OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin. Dayus (hikoya)

Uch-to‘rt to‘rg‘am suvi qochgan uy noniyu yarimta bulka bilan nonushta qilishdi. Nonni asosan bolalari yedi, xotini esa nomigagina tatinib o‘tirdi. U bo‘lsa, bir piyola choy ichdi, xolos. Bolalarining ikkitasi mol boqqani, yana biri o‘t qilgani chiqib ketishgan, xotini bulkaning ushog‘i to‘la rangi uniqqan dasturxonni yig‘ishtirishga tushdi. U yon-verini paypaslab, tamaki axtardi, topolmagach, nigohi bilan tochkalarni bir-bir kezindi. Ana, televizorning yonida turgan ekan qadrdon “Saraton”i. Cho‘zilib tamakisini oldi — bir dona qolibdi xolos savil. Lekin hozir juda-juda chekkisi kelayotganidan ko‘zlariga o‘t ko‘ringan o‘sha so‘nggi tamakisini labiga qistirib, tutatdi. Ketma-ket tutun tortib, keskin-keskin puflab chiqardi. Bu orada ko‘z qiri bilan xotinini kuzatardi.
— Yana jichcha qistasa unarmiding , xotin? — deya so‘radi u hamon xotinidan ko‘zini uzmay, tomdan tarasha tushganday.
Yig‘ishtirilgan dasturxonni qo‘ltiqlab, tashqariga chiqib ketayotgan xotini to‘xtab, unga qayrildi:
— Nima? — so‘rashga so‘radiyu shu ondayoq erining gapiniyam, o‘zining savoliniyam unutdi va miyasiga urilgan keyingi savolni tiliga chiqardi: — Muncha ko‘ziz qizarib ketipti?
Uning qizargan ko‘zlari qisilib, peshonasi tirishdi.
— Men nima diyappanu!.. — deya to‘ng‘illadi so‘ng...
Kecha kechki ovqat mahali xotini ming‘irlab qoldi:
— Bizam bug‘dey o‘g‘irlagani chiqeylik. Odamlar rosa tashiyaptiykan.
— Nima, qo‘riqlaydigan odami yo‘g‘akanmi? — so‘radi er beparvogina.
— Qo‘riqchisi bo‘lsa, nima? Otvorarmidi! Magazinda un bo‘masa, un bo‘sa, pul bo‘masa. Nima, ochimizdan o‘lishimiz keraymi?!
Er indamadi, televizorga tikilib o‘tiraverdi. Endi xotini siltashga tushdi:
— Biron nima demessimi, ho‘y!
Erining ham ertangi kun uchun non topishni o‘ylab, boshi g‘ovlardi, ammo tashiga chiqarmasdi. U o‘zi shunaqa — xotinining iborasi bilan aytganda, indamasroq.
— Qachon chiqamiz? — xotiniga uning gapidan ham ko‘ra xayrixohona gapirish ohangi yoqib tushdi.
— Hali, o‘ndan keyin. O‘zi to‘qqizda qorong‘i tushyaptiyu, sal odam ko‘rinmeydigan bo‘sin. — So‘ng eriga mehribonlik qilgan bo‘ldi: — Siz mazza qileeeb tilvizor ko‘rib turing. O‘zim aytaman...
Televizordagi kino rosa avjiga minganda yarim uyquni urvolgan xotini narigi uydan chiqib keldi.
— Turing endi, xo‘jeyin, qoplarni ko‘taring! — dedi xotini qiyshayib qolgan ro‘molini boshidan olib, paxmaygan sochlarini tekislarkan, ro‘molini yana qayta boshiga tang‘ib.
U erinib o‘rnidan turdi, o‘zga iloji ham yo‘q edi. Chunki uyda non ham, un ham tugadi. Buyoqda har oyda kelib turadigan ozgina oyligi ham yo‘q. Paxta zavo‘di rahbariyati ishchilarini to kuzgacha o‘z hisoblaridan ta’tilga chiqardi. Mana, bir oyki, ko‘cha aylanadi, uyga kiradi. Xotini dalaga chiqib, ko‘lxo‘zning ishiga biroz aralashgan bo‘lib keladi-da, qozon-tovog‘u mol-holdan bo‘shamaydi. Ko‘lxo‘zda to kechgacha ishlasang ham, bir go‘r — baribir haq bermaydi. A’zolar daftarni qoraytirib tursalar bas, har holda bug‘doydan bo‘shagan yerdan besh-olti so‘tix tegib, sholi-polimi yoki makkajo‘xorimi ekib olishadi. Qolaversa, kuz oxirida g‘o‘zapoya ham faqat ko‘lxo‘z a’zolariga, ulardan ortsagina, boshqalarga beriladi. Hozir g‘o‘zapoya ham ko‘zga to‘tiyo bo‘lib turibdi, negaki, paxta oz ekilganidan kuz oxirida uyam tolomon. G‘o‘zapoyasiz qishloq odamlariga ancha qiyin, chunki har bir o‘zbekning uyidagi tandirda olov yonmas ekan, baraka ham bo‘lmaydi. Non sotib olishga pul yetkazib bo‘ladimi, tag‘in qio‘loq ahlining non qutisi nonga to‘la turmasa, bola-baqralarning ko‘zi ham to‘ymaydi. Bundan tashqari, bug‘doy pishig‘ida boshoq o‘g‘irlaganiyam o‘ng‘ay — ko‘lxo‘zning burgadayu brigadiru tabelchilari o‘z a’zolariga unchalik indamaydilar. Ha endi, melisalarning yo‘rig‘i boshqa... Shu o‘y-xayollar bilan dala ishlariga aralashib turiladi-da.
Bor-e, deb buzog‘ini sotib yuborgisi keladiyu, avvalo og‘ir kuniga yaraydigan ko‘nglining bir quvvatidan ayrilishni istamasa, yana tag‘in, pul topgani bilan do‘konu tegirmonlarda un ham yo‘q. Hozir bardonlarda ayni bug‘doy qurigan payti. Shunday bo‘lgach, bir siqim pul nimaga ham yarardi, hozirgi narx-navoda ko‘zni bir yashnatadiyu, g‘oyib bo‘ladi-qoladi. Buzoq esa — bu ishonchli mulk, er kishining beliga quvvat.
Bolalariga non topish ilinjida xotinining taklifiga, ya’ni ko‘lxo‘z bug‘doyidan o‘g‘irlashga rozi bo‘ldi (aslida bu rostdan ham o‘g‘irlikmikan?). Xotini uning qo‘liga bitta qop bilan o‘roq tutqazdi.
— O‘roq bilan boshoqni qirqish oson bo‘larkan, — dedi u erining o‘roqqa hayron bo‘lib qarab turganini ko‘rib.
Bug‘doyzorga ikki mahallani kesib o‘tib, so‘ng yetib boriladi. Er-xotin qoplarini qo‘ltiqlariga qistirishib, go‘yo hech kim bilan ishlari yo‘qday, yoz bo‘lganidan hamon ko‘chalarda sanqiyotgan yosh-yalanglarga o‘zlarini tanitmaslik uchun shipillagancha tez-tez yurib o‘tib ketishadi. Ular ayni paytda na birovdan va na o‘zlaridan uyalishadi, to‘rirog‘i, ertangi kun uchun non topish qayg‘usi ila band miyalariga yuqoridagi fikru tuyg‘ularning kirishi yoki kelishi dushvor edi. Chunki hamqishloqlarining ko‘pchiligi ham shu ish bilan shug‘ullanishar va ularning o‘g‘rilik yoki to‘g‘rilik haqidagi tushunchalari ham o‘zlariga xos edi.
Er-xotin so‘nggi mahalladan o‘tib, dala yo‘liga chiqib olgach, o‘zlaricha ko‘ngillari biroz xotirjamlashganday tuyuldi. Buyog‘i, ana, bug‘doyzor boshlandi. Har holda mahalladan nariroqda bo‘lganlari durust, begona ko‘zlardan yiroqroq. Tun qorong‘i bo‘lsa ham, bug‘doyzor oydinroq ko‘rinadi, oltinrang boshoqlar birlashib, o‘ziga xos nur taratadi, shekilli-da. Bug‘doyzorning u yer-bu yerida bir necha odamlarning sharpasi ko‘rinadi — ular ham non ilinjida chiqqan boshoq o‘g‘rilari.
Xiyol yurishgach, ikkis ham yo‘l chetidagi tutqatordan o‘tib, bug‘doyzorga kirishdi. Xuddi paxta tergandagi kabi etak tutib, qoplarini o‘sha joyda qoldirishdi-da, “chirt-chirt” etkizib, boshoq o‘ra boshlashdi.
— Qiyinmasmi? — deya so‘radi xotini beixtiyor pichirlab.
Eri indamadi. Qo‘lidagi o‘roqni tez-tez ishlatib, tobora bug‘doyzorning ichiga kira boshladi. Buyog‘i endi xotirjamlik, ishqilib Kastro melisa boshliq posbonlar kelib qolishmasa bo‘ldi. Hukumat ularga avtomatu to‘pponchalar berib qo‘yganidan biram vahimali yurishadiki, beixtiyor gestapochilar haqidagi kinolar esga tushib ketadi. Ayniqsa, o‘sha Kastro melisasi yomon, azroilning xuddi o‘zginasi, ko‘rganda tanangdagi har bir tuking tik turib ketadi. O‘ziyam savlatli, qop-qora deng. Harbiylarning ola-bula kiyimini kiyib, kunduzi qora ko‘zoynak taqib yuradi. Ismini aytmaysizmi, ismini — Kastro! Aytishlaricha, uning otasi ashaddiy kommunist bo‘lgan ekan. U Kubada inqilob ro‘y bergan yili o‘g‘il ko‘ribdi va Kuba xalqining dohiysi Fidel Kastroga ixlosi baland bo‘lganidan o‘g‘liga Kastro deb ism qo‘ygan ekan. Lekin hozir bu Kastro deganlari otasining nazdida Qosimxon bo‘lib qolgan. Odamlar esa mudom Kastro deyishgani-deyishgan. Uyog‘ini so‘rasangiz, Kastroning otasi ham hozir hoji, cho‘qqi soqolni qo‘yvolib, masjidga borib-kelaveradi. Tili qotib qolgan bo‘lsa-da, bir amallab ikkita surani pichirlashga yaraydi.
Kastrojon esa hali iymonga kelmagan, hozircha davr surish bilan ovora. Tag‘in bu melisasi tushmagur yoniga ikkita davangirday-davangirday yigitlardan ham olvolgan. Bular xalq posbonlarimish, ekstremist-buzg‘unchilardan xalqni qo‘riqlasharmish. Ayni kunlarda ekstremistlar bug‘doyzorda ko‘payishganmi, xalq posbonlari kunu tun shu yerda bo‘lishadi.
Shiypon tomonda Kastro yuradigan “Villis”ning chirog‘i ko‘rindi. U hov naridagi muyulishga kelganda to‘xtadi-da, chirog‘iniyam o‘chirmay, birpas turdi. Keyin ortiga qayrilib, biroz o‘tmay, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Hali mashinaning chirog‘i ko‘ringanidayoq o‘sha yoqqa qarab qotib qolgan er-xotin uning qaytib ketganini ko‘rib, yengilroq nafas olishdi.
— Qoraymay o‘lgur qaytib ketdi, — deya pichirladi xotini.
Shu bilan er-xotin xavfni  unutishdi va “chirt-chirt” qilib boshoq o‘raverishdi. Xotini hamon chetroqda g‘imirlar, u esa bug‘doyzorning ancha ichkarisiga kirib qolgandi. Yulduzli osmonning xira yorug‘i bug‘doyzorga ko‘r oydinlik yoygan, hammayoq odamning ko‘ziga harir bir parda ortidan ko‘rinayotgandek tuyuladi. Bu ko‘r oydinlikda kishini tanish mushkul bo‘lsa-da, lekin gavdasining shakli qorayib, aniq ko‘rinib turadi. Bug‘doyzor ichida qaqqaygan odam gavdasi, ayniqsa, ko‘zga yaqqol tashlanadi. Shuning uchun er-xotin bir-birlaridan xiyol uzoqlashgan bo‘lsalar-da, bir-birlarining qoraygan sharpalarini ko‘rib turganliklaridan ko‘ngillarida ojizroq esa-da xotirjamlik mavjud edi.
Kimdir tomoq qirganday bo‘ldi — erkak kishi. Xotinning yuragi bir irg‘ib tushdi. Shoshib ortiga qayrilarkan, eri tomonga ko‘z qirini tashlab o‘tdi — eri ko‘rinmasdi. Yashirinib oldi shekilli, degan fikr miyasida bir “lip” etdiyu unutdi. Xayoli ortidagi odam sharpasiga ko‘chdi. Paykal boshida devday bo‘lib Kastro melisa turardi. U qo‘lidagi chirog‘ini shiypon tomonga qaratib, yoqib-o‘chirardi.
— Hormang-hormang, — dedi Kastro o‘rnidan jilmay, singlisini erkalayotgan aka ohangida.
Xotin qilt etmasdi, agar o‘rnidan sal qo‘zg‘alsa, ag‘darilib tushadiganday tuyulardi.
— Uyalmaysizmi o‘g‘irlik qigani?! Tag‘in bir o‘zingiz, yarim kechasi... — dedi Kastro nasihatomuz ovozda ayolni o‘zi tomon chorlarkan. Chamasi, u ayolning erini ham payqagandi va shuning uchun uning izzat-nafsiga tegadigan gaplarni gapirardi.
— Uyda un qomaganiydi... — xotin belidan etakni yecharkan, o‘zini oqlashga urindi.
— Agar bitta bersayiz, o‘raverishiz mumkin, — Kastro bu gapni hazilomuz, ammo balandroq ovozda aytdi.
Xotin esankiradi.
— Voy-voy, bu nima deganiyiz?.. Uyat... — Lekin qo‘pol gapirgani qo‘rqdi, baribir u zo‘r chiqadi, melisa degan nomi bor axir.
— Bo‘pti-bo‘pti, tezroq yo‘qoling! Bu safarcha indamiyman. Ammo kelasi safar so‘rab o‘tirmiyman. — Kastro boyagi so‘zlarini ovozini boyagiday balandlatib gapirdi.
U yo‘lga o‘tganda shiypon tomonda “Villis”ning chirog‘i ko‘rindi. Hali qo‘lchirog‘ini o‘chirib-yoqqanida mashinani chaqirgan shekilli, oradan hech qancha o‘tmay, hammayoqni chang-to‘zonga belab, yetib keldi. Uning olovday porlagan chiroqlarida mashina shiddatidan qo‘pgan tuproqli quyuq chang bulutlar yanglig‘ to‘lg‘onadi. Kastro changga ham parvo qilmay, mashinaga o‘tirdi. Mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi, biroz yurgach, yo‘l chetida shoshib ketayotgan ayolning yonida sekinladi-da, eshik ochilib, yana Kastroning ovozi eshitildi:
— Yana bir marta ushavolsam... bilib qo‘ying oma!..
Zum o‘tmay chor atrof suv quyganday jim-jit bo‘lib qoldi. Er esa mudom karaxt edi, o‘sha bir og‘iz gapdan keyin nafas olishi ham to‘xtaganday tuyuldi. “Agar bitta bersayiz...” Nega u berkinib oldi? Melisaning sharpasini ko‘rdiyu yashirindi. Beixtiyor, juda tezlikda o‘tirib oldi. Kastro uni payqamadi. Keyin esa haligi gap — “Agar bitta bersayiz...” Bu gapni uning xotiniga aytdi axir! Nega o‘rnidan turmadi? Nega “He, iflos, nima deyapsan?”, deya Kastro melisaning yoqasidan olmadi, burdalab tashlamadi?! Qo‘rqdimi? Yo melisa uni o‘ldirvorarmidi? O‘ldirsa, nima, axir u xotinini haqorat qildi, uning or-nomusini toptadi! Or-nomus bormi unda o‘zi? Agar bor bo‘lsa, nega unda haliyam indamay o‘tiribdi?.. U beixtiyor yashirinishga yashirinib oldiyu keyin ko‘krak kerib o‘rnidan turgani uyaldi. Haligi gapdan so‘ng esa yuragi shig‘illab, vujud-vujudi muzlab ketdi. Bunaqa gap bo‘lishini xayoliga ham keltirmaganidan esankirab qoldi. Ha, avvaliga esankiradi, keyin bola-chaqasiga non topib berolmay, xotinini boshoq o‘g‘irlash uchun bug‘doyzorga olib chiqqanidan va uni melisaga tutqazib, o‘zi yashirinib olganidan uyaldi. Bu uyalish asta-sekin qo‘rquvga ham aylandi, chog‘i — axir u melisa, hamma yerda uning gapi — gap. Mashinaga bosib, obketib qolsa, nima qiladi? Nima qipti obketsa? Axir u xotinini haqorat qildi, buning or-nomusini... Shunaqa xayollar kallasida aylanaverdi-aylanaverdi, biroq o‘rnidan turishga jur’ati yetmadi...
Uyga keldi. Kelib ham xotiniga bir so‘z demadi. Tuni bilan uxlolmadi. Tuni bilan chekib chiqdi...
Xotini dasturxonni qoqib, qaytib kirdi. U peshonasini tirishtirib, oxirgi tamakisini so‘rarkan, tishlari orasidan yana zahar sochdi:
— Tag‘in jichcha qistasa, xo‘p dermiding?
Aslida u ichidagi potos bog‘layotgan alamni nima qilishni, qanday bosishni bilmagani uchun ham xotinini qiyin-qistovga olardi. Boshqa kimga osilsin?
Xotini bir to‘xtaldi-da, indamay borib, dasturxonni ilgakka ildi. Keyin erining ro‘parasiga o‘tirdi. Uning ko‘zlari g‘azabli emasdi, uning ko‘zlari g‘amli edi. Aslida u haliyoq erining gapini tushungandi, faqat uni ayagandi, unga rahmi kelgandi. Kechqurun u ham to uyiga kelguncha nimalar haqida o‘ylamadi axir. Yuzing qurg‘ur Kastro melisa haligi gapni aytganida u ham shoshib qoldi — bunday gapni kutmagandi. Keyin esa, hushi o‘ziga kelgach, erining irg‘ib o‘rnidan turishini, shunchalar behayolik bilan xotinini haqorat qilgan kimsani nimta-nimta qilib tashlashini, hech yo‘q biror shapaloq urishini istadi. Shuni kutdi. Axir u ham ayol, u ham kimdir himoya qilishini, ayashini xohlaydi va hatto ba’zida ertaklardagidek yoki bo‘lmasa, hind kinolaridagi kabi kimdir uning uchun jon fido etishini istab qoladi. Hozir ayni o‘shanday qilishi uchun eriga imkon yaralgandi va u shu imkondan foydalanib, xotini kutgandek jur’at topolganida edi, jufti halolining unga bo‘lgan hurmati Arsh qadar yuksaklarga ko‘tarilgan hamda uning bir umrlik sultoniga aylangan bo‘lardi. Lekin eri jur’at topa olmadi, jur’at topa olmadigina emas, qo‘rqdi va qo‘rqqani uchun ham ovoz chiqarishga-da yaramadi. Eri, posbonim degani yonida turganida bir go‘rso‘xtadan haligi gapni eshitish unga ham alam qildi va avvaliga erini hatto yomon ko‘rib ketdi. Biroq sal o‘tmay, aniqrog‘i, Kastro melisa haydab solganidan keyin erini tushunganday bo‘ldi, unga achindi ham. Sho‘rlik eri uchun haligi gapni eshitganidan so‘ng ham pusib o‘tiraverish qanchalar og‘ir bo‘lganini his qildi. Endi esa, mana, o‘sha kechmishlarining rahmatini eshityapti. U eri bilan gohida aytishib-netib, boringki, achchiq-tirsiq qilgani bilan hech qachon unga tik boqmasdi, bunga uning tarbiyasi yo‘l bermasdi. Hozir ham peshonasi tirishib, gezarib o‘tirgan erining ro‘parasiga cho‘nqaydiyu, ammo uning yuziga qaramadi.
— Enam rahmatli ko‘p aytardi... — deya gap boshladi xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotganday sekingina.
Er siltab tashladi:
— Hmm, gapir!.. Gapir!.. Enangni pesh qilib, aql ham o‘rgat endi!..
Xotin holatini o‘zgartirmadi, o‘sha ohangda gapini davom ettirdi:
— Enam rahmatli aytardiki, odam bolasi, ayniqsa, xotin kishi hamma narsaga chidashi mumkin ekan. Qolovrsa, chidashiyam shart. Lekigin har bir xotinni dayus erga ro‘para bo‘lishdan Allohning o‘zi asrasin, derdi enam. Negaki, dayus erlar faqat xotinlarining emas, bola-chaqalarining, nasl-nasablarining ham sho‘ri bo‘lar ekan!..
U shahd o‘rnidan turib, eshikka qarab chiqib ketmoqchi bo‘lganida eri o‘shqirib, to‘xtatdi:
— Bu nima deganing, hov?! — dedi u ko‘zlarini chaqchaytirib.
— Tushunganingiz, — dedi xotini ovozini sal bo‘lsa-da balandlatmay va tashqariga chiqib ketdi.
U qaytib indamadi. Nima ham derdi, axir uyam yomon gap gapirmadi shekilli. Faqat erini insofga chaqirmoqchi bo‘ldi-da, chog‘i. Aslida ham u bechorada nima ayb? Bolalarim och qolmasin deb, xotin boshi bilan yarim kechasi boshoq tergani chiqdi. Buning ustiga, boyagi haqoratni eshitdi, lekin eriga g‘ing degani yo‘q, indamay ishini qilyapti. Bu gapni qo‘zg‘agan o‘zi-ku axir!.. He, onasini... barini!.. Nima dedi? Dayus dedi, shekilli. Negadir tanish so‘z-a, lekin eslolmayapti. Nima deganiykin-a? Har holda yomon erkaklarni dayus desa kerakki, ulardan Alloh asrasin debdi. Ha, mayli, ko‘chada birortasidan so‘rab olarman. Hoynahoy Patto bilsa kerak. Nima bo‘lgandayam, ilmli-da — o‘qituvchi. O‘sha biladi, bilishi aniq... Iflos Kastro baribir yaxshi gap gapirmadi, harami!.. U tag‘in bir g‘ijinib qo‘ydi-da, o‘zini qaerga joylashni bilmay, uyoq-buyoqqa xiyol tebranib turgach, ko‘chaga otildi.
Ko‘cha nima? Yo‘q, aniqrog‘i, qishloq erkaklari uydagi g‘alvalardan qochib chiqadigan ko‘cha deganlari nima o‘zi? Ko‘cha — bu bitta do‘kon, bitta sartaroshxona, bitta baqqollik do‘koni bor bo‘lgan va bitta choyxona deb ataluvchi, hatto bir paytlardagi yag‘ir sholchalari ham qolmagan, suvoqlari ko‘chib ketgan eski bir bino baland-past ko‘ringan munglig‘dayin maskan — shu xolos. Mana shu ko‘cha (ya’ni guzar) deb ataladi. Unga o‘xshaganlar asosan baqqollik yonidagi katta tol ostiga qo‘lbola qilib qurilgan taxtalari o‘ydim-chuqur qoqilgan so‘rida o‘tirishadi. Chunki baqqolning eski shaxmati bor, qolaversa, vino ham faqat unda sotiladi va u “ishonchli klientlar”ga bir-ikki shisha “obi-hayot”ni nasiyaga ham berib yuboraveradi.
U bugun ham o‘sha so‘ridagi “shaxmat jinnilari”ga qo‘shilarkan, cho‘ntagiga so‘nggi puliga baqqoldan “Saraton” oldi. Keyin shaxmat o‘yinini tomosha qildi, ora-sirada o‘ziyam o‘ynadi. U juda unaqa shaxmat io‘qibozi emasdi, shunchaki vaqt o‘tkazish uchun o‘ynardi. Bugun ham shu tariqa tush payti bo‘lganini bilmay qoldi. “Shaxmat jinnilari” birin-ketin tushlik qilgani uylariga kirib keta boshllashdi. Oxirida sinfdosh oshnasi Patto ikkalasi qolishdi. O‘yinni tugatishgach, Patto ham uyiga kirib ketmoqchi bo‘ldi.
— Yurovir bo‘masa, oshna, bizikida choy-poy ichib chiqamiz, — dedi soxta mulozamat ko‘rsatib.
— Qo‘y, o‘sha choy-poyingni, bitta vina icheylik, og‘ayni, — deya sherigiga ayanchli jilmayib qo‘ydi.
— Mayli, — dedi Patto ulfati tabiatli bo‘lganidan beixtiyor cho‘ntagini kavlab, — lekin shu issig‘da...
— Vina hech narsa qimeydi... Omma meni pulim yo‘q. Men yanagi safar quyaman.
Baqqol ularning istagi bilan bitta vino va uch-to‘rt dona qurut olib chiqdi.
— Qorin ochuvdi-da, deb qo‘ydi Patto vinoning “og‘zi”ni ocharkan.
— Hech narsa qimeydi. Men uchun chideysan.
Ular bir piyoladan vino sipqorishdi. Shundan keyin haligi so‘z esiga tushdi.
— Dayus nima degani, Patto? Deya so‘radi tomdan tarasha tushganday.
Patto anglamay qoldi:
— Nima-nima?
— Dayus nima degani deyman. Hech tushunolmayapman-da.
Patto picha jim qoldi. O‘ylandi, so‘ng:
— Negadir tanish so‘zu, ma’nosini eslolmayapman. Balki baqqol bilar...
Do‘konida nimalar bilandir band bo‘lgan baqqol savolni eshitgach, dono peshonasini tirishtirib, birpas o‘ylanib turdi-da, o‘z fe’liga zid kelib, “bilmayman” deyolmadi (chunki hamma narsani bilaman deguvchilardan edi).
— Dayusmi-i?.. — dedi keyin cho‘zib, — bu juda yomon so‘z. Omma-lekigin ma’nosi esimga kelmayapti-da shu.
Patto kuldi:
— Ma’nosini eslolmasangiz, yomon so‘zligini qaydan bildingiz?
— Ha, endi bilman-da, uka, — deya talmovsiradi baqqol.
Shu bilan gapning paynovi boshqa yoqqa og‘di.
Ikki oshna bir mahalgacha ikki shisha vinoni maydalashdi. Ichaklari achishib ketgach, va nihoyat Pattoning qistovi bilan o‘rinlaridan turishdi. U uyi tomon borarkan, masjiddan chiqayotgan odamlarga ro‘para bo‘ldi. Ular asr namozini o‘qib chiqishardi. U odob yuzasidan beriroqda to‘xtab turdi. Turarkan, miyasiga urilgan fikrdan gavdasini bir rostlab qo‘ydi. Haligi so‘zning ma’nosini imomdan so‘ragani durust, u, albatta, biladi, axir olim odam-ku. Bu o‘zi eskicha so‘z bo‘lsayam, ajabmas. Qolaversa, imom o‘zi tengqur yigit, tortinmasa ham bo‘ladi. U masjiddan hammadan keyin chiqadi, biroz kutib tursa bo‘ldi. Og‘zidagi vino hidi bilan masjidga kirmagani ma’qul. Imom bilan sal uzoqroqda turib gaplashaveradi, vinoning hidini sezdirmaydi. U masjid darvozasi oldiga borib turdi. Oradan hech qancha o‘tmay, yuzidan nur yog‘ilgan, ixcham soqoli o‘ziga yarashgan imom chiqib keldi.
— Assalomaleykim, hoji aka, — u imom bilan nafasini ichiga yutib so‘rashdi.
— Vaalaykum assalom, keling, birodar!
U biroz kalovlangach, muddaoga o‘ta qoldi:
— Shu, sizdan bir nimani so‘ramoqchiydim...
— Bemalol. Qani, ichkariga kiramizmi yoki?..
— Yo‘q, shu yerda... Dayus degani nima degani, hoji aka?
Imom boshini eggancha xiyol jim qoldi, so‘ng ro‘parasidagi odamning qizargan ko‘zlariga zimdan tikildi. U bu savolning zamirida biron quvlik yoki masxaralash brmi-yo‘qligini bilish uchun suhbatdoshining so‘zlaridan ma’no uqishga urindi. Yo‘q, uning nigohida quvlik ham, shumlik ham yo‘q, faqat iztirob bor xolos. Imom jilmayishga urinayotgan bu ayanchli ko‘zlardagi iztirobni payqadi va savol berguvchini ehtiyotlab javob qaytardi:
— Bu narsa sizga nimaga kerak, bilmadimu, lekin javobini aytaman. Ahli ayolini, ya’ni onasini, xotini va opa-singillarini birovdan qizg‘anmaydiganlarni dayus deydilar.
Uning yuragi urishdan to‘xtadimi yoki joni bo‘g‘ziga tiqildimi, negadir nafasi qisib, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. Imom bilan qanday xayrlashganiniyu (aslida xayrlashdimi yoki yo‘qmi, aniq bilmaydi), qanday o‘z mahallasiga burilgani yodida yo‘q. Miyasida o‘za birgina so‘z aylanadi — “Dayus!”. Demak, u dayus bo‘pti-da, demak, u xotinini birovlardan qizg‘anmapti-da! Ko‘rsatib qo‘yadi senga dayusni!.. To‘xta!.. Nimani ko‘rsatasan? Axir xotiningni haqorat qilishganida indamay berkinib turgan sen emasmiding?! Turolmading-ku axir! Endi xotining bechoraga nimani ko‘rsatib qo‘ymoqchisan?..
U darvozasiga yetguncha xotinining aybsiz ekanini tan oldi. Hovlisiga kirdiyu, to‘g‘ri etak tomonga yo‘naldi. O‘choq oldida g‘imirlab yurgan xotini “Hmm, keldingizmi?”, deb qo‘ydi mavhum bir ohangda. Darvoqe, nonni nima qilishdiykin-a? Bolalari tushlikda nima yeyishdiykin? Kechqurun nima yeyishadi?.. E-e, padariga ming la’nat hammasini! Hovlining etagiga o‘tdi. U yerda kichikroq ariq oqardi, o‘shaning qirg‘og‘iga o‘tirib, tamaki tutatdi. Hamon haligi so‘z xayolidan ketmasdi. U rostdanam dayus. Xotinining nomusini himoya qilishga yaramadi-ku axir! O‘shanda o‘rnidan shartta turib, “Ho‘y, it, nima deyapsan?”, deya Kastro melisaning yoqasidan olib, basharasiga tushirib qolsa bo‘lmasmidi! Nari borsa, qamashardi, lekin o‘z vijdoni oldida, qolaversa, jufti haloli oldida yuzi yorug‘ bo‘lardi-ku. Biroq turolmadi. Qo‘rqdi, qo‘rqoqlik qildi... nega turmadi?!.
Uning uyqusizlikdan qizargan ko‘zlarining ichi yona boshladi. Hech qancha o‘tmay, ular yoshga to‘ldi.
— Nega turmadi-i-i-im?! — tishlari orasidan chiyilladi u.
Ariq bo‘yida uzoq o‘tirdi. Ketma-ket chekdi. Shom payti bolalari kechki ovqatga chorlashsa ham, bormadi. Yumshoqlik bilan rad etdi — “ovqat yegim yo‘q, o‘zlaring yeb turovringlar”, dedi. Keyin yana ancha o‘tirdi. Axiyri bir qarorga keldi-da, shahd o‘rnidan turdi.
Olamga allaqachon qorong‘i tushgan, xotini dahlizda nimadir tikib o‘tirar, bolalari esa har kungidek ko‘chaga o‘ynagani chiqib ketishgan shekilli. U katta uyga kirib, havo issiq bo‘lishiga qaramay, eski kastimini kiydi, otasidan qolgan pichoqni qin-pini bilan ichki cho‘ntagiga soldi. Yana tashqariga chiqarkan, uning harakatlaridan hayron bo‘lib mo‘ltirab qarab turgan xotiniga birrov nazar tashladiyu eshikka tikilgan ko‘yi dedi:
— Kechagi ishga xapa bo‘magin, xotin! — u harchand o‘zini tutishga urinmasin, ovozi juda ayanchli chiqdi.
— Hah, o‘ling-a, haliyam esiyzda turibdimi? — dedi xotini uni go‘yo erkalayotganday ohangda. Shunday deyishga dediyu, yana eriga qarab mo‘ltiradi.
— Endi unaqa qimiyman, xapa bo‘magin!
Shu gapni aytdiyu otilib ko‘chaga chiqib ketdi. To‘g‘ri baqqolning do‘koniga bordi. So‘rida uch-to‘rt kishi gaplashib o‘tirishardi, u yoqqa o‘tmadi. Baqqol bilan do‘kon darchasi orqali gaplashdi:
— Bitta vina bervoring, aka, oma nasyaga, — dedi xijolatli ovozda.
— Mayli. Nima, birinchi saparmidi.
Baqqol pisanda qilmadi, uni xijolat bo‘lmaslikka undadi, xolos.
— Moboda pulini berolmasam, rozi bo‘p qo‘yasiz-da endi, — u baqqolga qarab, alamli tirjaydi.
— Nima balo, bugun ko‘chib ketyapsanmi? — uning gapini hazil deb o‘ylagan baqqol ham hazil qilgan bo‘ldi.
— Yo‘-o‘... Ha, endi aytaman-da...
U vinoni qo‘yniga tiqib, katta ko‘chadan biroz yurgach, dala yo‘liga qayrildi. Shundoqqina mahallaning adog‘ida tashlandiq objuvoz bor edi. U shunaqayam xaroba bir ahvolga kelgandiki, odam bolasi kechasi tugul kunduzi ham unga yaqinlashishga botinavermasdi. Objuvozning devori ostidan oqib o‘tguvchi ariqning suvi esa hamisha lim-lim, qirg‘og‘iga o‘tirishing bilan suvning tarovati yuzingni siypalaydi. Ariq chetlarida esa o‘t-o‘lan serob, ular saratonning olovli taftida xorigan tanlarga muzdekkina urilib, huzur bag‘ishlaydi. U devor tagiga — ariq qirg‘og‘iga o‘tirdi. O‘tirdiyu qo‘ynidan vinoni chiqarib, “og‘zi”ni ochdi. Ilimtiq vinoning yarmini bir ko‘tarishda sipqordi. Taxir suyuqlikni och qoringa ichganidan afti burishdi, oz-moz bo‘lsa-da, og‘zini shirin qilmoqni istadimi, beixtiyor o‘ng qo‘lining kaftida ariqdan suv olib ichdi. Og‘zi badtar bemaza bo‘lib ketdi. So‘ng kastimining yengini lablariga birpas bosib turdi. Haytovur og‘zida chuchmal bo‘lsa-da, chidagulik ta’m paydo bo‘ldi. Uning vino ta’sirida jimirlay boshlagan miyasida yana haligi so‘z paydo bo‘ldi, bo‘ldiyu oradagi ozgina fursatda sovigandek tuyulgan alam tag‘in bag‘rini yondirishga tushdi. Men rostdanam dayusman, deya o‘rtandi u yana, agar dayus bo‘lmaganimda xotinimni birovga haqorat qildirib, o‘zim pisib o‘tirmasdim. Yanayam xotinim meni ayadi. Agar betimga tupurib tashlasa, haqqi bor edi... Nega buncha qo‘rqoqlik qildim-a?! Nahotki melisalar shunchalik jonimizni olib qo‘yishgan bo‘lsa?!. Yo‘-o‘q!.. U bu gapni ovoz chiqarib aytdi-da, vinoning qolganini ham sipqordi.
Bu yer xilvat joy edi. Bunaqa qorong‘ida qariyb odam o‘tmas, o‘tsa ham, devor ostidagi odamni darrov payqay qolmasdi.
U rostmana mast bo‘ldi. Kechadan beri hech narsa yemagani, och qoringa bir shisha vinoni birvarakay simirgani darrov bilindi... Men unga ko‘rsatib qo‘yaman birovlarning xotiniga osilishni! Shunday ko‘rsatamanki... Pichoqni qaeriga ursamiykin-a? Bo‘yniga ursammi? Yoki yuragiga sanchganim yaxshimi? Og‘risa kerak-a? Kimdir uning ko‘ksiga pichoq sanchganday bir seskanib tushdi-da, ko‘kragini beixtiyor silab qo‘ydi. Og‘riydi-da... Yo‘q, yaxshisi, qorniga uraman. Pastdan ursam, sezmay qoladi. Keyin pichoqni burab-burab tashlayman. Shunaqa qilsa tezroq o‘ladi deyishadi-ku!.. Keyin u o‘ladi. Kastro melisa o‘ladi!.. U ichki cho‘ntagidan pichoqni olib, qindan sug‘urdi. Yo‘q, pichoq yaltirab ketmadi, lekin u tig‘ning damini sezdi. O‘tirgan joyida go‘yo birovning qorniga pichoq urayotganday harakat qildi, bu harakatini bir necha bor takrorladi. Ammo o‘z harakati o‘ziga judayam ojizdek tuyuldi. Yo‘q, men odam o‘ldirolmayman! Men qo‘rqoqman, lattaman! Men dayusman!.. Uning bo‘g‘ziga nimadir tiqildi, kipriklarining osti achishdi. Men hatto shungayam yaramayman! U alam bilan tizzalarini quchoqladi. Ey, Xudo, dedi chiyillab va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Uzoq yig‘ladi. Axiyri ko‘z yoshi ham qolmadi shekilli, yig‘idan to‘xtadi, miyasi tiniqlashdi, go‘yo ichkilik ichmaganday bo‘lib qoldi. Bir-ikki burnini qoqib, muzdek suvda yuzini yuvdi. Negadir yengil tortdi. Osmonga birpas tikilib turdi-da, burnidan chuqur nafas oldi va og‘zidan keskin chiqardi. Yo‘q, men unip o‘ldiraman, dedi keyin shivirlab, o‘rnidan turdi. Yo‘lga tusharkan, qo‘ynidagi pichoqning sopini yana bir bor ushlab qo‘ydi.
U kecha kechqurun xotini bilan boshoq tergan yeriga bordi. Kattaroq tutning panasiga o‘tirdi. Aslida bu kech kechagidan-da oydin edi, biroq tutning osti qorong‘iroq bo‘lganidan u yerga o‘tirib olgan odamni diqqat bilan bilan tikilinmasa, sezish mushkul edi. U hatto tamaki tutatdi, lekin uni kaftining orasiga olib, cho‘g‘ini yashirdi. Qimir etmadi. O‘tgan-ketgan boshoq o‘g‘rilariyam sezishmadi. U sabr bilan kutardi, kechagi tundan beri halovatini o‘g‘irlagan, uning or-nomusini, to‘g‘rirog‘i, or-nomus haqidagi tushunchalarini ostin-ustun qilib yuborgan va eng asosiysi, xotinini yuzsizlarcha haqoratlab, uning o‘zini masxaralagan Kastro melikani kutardi. Unga hukm chiqarilgandi va endi o‘sha hukmni ijro etishgina qolgandi. Bu uning qo‘lidan keladi, hatto endi kiprigi ham silkinmay, qatlni amalga oshirishi mumkin. Ha, shunday, bunga uning jur’ati yetadi va boshqa orqaga chekinmaydi ham. Hukm etilgan zot esa hademay paydo bo‘ladi. U hozir hoynahoy shiyponda, bir-ikkita xushomadgo‘ylari olib kelgan araqni simirib, osh yeb o‘tirgandir. Oz qoldi, nihoyat nafsi ham qonadi va o‘ljalarini, ya’ni boshoq o‘g‘rilarini ovlashga tushadi. Picha sabr qilishi kerak xolos...
Rostdan ham hech qancha fursat o‘tmay, bug‘doyzor chetidagi tutlarni panalab kelayotgan Kastro melisaning sharpasi ko‘rindi. U doimgiday harbiylarning ola-bula “dala kiyimi”da edi. Kastro ro‘parasidagi katta tutning yonida qo‘qqisdan paydo bo‘lgan odamni ko‘rib, bir cho‘chib tushdi. Nafasini rostlash va dadillashib olish uchun bir-ikki tomoq qirdi. U esa o‘ng qo‘lini qo‘yniga tiqib, pichoqning sopidan tutdi.
— Ho‘y, melisa!.. — dedi so‘ng tomdan tarasha tushganday va harchand dadil gapirishga urinmasin, baribir ovozi qaltirab chiqdi. O‘zining bu ahvolidan nafratlanib, g‘ijindi. Lekin yuragi bezovta urar, qattiq hayajonlanayotganidan butun vujudi qaltirar, pichoq ham qo‘lidan chiqib ketayotganday tuyulardi.
Kastro bir noxushlikni sezib, tilida allanimalarni gapirsa-da, miyasida unga qarshi tadbir o‘ylay boshladi.
— Ha, xormasinlar! — dedi Kastro va unga yaqinlashmay, tut orasidan yo‘l tomonga o‘tdi. Ammo hali bu odamning kim ekanini tanib ulgurmagandi.
U ham yo‘lga o‘tdi.
— Qayoqqa qochyapsan? To‘xta! — deya o‘dag‘ayladi Kastroning oldidan kesib chiqarkan.
Kastro uni tanidi.
— Ie, sizmidingiz?.. — xayolida esa to‘pponchani olvolmaganidan afsuslandi. O‘ng qo‘lidagi qo‘lchirog‘ini orqasiga yashirganday ikkla qo‘lini belida qovushtirdi. — Ha, tinchlikmi?.. — Lekin “nega senlayapsan?”, demadi. Agar boshqa payt bo‘lganida...
Ular yuzma-yuz bo‘ldilar. Oralarida bir qadam masofa. Uning o‘ng qo‘li hamon qo‘ynida. Kastroning orqa tomoni bir-ikki yorishganday bo‘ldi. U esa faqatgina o‘ch olovida yonayotgani bois buni sezmadi.
— Kecha nega meni xotinimga gap qildiing?! — dedi ovozi titrab.
— Qachon? — Kastro uni chalg‘itishga urinardi, xayolan esa qo‘lchirog‘i bilan bergan “signal”ga binoan yetib kelishi kerak bo‘lgan mashinaning ovozini kutardi.
— Kecha! — deya ta’kidladi u.
— Kecha men bu yerda emasdim, — dedi melisa pinagini buzmay.
U esa qizishdi.
— Voy, ablah-ey!.. Axir xotinimga iplos gap qilgan sen emasmiding?..
— Yo‘g‘-ey, adashyapsiz... — Kastro mashinaning ovozini eshitdi, ko‘z qiri bilan uning chirog‘ini ham ko‘rdi — u o‘qday uchib kelardi. — Xotiningizga nima depman?
— Hali gapim ham esimda yo‘q degin! — lekin u asabiylashganidan ro‘parasidagi mashinani ham sezmasdi. — Ha, mayli, endi menga baribir!.. — Uning o‘ng qo‘li qimirladi.
Mashina yaqinlashib qoldi.
— E, ha-a, kecha bug‘doydi ichida pisib yotgan senmiding?! — dedi Kastro va ko‘zlari yovuz chaqnab ketdi.
U sarosimaga tushdi.
— Nima-a?!. — Pichoqni qinidan chiqardi, ammo bu payt ro‘parasida Kastro yo‘q, ikki ulkan chiroq uning ko‘zlarini yoqib yuborguday porlab, yaqinlashardi. U xiralashgan ko‘zlari bilan uyoq-buyoqqa alangladi, ortiga o‘girilganida bo‘ynining chap tomoni aralash qanshariga urilgan qatttiq zarbdan yerga quladi.
— Sen hali meni o‘ldirmoqchi bo‘ldingmi?! — Kastro uni ayamay tepkilashga tushdi.
Bu payt mashinadan yugurib tushib kelgan ikki davangirday “xalq posboni” ham Kastroga qo‘shilib, uning to‘g‘ri kelgan joyiga tepa boshlashdi. U esa og‘riqdan ixrar, hammayog‘i tuproqqa belanib bo‘lgandi. Tepkilashlardan ko‘tarilgan chang mashina chiroqlari nurida to‘lg‘ona-to‘lg‘ona osmonga o‘rlardi.
— Arqonni obke! — deya buyurdi Kastro “posbon”lardan biriga. — Kecha xotiningni qimagan bo‘sam, mana endi onangni qilaman, iplos!.. — Kastro uning qorniga tepdi. — Mana, senga!.. Men endi o‘zingni qilaman, bildingmi!..
Uning qo‘l va oyoqlarini chirmab bog‘ladilar va uchovlashib ko‘tarib, “Villis”ning orqa o‘rindi ostiga irg‘itdilar. Ikkala “xalq posboni” orqa o‘rindiqqa o‘tirib, oyoqlari bilan uni bosib olishdi. Kastro esa haydovchining yoniga o‘tirarkan, eshikni qarsillatib yopdi-da, haydovchiga o‘shqirdi:
— Bo‘limga hayda!..
Mashina qattiq siltanib, o‘rnidan jildi. Uning izidan ko‘tarilgan bo‘zrang chang tun bo‘lsa-da, negadir aniq ko‘rinardi...

1999 yil, dekabr – 2001 yil, may

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.