir-birlariga imlab qo‘yadi.
Kun bo‘yi hech bir xabar kelmadi. Oldi-qochdi gaplardan o‘zini uzoq tutadigan qishloqning siporoq kishilari ham shomga yaqin katta yo‘l bo‘yidagi do‘kon atrofida uymalashib qoldi. Qishloqda norasmiy mayxona vazifasini o‘taydigan bu do‘konda hamisha uch-to‘rt chog‘li ulfat ichib o‘tiradi. Odatda aroqdan hazar qiladiganlar bu ulfatlarga yuzini ters qilib o‘tadi, lekin bir gap bo‘lsa bexabar qolib ketmayin degan ilinjdami, bugun ular ancha yumshab qolgan. Ulfatlarga yaqin kelmasa-da, hazil-huzul gaplariga uzoqdan yengil kulib, bosiqlik bilan javob qaytarib qo‘yadi. Do‘kon atrofida odamlar soni ko‘paygan sari, quvlamachoq o‘ynagan, velosiped mingan bolalar ham shu atrofda yig‘ila boshlaydi. Qosh qorayib, osmonda ko‘rshapalaklar g‘iz-g‘iz uchadi, pastda esa g‘ala-g‘ovur, olomonga kelib qo‘shilayotgan ko‘ngillilar soni ortib boradi. Ob-havo, ekin-tikin, mol-qo‘y, sabzi-piyoz narxidan boshlangan suhbat aylanib-aylanib yana Botir do‘xtirga kelib taqaladi. Botir o‘zi feldsher bo‘lsa ham uquvi va mehnatkashligi tufayli xalq orasida do‘xtir degan nom olgandi. Do‘xtir qandoq ulov minib kelar ekan, rangiyu rusumi qanaqa bo‘ladi, degan mavzuda bahs ketadi. O‘zi do‘xtirning haydovchilik guvohnomasi bormidi, deb kimdir so‘raydi. Chust do‘ppi kiysa qo‘ziqoringa o‘xshab qoladigan bo‘yi bir qarich do‘xtir "Lasetti"mi yoki "Neksiya" minib kelsa, tepkiga oyog‘i, yo‘lni ko‘rishga bo‘yi yetarmikin, deya bosh qashiydi boshqasi biroz g‘ashlanib. Tagiga yostiq qo‘yib oladi-da, deydi kimdir va gurros kulgi ko‘tariladi. Odamlar turli tusmollar va taxminlardan charchaganda, o‘zi er kishiga omad yetti marta kulib boqadi, shulardan bittasini ushlab qolsang qolding, bo‘lmasa piyozni achchiq chaynab qolaversan kabi purma’no "hikmat"larga navbat keladi.
- Omad kelsa shu-da, hech kutilmagan joyda, kutilmagan paytda ishing o‘nglanib ketadi, mana-man degan do‘xtirlar yetolmagan martabaga bitta feldsher yetishib turibdi-ku!
- Omad har kimga ham kelavermaydi, omadi borga keladi-da!
- Eng muhimi, berar joyidan qismasa bo‘ldi, shunda har kimning ham omadi chopaveradi, - do‘kon ichidan kimdir shirakayf ovozda tashqarida turganlarga xitob qiladi, ortidan "Ha, otangga balli!" degan tasannolar va pishanglar eshitiladi.
Olomon orasida goh yoshlarga xos havasmandlik kayfiyati hukmronlik qilsa, goho hasad aralash aytilgan gap-so‘zlar, gohida esa mo‘ysafidlarga xos dono o‘gitlar eshitiladi. Shunda hovliqqanroq birovning "Eh, hayot xuddi kinoga o‘xshaydi-ya!" degan hayajonli ovozi yangraydi.
O‘zi voqeaning boshlanishi yetti kun avval, Botir do‘xtir tong qorong‘usida turib, bir tog‘ora somon yuvib turgan payt yuz berdi. Bir novvos va uchta qo‘yning qarovini do‘xtir ko‘pam bolalariga ishonmaydi, ishga ketishidan avval oxurlarini yemga to‘ldirib qo‘yadi. Hozir ham somonni yuvib, kepak sepib, yaxshilab tert qordi, qo‘liga ilashgan mayda tosh-kesakmi, shisha siniqlarimi, hafsala bilan terib tashladi. Shu payt darvoza taraqlab, kimdir bezovta chaqirib qoldi. Bemahalda kelgan kim bo‘ldi ekan? Do‘xtir somon va kepak yuqi qo‘llarini ko‘ylagi etagiga nari-beri artib eshikka yo‘naldi. Oppoq sutga chayilgandek qimmatbaho ulov darvozaga taqalib turardi. Betoqat turgan po‘rim yigit do‘xtir bilan qo‘shqo‘llab so‘rashdi.
- Assalomu alaykum, do‘xtir aka! Tanidingizmi..? Ha, ha, o‘sha kishining o‘g‘illariman. Uzr, tong saharlab behuzur qildim. Dadamlar sizni so‘rayaptilar. Kecha kechqurun kasalxonada yotmayman deb injiqlik qildilar. Uyga olib keldik. Bugun azondan sizni yo‘qlab qoldilar, tez yetkazib kelinglar, deb mani jo‘natdilar. Hovlingizni so‘rab-so‘rab zo‘rg‘a topib keldim. Bormasangiz bo‘lmaydi endi, do‘xtir aka.
Do‘xtir o‘ylab ham o‘tirmay "hozir, o‘n minutda chiqaman" deb uyiga kirib ketadi.
O‘sha kuni ertalab bor-yo‘q bo‘lgan voqea shu edi. Lekin qishloqqa kirgan "Malibu" rusumli bu ulovni ko‘rganlar ko‘p edi. Ulov kimning uyiga kelgani, kimni olib ketgani tayin gap. Biroq...
Shaharga tushganlar tushdan keyin yangi-yangi gap topib keldi. Ulov tumandagi eng boy kishi hisoblanmish Abdurahimboyga tegishli ekan. Qo‘sha-qo‘sha imoratlari, qavat-qavat do‘konlari, turnaqator ulovlari bor bu eski savdogar kishini tanimagan odam deyarli yo‘q edi. Abdurahimboy anchadan buyon xastalikka chalingan, farzandlari Toshkentda bir necha marta davolatib kelsa-da nafi tegmaganidan yoshi yetmishdan oshgan chol endi hech qaerga borishni istamasdi. Shu hafta boshida og‘irlab qolganda, qo‘yarda-qo‘ymay uni tuman kasalxonasiga, reanimatsiyaga yotqizishibdi. Botir do‘xtir navbatchilikda turgan kunlari Abdurahimboyga qaragan ekan. Tungi navbatchiligida kasal tepasida mijja qoqmay chiqadigan, o‘ziyam qo‘li yengil, so‘zi malham bo‘lgan do‘xtirga cholning mehri tushib qopti. Kecha kasalxonada boshqa turmayman, Botir do‘xtirni uyimga olib kelinglar, menga o‘sha qarasin, debdi. Odamlar topib kelgan gap shu edi.
Do‘xtirning uyiga kelgan ulov ta’rifi bir kun o‘zaro suhbatlarga mavzu bo‘ldi. Nikelli yaltiroq quyma g‘ildiragi, yon ko‘zgularining avtomat tarzda buralishi, tomidagi qoraytirilgan oynasining o‘zi ochilib-yopilishi, gaz bosganda yoqimli guvillashi, yurganda shuvillashi rosa gap bo‘ldi. Shu tariqa do‘xtir va Abdurahimboy mavzusi bir hafta odamlar og‘zida chaynaldi. Axiyri kimdir "Kimsan Abdurahimboy dunyoning yarmini so‘rab kelgan odam, qolgan yarmini farzandlari so‘rab yotibdi, endi bu do‘xtirga shunchalik mehri tushgan ekan, xizmatini o‘z obro‘siga yarasha taqdirlasa kerak," degan tusmolli gap chiqardi. "Keksayganda odam ko‘ngli yumshab sermehr bo‘lib qoladi, Abdurahimboy mehri tovlanib turgan bo‘lsa, do‘xtirning hayotini obod qilib yuborishi hech gap emas," dedi birov. "Nihoyat, do‘xtirning to‘riga tilla baliq tushdi," deganlar ham bo‘ldi.
Odamzotga o‘zi nima kerak!? Bugun "tilla baliq"dan kim nima so‘ragan bo‘lardi? Qishloqning ko‘plab xonadonlarida har kech dasturxon atrofida shu mavzuda bahs boshlandi. Yoshlar o‘z yo‘liga, ko‘cha-ko‘yda ko‘rishib qolgan chollar, qatiqqa oqliq so‘rab chiqqan xotinlar ham bundan chetda qolmadi. Ko‘pchilikning nazarida bugungi zamon odamining eng katta orzusi hammaning ko‘zini olovdek kuydiradigan po‘rim, yaraqlagan ulov minib yurish edi.
***
Do‘xtir Abdurahmonboy haqida ko‘p eshitgan, lekin uning o‘zini ilk bor kasalxonada, bemajol, rangi ro‘yi somondek sarg‘aygan holda ko‘rdi. Bugun uning hovlisiga tong saharda kirib kelar ekan, ulkan naqshinkor temir darvozayu yo‘lakda qator terilib turgan ulovlar, gird aylanasiga imorat solingan hayhotdek katta hovlini ko‘rib sir bosdi. O‘rtada favvorali marmar hovuz, atrofida ko‘zni tindiradigan yam-yashil maysazor, uch-to‘rt tup durkun archa va shamshod ko‘chatlari yashnab turibdi. Hovlining aylanasiga baland qilib temir quvurdan ishkom solingan. Quvurlar oqqa bo‘yalgan, ishkom ustunlaridagi quyma naqshlarga zarhal rangi behol yugurtirilgan. Uzumtoklar yaxshi kuzalgan, ko‘rinishidan yaqinda yayratib xomtok qilingan, uzum g‘ujumlari sarg‘ayishga boshlabdi. Hovliga to‘q jigarrang tosh bir tekis yotqizilgan, go‘yo yurganda kishining oyog‘i qolib, tuflisi maza qilayotgandek. Do‘xtir Abdurahimboyning kenja o‘g‘li ortidan ergashib kahrabo marmar yotqizilgan zinapoyadan ko‘tarilib, keng va yorug‘ xonaga kirdi. Derazaga yaqin joyga karavot qo‘yilib, unda Abdurahimboy oppoq choyshab-to‘shakka cho‘kib yotardi. Xonaning to‘rida serhasham, uch tabaqali oynavand javon qad rostlab turibdi. Bir tomonda charm qoplangan yumshoq oromkursilar. Abdurahimboy do‘xtirni ko‘rib, siniq jilmaydi.
- Do‘xtir bolam, keldingizmi!? Kattalik qildi demang, kasalxonada bitta menga emas, boshqalarga ham qilgan muomalangizni ko‘rib sizga mehrim tushdi. Malol kelmasa, uch-to‘rt kun yonimda o‘zingiz tursangiz degandim.
- Sirayam maloli yo‘q, otaxon. Sizdek oqsoqollarga xizmat qilish biz uchun ham farz, ham qarz, - dedi do‘xtir biroz so‘zamollik qilib.
Abdurahimboyning yana ikki o‘g‘li ham shu yerda ekan, birin-ketin xonaga kirib kelishdi, do‘xtir bilan qo‘shqo‘llab so‘rashgach, kattasi og‘iz ochdi:
- Do‘xtir, kasalxonani glavrachiga aytilgan, sizda progul bo‘maydi. Bu yerdagi xizmatingiz ham ish hisobiga o‘tadi, siz xavotir olmang, o‘zingiz bilan yana alohida rachcho‘t qilamiz, otaga yaxshi qarasangiz bo‘ldi, - dedi.
O‘g‘illari chiqib ketayotganda Abdurahimboy kenjasini qayta chorladi:
- Do‘xtir bolamning uyiga bir qop kartishka, bir qop piyoz, bir xalta guruch, o‘n kilo zavo‘dyog‘, uch kilo go‘sht eltib bergin, - dedi.
Abdurahimboy yotgan xonaning yonboshidagi kichik mehmonxona do‘xtirning yotog‘iga aylandi. Tushdan keyin kasalxonaning bosh shifokori kelib cholning qon bosimini o‘lchab ko‘rdi, do‘xtirga ko‘rsatmalar berdi. Tomchi ukolga qo‘shiladigan suyuqliklarni yozib qo‘liga tutqazdi. Do‘xtirning qiladigan ishi ko‘proq chol bilan suhbatlashib o‘tirish bo‘ldi. Osma ukoldan keyin ba’zan cholning oyoq-qo‘llarini uqalaydi, keyin asta yonboshlatib, bir mushtini kuragiga qo‘yib, ikkinchi mushti bilan ohista uradi. Chol silkinib-silkinib ketadi.
- Otaxon, sal chidaysizda endi. Shunday qilmasam, qon aylanmay qoladi, - deydi.
- Balli, do‘xtir bolam, balli, - deb qo‘yadi chol.
Kechqurunlari qizlaru nevaralar yig‘ilib kelib, hovli to‘yxonaga o‘xshab ketadi. Qo‘sha-qo‘sha tilla uzuk taqqan, ikki betlari qip-qizil, yaltir-yultur libos kiygan qizlar otasi tepasida bir-bir ko‘z yoshi qilib chiqib ketgandan so‘ng, derazalari lang ochiq yonbosh xonalarda dunyoning ishlari, tilla narxi, yangi chiqqan gazmollar, oxirgi rusumdagi ulovlaru "Ayfon" degan qo‘l telefonlari haqida baralla va qizg‘in suhbatlar boshlanadi. Bu dabdabayu as’asalardan do‘xtir hangu mang edi.
- Bolam, aybga buyurmasangiz bir narsa so‘rasam, - deb qoldi chol bir kuni. - Uch-to‘rt marta shifer haqida telefonda kuyinib gapirganingizni eshitib qoldim. Nima gap, do‘xtir bolam?
Do‘xtir xijolat bo‘ldi. Keyin o‘tgan yili otasidan qolgan eski uy yonidan yangi imorat solgani, bu yil qish kirmay shu chala imoratning tomini yopib qo‘yish rejasi borligini aytdi. "Bir do‘konchiga o‘ttizta shifer aytib quyuvdim, har gal siniq shiferlarni ro‘para qiladi", dedi xafa bo‘lib. Chol, ha shunaqami, deb qo‘ydi. Kechqurun kenja o‘g‘li kelganida do‘xtirning uyiga o‘ttizta shifer eltib berishni buyurdi. Do‘xtir ko‘p xijolat chekdi. Keyin menga endi boshqa hech narsa kerak emas, xizmatim oxirida ham rozi qilaman deb yurmanglar, qattiq xafa bo‘laman, dedi.
Otaxonni ko‘rgani kelib-ketuvchi ko‘p. Ba’zan kun bo‘yi odam uzilmaydi. Bunday kezlarda do‘xtir cholning farzandlarini chaqirib, ovoziga zalvor qo‘shib, "Ota charchab qolyaptilar, bugunga bo‘ldi, kelganlarni mehmonxonadan kuzatib qo‘yaveringlar," deb uqtiradi. Uchovlon farzand qo‘llari ko‘ksida, "Bir og‘iz gapingiz-da, do‘xtir," deb chiqib ketishadi. Do‘xtir esa tomchi ukolni ulab qo‘yib, o‘z o‘y-xayollariga cho‘mgancha o‘tiradi.
- Do‘xtir bolam, bir gap so‘rasam ko‘nglingizga og‘ir olmaysizmi? - dedi chol bir kuni xokisor ovozda. Do‘xtir "bosh ustiga, xafa bo‘lgan o‘ris", dedi kulib.
- Qishlog‘ingizda bir qushni ko‘rganingiz haqida haligacha gap aylanarmish, kasalxonada yotganimda ham shu gap qulog‘imga chalingandek bo‘luvdi. Nima bo‘lgandi, qanday qush edi u?
- Ha, umi... - do‘xtir ishshayib kulib yubordi. Peshonasida doim tarang yig‘ilib turguvchi bo‘rtiq ajinlari yoyilib, yayrab ketdi. - Xo‘janing fe’li tushdan keyin ayniydi, deyishardi, paqirniki ertalabdanoq aynir ekanmi... shuni orqasidan bir tasodif hodisa bolalikda bo‘lgan voqealarga ulandi, keyin bunga hazil-huzul gaplar aralashdi. Lekin aytishga arzimaydigan bir gap.
- Nega arzimaydi, do‘xtir bolam? Bu dunyoda har bir narsa, hatto anovi devorga qoqib qo‘yilgan mix ham bejiz emas. Uning ham o‘ziga yarasha, arzirli tarixi bor. Kim, nega qoqdi uni? Ha, bir maqsadni ko‘zlab qoqqan bo‘lsa, nega eplab bolg‘a urmadi. Evi bo‘lganida devorga darz tushirmagan bo‘lardi. Demak evi yo‘q odam mix urgan, ehtimol bolg‘a ushlashni ham tuzuk-quruq bilmas. Surishtirsangiz, nega usta odam emas, evsiz bir kishi mix urgani sababini ham topasiz. Shunaqa, gapirsangiz gapdan gap chiqadi. Ayting bolam, ayting!
- O‘zingizdan qolar gap yo‘q, tirikchilik deb odamning keti yer iskashga vaqt topolmay qoladigan damlar bo‘ladi, - do‘xtir salmoqlab so‘z boshladi. - Bu yoqda kasalxonadagi ish, u yoqda ro‘zg‘or, bir tomonda dalaga piyoz ekib qo‘yganman, dorilatish kerak, tomorqadan o‘rilgan bug‘doyni yanchish kerak. Shunaqa kunlar edi. Kechasi bug‘doy chiqarib, tong sahar adirga otlandim. Zaharchi bilan shira bosib yotgan piyozni dorilatishga bir kun oldin kelishib qo‘ygan edim. Qishloqdan chiqishda chakalakzor bor, shuni oralab ketib borardim. Tong endi oqarib kelayotgan, havo nazarimda yog‘i olinmagan quyuq sutdek, do‘xtirlar tili bilan aytganda kislorodga rosa to‘yingan edi. Shu payt bir qush ovoz berib qoldi. Uning har sayrog‘i go‘yo quyuq havoda iz qoldirib ketardi. Men taqqa to‘xtadim. Dastlab miyamga birov yigirmatalik igna sanchdi-yu keyin butun dunyo o‘zgarib ketdi. Yigirma yildan ham ko‘proq bo‘lgan ekan shu qushning sayrog‘ini eshitmaganimga - do‘xtir zavq-shavqqa to‘lib so‘zlay boshladi. Bu qushni o‘zini ko‘rish uchun chakalak oralab tentiragani, biroq qushni hurkitib, ko‘rolmay qolganidan alamga botgani haqida gapirdi.
- Qush lop etib uchdiyu ketdi. Ammo yuragimni o‘rtab ketdi. Bir kaft nosni til tagiga tashladim-da, o‘tiraverdim. Bolaligim, maktab, men kezgan ko‘chalar, men cho‘milgan ariqlar, soylar, sinfdoshlarim, ilk marta ko‘ngil bergan paytlarim, bari-bari ko‘z oldimdan kino lentasidek g‘izillab o‘ta boshladi. Lof bo‘lmasa, otaxon, nosni kuchimi yoki boshqa narsami, ba’zi joylarini xuddi kino lentasidek orqaga qaytarib, qayta-qayta ko‘raman, sekinlatib ham ko‘raman. Xotiram hech bunaqa tiniq ishlamagan edi o‘ziyam. Birov kulmasa, xotira ham ba’zan qo‘lda ushlab ko‘rsa, bir chetda g‘ijimlanib yotgan qog‘oz parchasini olib tekislagandek, kaftga qo‘yib tomosha qilsa bo‘ladigan bir narsa degan bo‘lardim, - do‘xtir gapida davom etar ekan, eshityaptimi-yo‘qmi, cholga birrov nazar tashlab olardi. Orada biroz sukut saqlab qolsa chol "gapiravering, eshityapman, do‘xtir" deb qo‘yardi. Do‘xtir o‘sha kuni, undan keyin ham piyozga dori septira olmagani o‘ziga, ayniqsa xotiniga qattiq alam qilgani, erta bahordan boshlagan mehnatiyu qarz-qavola qilib sarflagan sarmoyasining taqdiri hal bo‘lar pallada bitta qushni deb hamma ishi chappa aylanganini aytdi. Oqibatda piyozning zarari bilan foydasi uchma-uch bo‘lib, do‘xtir qarzlardan zo‘rg‘a qutulib olgani, ustiga-ustak dori sepadigan yigit o‘sha kuni adirda uzoq mahtal bo‘lganiyu ertasiga qaerdadir dori sepayotib zaharlanib o‘lganini eshitgan chol, attang, degandek boshini sarak-sarak chayqamoqchi edi, majoli kelmadi. Qishloqda bu qush bilan bog‘liq voqea to‘qilib-bichilib, birov do‘xtirni avliyoga, birov jin chalib ketgan ovsarga chiqarganini eshitib kulmoqchi ham bo‘ldi, lekin kuch topa olmay yengil xirillab qo‘ydi.
Chol bu qadar g‘amgin, ayni paytda quvnoq va beg‘ubor hikoyani sira eshitmagan edi. Bir qush, nari borsa chumchuqdan katta, kaptardan kichkina bir jonzot kishi hayotida bu qadar o‘rin tutadi deb kim ham o‘ylabdi axir. Chol shu xayollar bilan uyquga ketdi. Ertasiga muolajalardan keyin do‘xtirdan yoniga o‘tirishni so‘radi.
- Bilasizmi? Bolaligimdan nima yodimda qolgan... bir so‘mlik, uch so‘mlik, o‘n so‘mlik ezilgan, buklangan, yog‘ bosgan pullar. Otam kechqurun do‘kondan qaytganidan so‘ng tanga-so‘m aralash bir sumka pulni uyning o‘rtasiga to‘kardi. Keyin onam keltirgan qaynoq mastavaga bosim murch sepib, ustidan qatiq qo‘shib, yog‘och qoshiqda yaxshilab ekalab olgandan so‘ng peshonasidan marjon-marjon ter oqizib ichardi. Onam ikkovimiz esa pullarni saralar edik. Otam mastavani ichib bo‘lgach, yuqiga choy quyib, kosani hafsala bilan uch-to‘rt marta aylantirib chaygach, bir ko‘tarishda sipqorardi. Keyin peshonasidagi terlarni belbog‘i bilan artib, o‘ng yonboshiga bolish qistirgancha bir so‘z demay bizni kuzatib o‘tirardi. O‘n so‘mlik qizil pullar kamdan-kam chiqar, chiqib qolsa, onam dazmol bosib, bukilgan belini to‘g‘rilar, so‘ng tokchadagi chinni choynak ichiga solib qo‘yardi. O‘n so‘mlikdan keyingi eng qadrlisi ko‘kimtir besh so‘mlik edi. Uch so‘mlik va bir so‘mlik dastalangan pullarni otam kassaga topshirish uchun ertasiga olib ketardi. Hovuch-hovuch tangalar uyda qolardi. O‘sha paytlar o‘n besh tiyinga bitta pirajka bilan shakarli choy berardi. Yigirma tiyinga yarimta lag‘mon yesa bo‘lardi. Tangalar men va singillarim uchun katta boylik edi. Onam yirik pullarni bodring tuzlanadigan bonkaga solib, og‘zini mahkamlagach, omborxonaga ko‘mib, ustidan sholcha tashlab qo‘yardi. Shu tariqa men pul sanab katta bo‘ldim. Keyinchalik men topgan pullarni bu deparada uncha-muncha odam topolgan emas...
Chol biroz to‘xtab nafas rostladi. Do‘xtir yarim piyola suv tutdi. Chol ichmadi, lablarini ho‘llab oldi xolos.
- ...Bilasizmi, do‘xtir bolam? Otam rahmatli yurak xurujidan vafot etgan. Do‘konniyam, uyniyam revizor bosaverib yuragini oldirib bo‘lgan edi. Oxirgi tekshiruvlarni ko‘tara olmadi. U kishi o‘tganlaridan keyin onam bor pullarni tillaga aylantirdi. Albatta, meni o‘qishimu ish boshlashim uchun ajratilgan sarmoya alohida edi. Singillarimga ham bir sidra tilla taqinchoqlar hadya qildi. Biroq keksayganlarida vos-vos bo‘lib, bir xalta tillani hali yostiq tagiga, hali taxmondagi ko‘rpa orasiga yashirib kun o‘tkazdi. Qo‘sha-qo‘sha zanjirlar, bilaguzugu sirg‘alar, yoqut ko‘zli uzuklar to‘la xaltaning jarang-jurungi haligacha qulog‘im ostida turadi. Shu tariqa onamning esi kirdi-chiqdi bo‘lib olamdan o‘tdi, xudo rahmat qilsin. Men ota-onamdan farqli, ko‘p va katta davra ko‘rdim, chet ellarga chiqdim, endi zamon ham o‘zgargan edi. Shundan xulosa chiqarib, qariganimda boylikka vos-vos bo‘lib qolmayin deb mol-mulkimni erta kunda farzandlarimga teng taqsimlab berdim, qo‘limda mol qoldirmadim. Bolalarim men kabi otasi pulning dastidan bevaqt o‘lib ketishini ko‘rmasin dedim. Keksayganimda nevaralar bilan ovunib, xotirjam hayot kechirmoqchi bo‘ldim. Bu oson bo‘lmadi. Hozir qo‘yadimi, yo‘qmi, bilmadim, bir paytlar "Qirol Lir" degan kino bo‘lardi. Mulkini qizlariga bo‘lib berib, o‘zi ko‘chada qoladi qirol bechora. O‘shanga o‘xshab qolmaymanmi, degan gap ham o‘tdi ko‘ngildan. Keyin hartugul, bizda musulmonchilik, el-yurt istiholasi bor deb o‘yladim. O‘ylaganim to‘g‘ri chiqdi, farzandlardan nolimayman, garchand onasi erta o‘tib ketgan bo‘lsa ham, bolalarimga yaxshi tarbiya bera oldim nazarimda. Bir qarashda niyatim ham amalga oshganday bo‘ldi...
Cholning gapi bo‘lindi. Uzun-qisqa bo‘lib hovliga to‘rt nafar keksa kishi kirib keldi. Barchasi birdek ohorli oq yaktak-ishton kiygan, faqat ayrimlarining boshida chust do‘ppi bo‘lsa, ba’zilarida oq "hoji do‘ppi". Biri patak soqol, boshqasi moshkichiri, qolgan ikkisi ko‘sa. Chollarning yagona o‘xshash jihati yuz terilarining birdek tiniqligi, hatto endi pishib kelayotgan qirmizak olma kabi jindek qizilligi ham borligida edi. Do‘xtirning yodiga rahmatli otasining zahil yuzi yodiga tushib, yuragi bir achishib oldi. Chollar bemorning atrofida o‘tirib, uzoq suhbat qilishdi, o‘tgan-ketgan, yaqin-yiroq gaplardan gapirishdi. So‘ngida otaxonga dalda berib, qur’ondan bir pora tushirgach, uzundan-uzun duolar qilishdi. Tilovatimiz "xatmi qur’on" o‘rnida o‘tsin, deb iltijo qilindi. Mehmonlar ketgandan so‘ng chol mijjalari nam, uzoq jim qoldi.
- Eski qadrdon og‘aynilar, - dedi u do‘xtir eshityaptimi, yo‘qmi, e’tibor bermay. - Navqironlik paytlarimiz kim ko‘p pul qilyapti, kim zo‘r imorat solyapti, kim eng zo‘r ulov sotib oldi deb raqobat qilardik. Ba’zida do‘st, ba’zida hamkor, kezi kelsa raqib edik. Endi bo‘lsa har yili qurbonlik oyida bozorga tushib, xalq ko‘zida tanlab-tanlab, semiz-semiz qo‘y olib, kimo‘zarga so‘yamiz. Oxir dunyoda Pulsirotdan minib o‘taman deb umid qilgan qo‘yimiz qancha go‘sht, qancha yog‘ berganini kishi bilmas ovoza qildiramiz. Sizlarni bu hashamlaringizga oxir dunyoda Pulsirot emas, temir-beton ko‘prik kerak, deydigan mard yo‘q. Hozir ham ostona hatlab ulgurmay bular men ketib, o‘zlari qolayotganidan yengil tortishdi. O‘zlarining tetikligi, mendan uzoqroq yashashlarini o‘ylab quvonib ketishdi. Buni ular xonada o‘tirishganida ko‘zlari aytib turgandi.
Bu gapdan keyin chol jim qoldi, chuqur xo‘rsinib, nursizlanib borayotgan ko‘zlarini derazadan tashqari qadadi. Hashamatli hovli suv quygandek jimib qolgan, har zamon musichaning "mu-ku-ku-ku" deb sayragani eshitiladi. Ishkomdagi uzumning issiqdan shalpaygan yaproqlari nogoh kelgan epkinda bir yelpinib qo‘yadi, shunda rangi ko‘kimtirdan sarg‘ishga tortib, shira boylab kelayotgan uzum donalarida quyosh nurlari jilva qilib qoladi. Chol bu manzarani ko‘ra olyaptimi yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi. Chol yana gapirmoqqa chog‘landi, lekin lablari quruqshab qolgan edi. Do‘xtir ho‘l doka bilan uning lablarini artib chiqdi, dokani siqib, og‘ziga bir-ikki tomchi suv tomizib qo‘ydi.
- Do‘xtir bolam, hali tashqarida bir qush sayragandek bo‘ldimi..?
- Kukulagan musicha edi, otaxon.
- Malol kelmasa, joyimni derazaga yaqinroq surib bersangiz, - dedi chol pichirlab. Do‘xtir chaqqonlik bilan krovatning avval bosh tomoni, keyin oyoq tomonini yengil ko‘tarib surdi. Krovat shundoq deraza tagiga kelib qoldi.
- Hah, musicha... Otam musichani eng noshud jonzot deb yomon ko‘rardi. Hali yo‘lakda, hali ayvonda tuxumi tushib sinib yotardi. Juda omonat uy quradi o‘ziyam. - Chol tashqariga suqlanib qaradi. Lekin musicha qorasini ko‘rsatay demasdi. - Kulmasangiz, ko‘nglimga bir tilak keldi, do‘xtir bolam... Sizga ko‘rinish berib turadigan o‘sha ajabtovur qushga o‘xshamasayam, otam yomon ko‘rgan bo‘lsayam, o‘zi bir noshud jonivor bo‘lsayam, qani endi shu musicha hozir pirr etib uchib kelib, mana shu deraza raxiga qo‘nsa... munchoqdek hayron ko‘zlariga boqsam...
Chol quruq suyakka aylangan barmoqlarini qaltiratib qo‘lini deraza raxiga uzatdi. Yupqa va quruqshoq terisi ostidan bo‘rtib turgan tomirlari dir-dir titrab ketdi. So‘ng hilvirab qolgan bo‘yin terilarini osiltirib tashqariga talpindi. Cholning gavdasidan bir hovuch shaqillagan suyak qolgan, biroq bo‘rtiq yelka suyaklari, o‘tkir qirrali jag‘i, qirra burni va ko‘zining ustiga tushib turgan qalin, o‘siq oqish qoshlari bir paytlari uning ko‘rkam va kelbatli kishi bo‘lganini aytib turardi.
Chol uzumtoklar orasidan ko‘m-ko‘k osmonga tuynuk topib, uzoq termuldi. Tuynuk qariyaning nursiz ko‘zlariga durbindek qo‘l keldimi, nigohi o‘tkirlashgandek bo‘ldi. Osmonu falakda qanot qoqmay sokin charx urayotgan bir qush nogahon ana shu moviy tuynukdan lip etib o‘tib qoldi. Chol bir seskandi-yu qushning qorasini ilg‘ab qoldi va aftidan ana shu oniy lahzalarda uning nigohi qushning qanotlari ustiga qo‘ngandek bo‘ldi:
Pastda gugurt qutisi yanglig‘ goh tartib bilan terilgan, goh betartib qalashib, bir-biriga suyanib qolgan past-baland uylar qalashib yotardi. Uylar tugagach, dalalar boshlanadi, qo‘ng‘ir tog‘ etagidagi sarg‘ish yaydoq adirlar qadar cho‘zilgan ekinzorlar yastanib yotibdi. Bozorlar, do‘konlarda g‘ij-g‘ij olomon, odam degani dalalarga ham sochilib, tinimsiz g‘imirlab yotibdi. Shahardan qishloqqa, qishloqdan shaharga ulovlar beto‘xtov qatnaydi. Adoqsiz yo‘llar bir-biriga ulanib ketaveradi. Bir qishloq tugab-tugamay ikkinchisi boshlanadi, bug‘doyzordan keyin paxta dalasi, paxtadan keyin piyoz paykali keladi. Bir parcha bo‘sh yer yo‘q. Faqat har bir qishloq chetida devor yoki panjara bilan o‘ralgan hayhotdek, taqir va qo‘ng‘ir ochiq maydonlar bor xolos. Jajji tuproq tepaliklarga to‘la shu joydagina harakatsizlik, sukunat bor. Yangi paydo bo‘lgan, nam tuprog‘i hali qurib ulgurmagan tepalik ustiga yugurib chiqib, atrofga shoshilinch nazar solgach, qurib sarg‘aygan o‘t-o‘lan va shuvoqlarni shitirlatib qochib qolgan yumronqoziqqina bu sukunatni buzib turadi xolos. Yangi tepalikni ketmonning orqa yuzi bilan tapillatib urib mustahkamlab ketgan odamlar eski temir panjarali darvozadan tashqari hatlashlari hamon yengil tortib, bu sokin go‘shaning mavjudligini-da unutishga ulgurishadi.
Chol endi chimirilgan, tund, istehzoli, shodon va g‘amgin, g‘azabnok va quvnoq chehralarni ham ilg‘ay boshlaydi. Hayot go‘yo bir ulkan musobaqa, ildamlab ketganlar shodon, ortda qolganlar tashvishda, to‘xtab, chorasiz qolganlar g‘ussaga botgan. Umr shundoq musobaqa bilan o‘tadi va marra o‘sha - mitti do‘ngliklarga to‘la taqir maydon. Kimdir marraga yetib kelganda yana bir tuproq tepalik paydo bo‘ladi.
Chol o‘zining hammanikidan baland oq tunukali tomini ilg‘ab qoladi. Atrofga alanglab, hayratga tushadi - manovi jajji tuproq tepaliklarga to‘la yaydoq makon uyiga bu qadar yaqinligini shu paytgacha sezmagan ekan. Manzil shunchalik yaqinmidi, deb o‘ylaydi chol yuksakda turib. Yerda g‘imirlayotgan qora-quralar orasida faqat bir kichik jussagina boshqalardan farqli, ba’zan g‘imirlashdan to‘xtab, osmonga, sokin parvoz qilayotgan qushga tikilgancha, uzoq o‘yga cho‘mib qoladi, go‘yo shu odamgina cholni tushunib turgandek. Chol bu kimsani tanigandek bo‘ladi, pastlaydi, va yana pastlaydi. Axir bu odamni men taniymanku, deb o‘ylaydi...
- Do‘xtir bolam, bu sizmisiz!? - Cholning yuziga mamnuniyat ifodasi balqib chiqdi.
Qariyaning gapidan do‘xtir bexos cho‘chib tushdi, alahsiradi degan o‘yga bordi, biroq uning chuvak yuzidagi baxtiyorlikni ko‘rib hayron qoldi.
***
Do‘xtir xotiniga telefon qilib, bu kech uyga qaytyapman deb aytgan ekan, qishloq o‘sha soatdayoq bundan xabar topgan edi. Katta yo‘l bo‘yidagi pakkaga aylangan do‘kon atrofidan ketolmay qolgan odamlar bahsi tobora qizib borardi. Ha, bugungi kun odamining eng katta orzusi - ulov. Hammaning ko‘zini olovdek kuydiradigan, yaraqlagan, moyi artilmagan ulov. Abdurahimboydek dunyoning bir chetini yeb yotgan odam uchun bitta ulov "karnaychidan bir puf" degandek gap.
Bir mahal sutga chayilgandek oppoq mashina tig‘dek o‘tkir chiroqlari bilan tun qorong‘usini chok-chokidan so‘kib kelib, do‘kon yonida to‘xtadi. Ulovdan Botir do‘xtir hech narsa bo‘lmagandek irshayib tushib keldi. Ko‘zlari nurdan qamashgan odamlar hangu mang edi. Oppoq ulov motorini yoqimli vizillatgancha ortiga qaytib ketganda, do‘xtir esa do‘konga kirib, bir kilo shakar, ikki kilo makaron xarid qilib, buni nasiya daftariga yozdirib qo‘yganida ularning hayrati o‘n, ehtimol yuz chandon oshgan edi.
- Kim aytdi hayot kinoga o‘xshaydi deb? - kimdir zarda aralash to‘ng‘illadi.