OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin. Intiboh (hikoya)

Muqaddima


U o‘z ahvolini anglamasdi. Kunlarini sarxushday o‘tkazar, ne yumush ila band bo‘lmasin, o‘sha ishni qilayotganligini sezib tursa-da, o‘zi boshqa bir ma’volarda kezib yurganday... Shu turishi, yurishi, yumushi, so‘zi va hatto yutayotgan nafasi omonatday edi. Bag‘rida ta’rifsiz bir sog‘inch bino bo‘lgandi, biroq bu sog‘inchning sohibini bilmasdi. Tunlari esa o‘z bilganicha ibodat ila mashg‘ul bo‘lar, ixtiyorsiz ko‘zlaridan yosh quyilib kelaverardi. Bomdod chog‘ini bag‘oyat xush ko‘rar, har tongning tarovatidan ko‘ngli oydin-oydin bo‘lib ketardi. Ammo bomdod fursati o‘tib, ufq oqarib borgani sari va ayniqsa, quyoshning ilk nurlari ko‘zga sanchila boshlagan onlarni unchalik xushlayvermas, bu paytda go‘yo nimanidir boy berayotganday, har kuni bo‘g‘zidan olguvchi hayoti dunyoga yana botib borayotganday sezardi o‘zini. Shunisi aniqki, u har tong adog‘ida nimasidandir, ehtimolki, judayam qimmatli, aziz narsasidan judo bo‘lardi. Keyin esa... Keyin yigirma birinchi asrning darveshu devonasi tiriklik ko‘yiga tushardi. Biroq ko‘ksidagi sog‘inch tark etishini aslo istamasdi. Olamning ovozi - barcha tovushlarning qorishig‘idan paydo bo‘lgan tovush asta-sekin birgina so‘zga aylanib qolardi: Olloh, Olloh, Olloh...
Bir kuni juma namozini ado etmoq uchun masjidi jom’ega kirdi. Masjid har qancha ulkan bo‘lmasin, namozxonlar ko‘pligi bois hovlining sahnigacha odamga to‘lib ketgandi. Ayni saraton mahali, quyosh kuydirvoraman, deydi. U oftobro‘yadagi safga qo‘shildi. Biroq, nazdida, xiyol salqinday tuyulgan bu joy, ko‘p o‘tmay, go‘yo olov ichra qoldi. U namozning avvalgi sunnatini o‘qiguncha jiqqa terga botdi. Kiyimlari ho‘l bo‘lgani sari nafas olishi ham og‘irlashib, havo yetmayotganday entikdi. Shu on ko‘nglidan ushbu gap o‘tdi:
- Mengayam salqin joylaringdan bergin, yo Olloh!..
Qulog‘iga g‘oyibdan ovoz urildi:
- Loyiqmisan?!..
U behud bo‘lib joynamozga quladi. Alqissa, shu kundan bor oromidan ham ayrildi. 

 1


Hazrati Xoja ashob ila Nasafdan qaytardi. Sog‘ida (o‘ngida) xos xalifasi Alouddin Attor. 
Tun yarmidan og‘gan, ko‘r oydinlik ko‘kdagi oltin rang o‘roqmonand hilolning uchiga ilingandek. Sokinlik. Unga faqatgina ot-ulovlarning tuyoqlaridan taralayotgan jarangdor tovushlar kushanda xolos...
Hazrati Xoja hamishadagidek mustag‘riq, hol avjida. Uni hech bir sas yoxud sharpa andarmon qilolmaydi. Aslida piri komil eng katta xavf parishonlikda ekanligini yaxshi biladi, buni muridlariga ham takror-takror uqdiradi. Xayolni yig‘ib olmoq avliyolikning avvalidir, deydi goho. Andog‘ki parishonlik Hazrati Xojaga begona. Ammo ayni damda Muzdoxun mozori yonidan o‘tib borarkanlar, ko‘z oldida Xojai Jahon (Xoja Abduholiq Fijduvoniy)ning nuroniy chehrasi namoyon bo‘ldi-da, o‘z holining avvalini, mazkur mozordagi sirli diydorni esladi. Esladi-yu, bag‘ridagi olov necha chandon ziyodalashdi...
O‘sha kezlari - holning avvalida Bahouddin ibn Muhammad jazaba g‘alabasidan beqaror bo‘lib, tunlari Buxoroni kezardi. (Bu iborani anglamaganlar uchun imkon darajasida biroz tushuntirish bersak: holning avvali degani - zuvalasiga Iloh ishqi qorilgan bo‘lg‘uvsi avliyoning maqom va yo‘l topmagan sarxush holiga ishoratdir. Undayin zot oromini butkul yo‘qotadi, ixtiyorsiz ravishda buyuk sog‘inchda qovrilib, bag‘ri chin ma’noda lov-lov yonadi. Uning yemishi beoromlik, riyozat, uyqusi xizmatu xorlik bo‘ladi. U fano dashtida foniylik istaydi). Goho mozoriston ichra kirar, qaysi mozorga bormasin, yonib turgan moychiroqqa ro‘baro‘ kelaverardi. Ammo, chiroqning yorug‘i ojiz bo‘lib, piligini xiyol harakatga keltirish bilan avjliroq yona boshlardi. Ittifoqo tunlarning birida Muzdoxun mozoriga kirdi-yu, tag‘in piligi ojiz miltiragan chirog‘donni ko‘rdi. Qiblaga yuzlanib o‘ltirgani hamono behud bo‘lib, ostidan zamin, bo‘g‘zidan havo, boshidan osmon ko‘chib, muallaq qoldi. Bir zamon qibla devori yorilib, ulkan taxt paydo bo‘ldi. Taxt oldiga yashil parda tortilgan edi. Uning atrofida qatorasiga bir necha nuroniy chehrali kishilar o‘ltirardilar. Bahouddin ularning orasidan Xoja Muhammad Boboi Sammosiyni tanidi. U sarxush edi, ko‘rayotganlari g‘aybdan ekanligini ayni damda anglamayotgan esa-da, nur ichra ajib anjuman tuzgan jamoat lafzidan uchgan har bir so‘zni jon qulog‘i ila tingladi. 
Jamoat ichidan bir kishi o‘rnidan qo‘pib, taxtdagi odamga ishorat qildi-da, dedi: 
- Bu zot Xoja Abduholiq Fijduvoniydir, Olloh u kishining sirini muqaddas qilsin, yonidagilar esa alarning xalifalari erurlar. - So‘ng ularni bir-bir tanishtirdi. - Bu Xoja Ahmad Siddiq, Xoja Avliyoyi Kalon, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahsud Anjir Fag‘anaviy, Xoja Ali Romitaniy. - Xoja Muhammad Boboga yetgach, dedi: - Bu zoti bobarokotni sen hayotlik chog‘ida topgansen. U senga bir kuloh bergan va tushayotgan balolar sening barakoting tufayli daf bo‘lmog‘ini bashorat qilgan edi. Kuloh Hazrati Azizondan yodgorlikdir. 
So‘ng so‘zlaguvchi jamoat nomidan dedi:
- So‘zlarimizga diqqat ila quloq sol, Hazrati Xojai Jahon (Abduholiq Fijduvoniy) so‘z aytadilarki, Haq taolo yo‘lidan bormoqda bunga amal qilmay ilojing yo‘q. 
Bahouddin daroz bo‘lganidan tiz cho‘kib o‘ltirsa-da jussasi o‘rta bo‘yli odamga qiyoslaguday edi. Fayb olamidan taralgan ilohiy nur uning oq-sariqqa moyil yuzida, bo‘ynida jilvalanadi. Birdan shuuri tiniqlashib, ko‘rib turganlari ruhlar dunyosiga mansub ekanligini ira-shira angladi. Yurak urishi tezlashib, tizzasidagi qo‘llarining uzun-uzun barmoqlari ixtiyorsiz titradi. Xayolida bir ulug‘ orzu uyg‘onib, qalbidagi jur’at pinjida zaboniga ko‘chdi. 
- O‘tinamen, ayo qutbi zamon piri murshidlar, Xojai Jahonga ta’zim etmoq va muborak jamoliga nazar solmoqqa ijozat bering! - deya bosh egib tavallo qildi u.
Pardani ko‘tardilar: taxtda o‘ltirgan yirik gavdali, boshi katta, chiroyli oq yuzli, tevaragida qamashiq nur o‘ynagan qutbi zamon avliyo Xoja Abduholiq Fijduvoniy ko‘rindi. Bahouddin yuragi bo‘g‘ziga tiqilguday bo‘lib salom berdi. Ul zot yoyiq tabassum ila bosh silkib alik oldi. Endi Bahouddinning yurak urishi me’yorlashib, vujudidagi titroq tindi va quloqlariga o‘ktam ovoz urildi. Nazdida, bu ovozni nafaqat u, balki jumla borliq tinglardi. Ovoz sohibi Xojai Jahon edi - u Bahouddinga shunday nasihat qildi:
- O‘g‘lim, Bahouddin! Sen Haq taolo in’om etgan noyob iste’dod sohibisen. Olamga ma’rifat nurini yoyguvchi bu iste’doding piligini biroz harakatga keltirmog‘ing lozim. Shunda yo‘ling ravshan tortib, sirlar zuhurga keladi. Ollohning zikridan aslo g‘ofil bo‘lma. Jumla mahluqotga xolisanillo xizmat qil. Bu bilan Haqqa boradigan yo‘lni topasen va unga erishasen. Ayo Bahouddin! Har zamon va makonda oyog‘ingni shariat asoslari ustiga qo‘y. Shunda amri ma’ruf va nahiy munkarga amal qilgan bo‘lasen. Sunnatlarga to‘la rioya qil. Shariatni yengil tutma, bid’atlardan yiroq yur! Odamizot, hayvonotu nabotot sendan xizmat kutmoqda. Sayru sulukning avvali, o‘rtasi va oxirida Hizr alayhissalomdan qanday bilimu usullar olgan bo‘lsam, ularni senga o‘rgatamen. (Bahouddin Naqshband Uvaysiy edi, ya’ni uni Xojai Jahonning ruhi tarbiyat etgandi. Hazrati Xoja bir umr uvaysiylikdan nasibalar topgan.) Ko‘proq zikri hufiyaga ahamiyat qil. Ollohning tavfiqi rafiqing bo‘lsin! Mustafo sallallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini o‘zingga peshvo qilib ol. Ul zotning va ulug‘ sahobalarning, rizvonallohi alayhim ajma’in, asarlari hamda xabarlarini izlovchi dag‘i o‘rganuvchi bo‘l! 
Xojai Jahon jim qolgach, Xoja Muhammad Bobo dedi:
- Ko‘rayotganlaring haq ekanligiga dalil shuki, sen ertalab mavlono Shamsuddin Olbashkanaviy oldiga borursen va Turk bilan Saqqo orasida muomala bo‘lib, siz Saqqo tarafidasiz, ammo Turk haqlidir, deb aytasen. Agar Saqqo senga qo‘pollik qilsa, «Ey Saqqoyi tashna», deysan. U bu so‘zning sirini biladi. Ikkinchi dalil shuki: u bir ayol bilan zino qilgan va natijada valadi zino paydo bo‘lgan. Ayolga bolani tushirishni buyurib, alqissa uning hovlisidagi tokning tagiga ko‘mgan.
So‘ng jamoatdan bir kishi yana dedi: 
- Bu gapni Mavlono Shamsuddinga yetkazganingdan so‘ng, ertasiga uch dona mayiz olib, Regi Murda (O‘lik qum) orqali shitob Nasafga - Sayyid Amir Kulol xizmatiga ravona bo‘lasen. Pushtai Qaroxun (Qaroxun tepaligi)ga yetganingda senga bir qariya ro‘baro‘ keladi. U senga bitta issiq non hadya qiladi. Sen nonni olasen. Qariya ila aslo so‘zlashmagaysen. Undan o‘tib bir karvonga duch kelasen. So‘ngra esa bir otliqqa yo‘liqasen va unga nasihat qilasen. U sening qo‘lingda Ollohga tavba qiladi. Nihoyat Azizonning kulohini Sayyid Amir Kulolga yetkazasen.
Shundan so‘ng qutlug‘ jamoat ichra bir sokin taraddud paydo bo‘ldi. Piri komillar birin-sirin sarg‘ish shu’la bag‘riga singib, ko‘zdan nihon bo‘ldilar. Oxirida qibla devori yopilib, olam yana sukunat og‘ushida qoldi. Bu mozoristonga xos dilga biroz vahm solguvchi sukunat edi. Lekin azizlar tarbiyati va ilohiy jazba qurshovida bo‘lgan Bahouddin minba’d qo‘rquvga tushmadi. Bil’aks ruhlar olami shuurini asta-sekin tark aylab, atrofidagi borliqni avval botinida, so‘ngra zohiran ham angladi, ko‘rdi. Idrok etdiki, boshi-yu ko‘ngli sokin halovat ichra edi, faqat bag‘ri tobora qizib, olovlanib borayotganini sezdi. Shu tariqa o‘ziga kelib, tana a’zolari harakatga tushdi. (Chunki g‘ayb olami ila muloqot qalb va shuur ichra ro‘y berganligi bois vujudi hech bir sa’ysiz qolgandi.) 
Bomdoddan so‘ng kulohning daragi yodiga tushib, zudlik ila Revartun tarafga ravona bo‘ldi. Kent ichra sarosar kezib, Hazrati Azizonning tabarruk kulohini izladi. Revartun shariat va tariqat sobit bir maskan edi. Shul bois kulohning manzilini bilgan kishilar tez topildi. Bir darveshi lomakonning kashkulida omonat ekan. Azizonning kulohini ko‘rib, uning ahvoli o‘zgardi. Butun vujudi mum kabi erib, bag‘ridan sog‘inchli nola otildi, kulohni bag‘riga bosib, uzoq yig‘ladi, tun bo‘yi bo‘zladi. Tinsiz ko‘z yoshlaridan egni boshi ho‘l bo‘ldi. Shundan so‘ng dil shikasta yo‘lga tushdi. Mavlono Shamsuddinning manziliga yetib, uning masjidida bomdod namozini o‘qidi. Namozdan so‘ng Mavlono Shamsuddinga ro‘baro‘ bo‘ldi va 
- Elchilikka buyurilganmen, - dedi.
Mavlono kutilmagan tashrifning mag‘zini chaqolmay hayron turganda yonida Saqqo ko‘rindi. 
Bahouddin g‘aybdan eshitgan qissasini shoshilmay so‘zlab berdi. Uning so‘zi tugar-tugamas, aytilganidek, Saqqo Turkning haq ekanligini inkor qilib, jirilladi:
- Sen nojins, ne malomatlarni so‘zlaydursen?! - deya kirpi misol xurpayib oldi. - Balki daliling ham bordir?!
Bahouddin xotirjam boqib turardi. 
- Mening dalilim shuki, senda ilmdan nasiba yo‘qdir, ey Saqqoyi tashna?
Saqqo bu gapni eshitishi hamono suvsiz meshday shalvirab, bo‘shashdi, yuvosh tortib, mute qiyofaga kirdi. Bahouddin va Mavlonoga ma’nosiz tikildi. 
- Mening yana bir dalilim shuki, - Bahouddin go‘yo beixtiyor so‘zlardi. - Sen bir ayol ila fasod ish qilgansen va undan natija ham bino bo‘lgan. Sening qistoving ila ayol qornidagini tushirgan va ikkovlashib hovlisidagi tokning ostiga ko‘mgansenlar.
Saqqo buni ham inkor etdi.
Aytganlari Bahouddin uchun bashoratu karomat edi - buni bilardi. Saqqo va jamoat uchun esa quruq gapdan o‘zga narsa emasdek tuyulardi. Demak, endi dalilni ham isbot etmoq lozim edi. Bu fikr birinchi bo‘lib Mavlononing xayoliga keldi. Shitob taraddud ila jamoatni boshlab, aytilgan hovli sari yo‘l oldi. Turgan gapki, Saqqoni ham birga borishga undadilar.
Ayolning hovlisi olis emasdi, tezda yetib bordilar. Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan beva ayol Saqqoni jamoat ila ko‘rib, qo‘rqqanidan o‘zini chetga oldi. Mavlononing amri ila bir yosh yigit belkurak topib, tok ostini kovlay boshlaganda, Saqqo bezovtalanib, har tomon alangladi - huddiki qochmoqqa joy qidirayotgandek edi. Ammo Mavlono uning qo‘lidan qattiq tutdi. Barcha amri oliyni kutayotgan lashkar misol jim qotdi. Ishning nihoyasi hamma uchun qiziq va muhim edi: jamoatning nigohi yigit kovlayotgan yerga qadalgan, yuraklarga vahm solguday sukunat og‘ushida tuproqqa tez-tez sanchilayotgan belkurak ovozi go‘yo jaranglab eshitilardi...
Mushtdekkina jasad qizg‘ish matoga o‘rab ko‘milganidan, payqash va aniqlash oson kechdi. Mavlono uni qo‘liga olib, bir muddat ayanch ila tikilib turdi-da, jamoatga dedi:
- Ha, bu oy-kuni yetmagan go‘dakning jasadi.
Shu gapning ortidan Saqqo Mavlononing oyoqlari ostiga o‘zini tashlab, tavba qilishga tushdi.
Biroq Saqqoning iltijolari e’tiborsiz qoldi. Odamlar ochiq-oydin karomatga shohid bo‘lib turardilar. Demak, bu xabarni yetkazgan yigit sohib karomat ekanda, degan o‘y o‘tardi ularning xayolidan. Ana shundagina Bahouddinning bu yerda emasligini payqadilar. Payqadilaru, Mavlono boshliq yana masjid sari yeldilar.
Bahouddin tiz cho‘kib o‘ltirar, boshi tizzalari qadar egilib, Iloh mushohadasiga mustag‘riq edi. Mavlono yetovidagi jamoat kirib, uning ortida tiz cho‘kib, jim qoldilar. 
Eshon (Bahouddin) ilohiy fayz og‘ushida kunni kech qildi. Uning uchun endi jamoatning e’tibori ham, aytilgan gaplarning rost-yolg‘onligi, Saqqoning tavbasi ham ahamiyatsiz edi. Bil’aks, bular uning qalbini xiyol malollantirar, chunki barini mashoyix karomati tufayli avvaldan bilardi va bilganlariga shaksiz ishonardi. U o‘zidanu dunyodan mosuvo turar, mudom jonu jahonini qamragan fayz ixtiyorini olgandi. Bu ixtiyorsizlik ham xush yoqar va ham halovatsiz olov ichra solardi. Andog‘ki, vujudu joni huzurbaxsh qovrilardi. Shul bois ayni holidan ayrolikni istamas, ibtido va intihoni ham shunda ko‘rardi.
Shom namozi go‘yo bir lahzada adolangandek tuyuldi, jonidagi otash tag‘in ziyodalandi. Taomni ham rad etdi. Mavlono Shamsiddin sohibi hol, uyg‘oq ko‘ngilli zot edi - jamoatga ruxsat berib, Eshonni tanho qoldirdi. Bu tun ham bedor kechdi - namozlar zikrga, zikrlar mushohadaga evrildi.
Tong otdi. Xurshidi olamning ilk paykonlari qoramtir minoraning ko‘ksiga sanchildi. Bahouddin buyurilganidek uch dona mayiz olib, Regi Murda yo‘liga otlanganda Mavlono chorlab, avval iltifotlar ko‘rsatdi, so‘ngra dedi: 
- Sening darding bizga ayon va davosi ham bizning qo‘limizda. Shu yerda qol, toki tarbiyat etmoqqa mashg‘ul bo‘laylik.
Bahouddin o‘ng ilkini ko‘ksida tutib, javob qildi:
- Men o‘zgalarning farzandimen, nasibam o‘zga dargohda. Agar siz mening og‘zimga ko‘krak solsangiz, uchini tishlab olishim mumkin.
Mavlono javob ta’sirida bir muddat jim qoldi. Nihoyat Bahouddinning qaboqlari ichra botgan, alanga porlayotgan ko‘zlariga samimiy boqib, ketishiga ruxsat berdi.
Eshon dargohdan chiqib, beliga belbog‘ bog‘ladi-da, ikki yigitga belbog‘ning ikki uchini ushlatib, qattiq tortishni so‘radi. Beli qorni aralash qattiq qisilgach, aslida ham bir muncha ta’sirsiz ochlik barham topib, vujudida quvvat paydo bo‘ldi. Bu ahd belbog‘i edi. Ana shu ahd yetovida yo‘lga ravona bo‘ldi. Oyog‘i yerdan uzilib, uchib ketdi go‘yo. Yo‘l oh urib, shitob qisqara boshladi. Pushtai Qaroxunga yetganda bir aftodahol cholga duch keldi. Chol unga bitta issiq non berdi, lekin biron so‘z aytmadi. U ham cholni so‘zsiz tark etdi. Yana o‘shanday shasht ila yo‘lida boraverdi. Oyoqlari ostida to‘lg‘ongan ilonizi dasht yo‘lining oqish-sarg‘ish tuprog‘i tovonlari zarbidan qo‘pib, havoga qorishdi. Bu safar ancha yurdi. Nihoyat ohista yo‘rg‘alayotgan karvonga yo‘liqdi. Karvondagilar undan «Qaerdan kelyapsan?» - deya so‘rashdi. U manzilini aytdi.
- U yerdan qachon chiqqan eding? - so‘radi kimdir.
- Bugun zavol mahali (quyosh ko‘tarilayotganda demoqchi).
Ahli karvonning yuz-ko‘zida hayrat balqib, bir-birlariga qarab oldilar.
- Jinnimi nima balo? - ensasi qotdi ularning. - Aytgan manzilidan bu yergacha necha farsax bo‘lsa. Biz tunning avvalida u yerdan chiqib, endi shu joyga yetdik-ku!..
Bu payt quyosh tikkaga kelib, peshin namozi fursati yetgandi.
Karvondagilar kula-kula qoldilar. Boisi, Bahouddinning angori g‘ofil nazar uchun chindan ham savdoyiga o‘xshab ketardi. U karvondagilarga parvosiz o‘tib, ular ko‘zdan pinhon bo‘lganda peshin namozini ado etdi-da, yana yo‘lga tushdi. Bir muddat yurgach, endi aytilgan otliqqa ro‘baro‘ keldi. Uning yaqiniga borib, odob bilan salom berdi. Otliq xavotirli nigohini unga qadab, so‘radi:
- Sen kimsen? Men sendan xavfdamen! - Uning og‘zidan badbo‘y hid anqidi. 
Bahouddinning tilidan beixtiyor shu gap uchdi: 
- Men seni tavbaga yetkazguvchi kishimen.
Otliq uning ko‘zlariga qattiq tikildi-da, tebranib ketdi. Siltanib otdan tushib, may to‘la idishlarini yerga urib sindirdi, keyin o‘zini Bahouddinning oyoqlari ostiga tashladi.
- Dardimning tabibini topdim, - deya zorlandi u. - Tavba qildim, yo Olloh, tavba qildim! Duo aylang, ayo hazrat, zora iltijoimni zul Jalol qabul etsa!..
Bahouddin otliqqa ikki og‘iz nasihat qilib, dastlabki vazifani berdi-da, uning tavbasi qabul bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochdi. 
- Endi bizni va so‘zimizni istasang, Olloh nasib etsa, toparsen, - deya yana yo‘lga tushdi.
Unga mudom yo‘lning olis-yaqinligi-yu zahmati sezilmasdi. Vujudida g‘ayb olovi, qalbida ilohiy jazaba, shuurida sobit umid va niyat ila bir maqsad sari intilardi.
 


U nihoyat Nasafga yetib, Sayyid Amir Kulol qo‘nim topgan qishloqqa kirib borarkan, xush nasiymu yoqimli bo‘ylar dimog‘iga urilib, sarxushlandi. Shayxning ostonasiga bosh urib, qalbiga halovat istadi va kirishga izn so‘radi. Ijozat bo‘lgach, ta’zim ila ichkari kirib, salom berdi. Hazrati Kulol yolg‘iz edi. Xona to‘rida o‘ltirgan bug‘doyrang yuzli, ko‘kragi keng, qo‘llari uzun, chatmaqosh, qalin soqoliga oq oralagan pahlavon kelbatli shayxni ko‘rib, Bahouddinning ahvoli o‘zgardi. Bag‘ridagi o‘t ziyodalashdi. Yetmish yoshni qarshilayotgan valiyullohning nurposh chehrasidan fayz yog‘ilardi. 
Bahouddin shayxni oxirgi bor jannatmakon piri Muhammad Bobo bandalikni bajo keltirganda Sammosda ko‘rgandi. Hazrati Kulol piri murshidi, Shamsi Haq (Haq quyoshi) laqabini olgan Muhammad Boboning janozasidan so‘ng qirq kun chilla o‘ltirgandi. O‘shandan buyon, mana, o‘n yildan ziyod vaqt o‘tibdi. Biroq bu yillar shayx Mir Kulolga qariyb ta’sir qilmabdi, faqat ul zotdagi nur, fayz barakot kasb etibdi.
Bahouddin bu gaplarni o‘ylash holida emasdi, jonu jahoni Iloh ishqi, jazabasi og‘ushida jizg‘anak, kutgani shayxdan mujda-yu himmat edi, xolos. U qo‘ynidan Hazrati Azizonning kulohini olib, shayxning oldiga qo‘ydi. Shayxning holi o‘zgardi, bosh egib, uzoq sukutga toldi. Bahouddin esa shayxning fayzini, o‘ziga ko‘chayotgan nuri ilohiyni tobora teran his etib, bag‘ri kuygandan-kuyardi. Bu onlar g‘animat va bag‘oyat huzurbaxsh edi. (Muhtaram o‘quvchi uchun ikki og‘iz izoh: tariqatda kamol ko‘p ibodat qilish, zikrdagi sobitlik va ziyodalik, ham jismoniy, ham ruhiy parhezkorlik tufayli topiladi. Kamol va maqomga erishishning nisbatan «eng oson» hamda «engil» yo‘li esa komil pirning nazari muboragiga sazovor bo‘lmoqdir. Ana shunda solih murid oz fursatda yuksak darajalarga musharraf bo‘lmog‘i mumkin. Ayni damda Bahouddin o‘shanday holat og‘ushida edi.)
Nihoyat shayx boshini ko‘tarib, Bahouddinga boqdi.
- Bu kulohni ikki parda orasida saqlashga senga ishora bo‘ldi, - deya muborak kulohni ikki qo‘llab unga uzatdi.
Bahouddin o‘rnidan turib, tavoze ila kulohni oldi va ko‘zlariga surdi.
Sayyid Mir Kulol Bahouddinni go‘dakligida ko‘rgandi. Aslida Bahouddin hazrati Muhammad Boboning qutlug‘ nazariga undan-da muqaddamroq sazovor bo‘lgandi.
Muhammad Bobo Buxoro yonidagi Qasri Hinduvon qishlog‘idan ko‘p bor o‘tgandi. Bir galgi o‘tishida tuyqus yurishdan to‘xtab, ko‘zlarini yumgancha sukutga toldi. So‘ngra ko‘zlarini ochib, samoga intizor termuldi. Kipriklariga yosh qalqdi. Ortidagi ashobga bir-bir nazar tashlab, mayin jilmaydi.
- Bu ma’vodan bir mardi Xudoning hidi kelmoqda, - dedi ohista. - Tez fursatda Qasri Hinduvon Qasri Orifonga aylanajak.
Valiyullohning bu karamli nafasi zoe emasdi - el aro bashorat bo‘lib taraldi. Kunlarning birida xos xalifasi Sayyid Mir Kulolning Afshonadagi manzilidan Qasri Hinduvonga borayotib, yana sukutdan so‘ng aytdi:
- Hid ziyoda bo‘libdi, o‘shal mardi Xudo dunyoga kelganga o‘xshaydi.
Bu hijriy 718 yil edi. O‘shanda Bahouddinning tavalludiga uch kun bo‘lgandi. Muhammad Bobo Qasri Hinduvonda to‘xtab, xonaqohda qo‘nim topdi. Xalq ul zotning ziyoratiga oshiqdi. 
Bahouddinning bobosi Xoja Muhammad Boboning muxlislaridan edi. Uning ko‘nglida nabirasini Xojaning huzuriga olib borib, muborak nazariga solmoq istagi yondi. U bu istagi Ilohning marhamati, Xojaning himmati tufayli yuzaga kelganligini to‘la anglamagan bo‘lsa-da, nabirasini ortiq niyozmandlik ila Xojaning huzuriga eltdi. 
Hazrati Xoja xalqqa va’z aytardi. Bo‘sag‘adagi bag‘rida yo‘rgaklangan go‘dak tutgan oqsoqolni ko‘rib, bug‘doyrang yuzidagi nur va tabassum kengaydi. Oqsoqolni o‘zi sari chorladi. Go‘dakni ilkiga olib, yuziga tikildi.
- Bul bizning farzandimiz va biz uni qabul qildik, - deya endi xaloyiqqa yuzlandi. - Biz hidini sezgan mard shuldir. Inshoolloh u o‘z davrining peshvosi bo‘lajak. Bul mardi Xudoning fayzidan har ne balo daf bo‘lib, ul Balogardonlig‘ sharafiga erishg‘uvsi. 
Hazrati Xoja go‘dakka Bahouddin ismini berib, qulog‘iga azon aytdi. So‘ngra Sayyid Mir Kulolga boqib, shunday amr etdi: 
- Farzandim Bahouddindan shafqatingni darig‘ tutmagaysen. Agar nuqsonga yo‘l qo‘ysang, seni aslo kechirmaymen.
Hazrati Xoja bosh bo‘lib barcha duoga qo‘l ochdi...
Ana o‘shanda Sayyid Mir Kulol ilk bor Bahouddinni ko‘rgan va jajji yuziga nazar solgandi. 
Mana, ro‘baro‘sida Muhammad Boboi Sammosiydek, Olloh u kishining sirini muqaddas qilsin, avliyoning nazariga sazovor bo‘lgan va ul zotning amri tufayli farzandlikka qabul etgani qutlug‘ istiqbolli yigit - Bahouddin tavozeda o‘ltiribdi. Uning ahvoli, kechmishi shayxga ayon edi, demak, ortiq savolga hojat yo‘q. Piri murshidi Muhammad Boboga bergan va’dasini ado etish vaqti yetdi. Mir Kulolning nazdida, lov-lov yonayotgan Bahouddin obdon qorilgan, pishitilgan loy kabi edi. Endi undan ne buyum yasamoq kulolning mahoratiga bog‘liq. Bu xususda aslo xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmas, illo rahmatli pirining ixtiyori ham shunday edi. 
Shayx jiddu jahd ila Bahouddinga boqarkan, o‘zining bolalik va o‘smirlik chog‘larini, hazrati Muhammad Boboning muborak nazariga tushgan onlarini esladi. (Tariqat shayxlari xayolni parishon qilib, ortiqcha o‘yga berilishni ta’qiqlaganlar. Ularning fikricha, qalb va shuur Olloh, qo‘l esa mehnat ila band bo‘lmog‘i lozim. Parishonlikda xavf bor, zero xayol shaytoniydir. Shayxlarning xotirasi bag‘oyat kuchli, ko‘p narsa xotirlarida saqlangan. Shuningdek, ular har qanday xayoldan mosuvo bo‘lib, qalbu shuurlarini ozod tuta olganlar. Xayol xavfi asosan muridlar uchundir. Muallifning shayxni bu holatda tasvirlashi esa syujet majburiyati tufaylidir.)
Amir Kulolning ajdodlari Buxoroning Afshonasida turg‘un bo‘lganlar. Bu maskan hoziq tabib va olam olimi Abu Ali ibn Sino tufayli avvaldan yetti iqlimga dong taratgandi. Zuvalasi shu tuproqdan qorilgan ko‘plab ilmpeshalarning ulug‘likka dohilligi ham rost. Ularning biri bo‘lmish Amir Kulolning asli ismi Amir Kalon edi. Keyinchalik ota meros hunari kulolchilik ila shuhrat topgach, Amir Kulol laqabini olgandi. Aslida u oshiq qalblarga go‘zal shakllar, ma’no-yu ishqlar solib, tariqat ahli orasida valiy qalblar kuloli bo‘lib ham tanilgandi. (Xojagon-Naqshbandiylik sulukiga mansub muridlar va hatto shayxlar ham hech yo‘q bir kasb-hunarning sohibi bo‘lganlar. O‘z mehnati ortidan halol rizq topib, tirikchilik o‘tkazish mazkur tariqat ahlining asosiy tamoyillaridan edi.) Uning otasi bilan o‘z zamonasining ulug‘laridan bo‘lmish Hazrat Sayyid Ato o‘rtasida do‘stlik ahdi bor edi. Ul zot Buxoroga safar qilganida albatta Afshonaga tushar va do‘stining xonadonida mehmon bo‘lib, tasavvufiy suhbatlar qurardi. Ana shunday safarlarining birida ko‘chada o‘ynayotgan bir to‘p bolalarga ro‘baro‘ keladi. Ularning orasida to‘rt yoshlar chamasidagi Amir Kalon ham bor edi. U bolalardan ajralib, yugurib Sayyid Atoga yaqinlashib, odob bilan salom beradi. Hazrat go‘zal tavoze ila alik olib, bolakayni olqaydi, ilkidan tutib, do‘stining xonadoniga boshlaydi. Biladiki, bolakay o‘z birodarining o‘g‘li ekan. Uni bag‘riga bosib, duolar qiladi. So‘ng boshidagi sallasini yechib, teng ikkiga bo‘ladi va birini o‘z boshiga, ikkinchi bo‘lagini esa Amir Kalonning boshiga o‘raydi. Bolakay Hazratning ijozati ila ko‘chaga chiqib, yana o‘yin ila andarmon bo‘ladi. Oradan bir osh pishar fursat o‘tgach, Sayyid Ato Amir Kalonni chaqirtiradi. Bolakay kirib, ul zot qoshida qo‘l qovushtiradi. Avliyo bolaning boshidagi sallani olib, o‘z boshidagi sallaning uzunligiga solishtirib ko‘radi. Amir Kalonning sallasi uch bosh hajmida uzun bo‘lib qolgan edi. Sayyid Ato sallalarni qayta-qayta taqqoslab ko‘rsa hamki bu hol takrorlanaveradi. Shundan so‘ng piri komil istig‘for aytadi, mushohadaga berilib, ko‘zlarini yumadi. Ma’lum fursat o‘tgach, ehtiros ila xitob aylaydi:
- Bu farzandni beqiyos mujdalar kutmoqdaki, martabasi ulug‘, hatto mendan ham ziyoda bo‘lg‘uvsidir!
Keyin-keyin Amir Kalon Amir Kulol bo‘lib, umrining o‘smirlik pog‘ornasida maydonlarda kurash tusha boshladi. Filhaqiqat, u pahlavon kelbatli - yelkalari keng, bilaklari baquvvat edi, biron kimsa yelkasi yerga tekkanini ko‘rmadi. Ba’zilar uning bu mashg‘ulotidan hayratga tushar, dil ahlidan bo‘lmish kishi bundayin bid’at ishlarni tutmas, deya yozg‘irardilar. Ammo Amir Kulol o‘z bilganidan qolmasdi. Jur’at etib, so‘raganlarga esa «Bu mashg‘ullikdan maqsad gumnoklikdir», deya javob berardi. («Gumnoklik» deb ataylab o‘z nomini yerga urish, xalqning o‘zi haqidagi tasavvurini sindirishga aytiladi. Zero u zamonlarda Rumda bino bo‘lib, butun Sharq dunyosiga tarqalgan malomatiylik suluki, xususan, Movarounnahr ichra ham bir muncha xonaqohlariga ega edi. Balki Amir Kulol hol ibtidosida ulardan ham ixtiyorsiz mutaassir bo‘lgandir. Aslida nafsni xorlab, menlikka-xudparastlikka qarshi muhoraba etmoq barcha suluklarga xosdir.)
Amir Kulol kurash maydonlarida ushbu ruboiyni ham aytib qolardi:

Kimsaki obro‘yu nom olmoqqa jiddu jahd erur,
Sen oni oshiq dema, dunyoparast, badbaxt erur.
Ishq yo‘lida bir sifat bor - xorligu badnomlik,
Chun shu badnomlik tufayli oshiq sohib taxt erur.


O‘shanda u o‘n besh yoshlarda edi. O‘zidan bir bosh baland pahlavonni gir aylantirib, na’ra ila xokisor etdi. Chor tarafdan olqish taraldi, u sharaf ostida qoldi. Lekin maydon chetida o‘ltirgan bir jamoat uni mazammat va malomat qila boshladi:
- Qarang, shundayin nazarkarda, ahli dilga dohil odam bid’at ila mashg‘ul turur!
Bu gap aytilgani zamon jamoatni uyqu eltdi, barchalari bir xil tush ko‘rdilar: Mahshar kuni emish, olamu bani bashar talvasa va qo‘rqinch ichra qolmish. Tush ko‘rguvchilarning hammalari ma’siyat botqog‘iga botgan, oyoqlarini sug‘urib olmoqqa hollari kelmay, xalos bo‘lmoqqa iloj topolmay turadilar. Shu on Amir Kulol paydo bo‘libdi-yu barini botqoqdan bir-bir tortib olibdi-da, debdi:
- Biz badan ishlarini mana shundayin paytlarda sizlarga yordamimiz tegsin uchun qilurmiz. Zinhor-bazinhor yuraklaringizga gumonu ishtibohni yaqinlashtirmang, birovlarga haqorat nazari ila boqmang. - So‘ng nasihat qilibdi: - Agar dil ahli nazari o‘zingga tushishini istasang, g‘urbat yo‘lida misoli tuproq kabi aftoda bo‘lg‘aysen!
Jamoat uyqudan uyg‘onib, shuurlari mastu karaxt holda bir-birlariga hayron termulib turganlarida Amir Kulol ular qoshiga keldi.
- Ayo birodarlar! Biz sizni Qiyomatda gunohlaringiz botqog‘idan Olloh zul Jalolning inoyati ila chiqarib olmoq uchun ish beradi, deya kurash tushamiz, - xitob qildi u o‘ktam ovozda. - Darvishlar haqida zinhor badgumonlik qilib, bee’tiqod bo‘lmang. Ularga munkir ham kelmang, illo haqiqatdan bexabarsiz.
Jamoat o‘rnidan qalqib, Amir Kulol poyiga oshiqdi. Ular g‘aybdan ochiq-ravshan karomat zohir bo‘lganligini payqab, tavbani ixtiyor etdilar. El aro avliyolar qalblarning ayg‘oqchilaridir, zero ular huzurida dilni to‘g‘ri tutmoq lozim, aksi bo‘lsa, xayol sohibiga xavf bor, degan gap yuradi. Ayni damda, jamoatning ko‘rgani shunga ishorat edi.
Amir Kulol hazrati Boboning nazariga ham shu tariqa musharraf bo‘lgandi. O‘shanda Amir kulol Rometanda kurash tushar, raqiblarini birin-ketin mag‘lub etar, xaloyiq esa uni tinmay olqishlardi. 
Biroq u maydon chetidagi devor ostida kurash tomosha qilayotgan Boboyi Sammosiyni ko‘rmasdi. Boboning kurashchilarga qadalgan ko‘zlariga boqib, ashablaridan biri so‘radi:
- Xojam, bu mardum bid’at ish ila mashg‘ul, siz esa undan nafratlanish o‘rniga nechuk hayrat ila boqmoqdasiz?
- Ey bolam-a, - deya bilinar-bilinmas jilmaydi pir. - Bu maydonda bir mard borki, o‘zi sayyidzodadir. Inshoolloh, suhbatidan barcha komil insonlar bahramand bo‘lg‘uvsidir. Biz o‘shal mardni kutib turibmiz, zero uning parvozi g‘oyat baland, maqomi ham oliydir. 
Shu payt Amir Kulolning holi o‘zgardi, raqibini dast ko‘tarib, yelkasi osha yerga urdi-yu, ortidan o‘zi ham yerga o‘tirib qoldi. Xaloyiq hayrat ichra uvlab yubordi. Amir Kulolning qalbida jazaba paydo bo‘lib, otash og‘ushida atrofga mo‘ltirar, intizor ko‘zlari kimnidir izlardi. Alhol nigohi devor ostidagi Hazrati Boboga tushib, shiddat ila o‘rnidan qo‘pdi, jon xalpida yugura borib o‘zini ul zotning oyoqlari ostiga tashlab, vovaylo qildi. Yuragi qattiq xapriqqanidan biron so‘z aytolmas, boshini nuqul pirning oyog‘iga urardi.
Ashob pirning karomatidan lolu hayratda sukutda qolgan, xaloyiq esa bu hodisotning mag‘ziga yetolmay halak edi.
 Hazrat Bobo Amir Kulolning boshu yelkasini siladi.
- Muddaoga yetdik, bo‘tam, - dedi taskin ohangida. - Xudo xohlasa, bizning domimizga sayd bo‘ldingizki, inshoolloh, najot yaqin.
Amir Kulol oh urdi:
- Tavba qildim, bobo, tavba qildim! Minba’d bu bid’at ishni qilmasmen. O‘zingiz yo‘l ko‘rsating, ayo pir!
Shu-shu Hazrat Bobo uni farzandlikka qabul etib, ixtiyorini oldi, tarbiyat qildi va u ko‘p fayzu kashflarga musharraf bo‘ldi...
Sohibi irshod shayx Amir Kulol o‘shal xush damlarni eslab, Bahouddinning ahvolini ham payqab, ham unga havas-la boqib, xushnud o‘ltirardi.
                 

3


Bahouddinning o‘smirlik paytlari edi. Bir kecha tush ko‘rdi: Yassaviy shayxlardan bo‘lmish Hakim Ota uni bir darvishga topshirayotgan emish. Darvishning ham nurli, ham haybatli qiyofasi Bahouddinning xotirida muhrlanib qoldi. Ertalab tushini duogo‘yi Soliha buvisiga aytib berdi. Buvisi nekbin qalbli ziyrak ayol edi. Tushning ta’birini darrov angladi shekilli, «Senga, inshoolloh, Yassaviy mashoyixdan nasiba yetguvsidir», deb qo‘ydi o‘ychan. Biroq darvish uning ko‘z oldidan ketmay qoldi, yursa ham, tursa ham qalbida uni ko‘rish ishtiyoqi jo‘sh urardi. Ayni damdagi ixtiyori o‘shal darvishning ilkida ekanligini to‘la tushunmasa-da, ixtiyorsiz unga sari talpinar, goho ko‘cha-ko‘ylarda biron darvishni ko‘rdi deguncha, ortidan chopib, uning kim ekanligini aniqlamaguncha tinchimasdi. Odamlar aro har nafas darvishni izlardi. Dilidagi sog‘inch tobora o‘t olib, jonu jahonini kuydirardi.
Bir kuni shaharning Ohangaron darvozasidan chiqayotib, banogoh o‘shal darvishni ko‘rib qoldi. Darvishning sochlari o‘siq - muloh monand, boshida ming bahyali kuloh, ilkida ud daraxtidan qilingan aso. Odatda yassaviya darvishlari mana shunday qiyofada yurardilar.
Bahouddinning yurak urishi tezlashib, «g‘ilq» etib yutindi, yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqqanday darvishga nigohini qattiq qadadi. Shu holida dilida na quvonchni va na o‘zga tuyg‘uni his etmadi. Biroq u hali biron qarorga kelib ulgurmay, darvish ancha uzoqlashib qolgandi. Oyoqlari beixtiyor ilgariladi, ko‘zlari mudom darvishda. Shunisi qiziqki, ayni damda kun erimagan, asr quyoshi hali o‘z yostig‘ini qidirmayotgan payt bo‘lsa-da, nechukdir olam xira qorong‘ulik ichra qolganga o‘xshardi. Yoxud Ba¬houddinga shunday tuyularmidi. Atrofidagi odamlar va umuman ikki yonidan u yoq-bu yoqqa o‘tayotgan tirik jon borki - ot-ulovmi, xachiru sakmi - hamma-hammasi qora sharpalar mengiz ko‘zlarining qiriga urilar, u bularni ko‘rmas, ko‘rmoqni ham istamas, yagona muddaosi - darvishni ko‘zdan qochirmaslik edi. Saydi biron bora ortiga qayrilib qaramadi, yo u hamma narsani sezib turardi-yu o‘zini dunyo ila ishi yo‘qdek tutardi, yoki dunyo unga e’tiborsizdek edi. Alhol u torgina Murg‘ko‘shi ko‘chasiga burilib, qadamini tezlatdi. Endi Bahouddinning odimi ham ixtiyorsiz jadallashdi. Biroq bu ko‘chada uzoq quvishmadilar, darvish qo‘ng‘ir tusi uniqqan ikki tavaqali kichik eshikdan kirib, zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Bahouddin qimmatli nimarsasini boy bergan odamday bir muddat bilinar-bilinmas tipirchiladi, darvozaning u yoq-bu yog‘iga bo‘ylab, ichkariga qarash uchun tirqish izladi. Lekin darvoza anchagina eski bo‘lsa-da, ko‘zga ilingulik tirqish topolmadi, ochishga yuragi betlamay ortiga qaytdi. Avvaliga ko‘nglidagi umidi so‘nayotgandek tuyuldi, ozgina yurgach esa, axir hech yo‘q uni ko‘rdim, manzilini bildim-ku, degan fikr umidiga kuch bag‘ishladi. Ortiga qayrilib, darvozaga yana bir bor tikilib qo‘ydi.
Yarim tun. Kechaning sirli va hikmatli qismi olamga sohiblik qila boshlagan. Bahouddin mushohadani adog‘lab, zikrulloh taraddudida edi. Shu payt xonaqohga birov kirib, uni so‘roqladi. U shahd o‘rnidan qo‘pib, so‘raguvchiga peshvoz chiqdi, ko‘ngli bir yaxshilikni sezganidan uning og‘ziga tikildi. 
- Halil otlig‘ yassaviy shayx yo‘qlaydur seni, - dedi kelgan odam salom-alikni ham unutganday.
Quvonchdan yuragi bo‘g‘ziga urdi. Kuz - ayni pishiqchilik emasmi, xonaqoh omborida Buxoro ne’matlari mo‘l yig‘ilgandi. Bir tugun hadya olib, Murg‘ko‘shi ko‘chasi sari oshiqdi. Ne tongki, unga na zimistonlik va na kuz tunining ko‘zu quloqni xiyla achitguvchi ayozi ham sezilmas, oyoqlari beixtiyor shitob odimlardi. Mana, o‘sha tanish darvoza, mudom yopiq, qo‘ng‘ir tusi ham endi bilinmas, butun boricha qorong‘ulikka qorishib ketgandi. Uning nazdida, darvoza o‘z-o‘zidan ochilib ketganday tuyuldi. Bo‘sag‘ada hali uni yo‘qlab borgan odam turardi. Qachon yetib kela qoldiykin, degan savol Bahouddinning shuurini siypab o‘tdi, xushxabar sohibini allaqachon unutibman-a! Uning yetovida bir hujraga kirdi. Moychiroqning ojiz nuri xona ichini sarg‘ish rangga chulg‘ab xira yoritar, burchaklari qoraygan devorlar ko‘zga sovuq ko‘rinsa-da, huzurbaxsh sokinlik dilni darrov o‘z og‘ushiga olardi. Bahouddin to‘rdagi darvish - Halil Otani bir qarashdayoq tanidi. Uning yonida yana to‘rt kishi bosh egib o‘ltirardilar.
U salom berib, poygakka cho‘kdi. Hali atrofdagilarga tuzukroq qarab ulgurmay, shuurida oromini olgan tushini aytish istagi tug‘yon urdi. Lekin ichidagi ichida, tilidagi tilida qoldi.
- Ulkim sening ko‘nglingdadur bizga ayondur, aytmoq ne hojat? - dedi shayx lablarining qimirlashini sezdirmaslikka urinayotganday ohista ovozda. - Til dilning ishonchli tilmochi bo‘lolmas. 
Bahouddinning holi o‘zgardi, vujudi sel bo‘lib, shayxga mayli yanada ziyoda bo‘ldi. (Hikoyamiz mobaynida holning o‘zgarishi haqida bir necha bor aytib o‘tdik. Endi angladik-ki, bunga izoh joiz. Boisi, xoslarning so‘zu maqomlarini biz kabi holdin benasiblar tushunolmasliklari mumkin. Tasavvufda hol degan ruhiy holat, yanada aniqrog‘i, kishining ilohiy fayzga, jazbaga qay darajadadir mayli anglanadi. Hol ahlida ilohiy fayz, tasavvufiy iste’dod avvaldan mavjud bo‘ladi va u pirning, karomatli voqealarning, tushlarning, alalxusus, siyrati xos ibodatlarning ta’sirida ortib yoxud aksincha, noqis nimarsalar bois kamayib boradi. Bu oddiy kishilar uchun tushunarsizdir va ahli hol valiy zotlarning nazari-yu so‘zidan hatto soniya sayin kamol topib borishi mumkin. Bunga «mazaxo‘rak» bo‘lib qolgan talabgor solik, ya’ni tariqatdagi inson - murid ruhiy kamolotga eltuvchi har neki bor izlaguvchi, ulardan nasiba istaguvchiga aylanadi. Xullas, holning o‘zgarishi ruhning kamolotiga, Iloh ilmining rivoj topmog‘iga ishoratdir.)
Shayx qaytib unga biron so‘z aytmadi. Bahouddin uning mulozamatiga astoydil bel bog‘ladi, nasiba ilinjida qoyim bo‘ldi.
Bu tun ham behalovat, biroq o‘zgacha fayz og‘ushida o‘tdi. Halil Ota unga ilk bora jahriy zikrdan ta’lim berdi:
- Qalb va tanglay arosinda bir robita o‘rnatgaysen, - dedi u mudom sokin so‘zlab. - Til uchini tanglay sari yo‘lla. Shuuring ozod, dilingda intizorlik bo‘lsin.
Jamoat tiz cho‘ka davra qurdilar. Bahouddin ham ularga qo‘shildi. Muridlardan birovi shirali ovozda Qur’on tilovat qildi. Oxirida «Ixlos» surasini o‘n bora o‘qidi. Shundan so‘ng navbatni shayx oldi:
- Alhamdulillah rabbil a’lamiyn, Ollohu Akbar, - deya boshini ko‘ksiga qadadi. - Olloh, Olloh, Olloh... - Endi u boshini ko‘ksiga urayotgandek harakat ila zikrga kirishdi. Muridlar ham unga ergashdilar. Barchalari baravariga «Olloh, Olloh, Olloh» derdilar. Ammo tillari tanglaylariga yopishganligi va jo‘rlikda aytishayotganligi bois Yaratuvchining oliy ismi «Alloh, Alloh, Alloh» tarzida eshitilardi. (Jahriy zikr qoidasiga binoan bu kalom zikr avjida «Arra, arra, arra» ohangiga aylanishi lozim edi.)
Jamoat qurgan doira zikr ohangiga hamohang tobora torayib borar, ahli zikrning yelkalari bir-biriga borgan sari jipslashib, boshlari har safar ko‘kraklaridan yuqoriga ko‘tarilganida lab burishga chog‘langan g‘uncha shakliga kirardi. Zikr yana va yana avjlanar, unga sari bukilgan tizlar beixtiyor doira markaziga intilaverardi. Bir muddat shu alpozda yelkalar jipsligida turilgach, ishorat ila tag‘in ortga qaytilar, zikr yana boshidan boshlanardi. (Jahriy zikr ba’zan, sharoitga qarab, tik turib ham ado etiladi.) 
Bahouddin oshkora-jahriy zikrga ilk bor qo‘shilishi edi. U behud edi, lekin hozir, ya’ni jamoat ichra jahriy zikrga zo‘r berarkan, shuurida xayolan ko‘rib turganlarini, o‘z ¬holini, ruhiy kechmishini idrok etishga urinardi. Bu xato edi, ibodatning oliy maqomida turib, o‘zga nimarsalarni xayol qilish solik uchun parishonlik balosiga giriftorlik ila barobar edi. Shunda ham xayolga berilishi o‘zi ko‘nikkan xufiya zikrdan farqli o‘laroq zikri jahriyaning mohiyatiini, aniqrog‘i, uning ta’sirini anglashga sa’y etmog‘i tufayli edi. Olloh kalimasini ovoz chiqarib, boshini ko‘ksiga urib takror va takror aytarkan, shuurida kechgan lahzalik evrilish bois ko‘nglida tug‘ilgan ishtiboh, balki sinovchan mushohada shaytoniy ekanligini payqadi. Payqadi-yu, ulug‘ xavfga yovuq turganligini his etib, vujudi bir siltandi, yuragi shuvillab ketdi. Zero u avliyolar ko‘ngil ayg‘oqchilari ekanligini, ular qoshida qalbni minba’d to‘g‘ri tutmoqlik lozimligini yaxshi bilardi. A’losi esa, botinni valiy     botiniga to‘g‘rilamoq edi. Avliyolar qalbi misoli ko‘zgukim, agar istasa, unda o‘z aksini ko‘ra olishi mumkin. Ustiga ustak, zikrda parishonlik fayzdan bebahra etadi.
- Olloh! Olloh! Olloh!..
U zikrda avjlandi. Avjlanarkan, o‘zidan mosuvo bo‘lib, kimningdir yoxud neningdir ta’sirida holi o‘zgarayotganligini his etdi. Holi o‘ziga xush yoqib, fayzga g‘arq bo‘ldi. Holi istig‘roq (olamdan ajralish) sari og‘di. Jamoatning zikriy sasi asta-sekin uyg‘unlashib, bir maromga - qandaydir tanish guvillashga aylandi. Ko‘p o‘tmay guvillash tezob oqayotgan daryoning shovullashiga evrildi. U osmoni falakda uchardi, daryo mavji qulog‘iga urilgach, ohista zaminga qaytib, misoli kapalak yengilligida chindan-da zohir bo‘lgan daryo sohiliga qo‘ndi. Ha-ha, qo‘ndi. Biroq oyoqlari yerni sezmagandek tuyuldi. Shu mahal nariroqda oppoq libosli bir to‘p kishilar ko‘rindilar. Ularning soqollari ham oppoq, yuzlari bag‘oyat nurli edi. Yo farishta va yoki valiyulloh qavmidan bo‘lmish ul zotlar liboslari kabutar qanotiday yel urib, uni doiraga oldilar-da, o‘ltirdilar. Endi daryoning shovullashi yana jahriy zikr ohanglariga evrilib, olamni tutdi. Atrofidagi odamlarning na lablari va na biron a’zosi qimir etmasdi-yu, borliqqa zikr taralardi. Ularning har biri bittadan kosa tutgandilar. Birin-ketin daryoga engashib kosalarni suvga to‘latdilar. Kosalarni navbati bilan unga tutaverdilar. U esa har bir kosaga lab bosib, bir xo‘plamdan icharkan, doirani qayta-qayta aylanaverdi. Lekin tashnaligi sira qonmasdi. Suv ichgani sayin daryoning shovullashi tobora-tobora kuchayib, olamni shovqinga beladi. Uning qulog‘i qomatga kelib, endigina Qiyomatning vahshatini tuyganda, birdan olam sukut ichra qoldi. Asta ko‘zini ochdi. Vujudi jiqqa terga botibdi, yuragi qinidan chiqquday urar, bo‘g‘zida esa bir otash paydo bo‘lib, nafas olarkan, xirillardi. Ahli zikr ham shundayin alpozda, lekin har bir muridning botini goho o‘ziga, asosan pirga ayon edi. 
Zikr intiholandi. Endi barcha o‘z holi - maqomi darajasida zikrdan topgan fayz yetovida mushohadaga cho‘mdi. Faqat pirgina uyg‘oq, - ko‘ngil ko‘zi ila har bir muridning qalb oynasiga bir-bir nazar tashlaydi. Nihoyat, uning botiniy nazari Bahouddinning qalbida to‘xtadi. Undagi fayz va jazaba shashtidan vujudi titradi. Uning holi buyuk kelajagidan bashorat berardi.
Birozdan so‘ng shayx Bahovuddinni qo‘shni xonaga oldi. 
Bahovuddin boshini quyi solib o‘ltirar, shayx esa unga zimdan nazar tashlardi. Odatda bu hol avom o‘rtasida bo‘lsa, noqulaylik tug‘dirishi, ikki odam o‘zini o‘ng‘aysiz his etishi mumkin. Ammo hozir bu ikki inson - shayx va murid anchayin cho‘zilayotgan og‘ir sukunatni ham sezmadilar: pir muridning ko‘ngli ila band esa, murid haligina ro‘y bergan kechmishidan mudom sarxush edi. 
Nihoyat shayx tilga kirib, muridining iste’dodu qurbini payqab tursa-da, so‘zini ibtidodan (balki asosdan) boshladi:
- Biz izlaguvchimiz, ey farzand. Izlaguvchi musulmonlikni qattiq tutmog‘i lozim. Musulmonlik esa bu - iloji boricha hukmlarga bo‘ysunish, taqvoga rioya qilish, amalni bajarishga intilish, yanaki bekorlikdan uzoq bo‘lmoqlikdir. Illo bularning bari nuri safo, rahmat hamda valoyat darajasiga yetishish vositasidir. Avliyolarning aziz manzili va maqomlariga mana shu sifat parvarishi orqali yetiladi. - Shayx turkiy lahjada kesib-kesib so‘zlar, biroq ovozida o‘ktamlik va donishmandlik zohir edi. - Ba’zilar amal unchalik muhim emas, asosiysi, Iloh mujdasi va sidqidil xizmat, deb hisoblaydilar. Bu xatokorlig‘din o‘zga nimarsa ermas. Amal bag‘oyat muhim. Shuningdek, pir xizmatida sobit bo‘lmoqlik tahsinga loyiq. Agar pirdin nazar topilsa, maqomga musharraflik haq, lekin quruq xizmat - mehnat bilan maqomga erishmoqlik dushvor. Mehnat faqat va faqat savobga, ajrga dohil. - Shayx tobora mushohada va fikr ummoniga g‘arq bo‘lib borar, yanada fayziyob so‘zlardi. - Kishi o‘z nafsiga tuhmat etishi kerak. Kimki Haq subhonahu inoyati ila nafsining yomonligini tanigan, uning hiyla-nayrangini anglagan bo‘lsa, bu unga oson bo‘ladi. Haqiqiy izlaguvchi yoxud ushbu yo‘lning sobit yo‘lchisi o‘zgalarning gunohini ham o‘zidan, deb biladi. 
Ahli irshod, ya’ni pirlar esa sayyod (ovchi) kabidurlarki, vahshiy jonivorni noziklik ila qo‘lga oladilar. Andog‘ki, tolibni vahshiylik sifatidan odamlik maqomiga yetkazadilar. Irshod egalari hikmat kabi chiroyli tadbir qo‘llab, sohib tabiat tolib bilan shunday muomala qiladilarki, oxiri uni bo‘yinsundiradilar va sunnatga tobelik yo‘liga kirgizadilar hamda visol maqomiga olib chiqadilar. Payg‘ambarlar va valiyulloh ana shunday ahli tadbir, hikmat sohibi bo‘ladilar. Ularning har kim bilan qilgan muomalasi o‘sha odamning qobiliyati darajasiga mos bo‘ladi. Agar tolib boshlovchilardan esa, uning yukini teng ko‘tarishadilar. Tolibda bu yo‘lning qobiliyati paydo bo‘lguncha unga juda ko‘p o‘rgatish va tushuntirish lozim. 
Bizning so‘zimiz chin - sen undaylardan emassen. Sening manziling yuksakda. Aslida sening bizga muhtojliging yo‘q. Biroq Ilohdan bo‘lgan avvalgi mujda haq, ya’niki bizga yo‘liquving Haqdan. Demak, bizda nasibang bor. Istasang, bizda ne bo‘lsa, hammasini olasen, sendan mehru nazarimizni darig‘ tutmagaymiz. Omin! - Shayx yuziga fotiha tortdi - bu bilan gap tamom, demoqchi bo‘ldi. 
Bahovuddin mudom sarxush edi. Shayxning ovozi-yu so‘zlari sarxushlik ichra qulog‘iga ham, qalbiga ham xush yoqardi. U bu so‘zlarning tugamasligini istardi. Lekin shayxning «omin»idan sergak tortdi: demak, xonani tark etishi kerak. Pirning xohish-istagini tez anglash uning qalbiga qalbini to‘g‘rilay olgan muridda oson kechadi. 

4


Shayx Halil hukmdorlar naslidan edi. Yassaviy shayxlarning nazaru tarbiyati barakotidan va parhezkorlig‘i bois fayzu maqom topgandi. Ollohning inoyatu marhamati cheksiz - ko‘p o‘tmay unga Movarounnahr podshohligi nasib 
Bahouddin bir kecha zikr o‘rtasida – uyqu va uygoqlik orasidagi lahzalarda tush ko‘rdi. Tushida Sulton Halil Bahouddinni jallodlik qilishga buyuribdi. Uni «aqroni sulton», deya atay boshlabdilar. Alhol sulton bir bechorani o‘limga hukm etibdi. Aqroni sulton mahkumning boshini kundaga qo‘yibdi. Salovot yuborgandan so‘ngra uning bo‘yni sari qilich sermabdi. Biroq shamshir qattiq bir yog‘ochga tekkanday, bo‘yniga o‘tmabdi. Ikkinchi, uchinchi marta ursa ham shu hol takrorlanaveribdi. Shunda Bahouddinning ko‘zi mahkumning qimirlayotgan lablariga tushibdi - u nimalarnidir pichirlarmish. Bahouddin hayratini yashirolmay so‘rabdi:
- Jonimiz qudrat qo‘lida bo‘lgan Xudoning izzati haqqi, ayt, ne duo o‘qirsanki, shamshir ta’sir qilmaydur?
Mahkum javob qilibdi:
- Men hech narsa o‘qiyotganim yo‘q. Ammo hozir pirimni shafe’ keltirdim xolos.
- Piring kimdur?
- Sayyid Amir Kulol.
Mahkumning so‘zini eshitgach, uygonib ketibdi. Shu asno muridni shamshirdan asray oladigan kishi do‘zax olovidan ham saqlay bilishiga ishondi. Shitob qo‘zgolib, pir sari oshiqdi...

5


Mana, Shayx Amir Kulol tiz cho‘kib o‘ltirgan Bahouddinning egik boshiga boqarkan jilmaydi.
- Seni farzand tutmoqni bizga Hazrati Bobo vasiyat qilgan edi. Sen safarda eding, biz uyg‘onishni - intibohni kutdik. Intiboh keldi, sen bizni topding. Inshoolloh, Hazrati Boboning vasiyati ijobat bo‘ldi. 
U ochiqroq jilmaydi:
- Xudoning mardlari Xudo emaslar, lekin Xudodan ham judo emaslar, - dedi muridining holidan zavqlanib. 

6


Hazrati Xoja ot ustida borarkan, ohista Alouddin Attorga o‘grildi. Nazariga intizor turgan suyukli muridining taraddudini to‘sib, Muzdoxun mozoriga ishora qila, dedi: 
- Biz intiboh topajak ma’vo... - So‘ng yana sokin tin oldi.

Xotima


Oromsiz kunu tunlarda ishtiboh ichra kezmoq bor - bu holning avvalidir. Ishtibohli tunlar uni ham intibohga eltdi.

12.06.07-27.09.11

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.