OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Xayrullayev. Birinchi muhabbat (hikoya)

Men bu yerga o‘zim o‘qigan maktabning sanasini nishonlash munosabati bilan o‘tkaziladigan tantanada qatnashish va shu bahonada xolamlarni ko‘rib ketish niyatida kelgan edim. Tumonat odam to‘plandi. Men singari uzoq-yaqindan kelganlar ham oz emasdi...
Yig‘ilishning rasmiy qismi tugab, ziyofatga taklif etildik. Mana, sobiq sinfdoshlar katta bir dasturxonni egallab, gurung qilib o‘tiribmiz. Davramizga begonalarni aralashtirmadik. Madinadan boshqa barcha shu yerda. U majlisda ham ko‘rinmagandi. Shu bois, mavridi kelganda, Mavjudadan:
— Madina ko‘rinmaydi? — deb so‘radim.
— Ha, — dedi u. — Karizga ketgan. Ammasi vafot qilgan ekan. “Ilojini topsam, kelaman”, degandi. Kelmadi-ku.
— O‘zi tinchmi? Yaxshi yuribdimi?
— Ha, binoyiday yuribdi.
— Ming yil bo‘ldi-yov uni ko‘rmaganimga.
— Bir paytlar oralaringdan qil o‘tmasdi, shekilli…
Mavjuda aytgan “bir paytlar” biz bir sinfda o‘qirdik. Istarasi issiq, qaddi-qomati kelishgan, chiroyli, yoqimtoy qiz... Es-hushi joyida, odobli, sharm-hayoli. Zehni o‘tkir. A’lochi bo‘lmasa-da, oldingi safdagi o‘quvchilardan biri edi. Ko‘chalarimiz boshqa-boshqa-yu, bir guzar boshida yo‘g‘onligi ikki quloch keladigan baland qari tut daraxti bo‘y cho‘zib turgan Langartut mahallasida yashardik. Ularning uyi katta yo‘lga tutash ko‘chaning oxirida, bizniki esa guzarning ancha ichkarisida edi. Madinaning oyisi bundan olti yil oldin vafot etgan, otasi esa o‘tgan yili to‘satdan qazo qilib, u yolg‘iz akasining qo‘lida qolgan edi. Madinaning yagona armoni ham shu edi. Mening ham onamdan boshqa hech kimim yo‘q. Otam yetti yoshimda avtofalokatda halok bo‘lgan. Endigina maktabga qatnay boshlagan edim.
Bugun xolam ikkimiz allaqachon nonushta qilib bo‘lib, ora-sira bir qultumdan choy ichib, u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tiribmiz. Xolam ancha qarib qolibdi. Lekin ba’zilarga o‘xshab maydagap ayollardan emas. O‘z qadr-qimmatini biladigan dono kampir.
Bir payt xonaga xolamning bo‘y yetib, ko‘zga tashlanib qolgan nabirasi — Muborak kirib kelib:
— Tog‘a, sizni Shoiraning oyisi so‘rayapti, — deb qoldi.
— Qanaqa shoira?..
Muborak o‘rta maktabni bitirish arafasida edi.
— Sinfdoshim, — dedi u jilmayib. — Ismi shunaqa. Lekin shoirligi ham bor. Hikoya yozib turadi. Kecha ikkinchi qatorda men bilan yonma-yon o‘tirgan, sochi uzun, chiroyli qiz. Ko‘rmadingizmi?
— Qaydam, — dedim men biroz loqaydlik bilan. — E’tibor bermapman.
Negadir yolg‘on gapirdim. Men, Toshkentdan kelgan mehmon sifatida, sahnaga qo‘yilgan, ustiga yashil movut yopilgan stolda, faxriylar orasida o‘tirar ekanman, sobiq o‘qituvchilarimni, birinchi navbatda, adabiyot muallimlarimni esladim. Hozir bu yerda men emas, o‘shalar o‘tirishi lozim edi. Afsuski, ular rahmatli bo‘lib ketishgan...
Nogahonda pastda Muborak bilan yonma-yon o‘tirgan qizga ko‘zim tushdi-yu, xayolim bo‘lindi. Tanishdek ko‘rindi. Yoki kimnidir eslatardimi — bilmadim. Har qalay unga o‘xtin-o‘xtin ko‘z tashlab qo‘yardim. U ham mendan ko‘zini olmasdi. Endi bilsam, hikoyalar yozib turar ekan. Demak, adabiyot shaydolaridan. Lekin men uni qaerda ko‘rganman?..
— Xo‘sh, — dedim men o‘zimni alaxsitish uchun, — menda nima gapi bor ekan?
— Nimaligini aytmadi.
— Kiravermaydimi tortinmay, — xolam gapga aralashdi. — Kelib yurgan uyi.
— Chaqirdim, unamadilar.
Qizi havaskor shoira bo‘lsa, biron iltimos bilan kelgandir-da, degan xayol bilan o‘rnimdan turib, tashqariga chiqdim.
Hovlida, ayvonga tutash tokso‘rining tagida bejirimgina kiyingan, sochlari ensasiga turmaklangan, qo‘lida ikki buklangan gazeta ushlagan, qirq besh-ellik yoshlardagi to‘ladan kelgan ayol, hayajonlanyapti shekilli, u yoqdan bu yoqqa yurib turardi. U menga ko‘zi tushishi hamon taqqa to‘xtab, bir qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom berdi. So‘ng:
— Kechirasiz, bezovta qildim, — deya uzr so‘radi.
— Hechqisi yo‘q, — dedim.
Eson-omonlik so‘rashgan bo‘ldik. Shundan keyin “Xizmat?” degan ma’noda:
— Keling, opa? — dedim.
Ayol ma’yusgina jilmaydi.
— Ha, — dedi siniq ovoz bilan, — “opa” desangiz ham bo‘laveradi. Qarib qoldim.
“Opa” deganim malol keldi, deb o‘yladim va shoshib:
— Uzr, — dedim. — Hurmat ma’nosida shunday degan edim. Ismingizni bilmagach... — Boshqa gap topolmadim, bir chekkada turgan stol-stullar tomon yurib:
— Keling, o‘tiring, — deb iltifot ko‘rsatdim.
Ayol chekkadagi stulga omonatgina o‘tirdi.
—Rostdan qarib qolibman, — dedi yana alamli jilmayib. — Meni tanimadingiz.
U shoshib gazeta orasidagi eskirib, rangi o‘chib ketgan nim havorang konvertdan bir dona fotosurat olib, menga uzatarkan birdan chehrasi yorishib ketdi.
— Balki mana bu surat... — dedi-yu gapining davomini aytmadi.
Suratga ko‘zim tushishi hamon g‘alati bo‘lib ketdim. Unda maysalar orasida bo‘y cho‘zgan bir dona qizg‘aldoqqa qiz va yigit ikki tomondan qo‘l uzatib turishardi. Uzoq qarab qoldim. O‘zimga emas, suratdagi qizga qarab qoldim. Bu Madina edi... Laziz bir xotira qalbimda nur taratdi… Demak, dala sayliga chiqqan kunimiz adirda olingan surat. Lekin kim bizni suratga tushirgan, nega bu suratni men ko‘rmaganman — bilmayman. Darvoqe, -sinfimizda fotoapparat birgina Ra’noda bor edi. Demak...
...Biz imtihonlarni topshirib bo‘lgandik, lekin “etuklik attestati”ni hali qo‘limizga olganimizcha yo‘q. Xullas,bekorchimiz. Ana shunday kunlardan birida Asqarali:
— Yigitlar! Toqqa dala sayliga bormaymizmi, — deb qoldi. — Guvohnomalarni olganimizdan keyin yana qachon boshimiz birikadi — xudo biladi.
Sattor:
— Ajoyib fikr! — deya Asqarning boshini siladi. — Kallang ishlaydi sen bolaning!
Bu fikr barchamizga ma’qul bo‘ldi. Ertasi kuni ertalab yo‘lga otlandik. Asqar gaplashib kira qilgan avtobus aytilgan vaqtda keldi. Qozon-tovog‘u boshqa ashqol-dashqollarimizni ko‘tarib avtobusga chiqdik. Qiy-chuvlashib, hazil-huzul qilib manzilga qanday yetib borganimizni sezmay qolibmiz. U yoqdan bu yoqqa yelib-yugurib qo‘narjoy tanladik. Nihoyat yalanglikdagi qalin, tizzaga uradigan maysazorga sholchayu ko‘rpachalar to‘shab, oyoqlarimizni cho‘zib, bemalol o‘tiradigan joy hozirladik.
Ana shundan keyin qizlar gul-chechak tergani dalaga yoyilib ketishdi. Biz esa yam-yashil maysa qoplagan keng dalada qiy-chuv qilib futbol o‘ynashni boshladik. Miriqib to‘p tepdik. Keyin o‘yinga barham berib, tog‘ bag‘ridagi tepalikka o‘rlab ketdik. Mo‘ljal — ancha balandlikda, u yer-bu yerda bo‘y cho‘zib turgan yakkam-dukkam archalar edi. Yo‘q, uzoqqa borolmadik, hansirab battar terga botdik. Orqaga qayta boshladik. Tepalikdan pastga tushish ham oson emasdi. Qo‘ngan joyimizga yetmayoq o‘zimizni tappa-tappa yerga tashladik. Bir payt yonimda cho‘zilib yotgan Sattor, nafasini rostlab oldi shekilli, qornini shapatilab:
— Qorin do‘mbira chala boshladi-ku! — dedi.
Asqar unga javoban bilag‘onlik qilib:
— Bu yerning obi havosi shunaqa, — deb qo‘ydi.
— Rostdan ham qorin ochdi, — dedi yana kimdir. — Ovqat pishib qolgandir.
Ortga qaytdik. Ammo ovqat hali tayyor bo‘lmagan, shekilli, dasturxon yozilmagan edi. Quyiroqda to‘shalgan eski ko‘rpachaning bir chekkasida kaftdek keladigan kitobchani varaqlab Madina o‘tirgandi. U sharpamizni eshitib, bizni qarshilagani o‘rnidan turdi.
— Qo‘ling bo‘shmi? — dedim unga yaqinlashib.
— Ha. Nima edi?
— Bo‘lmasa yur, soy bo‘yiga tushamiz. Soyning qo‘shig‘ini tinglaymiz.
— Soyning ham qo‘shig‘i bo‘larkanmi! — dedi qizlardan biri sharaqlab kulib.
— Bo‘lganda qandoq! — dedim men. — Bu qo‘shiqlar betakror, biri ikkinchisiga o‘xshamaydi. Faqat tinglay bilish kerak.
— Shoirliging bor-da, — dedi Ra’no.
U bizdan bir-ikki yosh katta edi. Shuning uchun hammamiz bilan sansirab gaplashardi. Umuman shaddodroq qiz edi.
— Agar bastakor bo‘lganimda, — dedim tag‘in, — barcha soylarning qo‘shiqlarini kuyga solgan bo‘lardim.
— Olib qoch-a! — dedi endi yigitlardan biri. Asqar esa:
— Yaxshiyam bastakor bo‘lmaganing, shamolu bo‘ronlarni ham kuyga solib yuborarmiding! — deb hiringlab kuldi.
— Aytdim-qo‘ydim-da, — dedim, so‘ng bir menga, bir atrofimizdagi qiz-yigitlarga jilmayib qarab turgan Madinaga:
— Yur, — deya uni boshlab ketdim.
Qiyalikdan pastga tushib, soy bo‘yidagi supacha shaklidagi xarsangga o‘tirdik. Qirg‘oqqa urilib, shovullab oqib o‘tayotgan shoshqin soy “qo‘shig‘i”ni tinglamoqchi bo‘lgandek suvga tikilib, jimib qoldik. Lekin men soyni emas, Madinaning yuragiga quloq solardim, duk-duk urishini eshitib o‘tirardim — yelkam yelkasiga tegib turgandi-da… Uning ayni chog‘da nimalar haqida o‘ylayotganini bilsam edi… Shu zaylda ancha o‘tirganimizdan -keyin, boshqa gap topolmadim shekilli:
— Madina, nega meni “aka” deysan? — deb so‘radim. U:
— Axir, siz mendan olti oy kattasiz, — deb kuldi. — O‘zingiz aytgansiz.
— Mahmud!
Bu Sattorning ovozi edi. Javob bermadim. Baribir oradan ikki-uch daqiqa o‘tar-o‘tmas qirda uning o‘zi paydo bo‘ldi.
— Ovqat tayyor. Senlarni kutyapmiz, — dedi va bizga qaramay iziga qaytib keta boshladi. Biz ham chor-nochor o‘rnimizdan turib, unga ergashdik.
Tushlikdan so‘ng Rahim aka ikkimiz shaxmat surishga kirishib ketdik. Men shunday berilib o‘ynardimki, tevaragimda nima bo‘lyapti-yu, kim nima bilan mashg‘ul — payqamasdim. Ishqibozlar atrofimizni o‘rab olishgan, hali Sulton akaga, hali menga yo‘l ko‘rsatishardi. Birovning o‘rgatganini yoqtirmasdim. Negaki, fikrim bo‘linib, yanglishib ketardim. Hozir ham shunday bo‘ldi: birin-ketin ikkita donani bekorga berdim. Endi o‘yinni davom ettirish befoyda edi. Qo‘llarimni ko‘tarib:
— Taslim bo‘ldim, — deya o‘rnimdan turdim.
Kun yarmidan og‘ib qolgan, quyosh ham tog‘ cho‘qqisiga qo‘nish arafasida. U yoq-bu yoqqa alanglab, Madinani qidirdim. Ko‘rinmadi. Qizlar davrasida ham u yo‘q edi. Mavjudadan:
— Madina qayoqqa ketdi, — deb so‘radim.
— Hali shu yerda edi, — dedi Mavjuda atrofiga qarab olib. — Soy bo‘yiga ketgandir. Boshqa qayoqqa ham boradi.
Ra’no esa:
— Soy bo‘yida tinglagan “qo‘shig‘i” yoqib qolgan bo‘lsa... — deya qochirim qildi. Qizlar qiqirlashib kulishdi.
Soy tomon yurdim. U yerda ham yo‘q edi.
— Madina-a! — deb chaqirdim. Javob bo‘lmadi. Men uni ba’zida Madi deb chaqirardim. Xafa bo‘lmas, aksincha, bu unga xush yoqardi shekilli, hozirjavoblik bilan: “Labbay?” deb turardi. Ovozimning boricha: “Madi-i-i!”, deb qayta qichqirdim.
Yuqoridan, adir tomondan:
— Bu yoqda-ma-a-a-n-n-n, — degan tovush eshitildi.
Orqamga o‘girilib, ko‘zlarim olazarak bo‘lib Madinani qidirdim... Mendan ancha olisda, moviy osmondan quyosh nur to‘kayotgan, dov-daraxtlar bilan qoplangan tog‘ etagidagi tepalikda bir quchoq lolaqizg‘aldoq aralash xilma-xil gullarni bag‘riga bosib olgan, qizg‘ish durrasini silkitib turgan farishtadek yakkash qizga ko‘zim tushib lol bo‘lib qoldim. Uning sarvqomatiga chippa yopishgan harir ko‘ylak etagi shabadada oq kapalak qanotlaridek betinim titrab hirpirar edi. Bu mohir rassomning mo‘yqalamiga mansub ajib bir manzaradek ko‘rindi menga. Ha, bu Madina edi!.. U shoshib pastga tusha boshladi. Men ham halloslaganimcha tepalikka o‘rladim. Bir payt... tosh-poshga qoqildimi yoki oyog‘i sirg‘alib ketdimi, bir yonlab yiqildi-yu, bir-ikki dumalagandan so‘ng tizzalarini quchib, g‘ujanak bo‘lib oldi. Jon-ponim qolmadi. Yoniga qanday yetib borganimni bilmayman. Mehr bilan uzib to‘plangan bir quchoq dala gullari Madinaning tagida, atrofida yer bilan bitta bo‘lib sochilib yotardi. Unga engashib, oyoq-qo‘llarini paypaslay boshladim.
— Qalaysan? — dedim uni beixtiyor bag‘rimga tortib. — Biron yering lat yemadimi?
Madina ko‘ksimga bosh qo‘ygancha qushqarash qilib jilmaydi. Negadir xursand edi. Uning mehr va mamnuniyat bilan boqayotgan nigohidan nur yog‘ilayotgandek. Go‘yo bu nur qalbimni, nainki qalbimni, butun vujudimni simobdek eritib, ruhim havoda muallaq uchib yurgandek his etdim o‘zimni. Ammo bu holat uzoqqa cho‘zilmadi... Kaftim Madinaning bilagiga chip-chip yopisha boshladi. Qo‘limga zimdan ko‘z tashladim-u, seskanib tushdim. Madinaning tirsagidan sizg‘ib qon oqardi. Uni dast ko‘tarib olib qo‘narjoyga shoshdim.
...Madina o‘zining bunday ahvolga tushib, bizni tashvishga qo‘yganidan xijolat chekardi, shu bois nima deyishini, nima qilishini bilmay esankirab qolgan, ko‘zlari jovdirab bir menga, bir qizlarga boqar edi. Biz ham dovdirab qolgan edik.
Hali yo‘lda kelayotib Qo‘shota qishlog‘ida avtobusni yo‘l bo‘yidagi pastak do‘kon oldida to‘xtatgan edik. Biron zaruriyat bo‘lmasa-da, ichkariga kirdik. Rastalarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari xilma-xil ro‘zg‘or buyumlari-yu, boshqa mayda-chuyda ashyolar aralash-quralash terib qo‘yilgan edi. Qizlar u yoq-bu yoqqa alanglab, arzigudek biron narsa topisholmadi, shekilli, chiqib ketishdi. Ro‘paramdagi rastaga qator terib qo‘yilgan atir shishalarga ko‘zim tushdi. Narxi arzon atirlardan birini qo‘limga oldim. Uni, asosan, erkaklar soqol-mo‘ylov olganlarida ishlatishardi. Yuqori labim ustida mayin tuklar sabza ura boshlagan bo‘lsa-da, hali yuzimga ustara tekkanicha yo‘q. Lekin ba’zan oynaga qarab turib, qirtishlasammikin, deb qo‘yardim. Xullas, atirni sotib olib: “Sumkangga solib qo‘y, shaharga borganda olaman”, deb Madinaga bergan edim, endi asqotadigan bo‘ldi.
Xullas, ro‘molchani atir bilan ho‘llab Madinaning jarohatlarini arta boshladim. Bilaman, rosa jizillatadi. Unga jonim achiydi. Lekin na chora... Qizlarning jismi nozik bo‘lsa-da, jonlari qattiq, deganlari rost shekilli, Madina biron marta “voy” demadi. Bardoshiga ich-ichimdan tan berdim.
Hamma ketish taraddudiga tushib qolgan edi. Tezda qozon-tovog‘u boshqa buyumlar yig‘ishtirilib, avtobusga yuklandi. Men Sulton akadan:
— Qo‘sh otada biron shifoxona bordir? — deb so‘radim.
— Nega bo‘lmasin, — dedi Sulton aka mashinani o‘t oldirib. — Hozir to‘g‘ri o‘sha yerga boramiz...

* * *

...Oyim qorong‘i tushganda Madinani uyga boshlab kelganimni ko‘rib, dastlab shoshib qoldi, so‘ng tezda o‘zini qo‘lga olib, Madinadan:
— Kel, yaxshi yuribsanmi? — deb hol so‘ragan bo‘ldi. — Kir, kiraqol, — deya ichkariga boshladi. —O‘tir.
Madina ustiga ko‘rpacha to‘shalgan divanning bir chekkasiga omonatgina o‘tirdi. Shundagina uning oq doka o‘rab bog‘langan tirsak va tizzalariga oyimning ko‘zi tushib:
— Voy! — deya o‘rnidan turib ketdi. — Nima bo‘ldi? Nima qildi?..
Oyim menga savol nazari bilan qarardi. Shu bois bo‘lgan voqeani qisqacha gapirib berdim.
— Voy, xudoyim! — Oyim Madinaning yoniga o‘tirib, uning yelkasini siladi. — Ehtiyot bo‘lmaysanmi, qizim.
Madina, o‘pkasi to‘lib turgan ekanmi yo bu erkalashdan o‘zining onasini eslab ko‘ngli bo‘shab ketdimi, ko‘ziga yosh oldi.
— Qo‘y, yig‘lama. Tezda tuzalib ketadi, — deya oyim uni yupatgan bo‘ldi. — Falokat oyoq ostida, deb shuni aytadilar-da, — dedi-da yana menga o‘girilib, xo‘p, bo‘lar ish bo‘libdi, na chora, lekin uni nega bu yerga boshlab kelding, degandek sinchkov qarab turdi-yu: — Endi nima qilmoqchisanlar? — deb so‘radi.
— Madina akasidan so‘ramay ketgan ekan, — dedim men.
— Bu ishing chakki bo‘libdi, qizim, — dedi oyim Madinaga qarab.
— Uyda yo‘q edilar, — Madina boshini ko‘tarmay javob qildi. — Kelinoyimga aytib ketganman.
Men niyatimni ochiq ayta olmay:
— Endi bu ahvolida uylariga kirib borsa... — deya g‘uldiradim.
— Nima bo‘pti? O‘z uyi...
— Oyi, siz Rahim akani bilmaysiz. Jahli yomon, — dedim.
— Nima bo‘lganda ham o‘z akasi, axir...
Oyim yana nimadir demoqchi bo‘lgan edi, men shoshib:
— Oyi, — deya gapini bo‘ldim. — Madina shu yerda qolaqolsin. Toshkentga o‘qishga birga borardik.
— Voy, nimalar deyapsan! O‘ylab gapiryapsanmi?! Rahimjonni nomusga qo‘ymoqchimisanlar!
Madina yana “piq-piq” yig‘lashga tushdi.
— Qo‘rqma, qizim, — dedi oyim dast o‘rnidan turib. — O‘zim olib boraman. Ko‘z yoshlaringni art. Oynaga qarab ol.
— Men birga boraman, — dedim o‘rnimdan turib.
— Sen nima qilasan u yerda? Bizga qozilik qilarmiding!
— Qorong‘ida bir o‘zingiz qaytasizmi?
Va’jim oyimga ma’qul tushdi, shekilli, indamadi.
...Oyim Madina bilan ularning hovlisiga kirib ketishdi. Men esa yuragimni hovuchlagancha ko‘cha yuzida qoldim. Ancha kutishga to‘g‘ri keldi. Bir payt hovlida kim bilandir xayrlashib, ko‘chaga chiqqan oyim u yoq-bu yoqqa alanglab, menga ko‘zi tushishi hamon tez-tez yurib ketdi. Oyimning yonida kelar ekanman:
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radim.
— Nima bo‘lardi, — dedi oyim. — Undoq, mundoq deb vahima qilganlaringga yuragimni hovuchlab borgan edim. Yo‘q, binoyidek gaplashdik. Bama’ni, esli-hushli yigitga o‘xshaydi. Dastlab sal qo‘rslik qilgandek bo‘ldi. Keyin bo‘shashdi.
Nima dedi, deb so‘ramadim. Oyimning gap ohangidan ish silliq kechganligini fahmlab, dilim yorishib uyga kirib bordim. Charchagan ekanman, darhol to‘shagimga cho‘zildim, lekin uyqim kelavermadi, allamahalgacha xayol surib yotdim.
Ertalab guvohnomalar soat ikkida topshirilar ekan, degan xabar keldi. Madina bilan maktabda uchrashamiz, deb xursand bo‘ldim. Toshkentga birga ketamiz. Ammo.. .
Maktabdagi tantanali yig‘ilishdan keyin barimiz gur-r etib ko‘chaga chiqdik. Biroz g‘ala-g‘ovur qilib turgach, ikkita-uchta bo‘lib uy-uyimizga tarqaldik. Madina qizlar to‘pidan ajralishi hamon unga yetib oldim. Avval tirsagiga, keyin tizzalariga qarab:
— Og‘ritmayaptimi? — deb so‘radim.
— Unchalikmas, — dedi u ma’yus jilmayib.
 Muyulishga yetganimizda taqqa to‘xtab, ko‘cha boshida turib qoldik. U tuflisining uchi bilan yer chiza boshladi.
— Akang urishmadimi? — deb so‘radim.
— Yo‘q. Faqat... — dedi-yu, jim bo‘lib qoldi.
— Nima bo‘ldi?
— Mahmud aka, men hech qayoqqa bormayman. Shu yerda qoladigan bo‘ldim.
— Hazillashma, — dedim men kulib.
— Rost aytyapman. Akamlar ruxsat bermayapti. Shu yerda o‘qiysan, deydi.
— Qaroring qat’iymi? — deb so‘radim.
— Ha.
— Ana xolo-os! — deb angrayib qoldim. Tag‘in sukutga toldim, so‘ng:
— Xat yozib tursam, javob yozasanmi? — deb so‘radim.
— Yo‘q-yo‘q, — u shoshib javob qildi. — Akamning qo‘liga tushib qolsa meni naq o‘ldiradi.
— Pochtaga yozsam-chi?
— Baribir eshitadi. U yerda ishlaydiganlarning bari ayollar. Ularda gap turarmidi... Umuman... endi uchrashmaylik.
— Qiziq. Nega? — Madina javob bermadi. — Nima bo‘ldi? Gapirsang-chi! Yoki Rahim aka bilan oyimning o‘rtasida biron gap o‘tibdimi? ...Oyimlar uzoq qolib ketdi.
— Xolamlar aytib bermadilarmi?
— Nimani? Hech narsa demadi.
— Ular gaplashganda men qo‘shni xonada o‘tirgandim. Eshik qiyo ochiq edi. Ularning gaplarini eshitib turdim, — dedi Madina, so‘ng birdan boshini ko‘tarib: — Baxtli bo‘ling! — dedi-yu, keskin burilib chopib ketdi.
Odatda: “Men boray”, deb menga bir qarab olib, uyi tomon ravona bo‘lardi. Ko‘cha oxiriga yetganida, men hali ham turibmanmi yoki ketib ulgurdimmi — bilmoqchi bo‘lgandek, orqasiga o‘girilib yana bir marta qarab qo‘yardi. Bu safar shoshib darvoza eshigini ochdi-yu, o‘zini ichkariga oldi. Men ko‘k darvozaga ko‘z qadaganimcha qolaverdim.
 Shu holatda qancha vaqt turdim — bilmayman. Oyoqlarimni sudrab uyga qaytayotganimda hushimga kelib, o‘ylanib qoldim. Kechagi kun butun hayotimni ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan edi. Nega ham bordik shu saylga, deyman o‘zimga o‘zim. Adirga bormaganimizda, Madina lolaqizg‘aldoq teraman, deb tepalikka chiqmaganida, o‘sha falokat yuz bermaganida... Men umri bir kunlik kapalak umridek qisqa lolaqizg‘aldoqni ilgari ham negadir xush ko‘rmasdim. Darvoqe, lolaqizg‘aldoq uzib, undan bahra olgan odamni eshitgan emasman. Endi esa... “qizg‘aldoq” so‘zini eshitsam, yerda g‘ujanak bo‘lib yotgan Madina ko‘z oldimga keladi.
Necha kundan beri ichgan oshim ichimga tushmay yurdim. Toshkentga ham istar-istamas jo‘nab ketdim. Ta’til paytida uyga kelganimda Madina bilan uchrashishga necha bor harakat qilib ko‘rdim — bo‘lmadi. Nihoyat, Mavjudadan berib yuborgan ikki enlik xatini oldim. Unda: “Mahmud aka, behuda ovvora bo‘lmang, meni ham qiynamang”, deb yozilgan edi. Yanagi kelganimda esa, Madina unashtirib qo‘yilibdi, yaqinda to‘ylari bo‘lar ekan, deb eshitdim-u, yuragim muzlab ketdi. Xullas, uni boshqa ko‘rmadim...

* * *

 Ro‘paramdagi ayol miq etmay o‘tirar, zimdan meni kuzatar edi. Men bir unga, bir suratdagi Madinaga qarab turib:
— Madina?! — deya o‘rnimdan turib ketdim... Ha, qarshimda Madina o‘tirardi. Ajabo... tanimabman. Shunchalik ham o‘zgaradimi odam! Hatto qulog‘imga qo‘ng‘iroqdek jaranglab eshitiladigan ovozi ham o‘zgargan — bo‘g‘iq edi. Darvoqe, bunga ajablanmasa ham bo‘ladi. Axir, oradan bir yigitning umrichalik vaqt o‘tibdi. U paytda Madina ham Shoira kabi xipcha, beli bir tutam, tim qora sochlari taqimiga tushgan, bir nihol yanglig‘ nozikkina qiz edi. Uni eslaguday bo‘lsam, hamon mana shu suratdagi o‘sha Madina ko‘z oldimga kelardi. Boshqacha bo‘lishini tasavvur ham qilolmasdim.
— Ha, bu men, — dedi Madina. — Lekin... — U ko‘zlarini yerga qadaganicha jim bo‘lib qoldi.
Men ham biron nima degani so‘z topolmay gung bo‘lib o‘tirardim. Nihoyat Madinaning o‘zi boshini ko‘tarib:
— Meni yo‘qlagan ekansiz, — deya ko‘zimga qaradi. — Mavjuda aytdi.
Menga jon kirdi.
— Ha, — dedim uning yuziga boqib. — Bir ko‘rgim keldi seni.
“Shuncha yillardan keyin-a?!” deb ajablanishini kutgandim, yo‘q, u mamnuniyat bilan:
— Rahmat! — dedi. Javobi samimiy edi.
— Qalaysan, sog‘liklaring yaxshimi?
— Binoyiday. O‘zingiz tinch-omonmisiz?
— Serfarzand, deb eshitgan edim...
— Ha, Xudo farzanddan bergan.
— Kattasi nechchi yoshda?
— Yaqinda o‘n sakkizga to‘ladi.
— Buni qara-ya! — dedim ajablangandek bo‘lib, so‘ng: — Yaqindagina o‘zing nozik-nihol qizcha eding, — deya kuldim.
— Siz ham, — dedi u ma’yus jilmayib, — katta kishi emasdingiz shekilli.
— Bu gaping ham to‘g‘ri.
— Sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim, — dedi u yana ko‘zimga qarab.
— So‘rayver. Nima ekan?
— Shoirani, qizimni aytyapman, tanirsiz?
Men Shoirani kecha birinchi marta ko‘rgan, Madinaning qizi ekanligini esa hozir bilib turgan bo‘lsam-da, dadil:
— Ha, taniyman, — deb javob berdim.
Madina gapni nimadan va qanday boshlashni bilmay bir zum taraddudlanib turdi-yu, so‘ng bir xo‘rsinib olib:
— Shoira kitobu qog‘oz-qalamdan bosh ko‘tarmay qoldi, — dedi. — Biron natija chiqarmikan yo shunchaki...
— Eshitdim. Hikoyalar yozib turar ekan. Lekin yozganlarini o‘qimay turib biron narsa deya olmayman.
— Yaqinda bitta hikoyasi gazetada bosilib chiqdi... Ko‘zingiz tushmagan ekan-da. Yana biri...
— Shoshma, — dedim uning gapini bo‘lib.
Tunov kuni gazetada “Yosh qalamkashlar” ruknida bosib chiqarilgan bir hikoyani o‘qigan edim. Menga ma’qul bo‘lgan edi. Yosh muallifning tuzukkina qobiliyati borligi sezilib turardi. Tili ham chakki emas. To‘g‘ri, hikoyani bosmaga tayyorlagan muharrirning ham ozmi-ko‘pmi hissasi bordir, ehtimol. Harqalay hikoya menda yaxshi taassurot qoldirgan edi. Hozir shuni eslab, jimgina og‘zimni poylab o‘tirgan Madinadan:
— Shoiraning familiyasi Sultonovami? — deb so‘radim.
— Ha.
— Bo‘ldi! — dedim quvonib. — O‘qiganman. Yaqinda o‘qidim. Menga ma’qul bo‘ldi.
Madina sevinganidan naq o‘rnidan turib ketay dedi.
— Rostdanmi?!
— Ha. Yaxshi hikoya yozibdi. Qizingni qobiliyati bor. Faqat... — U yana mening og‘zimga qarab qoldi. Qanday tushintirsam ekan? — Faqat... Bilasanmi, yaxshi yozuvchi bo‘lish uchun birgina Xudo bergan qobiliyatning o‘zi kamlik qiladi. Ko‘p o‘qish, ko‘p narsani bilish, tinmay mehnat qilish lozim. Hali kitobu qog‘oz-qalamdan boshini ko‘tarmay qoldi, deding. Bu yaxshi, juda yaxshi. Bundan tashqari sharoit, muhit ham katta ahamiyatga ega. Hozir Shoiraning suyagi qotmagan nihollik payti. Qayoqqa bursang, o‘sha yoqqa qarab egilaveradi, — dedim. Keyin, mana, o‘zingdan qiyos, demoqchi bo‘ldimu, tilimni tishladim.
Madina osoyishta holatda o‘tirardi. Nazarimda, qizidan ham, mendan ham mamnun edi.
— Darvoqe, — dedi nihoyat, — asarlaringizni o‘qib turaman. Barini o‘qiganman.
— Yo‘g‘-e?
— Ha. Shoira qaerlardandir topib keladi. U qo‘lidan qo‘ydi, deguncha men o‘qiy boshlayman. “Hamshaharimiz” deb g‘ururlanib yuradi.
— Xursandman.
— Rahmat, Mahmud aka! — Madina o‘rnidan turib ko‘cha eshik tomon yurdi. — Yaxshi qoling.
U bilan xayrlashar ekanman:
— Shoira bilan o‘zim tanishib olaman, — dedim. — O‘rtamizda Muborak bor-ku.
Madina orqaga o‘girildi va menga minnatdorona bir qarab qo‘yib, ostona hatladi.
...Birinchi muhabbatimning umri lolaqizg‘aldoq umridek qisqa ekan — lov etib bir alangaladi-yu... Taqdir ekan... Xayolim yana Shoiraga ko‘chdi. Nodir qobiliyat sohibasining qismati qanday kecharkan? Shu haqda o‘ylab ketdim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 22-23-sonlar

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.