OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Xayrullayev. Handalak (hikoya)

Zarifa ertalab har qachongidan vaqtliroq uyg‘onib, to‘shakdan turdi. Otasi bilan oyisining ishga ketishganiga ko‘p bo‘lmagan shekilli, o‘choqdagi kul bosgan cho‘g‘ hali tamom so‘nib ulgurmagan edi. Bir chekkada tepasiga sochiq tashlab qo‘yilgan choydish, non o‘ralgan yo‘l-yo‘l pushti dasturxon, uning ustiga to‘nkarib qo‘yilgan qalampir gulli katta piyola turardi. Lekin nonushta qilishga xushi yo‘q, butun xayoli devor ortidagi handalaklarda edi. 
Kecha oqshom kechki ovqatdan keyin dasturxon ustida choy ichib o‘tirishganlarida oyisi:
— Handalak ham pishib qolibdi-da, — dedi-yu, shirin hidi anqib turgan sap-sariq handalak Zarifaning ko‘z oldiga kelib, og‘zining suvi qochdi, bir-ikki yutinib qo‘ydi. 
— Handalak? — deb so‘radi otasi. — Ko‘rganim yo‘q. 
— Voy, kecha Abdumalik traktorining aravasiga ortib bozorga olib ketibdi-yu. Xoljon buvining o‘zlari aytdi.
Otasi yana nimadir dedi-yu, ular yana nimalar to‘g‘risida gaplashishdi — Zarifa eshitmadi. Uning xayoli paxsa devor ortida yashil palaklar orasida yumalab yotgan shirin-shakar handalaklarda edi. Hatto kechasi tushida ko‘rib chiqdi o‘sha handalaklarni.
Xoljon buvi Zarifalarga devormiyon qo‘shni. O‘g‘li va kelini bilan birga turadi. Abdunabi traktorchi, kelini esa dalada ishlaydi. Erta ketib, kech kelishadi. Yolg‘iz qolgan Xoljon buvi ba’zan darvozalari oldida yog‘och kursida o‘tirib o‘tgan-ketganlarni kuzatadi, tanish-bilishlar kelib qolishsa, u yoq-bu yoqdan gaplashib, yuragining chigilini yozadi. 
Zarifa uni o‘z buvisiga o‘xshatmoqchi bo‘lar, lekin buvisi qotmadan kelgan, bir nafas bekor o‘tirmaydigan serharakat kampir. Xoljon buvi esa — yo‘g‘on gavdali, lo‘mbillagan... Uning baqbaqalari osilib tushgan, so‘lg‘in, rangpar yuzi Zarifaga yoqmasdi. Xoljon buvining qo‘rg‘oni kattagina bo‘lib, bir qismiga sabzovot ekishardi. Bu yil esa...
Zarifa erinib qadam bosib ko‘chaga chiqdi. Xoljon buvi o‘z darvozalari oldida odatdagidek yog‘och o‘rindiqda yastanib o‘tirar, yonida, sovib qolgan bo‘lsa kerak, bir choynak choy bilan piyola turardi. 
Zarifa:
— Assalomu alaykum, — deya salom berdi. Xoljon buvi, har galgidek, so‘zlarni cho‘zib:
— Va alaykum assalom, — deb alik oldi. — Uzun yasha. 
Zarifa unga uzoq qarab qoldi. Buni sezgan Xoljon buvi:
— Yo, Ollo! — deya bir tebranib olib, — choy ichasanmi? — deb so‘radi. Lekin handalak haqida hech narsa demadi.
Zarifa yo‘q, degan ma’noda boshini sarak-sarak qildi. 
— Otanglar ishga ketdimi?
Zarifa bu safar, ha, degandek boshini qimirlatib qo‘ydi. Shu bilan o‘zaro muloqot tugab, Zarifa hovliga qaytib kirdi. Bir payt o‘choq boshida turgan pachoq kursiga ko‘zi tushdi-yu, qo‘shni qo‘rg‘onga devor osha bir mo‘ralab, handalak pishgan-pishmaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ildam borib kursini devor tagiga keltirib qo‘ydi. Kursi «g‘iyq-g‘iyq» qilib likillab turgan bo‘lsa-da, uning ustiga chiqib yuqoriga intildi. Yo‘q, bo‘yi yetmadi. Kursidan tushib barmog‘ini og‘ziga solib o‘ylanib qoldi. Og‘ilxona tomiga pichan bosish uchun qo‘yiladigan yengil narvonni esladi. Uni ko‘zlari bilan qidira boshladi. Narvon hovli adog‘ida og‘ilxona orqasida yotardi. Zarifa, uni ko‘tara olmasligini bilsa-da, devor tagidan o‘sha tomonga qarab yurdi-yu, qo‘shni qo‘rg‘ondan o‘z hovlilariga suv o‘tadigan huyut-omborga kez bo‘ldi. Yaqin o‘rtada suv yurmagan ariqcha quruq edi. Zarifa huyutga engashdi. Osongina o‘tsa bo‘ladigan teshik. Xursand bo‘lib ko‘chaga shoshildi. Eshikni ochib, qo‘shni darvozaga ko‘z tashladi. Hamon mudrab o‘tirgan Xoljon buvi chiyq etib tovush bergan eshikdan bosh chiqargan Zarifaga bir qarab olib, yana pinakka ketdi.
Zarifa huyut boshiga qaytib keldi. Ko‘ylagining etagini lippasiga qistirib ariqchaga tushdi va emaklab devor tagidagi teshikdan qo‘shni qo‘rg‘onga o‘tdi-yu, yashil palaklar bilan qoplangan polizning biqinidan chiqdi. Ikki qadam narida barglar orasida do‘ppidek, sarg‘ish handalak ko‘rindi. Shoshib o‘sha tomonga emakladi. Bir emas, ikkita handalak yonma-yon yotardi. Zarifa ularni bandidan uzib, etagiga solmoqchi bo‘lib, endi cho‘nqaygan edi hamki, orqa tarafdan sharpa eshitildi. Boshini ko‘tarib alangladi. Egat boshida Xoljon buvi turardi. Zarifa qo‘liga olgan handalakni qayta yerga qo‘ydi. Xoljon buvi esa hamon miq etmasdi. Zarifa bir unga, bir handalaklarga qaradi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Xoljon buvi buni kutmagan shekilli, shoshib qoldi, gap topmasdan:
— Hay-hay, — deyishdan nariga o‘tmadi.
Zarifaning yig‘isi avjiga chiqdi.
— Hoy, Zarifa, shoshma, — dedi nihoyat Xoljon buvi. — Nega bekordan-bekorga o‘kiryapsan? Bas qil yig‘ingni.
Uning gap ohangida do‘q-po‘pisa sezilmasdi. Zarifaning yig‘isi tindi.
— Boshqa qilmayman, — dedi u burnini tortib.
— Handalak yeging kelgan bo‘lsa, menga aytmabsan-da. Ha, qizalog‘i tushmagur. Qani, yur ayvonga. Birga o‘tirib handalak yeymiz. Xoljon buvi ketib borayotgan yerida to‘xtab orqasiga o‘girildi. Zarifa turgan joyida qolgan, hadeb kaftlari bilan ko‘zlarini ishqalar edi. — Haligi ikkita handalakni ola kel. Bilasan, mening egilishim qiyin.
Zarifa ikkita handalakni ikki qo‘liga olib polizdan chiqdi.
— Kelaqol, — dedi yana Xoljon buvi. Qo‘limga suv quyib yubor. Chayib olay.
Bu gaplardan ancha tinchigan Zarifa ildam yurib, ayvondagi supa oldiga bordi, handalaklarni bir chekkaga qo‘yib, kunda qolgan qumg‘onni qo‘liga oldi. Xoljon buvi devor tomonga yozilgan ko‘rpachaga, o‘zining odatdagi joyiga o‘tirib, qani, quyaqol suvingni, deganidek, ikki qo‘lining panjalarini bir yonga cho‘zdi. Zarifa bo‘lib-bo‘lib uch marta suv quydi.
— Umringdan baraka top. — Joljon buvi duo qildi. — Endi ana u tunuka lagan bilan pichoqni keltir. Avval suv bilan chayib yubor.
Zarifa u aytganidek qildi. So‘ng handalaklarni olib kelib Xoljon buvining yoniga qo‘ydi.
— Ha, balli! Endi yuz-ko‘zlaringni yuvib ol. Qiz bolasan axir. Yanagi yil maktabga borasan-a?
— Ha.
Zarifa qumg‘onni bir chekkaga olib borib yuzini yuvib, etagining uchi bilan artdi. Xoljon buvi handalaklardan birini tilimlab laganga terib qo‘ydi. Keyin supa etagida tik turgan Zarifaga qarab:
— Nega qaqqayib turibsan? O‘tir, — dedi. — Ol, olaver. Menga qarama, — uning o‘zi bir tilim handalakni «tuya» qilib, shoshmasdan yeya boshladi. — Mendan hafa bo‘lma, bolam. — U ezuviga oqib tushgan shirani sochiq bilan artib, yana gapga kirishdi. — Xoljon buvining miyasi aynib qolgan. Bo‘lmasa senga ikkita handalak olib chiqib bersam, davlatim kamayib qolarmidi! Qo‘shni haqqi ham bor-ku... Zarifa, ol, bolam.
Zarifa uchinchi tilimni yeb bo‘lib:
— To‘ydim, — deya o‘rnidan turdi. Barmoqlarini chayib, yana Xoljon buvining qo‘llariga suv tutdi. Keyin chelakdan qumg‘onga suv qo‘yib, uni qaerdan olgan bo‘lsa, o‘sha joyga eltib qo‘ydi.
Uning barcha harakatlarini zimdan kuzatib o‘tirgan Xoljon buvi: «Zuvalasi pishiq bu qizaloqning», degan fikrni dilidan o‘tkazdi.
— To‘g‘ri qilding, — dedi so‘ng mamnun boqib. — U mening tahorat suvim. Kunchuvoqda turgani ma’qul.
Zarifa boshini quyi egganicha eshik tomon yurdi.
— To‘xta. — Xoljon buvi ikkinchi handalakni unga uzatdi. — Ma, uyingga olib chiq. Xoljon buvi berdi, dersan.
Zarifa indamay handalakni qo‘liga olib, bir-ikki qadam bosgan edi, yana Xoljon buvi:
— Shoshma, — deya to‘xtatdi. Bu yerga huyutdan kirganligingni hech kimga aytma. Ikkovimizning o‘rtamizda qolsin bu gap. Uqdingmi?
— Xo‘p.
Bu gap rostdan ham, Xoljon buvi aytganlaridek, sir bo‘lib qoldi. Huyut esa berkilmadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.