Yarim soatcha oldin bahor yomg‘iri toshlar yuzini yuvib o‘tgan. Quyuq o‘tloqdagi maysalar bargida yomg‘irning marjon-marjon zarralari yiltirab turibdi. Ertalabdan beri qo‘rada qamalib, ochiqqan qo‘y-echkilar yaylovga yoyilib ketdi. Ko‘katlar nam bo‘lgani uchun bobom bilan katta xarsangning ustiga o‘tirib, ularni kuzatyapmiz. Tepamizda — juda balandda burgut kichik qora nuqtaga o‘xshab, qanot qoqmay aylanadi. Uning parvozi xuddi tiniq osmon bag‘ridagi ulug‘vor raqsga o‘xshaydi.
Bobom hadeb tepaga tikilaverganidan bo‘yni tolib ketdi, shekilli, qo‘llarini boshining orqasiga qo‘yib, chalqancha yotib oldi. U Mag‘rurga qaragan payti hatto kiprik ham qoqmaydi. Mag‘rur — bu bizning tog‘larda yashaydigan katta ona burgutning nomi. U endi uchishni o‘rganib, osmonda ko‘rina boshlagan paytlarda bobom shunday atagan ekan. Keyinchalik qishloqdagilar ham uni shunday deb aytadigan bo‘lishdi. Chunki vaqt o‘tib, u chindan-da navqiron, yovqur, tog‘larning haqiqiy hukmdoriga aylangandi.
— Qara, o‘z sarhadlarini himoya qilyapti, — dedi bobom burgutdan ko‘z uzmay yotarkan.
— Nima? — dedim bobom tarafga o‘girilib.
— Burgutni aytyapman. Osmondan turib, uyini qo‘riqlayapti.
— Bobo, unga bunday qilishning nima keragi bor?
— Qishloqdagilar Mag‘rurni polaponlagan deyishyapti. U chindan ham bolalagan. Chunki shu paytgacha bunchalik sergak bo‘lmagan. Bolalaganda u juda hushyor bo‘ladi. Odamlar o‘zlaricha u haqda qo‘rqinchli gaplarni to‘qib tashlagan. Aslida, u juda beozor qush. Lekin bolalarini hammadan qizg‘anadi. U — haqiqiy ona.
Bobomning shunchalik to‘lqinlanib gapirishi meni sehrlab qo‘ydi. Uning burgutlar haqidagi hikoyalarini ming martalab eshitganman. Hammasi bir xil-u, lekin baribir qiziqarli. Keksayib qolgani uchun ba’zida aytayotgan hikoyasining davomini esdan chiqarib qo‘yadi. Men ataylab o‘zimni bilmaganga olib, uning nima bilan tugaganini so‘rayveraman. Bobom o‘ylay-o‘ylay, nihoyat kalavaning uchini topib, tag‘in so‘zlay boshlaydi.
— Bobo, har bir tog‘da bittadan burgut yashaydimi?
— Yo‘q, ular ko‘p bo‘ladi. Ilgari bizning tog‘larda ham Mag‘rurning ajdodlari ko‘p edi. Osmonda hozirgidek bitta emas, uch-to‘rttasi uchib yurardi. Keyin odamlar ularni ovlashdi. Nasli toza tog‘ burguti bo‘lgani uchun hayvonlar bog‘iga deb olib ketishdi, tsirkkami deb olib ketishdi. Ulug‘ burgutlar naslidan faqatgina shu Mag‘rur qoldi.
Bobomning qorachiqlarida allanechuk achinish, afsus va birozgina armon bor edi.
— Burgutning uyi qaerda? — so‘radim.
— Anig‘ini hech kim bilmaydi. Ular uyini odamtopmas cho‘qqilar bag‘riga qurishadi. Burgutning burgutligi ham shunda. Hech kimni tan olmaydi. Hech kim bilan kelishmaydi. Yolg‘iz va mag‘rur hayot kechiradi. Shu hayoti deb ko‘plari qirilib ketdi.
— Uning uyini topishni xohlarmidingiz?
Bobom og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi:
— Esimni taniganimdan beri faqat shuni orzu qilaman. Otam rahmatli burgut makonini bilardi. Lekin uning qaerdaligini hech kimga aytmay, o‘zi bilan qabrga olib ketdi. U odamlarni burgutga ozor berishini istamasdi. Shuning uchun menga ham aytmagan. Lekin bilganimda ham foydasi yo‘q.
— Nimaga?
— Chunki otam taniydigan burgut o‘zidan nasl ham qoldirmay, o‘lib ketgan. Ammo bu quruq gap. Mag‘rur uning avlodi. Xuddi otamning burgutidek o‘ktam. Odamlarda g‘alati odat bor. Kimning burguti bo‘lsa, o‘sha omadli emish. Burgutning uyini otamdan kimlar so‘ramadi deysan? Lekin otam hech kimga aytmadi. Eh-he, qancha burgut ovlari uyushtirilgan... Ularni xuddi chumchuqdek otganlarini ko‘rganman. Yerga qulaganda ham to jon bermagunicha o‘zlariga hech kimni yaqinlashtirishmasdi.
Bobom qo‘llarini e’tiborsiz silkib qo‘ydi. Bu, albatta, norozilik edi.
Kun tushdan og‘a boshlaganda burgut g‘oyib bo‘ldi. Osmon bulutlashib, havo ayniyotgandi.
— Jala bo‘ladiganga o‘xshaydi. Qo‘ylar chaqmoqdan hurkib ketmasin, qishloqqa qaytamiz, — dedi bobom.
Biz qanchalik shoshilmaylik, baribir, ulgurolmadik. Chaqmoq chaqib, momaqaldiroq gumburlay boshladi. Yomg‘ir sharros quymayotgan bo‘lsa-da, har holda, maydalab yog‘ayotgan edi. Podani haydab kelarkanmiz, qo‘raga yaqin qolganda, yigirmatacha echkining yo‘qligini payqadik.
— O‘tlab ketibdi-da jonivorlar. Hali yaylovdan uzoqqa ketmagan. Men izlab kelaman, — deya ortiga burildi bobom.
— Men ham siz bilan.
— Yo‘q. Sen qolganlarini olib ketaver. Tag‘in ular ham hurkib ketmasin.
Men noiloj bobomning aytganini qildim.
Qo‘ylarni qo‘raga qamab bo‘lganimizda shom tushgandi. Yomg‘ir kuchayib, tund havo bo‘lganidan qorong‘i tez tushdi. Ammo bobomdan haliyam darak yo‘q. Zaminga tun cho‘kdi. Hamma xavotirda, bobom kelmayapti. Buning ustiga, juda izg‘irin, bobomning egnida esa yengil yaktakdan boshqa narsa yo‘q. Otam va akalarim yaylovni bir necha marta aylanib, bobomni topolmay kelishdi. Otam nima qilishini bilmay, qishloqning baquvvat ikki yigitini olib, dara tomonni izlab kelishga shaylanayotgan ham ediki, ko‘cha boshidan echkilarning ma’ragani eshitildi. Hamma otilib chiqdi. Adashgan echkilarimiz bilan izma-iz bobom ham kirib keldi.
Uning ahvoliga qarab bo‘lmasdi. Sovuqdan ko‘kargan lablari pir-pir uchardi. Ammo negadir yaktagini yechib, qo‘liga olgan, uni yomg‘irda kaftlari bilan pana qilardi.
Xavotirdan yuragi yorilayozgan otam bobomga qarab baqirib yubordi:
— Ota, ketsa-ketar edi echkilar. Shunday havoda izlab, sizga zarilmidi?
Bobom hech kimga e’tibor bermay, qo‘lidagi narsaga mehr bilan tikilarkan:
— Men Mag‘rurning uyini ko‘rdim. Qora cho‘qqida ekan. Uni qanday ustalik bilan qurganini ko‘rsang edi! Naq tik qoyaning bag‘rida, — dedi.
Mag‘rurning nomini eshitib, hamma bobomga «yalt» etib qaradi.
— U ikkita polaponlabdi. Ikki buyuk burgut nasli. O‘zi shunaqa, nasli tozalar kam polaponlaydi.
Bobom yaktagini avaylab ochdi. Orasidan tovuqdan sal kichikroq burgut bolasi chiqdi. U hali ucholmasdi. Faqat qanotlarini pitirlatardi, xolos.
— Burgut bolasi-ku, — otam uning tumshug‘ini siladi.
Burgutcha to‘satdan otamning barmog‘ini cho‘qib oldi.
— Ko‘rdingmi, bu Mag‘rurning avlodi. Haqiqiy tog‘ burguti. U odamlarni tan olmaydi, — dedi bobom cho‘chib qo‘lini tortib olgan otamga.
So‘ng patlari hurpaygan polaponchani silab qo‘ydi.
— Echkilarni qidirib yurganimda ko‘rib qoldim. Baxtimga Mag‘rur sezmay qoldi.
Kiyimlarini almashtirgach, juda charchagan ekanmi, qotib uxlab qoldi.
* * *
Ertalab barvaqt uyg‘ondim. Derazadan qaraganimda bobom hovlida osmonga tikilib, u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Oldiga yaqinlashib, osmonga qarasam, uyimiz ustida Mag‘rur uchib yuribdi! Lekin nimadaidir bezovtalangandek har zamonda qanot qoqib qo‘yadi.
— Bilibdimi? — dedim xavotirlanib.
Bobom kelganimni sezdi, shekilli, menga qaramay ham javob berdi.
— Ha. Jonivor juda sezgir bo‘ladi-da. Ammo polaponini bermayman. Qariganimda Xudo menga burgut ato qildi. Uni Mag‘rurdek voyaga yetkazaman, — deya bobom qandaydir qaysarlik bilan so‘zlardi. So‘ng osmonga qarab gapida davom etdi: — Hozircha sen narigi bolangni katta qil. Bunisidan xavotirlanma, uni asrashga so‘z beraman, Mag‘rur!
— Bobo, nimaga uning ikkita bolasini ham olmadingiz?
— Burgutlar juda qasoskor bo‘lishadi. Agar ikkisini ham olib kelsam, Mag‘rur bizni tinch qo‘ymasligi aniq. Hozir qolgan bitta bolasi uchun o‘zini o‘tga-cho‘qqa urmaydi. Lekin, qara, shundayam topib kelibdi.
Oradan bir oycha vaqt o‘tdi. Polaponga yaxshi sharoit yaratib berdik. Uning erkin yashashi uchun kattaroq qafas yasatdik. Burgut bolasi ham ancha o‘sdi. Qafas torlik qilgach, kattarog‘ini yasattirdik. Lekin bobom uni tashqariga kam olib chiqardi. Mag‘rurdan qo‘rqardi. Mag‘rur ham shu vaqt ichida tepamizda aylanishni biror kun kanda qilmadi. Ora-sirada juda qo‘rqinchli qichqirib qo‘yardi. Uning ovozida burgutga xos vahima, buyuklik, lekin ojizgina ona allasiga o‘xshash mung bor edi. Bobom Mag‘rurning bolasiga «Buyuk» deb nom qo‘ydi. U chindan ham onasiga quyib qo‘ygandek o‘xshardi. Faqat jussasi hali kichkina.
Bir kuni otam bilan amakim Buyukni tashqariga olib chiqishdi. Bobomdan ochiq havoda biroz tursin, deb ruxsat olishgandi. Bu har kungi odat bo‘lganidan bobom rozi bo‘ldi. Oradan bir soatcha vaqt o‘tib, men hovliga chiqdim. Lekin hech narsaga tushunmadim. Hovli o‘rtasida qafasga solingan Buyuk yolg‘iz turardi. Kattalar uni unutibdi chog‘i. Men ichkariga kiritib qo‘yish uchun Buyuk tomonga yurdim. Ammo kimningdir qo‘llari meni qo‘yib yubormadi. O‘girilib qarasam: amakim. U kishi ko‘rsatkich barmog‘ini labi ustiga qo‘yib, «jim» ishorasini qildi. Tushunmasam-da, jim bo‘ldim. Shu payt ko‘zim osmondan shiddat bilan pastlayotgan qora ko‘lankaga tushdi. Avvaliga nimaligini ilg‘amadim. Biroq keyin... U Mag‘rur edi. Sezdim, u bolasini olib ketmoqchi. Barchasi tez sodir bo‘layotganidan tushunarsiz edi. U panjalari bilan qafasga tashlandi. Buyuk ketdi, deb o‘yladim. Lekin bunday bo‘lmadi. Mag‘rur endi ko‘tarilganida ustiga qaerdandir to‘r tushdi. To‘r ham uning to‘rt tomonini chirmab tashladi. Samoda haqiqiy jang ketayotgandi. Mag‘rur o‘ralib qolgan qanotlarida uchish og‘ir bo‘lsa-da, harakat qildi. Buning ustiga, qafasdagi Buyuk ham uning olislashiga to‘sqinlik qilayotgan edi. Agar to‘rning bir uchi otam va amakimning qo‘lida bo‘lmaganida, u ancha uzoqqa keta olardi. U shunday bo‘lsa-da, harakat qildi. O‘zini charchaganday ko‘rsatib, biroz pastlar, yerga yetay deganida, yana zo‘r berib qanot qoqardi. U taslim bo‘lmoqchi emas. Bu unga xos xislat. Men bu jangdan karaxt bo‘lib qoldim. Mag‘rur ayanchli qichqirdi. Hech qanday yordam yo‘qligini bilsa-da, u nimagadir iltijo qildi. O‘sha payt esimda qolganini hisoblasam, yarim soatdan ortiq jang bo‘libdi.
Nihoyat, u gursillab yerga quladi.
— Bobo, bobojon, Mag‘rur... — degancha men ichkariga yugurdim.
Uxlayotgan bobom cho‘chib ko‘zlarini ochdi. Men qo‘llaridan tortib tashqariga imladim. U kishi munkillab yugurdi. Tashqarida to‘rga o‘ralib, ayanchli ahvolda yotgan Mag‘rurni ko‘rib, bo‘shashganidan devorga suyanib qoldi.
— Ota, bobomning mazasi yo‘q.
Ular qilayotgan ishlarini tashlab, biz tomon yugurishdi.
— Ota, xavotirlanmang, Mag‘rur tirik.
— Ahmoq, pastkash...
U o‘zini oqlayotgan amakimga nafratlanib qaradi.
So‘ng bobomning nafasi tiqilib, gapirolmay qoldi. Og‘ziga suv tomizib, o‘ziga keltirishdi. Keyin mazasi bo‘lmay yotib qoldi. Otam va amakim «Mag‘rurni qo‘yib yubordik», deb bobomni aldashdi. Aslida, uni katta qafasga solib, amakimnikiga olib ketishganini men bilaman. Lekin buni bobomga aytolmayman. Chunki shundog‘am og‘ir ahvoli battar yomonlashadi. Uning Mag‘rurni qanchalar yaxshi ko‘rishini bilaman. Hatto ba’zan bobom va burgutning umri bir-biriga bog‘liqday tuyiladi. Doim bobom bilan Mag‘rur bizniki bo‘lishini orzu qilardim. Endi u yonimizda, ammo bu g‘oliblik menga tatimayapti. Undan ko‘ra osmonda uchib yurgani yaxshiroq edi. Bulutlardan ham baland, hech kimning qo‘li yetmaydigan yuksaklikda.
— Derazadan qara-chi, burgut osmondami?
Bobom to‘shakdan turolmayotgani uchun menga aytdi. Yuragim achishib ketdi. Osmonda hech qanday burgut yo‘q, bo‘lmaydi ham. Hozir Mag‘rur temir qafasda, ma’yus ko‘zlarini cho‘qqilar tomon qadab o‘tiribdi.
— Ha, ana. Uchishini ko‘ryapsizmi, bobo? Avvalgidek juda balandda. Ko‘zga arang tashlanadi.
Bobom miyig‘ida kulib qo‘ydi:
— Yaramaslar...
Biroz jimlikdan keyin aytgan gapi shu bo‘ldi.
— Dunyoda odamzodday chirkin maxluq yo‘q. Jonivorni onalik mehridan foydalanib, qo‘lga olishdi-ya?.. Mag‘rurning aybi ona bo‘lganimi? U farzandini qutqarmoqchi edi. Uning shu ko‘ngilchanligidan foydalanishdi. Agar Mag‘rur ona bo‘lmaganida, odamlar uni hech qachon tutisholmasdi.
Bobom ko‘zlariga yosh oldi. Men ham yig‘lab yuborishdan o‘zimni zo‘rg‘a tiydim. Baribir, osmonda Mag‘rur uchmayotganini va hech qachon uchmasligini bobom bilibdi.
— Uni qutqaraman, qafasidan ozod qilaman... — deya pichirladim-da, xonadan chiqib ketdim.
Shu ketishda amakimnikiga yo‘l oldim. Mag‘rurni tutib olishganiga bir haftadan oshdi. Lekin u og‘ziga bir qultum ham suv olgani yo‘q. Ozganidan patlari hurpayib qolgan. Qafasida qilt etmay o‘tiradi. Ahvoli og‘ir, shekilli, og‘zidan suv oqib turardi. Qishloqning mol do‘xtiri uni «O‘ladi», dedi.
— Esiz, shu savilni qancha kuch sarflab tutibmiz. O‘rta yo‘lda otam bilan munosabatimiz yomonlashib, u kishining sog‘lig‘i og‘irlashgani qoldi.
— Nimasini aytasiz, aka. Bu qanaqasiga Mag‘rur? Turgan-bitgani kasal-ku.
Amakimning noroziligiga otam ham qo‘shildi.
Ular burgutni tashqariga, ochiq havoga olib chiqib qo‘yishdi.
Men esa bir chekkadan uni chorasizgina kuzatdim: u chindan ham o‘lsa kerak. Chunki juda kichrayib qolgan. Hozir ko‘rgan odam uni bir hafta avvalgi, shu tog‘larning hukmdori Mag‘rur ekaniga ishonmaydi. U so‘lg‘in ko‘zlarini yiroqlarga — ustida qorlari oqarib turgan cho‘qqilar tomonga qadadi. Majolsizgina uzun qanotlarini yoydi. Lekin qanotlari qafasga sig‘madi. Hatto o‘zi xohlaganidek, baralla qanot yozolmadi bechora. U qafasda qanot yozishning imkoni yo‘qligini bilsa-da, silkitishdan to‘xtamasdi. Nazarimda, u sal jonlangandek bo‘ldi. Toza havodan kuchga to‘layotganga o‘xshardi. Munkayib qolgan gavdasi yana g‘oliblarga xos kerildi. Bir haftadan beri tuz totmagan qushga qaerdan kuch yog‘ilib kelayotganini men bilmas edim. To‘g‘rirog‘i, bilishga biz odamlarning aqlimiz kaltalik qilardi. Burgut ko‘z oldimda havoga ko‘tarila boshladi. U qafasdan chiqolmasdi, qafasning ichida qanot qoqdi. Mag‘rur pitirlab, o‘zi doim intilgan osmoni falakka parvoz qilayotgan edi. Osmon ularni nega chorlashini men tushunayotgandek bo‘ldim. U yerda erk bor, ozodlik bor. Burgut tobora balandlab borardi. Esankiraganimdan qafasning og‘zini ochishni unutibman. Unga shundog‘am juda og‘ir. Bir tomondan qanotlari erkin harakat qilolmaydi, ikkinchidan, zil-zambil qafasni ham ko‘tarishga majbur. Lekin u uddaladi. Nazarimda, bulutlarga qadar ko‘tarildi. Hozir u doim muallaq aylanadigan yuksak manziliga chiqadi. Shunchasini uddalagan bu yovqur qushning qafasdan qutulib ketishiga ishonardim. Qo‘llarimni peshonamga soyabon qilib, ko‘kka tikildim. Mag‘rur yana doimgidek qora nuqtaga aylangan edi. Quyoshning zarrin nurlaridan ko‘zlarim qamashib qoldi. Ko‘zim yoshlanib ketayotgan bo‘lsa-da, Mag‘rurni ilg‘ashga harakat qildim. Chunki uning yana osmonda ekanidan quvonardim.
— Endi osmoningdan tushma, Mag‘rur!
Turgan joyimda sakrab, qo‘llarimni silkitdim.
Ammo kutilmaganda hammasi o‘zgarib ketdi. Yoki men adashyapman. U qancha qiynalib balandlagan bo‘lsa, shunchalik tez pastladi.
— Nahotki u qulayotgan bo‘lsa?! Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas! Yo‘q...
Shiddat bilan pastlayotgan qafasni tutib olishga harakat qilardim. Qulochimni katta ochib, qafasning mo‘ljalini oldim. Biroq kimdir qo‘llarimni mahkam ushlab tortdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, men uydan chiqayotganimda to‘shagidan turolmay yotgan bobom edi.
— Shunday bo‘lishi kerak. Burgutning umri shu. Uni qutqaraman deb, o‘zingni halok qilma. Menimcha, bu burgutga munosib qismat. Burgut bo‘lib tug‘ilganlar o‘limini ham burgutday qarshilaydi.
Bobom meni bag‘riga bosgancha yerga yaqinlashib qolgan burgutga teskari qaradi. Uni qutqarmoqchi bo‘lib, bobomning qo‘llaridan yulqinib chiqishga harakat qildim. Ammo bobom qo‘yib yubormadilar. Ko‘z o‘ngimda burgut yerga quladi. Yerga tushganida olam zirillab ketganday bo‘ldi, nazarimda. Dunyoni bir lahza dahshatli chinqiriq tutib ketdi. Mag‘rur halok bo‘ldi. Uning parcha-parcha bo‘lib yotganini ko‘rishga dosh berolmasdik. Qaytdik. Uyga yetib kelgunimizcha «churq» etmadik.
— Xafa bo‘lma, bolam. Buyuk burgut avlodidan bitta nasl qolgan. Endi osmonga u hukmronlik qiladi.
— Buyukni aytyapsizmi?
— Ha, bizning Buyukni!
— Ikkita, deng... Tog‘da qolgan polaponcha-chi?
Bobom chuqur xo‘rsindi:
— Sen Buyukka qara. U birovning yordamisiz mustaqil ov qilolmaydi. Tog‘dagi polapon ham u tengi. Mag‘rur esa bir haftadan ziyod tutqunlikda qolib ketdi. Ikkinchi bolasini biror narsa yeb ketgan yoki ochlikdan o‘lib qolgandir...
«Nega shunga aqlim yetmadi ekan?» — deb o‘yladim. Biz Mag‘rurning ikkinchi zurriyodidan ham umidimizni uzdik.
— Gaping to‘g‘riga o‘xshaydi, bolam. Har bir tog‘da bittadan hukmdor bo‘lgani yaxshi. Biz Buyukni uchishga o‘rgatishimiz kerak. Endi uni olib ketadigan onasi yo‘q. Bemalol o‘rgataveramiz.
— Uchishni yaxshi o‘rganib, ketib qolsa-chi?
— Burgutlarning haqiqiy makoni tog‘lar, osmon, cho‘qqilar. Ketishi aniq. Lekin, baribir, u bizning burgut. Mag‘rur va uning bir poloponi mening aybim bilan halok bo‘lishdi. Lekin xudo shohid, men buni istamagan edim.
Uyga yetib kelgan zahoti Buyukni tashqariga olib chiqib, qafasni ochdik. Hozir Buyuk pitirlab chiqadi-da, osmonga parvoz qiladi. Qafasni ochgach, daraxt soyasida kuzatib o‘tirgan bobomning yoniga borib cho‘kdim. Ammo Buyuk qafasdan chiqishni xayoliga ham keltirmasdi. Juda hayron bo‘ldim. Borib uni ushlab tashqariga chiqardim. Qo‘limga olib, ohistagina osmonga otdim. U qanotlarini pitirlatgancha yerga qaytib tushdi. Bir necha marta buni takrorladim, lekin har gal shunday bo‘ldi.
Bobom meni yoniga imladi:
— Uni o‘z holiga qo‘y. Biroz atrofni o‘rgansin, keyin ucha boshlaydi.
Buyuk esa lapanglab u yoq-bu yoqqa yurdi. O‘tkir tumshug‘i bilan o‘tlarni cho‘qilab ko‘rdi. Qiziqsinib atrofga qaradi-yu, yana qafas yoniga qaytdi va jimgina qafasga kirib ketdi.
Bobom ikkimiz hang-u mangmiz. To‘satdan bobom bo‘shashib, yerga cho‘kkaladi. Ko‘zlarini Buyukdan uzmay, ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
— Men qari ahmoqman. Men xato qilib qo‘ydim. Buyuk burgut naslini voyaga yetkazmoqchi edim. Ammo Mag‘rurning avlodini emas, itoatkor qulni o‘stiribman. Buyuk burgut nasliga men qiron keltirdim...
Hozirgacha tog‘lardagi o‘ktam burgutdan bitta bo‘lsa ham qolgan, deb o‘ylagan edim. Biroq Buyukning qafasda bizga hayron tikilib turganini ko‘rib, ular tamom bo‘lganini angladim. Bobomdek ho‘ngrab yig‘lamayotgan bo‘lsam-da, yuragim qattiq o‘rtanardi.