OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muyassar Tilovova. Asov ot (hikoya)

Yer qattiq silkinmadi. Bir muddatgina tog‘-toshlar gumburladi, xolos. Ammo shu shovqinda ham uyurdagi otlar dovdirab, o‘zlarini qayoqqa urishni bilmay qolishdi. Ayg‘ir ularni tinchlantirishga harchand urinmasin, ojiz biyalar kishnab, turli tomonga tirqiradi. Onalarining bu ajabtovur harakatiga tushunmagan qulunlar atrofga hayron olayishardi. Ko‘z ochib yumguncha bo‘lib o‘tgan zilzila borliqqa shuncha sarosima solishga ulgurdi. Otlarning oyoqlari mahkam turgan yer qimirlashdan to‘xtagan, biroq negadir shovqin tinchimagandi. Oyoqlari uzun, baquvvat, xipcha beli metinday mustahkam uyurboshi ayg‘ir qandaydir xavfni sezib, burun teshiklarini katta-katta kerib, bezovta kishnab ko‘l tomondagi tepalikka qarab yugurdi. Bu tepalik yaqin atrofdagi eng baland joy. Uning ustidan hammayoq kaftday ko‘rinadi. Adashmabdi, pastdagi vodiydan chang-to‘zon ko‘targancha bir-necha otliq yelib kelardi. Ayg‘ir qadamidan o‘t chaqnab, xuddi quyunday pastladi. Old oyoqlarini baland ko‘tarib, uyurga shimol tomon qochishni buyurib kishnadi. Yo‘l boshlashga boshladiyu, o‘zi oldinga intilmay, yilqilarni aylanib yugurdi. Ularni tezroq harakat qilishga undab yer tepindi.
Ko‘l tomondagi tepalikdan o‘tilsa, torgina vodiy. Undan so‘ng pastqam tog‘liklar boshlanadi. U yerdan tezroq o‘tib olinsa, biror pana joy topib, ko‘zdan yo‘qolish oson. Butun uyur ayg‘irning maqsadi nima ekanini tushundi. Barchani ko‘zdan kechirib, bir shiddat bilan uyur oldiga o‘tib oldi. U eng oldinda yilqilarga namuna bo‘lish uchun tezroq, chaqqonroq yuguradi. Yugurganida ko‘mirdek qora yollari selkillab, parvozga shaylanayotgan qushni eslatadi. Ammo ilkis-ilkis to‘xtab, chang-to‘zon ichida elas-elas ko‘zga tashlanayotgan oq biyaga qaraydi. Boshqa paytlarda o‘sha biya ayg‘ir bilan oldinma-ketin yugurar edi. Hozir esa buning iloji yo‘q. U qulunlashi kerak. Tinchgina ko‘zi yorishi uchun uyurni shu adirlikka olib kelgandi. Bexavotir deb o‘ylagandi bu yerni. Biroq shu yerdayam odamlar tinch qo‘yishmadi ularni. Oq biya avvaliga bir tekis yugurdi, ammo bora-bora hammadan ortda qola boshladi. Nafasi bo‘g‘ziga tiqilib hansirar, qornida qandaydir kuchli og‘riq turgandi. Uyur mo‘ljal olingan yo‘ldan jonholatda chopib borardi. Ayg‘ir esa oq biyaning boshqa yugurmay, yumalab qolganini ko‘rgach, ortga qaytdi. Bu orada yilqilar ancha uzoqlashib ketdi. Ayg‘ir biyani o‘rnidan turishga undab atrofida gijinglab aylandi. Ammo oq otning ortiq yugurishga madori yo‘q. Avvaliga uni turishga undagan ot endi pishqirib buyruq berishga o‘tdi. Biroq foydasiz. Biyani dard tuta boshlagandi. Boyagina zilziladan qo‘rqib ketgan otga, keyingi zarba og‘irlik qildi. U kishnashdan to‘xtab, boshini yerga tashladi. Endi befoyda, yugurish u yoqda tursin, o‘rnidan ham turolmaydi. Jufti atrofida goh amirona, goh yalinib kishnar, tumshug‘iga burnini tekkizib undan nimanidir o‘tinardi. Ikki o‘t orasida qolgan uyurboshi bir suyukli biyasiga, bir shovqin solib tobora uzoqlab borayotgan uyurga qaraydi. U yilqilarni asrashi kerak, biroq oq otni ham shu ahvolida tashlab ketolmaydi. Uning ikkilanishiga ortidan quvib kelayotganlarning qorasi ko‘rinishi nuqta qo‘ydi. Ayg‘ir osmonga sapchib, vahimali, juda ayanchli kishnadi.

* * *

To‘ychi chavandoz uyurning izini yo‘qotgan bo‘lsa-da, ovdan quruq qaytmadi. Oldingi oyoqlari tushovlanib, itoatkorona yo‘rg‘alayotgan oq biya va uning toychog‘ini, bu kengliklardagi jamiki yovvoyi otlar sardori, afsonaviy ayg‘irning zurriyodini olib qaytdi. Qulunning yunglari xuddi otasinikidek tim qora, yaltiroq, ko‘zlari esa onasiniki kabi jigarrang. Oyoqlari hali oriq, nimjon bo‘lsa ham, vaqti kelib kengliklarga sig‘maydigan kuch yig‘ilishi muqarrar.
— Nasli toza-da jonivorning, yaltillashini qara, — sevinchini ichiga sig‘dira olmagan chavandoz atrofidagilarga qarab kulib qo‘yadi. — Ayg‘irni tutolmagan bo‘lsak ham quluni bizda. Bu toychoqning, — deya atrofidagilarning kim ekanini anglamay quloqlarini dikkaytirayotgan qulunning boshini silaydi, — uyurboshidan afzalligi ko‘p. Chunki uni tutganimiz bilan yovvoyi baribir yovvoyiligini qiladi. Qulay payt bo‘ldi deguncha qochishga urinadi. Asovni jilovlash qiyin. Quluncha esa endi o‘zimizniki. Agar otasiday o‘ktam ot bo‘lsa, bu orada oldimizga tushadigan chavandoz topilmaydi.
Oq biya odamlar qulunini erkalagan, yunglarini silagan sayin battarroq tixirlik qilayotgandi. Bir ilojini topsayu bolasini olib ortiga qaramay qochsa. Ammo bari harakatlari befoyda ekanini jonivorning o‘zi ham bilib turar, shunday esa-da taqdirning bu g‘irrom hukmi bilan kelishishni sira -istamayotgandi.
O‘sha kuni chavandozga qishloqning yoshu qarisi havas qildi. Hozir har kim uning o‘rnida bo‘lib qolishni xohlardi. Chunki dong‘i butun vodiyga yoyilgan qora ayg‘irning zurriyodi To‘ychi chavandozning qo‘lida.

* * *

Oq biyaning kishnashi, tongda, quyosh tog‘lar boshini siypab mo‘ralay boshlaganida, ayniqsa, avjiga chiqardi. Chunki bu vaqtda oq boshli cho‘qqilar doimgidan ham viqorli, ulug‘vor va juda-juda yaqinda, xuddi oyoq uzatsa yetadiganday ko‘rinar, qorli yaylovda yugurayotgan, ozodlikda shamolday uchayotgan uyurning dupurlari eshitiladi. U malla, doim yoshovrab turadigan ko‘zlarini o‘sha tomonga qadaydi. Agar bir harakat qilsa, odamlar o‘zicha baquvvat deb qurgan yog‘och og‘ilni bemalol buzib tashlab, uzoq-uzoqlarga qochib keta oladi. Biroq bunga uning haqqi yo‘q. Chunki ortida yaqinda tug‘ilgan quluni bor. Ot kishnay-kishnay tinchiydi va bostirma tagida bezovta onasiga hayron tikilib turgan quluni yoniga qaytadi. U hali zaif, xonaki otlarning bolalaridan farq qilmaydi. Lekin biya qo‘radagi boshqa qulunlarni uning yoniga yo‘latmaydi. Chunki har tikilganida unda yuksak tog‘larga, keng daralarga sig‘magan ozodlikni ko‘radi, jajji yuragining urishida yugurganida toshlardan uchqun sachratgan otlar dupurini, juftining hali ham onda-sonda quloqlariga chalinib qoladigan o‘ktam kishnashini eshitadi. Qishning uzundan-uzoq qirovli tunlarida ham og‘ilning usti ochiq qanotida quloqlarini dikkaytirib, burun teshiklaridan hovur chiqarib turaveradi.
Tong otgach, qulunchasini yalayotgan otni kuzatarkan, Ziyod ota chuqur uf-f tortdi. Ilhom hali yosh, bobosining ketidan qolmaydigan bola. Uning go‘daklarcha mijg‘ov savollari ham kulgili, ham javob berishga odamni shoshirib qo‘yadi.
— Nimaga uflayapsiz, bobo?
— Oqboshning ahvolini ko‘rib uflamay nima qilay?
(Ular otga shunday deb nom qo‘yib olishgandi)
— Otimizga nima bo‘lgan?
— Uyini sog‘inyapti, bechora.
— Qaysi uyini, uyi shu yerda-ku.
— Ey-y bolasi tushmagur, ezib yubording, — Ziyod otaning sabri tugab, nabirasini urishgan bo‘ladi.
Ilhom boshqa gapirmaydi. Sovuqda qizargan burnini tortib jim turaveradi. Hamma narsani tez unutib qo‘yadigan chol yana otga chalg‘iydi.
— Nasli toza-da jonivorning.
— Nasli toza degani nima?
— Bu, — deya tushuntirish beradi chol nabirasiga, — bu degani haqiqiy ot degani. Asl otlar xuddi Oqboshga o‘xshaydi. Qadamidan o‘t chaqnaydi ularning.
— O‘t chaqnaydi degani nima?
— O‘t chaqnaydi degani juda tez yuguradi. Quvganing bilan baribir yetolmaysan degani.
— Lekin siz otni quvganingizda yetgansiz-ku, u asl ot emasmi?
Bobo nabirasiga shu yerda taslim bo‘ladi. Chunki bu savolga javob berolmasdi. Axir bolakay Oqboshni halollab emas, bolalayotgan vaqtida tutilganini qaydan bilsin?
— Ey, toza jonga tegding-ku. Miyamni achitishdan boshqa qiladigan ishing yo‘qmi? Bor, ukalaring bilan o‘yna.
Yengilayotgan vaziyatlarida chol shu yo‘lni tutardi. Ilhom esa baribir bobosining yonida ham, boshqa yerda ham o‘zini zeriktirmaydi.
Quluncha bola bilan tengdosh ulg‘ayardi. Ko‘rinishi xuddi onasining o‘zi. Baquvvat va chayir oyoqlari uzun-uzun, tim qora yollari qizlarning oftobda toblangan sochidek yaltiraydi. Peshonasi va biqinida oq qashqasi bor. Shuning uchun hamma unga Oqqashqa deb nom qo‘ygan. Oqqashqa onasidan ham o‘zg‘ir, navqiron otga aylandi. Ammo ona va bolaning orasida yana bir farq bor edi. Oqqashqa voyaga yetgan sari odamlar bilan juda-juda inoq bo‘lib ketdi. Uning poygalarda, ko‘pkarilarda beli qotib, dong‘i har tomonga yoyildi. Lekin ona ot odamlarga bo‘ysunmadi, qanchalik majburlashmasin hech bir chavandozga bo‘y bermadi. Boshqa otlar qatori dalaga borar, aravaga qo‘shilar, o‘t, suv tashirdi.
— Bechorani turtkilama, — dedi bir kuni Ziyod ota yoniga yo‘latmaganidan biyani qamchilayotgan To‘ychi o‘g‘liga. — Ungayam mehr bersang, tek turadi-da.
— Bu boquvni keragidan ortiq olib bo‘lgan, ota. Lekin hech narsaga yaramayapti. Buning o‘rniga qirchang‘i boqqanimizda yaxshiydi.
Ota indamadi, faqat norozilanib boshini sarak-sarak qildi.
— Har kim o‘z yurtida shoh bo‘lsin ekan.
Ilhom bobosining nima deganini anglamagani uchun biror jo‘yali savol topolmadi. Faqat ko‘zlarini pirpiratib bobosiga termilib turaverdi.
— Oqboshni aytyapman, — dedi nabirasining hozir nimadir so‘rab qolishini oldindan bilgan chol. — Uni biz tamom qildik. Tog‘larida erkin yugurib yurardi. Jilovga bo‘y bermasdi. Bu yerda-chi, hamma otlar qatori bir ot, xolos.
— Unda nimaga qochib ketmaydi?
Ilhom o‘shanda birinchi marta bobosini hayratga soladigan savol berdi. Ziyod ota ham birinchi marta o‘ziga loyiq suhbatdosh topganday bo‘ldi.
— Agar Oqqashqa bo‘lmaganida edi, allaqachon yo qochib ketardi, yoki o‘lardi.
Oqqashqani uloqqa To‘ychi chavandoz mindi. U bilan qaerga bormasin doim solim bilan qaytdi. Oqqashqa ot emas, chin do‘st edi u Ilhom uchun. Ba’zan otasi qamchilasa, kaltak xuddi bolaning biror yeriga tekkanday seskanardi. Shunday paytlarda bobosini chaqirar, faqat bobosi otning yonini olishi mumkin ekanini bilardi. Bobosining otlarga mehrini ko‘rib, ularni chin dilidan yaxshi ko‘radi, deya o‘ylardi. Lekin Oqqashqa ko‘pkaridan yaralanib, cho‘loq bo‘lib qaytganida uni so‘yish kerakligini aynan Ziyod ota maslahat berdi. O‘sha kuni Oqqashqaga oq biyadan boshqa hech kimning rahmi kelmadi. So‘yishayotganida atrofidagilardan mehr-shafqat so‘rab tilangan ko‘zlari hamon bolaning yodidan chiqmaydi. Kishnaganida doim o‘ktam chiqadigan ovozi o‘sha paytda go‘daklarnikidan ham nimjon, yangi tug‘ilgan qulunlarnikidan-da ojiz chiqdi. U-ku, oxiri taqdiriga tan berdi, lekin Oqbosh... Yuragi qandaydir noxushlikni sezganday ertalabdan bezovtalana boshlagach, chol oyog‘idan mahkam bog‘lab qo‘ydi. Oqqashqani so‘yishayotganida yer tepinib kishnaganlari Ilhomning ko‘z o‘ngida muhrlanib qoldi. O‘shanda rahmi kelganidan va ayni damda qo‘lidan hech narsa kelmaganidan bazo‘r lablarini tishladi.
Oqqashqani og‘ildan pana joyga olib o‘tishdi. Biya uni ko‘rgani yo‘q, lekin do‘stdek tutib ardoqlagan egalari nobud qilishayotganini ich-ichidan sezib turdi. Oqqashqa joni uzilishidan oldin og‘ir ingradi. Shu payt otxona tomonda nimadir qarsillab sindi. Zum o‘tmay odamlar yoniga shamolday uchib, Oqbosh keldi. Hamma karaxt bo‘lib qolgandi. Chorasiz biya orqa oyoqlarida turib, butun gavdasini tik ko‘targancha oldingi oyoqlarini havoda muallaq aylantirdi. Shunchalar vajohat bilan kishnadiki, ovozi quloqni kar qilay dedi.
Ilhom umrida birinchi marta unda shunday vajohat, kuch, odam bolasiga nafrat bilan qaragan ilojsiz jonivorning zurriyodi uchun tutgan motamini ko‘rdi. Katta ochilgan burun kataklari o‘t purkayman derdi go‘yo. Oqqashqaning ko‘zlari onasi tomon qadalgancha qotib qoldi. Ilhom o‘sha paytda yosh idroki bilan Oqqashqaning ko‘zlarida qotib qolgan ma’noni uqiy olmadi. Hammasi tamom bo‘lgandi. Oqbosh yana bir kishnadi-da, po‘rtanalar hosil qilib, vishillab oqayotgan soyning ustidan narigi qirg‘oqqa sakradi. Uning sog‘-omon o‘tib ketishiga hech kim ishonmagandi. Shunchalik yuqori sakradiki, xuddi qanot chiqarib uchayotganga o‘xshardi. Uzun yollari shamolda qush qanotiday selkillab, parvoz qilardi. Biya yiqilmadi, qanchalik keng bo‘lmasin, narigi qirg‘oqqacha sakrab o‘tib oldi. Tog‘larga qarab juda tez yugurganidan zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. U erki, ozodligi tomon shoshgandi. Odamlar orasida uzoq muddat yashagan bo‘lsa-da, ko‘nglidagi asl tuyg‘ular hali tamom unut bo‘lib ketmagandi...
Ilhom Oqboshni shundan keyin ko‘rmadi. Ona biyani qayta uchratmadi. Lekin undan ko‘ngli to‘q. Agar tirik bo‘lsa qadam yetmaydigan joylarda, erkinlikda yashayapti, o‘lib ketgan bo‘lsayam mardona o‘lim topgan. Mana buni hayot desa bo‘ladi.
Hamma narsa qanchalik tez sodir bo‘lgan bo‘lsa, shunchalik tez tugadi. Ziyod ota “Hozir savolga ko‘mib tashlaydi”, deb ko‘zlarini nabirasidan olib qochdi. Ammo bola hech narsa so‘ramadi. Bobosi ilgari uning ko‘ziga hamma narsani biladigan juda aqlli inson bo‘lib ko‘rinardi. Bu voqeadan so‘ng bola o‘zining xulosasini chiqarib bo‘lgandi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 5-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.